Barno Sultonova. Uyingizdagi kutubxona eng katta boylikdir

“Yoshlar kitob o‘qimaydi” degan gap bugungi kunda hech kim uchun yangilik emas. “O‘qib shahar olib berarmiding”, deb fikrlaydiganlar ham bor oramizda. Soatlab vaqtini kutubxonada o‘tkazgan, chet el adiblarining asarlaridan tortib, o‘zimizning yuzlab kitoblarimizni o‘qib chiqqan kitobsevar katalakdek uyda yashasa-yu, umrida bir bet kitob o‘qimagan qo‘shnisi dang‘illama uylar qursa, yillab kitob titkilagan olim poyi-piyoda ishga borib kelsa-yu, maktabni zo‘rg‘a tugatgan sinfdoshi so‘nggi rusumdagi mashinada ko‘cha changitib o‘tib ketsa… kitob shahar olib berolmasligini isbotlagandek go‘yo… Mana shunday paytda ko‘pchilik kitob o‘qimasak ham kunimiz o‘tayapti-ku, deyishadi. Aslida-chi? Hayot mezonini nima belgilaydi? Ma’naviy boylikmi yoki moddiy boylikmi? Bu dunyoda ko‘p kitob o‘qigan odam ham yashab o‘tishi… va umrida bitta kitob o‘qimagan odam ham yashab o‘tishi mumkin. Demoqchimanki, kitobsiz ham hayot davom etaveradi, lekin kitob o‘qimagan odam hech narsa bilan izohlanmaydigan quvonch — dunyoni qalb ko‘zi bilan ko‘rishdan mahrum bo‘lib qoladi.

Xo‘sh, qalbimizni qanday tarbiyalayapmiz, tafakkurimizni nima bilan boyitayapmiz. Nima bilan to‘ldirsa bo‘ladi — ko‘nglimizni? Javobi yana o‘sha kitob… kitobga murojaat qilish.

Mashhur pedagog V.Suxomlinskiyning bir gapi bor: “Kitob — bu qudratli qurol. U bo‘lmaganida men soqov va duduq bo‘lib qolar edim… Kitob mutolaasi bilan o‘tgan hayot — ixlos bilan puxta dars tayyorlash degani emas. Bola maktabni a’lo baholar bilan tamomlashi mumkin-u, lekin intellektual hayot nimaligini, yuksak insoniy quvonch — o‘qish va fikr yuritish quvonchi nimaligini mutlaqo bilmasligi ham mumkin. Kitob mutolaasi bilan o‘tgan hayot — fikrlar go‘zalligi bilan oshno bo‘lish, madaniy boylikdan huzur qilish, o‘z-o‘zini yuqori ko‘tarishdir”.

Bolalar kitobdan uzoqlashib ketyapti, deb jar solyapmiz. Bu hatto texnikaga mukkasidan ketgan, eng taraqqiy etgan g‘arb mamlakatlarini ham tashvishga solmoqda. Texnika mo‘jizalarining domiga tushib qolish yosh avlodning qalbini mayib-majruh qilib qo‘ymayaptimi? Albatta, texnika asrida farzandlarimiz telefon, kompyuterdan foydalana olishi, ularni mukammal o‘rganishiga qarshi emasmiz. Muhimi, bolaga undan qanday to‘g‘ri foydalana olishni tushuntirishdadir. Aslida kompyuter bilan kitobni tenglashtirib yoki taqqoslab ham bo‘lmaydi. Axir har birining o‘z o‘rni bor. Soatlab telefonda gaplashasiz, sutkalab televizorning oldidan jilmaysiz, haftalab kompyuterda o‘yin o‘ynaysiz, lekin barcha-barchasi o‘sha kuniyoq yodingizdan chiqib ketadi. Bir oyda atigi bittagina kitob o‘qidingiz yoki ho‘-o‘ necha yillar oldin qiziq bir asarni mutolaa qilgansiz… ammo undan olgan taassurotlaringizni unutolganingiz yo‘q. Haliyam kitob qahramonlarini eslaysiz. Birovning yaxshi yoki salbiy xislatlarini qaysidir asaringizda o‘qigan qahramonnikiga o‘xshatasiz.

E.Xeminguey kitob haqida bunday yozadi: “Barcha yaxshi kitoblar bir jihati bilan o‘xshash bo‘ladi. O‘qib tugatayotganingiz sari ro‘y berayotgan voqealar: yaxshilik yoki yomonlikmi, hayajon, g‘amginlik va afsus nadomatlarmi, odamlar va joylarmi, hatto ob-havo qandayligigacha, shularning bari sizda yuz bergandek tuyulaveradi va bular bir umrga ko‘nglingizga o‘rnashib qoladi”.

Kitobning ana shunday sehrli kuchi haqida boshqa buyuk daholar ham xo‘p va ko‘p yozishgan. Biroq negadir bolalarimiz kitobdan ancha uzoqlashib ketgandek, nazarimda. Ota-onalarga “bolangizga nega kitob olib bermay qo‘ydingiz?”, deb savol bersangiz: “kitoblar judayam qimmat” yoki “yaxshi asarlar yo‘q”, degan javobni eshitasiz. Aslida-chi? Bu bir bahona xolos. Chunki kitobdan o‘n marta qimmat turadigan telefonning qimmatligiga ham, yaxshi-yomonligiga ham qaramaymiz. Bolaning kitob o‘qimasligi uyat emas, ammo telefoni bo‘lmasligi uyat sanaladi. Biror darsligini vaqtida topib berolmasak bola o‘ksimaydi, lekin telefon olib bermasak u o‘ksib qoladi. Xo‘sh, biz qayerda yutayapmizu, qayerda yutqazayapmiz? Bolalarimizga kitob o‘rniga qimmatbaho telefon olib berish bilan biz zamonaviy oila ekanligimizni isbotlaymizmi?

Xonalari ko‘p, kutubxonasi yo‘q uylar bugungi kun uchun yangilik emas. Hozir yaxshi mehnat qilgan odam katta-katta imoratlar solyapti. Bu yaxshi-da. Yaqinda ana shunday dang‘illama imorat solgan qarindoshimizning uy to‘yiga bordik.

O‘h-ho‘ uyning loyihasini, jihozlarini ko‘rib og‘zingiz ochiladi. Tanishim hamma xonalarga bir-bir boshladi. “Mana bu mehmonxona, bu oshxona, yotoqxona, bolalar xonasi, yana mehmonxona…” Adashib ketdim. Ba’zi xonalarda ikkitadan kompyuter, bahaybat televizorni ko‘rib aqlingiz shoshadi… Ammo negadir bu uyni ko‘rib zavqlanolmadim, zavq ololmadim… Chunki… chunki uyda birortayam kitob ko‘rmadim, biror xonasini kutubxona qilib qo‘ymaganiga zil ketdim.

Bir oilani bilaman. Katalakday uyda yashaydi… lekin kutubxonasi bor, yana hech qayerda topilmaydigan nodir kitoblariyam bor. Oila boshliqlari ota-ona oddiy ishchi bo‘lishgan.

— Onam bechora bu kitoblarni yonimizdagi qog‘oz chiqindilarini qabul qilib oladigan shoxobchadan sotib olib yiqqan, deydi suhbatlarning birida kitobsevar tanishim. — Bizlar o‘qiyolmadik, mana shu kitoblarni o‘qib, o‘rganib, olim bo‘linglar derdi onajonim…

Rostdan ham oiladagi to‘rt nafar farzand ham o‘qimishli, olimga tenglashgulik. Biri faylasuf, biri tarixchi, biri jurnalist, yana biri filolog. Oila jamuljam bo‘lganida ular bilan suhbatlashsangiz eh-he bahslashib, hangoma qilib to‘ymaysiz. Hayotning ikir-chikiri, mayda-chuyda tashvishlaridan uzoqlashasiz.

— Bola kitobga mehr qo‘yishi uchun “o‘qi” degan gapning o‘zi kamlik qiladi, nazarimda, — deydi ushbu oilaning tarixchisi — buning uchun, avvalambor, kichkina kutubxonangiz bo‘lishi kerak. Bolaga yoshligidan ertak aytib berish kerak, toki bola xat tanigach ertak “xumori” tutib o‘zi kitob titkilay boshlasin. Keyin yana u bilan birga kitob o‘qish, muhokama qilish, qanday o‘qish kerakligini maslahat berish kerak. Zero, kitob dunyosiga endigina qadam qo‘yayotgan kitobxon qo‘liga saviyasi past, zerikarli kitob tushib qolsa unga mehri uyg‘onmasdanoq so‘nib qolmasin…

Ha, odamlarni yaxshilikka, ezgulikka undovchi yaxshi kitoblar chegara bilmaydi, dedik.

Barkamol avlodni voyaga yetkazmoq, qalbni tarbiyalamoq uchun ularni kitob bilan oshno qilishimiz, kitobni mayoq kabi qo‘llariga tutqazmog‘imiz kerak. Qalb tarbiyasini esa biz kattalar o‘zimizdan, shu bugundan boshlashimiz shart. Uyga, farzandlarimiz oldiga kitob bilan kirib borishimiz esa ularni kitob olamiga qaytarishi shak-shubhasiz.

Barno Sultonova,

jurnalist

“O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasining 2010 yil 6-sonidan olindi.