Insof sari baraka

Rivoyat qilinishicha, Xudoyi taologa yoqmaydigan joylardan biri bozor ekan. Sababi, bozor – odamlar bir-birlarini aldaydigan joy, firibgarlar, o‘g‘irliklar makoni. Ammo bozorsiz ham kunimiz o‘tmaydi-da. Ehtiyojga yarasha narsalarni olish uchun bozorga boramiz, bor-yo‘g‘ini sotishni istaydiganlar ham o‘sha yerda…
Ayni gilos pishgan mahal. Qo‘qon bozorida gilos olmoqchi bo‘ldim. Sotuvchi ayolning tili ham, qo‘li ham chaqqon ekan, qo‘l tarozisida darrov ikki kilo tortib berdi. Pulni tutqizib, yo‘limga ketar ekanman, qo‘limdagi paket juda yengil tuyulib ketdi. Ikki kilo chiqmasov. Olma sotib o‘tirgan onaxonda pallali tarozi bor ekan, gilosni tortib berishini iltimos qildim.
– Bir kiloyu to‘rt yuz! – dedi onaxon. – Nima, bir yarim kilo olganmidingiz, bolam?
– Qayoqda, xola, ikki kilo chiqishi kerak edi, – javob qaytardim xunobim oshib. Koshki bu zormonda arzon bo‘lsa.
O‘sha zahotiyoq gilos sotuvchining oldiga qaytib bordim.
– Ushlang gilosingizni! – paketni uning qo‘liga tutqazdim. – Pulimni qaytarib bering!
– Nimaga, nima bo‘ldi?
– O‘zingizni bilmaganga solmang, ikki kilo deb bergan gilosingiz hatto bir yarim kilo ham chiqmadi. Odam degan ham shunchalik noinsof bo‘ladimi? Tarozidan urib qolishga uyalmaysizmi?
– Unaqa demang, uka, tarozi haqi nimaligini biz ham bilamiz. Qo‘l tarozim yaxshi ishlamay qolgan bo‘lsa kerak, keling, anavi pallali tarozida tortib, yetmaganini qo‘shib beraman.
– Yo‘q, menga pulimni qaytarib bering, sizdan hech narsa olmayman.
Qarasam, ayolning pul bergisi yo‘q. U dedim-bu dedim, oxiri do‘q qilib baribir pulimni qaytarib oldim. Tarozi haqi nimalagini biladigan odam shunday yo‘l tutsa, bilmaydiganidan nimani kutish mumkin?..
Qo‘lida osma tarozi, tog‘ora-tog‘ora mahsuloti bilan nafaqat bozorlar, balki ko‘cha-ko‘y, bekatlar atroflarida savdo qiladigan ayollarni poytaxtda ham ko‘p uchratganman. Ularning orasida tarozidan urish evaziga ko‘proq pul topmoqchi bo‘lganlari talaygina. Qilmishini yuziga solsangiz, pinak buzishmaydi. «Nima qilaylik, qishni qish, yozni yoz demak, ertadan kechgacha savdo qilamiz. Tirikchiligimiz shu, tirikchilikning esa aybi yo‘q», deb o‘zlarini oqlagan bo‘lishadi. To‘g‘risi, men ularga achinaman. Tirikchilik emas, halol tirikchilik ayb emasligini tushuna olishmaganiga achinaman. O‘zgalar haqini yulib qolish evaziga rohat-farog‘at topgan insonni shaxsan men hali uchratganim yo‘q, bundan keyin ham uchratishimga ishonmayman.
Avvalo, haromdan boylik to‘plamoqchi bo‘lgan odamning uyida baraka bo‘lmaydi. Qolaversa, farzandlarini harom luqma bilan boqqan ota-ona kelajakda o‘zi uchun falokatlar borligini bilib qo‘ysin. Bir tanishim bo‘lardi. Mehribonlik uyida uzoq yillar ishladi, ana shu vaqt davomida yetimlarning haqqini qiyish evaziga hovli-joyini tiklab oldi, o‘g‘il uylab, qiz chiqardi. Tashqaridan qaraganda, oilasi risoladagidek, o‘ziga to‘q va tinch xonadonga o‘xshardi, aslida esa u yerda halovatdan asar ham qolmagan edi. Ayniqsa o‘g‘li juda takasaltang chiqdi. Yigirma ikki yoshgacha ikki marta uylandi. Hech qaerda ishlamasligini qo‘ya turing, bu yoqda xotini og‘iroyog‘u, u esa o‘zidan bir necha yosh katta yengiltak rus ayoliga ilakishib olgan. Faqat o‘shani dermish. Xullas, uyda har kuni janjal, yig‘i-sig‘i. Bir kuni o‘sha tanishimning hasratni eshitib qoldim: «Balki bolalarimni harom bilan katta qilganim uchun shunchalik jabr ko‘rayotgandirman…» Nihoyat qilgan xatosini tan olganidan suyundim, afsuski endi kech. Ana endi tirikchilikni ro‘kach qilib, tarozidan urib qoluvchi sotuvchilar ham o‘zgalar haqini bolalariga yedirayotgani haqida o‘ylab ko‘rishsin.
Payg‘ambarimiz Muhammad alayhissalom sotilayotgan molni to‘g‘ri o‘lchab berish lozimligi, shunda baraka bo‘lishi haqida aytganlar. Aksini qilgan odam esa gunohkorga aylanishi shubhasizdir.
To‘g‘ri, bozordagi hamma sotuvchilarimiz ham xaridorlar haqiga xiyonat qiluvchi emas. Halol, insofli sotuvchilarimiz, savdogarlarimiz ko‘pchilikni tashkil etadi. Savdo-sotiq bilan ota-bobolarimiz qadim-qadimdan shug‘ullanib kelishgan, o‘sha paytlari ham bozorlarimiz obod bo‘lgan, tosh-tarozining to‘g‘riligini tekshirib turadigan mas’ul shaxslar ishlagan. Shuning uchun bozorlarimizdan baraka ko‘tarilmagan.

Abror Adhamzoda