G‘afur G‘ulom. Qalbimga — qardoshlarimga (1962)

Jon o‘rtoqligi, vijdon o‘rtoqligi, imon o‘rtoqligi va kishilikka xos butun imkon o‘rtoqligi.

Shu niyat belgisida aqlu idrok barkamoldir, hayot bezavoldir.

Men-ku shu yozma so‘zimning oxirida insonlarning insonlarga bo‘lgan qardoshlik, birodarlik, do‘stlik, yuksak kamoloti to‘g‘risida aytaman. Aytajak so‘zim saratondagi mehnatkash manglayining teridan ham pokiza. Agar shu so‘zimni Ulug‘ Vatan urushi yillarida yozsam, yetimning ko‘z yoshidan ham pokiza, derdim.

Qardoshlikning qadrini ulug‘ o‘zbek shoiramiz Zebuniso begim bunday tasvir etadi:

Kitobxonai olam varaq-varaq justam,
Xati tu didamu guftamki, muddao injost.

Ya’ni: butun olamdagi kitoblarni varaq-varaq qidirib chiqdim, ko‘nglimdagi muddao topilmadi. Ammo sen yozgan bu xatni o‘qidumu izlagan muddaom shu edi, dedim.

Tong otib turibdi! Mening yoshimdagi kishilar bu soatlarda allaqachon uyg‘onib, yuvinib-taranib, qalblarida kattakon kunduzining boshlang‘ich baxtini, saodatini rejalab turgan bo‘ladilar. Bizning mo‘ysafidlarimiz hamisha tongotarni yaxshi niyatlar bilan kutadilar. Yosh bolalar, nabiralar maktabga, bog‘chalarga jo‘nashi kerak. Gaz o‘choqdagi sut qaynab-toshib ketmadimikan, falon o‘g‘ilga qaymoq yoqarmikan, falonchisiga asal choy bersakmikan? Kichkintoyga limon choy beraman. Qaynoq sut bilan limon to‘g‘ri kelarmikak? Yoppasiga shirguruch yaxshi. Oz-ozgina saryog‘ qo‘shib bersang, hammasiga bo‘ladi. Tanaffusgacha bo‘lgan dars soatlarida bolalar toliqmaydi.

Yoki: bugun Ahmadali qizini kuyovga chiqarmoqchi edi, to‘yonaga nima qilsam ekan? Ota-bobo zamoni emaski, bir kiyim atlas yo bo‘lmasa to‘rtta choynak, oltita kosa qilib qutilib ketsam. Yaxshisi, keng, ekranli bitta televizor… Shoyad kelin-kuyov shu ekranda meni ham goh-goh ko‘rib tursa…

Yoki: shu yangi yil o‘rtalariga borib, o‘rtancha o‘g‘il aspiranturaning ikkinchi kursiga o‘tadi, uylantirsak ham bo‘lar…

Tongotarda farovon, mehnatkash oiladagi bir otaning jahoniy olam-olam orzularini ming-ming shaklda tasavvur qilish mumkin.

Bir uyaga don tashigan chumolilar, bir inga bol tashigan asalarilar shaklan bir-birlariga o‘xshasalar ham, umumniyatlari bitta bo‘la turib, shaxsiy mazmuncha ayrim-ayrim olamdirlar.

Mening qardoshlarim, do‘stlarim, birodarlarim — biz hammamiz grajdanlarmiz. Juda kattakon dasturxonning o‘rishlarimiz, arqoqlarimiz. Birimiz olimmiz, birimiz bosmaxonada gazeta chiqaramiz. Birimiz kishilarimizni ozoda qiluvchi farroshmiz, birimiz qo‘limizda jo‘ngina qo‘shtig‘ miltiq bilan birovni otmasak ham, xalq mulkini, ya’ni o‘z mulkimizni himoya qilamiz — kecha qorovulimiz. Birimiz kimyoviy yangi o‘g‘itlarning ijodkori akademikmiz, birimiz kommunistik mehnat brigadasida oddiy paxta terimchimiz. Chunki shu paxtadan turli-tuman mato to‘qiladi, o‘zim kiyaman, bolalarim kiyadi, elu yurt kiyinadi. Butun ittifoqdosh qardoshlarim kiyinadi, jahon kiyinadi. Insonlikning sharafli, pokiza xislatlaridan biri shuki, u kiyim-bosh bilan yuradi. Birimiz g‘allakormiz, birimiz tegirmonchi, birimiz nonvoy, ammo hammamiz ham shu nonni yeymiz.

Har bir pokiza niyatli mehnatkash kishi o‘zi qilayotgan mehnatini ulug‘laydi.

Shu yerda narvon haqidagi hikoya esimga tushib ketdi: narvonning yuqori poyalari quyi poyalariga ta’na qilgan ekan, ya’ni: «Sen quyi poyalarsan, inson senga birinchi loy oyoqlari bilan bosadi, men yuqoriman». Shunda shoir Mashrab shu narvondan chiqqan yog‘och ovozni eshitib, narvonni aylantirib qo‘yibdi. Yuqori poyalar quyiga, quyi poyalar yuqoriga ko‘tarilibdi. Lekin o‘rta poya hamisha o‘rtada qolaveribdi. Ya’ni arab maqolida «Xayrul umuri avsatuho» — o‘rta darajada yashamoq; imkoniyating bo‘la turib, o‘zingni xor tutmaslik kerak, imkoniyatim bor, deb kekkayib ketmasliging kerak. Har bir ishning o‘rta darajasi yaxshi. Sening qo‘lingda bo‘lgan shu imkoniyatingning manbai qayerda? Shuni bilishing va vijdon bilan ro‘zg‘or tebratishing kerak.

Aziz qardoshlarim, do‘stlarim, aql va zakovat, mehru shafqat kishining kimligini so‘ramaydi. Inson bo‘lsa, bas! Esimni taniganimga ellik yil bo‘lgan bo‘lsa, ozmuncha ham do‘st-o‘rtoq orttirmadim. Hamma o‘rtoqlarim — mehnatkash kishilar. Biz ham insonlarga xos ulfat, yaxshi she’r, muzika, muhabbat, qo‘shiqdan xoli emasmiz.

Ellik yillik mehribon va shafqatli qardoshlik yo‘lida chog‘imiz yetguncha bir-birimizni siyladik. Amma dilning katta-kichik tomirlari bo‘lar emish. Shu dilim tomirlaridek o‘rtoqlarim ko‘p.

Men qardoshlik haqida gapirib turib, o‘z uyim, aka-ukalarim, qarindosh-urug‘larim, mahalla-ko‘y, baland-quyidagi qardoshlarim to‘g‘risidagi so‘zlarni kichkina so‘zimning katta kiraverishi, deb yozdim.

Kishi kishiga do‘st, o‘rtoq va birodar. Shu maqolamni yozib turgan chog‘imda, yoshligimizning eng buloqdek qaynoq paytlarini birga o‘tkazgan o‘rtog‘im Shoahmad Shorahmedov yonimda edi. Men — shoirman, u — tez yozar stenograf. Bir zamonlar bola edik. Mozorxonning, tepasida varrak uchirardik. Keyin Baroqxon madrasasida o‘qidik..

Ikki muhabbatli yoshlar teraklarga xatlarini o‘yib qoldirganidek, bizning yoshligimiz o‘zimizdan o‘sib ketdi.

Ellik yil mobaynida ko‘p do‘stlar, qardoshlar, birodarlar orttirdim, dedim.

Aleksey Maksimovich Gorkiyni tirik ko‘rgan kishiman. U kishi mening muallimim edi.

Vladimir Mayakovskiydan ta’lim olganman. Lohutiyning ko‘p asarlarini o‘zim tarjima qilganman. Samad Vurg‘un ukam edi. Gurbaxsh Singx (o‘g‘li, qizi bilan) bizning oilaning aziz mehmonlari. Pablo Neruda, Nozim Hikmat, Mirzo Tursunzoda, Nikolay Tixonov, Konstantin Simonov, Aleksey Surkov, Muxtor Avezov, Berdi Kerboboyev, Nairi Zaryan, Sobit Muqonov, G‘abit Musrepov qardoshlarim bo‘ladi. Lengston Xyuz, Fayz Ahmad Fayz, Sadriddin Ayniy, Georgiy Leonidze, Galaktion Tabidze, Irakliy Abashidzelar mening umr yo‘ldoshim Muharramxon qo‘lidan bir piyola choy ichib ketgan kishilardir.

Jahon pasportli grajdanman. Chunki niyatim pokiza.

Mening qalbimdagi katta tasalli shundan iboratki, orzu va manfaatlari, kelajakka bo‘lgan umidlari bir xil bo‘lgan jonajon Vatanim oilasidagi har bir kishi mening qardoshimdir.

“O‘zbekiston madaniyati”, 1962 yil 30 dekabr