Abdulla Qahhor. Ijodiy faollik va jasorat haqida (1962)

Ijodiy faollikni adabiyotimizda har bir yozuvchi ham, har bir tanqidchi ham bir xilda chuqur tushunadi, deb bo‘lmaydi.

Ijodiy faollik roman ketidan roman, poema ketidan poema, turkum-turkum she’rlar, hikoyalar, pesalar, maqolalar yozishdangina iborat emas.

Yozuvchining ijodiy faolligi partiyamizning adabiyot oldiga qo‘ygan talablaridan, vazifalaridan, yozuv-chining ichki qanoatidan, ehtirosidan kelib chiqishi lozim.

Yozuvchining qulog‘i hamisha xalqning ko‘ksida bo‘lishi, uning qalbidagi hayajonni darhol sezishi, ilg‘ab olishi, shundan ilhomlanishi, asarini mana shu ilhom, kuchli ehtiros bilan yozishi kerak. O‘shanda yozuvchi xalqning tili uchida turgan gapni aytadi, xalq dilining tarjimoni bo‘ladi. Ehtiros bilan yozilgan haqiqiy asarda loqayd sahifalar emas, hatto satrlar, so‘zlarga ham o‘rin bo‘lmaydi. Bunday asarlar adabiyotdagina emas, xalqning ma’naviy hayotida ham katta voqea bo‘ladi. Shundagina yozuvchining so‘zi kitobxonning qulog‘idan, qiyofasi uning ko‘z o‘ngidan ketmaydi. Adabiy tanqid ham loqayd ezmalik, bayonchilik, asarda bor yoki yo‘q narsalarni quruq qayd etishdan iborat emas. Tanqidchi ilhom bilan yoki ilhomsiz yozilgan asarlarni ehtiros bilan tahlil qilishi, asar haqidagi haqiqatni bor tovushi bilan aytishi, shu yo‘l bilan kitobxonga ham, yozuvchiga ham yordam berishi kerak. Tanqidchi shundagina yozuvchi bilan bir qatorda adabiyotimiz maydonida javlon urib, kommunistik qurilishning jonkuyar binokori bo‘lishi mumkin.

Biz keyingi yillarda yozuvchilarimizning faolligi oshganligini, o‘nlarcha roman, povest, poema, pesalar iaydo bo‘lganligini, bu asarlarda bugungi kunning muhim mavzulari ko‘tarilganligini aytib, xursandlik izhor qilamiz. Xursand bo‘lishimizga asos bor, chunki kechagi murg‘ak adabiyotimiz bugun katta adabiyot. Butun-ittifoq adabiyotidan mustahkam o‘rin ishg‘ol qilib turibdi. Ko‘pgina romanlarimiz, povestlarimiz, she’riy asarlarimiz Ittifoq kitobxonininggina emas, ko‘pgina xorijiy mamlakatlar kitobxonlarining kutubxonasiga ham kirib bordi.

Lekin shu bilan birga hajm jihatidan ikki-uch kilolik bo‘lsa ham, po‘la, sirtdan qaralgandagina «muhim mavzuni ko‘tarib chiqqan», faqat maqtanchoqlik ruhida yozilgan siyqa maqolalardagina zikr qilinadigan, adabiyotda esa, payqalmay qolinayotgan, kitobxonning ta’bi tortmaydigan asarlar ozmi? Bulardan ba’zilarida hayot — no‘noq rassom bezagan sahnaga, odamlar — bajaradigan rolini va aytadigan so‘zini mutlaqo his qilmasdan sahnaga chiqqan uquvsiz artistga o‘xshamaydimi?

Biz adabiyotimiz kundan-kun o‘sib borayotganligi, yozuvchilarimizning faolligi to‘g‘risida gapirganimizda nima uchun o‘zbek adabiyoti Butunittifoq adabiyotining bir qismi ekanini unutib qo‘yamiz? Mavjud romanlarimiz povest va she’riy asarlarimizdan qanchasini Ittifoq kitobxoniga taqdim qila olamiz? Mavjud pesalarimizning juda ko‘pchiligi umuman adabiyot tarozisi bilan tortilganda haqiqiy adabiy asarning posangisiga ham yaramaydi-ku. Bu asarlarning avtorlari nari borsa «mahalliy klassik» bo‘lib qolmoqdalar-ku!

Ma’lumki, o‘zbek dehqonlari 1960 yilda mamlakatga to‘rt million tonna paxta berdilar. Buning nima ekanini shundan bilib olish mumkin:

Bir tonna paxtadan 720 metr gazlama, 110 kilo yog‘, 260 kilo kunjara, 16 kilo sovun va boshqa ko‘p narsalar chiqadi.

Shuncha boylikni qishloq xo‘jaligi mehnatkashlari o‘z mehnatlari, mahoratlari bilan yaratganlar. O‘zbekiston radiosi tahsinga loyiq mana shu odamlarga bag‘ishlab har kuni maxsus soat ajratgan. Bu soatlarda ilg‘or paxtakorlar, yaxshi tashkilotchilar haqida ocherklar o‘qiladi, ba’zan ularning o‘zlari so‘zga chiqariladi. Biroq yaxshi niyat bilan qilinadigan bu ishning saviyasi shu qadar past, beriladigan materiallar shu qadar hissiz, tussiz yozilgan bo‘ladiki, radio eshituvchining ensasi qotadi. Qahramonlarning o‘zlari so‘zga chiqarilganda, ularga ko‘pincha no‘noq jurnalist naridan-beri yozgan, tamoman loqayd, sovuq tekstlar o‘qittiriladi. Natijada, radio eshituvchining ko‘z oldiga paxta dalalarining qahramoni emas, so‘zi og‘zidan tushib ketayotgan odam keladi. Eshittirishning tashkilotchilari, avtorlari bunaqa ocherk, bunaqa «so‘z»larga hech kim qiziqmasligini, quloq solmasligini yaxshi bilishadi, shuning uchun tekst va «so‘z»larni muzika va ashulaga o‘rab berishadi.

Bizning ko‘pgina kitoblarimizda ham hayot, odamlar qariyb mana shu xilda «tasvirlanadi», farqi shundaki, radio tekstga muzika surkab bersa, yozuvchi kitobga arzon «muhabbat», «yuksak g‘oyalar», dramaturg tomoshabinga «arzon» kulgi surkab beradi.

Shunaqa asarlarni ijodiy faollik samarasi deb bo‘ladimi?

Adabiy tanqidda «jasorat» degan so‘z yuradi. Ba’zi asarlarni «jasorat bilan yozilgan» deyishadi. Shu xildagi kitoblar yozgan yozuvchining bu ishi jasoratmi yoki xalq hayotini yaxshi biladigan, xalq bilan hamnafas bo‘lgan sovet yozuvchisining burchimi? Agar yozuvchi bir gapni boshqalardan oldinroq aytgan bo‘lsa, bu uning jasurroq ekanini, xalqqa boshqalardan yaqinroq, qulog‘i ding, ko‘zi o‘tkir ekanini ko‘rsatadimi? Modomiki, yozuvchi sotsialistik realizm metodiga sodiq, qulog‘i xalqning ko‘ksida ekan, nima uchun xalqning dilidagi, tilining uchidagi gapni aytishi jasorat hisoblanadi?

Xalq hayotining qa’riga kirib olgan, qalbini xalq qalbiga payvand qilgan sovet yozuvchisining o‘z burchini bajarishda hayotimizdagi illatlarga ham qo‘l urishini jasorat deb atash hayotimizda uchraydigan patalogik hodisalarning ham adabiyotga mavzu, material bo‘lishiga yo‘l ochib bermaydimi?

Men Yevropaga sayohat qilgan vaqtimda bir mamlakatda xalqning hayratangiz bir odatini gapirib berishgandi. O‘sha mamlakatda bola balog‘at yoshiga qadam qo‘ygan paytidanoq ota-onasi bilan bola orasidagi muhabbat rishtalari batamom uzilar ekan. Masalan, ota-ona balog‘atga yetgan bolasiga: «O‘z noningni o‘zing topib yegin, bizdan non uvoq ham umid qilma, bizdan nima qolsa seniki, lekin meros deydigan bo‘lsang, o‘lganimizdan keyin kelib olasan», der ekan. Bola ham ota-onaga shu xilda munosabatda bo‘lib, ularga yordam degan gapni xayoliga ham keltirmas ekan.

Bu odatning hech shubhasiz, tarixiy ildizi, uni odat tarzida tutib turgan shart-sharoit bor. Bu sharoitda farzand meros uchun ota-onasini o‘ldirishi ham mumkin.

A. Chakovskiy «Beandishalikka qarshi» degan otashin maqolasida yozadi:

«Yaqinda Butunittifoq gazetalaridan biri «Kapron iz» degan kriminalistik ocherkni uch sonda katta-katta hajmda e’lon qildi. Ocherkda meros tamaida ota-onasini o‘ldirgan 18 yashar allaqanday haromining fosh etilishi hikoya qilinadi.

Bu kattakon mojaro. Ammo sodir bo‘lgan voqeaniig ijtimoiy axloqiy tahlili yo‘q. Vaholanki, shunday tahlil berilgandagina o‘shanday ommaviy gazeta sahifalarida bu tariqa narsalarni ketma-ket e’lon qilishdan biron ma’no chiqardi».

Bizning sharoitda, sovet voqeligida, hech qanday zamini bo‘lmagan bu hodisaga men patalogik hodisa deb qarayman. Patalogik hodisa adabiyot uchun mavzu ham, material ham bo‘lolmaydi. Afsuski, yozuvchining burchi jasorat deb atalganda bu tariqa «jasorat» ketidan quvgan, jasorat deb maqsadni unutib qo‘ygan ayrim yozuvchilarda patalogik hodisani-bo‘yniga arqon solib adabiyotga sudrab kirish mayli ko‘rinmoqda.

1962 yil