Jazo

Baxillikdan ham yomonroq kasal bormi? (Hadis)

«Nodir qoraning qizi daraxtdan yiqilib o‘libdi», degan gap bir zumda butun mahallaga tarqaldi. Mash’um xabarni eshitgan borki, «Eh, yaxshi bo‘lmabdi, otasining kasofati qiziga uribdi-da», deya bosh chayqardi.
Mahalla ahli Nodir qorani to‘y-hashamlar, turli ma’rakalarga chaqirmay qo‘yganiga ancha bo‘lgan, ammo ta’ziya kuni Nodirning hovlisiga odam sig‘may ketdi. O‘zbekchilik-da… Nodir aslida oq-sariqdan kelgan o‘rta yoshli kishi. Hali u qo‘shnisiga, hali bu qo‘shnisiga hasad qilib, bo‘lar-bo‘lmas janjallar chiqaravergach, unga «qora» degan laqabni berishgan. Nodir ham bu laqabga «munosib» bo‘lishga astoydil harakat qiladi. Mahallada hech kim dang‘illatib hovli qurolmaydi, chunki «kimdir» uning ustidan tegishli joylarga yozib, o‘g‘riligu soliq to‘lamaslikda ayblashi, buning oqibatida mashmashalar ko‘payishi tayin. Qo‘shni bog‘dagi gullar chiroyli gullab, daraxtlar shig‘il hosil qilmaganlari ma’qul, aks holda obi hayotdan quruq qolishadi. Xullas, ana shunga o‘xshash gaplar. Nodirga nasihat qilmagan odam qolmadi, ota-onasi gapiraverib oxiri charchashdi shekilli, mahalla-ko‘ydan nomus qilib to‘ng‘ich o‘g‘illarining hovlisiga ko‘chib ketishdi.
Oxirgi ikki yil Nodirga juda omadli keldi. Qo‘shni mahalla boshida qurilish mollari bozori ochilgach, u ham o‘sha yerda savdoni yo‘lga qo‘yib oldi. «Kamaz»-«Kamaz» sotilgan mollarning hisobiga uy-joyini zamonaviy uslubda ta’mirlatdi, yap-yangi «Neksiya» sotib oldi, qulog‘idan esa uyali telefoni uzilmaydi.
«Yaqinda mana shu bozorda yakka o‘zim savdo qiladigan bo‘laman, – xayol qilardi Nodir qora. – Buning uchun Hasanni Husani bilan bu yerdan daf qilsam bo‘lgani, yana-da boyib ketaman o‘shanda…» Bo‘yoqlar savdosi bilan shug‘ullanadigan Hasan-Husanning yagona «aybi» shuki, ularning Nodirga nisbatan mijozlari ko‘proq, demakki, savdo tushumi ham shunga yarasha. «Bunga yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi. Men turganda nega endi ular ko‘proq savdo qilishi kerak. Hali senlar shoshmay turlaring, shunday boplayki, qolganlarga o‘xshab mayda sotuvchilarga aylantirib qo‘yaman, o‘zlaring yonimga yalinib kelasanlar…»
Aka-ukalar esa Nodir qoraning qabih rejalaridan mutlaqo bexabar edilar. O‘sha kuni bir xaridor bo‘yoq olish niyatida avval Nodirga uchrashdi. Aytilgan narx ma’qul kelmadi chog‘i, indamay nari ketdi va to‘g‘ri Hasan-Husanning rastasida to‘xtadi. Bir pasda ancha-muncha mahsulotni mashinasiga yuklab, bozordan chiqib ketdi. Bunaqa imkoniyat boshqa qaytib kelmasligi mumkin, degan xayolda Nodir shart o‘rnidan turdi-da, aka-ukaga baqira boshladi.
– Hov, tirranchalar, senlarning dastingdan bu bozorda savdo qilib bo‘ladimi yo yo‘qmi? Bu nima qilganlaring-a?
Nodirning vahimali vajohatiyu po‘pisalaridan yigitlarning og‘izlari ochilib qoldi.
– Nima qilibmiz, Nodir aka? Nima demoqchisiz o‘zi? – dedi Hasan.
– Buni qaranglar-a, – ajviga mindi Nodir, – qilar ishni qilib, yana menga bo‘yin cho‘zadi-ya, bu jo‘jaxo‘roz! Qachongacha mening mijozlarimni aynitib, o‘zlaringga og‘dirib olaverasanlar, a?
– Tuhmat qilmang, aka, tuhmat yomon narsa, – janjalga endi Husan ham aralashdi. – Biz hech qachon bunaqa ish qilmaganmiz.
– Ho-o, qilgan ishlaringdan tonyapsanlarmi? Mana, hozirgina mening mijozimni yoningga chaqirib olding-ku!
– Qanaqasiga? Axir uning o‘zi keldi-ku.
– Mana shunaqasiga! – Nodirning zalvorli mushti Hasanning yuziga tushdi. Quruq tuhmatga qolgan aka-uka miqtidan kelganligi uchun davangirday Nodirga bas kelolmasdi. Atrofda tomosha talabida turgan odamlar endi harakatga kelib, Nodir qorani arang to‘xtatib qolishdi. Nodir «Hap, senlarnimi!..» deb so‘kinganicha shotirlariga rastani yig‘ishtirishni buyurdi. O‘zi esa to‘ppa-to‘g‘ri kasalxonaga borib, yotib oldi. Bu Nodir o‘ylab yurgan rejaning amalga osha boshlaganidan darak edi. U sudda ishlaydigan qaynog‘asi yordami bilan egizaklarga qarshi jinoiy ish qo‘zg‘atdi. Tavba, kaltak yeb hamma yog‘i momataloq Hasan-Husan ediyu, «og‘ir tan jarohati» Nodirga yetibdi. «Egizaklar meni ko‘rolmaydi, jonimga qasd qilmoqchi bo‘lishdi», degan tuhmatni o‘ylab topdi u. Bu gapni yolg‘on guvohlar ham tasdiqlashdi. Tergovchilar Hasan-Husanni chaqirib so‘roqqa tutaverib, tinka-madorlarini quritib yuborishdi. Oxiri ular qilmagan ayblarini tan olib, shartli jazo bilan ozodlikda qolishdi. Bu ishlardan esa Nodir o‘zida yo‘q xursand edi. «Bir million so‘m bersalaring, senlarni umuman tinch qo‘yaman», deb Hasan-Husanning pullarini shildi. Ammo bu dunyoda yomonlik hech qachon jazosiz qolmasligi haqida esa fikr yuritib ko‘rmasdi. Balki yakkayu yagona qizi, endigina o‘n besh bahorni qarshilagan Azizaning vafoti Nodirga saboq bo‘lar?..


Abror Adhamzoda