Pirmat Shermuhamedov. Amir Temurning tulpori (badia)

Mahdi-ulyo Saroymulkxonim tuni bilan uxlamay yig‘lab chiqdi. Kuni kecha, sha’bon oyining o‘n yettisida shom bilan xufton orasida uning umr yo‘ldoshi Sohibqiron Amir Temur hayotdan ko‘z yumdi. Xo‘sh, endi malikaning taqdiri nima bo‘ladi? O‘ylab yurgan orzu-armonlari-chi?.. Hech kimga aytib ulgurmagan sirlarini kim bilan dardlashadi? Saltanatni Pirmuhammad Mirzo eplab ketarmikin? Ilohim, o‘zing shahzodalar, beklar, amirlarga insof, tavfiq bergin…
Ko‘k libos kiyib, yuziga qorakuya surtib olgan malika zuluk sochlarini yoyib, dod-faryod qilar, kanizaklaridan hech biri uni ovuta olmas edi.
Malikaning xonasiga saltanatning obro‘li amirlaridan Shohmalik kirdi.
— Uzr, malika, tinchingizni buzdim. Olampanohning jasadi ortilgan mahofa tayyor. Amir Xo‘ja Yusuf Samarqandga jo‘nash uchun izn so‘rayotir…
— Mayli.
— Amir Olampanohning otini ham olib ketmoqchi.
— Olib ketsun.
— Ot hech kimni yaqiniga yo‘latmayapti.
Mahdi-ulyo zarrin libosini yelkasiga tashlagan holda amir Shohmalikni orqasidan ergashtirib, otxona tomon yo‘l oldi. Ne ko‘z bilan ko‘rsinki, otning ko‘zlaridan duv-duv yosh oqar, nuqul qozig‘i atrofida aylanib, depsinar edi. Malika otning yoniga borib, shohi ro‘molchasi bilan uning yoshli ko‘zlarini artdi, peshonasini siladi. Ot bir zumda tinchidi-qoldi.
Malika hayron bo‘lib turgan amir Shohmalikka yuzlanib, dedi:
— Qorabayirni o‘zim bilan olib ketamen.
Saroymulkxonim o‘zi uchun qadrdon bo‘lib qolgan otga tikilib qarar ekan, beixtiyor 1402 yilning 25 iyulida Anqara yaqinida ro‘y bergan bir voqeani esladi.
…Keskin muhorabada Boyazid qo‘shini yengiladi, uning harami, xazinasi, yaqin mulozimlari qo‘lga olinadi. Voqeani tepalik ustida turib kuzatayotgan Amir Temur jangning o‘z foydasiga hal bo‘lganini sezgach, O‘rdasi tomon ketmoqchi bo‘ladi. Lekin Qorabayir oldinga yurmaydi, kishnaydi, nuqul yer depsinadi. Hukmdor otining bu qilig‘ini tushunolmay turganda ro‘parada notanish otliqlar ko‘rinadi. Ular qiy-chuv qilishib, bostirib kela boshlaydi. Shu payt qulog‘i ding bo‘lgan ot osmonga bir sapchiydi-da, quyun singari O‘rda tomon uchib ketadi. Notanish otliqlar esa ortda qolishadi. Qorabayir egasini omon-eson borgohiga olib keladi.
Malika bir necha muddat otning yonida turib, uning peshonasi, bo‘ynini silab-siypadi, so‘ngra xonasi tomon yo‘l oldi.
Tezroq yo‘lga chiqish kerak. Poytaxtga borib, hukmdorga aza ochish zarur…
Tarixchi Sharafiddin Ali Yazdiy “Zafarnoma”da yozadi: “Shahzodalar va oqalarkim, O‘trorda erdilar, panjshanba kechasi, oyning o‘n sakkizida (19.02.1405) nomozi xuftonda tobutni qumosh-qumoshlar bila tutub, mahofa ichida kiyurub, O‘trordin chiqardilar va Samarqand sori mutavajjah bo‘ldilar”, “Alar na’shini (tobutni) olib, tez yurub, dushanba kechasi, sha’bon oyining yigirma ikkisida (23.02.1405) Samarqandqa kiyurdilar. Va o‘shal kecha shar’ yo‘suni bila gunbazg‘a kiyurub, tufroqqa tobshurdilar”.
Shu voqeadan keyin oradan bir hafta o‘tib, Sohibqironning harami sanalmish malikalar — Saroymulkxonim, Tuman oqa, To‘kal xonim va shahzoda nabiralar ham Samarqandga yetib kelishdi… Ular Muhammad Sulton xonaqosiga borib, ta’ziya ochdilar.
Hazrati bobosining vasiyatiga xilof ravishda Samarqand taxtini egallagan Xalil Sulton ham 1405 yilning 20 martida motam marosimini qayta boshladi. Sohibqiron ruhiga xatmi Qur’on qilinib, yetim-esirlar uchun xayr-sadaqa ulashildi. Xonaqo devorlariga Amir Temurning kiyimlari va qurol-aslahalari ilib qo‘yildi. Ular orasida faqat saltanat hukmdorining gardishiga “Rosti-rusti” (Kuch adolatda) deb yozilgan muhruzugi va qilichi ko‘rinmas edi.
Motam marosimi tugagach, malikalar va nabira shahzodalar Bog‘i Dilkushoga jo‘nadilar. Ular orasida amir Shohmalik va shayx Nuriddinlar ham bor edi.
Tarixchi Sharafiddin Ali Yazdiyning dalolatiga ko‘ra, “Bog‘ nihoyatda dilkusho va go‘zal tarzda barpo etilgach, bezavol iqbol tili uning ismi-jismiga monand bo‘lsin uchun “Bog‘i Dilkusho” deb ataldi”.
Amir Temur 1398 yili Hind safaridan qaytib, shu bog‘da oila a’zolari bilan uchrashadi. So‘ngra amir Xizrxo‘janing qizi To‘kalxonimga uylanib, malikaning sharafiga bog‘ning o‘rtasida mahobatli qasr qurdiradi.
Malikalar va nabiralarning har biri o‘z yotoqlariga kirib ketishdi. Qasr to‘ridagi keng xonada mahdi-ulyo Saroymulkxonim, amir Shohmalik, shayx Nuriddinlar qolishdi.
— Malika, menga bir masala tinchlik bermaydur, — ohista so‘z boshladi amir Shohmalik.
— Dilingizdagi gaplarni yashirmang, amir, neki bo‘lsa barisini ayting, — dedi Saroymulkxonim.
— Valiahd Pirmuhammad Mirzo poytaxtga yetib kelmay turib, Xalil Sulton Mirzo Hazrati bobosining vasiyatini buzib, taxtga o‘tirdi. Endi el-ulus, raiyatning holi ne kechgay?
— Men ham shundan qo‘rqamen, — suhbatga aralashdi shayx Nuriddin. — Olampanohning sevimli oti, muhruzugi, qilichi, kiyimlarining “taqdiri” ne bo‘lur?
Davraga sukunat cho‘kdi.
Saroymulkxonimning qovoqlari uyulib, shahlo ko‘zlarida g‘azab uchqunlari chaqnadi:
— Sohibqironga tegishli bo‘lgan nodir buyumlarni Xalil Sulton Mirzoning ilkiga topshirish gunohi azimdur.
Malikaning so‘zlarini shayx Nuriddin qo‘llab-quvvatladi.
Mahdi-ulyo qat’iyat bilan dedi:
— Amir Shohmalik, sizdan o‘tinch shulki, erta o‘tib, indin Olampanohning oti, uzugi, qilichi va kiyimlarini bizga yaqin mulozimlar orqali Hiriyga jo‘nating. Bu haqda Shohruh Mirzoga o‘zim maktub biturmen. Ana shunda ulug‘ amirning ruhlari tinch bo‘lg‘ay. Lekin bir shart bor, Qorabayirni Hiriyga yetkunga qadar odamlaringizdan hech biri mina ko‘rmasin.
Tong saharda o‘nta navkar egar-jabduqlari qimmatbaho toshlar bilan bezatilgan Qorabayirni yetaklab, shahardan chiqib ketishdi.
…Xuroson hukmdori samarqandlik mehmonlarni izzat-ikrom bilan kutib olib, ularning sharafiga ziyofat uyushtirdi. Qorabayir uchun maxsus sayis tayinlandi.
Oradan yillar o‘tdi.
1419 yili Hirotga Xitoy imperatorining elchilari keldilar. Ular yurtiga qaytib ketishlari oldidan Shohruh Mirzo bilan suhbat quradilar. Uchrashuv chog‘ida elchilarning boshlig‘i hukmdorga nozik bir o‘tinchi borligini aytadi.
— Sohibqiron Amir Temurni bir necha o‘limlardan saqlab qolgan uchqur tulpori haqida juda ko‘p eshitganmiz. O‘shal mashhur otdan nasl qolganmi erkan?..
Shohruh Mirzo Xitoy elchisining nimaga shama qilayotganini darrov tushundi.
— Hazrati otamizning sevimli oti Qorabayir naslidan bo‘lgan uchqur tulporlardan birini imperator hazratlariga tuhfa qilish niyatimiz bor.
— Bundan ortiq sovg‘a bo‘lmas edi, — dedi quvonchini yashira olmay elchilar boshlig‘i.
1419 yil. Kuz oyining boshlari. Besh yuzga yaqin xurosonlik va movarounnahrlik beklar, amirlar, sipohiylar, tabiblar, allomalar, naqqoshlar, xattotlar elchilarga qo‘shilib, Xitoy tomon yo‘l oldilar.
Shohruh Mirzoning farmoni oliysiga ko‘ra, amir Shodixoja elchilar boshlig‘i qilib tayinlandi. G‘iyosiddin Naqqoshga safar davomida ko‘rgan-kechirganlarini bo‘yab-bejamay haqqoniy yozish vazifasi topshirildi.
Bu haqda Abdurazzoq Samarqandiyning “Matlai Sa’dayn va Majmai Bahrayn” kitobida ham so‘z yuritilgan:
“Podshoh (Xitoy imperatori — P.Sh.) qora tusli, to‘rt oyog‘i oq katta otga mindi; ot ustiga zar tikilgan sariq rangli yopiq tashlangan va ikkita axtachi shohona zarbof kiyimlar kiyishib, otning chapu o‘ng tarafidan jilovini ushlashgan, ot esa ohista-ohista, bir-bir qadam tashlab borar edi. Podshoh qizil rangli zarboft qabo kiygan va qora atlasdan g‘ilof tiktirib, soqolini shu g‘ilofga solgan. Usti berkilgan yettita kichik taxtiravonni (kishilar) yelkalariga ko‘tarib, podshoh orqasidan olib kelmoqdalar. Taxtiravonlar ichida podshoh bilan birga ovda bo‘lgan qizlarini olib kelmoqda edilar. [[Bular ketidan]] esa bitta katta taxtiravonni yetmish kishi ko‘tarib kelardi. Podshohdan bir to‘qmor otimi miqdordagi masofa oraliqda chap va o‘ng tarafda otliqlar saf tortishgan, ulardan hech biri (safdan tashqari) orqa yoki oldinga biron qadam qo‘ymas edi. Saflar ko‘z yetgan joygacha cho‘zilgan va har bir saf boshqasidan yigirma qadam oraliqda borardi. Shu tarzda shahar darvozasigacha saf-saf bo‘lib bordilar;; [[saflar]] o‘rtasida esa podshoh o‘nta do-ji, mavlono (Yusuf) qozi, Li-doji va Jon-dojilar bilan birga borardi. Qozi elchilar oldiga kelib: “Otdan tushinglar va podshoh yetib kelganida boshlaringizni eginglar”, — dedi. Elchilar shunday qildilar. Podshoh: “Otga mininglar”, — deb buyurdi. Elchilar otga minib, podshohga hamroh bo‘ldilar. Podshoh gina qilishga boshlab, Shodixojaga aytdi: “Tortiq va sovg‘a, hadyaga yuborilgan ot va ovchi qushlar g‘oyatda yaxshi bo‘lmog‘i lozim, toki ikki orada muhabbat ortmog‘iga sabab bo‘lsin;; sen keltirgan ot esa, men unga ov vaqtida mingan edim, g‘oyatda qariligidan meni uloqtirib tashladi;; mening qo‘lim og‘riyapti, ko‘karib ketdi, ko‘p dori surtgan edim, alami bir oz taskin topdi”, — dedi.
Shodixoja uzr aytgandek bo‘lib:
“ — Bu ot ulug‘ amir hazratlari Temur Ko‘ragondan yodgor qolgan, Shohruh janoblari g‘oyatda hurmat ko‘rsatib, bu ot (sizning) ulusingizda otlarning saromadi bo‘lar, degan umid bilan yubordilar”, — deb arzga yetkazdi. [[Bu gap]] podshohga yoqib tushdi va tahsin aytdi”.
Tarixchi Abdurazzoq Samarqandiyning qayd etishicha, “dastlab Qorabayir Xitoy imperatorini yoniga yo‘latmaydi, so‘ngra ovga minib chiqqanida, uni yerga otib uradi”.
Xurosonlik va movarounnahrlik elchilar ikki yil-u ikki oy va besh kundan keyin omon-eson yurtlariga qaytib kelishdi.
Hirotda qolgan Amir Temurning Qorabayiri esa doimo hoqoni Said Shohruh Mirzo e’tiborida bo‘ldi.
Bir kuni sayis Qorabayirni xizmatkoriga qashlatib cho‘miltirayotgan edi, shu payt tashqarida malikalardan biri uni so‘rayotganini aytdi.
— Uzr, — dedi kanizaklar qurshovida kelgan Amir Temurning bevasi Tuman oqa, — men Olampanohning otini ko‘rgani keldim.
Malikaning tashrifini kutmagan sayis bir oz dovdirab qoldi. So‘ngra o‘ziga kelib, Tuman oqani ichkari boshladi.
…Junlari hurpayib, ozib-to‘zib qolgan ot malikani iskadi, keyin kishnab yubordi. Va qozig‘i atrofida ikki marta aylandi.
— Ipini yeching, — buyurdi Tuman oqa.
— Yo‘q, yecha olmayman, ipini yechsam qochib ketadi.
Malika oxurning yoniga borib, Qorabayirning ipini yechdi. Qoziqdan bo‘shagan ot tashqariga otilib chiqdi va otxona atrofini bir-ikki marta aylandi. So‘ngra sekin qadam tashlab, Tuman oqaning oldiga keldi.
Mayin, yumshoq bo‘lib qolgan otni sayis yana qoziqqa bog‘ladi.
Shu o‘rinda ikki og‘iz so‘z malika Tuman oqa haqida:
“Sohibqironning suyukli xotinlaridan biri Tuman oqadir. Tuman oqa begim Saroymulkxonimning akasi amir Musoning qizidir. Xonimga jiyan o‘rnidadur. Tuman oqa 1366 yilda tug‘ilib, 1378 yilda 12 yoshida Amir Temurga nikoh qilingan.
Tuman oqa husn-latofatda benazir bo‘lgan ekan. Sohibqiron Tuman oqa sharafiga Samarqandda maxsus Bog‘i Bihishtni barpo ettirgan. Amir Temur vafotidan so‘ng taxtga o‘tirgan Xalil Sulton Mirzo 1406 yilda shayx Nuriddin bilan bo‘lgan jangda yengilib, sulhga muvofiq malika Tuman oqani amir shayx Nuriddinga xotinlikka bergan. 1411 yilda Shohruh Mirzo tarafidan shayx Nuriddin qatl qilingach, Tuman oqani Hirotga olib kelishgan”.
Bu haqda tarixchi Abdurazzoq Samarqandiy shunday yozadi:
“Amir shayx Nuriddinning birodari amir shayx Hasan arzixat yuborib, itoat izhor qildi. Onhazrat (Shohruh Mirzo) uning oldiga To‘kal chuhrani jo‘natib: “Agar (bizga) el bo‘lsang, Tuman oqani huzurimizga yubor”, — deb buyurdi. Shuningdek, Mirzo Ulug‘bek va amir Shohmalik Xurosonga qarab yursin”, — degan humoyun farmon sodir bo‘ldi.
Oliy mavkab davlat yulduzi va iqbol (hamrohligida) dorussaltana Hirotga kelib tushdi. Bir necha kundan keyin ulug‘ bonu Tuman oqa yetib kelib, onhazrat Shohruh Mirzo u bonuni ulug‘lashda izzat-ikrom shartlarini ado etib, qusoviya qasabasini suyurg‘ol tarzida uning noiblariga topshirdi. Hozirda u qasaba va uning atroflarida Tuman oqaning xayrli yodgorliklaridan bo‘lgan madrasa, xonaqoh va rabot bag‘oyat ma’murdir”.
Malika Tuman oqa Sovron shahridan Hirotga yetib kelishi bilan unga Sohibqironning oti bilan bog‘liq bo‘lgan voqealarni aytib berishgan.
Mana o‘n yildirki, Tuman oqa haftada bir marta kelib, Qorabayirning holidan xabar oladi.
Bir kuni sahar payti edi. Bog‘i Safedga noxush xabar keldi: “Qorabayirning sog‘lig‘i pasayib qolgan emish…”.
Tuman oqa apil-tapil kiyinib, kanizaklari bilan yo‘lga tushdi.
…Qorabayirning yoshli ko‘zlari kirtayib, ozib-to‘zib ketgan, u qalt-qalt titrar, nafas ololmay qiynalar edi.
Malika sekin otning yoniga borib, uning peshonasi va yollarini nozik barmoqlari bilan silay boshladi. Tanish hidni sezgan Qorabayir o‘rnidan turmoqchi bo‘lib oldinga intildi, lekin shu zahoti oxurining yoniga gurs etib yiqildi.
Qorabayir so‘nggi marta malikaga tikildi-yu, “xir-xir” etib, to‘satdan tinchidi-qoldi.
Tuman oqa o‘zini tuta olmay ho‘ngrab yubordi. Uning dard-alam bilan to‘la mungli yig‘isi qancha davom etdi, uni hech kim bilmaydi.