Munis xilqat

Ayollarni e’zozlash, jamiyatda ularga o‘zlarining mos o‘rinlarini berish bizning nafaqat farzandlik, balki insoniylik burchimiz hamdir. Yurtimizda, Sharq musulmon xalqlarida ayollarni hurmat qilish, ularni nafaqat moddiy-jismoniy, balki ma’naviy himoyalash an’anasi chuqur ildiz otgan. Ularga ko‘rsatish lozim bo‘lgan oliy hurmat namunasi payg‘ambarimizning «Jannat – onalar oyog‘i ostidadir» hadisida o‘zining yuksak e’tirofini topgan.

Ammo tarixni o‘rgansak, uning aksariyat davrida ayol shaxsi jamiyatning ikkinchi darajali toifasi sifatida ko‘p bor tahqirlanganining guvohi bo‘lamiz. Yaqin o‘tmishda ham, masalan, XIX asrda bugun ayollar huquqi keng e’tirof topgan Yevropa mamlakatlarida ayol zoti har qanday haq-huquqlardan mahrum edi.

Tarixchilar insoniyat o‘tmishi va hatto bugunini ayol-erkak munosabatlariga ko‘ra patriarxat davri deb atashadi. Ma’lumki, patriarx jamiyatda erkaklar hukm­ron bo‘lib, ayol kishi ikkinchi darajali fuqaro hisoblanadi.

Me’yoridan oshgan ozodlik

XIX asr oxiri va XX asr boshiga kelib, G‘arbda feminizm harakati vujudga keldi. Jamiyatning ilg‘or va yetakchi ayollari boshchilik qilgan bu yangi oqim zaifalar jinsini patriarxizm kishanidan ozod qilishni o‘z oldiga maqsad qilib qo‘ydi. Ularga ko‘ra, ayol va erkak har jabha va maqomda teng bo‘lib, bir jinsni o‘rtadagi jismoniy va biologik tafovut bois, ikkinchi jins­dan past ko‘rish yoki har ikkisiga jamiyatda farqli maqomlar berish mutlaqo noto‘g‘ri va asossizdir. Harakat AQShda keng quloch yozib, alaloqibat ayollar jamiyatda erkaklar bilan har sohada teng huquqlilikni qo‘lga kiritishlari bilan yakun topdi. Feministlar shunchalikka yetib bordilarki, ayollarning “kishan”lardan to‘la ozodlikka chiqib, erkin qush bo‘lib har tomonga uchishlari oqibatida jamiyatda “jinsiy inqilob” atalmish yangi madaniy-ijtimoiy o‘zgarish yuzaga keldi.

Ular nikohni, oila qurishni inson huquqlariga zid o‘tmish sarqiti deb atashga jur’at topishdi.

BMT ayollarni himoya qiladi

Yuqorida feministlar ayol va erkak huquqlari tengligi borasida biroz hadlaridan oshgani haqida fikr yuritdik. Bu faraz G‘arb jamiyati uchun, ehtimol, to‘g‘ri kelar. Ammo ayrim hudud va mamlakatlarda ayollar hadlaridan oshish uyoqda tursin, jamiyatning qonuniy a’zolari sifatida birlamchi huquqlarini ham qo‘lga kirita olganlaricha yo‘q.

Davrning mas’ul kishilari to‘plangan Birlashgan Millatlar Tashkiloti (BMT) zaifalarni himoya qilish masalasini yangi mingyillikda qilinishi lozim bo‘lgan eng muhim sakkiz vazifa qatoriga kiritdi. Uning o‘ta qashshoqlik va savodsizlik muammolaridan keyin uchinchi o‘rinda tilga olinishi ham mavzuning dolzarbligidan dalolat beradi.

Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasida ayollarning erkaklar bilan teng huquqlarga ega ekani, ularga nisbatan jinsiy kamsitishga yo‘l qo‘yilmasligi e’lon qilinganidan so‘ng oradan 60 yil vaqt o‘tdi. Bu oliy qonun hujjatini qabul qilmagan, tasdiqlamagan davlat bugun Yer yuzida deyarli qolmagan bo‘lsa-da, lekin ayollarga teng huquqli bo‘lish uchun yetarli sharoit yaratib bermayotgan, balki amalda norasmiy tarzda patriarxal siyosat yuritayotgan davlatlar, hukumatlar yo‘q emas.

2000 yili qabul qilingan Mingyillik Rivojlanish Maqsadlari (MRM) doirasida 2015 yilgacha ta’lim tizimida erkaklar va ayollar teng huquqliligini ta’minlashga dunyo miq­yosida erishish BMT oldidagi bosh maqsad qilib olindi. Lekin bunga erishishning birinchi bosqichi bo‘lgan muhlatda – 2005 yilgacha boshlang‘ich va o‘rta ta’limda tenglikka erishish masalasida faqat belgilangan sakkiz mamlakatgina muvaffaqiyat qozona oldi, xolos. 113 davlatda esa vaziyat hamon yomon. Dunyo bo‘yicha ta’lim olish imkoniyatidan bebahra aholining aksariyatini hanuz ayollar tashkil etmoqda. Parlament va hukumat idoralarida ayollar sonining kamligi ham ularning ijtimoiy-siyo­siy hayotda faol qatnashishlari uchun yetarli shart-sharoit yaratilmagani bilan izohlanadi. Dunyo davlatlari orasida faqat 20 mamlakatdagina Parlamentdagi o‘rinlarning 30 foizi ayollar tomonidan band etilgan (bu nisbatan yaxshi ko‘rsatkich), shu yilning yanvar oyidagi ma’lumotga ko‘ra, 150 mamlakatning saylangan davlat rahbarlari orasida faqat yetti kishigina ayollardir. BMTga a’zo 192 davlatdagi hukumat rahbarlarining ham faqat sakkiz nafarinigina ayollar tashkil etadi.

MRM qabul qilingan sanadan shu kungacha bo‘lgan vaqt oralig‘ida ayollar haq-huquqlarini ta’minlash borasida jiddiy chora-tadbirlar, global loyihalar amalga oshirildi. Masalan, 2003 yili qabul qilingan Ruanda Konstitutsiyasida Parlamentda kamida 30 foiz o‘rin ayollar uchun berilishi belgilab qo‘yildi. Shu boisdan bugun Ruanda dunyoda ayollari qonun chiqaruvchi organda eng ko‘p (48 foizdan ziyod) joy egallagan 5 mamlakatning birinchisi bo‘lib turibdi (undan keyingi o‘rinda Shvetsiya (47 foiz), Kuba (43,2 foiz), Finlyandiya (41,5 foiz) va Argentina (40 foiz) turadi). 2006 yil Quvayt tarixida birinchi marotaba ayollar mamlakat Parlamenti saylovlarida ishtirok etdi. 1991 yildan hozirgacha har yili 25 noyabrdan 10 dekabrgacha dunyoning 100 dan ortiq mamlakatida “Jinsiy zo‘ravonlikka qarshi 16 kunlik harakat” ommaviy yig‘inlari o‘tkazilmoqda. Ular rejasidan ayollarga nisbatan zo‘ravonlik ishlatish holatlarini kamaytirish bo‘yicha o‘tkazilishi ko‘zlangan turli tadbirlar joy olgan.

«Qalbimizning qo‘ri sizlar…»

Xotin-qizlar yurtimiz aholisining yarmidan ko‘pini tashkil qiladi. O‘zbekiston ta’lim tizimining boshlang‘ich va o‘rta ta’lim bosqichlarida o‘g‘il va qiz bolalar o‘rtasidagi miqdoriy tafovutlar deyarli sezilmaydi. Oliy ta’limda qizlar nisbati 1995 yilda 25 foizni tashkil qilgan bo‘lsa, 2005 yilda bu ko‘rsatkich 45,3 foizga o‘sgan. Fan doktori unvoniga ega bo‘lish uchun tadqiqot olib borayotgan ayollar soni ham mamlakatimizda yil sayin oshib bormoqda. Ularning soni 1995 yilda 12 foizni tashkil etgan bo‘lsa, 2005 yilda 37,1 foizga yetgan.

Ta’limdagi jinsiy tenglik Konstitutsiya bilan kafolatlangan. 1997 yilda qabul qilingan “Ta’lim to‘g‘risida”gi qonunda ham kasb tanlash va barcha o‘quv yurtlarida ta’lim olish bo‘yicha erkaklar va ayollar teng huquqli ekani ta’kidlangan.

Mamlakatimizda ayollarning siyosiy faoliyatda ishtirok etishlari darajasi ham oshib bormoqda. Yangi joriy etilgan kvotalar tizimiga ko‘ra, siyosiy partiyalarning qonun chiqaruvchi va vakillik organlariga ko‘rsatuvchi nomzodlari umumiy sonining kamida 30 foizi ayollar bo‘lishi kerak. Hozirda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlarining 21 nafari (18 foiz) va Senat a’zolarining 15 nafari (15 foiz) ayollardir. O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikeri ayol kishidir. Sud organlarida esa ayollar vakillari 22,7 foizni tashkil qiladi.

Yurtimizda Xotin-qizlar qo‘mitasi raisi ayni paytda Bosh vazir o‘rinbosari hisoblanadi. Mamlakat bo‘ylab qarorlar qabul qilish jarayonida ayollar ishtirokini kuchaytirish maqsadida viloyat xotin-qizlar qo‘mitalari rahbarlari ham viloyat hokimlari o‘rinbosarlari vazifasini bajarib, ular mahalliy darajada xotin-qizlar manfaatlarini qo‘llab-quvvatlash hamda ularning salohiyatini ro‘yobga chiqarish uchun mas’uldirlar.

Hukumat qator qonunlar va milliy dasturlar, shu jumladan, O‘zbekistonda ayollarning ahvolini yaxshilash strategiyasi va ustuvor sohalarini belgilaydigan Milliy harakat platformasini (1998-2005) qabul qilgan. Prezidentning “O‘zbekiston Respublikasi Xotin-qizlar qo‘mitasining faoliyatini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni qabul qilingani, shu asosda ayollar uchun yangi ish joylarini yaratish hisobiga ularning iqtisodiy ahvolini yaxshilash hamda tadbirkorlik faoliyatlarini rag‘batlantirishga qaratilgan tegishli dasturning ishlab chiqilishi ham yurtimizda ayollarga bo‘lgan davlat darajasidagi yuksak hurmat-e’tibordan dalolatdir. Dasturda, shuningdek, ayollarning siyosiy va ijtimoiy faoliyatdagi ishtirokini kuchaytirish choralarini amalga oshirish ham nazarda tutilgan.

Xulosa

Hanuz dunyoning ayrim hududlarida ayollarga nisbatan adolatsiz munosabat, kamsitish, bir xil ish uchun erkaklarga nisbatan kam haq to‘lash, jinsiy zo‘ravonlik kabi holatlar davom etyapti. Qul qilib sotish kabi inson savdosi mojarolarining qurboni ham, asosan, ayollar…

Shunday ekan, Xotin-qizlarni himoya qilish borasida BMT rahbarligidagi global, hukumatlarning milliy hamda shaxslarning individual chora-tadbirlari davom etadi…

Behzod Mamadiyev
“Ma’rifat” gazetasidan olindi.