Uni kutyapsizmi?..

Mashina ko‘chamiz tomon burilganida endigina tong yorishib kelayotgan edi. Tirikchilik tashvishida darvozalaridan hatlayotgan qo‘shnilarimiz gap nimadaligini fahmlab, bosh chayqagancha bizni kuzatib qolishdi. O‘zimni tutib tura olmadim. Hiqillab yig‘lab yubordim. Endi hech qanday umid, hech qanday iloj yo‘q, yana bir necha soatdan keyin dadam bizni ham, bu yorug‘ olamni ham tashlab ketadi.
Kechagina kasalxonaga ko‘rgani borganimda yig‘lab bergan edi, demak, ayriliq onlari yaqinligini bilgan ekan-da. Men g‘ofil esa dadam o‘lib qolishi mumkinligini umuman xayolimga keltirmabman. Baribir tuzalib ketadi, har qanday kasallikning davosi bor-ku, deb o‘ylabman.
«Dorining kuchi bilan nari borsa bir sutka ushlab turishimiz mumkin. Yaxshisi, ortiqcha qiynamaylik…»
Doktorning aytgan gapi qulog‘im ostida tinimsiz jaranglayotgan edi.
Dadamni ichkariga yotqizib, hovlini saranjomlashga tushib ketdik. Faqat xursandchilik kunlarga, to‘y-tomoshalarga guvoh bo‘lgan hovlimizda endi janoza bo‘lishi kerak. Men ko‘zimda yosh bilan ish qilar ekanman, o‘limini kutib yotgan dadam haqida o‘ylardim. HAQIQIY ChORASIZLIK NIMA EKANLIGINI HIS QILISh UChUN AYNAN UNING HOLATIGA TUShISh KERAKDIR BALKI. Bu dunyoda nasibasi deyarli tugab bitganini u juda yaxshi tushunar, biz qanday marosimning tadorigida g‘imirlab qolganimizni ham fahmlar edi.
Ammo kim ham jigarbandlaridan, bor-yo‘g‘idan ajrab, o‘zini nimalar kutayotganini bilmaydigan manzil tomon yo‘l olishni istardi?..
O‘lim…
Bugunmi-ertami, qachondir u mening ham ro‘paramda paydo bo‘lishi aniq. Yer yuzida qimirlagan jon borki, vaqt-soati yetib, ajal farishtasiga ishi tushadi-ku. O‘sha mahal ruhim tanamni tark etishini, menga ham janoza o‘qilib, tobutimni qabriston tomon ko‘tarib borishlari, ayniqsa, jonsiz tanamni lahadga qo‘yishlarini o‘ylasam, a’zoyi badanim jimirlab ketadi.
Qiziq, o‘limni xushhol qarshi oladiganlar qanday insonlar ekan? Ular nima uchun bunchalar jasur, qay sabab tufayli o‘limdan hayiqmaydilar, yuraklari qanday dosh beradi?
Bilmadim. Anglaganim shuki, qo‘rqqan bilan o‘limdan qochib qutilib bo‘lmaydi. U hech kimga «men falon kuni kelaman, tayyor bo‘lib tur» deb aytmaydi. Inson qaerda, qay holatda bo‘lmasin, paymonasi to‘ldimi, tamom, chora izlab ovora bo‘lmay qo‘ya qolsin. Ko‘cha-ko‘yda, mast-alast holatda yoxud qandaydir jirkanch amal ustida jon berganlar haqida eshitib, ularga achinib ketaman. Qazoyim yetadigan bo‘lsa, o‘z uyimda, yaqinlarim qurshovida, xorlikka uchramay o‘lishni orzu qilaman. Mana, xuddi dadam kabi.
Birin-ketin hol so‘rab qo‘shnilar chiqa boshlashdi.
Peshin mahal dadam sal o‘ziga kelganday bo‘ldi. «Meni ochiq havoga, so‘riga olib chiqinglar», deb turib oldi. Olib chiqdik. Uch kundan beri bosh ko‘tara olmayotgan dadam o‘tirib oldi, ovqat so‘radi. Darrov o‘zi yaxshi ko‘radigan mastavadan yarim kosa pishirib berdik. Uzum yedi. Bu holdan juda quvonib ketgan edik. Umidlanib qoldik. Foydasi yo‘qligini bilsam ham ayamga «do‘xtir chaqiraylik» dedim.
Birpasdan keyin dadam yana ichkariga kirishni istadi. Qadrdon hovliga, quyosh porlab turgan osmonga, dov-daraxtlar, charx urib uchayotgan qushlarga so‘nggi bor, to‘yib-to‘yib qarab olgandir. Qiziq, o‘limi yaqinligini bilgan odam nimalarni xayol qiladi? Balki bu dunyoda qilishga ulgurmagan ishlari, yo‘l qo‘ygan xato va kamchiliklari, gunohlarini yodga olib cheksiz afsus chekar. Bunday paytda savobli amallari ko‘ziga kam ko‘rinar, ko‘rib turgan yorug‘ligidan mahrum bo‘lishni va qaro yer bag‘ridan qo‘nim topishni xayol qilib butun vujudini vahima qoplar.
Umr bo‘yi dard nimaligini bilmagan dadamning ihrab yotishini ko‘rib, yurak-bag‘rim yonib ketayotgan edi. Og‘riqqa chidolmay har safar oh chekkanida ichimni allanarsa tirnab o‘tardi.
Bu dunyoda kimningdir o‘limini kutishdan-da og‘irroq azob bor, deyishsa, aslo ishonmang. Ayniqsa, o‘sha odam o‘z yaqiningiz bo‘lsa…
Og‘riqlar tezroq yakuniga yetishini istar va ayni paytda buning oqibatini aniq-tiniq tasavvur qilayotgan edim.
Men faqat bir narsani istardim: dadam boshqa qiynalmasin…
Shomga yaqin dadam qiynalmay qoldi… Bunchalar oson jon taslim qilishini kutmagan edim. Jon chiqishi juda qiyin bo‘lishi, ba’zilar hatto kunlab xirillab, ba’zan behush yotishi haqida eshitgandim. Dadam esa hushidan ayrilmadi, tilidan ham adashmadi. Keyinchalik Xudoning yorlaqagani shu bo‘lsa kerak-da, degan xayolga bordim.
Qiblagohimning joni chiqqan mahal aka-ukalar, singlim qatori men ham uv tortdim. Kimlarnidir quchoqlab achchiq-achchiq yig‘ladim. Keyin… keyin esa ko‘zimdan bir qatra yosh chiqmay qo‘ydi.
Men dadamning vafotini tabiiy hol sifatida qabul qilgan va bunga juda tez ko‘nikkan edim. Janoza paytida, tobutni ko‘tarib ketayotganimizda ham, qabristonda ham o‘zimni majburlab, boshqalar ko‘rsin uchun uch-to‘rt marta yig‘lab qo‘ydim. Avval o‘ylaganimdek, dadamga qattiq kuyganim uchun hushimdan ketib, yiqilib ham qolmadim.
Yig‘laganimdan nima foyda? «Agar tinimsiz yig‘lasang, dadang tirilib keladi», deyishsa, kunlab, oylab yig‘lashim mumkin edi. Dadam o‘ldi, endi u yo‘q! Ming oh-voh qilsam ham, boshimni devorlarga urib, dod-faryod ko‘tarsam ham zarra qadar nafi tegmaydi. Unga bergan ozorlarim, dilini og‘ritganlarim, xizmatini o‘rinlatib qilmaganlarim – bari endi ortda qoldi. Qo‘limdan hech narsa kelmaydi. Tirikligida qadriga yetmagan edim, o‘lganidan so‘ng unga qanday yordamim tegishi mumkin?.. Har-harda ruhiga bag‘ishlab tilovat qilib turaman. Shu xolos.
Hamma janoza bilan ovorayu, men bir burchakda turgancha hayot va o‘lim haqida xayol surardim. Inson umri shunchalik qisqa ekan-da. Esingni taniganingdan boshlab, tinimsiz mehnat qilasan, nimalargadir erishish ilinjida yelib-yugurasan va mutlaqo kutmagan paytda bari yakuniga yetishi mumkin. Bugun dadam o‘ldi. Tez orada esa men farzandli bo‘laman. Taqdir taqozosi shunday, kimdir o‘ladi, kimdir keladi. Dunyo asli mehmonxona deganlari inkor etib bo‘lmaydigan haqiqat. Eng alam qiladigani esa ushbu mehmondorchilik qachon tugashini hech qachon bila olmaymiz. Hamma masala ham shunda-da. Agar har kim qazo muddatini bilganida, yer yuzi farishtalarga to‘lib ketardi. Balki hozirgi gapim balandparvoz tuyular, lekin rosti ham shu: inson o‘tgan umrini vaqti-vaqti bilan sarhisob qilib tursin ekan. Toki, g‘aflatda qolmaslik uchun. Kimning jur’ati yetsa, o‘limdan qo‘rqmasin, eng yaxshisi, uni kutib yashashni, tashrifiga tayyor bo‘lib turishni o‘rgansin. Shunda ko‘ngli xotirjamlikka erishadi.
Dadamning vafotidan keyin ana shu xulosaga keldim.

Abror Adhamzoda