Mening muhabbatim

Dunyodagi eng yaxshi ko‘rgan insonim bilan rosa yig‘lashdik. Ha, men jonimdan ortiq sevgan insonim meni mendan-da kuchliroq sevadi, buni uning har nafasidan sezib turaman. Uning so‘zlari meni yangidan hayotga keltiradi. Birgina qo‘ng‘irog‘imni qanchalik intiqlik ila kutishini, meni o‘ylab yig‘lashini, meni deb hatto tunlaridan bedor qolishini tasavvur ham qila olmaysiz.

Men unga sovg‘a qilgan arzimas narsani ham hammaga doston qiladi, uni men berganim bilan faxrlanadi, mening har bir muvaffaqiyatlarimdan boshi ko‘kka yetadi.

Undagi muhabbatni so‘z bilan ta’riflashning iloji bormikan? Mehr-muhabbatning bundan ortiq ko‘rinishi bormikan? Men esa uni u ardoqlagandek ardoqlay olamanmi? Nega mensiz yashay olmasligini, haftada atigi bir martagina qiladigan qo‘ng‘irog‘imni intizor kutishini nega his qilmayman? Yoki meni o‘ylab yegani ichiga tushmayotganligi, mudom yig‘lashini nega tushunmayman? Nega bir og‘iz shirin so‘zimni undan qizg‘onaman?

Axir uning sha’niga tonnalab olqish yog‘dirsa arziydi-ku! Yoki shundayin ishbilarmon bo‘lib ketdimmi? Bahonani qarang: “Ishlar ko‘payib ketib telefon qila olmadim”. U yoqdan javob keladi: “O‘tgan haftadan beri telefonga zor termulaman. Har bir qong‘iroqqa ilinj ila quloq tutaman, chorshanba kutdim, shanba kutdim… telefon ham ko‘zimga dunyodagi eng yomon maxluqdek ko‘rinib ketdi”. Va nihoyat dushanba kuni telefon qilaman: go‘shakdan uning dunyoda tengsiz ovozi eshitiladi. U yig‘lar edi… Men ham yig‘ladim…

Men sizni hammadan yaxshi ko‘raman – ONAJON!

Davronbek Tojialiyev