Anvar Namozov. Tog‘lar uchrashmaydi (hikoya)

Ergashning qo‘rqqani ro‘y berdi: Amina Barotovning imtihonidan yiqildi. Mijjalari yoshga to‘lgan qiz Ergashga arzi-hol ham qilmay, yotoqxona tomonga yugurib ketdi. Ergash xunob bo‘lgancha qolaverdi. Attang! Agar Amina imtihondan o‘tganida shu bugun qishloqqa ketmoqchi edi u!
– Barotov bilan sen, o‘zing gaplash, – deb maslahat berdi Umid. – U pulga o‘ch, deb eshitganman. Dangal gapiraver. Bu ahmoq domla pul masalasida hech nimadan toymasmish!
– Baqirib bersa-chi?! – xavotirlanib so‘radi Ergash. – Keyin battar qilsa! Amina o‘qishdan haydalib ketsa!
– E, nafasingni issiq qil! Borib, gaplash, deyapman-ku! Shartta pul qistir. Domlajon, xizmat-pizmat bo‘lsa ayting, biz hamisha tayyormiz, degin.
Ergash yo‘lda Barotovni uzoq poylab turdi. U qorasini ko‘rsatguncha nimalar deyish kerakligini o‘zicha chamaladi. Domlani bir qo‘rqitsammikan, deb ham o‘yladi. “Yoqasidan olib, bir-ikki silkitsam, Aminaning bahosini qo‘yib berar”, – degan xayolga bordi.
Barotov Ergashning shundoq yonidan o‘tib keta boshladi. Domlaning shashti bosib, Ergash avvaliga dovdirab qoldi. Keyin o‘zini qo‘lga olib, Barotovning ortidan ergashdi. “Domla, domlajon”, – dedi. Barotov eshitmadimi yo o‘zini eshitmaganga oldimi, indamay ketaverdi. Ergash qadamini tezlatib, unga yetib oldi.
– Assalomu alaykum, domlajon, – dedi tomoq qirib. – Sizni bir daqiqaga mumkinmi?
Barotov yurishdan to‘xtamay ming‘irladi:
– Siz kimsiz, menga nima deysiz? Nima ishingiz bor?
– Domlajon, men Samadovman, oxirgi kursda o‘qiyman, otim Ergash, – izoh berdi u. – Siz bilan imtihon bo‘yicha gaplashmoqchi edim.
– Men imtihonni ko‘chada olmayman.
– Bir daqiqaga, domlajon. O‘zimning masalamda emas, ikkinchi kursda o‘qiydigan Amina Hazratqulova borasida…
Barotov to‘xtadi. Ko‘zoynagi ustidan Ergashga yovqarash qildi:
– Men sizga nima dedim? Yo yo‘lto‘sarlik qilmoqchimisiz?
– Yo‘g‘-ey, domlajon, – zo‘rma-zo‘raki kuldi Ergash. – Nega yo‘lto‘sarlik qilarkanman?
– Nima deysiz? – yon-atrofga qarab oldi Barotov. – Sizni kim yolladi, ayting!
Ergash talmovsirab javob berdi:
– Domlajon, meni hech kim yollagani yo‘q. Siz bilan Hazratqulova masalasida gaplashmoqchi edim. Bugun imtihoningizdan yiqilgan ekan…
– Nimani gaplashmoqchisiz? Uning o‘zi qani? Sizni yubordimi yo? – paydar-pay savollarni qalashtirib tashladi Barotov. – O‘zi g‘irt savodsiz, o‘qimaydi-yu, dallollarini ishga soladi. Sizni o‘sha qiz yolladimi?
– Nega yollaydi, domla? – diqqat bo‘ldi Ergash. – Men unga shunchaki yordam bermoqchiman. Agar imtihonini qo‘yib bersangiz… sizni xursand qilar edik, domlajon.
Barotov Ergashni hayron qoldirib, unga yaqinroq keldi:
– Xursand qilasiz?.. Shunaqa hunarim bor, deng? Xo‘sh, o‘rtoq talaba, o‘sha Hazratqulova sizga kim bo‘ladi?
– Umi? U… shunchaki do‘stimning singlisi, domla. Akasi iltimos qilgani uchun unga yordam qilmoqchi edim. Qisqasi, yordam bergin, o‘zing shinavanda yigitsan, kirishimlisan, domla bilan gaplash, dedi. O‘zingiz tushunasiz, domlajon, oxirgi imtihon ekan…
– Xo‘sh, gaplashing, qulog‘im sizda!
Ergash tevarakka qarab olib, cho‘ntagidan pul chiqardi:
– Mana shuni olib qo‘ying, domla.
Barotovning ko‘zlari qinidan chiqib ketgudek bo‘ldi:
– Iya, bu nima qilganingiz? Meni kim deb o‘ylayapsiz? Kuppa-kunduz kuni ko‘chada…
Ergash yana zo‘rma-zo‘raki tirjaydi:
– E, domlajon, oshing halol bo‘lsa, ko‘chada ich, deyishgan. Mana, oling.
Domla tevarak-atrofga qarab oldi-da, xotirjam ovozda dedi:
– Xo‘sh, siz… Ismingiz?
– Ergash.
– Ha, Ergashboy, dedingiz-a?! Esladim, esladim. Imtihonda sizga bitta qo‘shimcha savol beruvdim-a? Esimda. Xotiramiz mustahkam-da!.. Xo‘sh, o‘sha Hazratqulova kimim bo‘ladi, dedingiz?
– Hech kim emas. Ha, xizmatdosh do‘stimning singlisi, domlajon. Qo‘limdan kelgancha…
– Xo‘sh, unga aytib qo‘ying, ertaga ertalab kafedraga kelsin.
– Xo‘p, domlajon, o‘zim olib kelaman.
Barotov Ergashga ko‘zoynagi ustidan ola qaradi-da, Ergashga ta’kidladi:
– Siz kelmang, Ergashboy! Hazratqulovaning yakka o‘zi kelsin. Bo‘pti, xayr.
Ergash kayfiyati buzilib yotoqxonaga qaytdi. U og‘ir o‘ylar girdobida edi. Aminalar turadigan eshikni sekin taqillatdi. Zumrad chiqdi. Amina yig‘lab-yig‘lab uxlab qolganini aytdi.
O‘zining xonasida Ergash uzoq vaqt o‘ylanib o‘tirdi. U Barotov domlaga to‘g‘risini aytmaganidan pushaymon edi. Rostdan ham nega aytmadi? Bo‘lajak keliningiz, desin edi. Endi… ertaga nima bo‘ladi? Domlaning niyati nima o‘zi? Kafedrada hech kim bo‘lmaydi – deyarli hamma ta’tilga chiqib ketgan. Aminani ko‘z ostiga olganmikan u?
Yo‘q, Ergash Amina bilan birga boradi, ammo… domla injiqlik qilib turib olsa, “printsip” qilsa, yana unga baho qo‘ymasligi mumkin. Ayniqsa, Ergash Aminaning o‘ziga kim ekanligini aytsa, ikki dunyoda ham bahosini qo‘ymasa kerak. “Nahotki, men o‘z sevgilimni o‘sha ko‘zoynakka qo‘shqo‘llab bersam?” – dedi siqilib Ergash.
U shu o‘ylariga g‘arq bo‘lib uxlab qoldi. Shom mahali boshi lo‘q-lo‘q og‘rib ko‘zlarini ochdi. Ochdi-yu shu choqqacha Amina kelib uyg‘otmaganidan xafa bo‘ldi. Yonidagi karavot bo‘sh, aftidan Umid haligacha kelmagan edi.
Ergash Aminalarning qiya ochiq eshigiga qaramay, xo‘mraygancha, yuvinish xonasiga o‘tib ketdi. U yerda muzday suvda yuvinib, sal o‘ziga kelgandek bo‘ldi. Xonasiga qaytishda ham Aminalarning xonasiga qaramadi.
U Aminaning kelib, xabar olishini kutardi. Yo‘q, undan darak bo‘lmadi. Ergashning jahli chiqdi. Deraza tokchasiga o‘tirgancha tashqariga tikildi. “Men Aminani o‘ylasam-u uning parvosigayam kelmasam, – dedi battar xunob bo‘lib, – qanday qiz bo‘ldi-ya?”
Eshik ochilib, Umid kirib keldi. Ergashdan nima bo‘lganini so‘radi. Ergash qo‘l siltadi. Umid yelimxaltani ochib, bir shisha aroq va yeguliklar qo‘ydi.
– Ketyapman, oshna, – dedi u. – Bi-i-i-r yuvaylik.
Ergashga qolsa, ichmagan bo‘lardi, ammo hozir Aminaga achchiq qilib, qo‘llarini bir-biriga ishqaladi. Ichiga olov kirgach, dardi-hasratini to‘kib soldi. Maslahat so‘radi.
Umid uning ko‘nglini ko‘tarmoqchi bo‘ldi:
– Bitta imtihon ekan-ku, Ergash! Jonini olmaydi-ku, o‘sha domla.
– Yo‘q, – bosh chayqadi Ergash, – hammasi mana shu imtihonga bog‘liq, jo‘ra! Agar Amina imtihondan o‘ta olmasa, ota-onasi uni shartta erga bervoradi. O‘zi ularga bahona kerak.
– Unda opqochib ket, – dedi Umid. – Ikkoving gapni bir qil, olam guliston!
– Ko‘nmayapti-da, jo‘ra, necha marta aytdim. Meni qon qilib yubordi o‘ziyam. Na gapiradi, na ichidagini aytadi…
Umid nimalar dedi, Ergashning yodida yo‘q – u mast bo‘lib qolgan edi…
Ertalab eshikning taqillashidan uyg‘onib ketdi.
Tashqarida Amina turardi.
– Men ketyapman, Ergash, – dedi u ko‘zlarini yerdan uzmay. – Yaxshi qoling.
– Qayerga? – so‘radi Ergash garchand savoliga qanday javob olishini bilsa ham.
– Uyga.
Ergashning tilidan istehzoli so‘zlar chiqib ketdi:
– Uyga? Erga tegish uchunmi?
Amina unga qoshlarini chimirib qaradi. Lom-mim demadi.
– Bila turib ketayotgan ekansiz, erga tegmay nima bo‘lardi? – bo‘g‘riqdi Ergash. – Ota-onangiz poylab o‘tirishibdi-ku! Ularning ham, sizning ham men bilan nima ishlaring bor?
Xuddi kechagidek, yana Aminaning ko‘zlarida yosh aylandi. Ikki o‘rtada jimlik hukm surdi. Ergash o‘zini sal bosib olgan bo‘lsa-da, baribir qizdan xafa edi. Ammo Aminaning ahvoli unikidan besh battar! Ko‘nglini ko‘tarish kerak.
– Hozir kutib turing, – dedi u. – Kafedraga boramiz, domlaga qayta imtihon topshirasiz. Men kecha gaplash…
Amina bosh chayqadi:
– Domlaning niyati boshqa, Ergash. U kecha menga muddaosini aytgan, shuning uchun atayin imtihondan yiqitdi.
Ergash bo‘shashib qoldi. Amina yoshli ko‘zlari bilan tikilib turgani uchun ham u past ovozda dedi:
– Shunday, deng? – keyin jahl bilan eshikka musht tushirdi. – Ablah! Men qarab turar ekanmanmi? Jag‘ini ezib qo‘yaman… O‘zi siz ham…
– Nima, men?
– Imtihonga tayyorlansangiz bo‘lmasmidi? Barotov sizni, savodsiz, dedi.
– Bo‘pti, yuring, Ergash, men sizning oldingizda imtihon topshiraman.
Ikkovlon bir-biriga churq etmay, kafedraga yo‘l olishdi. U yerda Ergash noiloj Barotovning huzuriga kirdi. Domla xuddi kechagidek unga ko‘zoynagi tagidan g‘alati qarash qildi:
– Ha, bir o‘zi qo‘rqdimi kelishga? Unda to‘rt tomoni qibla, ketaversin. Imtihonni kuzda kelib topshiradi.
– Domla…
– Men bir marta gapiraman, Ergashboy! – ming‘irladi domla.
– Domlajon, shu qizni sarson qilmaylik, iltimos. Imtihon ekan-ku, shundoq qo‘yvorsangiz…
Barotov o‘rnidan turdi, erinmay stolni aylanib o‘tdi-da, eshikni ochdi. Keyin ochiq eshikni ko‘rsatib, Ergashga imo qildi:
– Chiqing bu yerdan!
Ergashning miyasiga qon tepgandek bo‘ldi, biroq xonadan chiqishga shoshilmadi.
– Chiq, dedim, senga! – do‘q urdi Barotov.
– Chiqmayman, – baqirib yubordi Ergash. – Qo‘lingizdan nima kelardi? Bor-yo‘g‘i bita imtihon ekan, shunga shunchami? Insofingiz bormi o‘zi, domla?! Singlingiz qatori qiz bo‘lsa…
Baqir-chaqirni eshitibmi, Amina ochiq eshikdan mo‘raladi. Uning yuzida qo‘rquv aks etgan edi.
– Hali shunaqami? – Barotov ish stoliga qaytib keldi-da, telefonga yopishdi. Qandaydir raqamlarni tera boshladi. – Agar senlarni o‘qishdan haydatmasam, yurgan ekanman!
Ergash g‘ayrishuuriy tarzda unga xezlanib bordi-da, go‘shakni tortib oldi. Tishlarini g‘ijirlatib, tushuntirmoqchi bo‘ldi:
– Qanaqangi tushunmagan odamsiz? Men bu qizga uylanmoqchiman. Siz esa oppoq sochingiz bilan unga ko‘z olaytiryapsiz!
Barotov avval Aminaga, so‘ng Ergashga ko‘zlarini qisib qaradi, so‘ng ilon kabi vishilladi:
– Sen hali menga tuhmat ham qilyapsanmi? Menga-ya?! Bu qilmishing uchun qanday jazo borligini bilasanmi? Senlar nafaqat bu dargohdan haydalasan, balki menga tazyiq o‘tkazganing uchun…
Ergash o‘zini tuta olmay, bo‘g‘riqib javob berdi:
– Qo‘lingdan kelganini qil!
– Bilib qo‘y, institut er-xotinlarni yetishtiradigan joy emas! Hali bu qizni shunday sharmanda qilayki, tug‘ilganiga pushaymon bo‘lsin. Agar xat yozdirib, uydagilarini chaqirib, sharmisor qilmasam, otimni boshqa qo‘yaman!
– E, bor-ey! – Ergash Barotovga xezlangan edi, Amina yig‘lagancha xonaga yugurib kirib, uning yo‘lini to‘sdi…
Ikkovlon qanday jim kelgan bo‘lsalar, shu tarzda yotoqxonaga qaytdilar. Ergash onda-sonda so‘kinib qo‘yardi, xolos. Endi nimalar bo‘lishini aniq bilishmasa-da, ko‘ngilsizlik ro‘y berishini ich-ichlaridan idrok etishardi.
Birinchi bo‘lib Ergashning akasi yetib keldi. Ukasini oshirib so‘kdi. Yaramasdan olib, yaramasga soldi.
– Sen shunchalik xotinsirab qoldingmi? – dedi u og‘zidan tupuk sachratib. – Biz seni shuning uchun o‘qitdikmi? Onam seni Ma’puraga uylantirmoqchilar-ku, kallavaram… Imtihoningdan o‘tdingmi, uyga ketavergin-da!
– Aka…
– Sen o‘zi onamni o‘ylaysanmi, yo‘qmi? Men u kishiga sezdirmay bu yoqqa yugurdim. Naq qon bosimi ko‘tarilib ketadi-ya!
– Aka, o‘sha qizning ismi Amina. Domla unga…
– Menga qara, Ergash, o‘sha domlang kasalxonaga yotib olgan. Menga tan jarohati yetkazishdi, deyapti. Tezda ishni bosdi-bosdi qilishimiz kerak. Men bor-yo‘q pulimni olib keldim. Domlaning og‘ziga tiqmasak bo‘lmaydi.
– To‘xtang, nima uchun men…
– O‘chir ovozingni! Senga diplom kerakmi yoki o‘sha qizmi? Kim ko‘zini suzsa, oldiga tushib ketaverasanmi? Sen tushunmayapsan, diplom ololmasliging mumkin!
Xullas, Erkin do‘q urib, so‘kib, ukasini shifoxonaga sudrab bordi. Palataga avval o‘zi kirib-chiqdi, keyin Ergashni olib kirdi. Akasining musht do‘laytirib, qilgan imosi tufayli u Barotovdan kechirim so‘radi. Karavotda “behol” yotgan domla esa uni ko‘rgisi ham kelmayotganini aytdi…
Yotoqxonaga qaytganlarida Ergash akasining ko‘zini shamg‘alat qilib, Aminani izladi, ammo topolmadi. Uning qayoqqa ketganini Zumrad bilmasmish.
– Seni shu kecha poyezdga mindirvoraman, – dedi akasi Ergash xonasiga qaytgach. – Hozir mutlaqo ko‘rinmay turganing ma’qul. Diplomingni, kerak bo‘lsa, o‘zim olib boraman. Ja ololmasam, keyin o‘zing birrov kelib-ketarsan…
Ergash qishloqqa shu jo‘naganicha qolib ketdi. Amina bilan nimalar bo‘ldi, bilmaydi, o‘zicha ularning uyini izlab yo‘lga tushmoqchi bo‘ldi, biroq bunga qulay imkon ham… bahona ham topolmadi. Aminaga har qancha xat yozmasin, javobi kelmadi. Shundan so‘ng Ergash taqdirga tobe bo‘lib, tog‘asining qiziga uylandi. Chimildiqda Ma’puraga behol qararkan, ich-ichidan o‘kinib ketdi. Endi o‘zining Aminaga tamomila yot ekanligini chuqur his etdi.
Oradan yillar o‘tdi. O‘z kasbining ustasiga aylangan Ergash avval viloyatga, so‘ng poytaxtga ishga o‘tdi. Malakali shifokor sifatida tezda tilga tushdi.
Oddiy kunlardan birida uning huzuriga ko‘zlari ojiz keksa bemorni olib kelishdi. Ergash tanidi: u Barotov edi. Ko‘z oldida alamli ko‘zyoshi to‘kib turgan Amina namoyon bo‘lib, Ergash oyoqlarigacha titrab ketdi. Agar… agar hozir… domlaning ko‘zidagi birgina tomirni uzib tashlasa bormi, u bir umrga ko‘zlari ochilmasligi tayin.
– Meni taniyapsizmi, domla? – deb so‘radi Ergash.
– Sizni?.. Sizni qanday taniyman, men bir ko‘r odam bo‘lsam? – nolidi domla. – Men butun umr yoshlarga ta’lim berib, shular o‘qisin, deb ko‘zlarimning nurini to‘kdim. Talabalar deb ko‘zlarimdan ayrildim. Mana endi yoshim bir joyga borib qolganida hech kim g‘amxo‘rlik qilmayapti, uka.
– Men ishlagan institutda o‘qiganman, domla.
– Ie, iye, shogird ekansiz-da! – dedi jonlanib Barotov. – Meni tanidingizmi, qoyil, qoyil! Xotirangizga balli! Qaysi yili tugatgansiz, bolam?
– Men Ergashman… Ergashboy!
– Aytishdi, Ergashjon, eng zo‘r do‘xtir Ergashjon Mirzayev deb aytishdi. Shu yerga kelaverdik. Balli, shogird degan…
– Amina degan qiz yodingizdami, domla?
– Kim?.. Yo‘q, eslolmayapman. Aytdim-ku, biz minglab yigit-qizlarni o‘qitganmiz, uchirma qilganmiz. Qarang-a, bu uchrashuvni! Shogird degani shunday kunda asqotarkan-da!
– Tog‘ tog‘ bilan uchrashmaydi…
– Lekin-chi, Ergashjon, betga aytganning zahri yo‘q, muolajalarni arzon qilinglar, sizlarda juda qimmat ekan.
– Siz o‘sha Aminani imtihondan yiqitgansiz, domla! – dedi o‘sha kunlarni yaqqol ko‘z oldiga keltirgan Ergash. – Esingizdami, men Amina bilan kafedrangizga borgan edim. Sizdan iltimos qilgan edim. Keyin… keyin esa siz shifoxonaga yotib oldingiz.
Domla churq eta olmay qoldi. Bundan o‘n to‘rt yil avvalgi qiliqlari esiga tushdimi yoki mashhur ko‘z do‘xtiri Ergash Mirzayevning ko‘ngliga qay tarzda yo‘l topish haqida o‘yladimi, indamadi.
Ikki o‘rtada jimlik cho‘kkan, bir juft ko‘z ikkinchi ko‘zlarga tikilgan edi.
– Menga qarang, men… men… – deya tilga kirdi anchadan so‘ng Barotov. – Siz yaxshi do‘xtirsiz, uka. Men qayerlarga bormadim, kimlarga uchrashmadim. Birorta davo kor qilmayapti. Shu qarigan holimda qoqilib-surinib yurmay, uka. Qo‘ying, eski ginalarni unutaylik. Menga siz najot bera olasiz, ukajon! O‘tgan ishga salavot… Uka, eshityapsizmi?.. Esimda hammasi! O‘sha qiz farg‘onalik edi. Institutdan hujjatlarini olib ketdi. Kel, imtihoningni qo‘yib beraman, desam ham ko‘nmadi. Ketish… ketishdan oldin…
– Nima? – so‘radi Ergash sabri chidamay.
Domla ovozi titrab javob berdi:
– Ketishdan oldin, “menga yomon qaragan ko‘zlaring oqib tushsin”, dedi. Bir og‘iz gap-a, bir og‘iz! Orqasidan baqirib qolaverdim. Mana, avval bir ko‘zim, keyin ikkinchisi…
Ergash Mirzayev uyga erta qaytdi. O‘zining xonasiga qamalib olib, talabalik yillaridagi fotosuratlarni topdi-yu, ularga uzoq tikildi. Yana xotiralarga g‘arq bo‘ldi. Kursdoshlari orasida ma’yus tabassumi bilan ajralib turgan siymoga uzoq termildi. Amina bilan g‘oyibona gaplashgan bo‘ldi.
Qayerda ekan-a u? Kim bilan ekan?
Ertaga Barotov yana Ergashning huzuriga keladi. Nima qilsin Ergash? Uning najot ko‘zlariga malham bo‘lsinmi? O‘z kasbiga xiyonat qilib, birinchi muhabbati Aminaning hayotini abgor etgan, u qarg‘agan insonga shifo bersinmi?..
Eshik ohista taqillab, ochildi-da, xonaga qizi kirdi.
– Dada, ovqatni suzdik, – dedi u. – Sizni kutyapmiz.
Ergash qizini yengil quchgan edi, ko‘zlaridan ikki tomchi yosh sizib chiqdi.
– Amina, qizim, joni jahonim, – uning ovozi o‘ziga ham uzoq-uzoqlardan eshitilgandek bo‘ldi…