Barno Sultonova. Qo‘l telefoni yaxshimi yoki kitob?..

Insonning eng yaqin va beminnat do‘sti kitobdir. Kitobxonlik, ayni paytda nashr qilinayotgan badiiy asarlar saviyasi, unga bo‘lgan talab haqida maqola yozayotib, garchi men uchun tanish mavzu bo‘lsa-da baribir ikkilandim. Axir kitob, uning inson hayotidagi o‘rni haqida yozib yoki gapirib ado qilish mumkinmi?

Talabaligimda eng yaxshi ko‘rgan joyim Chorsuda joylashgan “Turon” kutubxonasi bo‘lardi. O‘zimizning mashhur yozuvchilardan tortib, chet el adiblari asarlarini ilk marta o‘sha kutubxonalardan topib o‘qiganman. Va Kumushbibi, Ra’no, Zebi, Saida, Jenni Gerxardt, Kerri, ­Natasha, Nelli, Knyaz Mishkin kabi qahramonlarning xarakteri, ichki dunyosi hayotni teranroq anglashimga turtki bo‘lgan.

Biz aslida nima uchun kitob o‘qiymiz? Sababi oddiy, chunki kitobda dunyoda hech narsa bilan taqqoslab va hech qayerdan topib bo‘lmaydigan halovat bor. Yana u dunyoni qalb ko‘zi bilan ko‘rishingizga yordam beradi.

Kitob do‘konlarini aylanish sevimli mashg‘ulotim. Yaqinda poytaxtimizning markaziy ko‘chalaridan birida joylashgan “Sharq ziyokori” do‘koniga bordim. Tartib bilan nomlangan har bir bo‘limdan istagan kitobingizni topishingiz mumkin. U yerda, ayniqsa, yosh kitobxonlarni ko‘rib, ochig‘i, xursand bo‘ldim.

— Yaxshi asar har doim o‘z o‘quvchisini topadi. Hech qachon peshtaxtalarda turib qolmaydi. Masalan, Rasul Hamzatovning “Mening Dog‘istonim”, Muhammad Yusufning “Ulug‘imsan Vatanim”, Isajon Sultonning “Boqiy darbadar”, kitoblarini qidirib topolmayapmiz, — deydi Jahon tillari universiteti talabasi Rizvonoy Nizomova. — O‘qigan kitoblarimizni tahlil qilamiz, bahs-munozara yuritamiz. To‘g‘ri, ba’zi asarlardan ko‘nglingiz to‘lmaydi. Masalan, men chet el yozuvchilarining avval tarjima qilingan asarlari bilan bugungisida katta farq sezdim. Ayrim tarjimonlarda mahorat yetishmasligi sezilib qolayapti.

Kitobga qiziqish uyg‘otishning muhim omillari nimada, degan savolingizga kelsak, avvalo, oila muhiti, qolaversa, maktabda adabiyot muallimi o‘z vazifasini teran ang­lashi, deb javob bergan bo‘lardim.

Darhaqiqat, mashhur kishilarning ko‘plari ularni adabiyot muallimi kitobga qiziqtirgani va ko‘p kitob o‘qish orqali ijodkor bo‘lib yetishganini alohida ta’kidlashadi.

— Maktabda faqatgina adabiyot muallimining emas, balki kutubxona mudirasi bilan o‘qituvchining hamkorligi yo‘lga qo‘yilgan bo‘lsa, aminmanki, o‘sha dargoh o‘quvchilarining didi, kitobxonlik saviyasi yuksak bo‘lishi shubhasiz, — deydi Buxoro viloyati, Shofirkon tumani 24-maktab boshlang‘ich ta’lim o‘qituvchisi Gulsara Nurmurodova. — Agar bolaga dastlabki kitobni tanlashga yordam bersangiz, keyinchalik o‘zi qanday asarlarni o‘qish yoki o‘qimaslikni farqlay oladi. Kitobga qiziqishim tufayli o‘qituvchilik kasbini tanladim. Hozir farzandlarim uchun mening eng yaxshi sovg‘am kitob. Mo‘jazgina kutubxonaga egamiz. Yaqinlarimiz, qo‘shnilar kutubxonamizdan bemalol foydalanishadi. Bir-birimizga kitob sovg‘a qilish ham yaxshi an’anaga aylangan.

Yaqinda bir onaxonning bozorda eski kitoblarni sotayotganiga guvoh bo‘ldim. Qo‘lidagi kitoblarga qarasam naq xazinaning o‘zi. Kutubxonani boyitadigan eng sara asarlar ekan. Qo‘limga olib varaqlarkanman, ularda ko‘rsatilgan sanalar kitoblar uzoq yillar oldin sovg‘a qilinganidan dalolat berib turardi. Endilikda yaqinlarimizga kitob hadya qilishni unutib qo‘ymadikmi? Yoki kitob sovg‘a o‘rnini bosmaydimi? Ushbu savol bilan ko‘pchilikka murojaat qildim. Qizalog‘ini yetaklab yurgan ona farzandlariga mobil telefon, planshet, kiyim, sumka sovg‘a qilganini aytdi. Bozordan qo‘ni-qo‘ynini to‘ldirib chiqayotgan otaga: “O‘g‘il-qizlaringizga kitob ham sovg‘a qilib turasizmi?”, deya bergan savolimga esa: “Kitob sovg‘a qilganim bilan o‘qirmidi, hozir internet degan balo chiqqan”, degan javobni oldim.

— Men internet tufayli kitob o‘qishga e’tibor kamaydi, — degan gapga qo‘shilmayman, — deydi, Toshkent Arxitektura va qurilish instituti qoshidagi 1-akademik litsey o‘quvchisi Alijon Hotamov. — Chunki kitob o‘qimaydiganlar hamisha bo‘lgan. Faqat ular endilikda ­kompyuterga ruju qo‘yishgan. Ammo soatlab telefonda gaplashish, sutkalab televizor oldidan jilmaslik, haftalab kompyuter o‘yinlari bilan mashg‘ul bo‘lish intellektual salohiyatimizni yemirishini bugun vaqtning o‘zi ko‘rsatayapti. Internet orqali ham turfa badiiy adabiyotlar, mutafakkir allomalarimiz asarlaridan foydalanish, hatto hech qaysi kutubxonadan yoki do‘kondan topolmagan sara asarlarni olib o‘qish mumkin.

Yana bir suhbatdoshim, Toshkentning Sergeli tumanida yashaydigan Nordona Qo‘ldosheva bolani kitobga jalb qilishdagi qiziqarli usulini men bilan o‘rtoqlashdi.

— Uyimizda mo‘jazgina kutubxonamiz bor. Farzandlarim, ayniqsa, Xudoyberdi To‘xtaboyevning “Sariq devni minib” asarini, “Bolalar entsiklopediyasi”ni qo‘ldan qo‘ymay o‘qishadi. Men ularga qiziq hikoyalar, she’rlar o‘qish jarayonida qahramonlarga o‘zlarining ismini qo‘yaman. Tabiiyki, farzandlarim kitobdan ismini izlaydi. Va o‘z-o‘zidan unda o‘sha she’r, hikoya, ertakka nisbatan qiziqish uyg‘onadi.

Bugun talab va ehtiyojdan kelib chiqib nashriyotlar zarur kitoblarni qayta-qayta nashr qilishmoqda. Biroq ba’zan ayrim kishilardan kitoblarning narxi qimmat, degan gaplarni eshitib qolamiz. Holbuki, bir kunda gaplashadigan qo‘l telefonimiz haqi yoki oyda bir necha bor qatnashadigan gap-gashtaklarimiz puliga yaxshigina qanchadan-qancha kitob xarid qilsa bo‘ladi. Faqat biz telefonda bekorchi suhbatlarga ketadigan vaqtimiz va mablag‘imizni kitob uchun sarflashni, farzandlarimizga oyda bir bo‘lsa-da kitob xarid qilishni asosiy vazifa deb tushunsak bas…

Men shu kuni G‘afur G‘ulom nomidagi madaniyat va istirohat bog‘ida ilgari o‘tkazilgan kitob bayramida tanishgan Uchtepa tumanidagi 229-maktab kutubxona mudirasi Sayyora Siddiqova va 9-sinf o‘quvchisi Mohinur Abdurahmonovani do‘konlarning birida uchratib qoldim. Qo‘lida kitob bir-biri bilan qizg‘in bahslashayotgan ustoz-shogirdni biroz kuzatib ularga yaqinlashdim. Ular mart-aprel oylarida o‘tkazilayotgan “Kitobim — oftobim” haftaligi g‘oliblariga sovg‘a tanlashayotgan ekan. Sayyora opa o‘quvchisi Mohinurning “Eng yaxshi kitobxon” tanlovida shahar bosqichi g‘olibi bo‘lganini xursand bo‘lib aytib bergani esimga tushdi.

— “Eng yaxshi kitobxon maktab” tanlovining respublika bosqichida uchinchi o‘rinni oldik, — dedi Sayyora opa. — Ayniqsa, o‘quv yili tugayotganda kitoblar marafonini o‘tkazishimizning o‘zi bir bayramga aylanib ketadi. O‘quvchilarimiz kutubxonamizni boyitishga hissa qo‘shishadi. Eng ko‘p va qiziq kitoblarni sovg‘a qilgan o‘quvchilarimizni rag‘batlantirdik…

Kitob ma’naviy boylik. Yaqinda dang‘illagan hovliga ko‘chib chiqqan tanishimizni qutlagani borib uyning loyihasini, jihozlarini ko‘rib og‘zimiz ochilib qoldi. Mehmonxona, yotoqxona, bolalar xonasi, oshxona, yana mehmonxona… ba’zi xonalarda ikkitadan kompyuter, har bir xonada bahaybat televizor, katta-katta, bossangiz oyoq botadigan cho‘g‘dek gilamlar, bu hashamatni ko‘rib aqlingiz shoshishi tabiiy. Ammo hech bir xonasida kitob ko‘rmaganim uchunmi, menga uyning hashamlari biroz g‘aribroq va sun’iyroqday tuyuldi. Axir ota-ona kitobga qiziqmasa farzandlari mutolaa zavqi nimaligini his qila olarmidi?

Kundalik hayotimizdagi yangiliklar, avvalo, farzandlarimiz hayotida aks etadi. Bugungi yoshlarimizga har qancha havas qilsak arziydi. Ular bugun kompyuter bilimlarini puxta egallashmoqda, turli tillarni o‘rganishmoqda, fan va sport musobaqalari, olimpiadalarida qatnashib jahon shohsupalarida yurtimiz sha’nini ko‘tarmoqda. Biz ularning erishayotgan yutuqlaridan xursand bo‘lamiz. Shu g‘alabalarga yo‘l ochib, ­mustahkamlab, hayot yo‘lini yoritib turadigan mangu so‘nmas bir mash’ala borki, bu kitobdir. Inson tafakkurining chinakam mo‘jizalaridan biri bo‘lmish kitob yoshlarimizda sog‘lom dunyoqarashni shakl­lantiradi. Doimo mutolaa qilgan kishining e’tiqodi mustahkamlanib, ong va tafakkuri charxlanadi. Farzandlar qalbida Vatanga muhabbat, yurtga sadoqat, odamlarga mehr-oqibat, ajdodlarimizga hurmat tuyg‘ularini kamol toptiradigan yaxshi asarlar bizning eng katta boyligimizdir. Shu boisdan kitob javonlarimiz hamisha shunday kitoblarga to‘lib-toshib turishida hikmat ko‘p. Zero, buyuk adib Ernest Xeminguey aytganidek, “Barcha yaxshi kitoblar bir jihati bilan o‘xshash bo‘ladi. O‘qib tugatayotgangiz sari ro‘y berayotgan voqealar: yaxshilik yoki yomonlikmi, hayajon, g‘amginlik va afsus-nadomatlarmi, odamlar va joylarmi, hatto ob-havo qandayligigacha, shularning bari sizda ro‘y bergandek tuyulaveradi va bular bir umrga ko‘nglingizga o‘rnashib qoladi”.

«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasi, 2014 yil 15-son


Ziyo istagan qalblar Telegram kanaliga marhamat!