G‘afur G‘ulom. Suyanguday tog‘larim bor (1965)

Mirmuhsin haqida

Shu yilning o‘zida besh o‘zbek yozuvchisining oltmish yoshga kirganliklari nishonlanib, yubileylari o‘tkazildi. Bular — Oybek, Uyg‘un, Sobir Abdulla, Nazir Safarov, Fathullin o‘rtoqlar. Shoiramiz Zulfiyaxonim bo‘lsalar ellik yoshga kirdilar, yaqinda yubileylarini o‘tkazamiz. Orada yana ozgina fursat o‘tadi, salomatlik bo‘lsa, o‘zbek adabiyotida navbat kutib turgan azamat, navqiron, zahmatkash ijodkor bir bo‘g‘in hademay bir o‘rmondagi tekis qarag‘aylardek ellikka kirib boradi. Bular: Hamid, Asqad, Mirmuhsin, Turob, Ramz, Said Ahmad, Shukrullo va hozircha yodimdan ko‘tarilgan boshqalari.

Yuqoridagilarni, mabodo oqsoqol yozuvchilarimiz, desak, ikkinchi bo‘g‘inni, qorasoqollar, deymizmi, naslimiz va adabiy xazinamizning gavharlari deymizmi, biror jo‘yali ta’rif topilib qolar…

Darhaqiqat, men bu ikkinchi bo‘g‘in to‘g‘risida gap borsa, qirq azamat o‘g‘ilning otasiday, o‘zimda qalbim to‘la g‘urur sezaman.

Ba’zi-ba’zida hamma kishilarga xos qittaygina tushkunlik, o‘z ijod yakunidan norizolik, umr o‘tib ketayotganidan afsus singari tuyg‘ular vahim solsa, shu ukalarimning sog‘u salomat ijod qilib turganliklari bilan o‘zimga dalda beraman. Suyanganday tog‘larim bor, deb quvonaman. Davomim bor, deb qalbimga tasalli beraman. Shu sog‘lom ijodiy pleyadaning po‘lat zanjirday mustahkam silsilasida bir ko‘zanak bo‘lib shoir Mirmuhsin turadi.

Bu shoir adabiyotda tug‘ilgandan buyon o‘z muborak kasbiga ixlos bilan, tinmag‘urligi bilan, asab darajasidagi sodda, haqiqiyligi bilan, qanoati bilan ajralib turadi.

Durust, ba’zi tanqidchilar: uning ba’zi she’rlarida lirika kam, deb kamsitganday bo‘lib yuradilar. Gap zamonga, xalqqa eng zarur gapni o‘z vaqtida ayta olishda.

Uning «Usta G‘iyos» poemasi Ulug‘ Vatan urushndan so‘nggi qishloq ho‘jaligimizni qaytadan tiklov davridagi ma’qul asardir.

Bizning adabiyotimizda xalq og‘zaki adabiyoti va Durbek, Lutfiy, Navoiylar boshlagan dostonchiliklarni hisobga olmaganda, yangi zamon mazmunidagi romanchilikda Mirmuhsinning «Ziyod va Adiba»si birinchi manzum romandir. Bu janrda Mirmuhsin qanchalik muvaffaq bo‘ldi, bu endi adabiyot tanqidchilarining mo‘tabar fikrlariga muntazirdir.

O‘zing shoir yo adib bo‘lishing mumkin, ammo bir guruh shoir va adiblarning ijod saroyida saroybon bo‘lib turishing g‘oyatda mushkul va mas’uliyatli vazifadir. Mirmuhsin «Sharq yulduzi» jurnalida roppa-rosa o‘n yil redaktor bo‘lib turdi. Shunday katta dargohda shuncha muddat mas’ul bo‘lib turish unga bildirilgan katta ishonch belgisidir.

So‘nggi yillarda u respublikamizning yirik va keksa jurnallaridan «Mushtum»ga redaktorlik qilib kelmoqda.

Ustidagi vazifasi va mas’uliyatlari g‘oyatda cho‘ng bo‘lishiga qaramay, u tinmay ijod qilmoqda. So‘nggi yillarda u «Jamila» povesti, «Arab hikoyalari», «Chiniqish» romani, «Cho‘ri» tarixiy povestlari, bir talap hajviy hikoyalar, ko‘p-ko‘p yaxshi she’rlar yozdi.

«Sovet Uzbekistoni»ning bu sahifasidagi asarlari ham uning yangi ijodiy mahsulotlaridan kichik namunalardir.

Ishqilib, hammamiz omon bo‘laylik, zamondoshlarimizning munosib qissalarini tarixda qoldirish uchun ijod qila beraylik. Shoyad zamondoshlarimiz vositasida o‘zimiz ham ulug‘ xalqimizning g‘oyat katta tarixida hisobga kirib qolsak.

“Sovet O‘zbekistoni”, 1965 yil 21 oktyabr