Dilfuza O‘rol qizi. Bashorat (hikoya)

Qizaloq burrogina edi, o‘z ism-sharifini juda yaxshi ko‘rardi, bu nom bilan g‘ururlanardi. Shu bois uylariga biror-bir mehmon keladimi yoki kimdir savolga tutadimi, isming nima deb so‘rashsa, bas, qoshlarini kerib, iyagini biroz oldinga cho‘zardi-da, dona-donalab, xuddi shuni ham bilmaysizmi degandek ta’kidlab, “ma-a-an Aziza Azizxo‘j-jayevaman”, derdi. Aziza dadasi, ayasidan tashqari Asror tog‘asining ham erkatoyi edi. Asror hamma talabalardek ozg‘inroq, po‘rimroq, bilmagan narsasi yo‘q, qizlaru o‘yin-kulgidan ko‘ra telefoni va kompyuterini chiqirlatish, jiyanchasi Azizani bijirlatish-u uning hamma savollariga erinmay javob berishni yoqtiradi. Musofir shaharda qarindoshingning vayrona bo‘lsa-da, boshpanasi bo‘lsin ekan. Opasining ijarada tura-tura, qiynalib sotib olgan mana shu mo‘jazgina uyida to‘rttalovi gunkillashibgina yashab kelishardi.
Bu yilgi qish qattiq keldi. Bir yoqqan qorning ustiga ustma-ust qor tushaverar, tungi ayozlar derazaga chizgan qatqaloq naqshlar rasm kitoblaridagidek kashtasimon, nafis emas, qandaydir chag‘raygan, xanjarlardek keskir edi. Shuncha “pa-pa”lashganiga qaramay, Aziza tomog‘i og‘rib, bir necha kundan buyon isitmalab yotardi. Ana shunday kunlarning birida Asror uyga yap-yangi, xorij poyafzali qutisiga o‘xshagan yaltiroq karton quti ko‘tarib keldi. Qutining ichida to‘rtta oppoq, muzday, yap-yangi chinni qo‘g‘irchoqlar bor edi.
– Qo‘g‘irchoqni shunaqasiyam chiqibdi-da, – deyishdi uydagilar o‘yinchoqdan ham ko‘ra shaxmat donalariga o‘xshab ketadigan, ammo ulardan yirikroq bo‘lgan chinni odamchalarni birma-bir qo‘llariga olib ko‘risharkan.
– Menimcha bu shunchaki suvenir bo‘lsa kerak, – aniqlik kiritdi Asror.
– Shularniyam sotib oldingmi? O‘ziyam falon so‘m tursa kerak? – javrashga tushdi opasi Asrorning ana shunaqa antiqavor narsalarga o‘chligini bilgani uchun.
– Yo‘g‘-e, lishniy rasxodga pul bormi hozir? Sessiyamni yopolmay yuribman-ku, – o‘zini oqlashga tushdi Asror. – Boya narigi “dom”ni aylanib o‘tayotganimda to‘satdan orqamdan “to‘p” etgan ovoz eshitildi. Qarasam, qorda, hozirgina men bosib kelgan izlarning ustida mana shu quti yotibdi. Kuppa-kunduz kuni-yu, atrofda hech zog‘ yo‘q, ko‘chadan ham birorta mashina o‘tmadi, hayron bo‘lib “dom”ning ko‘chaga qaragan oynalariga bir-bir qaradim. Bo‘lsa-bo‘lmasa quticha men tagidan o‘tib borayotgan “dom”dan tashlangan. Qutini ochib qarasam, mana shu to‘rtta qo‘g‘irchoq turibdi. Juda qimmatbaho! Bunaqa narsalar hech qachon ko‘chada yotmaydi, ularni hech qachon ayamay-netmay derazadan ham uloqtirishmaydi. Ehtimol, qutini bilmasdan tushirib yuborishgan-u hozir uning egasi zinalarni do‘pirlatib, pastga tushib kelayotgandir deb ancha kutib ham turdim. Hech kim kelmadi. Axiyri o‘sha uyning hamma eshiklarini taqillatib chiqdim. Menga bitta ham eshikni ochishmadi, biror kishi chiqmadi. Keyin o‘ylay-o‘ylay bularni uyga ko‘tarib kelaverdim. Rosti, ularni topgan joyimga tashlab kelaverishga ko‘zim qiymadi.
Qo‘g‘irchoqlar Azizaga ham juda yoqdi.
– Vu-uy, – dedi qizaloq to‘rtta qo‘g‘irchoqning hali unisini, hali bunisini isitmadan lovullayotgan yonoqlariga birma-bir bosarkan. – Ular meniki, hammasi meniki!
Nargiza shoshgancha qo‘g‘irchoqlarni qizining qo‘lidan tortib oldi:
– Shoshma, teginma qizim, ularni yaxshilab yuvay, keyin o‘ynayverasan.
– Yo‘-o‘, yo‘-o‘-o‘! Ularni o‘zim cho‘miltiraman, – injiqlandi qizi. – Siz yuvsangiz, sindirib qo‘yasiz!
– Rostdanam, – gapga aralashdi Asror. – Bular tepadan tashlangan bo‘lsa-yu, sinib qolmaganini qarang!
– Tog‘a, tog‘ajon, – bidilladi yana Aziza. – Manavi qo‘g‘irchog‘im ayam – Nargiza Azizxo‘jayeva! Bunisi – dadam, Sarvar Azizxo‘jayev! Mana bunisi esa – siz, Asror tog‘amsiz! Manavi eng kichkinasi – men – Aziza Azizxo‘jayeva. Men bu qo‘g‘irchoqlarimni Azizxo‘jayevlar deyman, xo‘pmi? Dada, siz ular uchun chiroyli uycha olib berasiz, maylimi?
Sarvar kulib yubordi:
– Bo‘pti, asal qizim! Ertagayoq shu qo‘g‘irchoqlaringga birgalashib uycha qurib beramiz.
Ertasiga Azizaning isitmasi tushdi. Ishtahasi ochilib, nima berishsa paqqos tushirdi. Qizaloqning yuziga qon yugurib, hali ancha-muncha darmonsizligiga qaramay gul-gul yashnab, yotgan joyida “azizxo‘jayevlar”ini gapirtirib, o‘ynab yotganini ko‘rgan Sarvar azza-bazza falon pulga o‘yinchoq uycha olib keldi. Aziza bundan shunday suyundiki, ta’riflashga til ojiz! Kunlar o‘taverdi. Aziza boshqa o‘yinchoqlarini batamom unutib, faqat shu qo‘g‘irchoqlar bilan o‘ynardi.
– Mana-a-a, Sarvar Azizxo‘jayev uyiga keldi. “Ayasi, nima ovqat?” deb so‘radi u. “Manti qildim, dadasi!” javob beribdi Nargiza Azizxo‘jayeva. “Unda shoshmay tur, Asror ham o‘qishdan kelsin”, debdi dadasi. “Urre-urre, bugun ayam manti qilarkan!” debdi Aziza Azizxo‘jayeva, – bidillardi qizaloq.
Qizlarining bir onasi, bir otasiga aynan o‘xshatib, ovozlarini, gap ohanglarini o‘zgartirib gapirishidan Nargiza bilan Sarvar bir-biriga ko‘z qisib kulishardi-da, oshxonaga o‘tib mantiga unnashardi. Erka qizlarining ko‘ngli shu ovqatni tusagandir-da!
Boshqa kuni esa Aziza uyg‘oniboq chopqillab, ayvondagi o‘yinchoq uycha ichida “uxlashayotgan” “azizxo‘jayevlar”ining birini olib kelib, divanga yotqizib qo‘ydi. So‘ng ovoziga do‘rillagan tus berib javrashga tushdi:
– “Voy-voy-voy”, debdi Sarvar Azizxo‘jayev. “Voy qornim”, debdi u va mana bunday qilib, yotib olibdi. A-a-a-a… Sarvar Azizxo‘jayev ishxonasida yomon narsa yeb qo‘yibdi, o‘shanga qorni og‘rib qolibdi! Endi nima bo‘ladi? Endi Sarvar Azizxo‘jayev kasa-a-al bo‘p qoladi. Ishga bormay uyda yo-yo-yo-yotadi. Bir kun yotadi, ikki kun, uch kun… Ana! Sarvar Azizxo‘jayev tuzaldi! Yana ishga otlandi, – dedi Aziza qo‘g‘irchoqlari bilan o‘ynarkan.
Sarvar qizining gaplarini eshitib, uning jingalak sochlarini to‘zg‘itib-to‘zg‘itib erkalab qo‘ydi-da, ishga jo‘nadi. Ammo shu kuni unga nima jin tegdi, yo oshqozonidagi yarasi sababmi, balki tushlikda yegan ovqatimi, birdan ko‘ngli aynib, ichi buzilib, mazasi qochdi. Uyga amallab yetib keldi-yu, yiqildi. Uch kun degandagina o‘ziga keldi. To‘rtinchi kun behollanib yotarkan, birpas yotmoqchi bo‘lib kirib ketayotib beixtiyor qizining bijillashiga quloq tutdi:
– “Asror tog‘a! Asror tog‘a! Qayerga ketayapsiz”, debdi Aziza Azizxo‘jayeva. “Bizga javob berishdi! Termizga, bir oyga uyga ketaman”, debdi Asror tog‘a. Ammo unaqa bo‘lmabdi. Uch kundan keyin Azizaning tog‘asi qishloqdan qaytib kelibdi… – qo‘g‘irchoqlarini o‘ynatgancha gapirardi Aziza.
Sarvar miyig‘ida jilmayib qo‘ydi. Haqiqatan ham, ertaga qaynisi Asror uyiga ketishi kerak. Ammo uch kunga emas, bir oyga. Keyin birdan sergak tortdi: Aziza Asrorning ketishini qachon eshita qoldi ekan? Qiziq.
Qishloqqa Asror zarur ishlari chiqib, uch kun o‘tib-o‘tmay yana ortga qaytib keldi. Ana shundagina Sarvar g‘alati bo‘lib ketdi. Axir Aziza qo‘g‘irchoqlari bilan o‘ynab, “Asror tog‘am uch kunda qaytadi” demaganmidi? Shundan keyingina Asror qizining “azizxo‘jayevlar” bilan o‘ynaydigan har bir o‘yinini diqqat bilan kuzatadigan bo‘ldi. Qizig‘i shundaki, Aziza “azizxo‘jayevlar” bilan nimaniki o‘ynamasin, o‘sha narsa o‘z tasdig‘ini topaverardi. Bexato tarzda!
Borgan sari Sarvarning diqqati osha bordi. Bir kuni u Asrorni chetga chaqirib, undan surishtirdi:
– To‘g‘risini ayt! Sen anavi qo‘g‘irchoqlarni qayerdan olganding?
– Aytdim-ku, topib oldim deb.
– Aniqmi?
– Ha, pochcha, aniq! Quti men yo‘lakdan ketayotganimda orqamdan “to‘p” etib tushdi. Keyin uning egasini qidirdim. Topolmadim. Nima edi?
– Yo‘q, yo‘q, hech narsa! Qiziqdim-da… Shunchalik g‘aroyib qo‘g‘irchoqlarni kim tashlab yuborishi mumkin? Xo‘p, ularni sen aytganday, karton qutining ichiga solib, muzlab yotgan yo‘lakka uloqtirib yuborishdi ham deylik. Unda bu qo‘g‘irchoqlar qanday qilib sinib qolmagan, hattoki biror joyiga darz ketmagan?
– Pochcha! Bilmayman. Men sizga to‘g‘risini aytdim. Ammo ko‘nglingizga biror gap kelayotgan bo‘lsa, siz ham tashlab yuboring ularni! Keragi yo‘q…
– E-e… nimaga tashlarkanman? So‘radim, qo‘ydim-da. Qara, Aziza ularni qanday yaxshi ko‘rib qoldi…
Oradan kunlar o‘taverdi. Boshqa bir safar esa Asrorni opasi Nargiza so‘roqqa tutdi:
– Asror! To‘g‘risini ayt! Bu qo‘g‘irchoqlarni qayerdan olding?
Bu gal Asrorning fig‘oni chiqdi: “Nega hadeb meni tergayverasizlar? Shu qo‘g‘irchoqlar sizlarga daxmaza bo‘layotgan bo‘lsa, ana, otvoringlar axlatga!”
– Asror, ukajon, – Nargizaning ko‘zlarida yosh g‘iltilladi. – Gap qo‘g‘irchoqlarda emas. Pochchangga bir balo bo‘lganga o‘xshaydi. Xo‘p, Aziza-ku go‘dak, qo‘g‘irchoq o‘ynashi tabiiy. Ammo pochchang har kuni kelishi bilan qizidan qo‘g‘irchoqlarini surishtiradi. “Qizim, ertaga Sarvar Azizxo‘jayev nima qiladi, Nargiza Azizxo‘jayeva-chi, Asror-chi, Aziza-chi”, deyaveradi. Aziza nima desa, hammasini diqqat bilan eshitadi. Savollar beraveradi, beraveradi. Bilmayman, boshim qotib qoldi. Pochchang umuman o‘ziga o‘xshamay qolgan.
– E, opa! Shunchalik ekan, daf qiling o‘shalarni, tamom-vassalom.
– Qayoqqa deysan? Ko‘rmaysanmi, Aziza qo‘g‘irchoqlaridan bir daqiqa bo‘lsin ajralmayapti. Biror joyga yashirib tashlasam, ayuhannos solib, dunyoni buzadi. “Qani, azizxo‘jayevlarim qayerda? Topib bering”, deb hol-jonimga qo‘ymaydi. Nima qilishga ham hayronman. Boshim qotgan.
– Shunga shunchami? – qo‘l siltadi Asror. – O‘zlarizam Azizani juda erkalatvorgansizlar-da! Axir nima yaxshi – aldagani bola yaxshi!
– Aldadim, – og‘ir yutindi Nargiza. – Necha marta aldashga, chalg‘itishga harakat qildim. Yangi qo‘g‘irchoqlar olib berdim. Qani ularga qarasa, qani o‘sha “azizxo‘jayevlar”idan ajralsa! Qo‘limdan hech narsa kelmayapti. O‘zing bilasan-ku, Azizamiz kasalmand. Shuning uchunam bog‘chaga bermay, ish-pishimni yig‘ishtirib, unga qarab, uyda o‘tiribman. Do‘xtirlar tayinlagani uchun ham uni ko‘proq o‘z holiga qo‘yaman, – mijjalariga sizib chiqqan ko‘zyoshlarini artdi Nargiza.
– Opa, bo‘ldi, yig‘lamang, – yupatdi uni Asror. – Azizaning shu qo‘g‘irchoqlaridan kechishga o‘zim ko‘ndiraman. Faqat buning uchun bir narsani aniq bilishim kerak: qizingiz qo‘g‘irchoq o‘ynashdan boshqa yana nimani yaxshi ko‘radi?
– Raqsni, – jonlandi Nargiza. – Raqs jon-dili. Har safar televizorda raqqosa qizlarni ko‘rsa, “aya, maniyam raqsga bering”, deb xarxasha qiladi. Ammo sog‘lig‘i bunga to‘g‘ri kelarmikin?
– E, opa! Qo‘ysangiz-chi! Xudoga shukr, Aziza besh yoshga to‘ldi. Ayagan ko‘zga cho‘p tushadi, deganlar. O‘sha do‘xtirlaringiz “bolangiz uch yoshgachayam yasholmaydi” deyishmaganmidi? Xudoga shukr qiling, Aziza sog‘-salomat yuribdi. Raqsni desa, raqsga qatnating-da! Bo‘ldi! Men Azizaga “raqsga qatnashishni xohlaysanmi?” deb so‘rayman. U “ha”, desa, “unda qo‘g‘irchoqlaringni menga berasan. U yerga qo‘g‘irchoq o‘ynaydigan qizlarni olishmaydi”, deyman. Mana ko‘rasiz, u darrov ko‘nadi.
– Iloyim aytganing kelsin, – jilmaydi Nargiza ukasining peshonasidan o‘pib. – Men ertagayoq borib o‘sha maktabni gaplashib kelaman. Bog‘chaga borolmaganiga yarasha sho‘rlik qizim o‘sha yoqqa qatnab tursin. Ammo bu haqda pochchangga hech narsa demay tur. Syurpriz qilamiz!
Musiqa maktabiga borib Nargiza hafsalasi pir bo‘lib qaytdi. Chunki qabul kuz faslining boshidayoq tugagan ekan. Nargizaning bu gapdan tamoman shalvirab qolganini ko‘rgan maktab xodimlari unga dalda berishdi:
– O‘n kundan keyin keling. Bir ilojini topamiz!
O‘n kun! O‘n kun! Nargiza shunisiga ham xursand edi. Endi Azizadan qo‘g‘irchoqlarni olib qo‘yishsa, bas. Sarvarning telbavor xatti-harakatlariga ham chek qo‘yiladi. Hammasi ilgarigidek bo‘ladi.
– Hammasi hal! – dedi Asror qat’iy. – Ammo qachon o‘n kun o‘tarkin deb kutib o‘tiramizmi? Bugun kechqurunoq Aziza bilan gaplashib olamiz.
Tushdan keyin Asror uyga qaytib keldi. Qo‘lida kinoga chiptalar. Kechqurungi seansga.
– Pochchamning ishdan qaytish vaqtini hisobga oldim, – deya iljaydi.
Oradan bir muddat o‘tib-o‘tmay Sarvar ham keldi. U nimadandir tajang, siqilgan edi. Keldi-yu, to‘g‘ri qizining xonasiga o‘tib ketdi. Nargiza bilan Asror ham beixtiyor uning izidan kirishdi.
Bu paytda Aziza qo‘shnilarining qizi Dildor bilan o‘sha, o‘zining sevimli “Azizxo‘jayevlar”ini o‘ynab o‘tirardi. Bir payt Aziza o‘yinga berilib ketdi-yu… Hammalari sergak tortdilar.
– Keyin Azizxo‘jayevlarning uyida motam bo‘libdi. Dadasi o‘libdi, ayasi o‘libdi, tog‘asi o‘libdi, Azizayam o‘libdi, – hamma qo‘g‘irchoqlarni yotqizib chiqdi Aziza. – Azizxo‘jayevlarnikiga ko‘p, rosa ko‘p odamlar kelibdi. Hamma yig‘labdi. Keyin Azizxo‘jayevlarni ko‘mgani olib ketishibdi.
– Aziza!!! – baqirib yubordi Sarvar. – Nimalar deyapsan, tentak!
– Hech nima… o‘ynayapman, dadajon!
– Hoy qiz! Shunaqayam o‘yin o‘ynaydimi, a? Jinni bo‘lganmisan? – jazavaga tushib baqirardi Sarvar.
Dadasining vajohatini ko‘rib, qizi qotib qoldi.
– Dadasi, – sekin erini turtdi Nargiza. – O‘zingizni bosing.
– Nima? O‘zingizni bosing? Ko‘rmaysanmi buningni? – yana baqirdi Sarvar.
Aziza ortiq dosh berolmay yig‘lab yubordi. Qizining ko‘zlarida yosh ko‘rgan Sarvar birdan shalvirab qoldi. Tizzalab yurib, qizining oldiga keldi-da, uni bag‘riga bosdi.
– Bo‘ldi… Bo‘ldi… Popuk qizim! Yig‘lama. Bilmasdan baqirib yuboribman, asalim. Bo‘ldi… Faqat… Faqat jonim qizim, ikkinchi bunday o‘yin o‘ynama, xo‘pmi?
– Xo‘p, – dedi Aziza burnini “shurq” etib tortgancha dadasining erkalashlaridan yupanib. – O‘ynamiyman…
Sarvar qizini qo‘yib, boshini changallagancha xonadan chiqib ketishi bilan Asror bilan Nargiza qizaloqni avrashga tushishdi.
Musiqa maktabi-yu, raqs o‘rganishga qatnashini eshitib, Aziza xursand bo‘lib ketdi. Asror tog‘asi aytgan shartga ham darrov rozi bo‘ldi. Qo‘g‘irchoqlaridan kechdi. Nargiza ham “temirni qizig‘ida bosish” uchun qo‘g‘irchoqlarni yig‘ib olib, tezda bir qutiga soldi-da, shoshgancha tashqariga chiqdi.
– Hoziroq bularni axlatga oborib tashlayman! – deb o‘yladi o‘zicha.
Ammo keyin ikkilanib qoldi. Shunday chiroyli, qimmatbaho qo‘g‘irchoqlarni qanday tashlab yuborish mumkin? Undan ko‘ra birovga bergani yaxshi emasmi?
Shu xayollar bilan zinadan pastga tushayotgan Nargiza bir ayolga ro‘baro‘ kelib qoldi. Bu xotin ro‘dapo, qop-qora, tilanchigami, daydigami o‘xshardi. Nargiza suyunib ketdi.
– Salomalaykum, opa! Mang, manavini oling. Sizga! – dedi o‘sha ayolga qutini uzatib.
Ayol ham xuddi shuni kutib turgandek qutini undan tortib oldi.
– Rostdanmi? Bular rostdan mengami? – dedi u qutini bag‘riga bosgancha.
– Ha, sizga!
– Butunlaygami? Toabadmi? – tishsiz og‘zini ochib xunuk tirjaydi ayol esipastlardek.
Nargiza seskanib ketdi. Ammo sir boy bermay:
– Ha, sizga! Butunlay, – dedi-yu, zipillab tepaga, uyiga chiqib ketdi.
Kechqurun Asror chiptalarini ko‘rsatdi. “Hammamiz kinoga boramiz! Bilet kuymasin!” dedi. Sarvar ham jonlandi: “Yaxshi bo‘lardi, yuragim siqilib turgandi. Kino bahona bir yozilib kelardik” deb kiyingani xonasiga kirib ketdi.
Sal o‘tmay Asror bilan Sarvar tashqariga otlanishdi:
– Sizlar chiqqunlaringizcha taksi ushlab turamiz, – deyishdi.
Nargiza qizini kiyintirib, ko‘chaga opichib olib chiqqanda Asror ularni kutib oldi.
– Nima bo‘ldi, moshin keldimi? – so‘radi Nargiza.
– Ha, ana, kutib turibdi. – Azizani opichib oldi Asror taksi turgan tarafga ularni boshlarkan. – Lekin haydovchisi ayol kishi ekan.
– Nima farqi bor, – qo‘l siltadi Nargiza. – Aytgan joyimizga oborsa bo‘ldi-da!
Sarvar oldinga, Nargiza qizi va ukasi bilan orqa o‘rindiqqa joylashgach, “mana bo‘ldik, haydayvering, opa” dedi taksichi xotinga.
Haydovchi ayol motorni o‘t oldirarkan, shoshilmay, go‘yoki yaxshilab ko‘rib olmoqchidek Nargizaga burilib qaradi-da, uning ko‘zlariga qattiq tikildi. Ana shundagina Nargiza hayratdan “voy” deb yubordi. Rulda… boya Nargiza qo‘g‘irchoqlar solingan qutini bergan o‘sha turqi sovuq xotin o‘tirardi.
– Bo‘ldimi? – dedi haydovchi xotin Nargizaga qarab xunuk tirjaygancha. – Unda ketdik. Butunlayga! Toabad!

“Sharq yulduzi” jurnali, 2015 yil, 4-son


Ziyo istagan qalblar Telegram kanaliga marhamat!