Yoqubbek Yakvalxo‘jayev. Yozig‘imiz ne edi? (1990)

1937 yilning kech kuzi bo‘lsa kerak, otamizni kimdir «yo‘ldan urgan». «Ko‘rib turibsanki zamonning avzoyi buzuq, qolaversa, sen ham Fayzulloning dumisan Jaynak, bola-chaqam ko‘chada tentirab qolmasin desang yur biz bilan», deb aytganlarida, u ham ko‘ch-ko‘ronini ko‘tarib, adashgan olomonning orqasidan ergashib, Qashqar viloyatidan boshpana izlaganlar bilan birga vatanni tark etgan.

Vatangadolikning ibtidosi mana shunday boshlangani aniq. Lekin bu qadamning ham umri uzoq bo‘lmagan. 1939 yilga bormay kimdir ushlagan o‘tkir shamshirning tig‘i uning ham aziz boshiga tushgan, onamiz Tojiniso begim bir etak bola — yettita farzand bilan baribir ko‘chada, begona yurtda tentirab qolgan.

1937 yilning repressiyalaridan xalqimizning eng asl farzandlari qatori vatanni tark etgan, uzoq-yaqin yurtlardan panoh izlagan begunoh kishilarimizning ham joni omon qolmadi. Bu jaholat qilichining dastasida shubhasiz «xalqlar otasi» Stalinning muhri bor.

Bugun qayta qurish va oshkoralik hadya etgan hurriyat natijasida, adolatsizlikning qurboni bo‘lgan sovet kishilarining boshiga tushgan musibatlar ro‘y-rost aytilyapti. Nazarimda, bugun taqdir taqozosi bilan chet ellardan panoh izlagan, peshonasiga «vatangado», «yurtiga, xalqiga xiyonat etganlar», deb tamg‘a bosilgan vatandoshlarimizning tarjimai holiga aniqlik kiritish, qatli om etilgan minglab fuqarolarimizning ro‘yxatlarini ham e’lon qilish payti keldi.

O‘z yurtida «vatangado», «xoin», deb atalib, «dushmanlar» ro‘yxatiga qo‘shilganlarning o‘zga ellarda turish-turmushi, ish-a’moli qanday kechdi? Bular hozirgacha ko‘pchilikka qorong‘i bo‘lib kelyapti… Ayrim eski udumdan kechmaganlar: «Bir balosi bo‘lmasa, yurtini tashlab ketisharmidi?», deyishib, hamon tavqu la’nat aytishdan o‘zlarini tiyolmay yuribdilar. Shuning uchun ham endilikda haqiqatni ro‘y-rost aytmoq, «vatangado» vatandoshlarimizning taqdiridan, yuragidagi orzu-umidlaridan so‘zlamoq joizdir.

Chet ellardagi o‘zbeklar jismida jo‘sh urgan muhabbat tuyg‘usini Erkin Vohidov «Yoshlik» jurnalida e’lon qilingan maqolasida shunday izhor etibdi: «Suhbatlarda men shunga amin bo‘ldimki, xorijda yashayotgan har bir o‘zbekning qonida o‘z vatani mehri jo‘sh urib turibdi. O‘zbekistonlik yigit-qizlar meni kechirsinlar, — biz gohi yurtimizda yashab turib uning qadrini bilmaymiz, — men ko‘rib suhbatlashgan vatandoshlarning O‘zbekistonga muhabbati bizlarnikidan o‘n chandon ortiq desam lof bo‘lmas; odatda, kindik qon», to‘kilgan joyni Vatan deydilar. Lekin Suriyada tug‘ilgan yo Marokashda dunyoga kelgan yo Istambulda ko‘z ochgan o‘zbek uchun baribir, Vatan, bu — O‘zbekistondir». Ha, bu ayni haqiqatdir. Men buni o‘z boshimdan kechirganman. Biz yashagan joy Sharqiy Turkistondagi eng obod shaharlardan biri bo‘lib, G‘ulja deb atalardi. Iqlimi mo‘tadil, la’lmikor qirlarida yetilgan bug‘doyidan yer  tandirida yopilgan yupqa oq nonlar biram shirin edi. Uyg‘ur xalqining tabiati ochiq, bag‘ri yeriday keng, tili tilimizga yaqin, dili dilimizga payvand, dinimizga payvand, dinimiz ham bir edi. Ollohga sig‘inmoq uchun «o‘zbek masjidi» ochmoqning hojati yo‘q edi, xarid qilmoq uchun «Anjom rastasi»ga bormoq zarur emasdi.

Bugun boshimizga musibat tushganida, bag‘rini ochgan, nonini, joyini, suvini ayamagan bu ko‘ngli ochiq, xalqdan uzr so‘rab aytamanki, baribir shunday qutlug‘ makon ham o‘zbeklar uchun o‘z eli o‘rnini bosolganmas. Ular o‘z vataniga — Andijonga, Farg‘onaga, Samarqandu Buxoroga, Toshkent, Xorazmga intizor bo‘lib yashagan.

Biz bo‘g‘chamizni bo‘ynimizga osib, xat-savodimizn chiqarmoq niyatida, maktab ostonasiga ilk bor qadam; qo‘ygan bolakaylar ko‘p narsalardan  bexabar edik. O‘zlarini elga bosh deb o‘ylagan otalarimiz hali tuzukroq boshpana topib ulgurmay, farzandlarini o‘qitmoq uchun o‘zbek maktabining tashvishini qilgan ekanlar.

Hanuz xotiramdan o‘chmas bo‘lib, muhrlanib qolga bir voqeani eslayman.

«O‘zbek masjidi»ning torgina maydonchasida qator-qator bo‘lib, sinfma-sinf tizilib turganmiz. Qarshimizda kulrang matohdan to‘n kiygan, sarg‘ish salla o‘ragan, ozg‘in, nuroniy bir kishi ma’ruza qilgan o‘zbekcha so‘zning chiroyli ohanglarini, qudratini ilk bor bu yerda yaqqol his qilganman. Bu odam uch viloyat inqilobining rahbarlaridan biri Alixon To‘ra (mashhur «Temur tuzuklari»ning tarjimoni, tarixchi olim Ali Sog‘uniy) edi. Bu kishi o‘quvchilarni o‘zbek maktabi bilan muborakbod etib, uni «Namuna» deb atagan, Alisher Navoiy nomi bilan yuritilishini aytgan. Shu tariqa, butun bir Xitoy mamlakatining kichkina burchagida, Alisher Navoiy nomidagi o‘zbek «Namuna» maktabi dunyoga kelgan!

Bugun o‘zim muallim bo‘lib, dunyoning achchiq-chuchugini totib, past-balandini ko‘rib, o‘ylab, bolaligimni ko‘z oldimga keltiryapman. «Namuna» maktabiga ilk bor qadam qo‘ygan chog‘imizdan boshlab, boshimizni silagan, ilm va ma’rifatga yetaklagan Aqlima, Ovtat, Ramziya opalarni, Eminjon afandini, Sunnatilla, Shahobiddin, Nabi, Ubaydulla, Qodir, Hikmat afandilarni nechog‘lik ehtirom ila eslashimni bayon qilib bermog‘im qiyin.

Bir gal dars paytida adabiyot muallimimiz Eminjon afandi o‘quvchilarga bir qator, ikki qatordan she’r o‘qitib, orasidan meni tanladimi, har qalay Furqatning mashhur «Sayding qo‘yaber sayyod» musaddasini ifodali o‘qishga o‘rgatdi, doimiy o‘tkazilib turiladigan she’r musobaqasiga tayyorladi. Har bir so‘zning qanday talaffuz etilishidan tortib, qandai nafas olishimgacha ko‘rsatib turdi. Men ham maktabimizdagi she’r o‘qish musobaqasida hayajon bilan o‘qidim chog‘i, ustozimni xijolat qilmadim.

Oradan ko‘p o‘tmay, maktabni tamomladik. Hammamiz qaysidir o‘qishga, yuqori sinflarga qarab tarqaldik. Necha yil o‘tgan oradan bilmayman, bir gal maktabimizni sog‘inib ko‘rgani keldim. Maktab sahnida Eminjon afandini xomush, tushkun kayfiyatda uchratib ko‘nglim o‘ksidi. Salom-alikdan so‘ng muallimim meni badantarbiya maydonchasining bir chekkasiga yetakladi. «O‘g‘lim, «Sayding qo‘yaber»ni o‘qigin», dedi. Hayron bo‘lib, sekin o‘qiy boshladim. Eminjon afandi ko‘zlarini yumib, xuddi «Munojot», «Girya», «Cho‘li Iroq»ni tinglayotan odamday, yelkalarini ohista tebratib, ovozimga quloq tutdi. Uning ko‘zlaridan to‘kilayotgan yoshdan hayratlanib to‘xtadim. «Bo‘ldi, bo‘ldi, o‘g‘lim, endi bu yog‘iga sabrim chidamas, bas, bas!» dedi. Hozir o‘ylasam, bechora muallimim boshidan kechgan past-baland kunlarga bardoshi yetmaganmi yo yurtni mushtoq bo‘lib sog‘inganmi, bilmadim, har qalay yelkalari silkinib yig‘lagani esimda.

1949 yilning kech kuzi yoki 50-yilning bahori edi. G‘uljaga Halima Nosirova, Mukarrama Turg‘unboyeva, Nazira Ahmedova, Sora opa, Tamaraxonim, Halima Komilova, Muhammadjon Mirzayev va yana boshqa bir. qancha atoqli san’atkorlarimiz tashrif buyurishgan edi. U yillarda mehmonlar uchun shinam musofirxonalar yo‘q edi. San’atkorlarimiz o‘zbek boylarining : xonadonlariga tushishgan. O‘sha kez onam bechora: «Halima kimning uyiga tushibdi, bilib kelasan», deb hol-jonimga qo‘ymagan. Boshlab borganimda, onam o‘sha uyning ostonasida, sohibi xonadon eshigining qarshisida, tagiga paranjisini tashlab, soatlab o‘tirganini eslayman. Yana o‘sha kez Halima xonim darvozaning kichkina qanotini ochib chiqib kelganini, onam bechoraning o‘rnidan dast turib: «Apa, Halima!», deb uning istiqboliga intilib dovdirab qolganining guvohn bo‘lganman. Halima xonim esa onamni har kungi «ana, artist», deb ovoz beradigan musofirlarning biri dedimi yo ko‘rmadimi, yonidagi hovliga sekin kirib ketdi. Bola edim u payt, nega onamning bunday holatga tushganini anglab yetmaganman. Bugun alam bilan, ifoda etib bo‘lmaydigan og‘ir dard bilan bu oniy lahzalarning ma’nosini his etaman.

Andijonda Halimaning qo‘ng‘iroqday ovozda ijro etgan qo‘shiqlarini eshitgan onam Tojiniso begimga Halima xonim diydoriga bir bor tikilmoq, unsiz, so‘zsiz uning ko‘zlariga qaramoq, unga Vatan bo‘lib, zor-intizor etgan yurti sog‘inchiga taskin, malham bo‘lib tuyulgan bo‘lsa ne ajab!

Xorijdagi o‘zbeklar, Erkin Vohidov yozganidek, ko‘p muhtojlikda yashamagan. Men o‘zim, aqldan ozgan, yemak-ichmog‘ini esdan chiqarib, kiyim-boshiga e’tiborsiz qarab yurgan parishonxotir, yurt, farzand dog‘ida kuyib, majnunsifat tusga kirgan ko‘p vatandoshlarimni bilaman.

Bundan bir necha yil muqaddam kaminaga, Istambul, Qohira va yana bir necha mamlakatlarga bormoq nasib etdi. Istambuldagi butun olamga mashhur «Sharq bozori»da borayotib, qulog‘im tagida yangragan o‘zbekcha kalimadan vujudim larzaga kelib to‘xtadim:

— Assalomu alaykum, vatandosh!

Qarshimda chiroyli, ozoda kiyingan, alp qomatli kishi jilmayib turardi. Esankirab qolganimdan, u so‘zlarini yana bir bor qaytardi.

— Assalomu alaykum, vatandosh, qadamlariga hasanot!

U yana menga tikildi:

— Mana bu kulbai vayrona bizning xonadon, vatandosh, bir piyola choyga marhamat qilsinlar, yo‘q demasinlar, — dedi.

Bu odamning dardi qalbimga yaqin edi. Uning kichkina do‘konchasiga ikkilanmay qadam bosdim, bir piyola choy ustida suhbatimiz qizib ketdi.

— Kamina Nosirjon Abdufattoh o‘g‘liman, Sharhondanman, vatandosh.

Men ham o‘zimni tanishtirdim, Andijondanman, dedim.

— Yo rabbiy, yo rabbiy, jonim joningizga tasadduq bo‘lg‘ay. Jome’ masjidining devoriga teqkan yelkangizni ko‘zlarimga surtay, tavof etay, vatandosh, ijozat etsinlar, — deb o‘rnidan turdi, ikki qo‘li bilan yelkamni silab, kaftlarini ko‘zlariga surtdi.

O‘zimni tutolmadim…

— Qachon tarki vatan etgansiz, ne taqdir ekanki, bu yerlarga kelib qolibsiz, — dedim.

— Ollohning irodasi bu, vatandosh, peshonamizga o‘z elimiz sig‘mabdi, yurtimizda yashamoq nasib etmabdi bizga ne qilaylik.

Nosir aka menga og‘ir alam bilan tikildi. So‘rasam, na yurti Shahrixonni, na Andijonni, na yelkamni silab, tavof etgan Jome’ masjidini biladi, men hayron bo‘lmadim. Nihoyat, qo‘zg‘alayotganimda, Nosir aka xuddi qulog‘imga pichirlayotganday sekin gapirdi.

— Uzr, vatandosh, o‘zlari bilan biron to‘nmi, do‘ppi yo shoyi qiyiqchami olib kelmadilarmi?

Bozorda bu o‘zbek liboslariga ko‘zim tushgan edi, bexos shuni aytib yuboribman.

— Axir, aytganlaringiz bozoringizda ham bor-ku!

— Yo‘q, tushunmadingiz, anglamadingiz, vatandosh, shu o‘zimizning yurtda tikilganidan, elimizning hidi kelib turadiganlaridan bo‘lsa deb edim, tabarruk etib saqlab kiyardim, boshu oyoq sarpo qilardim o‘zingizga.

Uzrimni aytdim. Nosirjon akaga boshimdagi do‘ppimni kiydirib qo‘ymoqdan o‘zga ilojim qolmadi. Vatandoshimning surati xotiramda ko‘zlarida to‘la yosh qalqigan ko‘yi qoldi.

Shularni o‘ylarkanman, ko‘nglimdan boshqa bir fikr kechadi. Vaqti kelar, yurtimizda shakar serob bo‘lar, sovunlarni odamlar yana nazar-pisand qilmaslar, kashandalarning xonalari tutunlarga to‘lar, ammo yuraklarimizni zada qilib, yurtni ag‘dar-to‘ntar qilgan sertashvish, qirg‘inbarot kunlar qayta takror bo‘lmasa bas. Shuning uchun hozir ko‘ngilni xira qilayotgan ko‘p yetishmovchiliklarni ba’zilarning «qayta qurish», «oshkoralik»ning kasofati degan fikrlariga qo‘shilgim kelmaydi. Axir, bugun haqiqatning qanotlar» ba’zan qayrilib bo‘lsa-da, baribir, yorug‘likka chiqyapti-ku, uning parvozi butunlay bo‘g‘ilib qolayotgani yo‘q-ku. Eng muhimi shu emasmi!

Yurtini tark etgan, Stalinning‘ qatag‘on kunlariga bardoshi yetmay vatangado bo‘lgan darbadarlarning suratlari ustiga qora chiziqlar tortilgan edi. Matbuotda, badiiy asarlarda ham ular sotsialistik jamiyatga tosh otguvchi zararkunanda, yomon odamlar, deb atalar edi. Ularning obrazlari ana shu g‘oyalarga bo‘ysundirilgan holda g‘arib, bir burda non ilinjida xoru zor, gado bechorahol tarzda yaratilar edi. Ularning qalbidagi otash muhabbat, poklik, odamiylik esa hamisha e’tibordan chetda qolardi.

Lekin bunday bedodlik, tavqi-la’natlardan bexabar, xabardor bo‘lsada vujudidagi muhabbat va e’ti qoddan kechishni istamagan mehnatkash tarki vatan xalq, baribir yuragidagi samimiyatini «xalqlar otasi»dan darig‘ tutmagan, unga sig‘ingan, rasmlarini maktablarning, hatto uylarining to‘rida ehtiyot qilganlar, boshlariga tushgan musibatlarga uning hech: qanday daxli yo‘q, deb bilganlar.

1953 yilda oltinchi sinfda o‘qir edim. Muallimimiz Ubaydulla afandi «Stalin o‘libdi» degan so‘zni aytolmay yig‘lagan, musibatdan voqif bo‘lgach, butun maktab motamsaro bo‘lgan edi. Hamma dod solib, faryod etgan, o‘zlarini yerga tashlab, shaytonlab qolganlar ham bor edi oramizda. Butun shahar oyoqqa qalqqan, un zavodidan berilgan gudok hammani joyida mixlagan edi. Xalq qayg‘uga cho‘kib, «butun jahon mehnatkashlarining ulug‘ dohiysiga muhabbatlarini izhor etgan, vidolashgan edi. Bugun esa zulmat ustidagi pardalar ochilib, haqiqat ayon bo‘lyapti. Bu haqiqat hamma narsadan ulug‘ emasmi? Xalqning o‘z-o‘zini anglashi emasmi?

Hozir ko‘nglim to‘ridan joy olgan bir voqeani iftixor bilan eslayman.

Ona tili va adabiyoti muallimimiz Eminjon afandi ba’zan qiyinroq so‘zlarni yoki nomlarni yaxshi talaffuz qilolmasak, sekin yonimizga kelib:

— Bugun bo‘lmasa indin o‘z uyingga borasan, bolam, o‘sha yerda ham shunday gapirib o‘tirsang uyat, kim o‘qitgan ona tilidan deb so‘rasalar, men ne degan odam bo‘ldim, — der edilar.

Biz esa «nega o‘z uyimizga borar ekanmiz», deb hayron bo‘lsak-da, baribir, so‘zlarni muallimimiz o‘rgatganday takror-takror qiroat qilardik. Shularni o‘ylasam, bugungi kunimiz, o‘zbek tiliga davlat maqomi berilishi munosabati bilan aytilayotgan mulohazalar ko‘z oldimdan o‘tadi, tilimizning bugungi holatidan qoniqish hosil qilmayman.

«Onang kasal bo‘lib qoldi, tezroq yetib kelgin, o‘g‘lim!», degan bir enlik telegrammani jo‘natolmay qiynalgan dehqonni, «Meni ishga qabul qilishingizni so‘rayman», deyilgan arizani ham rus tilida yozishni taomilga aylantirib olgan odamlarni eslab, ba’zan buning tub sabablarini anglab yetolmayman.

Ayrim o‘rtoqlar, «o‘zbek tili yordamga muhtoj» deb astoydil jon kuydirishayotganga o‘xshayapti. Nazarimda, bu og‘ir ahvoldan faqat yordam bilan chiqib bo‘lmaydi. Unga alohida imkoniyat, imtiyozlar kerak, shundagina uning istiqboli haqida so‘z yuritish mumkin.

O‘zingiz o‘ylang, axir, rahbar bo‘lgan odam, o‘zbek bo‘lib turib, o‘zbek tilini bilmasa zarurat tug‘ilib qolgan taqdirda, qog‘ozga qarab zo‘rg‘a o‘qisa, radio, teleekran qarshisida o‘z ona tilini xohlagancha xor qilib, poyma-poy gapirsa, bu ne bedodlik bo‘ldi endi?

Shunday kezlarda yana o‘zbek tilida o‘qitiladigan maktab ochmoq uchun xonumonini o‘rtaga tashlagan muhojir vatandoshlarimni, maktab binosini ko‘tarmoq uchun yozning jazirama issig‘ida yelkasiga g‘isht, kesak ortqilab, ikkinchi qavatga egilib, emaklab chiqib borayotgan Tursunoyni, unga bag‘ishlab she’r yozgan shoir Ahad Shokir o‘g‘lini yodlayman. Ularni bunday jasoratga undagi qudratli kuch nima ekan deyman? Bu, albatta, ona tiliga bo‘lgan muhabbatdir.

O‘zga yurtlarda vataniga intizor bo‘lib yashayotgan o‘zbeklar, nedir tasodif bilan, siz bilan meni o‘zlari istiqomat qilayotgan joylarida uchratib qolguday bo‘lsa, boshimizdagi do‘ppimizga tikilib, bag‘rimizga otilguday bo‘lib, qoshimizga keladilar. Shunda: «Assalomu alaykum, vatandosh!», desalar, biz dovdirab, ikki og‘iz kalimaning ma’nosini darrov anglab ololmasak, o‘z tilimiz qolib, boshqa tilda javob bersak manqurtlik bo‘lmaydimi?

Hozir Stalin hukmronlik qilgan qirg‘inbarot kunlarning azobini ko‘p gapiryapmiz. Ayrimlar: «Hadeb Stalinni yomon degan bilan biron narsa o‘zgarib qoladimi, aksincha kundan-kun battar bo‘lyapti», deb aytishyapti. Bunday munosabat, haqiqatga nihoyatda yuzaki qarash, millionlab odamlar taqdiriga, ularning begunoh azob chekkan farzandlari dardiga e’tiborsiz, loqayd bo‘lishning natyjasidir.

Muhojirlikda otalari daraksiz yo‘qolganlarning farzandlari yuragida tuzatib bo‘lmas yana bir og‘ir dard bor. Otalari Ulug‘ Vatan urushining suronli yillarida qurbon bo‘lgan tengdoshlarimiz: «Otam qahramon edi», deb iftixor bilan so‘zlar, noma’lum askar xotirasiga o‘rnatilgan mangu olov ostonasiga gullar qo‘yar, hatto 37-yillarning repressiyalarida qatl etilganlarning ham xotirasini tiklash imkoni topilar, ularning ko‘ngillari, vujudi bir nafas orom olar, ammo biz-chi?

«Shahri Andijonga o‘ng oyog‘imni qo‘ysamu chapimni bosmoqqa ulgurmay jonim uzilsa qaniydi», deb nola qilgan bobomiz Ahmadbek hojining qabri Qashqarda, Xo‘jamqumluq mozorida yo‘qlovsiz qoldi. Tolzor choyxonasida bir piyola ko‘k choy ichmoqqa jonini tikkan otamiz Jaynak Mirzoning aziz boshi qaylarda uzildi, bexabarman. Halima xonim diydoriga Vatan deb qaragan onamiz Tojiniso begimning maqbarasi G‘uljada, Baytullo masjidining ztagida, yangi imoratlar tagida yo‘q bo‘lib ketdi; akam Ne’matillo Istambulda, «Turkistonlik Ne’mat Jaynak» deb yozilgan sag‘ananing ostida mung‘ayib yotibdi.

Vo darig‘! Bu dahshatlarga qaydin javob izlagayman, ne deb o‘zimga taskin bergayman, ota-onamizni sog‘insak, qayga borib, kimning boshida yig‘lagaymiz, kimga tavof etib, qaysi tuproqqa boshimizni qo‘ygaymiz. Bizning, biz kabilarning yozig‘imiz ne edi?!

«Fitna san’ati» (2-kitob, «Fan» nashriyoti, Toshkent, 1993) kitobidan olindi.