Nafisa Ismatullayeva. Uy o‘zimizniki, ko‘cha-chi?

Bolaligimizdan kattalarga gap qaytarmaslik, ularning yuziga tik qarab so‘zlamaslikni uqtirishgan. Biroq ba’zan yoshligimizga boribmi yo haqligimizni isbotlashga urinibmi, birovni ranjitib qo‘yganimizni sezmay qolamiz. Bolalikda qulog‘imizga quyilgan pandu nasihatlar bizni to‘g‘ri yo‘lga solish uchun aytilganini yoshimiz ulg‘ayib borgan sari teranroq anglay boshlaymiz. Shu ma’noda, milliy urf-odatlarimiz, qadriyatlarimiz, ayniqsa, axloq-odobga doir an’analarimizning jamiyat hayotidagi ahamiyati beqiyos.
Oilada ota-onani hurmat qilish, ular bilan bamaslahat ish ko‘rish, gaplarini yerda qoldirmaslik, ayol kishini e’zozlash, aka-uka, opa-singillarga mehr-muruvvatli bo‘lish, qarindosh-urug‘, qo‘ni-qo‘shnilar holidan xabardor bo‘lib turish faqat odob doirasidagi qoidalar emas, balki insoniy burch sanaladi. Bu burch bizga ajdodlarimizdan meros sifatida o‘tgan va turmushimizni ichdan yoritib turgan milliy qadriyatlarga asoslanadi. Aslida har bir millat qiyofasi ham uning o‘z milliy urf-odatlar, an’analariga nechog‘li sodiqligi bilan belgilanadi.
Keling, kundalik turmush odatlarimizga bir nazar tashlaylik. O‘zbekning xonadonida uy yumushlari tong saharda eshiklarni ochib, ko‘cha-hovlilarni supurib-sidirishdan boshlanadi. Uy bekalariga bolalikdan: erta tongdan saranjom-sarishtalangan xonadonga farishtalar rizq-ro‘z, fayzu baraka ulashadi, degan ezgu e’tiqod singdiriladi. Yoxud eshikdan kirib kelgan mehmonni ochiq yuz bilan kutib olish, dasturxonga “Bismillohir rahmonir rahim” deya qo‘l uzatish, yaxshi niyatlar qilib duo o‘qishgacha — bari-barida bola ruhiyatini to‘g‘ri tarbiyalaydigan, ma’naviy kamolotida juda asqotadigan ibratlar bor. Darhaqiqat, bir qo‘lini ko‘ksiga qo‘yib, samimiy tabassum bilan salomlashayotgan yurtdoshimizni xorijliklar orasidan osongina tanib olishimiz ham shundan. Afsuski, shunday go‘zal axloq-odobimiz, odatlarimiz ayrim yurtdoshlarimiz e’tiboridan chetda qolayotgani ularning yurish-turishi, muomalasidan sezilmoqda. Hatto jamoat joylarida bir-birini haqoratlayotgan, uyat-or, andishani biroz unutayozganlarga ham duch kelamiz.
Yaqinda ko‘p qavatli uyda yashovchi bir tanish ayol kuyunib gapirib qoldi:
— Ba’zan uyimiz atrofidagi ariqlar axlat, xazon uyumlariga to‘lib qoladi. Har kuni ertadan kechgacha ishda bo‘lganim uchun o‘tgan dam olish kuni tevarakni tozalab, xazonlarni olib tashlamoqchi bo‘lib, qo‘shni yigitlarni yordamga chaqirdim. Ular ko‘maklashsa, birpasda saranjom-sarishta qilamiz, deb o‘yladim. Biroq og‘iz ochishim bilan ular: “E, opa, tozalash sizga qoldimi? Kim iflos qilgan bo‘lsa, o‘shalar tozalasin-da!”, deyishsa bo‘ladimi.
— Axir, hammamiz shu uyda yashaymiz, atrofi toza-ozoda bo‘lib tursa yaxshi-ku! — desam, ulardan biri: “Qo‘ysangiz-chi shu bosh og‘rig‘ini”, dedi. Qiziq, “dom”da yashab bular dangasa bo‘lib qolishganmi yo mehnatga umuman layoqati, hafsalasi yo‘qmi? Balki men ularni yordamga chaqirib noto‘g‘ri qildimmikan? Balki bunday yumushlar, rostdan ham, ular uchun “bosh og‘rig‘i”dir…
Qo‘shni ayolning hasrati meni o‘ylantirib qo‘ydi. Uning da’vatiga yigitlarning loqayd, aytish mumkinki, qo‘pol munosabati zamirida nima yotibdi? Axir, ayol kishining so‘roviga “labbay” deb javob berish bo‘z bolani yanada ko‘rkam, tanti qilib ko‘rsatmaydimi? Shuningdek, jamiyatda, xususan, oilada ayolni asrash, og‘ir ishlarga urintirmaslik, tashqi tahdidlardan himoyalash har qanday manaman degan erkakning burchi emasmi?..
Shunday o‘ylar bilan qo‘shni ayolning “dardi”ni o‘zimcha mushohada qilarkanman, bir mahal bir o‘qituvchimiz “ikkichi” o‘quvchilarga tanbeh berganda qo‘llaydigan: “He, o‘qimagan!”, degan ibora yodimga tushdi. Ha, ehtimol, o‘sha qo‘rs yigitlar chindan ham kitob o‘qimagan, bolaligida ertak eshitmagandir. Quruq pand-nasihatning o‘zi ularga yuqmagandir. Darvoqe, bolalar uchun yaratilgan ertaklarda qahramonlar bejiz kuchli, jasur va mard qilib tasvirlanmaydi. Ertak o‘qigan, eshitgan bola ulardan ta’sirlanadi va o‘zi ham ana shu qahramonlarga o‘xshagisi keladi. Kitobxonlik odatga aylangan oila muhitida tarbiya topgan bola bora-bora mutolaani o‘ziga odat qilib oladi va bu jarayon uning hayotida izsiz ketmaydi. Bunday bola, avvalo, o‘zining qadrini va ayni paytda atrofidagi odamlarni qadrlashni o‘rganib ulg‘ayadi.
Hozir matbuotda bolalarning kitobni kam o‘qiyotgani, kompyuter, internet kabi texnik vositalardan har doim ham to‘g‘ri foydalana olmayotgani, hech qanday ma’naviy oziqa bermaydigan oldi-qochdi filmlar va qo‘shiqlarga ishtiyoqi ortib borayotgani, oqibatda ma’naviy dunyosi qashshoqlashayotgani haqida behuda bong urilayotgani yo‘q. O‘zingiz o‘ylang, bugun oyog‘i ostidagi cho‘pni bir chetga olib qo‘yishga eringan o‘smir ertaga oila, jamiyat va Vatani oldidagi burchini, mas’uliyatini qay darajada his eta oladi?
Mahallada hashar uyushtirilsa, qo‘ni-qo‘shnilar bola-chaqalari bilan jamuljam bo‘lishardi. Shunday paytlari mo‘ljaldagi ish ham uddalanar, o‘zaro gurung ham avjiga chiqardi. Hatto anchadan buyon bir-biridan araz-gina qilib yurganlar ham jamoatchilik oldida uyalganlaridan yarashib ketardilar, odamlar o‘rtasidagi mehr-oqibat, birdamlik, bir-biridan yordamini ayamaslik, o‘zaro hurmat kuchayardi. Bolalikda bunday ajoyib an’analarimizning mohiyatini tushunmagan bo‘lsam-da, endi-endi ularning hayotimizdagi o‘rni nechog‘li muhimligini his qilyapman. “Yuksak madaniyat”, “tsivilizatsiya” degan tushunchalar to‘g‘ri, ammo bu cho‘qqilar hech qachon o‘zligimizni yo‘qotish evaziga egallanishini istamasdim.
Albatta, hayotda har bir inson o‘zining mustaqil fikriga ega bo‘lish va uni emin-erkin bayon etish huquqiga ega. Shu o‘rinda G‘arb hayoti, turmush tarziga xos individuallik sharqona urf-odatlarimizga to‘g‘ri kelmaydi, deb qarovchilar ham bor. Ular g‘arbcha individuallik ruhida, muhitida tarbiya topgan o‘smir har qanday masalada mustaqil qaror qabul qilishni istab qolishini ro‘kach qilib ko‘rsatishadi. Lekin bu, masalaga tor ma’noda qarashni anglatadi, deb o‘ylayman. Masalan, o‘zbek oilalarida farzandining ulg‘ayib, biror kasb egasi bo‘lishidan tortib, turmush qurishigacha, hatto uyli-joyli bo‘lishigacha ota-ona o‘zini javobgar his qiladi. Bu xalqimizning avloddan avlodga o‘tib kelayotgan odatlaridan biridir. Lekin masalaning boshqa bir tomoni ham bor. Xo‘sh, bunga farzandlarning javobi qanday?
Men besh o‘g‘il, besh qizni tarbiyalab voyaga yetkazgan bir oilani bilaman. O‘n nafar bolani hech kimdan kam qilmay katta qilaman deb, umrini mehnatga baxsh etib, keksayib qolgan ota-onaga endi ularning birortasining nafi tegmayotgani achinarli hol. Bu ham mayli, aka-uka, opa-singillar o‘rtasida biror nojo‘ya gap o‘tsa yoki birortasining topish-tutishi yomon bo‘lsa, bechora ota-ona balogardon. Mana shunday oilalarni ko‘rib-kuzatganda, ayrim urf-odatlarimizni ham biroz o‘zgartirishimiz kerakmikan, degan o‘yga boradi kishi. Chunki farzandlarimizni har bir narsa haqida o‘z fikri bo‘lishiga o‘rgatish va ularga har qanday darajaga o‘z mehnati bilangina erishish mumkinligini uqtirish kerak.
Biz esa ularni ayaymiz, o‘zimizni qiynab bo‘lsa-da aytgan narsasini olib beramiz, qo‘shimchasiga turli imkoniyatlar yaratamiz-u, ulardan qanday foydalanayotgani bilan ishimiz yo‘q. Va bir kun kelib ularning dangasa, layoqatsiz bo‘lib qolganini ko‘rib, o‘sha qo‘shni ayolga o‘xshab hasrat qilamiz. Biroq suyagi qotgan bolani yo‘lga solishga kech qolgan bo‘lsak-chi? Vaqtida o‘zimiz bo‘sh qo‘ygan jilovni endi qattiq tortsak — bu qanday natija berarkan?!

«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2008 yil 6-sonidan olindi.