Abdulla Qahhor. Soxta faktlar to‘g‘risida (1940)

Aleksey Maksimovich Gorkiy «Yoshlar bilan suhbat» degan maqolasida shunday deydi:

«Xarid» nomli hikoyada so‘z o‘ziga divan olmoqchi bo‘lgan puliga zavod uchun tsement olgan keksa bir ishchi to‘g‘risida boradi. Bu hodisa ko‘p ham tipik hodisa emas, balki latifa. Kishining ortiqcha mato orttirishga bo‘lgan hirsini qanday yengganligini ko‘rsatish foydali, chunki ilgari shaxsning o‘z-o‘zini mudofaa qilish quroli bo‘lgan xususiy mulkchilik instinkti hozir sinfsiz sotsialistik jamiyat bo‘lishni istagan tuzumning dushmani bo‘lib qoldi. Ammo avtor o‘zi tanlab olgan mavzuning ma’nosini yaxshi tushunmagan va bu haqda hikoya qilib, faktning rostligiga, salmog‘iga o‘quvchisini ishontirolmaydi».

Mana bundan ko‘rinadiki, adabiy asarning maydonga kelishi uchun avtorning niyatigina kifoya qilmaydi. Avtorning niyati ma’lum bir ideyani tashviq qilmoq ekan, uni tashviq qila bilishi kerak. Tashviq qila bilishning asosiy shartlaridan biri esa o‘quvchini ishontira bilishdir. Avtor yoki personajlar tomonidan aytilgan gaplarga, asardagi detallarga, voqealarga kitobxon ishonmasa, hatto shubha qilsa ham asarning qimmati qolmaydi.

Faraz qilaylik, biz spektaklda o‘tiribmiz. Sahnada 70—80 yashar bir chol biron yovuz qo‘li bilan o‘ldirilgan o‘g‘lining tobuti ustida faryod chekayotibdi. Biz, albatta, ta’sirlanamiz, cholning qayg‘usiga qo‘shilamiz. Yovuzga nisbatan qattiq dushman kayfiyatda o‘tiramiz. Bordi-yu shu paytda «chol» (artist)ning soqoli (grimi) tushib ketsa nima bo‘ladi? Hech shubhasiz shu kartinanigina emas, butun spektaklning ta’siri yo‘qoladi. Holbuki, agar cholning soqoli grim ekanini o‘zimiz yaxshi bilganimizni e’tiborga olsak, bu soqolning tushib ketishi, anchayin bir qusur.

Mana shunga o‘xshash hikoya, povest, roman va umuman hamma janrda bo‘lgan adabiy asarga avtor tomonidan kiritilgan soxta detal, hatto bir so‘z ham butun asarning ta’sirini yo‘qotadi.

M. Abdullayevning kolxozlashtirish to‘g‘risida yozgan «Qilich» degan asarida shunday bir epizod bor: asarning qahramonlaridan biri bo‘lgan Qalandar kechasi ko‘chada ketayotganda bir to‘da mushtumzo‘rlar qo‘l-oyog‘ini bog‘lab, bir uyga olib kirishadi.

«… Bek darvozani ochdi. Tashqaridan kelgan kishi:

— Keltiraymi? Yo bo‘lmasa shu yoqqa tuzlay beraylikmi? — dedi mag‘rurona.

Mehmonxonaga kirib kelgan Bek:

— Uzoq yashang siz, Safarbek, keltirilsin.

O‘n besh minutlik vaqt o‘tmagan ham edi, og‘zi, ko‘zi, qo‘l va oyoqlari bog‘langan bir kishi keltirildi. U kishining ko‘zi ochilib, oyog‘i yechildi. Shu onda u, o‘z ko‘zlariga ishonmay boshladi. Nima deb so‘zlashini bilmadi.

— Qalandar, qalaysiz?

— Men hech narsa tushuna olmadim. Bu qanday gap, bu qanday hol?

Bukri so‘z boshladi:

— «Do‘stim» Qalandar, siz mening gaplarimga quloq solingiz. Sizning oldingizga qo‘yadigan ikki masalamiz bor. Shularga ko‘nsangiz biz bilan birga bo‘lasiz. Bo‘lmasa taqdirga tan berishga majbursiz.

— Xo‘sh, eshitayin-chi…

— …Shunday qilib, qishloqda mushtumzo‘r yo‘q, deysiz va bu so‘zingizni amalga oshirasiz. Sizga yordamlashuvchilar ko‘p. Uqdingizmi? Shuningdek, bundan so‘ng bizlar bilan bir fikrda bo‘lasiz. Nima desak shunn qilasiz. Mana shu ikki shartimizga bo‘ysunsangiz, sevgilingiz ham sizniki bo‘ladi…

— Nega indamaysiz? Rozi bo‘lasizmi?

— …

— Gapiring, «do‘stim».

— Men sira tushunolmayotirman. Mening qo‘l-oyoqlarim nega bog‘liq.

— Sen bandisan, bandi, sen hozir o‘zingni qafas ichida deb his et.— Bukri cho‘qib oldi».

Masala ravshan: Qalandar shu ikki shartga ko‘nsa tutqunlikdan ozod bo‘ladi. «Ko‘ndim» desa bas, chunki oldiga qo‘yilgan har ikki shartni ham hozirning o‘zida bajarish, ya’ni ko‘nganligini amalda ko‘rsatish mumkin emas. Agar ko‘nmasa o‘ldiriladi. Endi Qalandar nima qiladi? Mana:

«Qalandar telbalanib:

— Yuvindixo‘rlar… — deydi unga.

— Ataylab seni tiriklay ko‘mish uchun besh metr chuqurlikda yer qazilgan. So‘zla, yo «xo‘p» deb, yo «yo‘q» deb aytishing mumkin. Bo‘lak yo‘l yo‘q senga, — dedi Bukri jiddiy yo‘sinda.

— Xom sut emgan ekanman. Ko‘zlarim ko‘r ekan. Oq bilan qorani ajrata olmas ekanman.

— Boshing yosh, uka, nima qarorga kelding?

Safarbek dod urdi.

— Kishi, — dedi Qalandar baqirib, — bir marta dunyoga keladi. Men bir so‘zli kishiman. Meni bir so‘zli bo‘lishga o‘rgatgan edilar. Bu o‘gitlar hech qachon esimdan chiqmaydi.

Sekinroq, — dedi Safarbek.

— Zahar sochma, chayon.

Ko‘zlarini xonasidan chiqarib:

— Belgilangan yerga ko‘milsin,— dedi amirona».

Shunday qilib mushtumzo‘rlar Qalandarni tiriklay ko‘mib tashladilar.

Endi har bir kitobxon berishi mumkin va muqarrar bo‘lgan birmuncha savollarni o‘rtaga tashlaylik.

1) Qalandar bekorga o‘lib ketmaslik uchun qo‘yilgan ikki shartga o‘zini ko‘ngan ko‘rsatib, yolg‘on va’da bersa mushtumzo‘rlar uni ozod qilarmidi?

Hech shubhasiz ozod qilar edi, chunki:

a) Qalandarning ko‘nishi, bergan va’dasi rostmi, yolg‘onmi ekanini hozirning o‘zida sinab ko‘rish mumkin emas.

v) Uni ko‘ndirib, va’da olgandan so‘ng qo‘yib yuborilmasa, bu ikki shartning ma’nosi qolmaydi.

2) Qalandar ularga yolg‘on va’da berib, qutulganidang so‘ng, voqeani borib aytgani ishonchli kishilar topa olarmidi?

Qishloqda bir emas minglab ishonchli kishilar bor ekanini bilmasa, kimga ishonib, mushtumzo‘rlarni «yuvindixo‘rlar» deyishga jasorat qildi?

3) mushtumzo‘rlar Qalandarning aldash ehtimoli bor ekanini nima uchun sira xayollariga keltirmadilar.

Bunday ehtimolni ko‘zda tutmaslik uchun ularda hech qanday asos yo‘q. Bu soxta voqeaning ishtirokchilari ham kitobxonga soxta odamlar bo‘lib ko‘rinadi.

Yozuvchi «M»ning «Dongdor yigit» degan hikoyalar to‘plamida bundan ham soxta bir narsa hikoya qilinadi. («Xotin» hikoyasi.)

Qishloq Sovetining raisiga ko‘chada paranjilik bir xotin uchrab, bosmachilar ro‘zg‘orini talab, uyiga o‘t qo‘yganini va ko‘chada qolganini arz qiladi. Rais uni o‘z uyiga taklif qiladi. Raisning xotini bu xotinni yaxshi qarshi oladi. Yarim kechagacha ikkovi gaplashib o‘tiradi.

«Ular bir qancha vaqtdan so‘ng qator o‘rin solib yotishadi. Yotar oldida kampir Ruxsor (raisning xotini) xolaga iljayib turib dedi:

— Siz, qizim, aylanay, bemalol uxlayvering… Bolangiz yig‘lasa o‘zim tebratib uxlatib qo‘yaman…

…Oy chiqdi… Beshikda yotgan bola yig‘ladi, kampir tervatmadi shekilli, Ruxsor xolaning o‘zi o‘rnidan turdi… Bir vaqt yalt etib ko‘zini ochdi va beshikning o‘ng tomonida, alohida o‘rinda yotgan «xola»sig‘a ko‘zi tushdi-yu, oz qoldiki, dodlab yuborsa. (Haligi kampir uxlab qolgan. A. Q.) O‘sha doka ro‘mol boshdan tushib ketgan, yasama qo‘yilgan sochlar ro‘mol bilan uymalashib pastda yotibdi. O‘sha baland ko‘kraklarda ikki dumaloq latta-puttalar ham o‘z o‘rnida emas. Kamzul tugmasi yechilib ketgani, bir xanjar bilan bir to‘pponcha ko‘rinib turipti… Xotin emas, bir zabardast erkak, kampir emas — bosmachi ekan».

Ma’lum bo‘lishicha bu «zabardast erkak» qishloq sovetining raisini o‘ldirish uchun kampir qiyofasida kirib kelgan va… uxlab qolgan.

Bu afsonaga avtorning o‘zi, albatta, ishonmaydi, ammo nima uchundir kitobxonni o‘zidan go‘l hisoblaydi.

Mana shunday narsalarning adabiyotga nima aloqasi bor?

Bunday narsalar adabiyotga endi qadam qo‘yib kelayotgan yoshlarni ham yanglishtiradi, chunki ular aksari «yomon narsa bo‘lsa bosilarmidi» degan aqidada, unga ergashadilar. Bunga misol qilib, redaktsiyaga keladigan ko‘p hikoyalarni ko‘rsatish mumkin.

Yosh avtorlardan biri kattakon bir povest yozibdi. Bunda «A»ning qizini «V» o‘g‘irlamoqchi bo‘ladi. Qiz qochib ketadi. «A» «V»dan qizim qani deb so‘ramaydi. Voqea mana shu asosda qurilgan. Endi biz avtordan bordi-yu «A» borib «V» dan qizini so‘rasa nima bo‘ladi deb so‘radik. Avtor xuddi «A»ni pishiqtirib qo‘yganday, «so‘ramaydi» dedi. So‘rashi mumkin va mumkingina emas, zarur ekanini anglatganimizda «shuni o‘ylamabman» deydi.

«M» degan avtor savodsiz bir xotin qandoq savod chiqarganligi to‘g‘risida hikoya yozibdi. Bu xotinning eri ongli ishchi, atrofidagi xotinlarning hammasi savodli. Xotin savod chiqarishga majbur bo‘lib qoladi, lekin bu majburiyat nima deng? — eriga kelgan bir xatni o‘ynashdan kelgan deb gumon qilishi. Xotin u xatni eriga ko‘rsatmay yashirib qo‘yadi va savod maktabiga qatnab, olti oydan so‘ng o‘zi o‘qiydi. Endi kitobxon savol berishi mumkin: xo‘sh, savod chiqarish uchun o‘zida boshqa hech qanday majburiyat sezmagan bu xotin nima uchun olti oy o‘zini qiynaydi? (Eri o‘qigin desa: «Men o‘qib shahar so‘rarmidim?» deydi). Nima uchun mazmunini bilishga bunchalik qiziqqanini birovga o‘qitib ko‘ra qolmaydi?

«E» degan avtor bunday hikoya yozgan: bir xotin erining idorasiga borib, eriga bugun kinoga boraylik, siz falon joyga boring, kutib turaman degan mazmunda xat qoldiradi. Eri xatni olib, kim yozganini bilmaydi va «Jonon biror qiz menga oshiq bo‘lsa kerak» deb xatda aytilgan joyga boradi-da, sharmanda bo‘ladi.

Xotini-ku erini sinash yo aldash niyatida xatni boshqacha qilib yozgan emas, er nima uchun shuncha yil birga turgan xotinining xatini tanimaydi? Holbuki, xotin o‘z xatini eri tanishiga sira shubha qilmaganligi sababli imzo ham qo‘ymagan. Turgan gap, voqeani bunga asoslab bo‘lmaydi, asoslash kerak ekan, eri uning xatini tanimasligiga o‘quvchini avval ishontirish kerak. «Eri uning xatini tanimas edi» deb qo‘ya qolish bilan ham bo‘lmaydi.

Ayrim avtorlar o‘z asarlarida bo‘lgan bu xildagi soxtaliklarga sabab qilib, o‘zlarining yoshliklarini, tajribasizliklarini pesh qiladilar. Fikrimizcha, bunda aybni «yoshlik», «tajribasizlik»ka to‘nkab bo‘lmaydi. Bu beparvolik, kitobxonni hamisha ko‘z oldida tutmaslik, mas’uliyat his qilmaslikning natijasi.

Yozuvchining birpas kitobxonni unutishga haqqi yo‘q.

«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» jurnali, 1940, 4-son