Erkin Vohidov. Bizning odatlar (1970)

Odatlar xalq tabiatining ko‘zgusidir. Hech bir xalqning hech bir odati ayrim odamlarning istak-xohishi bilan, shunchaki bir o‘tkinchi havasi bilan dunyoga kelgan emas. Odatlar aslida ezgu niyatlarning ifodasi sifatida, insonlarning bir-biriga mehr oqibati namoyishi sifatida tug‘iladi, ular aslida xalq donishmandligining bir ko‘rinishidir. Shuning uchun ham odatlar uzoq yashaydilar. Hatto zamon-zamonlar o‘tib bu odatlar yangicha hayot qoidalariga mos kelmay qolganda ham bir necha o‘n yillar davomida yashab kelaveradi. Masalan, dog‘istonliklarda shunday odat bor. Bir uyda qiz bo‘yga yetganda yigitlar qizlik uyning hovlisiga papoqlarini otadilar. Qiz papoqni qaytarib otsa, yigitga ko‘ngli yo‘qligini, agar olib qolsa, ko‘ngli borligini, uyga taklif qilganini bildiradi. Bu odat qadim zamonlarda qiz bilan yigit ko‘chada o‘zlaricha ko‘rishish imkoniyati bo‘lmagan paytlarda dunyoga kelgan, qiz qadrini ulug‘lash, uning qalbi bilan hisoblashish niyatida tug‘ilgan. Lekin hozir ham, yigit bilan qiz tanishib, kinolarga borib, tantsalar tushib bir-birini obdon sinab turmush quradigan bo‘lganlarida ham to‘yga yaqin yigit qizning hovlisiga papog‘ini otmasa bo‘lmaydi. Qizning ota-onasi, qavmu-qarindoshlari busiz to‘yga rozi bo‘lishmaydi. Papoq otish qizning sha’ni uchun kerak deb hisoblashadi. Bamisoli bizdagi to‘y kuni qizning eshigi oldida surnay chalinishi odat bo‘lganday.

Bizning ba’zi o‘zbekcha odatlarimiz ham o‘sha qiz o‘g‘irlash, papoq otishga o‘xshab eskirib qolgan. Lekin qiz sha’ni, yigit obro‘si, ota-ona orzusi deb hanuzgacha davom ettiramiz. Masalan, ilgari zamonlarda qiz bola dunyoga kelgandan boshlab, otani «xolva» deb tabriklashgan kundan boshlab, «qizni beshikka, molini teshikka», degandek bo‘lajak kelin uchun kerakli narsalar — bir necha bosh oyoq kiyim, choyshab, palos singari narsalar g‘amlash odat bo‘lgan. Bu yaxshi niyat bilan qilingan. Lekin bizning zamonda kiyim-kechak u yoqda tursin, mebellarga bo‘lgan urf ham yil sayin o‘zgarib turgan bir vaqtda, qirq, elliklab ko‘ylak qilishlar, shunday to‘qlik zamonida yetti mahallani xabarlab osh berishlar yoki ayollarning to‘yga osh xomi ko‘tarib borishlari hozirgi turmush tarzimizga o‘tirishmaydigan odatlar. Lekin ular davom etmoqda. Biz bu odatlarga o‘rganib qolganmizmi, har qalay o‘zimizga uncha bilinmaydi. Lekin chetdan, boshqa xalqlar iazari bilan qaralsa, haligi papoq otish yoki qiz o‘g‘irlash kabi g‘ayritabiiy, kulgili bo‘lib tuyuladi.

Albatta to‘ylarning chiroyli tantana bo‘lgani yaxshi. «To‘y umrda bir bo‘lajak siyrak tantana» degan G‘afur G‘ulom. Qudalarning bir-biriga izzat ikromi, ikki oilaning yaqinlashuvi uchun qilinadigan tadbirlar yaxshi. Bular yangi qurilgan oilaning mustahkam bo‘lishini ko‘p jihatdan ta’minlaydi. Lekin bu yaxshi odatlar manmanlikka, boylik namoyishiga aylansa, albatta atrofdagilarning g‘ashini keltiradi. Tongotar radiokarnayli bazmlarimizga nahorgi osh ashulalari ulanib ketsa, bir xonadonning to‘yi bir kilometr radiusdagi xaloyiqqa uyqu bermasa, ayniqsa bitta to‘y bir oilani umrbod qarzga botirsa, eng yomoni, odat hukmi turli yo‘llar bilan qo‘shimcha daromad topishga majbur qilsa, bo‘ynimizga ta’nalar yukini ortsa, sog‘liqni puturdan ketkazsa, bu odatning ofatga aylanganidir.

Yana bir gap. To‘y qilgan ota-ona, o‘z farzandi uchun osmondagi oyni olib sovg‘a qilishga tayyor. Yulduzlarni terib marvarid qilib osishni istaydi. Zero, ota-onaning moli tugul joni farzandga fido. Lekin nima uchun biz hadyalarimizni ko‘z-ko‘z qilishimiz kerak? Barcha qarindosh-urug‘, qo‘ni-qo‘shni ayollarni chaqirib — mol yoyib, — mana men farzandimga bunday qildim, kelinimga yo kuyovimga shunday sovg‘alar yuboryapman, deb maqtanishimiz kerak?

Aziz va muhtarama onalar! Sizning ezgu niyatlaringizni butun dunyo onalari tushunadi. Qaysi ona o‘z farzandining qadri boshqalarnikidan kam bo‘lishini istaydi? Qaysi ona o‘z farzandi baxtini ko‘z-ko‘z qilishni istamaydi. Ammo o‘zingiz yaxshi bilasizki, bizning zamonda baxt, qadru qimmat mol-dunyo bilan o‘lchanmaydi. Shunday ekan, nega endi siz farzandingiz, bo‘lajak kelin yo kuyovingizga atab umr bo‘yi yiqqan narsalaringizni mol taxlar qilib, sep yoydi qilib hammaga ko‘z-ko‘z qilishingiz kerak? Axir siz yiqqan narsalarga teng mol-mulki bor odamlar ham, yo‘q odamlar ham bo‘ladi-ku. Besh qo‘l barobar emas. Ne-ne boshida eri yo‘q, qo‘l uchida kun ko‘rayotgan, maoshini u oydan bu oyga zo‘rg‘a yetkazadigan ayollar bor. Ular siz ko‘z-ko‘z qilgan mollarni ko‘rib sizning baxtingiz uchun-ku sevinar, lekin uz farzandlari uchun yuraklari zil ketmaydimi?

Biz otalar xuddi siz kabi o‘z bolamiz uchun dunyoni berib yuborishga tayyormiz. Sizning orzu havasingiz bizning ham orzu-havasimiz:

Nima bor men uchun farzanddan aziz,
Arzir har so‘ziga jon fido etsam.
Dunyoda nimaki bo‘lsa eng laziz
Faqat uning uchun muhayyo etsam.
 
Kiprigiga zarra qo‘nmasa qayg‘u,
Baxti komil bo‘lsa, tolei bekam.
Ko‘rsa men ko‘rmagan shodliklarni u,
Etsa men yetmagan niyatlarga ham.
 
Lekin u bir umr bo‘lmay oshino,
Tiriklik deganning qayg‘u dardiga,
Bila olarmikin nadir bu dunyo,
Eta olarmikin hayot qadriga?

Biz mana shuni ham o‘ylashimiz kerak. Bir necha yilga yetgulik hamma narsani badastur qilib qo‘ysak, yosh kelin-kuyovga intilish yo‘lini berkitmaymizmi? Mehnat qilib topilgan narsaning qadriga yetish tuyg‘usini o‘ldirmaymizmi? Ota-onalari shuncha sovg‘a tayyorlagan, o‘zi ham bir dunyo sep bilan kelgan kelinni kuyov yigit endi nima olib berib xursand qilishi mumkin! Axir hayotning qizig‘i intilishda-ku!

Men shunday to‘yni bilaman. Ikki badavlat oila bir-biriga quda bo‘ldi. Yigitning ota-onasi yosh oilaga yangi ko‘p xonali kvartiraning kalitini sovg‘a qildilar, mingga yaqin odam chaqirib, bir necha mingni to‘y dasturxoniga to‘kdilar. Kelinning ota-onasi o‘sha ko‘pxonali kvartirani aytib tugatib bo‘lmaydigan mebellar, gilamlar, ko‘rpa-to‘shak, chinniyu billur asboblar bilan to‘ldirdilar. Kelinning sepini, kuyovga qilingan sovg‘alarni ko‘rgan ayollar bir yilgacha es-hushlarini yo‘qotib boshlarini sarak-sarak qilib yurdilar. Lekin kelin-kuyovning totuv hayoti bir yilga bormadi. Mojaroga nima bahona bo‘ldi, bilmayman, lekin sabab, o‘ylaymanki, to‘qlikka sho‘xlik, ikki badavlat va manman oilaning bolalari bir-biriga bo‘yin egmaganida va asosiysi yoshlarga hayotning qizig‘i qolmaganida.

To‘y bilan bog‘liq odatlarimiz ichida chorlar va quda chaqiriq deb atalgan, har biri o‘ziga xos to‘ychiq bo‘lgan marosimlarimiz bor. Bu — erkak, ayol qudalarning, har ikki tomon yaqinlarining bir-biri bilan tanishuvi uchun qilingan, o‘z vaqtida yaxshi niyatga qurilgan odat. Lekin hozirgi zamonda, shularning ortiqchaligi sezilmoqda. Avzalo hozirgi qudalarning ko‘pchiligi to‘ygacha ham bir-birlarini tanib-bilib, hatto bordi-keldi qilib yurgan odamlar. Avval tanish bo‘lmaganlari ham to‘y munosabati bilan yaqinlashib oladilar. Qo‘shimcha tanishuvga ehtiyoj yo‘q. Ikkinchidan, odamlarning vaqti ziq, to‘ylar ko‘p bo‘lgan hozirgi paytda to‘y ustiga to‘ychiqlar qilish joizmikin? Agar shunday uchrashishga ehtiyoj bo‘lsa, to‘ydan keyin qudalar o‘zlari er-xotin bo‘lib bir-birlarinikiga borsalar bo‘laveradi. To‘g‘risini aytganda, hozirda na kelin tomon, na kuyov tomon quda chaqiriq qilaman, yoki quda chaqiriqqa borib to‘n kiyib kelaman degan orzu-havasni qilmaydi. Bu har ikki tomon uchun ham, har ikki tomonning yaqinlari uchun ham ortiqcha chiqim, ortiqcha urinish, ortiqcha vaqt sarflash, faqat odat bo‘lgani uchungina qilinadigan tadbir.

Men shu so‘zlarni aytib turibmanu bir narsani o‘ylayman. Mening ham bo‘yi bo‘yim bilan baravarlashib qolgan farzandlarim bor. Ko‘nglimda ularning orzu-havasi ham yo‘q emas. Taqdir bizni shunday yaxshi kunlarga yetkazsa, ixcham, chiroyli to‘y qilamiz, ortiqcha dabdabali marosimlardan voz kechamiz degan niyatimiz bor. Niyat qilamizki, u paytgacha to‘y qoidalarimiz o‘zi tartibga tushib qolar, ba’zi ortiqchaliklarni inkor qilish, bizlarga, yoki kelajak avlodlarga qolmas. Buning uchun xalqimizda ko‘pni ko‘rgan zukko odamlar bor. Buning uchun dono, farosatli, har tomonni hisob-kitob qiladigan, erkaklarni yo‘lga soladigan ayollarimiz bor. Vaqt kelarki, to‘ylarimiz ortiqcha bordi-keldisiz, faqat shodlik va baxt tantanasi bo‘lib qolar. Shunda bugungi qilayotgan sarfu xarajatlarimiz, noo‘rin odatlarimizni kulib-kulib eslarmiz.

Bir she’r:

TUY OQShOMIDA

Ikki oshiq o‘xshar yulduzlar aro
Uchib yurgan yondosh sayyoralarga,
Sevgi fazosida ular bor tanho,
Ne parvo yerdagi ovoralarga.
 
Ular bizdan olis qilmoqda parvoz,
Somon yulduzlari nuqra poyondoz.
Siz esa yangalar, tavanda shovvoz
Chuchvara uyasiz tog‘oralarga.
 
Ularning qalbida ilohiy tuyg‘u.
Qudrati oliyga turar ro‘baro‘.
Siz esa notiqlar, sizga ne qayg‘u,
Hadeb pand o‘qiysiz bechoralarga.
 
Sevgi — yaproqlarning shitirlashidir,
Sevgi — yulduzlarning shivirlashidir.
Sevgida samoviy ohang yaxshidir,
Siz karnay ulaysiz nog‘oralarga.
 
Intizor jonlarga bering al-amon,
Muhabbat arshida ursinlar javlon,
Sen ey, go‘zal singlim, oshiq ukajon,
Oq yo‘l saodatli sitoralarga.

1979