G‘arbchami? G‘aribchami?

… Suhbatlarimizning birida u: “Bolamni g‘arbcha tarbiyalayapman!”, deb qoldi maqtangannamo. O‘shanda xayolimga nima keldi, aytaymi?! Pingvinlar haqidagi eski multfilm yodimga tushib ketdi: kichkintoy Lolo uzoq qarindoshlari bo‘lmish – qushlarga o‘xshab uchishga jon-jahdi bilan tirishadi, ammo u baribir ucholmaydi. Hech qachon ucholmaydi. Qushlar esa pingvinlardek chuqur suzolmaydi. Hech qachon. Afsuski, Lolo mana shunday ustunligi borligidan bexabar – hikmat topmaydi…
…Bugun juda ko‘pchilik demokratiya deganda G‘arbni, G‘arb deganda demokratiyani tasavvur qiladi. G‘arbliklar qanday qilib G‘arbdan qochishni bilmay yurishganda, bir to‘da “xomo-sapines”lar o‘zligidan kechib, ular sari talpinayotganini “demokratiya” deya izohlash naqadar kulgili bo‘lsa, ular tsingari “demokratiya”ni “originallik” deb qabul qilish ham shu qadar qayg‘ulidir. Binobarin, demokratiya aslida butunlay boshqacha.

Evropa va AQShda yuz berayotgan fan-texnika inqilobi hamon dunyoning boshqa istalgan nuqtalarini larzaga solmoqda, hayratlantirmoqda. Ehtimol ana shunday jozibaga aldanib, demokratiyaning tub shaklu shamoyiliga unchalik ham e’tibor bermayotgandirmiz. G‘arbning urf-odati, an’anasiga mahliyo bo‘lib, o‘zligidan, ma’naviyatidan judo bo‘layotgan jamiyatlar bashariyatni zimdan juda katta fojea sari yetaklayapti. Eng katta muammo shundaki, ayrim Sharq xalqlari takrorlanib turuvchi tarix otlig‘ donish mo‘ysafidni unutishmoqda. To‘g‘rirog‘i, bugungi Yevropa endi-endi bosib o‘tayotgan yo‘lni Sharq besh yuz yil oldin ortda qoldirganini, buning natijasi o‘laroq, tanazzulga uchrab, tashabbusni butkul G‘arbga topshirib qo‘yganini tan olgisi kelmayapti.  

Tiriklikning bitta o‘zgarmas ehtiyoji bor. Bu – istaklarning chek-chegara bilmasligi. Yaxshi yashash uchun kurashish, boylik ilinjida kerak bo‘lganida hech narsadan tap tortmaslik inson tabiatiga singib ketgan. Bu, afsuski, hamma zamonga xos, jumladan, biz nafas olayotgan XXI asrga ham.

* * *

ENG TO‘KIN-SOChIN, farovon turmush tarziga ega davlatlar qayerda? G‘arbda! Eng yaxshi fan-texnika mahsulotlari qayerda? G‘arbda! Eng yaxshi o‘quv yurtlari qayerda? G‘arbda! Eng ilg‘or mutaxassislar qayerda jamlanyapti? G‘arbda! Eng boy magnatlar, mablag‘ egalari qayerda? G‘arbda! G‘arbda! G‘arbda!

Xo‘sh, shunday ekan, u holda nima uchun G‘arbning har qadamda, har nafasda ma’naviy jihatdan tobora tubanlik bot-
qog‘iga botib ketayotganiga guvoh bo‘lyapmiz? Angliyada yaqinda shunday bir axloqsizlik yuzasidan sud bo‘lib o‘tdiki, bu holat nafaqat islom olamida, balki nasroniylar jamiyatida ham qattiq qoralangan, qoralanadi.

Voqea shunday bo‘lgan: Londonda istiqomat qiluvchi bekorchi ota mo‘maygina daromad topish maqsadida, aniqrog‘i, hech qayerda ishlamay pul topish ilinjida insoniyat sha’ni uchun ulkan dog‘ bo‘lib tushuvchi jinoyatga qo‘l urdi. U o‘z pushtikamaridan bo‘lgan uch nafar qizining har biridan ikki nafardan farzand ko‘rgan. Buning sabablari surishtirilganda, juda jo‘n, lekin bugungi G‘arb “madaniyati”ga xos xulosaga kelingan. Biror ruhiy yoki jismoniy xastalik bilan og‘rigani aniqlanmagan ota va bir vaqtning o‘zida qizlariga “kuyov” bo‘lgan kimsa o‘sha ko‘pchilik zo‘r berib talpinayotgan G‘arbcha “muzqaymoq”ning asl retseptini oshkor qilib qo‘ydi.

Bilasizki, hozirgi davrga kelib, Yevropa va okean orti mamlakatida bir qator o‘ta jiddiy muammoli masalalar ildiz otib ketgan. Agar dunyoni o‘z iskanjasiga olgan moliyaviy inqiroz G‘arbda bundan ikki yil avval boshlangan bo‘lsa, demografik inqirozning o‘t olganiga chorak asrdan oshdi. Kelajak avlod, zurriyod, ishchi kuchi masalasida jiddiy o‘yga tolgan yirik-yirik mamlakatlar “bepushtlik balosi”dan qutulmoq yo‘lida katta mablag‘ evaziga bo‘lsa ham, demografik siyosat yuritishga majbur bo‘lmoqda.

Xususan, Angliyada oila qurishdan tortib, farzandni dunyoga keltirishgacha hukumat tomonidan yaxshigina pul mukofoti tayinlangan. Yuqorida qoralangan, sudlangan “ota” – insoniyat zararkunandasi o‘z xudbinligi, manfaati uchun aynan shu imtiyozni suiiste’mol qilgan bo‘lib chiqdi.

Bunday, odam tilga olish u yoqda tursin, xayol qilishdan ham hayo qiladigan holatlar G‘arb uchun allaqachon fojealar “ro‘yxati”dan o‘chirilgan. G‘arb uchun eng muhimi – bu nima qilib bo‘lsa ham, qanday yo‘l tutib bo‘lsa ham, pul topish, mablag‘ jamg‘arish! Buni puxta o‘rgangan psixologlar, mahalliy mutaxassislar g‘arbliklarning pessimizm va skeptitsizm (!) xastaligiga chalinganini ta’kidlashyapti. Kelajakka bo‘lgan umidsizlik, ertangi kunga, atrofidagilarga va asrlar osha yashab kelayotgan qadriyatlarga ishonmaslik, har bir narsaga shubha bilan qarash tufayli chuqur ruhiy tushkunlikka tushib qolgani oqibatida yuzaga chiqayotgan katta-katta “tomosha”lar shunchalik yuqumli bo‘lganidan u zumda butun Yer sharini osongina zabt etyapti. 1880-1936 yillar oralig‘ida yashagan yevropalik futurolog Osvald Shpengler o‘zining mashhur kitobi – “Evropa quyoshining botishi” asarida buni ta’riflab ketgani diqqatga sazovordir.

* * *

EVROPA QANChALIK FAROVON turmush tarziga ega bo‘lmasin, hayot – juda qimmat. U yerda bir asrdan buyon istiqomat qiluvchi, ammo o‘z shaxsiy turar joyiga ega bo‘lmagan oilalarni istagancha topish mumkin. Shu kabi muammolar qarshisida yechim topolmay tushkunlikka berilish ishonchsizlikni, ishonchsizlik esa noshukrlikni keltirib chiqaradi. Shundan so‘ng esa alamzada fuqaro “g‘arbcha demokratiya” niqobi ostida istagan buzuqiliklarini amalga oshiraveradi. Bu, albatta, bir toifa sotsiolog va psixologlarning fikri, xolos.

Yana uni to‘ldiradigan ikkinchi qarash ham yo‘q emas. Yevropada asosiy axloqsizliklarni boy-badavlat oila vakillari avj oldirishi ma’lum bo‘lgan. Tungi barlarning, yalang‘och bazmxonalaru sharmsiz islovatxonalarning asosiy xaridorlari hamyonidagi pulini qayerga qo‘yishni bilolmay, ko‘ziga uyqu kelmayotgan kiborlar, oqsuyaklar. G‘arbda aslida bunday jarayon kapitalizmga o‘tilgan dastlabki yillardanoq ommaviy tusda ko‘zga tashlanganini hisobga olsak, “oraliq masofa” saqlashga urinishlarning boshlanganiga ham sal kam uch yuz yilga yaqinlashib qolibdi.

Demokratiya – g‘arbliklar nazdida guyo xayolga kelgan har qanday xatti-harakatni to‘siqlarsiz, taqiqlarsiz – erkin holda amalga oshirish tartibi emish. Ya’ni u qanday yashashni ma’qul ko‘rsa, hukumat unga o‘sha sharoitni yaratib berishga majbur. Avvaliga bu mezonni eshitib, yengilgina kulgan va “bu utopiyalarning utopiyasi-ku”, deya qo‘l siltaganlar bugun yanglishganlarini anglayapti. G‘arb hukumatlarining bir qanchasi o‘sha “demokrat”larning talablarini birma-bir qondirishga kirishib ketdi. Sababi, boshida xalq ongini osmoniy xayollar, puch yong‘oqlar bilan to‘ldirgan, aslida G‘arb hukumatlarining uzoqni ko‘zlamay yuritgan noodil siyosati edi. Ayrim yevropalik maddohlar Sharq uchun yasagan xo‘ragiga o‘zlari ilinib qolganini mana endi tushunishyapti, nazarimda.

Demokratiya – tartibsizlik, degani emas. Aslida demokratiya tushunchasi G‘arb yoki Sharqqa tegishli alohida topildiq ham emas. Uning vujudga kelishi ongli insonning umumtafakkuri rivojlanishiga daxldor, idrokning yangi qirralari namoyon bo‘lishi bilan bog‘liq. Bunday hodisa esa ikkala makonda ham sodir bo‘lgan o‘z vaqtida. Demokratiyaning sodda va o‘zgarmas mazmuni – vijdon erkinligi! Vijdon degan so‘zning ortida yuksak ma’naviyatdan rang olgan vatanparvarlik, millatparvarlik, odamiylik, imon-e’tiqod, sadoqat, uyat, or-nomus, sharmu hayo, andisha kabi o‘ta nozik xislatlar turishini juda yaxshi bilasiz!   

* * *

G‘ARB YoShLARI farzand dunyoga keltirish haqida allaqachon o‘ylamay qo‘yishgan. Yigitlarga uylanmaslik, qizlarga esa qirqqa chiqsa-da, erga tegmaslik urf tusiga kirgan. Ular nazdida, oila – barcha tashvishlaru baxtsizliklarning asosi. Va bundan tashqari, oila ular uchun erkinlikni bo‘g‘uvchi ixtiyoriy qullik ekan!!!

Germaniyada bundan uch-to‘rt yil oldin “umumiy oila” (total family) degan tahqiromuz guruh yuzaga kelgandi. Ular oila qurishga tish-tirnog‘i bilan qarshi. Ularning fikricha, jamiyatdagi barcha er shu jamiyatdagi hamma ayol (yoshi, martabasi, millatidan qat’i nazar) uchun tegishli, birdek aloqador. Shuning uchun biror ayol istalgan vaqtida istalgan erkak bilan tunini o‘tkazishi mumkin, biroq aslo oila ittifoqini yuzaga keltirmaydi. Mana, sizga navbatdagi g‘arbona ma’naviyatsizlik!      

Shu o‘rinda Yurtboshimizning ushbu asosli fikrlari yodga tushadi:

“…bu yorug‘ dunyoda hayot bor ekan, oila bor. Oila bor ekan, farzand deb atalmish bebaho ne’mat bor. Farzand bor ekan, odamzot hamisha ezgu orzu va intilishlar bilan yashaydi”.

Albatta, G‘arbda oila tushunchasi butunlay maishiy lug‘atdan unutilgan, deb bo‘lmaydi. Maktabni bitirar-bitirmas, mustaqil bo‘lib, o‘z “arava”sini o‘zi tortishga kirishgan g‘arblik qiz agar vaziyat taqozo qilsa, oltmish yoshlik so‘qqaboshga bo‘lsa-da, boy va to‘kin-sochin hayotni ta’minlay olsa bas, turmushga chiqib ketaveradi. G‘arbda uzoq yillar yashab, u yerdagi turish-turmushni obdon kuzatgan tanishimning aytishicha, yoshgina qizlarning nima uchun shu yo‘lni tutishlarining sababi bor ekan. U ham bo‘lsa – yoshini yashab, oshini oshab qolgan cholkuyov umri davomida to‘plagan kattagina merosi qayg‘usi!

G‘arbda bugungi kunga kelib, g‘urur-or, erlik sha’ni, ayollik iffati degan nozik tushunchalar ham “haddidan oshgan” tartibsizlikning jirkanch dogmalari bilan qorishib ketyapti. Masalan, Angliyada shunday “svinger-klub” (svinger-klub) degan nom bilan mashhur bo‘lib ketgan “qadamjo”lar borki, u yerda aqlga sig‘mas “erkinlik” kuzatiladi. Aniqrog‘i, go‘yoki kundalik tashvishlardan toliqqan, bir-biridan “to‘ygan”, doimiy bir xillikdan charchagan “modern” er-xotinlar bu yerga tashrif buyurishgach, majburiyatlarni unutishadi. Bir-biri bilan bo‘lgan qonuniy nikohini ommaviy tarzda (!) er boshqa bir shunday “oila”ning ayoli bilan, xotin boshqasi bilan almashadi. Buning ustiga, “almashilgan oila” ma’lum vaqt birga yashashi mumkin. Xuddi er-xotindek, bitta oiladek istiqomat qilaverishadi. Kelishilgan fursat nihoyasiga yetgach esa hammasi joy-joyiga qaytib, hech narsa bo‘lmagandek turmushini davom ettiraveradi. Bu aqldan ozgan jamiyatning eng xunuk mahsuloti, butun dunyo ma’naviyatini g‘orat etishga qaratilgan iddaosi bo
’lsa, ajabmas.

* * *

XOHIShLAR ChEGARA BILMAYDI, unga to‘la-to‘kis erishish esa… Mashhur frantsuz adibi Onore de Balzakning “Sag‘ri teri tilsimi” nomli ajoyib romani bor. Uni o‘qigan kishi bir oddiy haqiqatning tasvirini uqadi, sag‘ri terisining tilsimini topadi: istak bepoyon – imkon esa cheklangan.

Bor-budini, hayotini oxirgi qimorbozlikka tikib, baribir omadsizlikka uchragan roman bosh qahramoni o‘zini suvga tashlash uchun ketayotib…, antikvarlar sotiladigan hujradan topib olgani – sehrli teri, shubhasiz bugun Yevropaning qo‘lida. Teri sohibi nimaniki istasa, shu muhayyo bo‘ladi. Eng qizig‘i, ko‘pincha u beburd, ahmoqona unsurlarni ehtiyojga aylantirib, so‘rayveradi, istayveradi. Teri qancha istakni amalga oshirsa, shuncha kichrayib boradi, teri kichraygani sayin esa roman qahramonining umri ham qisqarib ketaveradi va oxir-oqibatda esa… O‘sha, butun G‘arb qo‘lida tutib turgani, qanchalik istasa-da, voz kecholmayotgani – sehrli sag‘ri teri nimaning ramzi, timsoli ekan-a?! Ha darvoqe, romanda bu g‘ayrioddiy teri Ovro‘poga Sharqdan keltirilgani yozilgandi. Sharqdan?!

G‘arbni asta-sekin yemirayotgan ma’naviy parokandalikni eng zamonaviy fan-texnika yutuqlari ham bir zumga to‘xtatib qololmaydi. Buni hatto “G‘arb halokati” asari orqali tanilgan amerikalik sotsiolog Patrik Jozeff Byukenen ham fosh qildi. Chunonchi, Byukenenning fikricha, G‘arb chindan ham halokatga uchrayotgan ekan, demak, endilikda Sharq tirilyapti. Buni Xitoy, Yaponiya, Janubiy Koreya, Singapur, Hindiston va arab mamlakatlarining ham sanoat, fan-texnika, ham demografik jihatdan o‘sib borayotgani misolida ko‘rish mumkin. Ammo “sag‘ri teri tilsimi”ni ikki tomon ham yaxshilab yodda tutib qolsa, bo‘lgani.

* * *

BUGUNGI O‘ZBEKISTON zamini tarixan “Buyuk ipak yo‘li”ning asosiy chorrahasi bo‘lgan. Dunyoni o‘z bilimi va salohiyati bilan lol qoldirgan allomalar, fozil zotlar bizning ajdodlarimiz edi. Sharqning buyuk uyg‘onishini harakatga keltirgan asosiy kuch ham aslida bizning bobolarimiz orasidan chiqqan al-Xorazmiy, Ibn Sino, Beruniy, Forobiy, Imom al-Buxoriy, az-Zamaxshariy, at-Termiziy, Mirzo Ulug‘bek, Ali Qushchi, Navoiy, Bobur tsingari yetakchilar edi.

Bugun-chi, bugun bizning yoshlar boboyu momolariga munosib bo‘la olyaptimi?! Ular o‘z imkoniyatlari, salohiyatlaridan yetarlicha foydalana  olishyaptimi?. Albatta, istiqlolga erishgan Vatan farzandlari bugun dunyo ko‘rmoqda, xoh sport sohasida, xoh bilim borasida bo‘lsin, jahonda o‘zimizga yarasha o‘rnimiz, nufuzimiz borligini baholi qudrat namoyish etishyapti. Agar bokschilarimiz Italiyada o‘tkazilgan jahon chempionatidan oltin medal bilan qaytishgan bo‘lsa, matematiklarimiz kamida kumush medal bilan kelishmoqda. Ularga mingdan ming tashakkur, kam bo‘lmasin!

Biroq ma’naviyatga ta’sir etuvchi madaniyatimizda uchrayotgan ayrim kamchiliklar dilni xira qiladi. Bunga G‘arbning nima aloqasi bor, dersiz. Hamma aybni osongina G‘arbga ag‘darib, o‘zingni oqlama, dersiz. Kechirasiz, hech kim G‘arbdan norozi emas. Ha, G‘arb yaxshimi-yomonmi, to‘g‘rimi-xatomi o‘z yo‘lidan ketyapti. Ammo bizda so‘nggi vaqtlarda xalqning saviyasini tushirib yuborayotgan “ijodiy” asarlarning yuzaga kelishini qanday hodisa bilan izohlamang, ildizi “g‘arbcha madaniyat”ga borib taqalayotgani ajablanarlidir.

Tinimsiz axborot oqimi vujudga keltirayotgan global muhitda milliy qadriyatlar, o‘ziga xoslikni ifodalovchi oltin an’analar “zanglab”  ketyapti. Buni televideniye, radio, matbuot, turli mavzu va mazmundagi kinolar, qo‘shiqlar, ularga ishlangan turli darajadagi kliplar zanglatayapti. Imon, e’tiqod va burchdan hosil bo‘lgan Aql tarozusiga qo‘yib o‘lchanmagan, xayolga kelgan dastlabki “g‘oya”ni andisha qilmay, bemalol “mahsulot” o‘rnida atrofdagilarga ulashilayotgan jamiyatda inson ongi tobora o‘tmaslashib ketyaptiki, u Gabriyel Garsia Markesning “xotirasiz”larini (“Yolg‘izlikning yuz yili” romani) ayni haqiqatga aylantirmoqda. Bu ham G‘arbda!

* * *

XXI ASR – AXBOROT ASRIda vodorod bombasiyu vayronkor raketalarga hojat yo‘q. Ular allaqachon klassik zamonning ibtidoiy qurollari tarzida tarixga kirgan. Bugungi dunyoni mahv etish uchun axborot boshqaruvini qo‘lga olishning o‘zi kifoya, G‘arb ayni kez axborotning egasi bo‘lib turibdi. Bu axborotga egalik qilish esa sizu biz “mayda-chuyda” deya ko‘pam e’tibor beravermaydigan unsurlar sababli ro‘yobga chiqayotgani yolg‘on emas. Shulardan biri – xalqlarning san’ati sohasiga qilinayotgan “hujum” bo‘lib chiqmoqda.

Buni yanada teranroq anglash uchun Prezidentimiz Islom Karimovning mana bu hayotiy haqiqatlariga quloq tutishning o‘zi kifoya:

“Ayrim yosh ijrochi va ijodiy guruhlarning jamoatchilik e’tiboriga taqdim etayotgan “asar”lari san’atning hech qanday talab va mezonlariga javob bermaydi. Nafaqat mavzu va musiqa, balki sahna harakatlarida ham ochiqdan-ochiq ajnabiy “ommaviy madaniyat” ko‘rinishlariga taqlid qilish, “yulduzlik” kasaliga chalinish holatlari tez-tez uchrab turayotgani chinakam san’at muxlislarini ranjitmasdan qolmaydi, albatta.

…Biz uchun axloqiy jihatdan noma’qul, milliy qadriyat va qarashlarimizga yot bo‘lgan, lekin hozirgi vaqtda hayotimizga kirib borayotgan mana shunday ko‘rinishlarni bamisoli yuqumli kasallik deb qabul qilishimiz lozim. Va ayni shu asosda bunday xurujlarning o‘ta xavfli holat ekanini
anglashimiz zarur.

Nega deganda, agar insonning qulog‘i yengil-elpi, tumtaroq ohanglarga o‘rganib qolsa, bora-bora uning badiiy didi, musiqa madaniyati pasayib ketishi, uning ma’naviy olamini soxta tushunchalar egallab olishi ham hech gapmas”.

Navniholdek san’at olamiga endi kirib kelayotgan xonandalarni o‘stirish, ulg‘aytirish maqsadida ta’sis etilgan nufuzli mukofot yaqinda navbatdagi sohibu sohibalariga topshirildi. Mazkur mukofot o‘z navbatida ulkan ishonch demakdir. Ishonch-
ni esa doimo oqlash mushkul, u uzluksiz ravishda mas’uliyatni, burchdorlikni talab qiladi. Aynan yosh ijodkorlarni qo‘llab-quvvatlashni niyat qilgan rag‘batga munosib bo‘lish, uni o‘zining yuksak asarlari orqali oqlash, (xalq ma’naviyatini so‘ndirish emas, yuksaltirish uchun) astoydil ter to‘kib xizmat qilish lozim, deb o‘ylayman.

Hozirda yaratilayotgan aksariyat “san’at namunalari”ning narxi haminqadar bo‘lib borayotgani tinglovchilarda ayrim noto‘g‘ri qarashlarning tug‘ilishiga sabab bo‘lib qolishi achinarlidir.

San’atkor bo‘lishga ahd qilgan yoshlarimiz xalqning e’tirofiga chindan ham loyiq va vijdonan xotirjam bo‘lish uchun tom ma’nodagi kurashga kirishadigan, o‘zining zo‘rlar ichra zo‘rligini isbotlaydigan vaqt keldi!

Musiqa kanallari orqali uzluksiz ravishda berilayotgan saviyasiz kliplar, kinolar ham xalqni ishontirayotgani, kuldirayotgani, vaqti kelganda yig‘latayotgani og‘riqlidir. “Sariq matbuot” deb nom olgan axboriy vosita esa birinchi sahifasida bong urib, hayqirib, xuddiki ma’naviyatsizlikni, madaniyatsizlikni qoralaydiyu, lekin ikkinchi sahifasidan o‘sha ma’naviyatni, o‘sha madaniyatni o‘zi buzib turibdi. Gap chala pishgan tarvuzdek bemaza qo‘shiqlar, “qo‘lbola” kinolar yoxud o‘z so‘ziga o‘zi amal qilolmaydigan ayrim ommaviy axborot vositalarida emas, balki ular tomonidan xalq ma’naviyatiga, axloqiga, samimiy tushunchalariga yetkazilayotgan bemisl zarardadir. Bunday illatga, muammoga qarshi qanday samarali kurashish mumkin? Qanday?

* * *

XULOSA YaSAShDAN OLDIN yana savol bermoqchiman: siz tanlagan yo‘l G‘ARBChAMI yoki G‘ARIBChAMI? O‘zingizni, atrofdagilarni va bolalaringizni qanday tarbiyalayapsiz?

Ajnabiy madaniyatning buyuk ohanrabosiga tikilib, yaltir-yultirdan ko‘zi qamashgancha ularga intilayotganlar bor. “Original” degan muhr ostida xuddiki G‘ARB madaniyatini targ‘ib qilayotganlar aslida G‘ARIB madaniyatning asiriga aylanganligini sezmayapti chog‘i. Vaholanki, G‘arb o‘zining “original” madaniyati bilan qanday tanazzulga yuz tutayotganini yuqorida o‘qib, guvohi bo‘lib turibsiz.

Bunday g‘arbcha “demokratiya”ni niqob qilib, yurtimizga turli yo‘llar bilan kiritilayotgan har qanday tahdidlarga ongli ravishda to‘siq qo‘yish, o‘z millatimizning buyuk o‘zanlaridan kuch olgan ma’naviy immunitetimizni hosil qilishimiz bugungi kun talabidir.

Zohidjon Xolov