Yoqubjon Xo‘jamberdiyev. Jar yoqasidagi olomon (1990)

(O‘sh viloyatidagi fojialar izidan)

«AN-2» harbiy tayyora motor kuchidan dirillaydi. Farg‘onalik jurnalist Abdunazar Hudoynazarovning ham tayyoradagi boshqa harbiylarning ham ikki ko‘zi pastda. Tayyora O‘shga yaqinlashmoqda edi. Mana, yigirma yildirki, O‘sh viloyatiga — ota yurtimga gohi ulovda, gohi piyoda qatnayman.. Shuncha yil yashab, bir kuni o‘z yurtimga hozirgiday harbiylar yordamida boraman, degan o‘y xayolimga kelmagan. Tayyorada boryapmanu vujudimni allaqanday begonalik chulg‘aganini his etaman. Nahot, o‘zim tug‘ilib o‘sgan qishloqning sharqiroq soylari, bahavo qir-adirlari men uchun begonaga aylansa? Nahot, ulug‘ bobom Bobur Mirzo «Farg‘ona viloyatida safo va havoda O‘sh chog‘lik qasaba yo‘qdur», deb ta’rif bergan shaharga men endi begonaman? Bunday begonalik qayerdan paydo bo‘ldi? Yuz yillab yonma-yon yashab kelgan ikki xalqning orasiga nizo solgan qanday kimsalar? Ikki xalq o‘rtasida qo‘pgan nizo, nohaq to‘kilgan qonlar uchun kim javob beradi?!

Tayyorada boryapmanu ana shu savollar, vujudimdagi begonalik yuragimni o‘yadi, o‘zimni qo‘yarga joy topolmayman… O‘shda bo‘lgan kunlarimda shoir Tursunboy Adashboyev shunday voqeani hikoya qilib berdi: «O‘shdagi to‘polonlarning ertasiga bozorga bordim. Bozor bozorligini yo‘qotgan, go‘yo mozorga aylangan. Hammayoqda turli-tumai meva-chevalarning uyumlari, pista-bodomu turshak, mayizlar yer bilan bitta bo‘lib sochilib yotibdi. Chor taraf besaranjom. To‘polon kuni bir to‘p yoshlar hammayoqni ostin-ustun qilib tashlashgan. Bog‘idagi meva-sabzavotini savatga solib, xalqqa yangilik, deb olib kelgan bog‘bonu dehqon narsalarini shundayligicha tashlab qochgan. Bitta qorovul bo‘lsa, qayoqqa ham qarasin. Shu payt o‘rtadagi rastadan bir odamni ko‘rib qoldim. U bozorchilar tashlab ketgan pista-bodom, meva-chevalardan hech tap tortmay, qo‘lidagi xaltasiga solar, yetaklagan iti uning ortidan yurib narsalarga tumshug‘ini tekizib qo‘yardi. Men bu holga chidamadim. Haligi odamni urishdim, tanbeh berdim, ildizi bitta bo‘lgan ikki xalq o‘rtasida nizo qo‘pib, qon to‘kilib turganda, bunday otning o‘limini it bo‘lib bayram qilgan odamni bitta mening urishganim, tanbeh berganim qayerga ham borardi…»

Bu voqeani eshitib, ko‘z oldimda O‘shning Shahidtepa mavzeida istiqomat qiluvchi G‘anijon akaning militsiya o‘qidan uchgan, hali chimildiq ko‘rmagan o‘g‘li Akramjon, ikki ko‘zi o‘yib olingan o‘shlik asalchi Muhammadjon Jo‘rayev, butun umrini Mirzakida Sovet hokimiyatini mustahkamlashga bag‘ishlagan, uzoq yillar nohiya partiya komitetining kotibi, ijroqo‘m raisi, kolxoz raisi vazifalarida ishlab kelgan, sakson yoshga kirgan paytida, Sovet rayonidan kelgan aqli noqis kishilar tomonidan vahshiylarcha o‘ldirilgan Abdurahmon ota Maniyozov, mirzakilik Azimjon qassob va uning qiynab o‘ldirilgan to‘rt farzandi, o‘zganlik shahid ukalarim Ravshanbek Mamatov, Muhammadsodiq Foziljonov, Homidjon Ergashev va boshqa yuzlab begunoh qurbonlar xayolimdan o‘tdi! Muhammadsodiqning onasi Sohibjamol opaning, eridan, to‘rt farzandidan ayrilgan Tursunoy opaning yurakni ezuvchi nolalari quloqlarim ostida bir zum qaytarildi. O‘zgan shahar xalq komiteti a’zosi, bosqin kunlari jondan shirin o‘g‘lidan ayrilgan Jumavoy akaning g‘amgin ko‘zlari, o‘t qo‘yilgan uy joyi uchun emas, nohaq qurbon bo‘lgan yurtdoshlari, o‘n besh ming nusxa nodir asarlardan iborat kutubxonasi yonib kul bo‘lgani uchun qayg‘urayotgan g‘azalnavis shoir, Qirg‘iziston SSR Xalq deputati Odil Raimjonovning alamlari, uy-joysiz qolgan 1273 nafar o‘zganliklar, 17 iyunga qadar O‘zgan rayonida ro‘yxatga olingan 157 nafar shahidlarning, dom-daraksiz yo‘qolgan odamlarning, nomusiga tajovuz qilingan yosh qizlar, ayollarning qarindosh-urug‘lari, yoru birodarlari to‘kayotgan ko‘z yoshlar…

Andijon shahar klinikasida yotgan 16 yashar Akbarali bunday deydi: «Oilamiz «Qurshob» sovxoziga qarashli dalalarda piyoz ekkandi. O‘sha, 5 iyun kuni bir traktorchi kelib, vaqtida ketib qolinglar, bo‘lmasa sog‘ qolmaysizlar, deb ketdi. To‘qayga berkindik. Qochib ketolmasligimizga kattalarning ko‘zi yetdi. To‘rt xo‘jalikdan 18 kishi edik. Yarim kechada yashiringan joyimizdan chiqib, yo‘lga tushdik. Soy bo‘yiga chiqqanimizda, bizni bosqinchilar ushlab olishdi. Onamning qo‘lida ikkn yarim yashar ukam bor edi. O‘sha ukamni onamning bag‘ridan uzishib, soyga otib yuborishdi. Onamni ham suvga oqizishdi. Ularning orqasidan otam, akam o‘zlarini suvga otishdi. Pastroqda esa Ro‘ziboy aka ikkimizni bosqinchilar tutmoqchi bo‘lgan edi, suvdan chiqib qochdik. Ular bizni otishdi, oyoqlarimga o‘q tegib yiqildim… Onam bilan singlimning haligacha daragi yo‘q…»

Bu voqealarni, raqamlarni, guvohlarning so‘zlarini odamlarning g‘azabini qo‘zg‘atish uchun yoki bo‘lmasa, endigina tinchlanib kelayotgan vaziyatni qayta junbushga keltirish uchun yozayotganim yo‘q. Holbuki, O‘sh, O‘zganda bo‘lib o‘tgan voqealar endilikda barchaga ma’lum. Axir, bitta o‘lgan odamning o‘nta qarindoshi bor. O‘nta qarindosh esa yigirmata-yuzta-mingta odamga bo‘lib o‘tgan voqealarni yetkazishi mumkin. Bugun O‘sh, O‘zgan voqealarini yashirish, o‘lgan odamlarni, o‘t qo‘yilgan uylarning sonini kamaytirib ko‘rsatish, fojialarning asl sabablarini aytmaslik, xaspo‘shlash yana yangi fojialarga, yangi nizolarga olib boradi, xolos. Oyni etak bilan yopib bo‘lmaydi. Bugun odamlarga nasihatgo‘ylik emas, rostguylik kerak, qanchalik achchiq, dahshatli bo‘lmasin, rost gapgina fojialarning oldini olishi, kishilarning Sumg‘aitda, Yangi O‘zanda, Farg‘onada bo‘lganidek, O‘sh, O‘zgan fojialari sabablarini har kim har xil talqin etmoqda. Bu fojialarning sabablari birovlarga partiya, sovet xodimlarining xalq hayotini, turmushini bilmasligi, ularning ehtiyojlariga, millatlararo munoyeabatlarga to‘ralarcha yondashuvi tufayli sodir etilgandek ko‘rinsa, yana allakimlar bu hodisalar norasmiylarning aybi bilan yuzaga keldi, deyishmoqda. Boshqa birovlar esa, o‘nlab yillar mobaynida xalqlarning biqiqlikda, demokratiyasiz, oshkoraliksiz yashab kelayotgani mana shunday fojialarga olib keldi, deyishmoqda.

Agar yetmish yildan buyon hukm surib kelayotgan ma’muriy buyruqbozlikning umri yana davom etaversa, bir paytlar beboshlarcha bo‘lib tashlangan bir butun xalqning —Turkiston xalqining taqdiri shu xalqning o‘z qo‘liga berilmasa, yana Farg‘ona, O‘sh fojialari yuzaga kelmasligiga hech kim kafolat berolmaydi. Bugun arman yigiti ozar yigit bilan, qirg‘iz yigiti o‘zbek yigiti bilan yoqa yirtishayotgan ekan, bu yoqavayronlikni kimdir tomosha qilib turgan ekan, bu o‘sha bir-birlarining yoqalaridan ushlashgan yigitlarning, o‘sha yigitlar mansub bo‘lgan xalqning fojiasi!

Bir narsaga tushunmayman. Oddiy mehnatkash xalq, butun umri molning ortida o‘tgan cho‘pon, paxtakor, dehqon boshqa o‘ziga o‘xshagan bir xalqning vakiliga o‘z-o‘zidan tig‘ ko‘tarishiga tushunmayman! Xalq o‘zicha bunday xunrezlikka hech qachon bormaydi. Uni aldashadi, uyushtirishadi, yolg‘onlar to‘qishadi. Fitna uyushtiruvchilar, yolg‘on to‘quvchilar ozmunchami? Ular bugungi kunda har birimizning ongimizga singib borayotgan qayta qurish g‘oyasining ashaddiy dushmanlaridir. Ular mamlakatimizning turli burchaklarida qayta qurishga qarshi oldindan o‘ylab «faoliyat» ko‘rsatishayotgani ham sir emas. Ular Boltiqbo‘yi respublikalarida boshqacha, Kavkazorti respublikalarida o‘zgacha, O‘rta Osiyo respublikalarida undan ham boshqacha usullar bilan harakat qilishmoqda. Maqsad esa bitta: Qanday qilib bo‘lsa ham ildizi, urf-odati, dini-e’tiqodi bir bo‘lgan xalqlar birlashib ketishmasin. O‘z vaqtida bir butun Turkistonning bo‘lib yuborilishi, respublikalararo sun’iy chegaralar paydo qilish ham yuqoridagi maqsadga xizmat qilgan edi.

O‘sh fojialarining asosida turgan yer janjali, to‘g‘risi, yuqoridagi maqsadni amalga oshirishda bir turtki, xolos. Qayta qurish dushmanlari har bir imkoniyatdan, ma’murlar yo‘l qo‘ygan har bir xatodan foydalanmoqdalar. Eng dahshatlisi shundaki, ularga O‘rta Osiyo xalqlarining biroz qiziqqonligi, ishonuvchanligi ham qo‘l kelmoqda — ig‘vogarlarning tuzog‘iga juda tez ilinishmoqda. Har qanday tuzoqdan esa qon sizadi.

Shular haqida o‘ylar ekanman, «Krasnaya Zvezda» ro‘znomasining 1989 yil 4 oktyabr sonida bosilgan «Tovlamachilarning arzi holi» sarlavhali maqolani esladim. Maqola muallifining yozishicha, redaktsiyaga ikki kishi telefon qilishib, muallif bilan uchrashmoqchi ekanliklarini aytishgan. Keyin ular uchrashishgan. Sim qoqqan kishilarning biri o‘z ismi Oleg ekani, sobiq ofitser, ilgari sudlangani, afg‘on urushida qatnashganini aytadi. Ikkinchisining ismi Viktor, u ham ilgari sudlangan, afg‘on urushida qatnashgan, sobiq militsiya serjanti ekanini bildiradi. Ular maqola muallifiga o‘zlari mansub bo‘lgan yashirin tashkilot haqida so‘zlab berishadi.

— Reketlar asosan uch qatlamdan iborat bo‘ladi,— deydi Oleg. — Birinchisi, mayda kooperativ o‘g‘rilari. Ikinchi qatlam — biz. Bizlarni kerakli odamlar bilishadi. Oladigan daromadimizning qat’iy bahosi mavjud. Biz olamiz ham va bizga beradigan kishini himoya ham qilamiz. Besh ming so‘m pul bir qarashdagina katta boylik bo‘lib ko‘rinadi. Aslida unday emas. O‘zimiz aniqlash uchun ba’zan yuqoridagi pulga nisbatan uch baravardan ham ko‘p mablag‘ sarflaymiz. Shunday qilib, «sog‘ishimiz» kerak bo‘lgan odamning daromadlarini goh ijroiya komitetga, goho kolxozga, gohida esa oshxona va restoranlar trestiga uzatishga to‘g‘ri keladi. Bugun «nomenklatura» o‘z obro‘si va imtiyozlarini yo‘qotmoqda. Shu bois ularning ham ko‘plari olishadi… Uchinchi qatlam bu alohida suhbat. Bu — superreket. Ular ilgarilari ham bor edi. Faqat ko‘ngilli edilar. Gap shundaki, bizning qorong‘u dunyomizda har birimiznnng o‘z «orqamiz» bor… Bu yerda esa qandaydir hech bir tushunarsiz, tasavvurga sig‘maydigan ishlar bo‘lmoqda. «Otaxonlar» va «qonundagi o‘g‘ri»lardan ham obro‘liroq kuchlar paydo bo‘lmoqda. Ular yo‘lni qayoqqadir boshqa tomonlarga burishmoqda. Nima bo‘lganda ham men sobiq harbiyman, agar qurollangan uch-to‘rt yuz kishini buyruq bilan qo‘zg‘otilsa, endi bu reket emas, balki yollangan armiya bo‘lishini tushunaman. (Afuski, bu quruq gaplar emas, militsiya axborotiga ko‘ra, yetmish besh foiz, ya’ni 35 mingdan ortiq kooperativlar reketchilarning nazoratida turadi. Agar har bir qora guruhda kamida uch kishi bo‘lsa, dahshatli raqam — yuz ming yuzaga keladi. — Red.) Agar bu kishilarniig turli shaharlarda yashashlari bir-birlarini g‘oyibdangina bilishlarini hisobga olsakchi… Mana shunaqa ishlar. Yana, ishlayver, lekin shuni bilki, xabar kelishi bilan aytilgan joyda bo‘lishing va nimani buyurishsa o‘shani bajarishing zarur bo‘ladi. Bo‘ysunmay ko‘rchi? Barcha «ko‘zirlar» ularning qo‘lida. Biz sen bilan gapirib-gapirib tarqab ketamiz. Ular men haqimda hammasini — «kulbamni», «mulkimni», eng muhimi, barcha «ish»larimni bilishadi. Bitta qo‘ng‘iroq bilan, ichak-chavog‘ing qo‘shilib, yonib ketasan odam… Biz (bizlar esa bir-ikkita emasmiz) «bas» qilishga va izimizni yo‘qotishga qaror qildik. Bu ishlardan yomon hidlar anqimoqda. Yangi O‘zandagi tartibsizliklarni boshlashga majbur qilingan bir nechta kishini bilaman. Farg‘onada «ishlagan» eski tanishlarimni ham uchratdim. Mana shunaqa gaplar. Ayniqsa, ularning bahosi baland. Boshqalarni ham bu ishlarga jalb qilgudek bo‘lsak, bizlarga oltin tog‘lar va’da qilishmoqda… Odamni — oddiy ishchi, injenerni o‘ldirish qancha turadi? Bor-yo‘g‘i 500—700 so‘m…

Maqolani qayta-qayta o‘qigach, xayolimdan juda ko‘p gaplar o‘tdi. Aytaylik, Farg‘ona fojialarining haqiqiy aybdorlari shu paytgacha ham to‘la aniqlangani yo‘q. Nohaq qurbon bo‘lgan o‘nlab kishilarning arvohlari haligacha chirqirab turibdi. Milliy, sotsial nizolar tufayli respublikalarda yuz berayotgan tartibsizliklarning, qon to‘kishlarning haqiqiy aybdorlari topilmayotgan ekan, bu ishlarga mas’ul bo‘lgan kishilar nima bilan shug‘ullanishmoqda? Balki O‘shdagi, Farg‘onadagi kabi fojialarga bog‘langan kalavaning uchi bu yerlardan ancha olislarga borib taqalar? Bu fojialarga balki allaqanday ko‘zga ko‘rinmas kishilar rahbarlik qilishayotgan bo‘lsachi?!

— Otam ham, katta otam ham mana shu O‘zgan xalqiga xizmat qilgan, — deydi Qirg‘iziston SSR xalq deputati Odiljon Raxshjonov. — O‘zim uzoq yillardan buyon qurilish tashkilotida rahbarman. Shu vaqt mobaynida minglab, oilalarga uylar qurdik. Bunday ishlar bo‘ladi, deb hech o‘ylamaganmiz. Lekin, afsuski, bizning do‘stlarimiz do‘st bo‘lib chiqmadi. 5 iyun kuni avtostantspyada yoshlar to‘polon chiqarishdi.. Bu to‘polon tinchib, oradan ikki-uch soat o‘tgach, Sovet rayoni tomonidan mashinalarda, otlarda qiyqirishib odamlar tushib kelishdi. Uyda edim. Bir payt darvoza oldiga kimlardir kelib: «Odil, chiq, bu yoqqa, biz seni otgani va uyingga o‘t qo‘yganch keldik», deyishdi. Darvozaga qarata avtomatdan o‘q uzishdi. Darvozaxonada turgan «Jiguli» mashinasini yoqib yuborishdi. Biz oilamiz bilan orqa tomondan ukamning uyiga o‘tdik. Eng qizig‘i shundaki, bosqinchilar shu mahallada biznikiga va kuyovimnikiga, ko‘cha boshrog‘ida yana bir kishinikiga o‘t qo‘yishdi. Uyimiz yonib, kul bo‘lguncha, ko‘cha atrofini qo‘riqlab turishdi. Yonib ketgan uyim, mol-dunyo ko‘zimga ko‘rinmayapti. Lekin o‘n besh ming nusxa kitobdan iborat kutubxonam bor edi. Ular orasida eng nodir qo‘lyozmalar, nodir asarlar mavjud edi. Nega? Nima uchun bunday qilishdi? Ularga nima yomonlik qildim?!

— O‘sh, O‘zgan fojialari oldindan uyushtirilgan, jinoiy harakatlarga ayrim odamlar bevosita rahbarlik qilgan, deya ayta olaman, — deydi O‘zgan shahar xalq komitetinnng raisi M. Husanov. — O‘zganda halok bo‘lganlarning katta bir qismi militsiya o‘qidan yiqildi. Bu gapning asosi bor. Birgina O‘zgandagi DOSAAF tashkilotlaridan 70 ta miltiq, 700 pachka o‘qning sirli ravishda «o‘g‘irlangan»i ham bu fojialarning uyushtirilganidan yaqqol dalolat berib turibdi.

O‘zganda bo‘lganimizda, bunday voqealarni boshqa kishilar ham hikoya qilib berishdi. Jumladan, Mirzakidagi qurilish tashkilotining hisobchisi Oytoji Tojimatovaning guvohlik berishicha, shu tashkilotda 4 tonna armatura kestirilib, maxsus qurol yasalgan. O‘zgan shahrida yashovchi Gulnora Karimjonova, Ra’no Madumarova, Nazira Ahmadjonovaning guvohlik berishlaricha, maishiy xizmat ko‘rsatish kombinatiga Mirzaki qishloq Sovetidan allaqanday odamlar kelishib, qizlarni qizil matohdan peshanabog‘ tiktirishga majbur qilishgan. Bosqinchilar ana shu peshanabog‘larni tang‘ib, odam o‘ldirishgan, uylarga o‘t qo‘yishgan. Yoki boshqa bir misol. Novqatdagi tartibsizliklar ustiga karnay o‘rnatib olgan «Moskvich» mashinasi tarqatgan xabardan boshlangan. O‘sha «Moskvich» qirg‘izlar yashaydigan qishloqdan o‘tayotib, «Farg‘onadan kelishgan o‘zbeklar qirg‘izlarni o‘ldirmoqda», deb jar solsa, o‘zbeklar yashayotgan joylardan o‘tayotib, «qirg‘izlar o‘zbeklarni o‘ldiryapti», deb jar solgan. O‘sh shahridagi «Karvonsaroy» mehmonxonasining xodimi Davlatxon opa shunday xabar beradi: «O‘shda to‘polonlar boshlanmasdan ikki hafta ilgari mehmonxona kishilardan bo‘shatilib, militsiya kiyimidagi 40 nafar qirg‘iz millatiga mansub qurolli kishilar joylashtirildi. Voqealar boshlangan kuni esa o‘sha kishilar yo‘q bo‘lib qolishdi…»

Shunday qilib, O‘sh, O‘zgan fojialarida yuzlab tashviqotchilar el orasiga vahima soldi. Ular transport, aloqa, qurol, mablag‘ bilan to‘la ta’minlandi. Tashviqotga uchgan kishilarga qurol-yarog‘ yetkazib berishdi, Xo‘sh, bunday millatlar o‘rtasida to‘kilayotgan qondan kimlar manfaatdor? Nahotki, cho‘ntakkesar, kooperativ o‘g‘rilari, mayda reketchilar manfaatdor bo‘lishsa? Axir, ular odamlarning o‘limidan emas, aksincha, ularning boy-badavlat yashashlaridan manfaatdor-ku! Odamlarning puli ko‘paysa, ularning ham bozori chaqqon bo‘ladi-ku!

Yaqinda «Pravda» ro‘znomasi bunday deb yozdi: «Dastlabki tashvishli «qo‘ng‘iroq» o‘tgan yili chalingan edi. O‘shanda, uy-joy yetishmaganidan joni halqumiga kelgan, eng muhimi, kelajakda ham boshpanaga ega bo‘lishdan umidini uzgan frunzelik yoshlar —ishchi va talabalar shahar atrofidagi xo‘jaliklarning yerlarini o‘zboshimchalik bilan egallab olishdi. Dastlabki to‘qnashuvlar uchqunidan, ayniqsa, o‘z turmush sharoitlarini yaxshilash uchun kurashga asosiy ko‘pchilik qirg‘iz millatiga mansub yoshlar kirishganidan qo‘rqib ketgan hukumat yon berdi, yerlar bo‘lindi. Shu bilan xotirjam qolishdi. Ma’lum bo‘ldiki, bekorga xotirjam bo‘lishgan ekan. Keyingi yili birdaniga ikki nuqtada — Frunze va O‘shda to‘qnashuv yuz berdi. Yana yon berildi. Va yana boshqa millat vakillari hisobiga. Biroq bu safar mana men deb turgan adolatsizlik qonli yong‘inni keltirib chiqardi».

Bugun jahon miqyosida yuz berayotgan ijtimoiy-siyosiy jarayonlar xalqlarning o‘zaro jipslashuvi, masalalarni birgalikda, bir yoqadan bosh chiqarib hal etish sari rivojlanmoqda. Xususan, urf-odatlari, din-e’tiqodlari, tarixiy taqdiri bir-biriga yaqin bo‘lgan xalqlar o‘zaro jipslikka jadal intilmoqdalar. Qadim Turkiston xalqlari ham bu jarayondan chetda emas. Xususan, O‘rta Osiyoda yuzaga kelgan milliy mojarolarni respublikalarni avtonomiyalarga, mayda bo‘laklarga bo‘lib tashlab emas, aksincha birlashtirish, yagona Turkiston yo‘lidan borish bilangina to‘g‘ri hal etish mumkin. Yaqinda O‘rta Osiyo va Qozog‘iston jumhuriyatlari rahbarlarining Olmaota shahrida bo‘lib o‘tgan uchrashuvlari va o‘zaro hamkorlik borasidagi bitimlari ham shundan dalolat beradi. Xuddi mana shu o‘zaro jipslashuv qayta qurish dushmanlariga ma’qul bo‘lmayapti. Qanday yo‘l bilan bo‘lmasin, endigina nish berayotgan xalqlarning o‘zaro jipslashuvi jarayonini to‘xtatishga, bu xalqlarni bundan bir necha o‘n yillar oldin qanday parchalab tashlangan, oralariga sun’iy chegaralar qo‘yilgan bo‘lsa, o‘shandaycha saqlashga harakat qilinmoqda. Tilda qayta qurish do‘stimiz deb, lekin unga dushmanlik qilayotgan kuchlar xalqlar o‘rtasiga o‘zaro nizolar urug‘ini sochmoqdaki, bu urug‘ kun sayin, soat sayin o‘z mevasini ko‘rsatyapti. Uning tezkorlik bilan unishiga Turkiston xalqlarining yetmish yil mobaynida o‘z tarixidan, madaniy merosidan, yozuvidan ajralib qolgani, turmush darajalarining pastligi, odamlar yuragidagi diniy e’tiqodni shafqatsizlarcha yulib olishga zo‘r berilgani, 30—50-yillarda to‘g‘ri gapni aytmoqchi bo‘lgan millatning gullari qatag‘on qilingani oqibatida, butun-butun xalqlar ma’naviy qashshoqlashib, omi bo‘lib qolgani ham sabab bo‘lmoqda. Holbuki, O‘rta Osiyo xalqlarining boy madaniyati, cho‘ng tarixi borligi barchaga ma’lum. Abu Ali ibn Sino, Beruniy, Forobiy, Navoiy, Bobur, Maxtumquli, Abay kabi allomalarni yetkazib bergan xalq hech qachon ma’naviy qashshoq bo‘ladimi? Bo‘lmaydi. Lekin dunyoda shunday qora kuchlar ham bor ekanki, istasa, nainki alohida bir kishini, balki butun-butun ellarni o‘z tarixidan, tilidan, elidan tonish, unuting darajasiga yetkazib qo‘yarkan. Ch. Aytmatovning «Asrga tatigulik kun» asarini eslang. Undagi manqurtga aylangan o‘smir obrazini eslang. O‘sha o‘smir o‘z onasiga qarata o‘q uzadi… Unda na xotira bor va na xotirot. U nainki el-yurtini, tuqqan-tug‘ishganini, balki o‘z onasini ham unutgan. Hatto u o‘zining dunyoda mavjudligini ham bilmaydi… O‘sh fojialarini yuzaga chiqargan asosiy sabablardan biri ham ana shu xotirsizlik. Xotirasiz insonni har ko‘yga solish oson ko‘chadi. Bugun o‘z qarindoshining ma’sum go‘dagiga pichoq solgan yosh yigit ertaga o‘z akasiga, ukasiga, onasiga — millatiga pichoq ko‘tarmasligiga kim kafillik bera oladi? Hech kim.

… O‘sh fojialarining oldini olish mumkinmidi? Ha, O‘sh fojialarining ham, O‘zgan fojialarining ham oldini olish mumkin edi. Hatto Farg‘ona, O‘sh fojialarini yuzaga keltirgan aybdorlarni aniqlash ham mumkin. Faqat buning uchun mas’ul kishilarda istak, xolislik, adolat har narsadan ustun turishi lozim. Matbuotda aytilganday, birgina O‘sh oblast ichki ishlar organlarida asosiy ko‘pchilikni bir millat vakillari tashkil etishining o‘ziyoq bu yerda jamiyatimizning eng nufuzli maqsadlari — xalqlarning tengligi, o‘zaro birodarligi uchun xizmat qiluvchi nisbat buzilganligini sezish qiyin emas. Axir, buning oldini olish mumkin emasmidi? O‘sh voqealari munosabati bilan Andijon oblastida yuzaga kelgan keskin vaziyatni barqarorlashtirishga erishildi-ku! Shunday ham begunoh to‘kilgan qonlarning ko‘payishiga yo‘l qo‘yilmadi-ku! Qilsa bo‘larkan-ku! Ha, fojialarning oldi olinsa bo‘lar edi, lekin olinmadi. Aksincha, Qirg‘iziston jumhuriyatining ayrim mas’ul kishilari shu kungacha ham vaziyatni barqarorlashtirishga harakat qilishmayapti. Ular «O‘zbekiston bizning ichki ishlarimizga aralashyapti», degan malomatlarni qilishmoqda. Fojialar yuz bergan kunlari o‘zbekistonlik chorvadorlarni, asalchilarni qutqarish uchun, jabr ko‘rganlarga dori-darmonlar yuborilgan vertolyotlarimiz, odamlarimiz shubha ostiga olindi. O‘shga Andijondan falon ming odam o‘tdi, deya Moskvaga tuhmatdan iborat telegrammalar berildi. Holbuki, O‘zbekiston jumhuriyatining rahbarlari O‘sh oblastida yuz berishi mumkin bo‘lgan voqealarni oldindan sezib, oblast ijroiya komitetining «O‘sh aymog‘i»ga yer ajratib berish haqidagi qonunga xilof bo‘lgan qarorini bekor qilish lozimligini ta’kidlab, qirg‘iz do‘stlarimizga aytishgan edi. Lekin, Qirg‘iziston hukumati jumhuriyat ichidagi sog‘lom kishilarning so‘ziga quloq solmaganidek, o‘zbekistonliklarning fikrlariga ham e’tibor berishmadi, Hatto Farg‘ona vodiysida favqulodda holat o‘rnatilganidan ham ularning ko‘ngillariga g‘ulg‘ula tushdi: Demak, Andijonda, bir gap bor, deb o‘ylashdi ular. Holbuki, Andijon oblastida favquloda holat o‘rnatishdan maqsad, qirg‘iz xalqining shu oblastda yashayotgan 70 mingdan ziyod vakilini eson-omon saqlash, O‘shga birorta ham odam o‘tkazmaslik edi. Shunday ham bo‘ldi. Andijonda birorta ham qirg‘iz millatiga mansub odamga ziyon-zahmat yetgani yo‘q. Bizga xabar berishlaricha, ro‘znomalarda yozilayotgan oltita yongan uy ham aslida yonmagan. O‘sha kunlari bozorlardagi meva-chevalarning narxlari ko‘tarilib ketdi. Andijonliklar O‘sh chegarasida bozor ochishdi. Mana, arzon-garov sotib olinglar, deb meva-chevalarni keltirib qo‘yishdi. Yana bir gap shuki, O‘zganda jabr ko‘rgan aholiga Suzoq, Jalolobod, Bozorqo‘rg‘on kabi O‘shning o‘zbeklar gavjum yashaydigan rayonlaridan ko‘plab oziq-ovqat, kiyim-kechaklar keltirildi. Masalan, Suzoqdagi «Granit» kooperativining o‘zi yaqin 2 ming so‘mlik oziq-ovqat, qurilish materiallari yetkazib berdi. Lekin ming afsuski, ana shu beg‘araz yordam ham ayrim odamlarga ma’qul bo‘lmadi. Qorasuvdan to O‘zganga yetguncha bo‘lgan yo‘llarga bir qancha muddat to‘siq qo‘yildi. Olomon yordam olib ketayotgan mashinalarni toshbo‘ron qildi… O‘zbekiston jumhuriyatining rahbarlari fojia yuz bergan kunlariyoq nufuzli komissiya tuzish lozimligi xususida Moskvaga, SSSR Prezidenti nomiga telegramma yuborishdi, lekin O‘zbekistondan borgan bunday telegrammalarga Moskva kam e’tibor berdi. «Moskva ko‘z yoshlarga ishonmaydi», degan ibora to‘g‘ri bo‘lib chiqdi. Markaz respublikalar o‘z ishlarini o‘zlari mustaqil hal qilishlarini istamoqda. O‘sh fojialari yuz berganiga ikki oydan ortiq vaqt o‘tdi. Ushbu maqolaning asosiy qismi o‘sha fojialar boshlangan dastlabki kunlardayoq yozilgan edi. Lekin ayrim sabablarga ko‘ra, maqolani o‘sha kunlari bosish imkoni bo‘lmadi. Bu orada «Izvestiya», «Rabochaya tribuna», «Literaturnaya gazeta», «Uchitelskaya gazeta» kabi markaziy nashrlar fojialar xususida yozdilar. Ushbu ro‘znomalarning fikri bir joydan chiqmoqda: Fojialar oldindan o‘ylab, rejalashtirilib amalga oshirilgan. Yuz bergan xunrezliklarga birinchi navbatda Jumhuriyat, oblast rahbarlari javobgar bo‘lishlari lozim. «Voqealar boshlanmasidan to‘rt oy oldin oblast partiya komitetining birinchi kotibi va oblast kengashining raisi bo‘lib kelgan bu odam (U. Siddiqov — red.) ishni nimadan boshladi, — deb yozadi «Izvestiya» gazetasining muxbirlari «Oldindan aytilgan portlash» («Izvestiya», 207-son) maqolasida. — Avvalo, rahbar kadrlarni «milliylashtirish»dan. O‘sh aholisining qirg‘iz millatiga mansub qismiga uy-joy solish uchun yer ajratib berish haqidagi qaror esa, uning birovlarga ijtimoiy adolat qilish boshqa birovlarning hisobiga bo‘lishi kerak, degan tasavvuriga juda ham mos edi. «O‘sh aymog‘i» tashkilotining paydo bo‘lishi va uning har jihatdan mustahkamlanishi U. Siddiqovning oblastga yangi rahbar sifatida qaytishiga to‘g‘ri kelib qolgani tasodif emas, deb o‘ylayman».

«Rabochaya tribuna» ro‘znomasining 19 iyul sonida bosilgan «G‘avg‘oning qora dalasi» maqolasida O‘sh shahar ichki ishlar boshqarmasi sobiq boshlig‘i X. Toshmatovning so‘zlari keltiriladi. «1990 yil aprel oyi oxirlarida yerlarni bosib olish bo‘yicha «O‘sh aymog‘i» tashkiloti tuzildi,—deb hikoya qiladi X. Toshmatov. — Bu tashkilotning boshlig‘i nasos zavodi injeneri Qambar Bektemirov edi, «O‘sh aymog‘i» faoliyatini kuzatsangiz, uning jangovar, tashkilot ekanini anglaysiz. Boshliq doim o‘n nafar barvasta odamdan iborat qo‘riqchilari bilan yurardi. Aprel oyi oxirlarida mening «O‘sh aymog‘i» shtabiga kelishimni aytishdi. Bu yerda oblast ijroiya komiteti rais o‘rinbosarlari Abdurahmonov va Asanaliyev bor ekan. Dastlab bosh vrachni so‘roq qilishdi. Kasalxonalarda bo‘sh karavotlar bor-yo‘qligini surishtirishdi. Mendan millatimni, militsiyada ishlayotganlar tarkibini, kimlar ishlayotganini aniqlashdi… 17 may kuni oblast avtomobil trestida bo‘lib o‘tgan majlisda Q. Bektemirov tashkilotning barcha a’zolari 27 may kuni dalada yig‘ilishlari lozimligini tayinladi. Yer bo‘linadi, dedi. Ushbu tadbirni muvaffaqiyatli o‘tkazish uchun oblastning barcha rayonlariga choparlar yuborib, chiniqqan yigitlardan jo‘natishlarini so‘radim, deb aytdi…»

«Janjalga sabab bo‘lgan narsa endilikda hammaga ma’lum, — deb yozadi «Literaturnaya gazeta»ning muxbiri Yuriy Rost o‘zining «Bong» («Literaturnaya gazeta, 32-son) sarlavhali maqolasida. — O‘zbeklar azaldan foydalanib kelgan V. I. Lenin nomidagi kolxozning yeri. Ana shu yerni iyun oyida uy-joy qurish uchun qirg‘izlarga ajratib berishga qaror qilishdi. Go‘yo mana shu dalada o‘zbek va qirg‘iz guruhlari o‘rtasida janjal chiqib, qon to‘kilishiga sabab bo‘lgan. Oltita o‘zbek o‘lgan, ko‘plab kishilar jarohatlangan. Guruhlar janjalga kirishmagan. «OMON»chilar (maxsus soldatlar — Yo. X.) osmonga otishgan, biroq qurbonlar ko‘kragidan o‘n yeb yiqilishgan. Qirg‘iz militsiyasi olomonga qarata o‘q otgan. Ikki haftalik maxsus tayyorgarlikdan o‘tgan, (davlat korxonalarida tikilgan) peshanabog‘ bog‘lab olgan qirg‘iz jangovar guruhlari o‘sha dalada jim o‘tirishib xabar kutishgan. Otishmadan so‘ng, o‘zbeklar shahar tarafga qochgan, boyagi jangovar guruh esa ularning izidan quvgan.

Ertasiga O‘zgan, Qorasuv va nohiyalarda ommaviy qirg‘inlar boshlandi. To‘qnashuvlarning o‘z-o‘zidan bo‘lganiga, birdan ko‘tarilganiga ishonish qiyin. Butun-butun mahallalarni yoqib yuborish, hamma joyda birdan o‘t qo‘yishga yetadigan darajada yonilg‘i quyilgan shishalarni tayyorlash uchun faqat aniq harakatning o‘zi kifoya qilmaydi. Buning uchun qandaydir g‘oya ham kerak. Yovvoyi, vahshiylarcha, lekin g‘oya… O‘sh oblastida voqealar o‘zining ulkanligi bilan o‘nlab Sumg‘aitdan, yovuzligi bilan barcha narsalardan, hatto adabiyotlar orqali bilganlarimizdan ham oshib tushadi. Voqealar partiya s’ezdi bo‘lib o‘tayotgan kunlarga to‘g‘ri kelishiga qaramay ushbu inson fojiasini muhokama etish uchun bu yerda ham vaqt topilmadi. Voqealar kechayotganda jumhuriyat boshlig‘i esa Siyosiy byuro a’zosi bo‘ldi… U O‘zganga… bronetransportyorda bordi, lekin, mayli, qorovul panohida bo‘lsa ham, mashinadan tushib, o‘z xalqi bilan gaplashishga o‘zida kuch topolmadi. Vertolyot uni jumhuriyat rahbari uchun xavfsiz bo‘lgan joyga olib ketdi… Ommaviy axborot vositalari tomonidan tarqatilgan O‘shdagi g‘avg‘o chiqqan dala haqidagi afsona fojialarning o‘z-o‘zidan yuz bergani haqidagi afsonani yaratdi. O‘zbeklarning ruxsat berilgan mitingida 17 banddan iborat talabnoma muhokama etilishi lozim edi. Ular orasida milliy avtonomiya masalasi ham bor edi. Rasmiy doiralarda xuddi ana shu masala portlashga sabab bo‘ldi, deya talqin etilmoqda. Ko‘pmingkishilik olomonning ushbu da’vosi noto‘g‘riligini juda yaxshi tushungan holda miting qirg‘inlarga sabab bo‘ldi, xolos, desam adashmagan bo‘laman. Yana ham aniqrog‘i, qirg‘inlar ana shu mitingga to‘g‘rilangan edi…»

Uylaymanki, yuqorida keltirilgan parchalarni sharhlash shart emas. Ularning har satridan go‘yo o‘zbekning qoni tomib turibdi… Markaziy ro‘znomalarning O‘sh fojialari xususidagi fikrlarini, fojialarning shohidi sifatida qo‘llab-quvvatlagan holda, meni boshqa bir narsa tashvishga soladi. Bu — markaziy hokimiyatning O‘sh fojialariga o‘z siyosiy bahosini bermayotgani masalasidir. Axir, O‘sh voqealarida bitta-ikkita emas, yuzlab odamlar o‘ldirildi. O‘ldirilganlarning yaqin to‘qson foizi o‘zbeklardir. Yuzlab uylarga o‘t qo‘yildi. Minglab kishilar boshpanasiz qoldi. Kiyim-kechak, ro‘zg‘orlari yonib ketdi. Bu—misli ko‘rilmagan fojia. Mana shunday fojia sabablarini zudlik bilan qidirib topmaslik, unga siyosiy baho bermaslik, tomoshabin bo‘lib turishni qanday tushunish kerak!

Ro‘znomalar, ommaviy axborot vositalari haqiqatni yozishlari, jinoyatchi rahbarlarni fosh qilaverishlari mumkin, lekin ana shu jinoyatchilarni boshqarib turgan, ularning harakatlarini ko‘rib, o‘zini ko‘rmaganga solgan turg‘un siyosat fosh etilmasa, Farg‘ona, O‘sh fojialari boshqa bir istalgan nuqtada qaytarilmasligiga hech kim kafolat berolmaydi…

O‘zganni harbiylar saqlab qolishdi. Agar ular «LG» ning muxbiri Yuriy Rost yozganidek, yana besh-olti soatga kechikkanlarida, qurbonlarni yuzlab emas, minglab sanash mumkin bo‘lardi. Ular jarohatlanganlarga yordam berishdi, o‘liklarni ko‘mishdi, o‘t o‘chirishdi, Shu jarayonda bir askar yigit halok bo‘ldi: Qiynab o‘ldirilgan bolalarni, qizlarni ko‘rib, bunday hunrezlikka uning asablari dosh bermadi. O‘zini-o‘zi o‘ldirdi… Bu o‘lim — oddiy o‘lim emas, bu vahshiylikka qarshi isyon!..

Qanchalik rost yoki mish-mish ekaniga kafillik berolmayman, lekin O‘zganga keyingi safar borganimda, odamlar shunday bir gapni aytishdi: O‘zganga bostirib-kelgan ayrim kishilar o‘rtasida ichdan irish kasalligi boshlanibdi. Emishki, o‘sha kunlari bosqinchilarga otni qo‘zg‘atadigan doridan araqqa qo‘shib berishgan ekan!.. Yana qaytaraman, bular mening eshitganlarim. Lekin O‘sh, O‘zganda bo‘lgan qirg‘inlarni sog‘ odam ham, telba odam ham qilmaydi. Faqat o‘sha quturgan, es-hushini yo‘qotgan, jar yoqasida turgan olomongina shunday xunrezlikka boradi…

Ch. Aytmatovning MANQURT haqidagi bashorati fojiona isbot topdi!..

«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasi, 1990 yil, 17 avgust.