O‘ng qo‘shni – chap qo‘shni

Qishning so‘nggi oyida haj safariga ketgan yurtdoshlarimiz bilan ko‘rishmoqlik nasib qildi. Bir umr orzu qilib, niyatiga yetkazganga shukrona qilib kelganlar «hoji aka», «hoji ona» deb qilinayotgan murojaatdan boshlari osmonga yetardi. Bizning o‘ng va chap tarafimizdagi qo‘shnilar ham muborak safarga borish baxtiga muyassar bo‘ldilar. Ularning qaytishi barcha qarindosh-urug‘ va qo‘ni-qo‘shnilar uchun bayram bo‘lib ketdi. Axir bu kunga yetganlar bor, yetmaganlar bor.

Ikki qo‘shni bir vaqtda kelishgani uchun yarim qo‘shnilar o‘ng tomondagisinikiga, qolganlari chap tomondagilarga kirishdi. Uy tumonat odam, katta qozon qaynab turibdi. Bir qarashda to‘yni eslatadi. Dasturxonda piyola qo‘yishga joy yo‘q. Kelganlarning hammasiga tasbeh, do‘ppi kabilar sovg‘a sifatida tarqatib chiqildi. Ovqatdan so‘ng, hojilardan hol-ahvol so‘rashgach, andishali mehmonlar keti uzilmayotgan odamlarga joy bo‘shatish uchun fotiha qilishdi. Ammo hozir andisha ham kamnamo shekilli, ayrimlar to‘kin dasturxonni tashlab ketgisi kelmaydi chog‘i, orada 4-5 marta odamlar kelib-ketsa-da, hech turay demaydi. Shunda shaddodroq qo‘shnilardan biri tagdor qilib so‘raydi:
— Chap tarafdagilarnikiga ham chiqamizmi yoki kechgacha shu yerda o‘tiraverasizlarmi?

Bu gapdan keyin ayollar noiloj, istar-istamay qo‘zg‘alishga majbur bo‘ldilar. Endi bu qo‘shninikiga «hujum» boshlanadi. Suyuq ovqat tanavvul qilgan ayollar endi sovg‘a kutishayapti. Biroq, bu yerdagi hoji negadir hech narsa bermadi-ya. O‘tirib-o‘tirib, hafsalasi pir bo‘lgan ayollar bazo‘r o‘rnilaridan turadilar. «Ey-y, naryoqda maza qilib o‘tirgandik, bu yerga bekor chiqibmiz», — deydi birinchisi. «Nimasini aytasiz, u yerda uch-to‘rt xil narsa berishgandi, bular hech narsa bermadi-ya». Gap-so‘zlar shu bilan tugamaydi. Hamma o‘zi uchun muhim deb bilgan narsaga e’tibor qaratadi va shu haqda gapiradi.

Hojilar esa… Endi mehmon kutish uchun yana bir haj xarajatini qilishga majburlar. Axir, o‘zbekchilik-da, kelgan odamning oldiga bir piyola choy bilan ovqat qo‘ymasang, uyat bo‘ladi. Shuning uchun ham ikki qo‘shninikida uch kunda necha qoramol so‘yilib, necha qozon sho‘rva pishmadi. Bu yog‘ini so‘rasangiz, kelganlarni quruq qo‘l bilan qaytarib bo‘lmaydi. Har biriga joynamoz, mushku anbar kabi narsalar berish kerak. Ularni yaqinroqdagi bozordan avvaldan keltirib qo‘yasiz. Olgan odamlar esa uni hajdan kelgan deb xursand bo‘lib yuraveradilar. Biroq xursand bo‘lmaydiganlar ham bor ekan. Mana, uning hasrati:

— E-yy, hajdan kelibdi, bir ko‘rib qo‘yay debman-da. Kelganimga pushaymon yedim. Odam ko‘p ekan. Ko‘pchilikning ichida yaqindagina olgan kalishimni yo‘qotib qo‘ydim. Hali yangi edi, shuncha qidirtirsam ham topilmadi. Buyam yetmagandek, uyga borib bergan atirini ochib ko‘rsam, ichida yo‘q ekan.

Yoshi bir joyga borib qolgan keksa ayolning nolishi kishini hushyor tortishga majbur qiladi. Men ayolning kalishi yo‘qolganiga ham, atirining shishasi bo‘sh ekanligiga ham achinmadim. Unda va u toifadagilarda uyat yo‘qolib borayotganiga achindim. Kelganlardan faqat farzandlari va yaqin qarindoshlarigina, yaxshi borib keldingizmi, u yerdan eson-omon qaytib kelganingizga shukr, deyayotgandilar. Qolganlarning esa buni so‘rashga vaqtlari yetmay, borish-kelish xarajati va sovg‘alarning muhokamasi bilan kifoyalandilar.

Zuhra Boboxo‘jayeva