Yoqubbek Yakvalxo‘jayev. Odamlar va yetimlar (1989)

KPSS Markaziy Komiteti o‘zining 1987 yil 9 avgustdagi yig‘ilishida yetim bolalar bilan ish olib borishdagi jiddiy kamchiliklarni bartaraf etish haqidagi chora-tadbirlarni ko‘rib chiqqan edi. Jumladan ularda quyidagilar alohida ta’kidlanadi.

«Tirik yetimlikka, ayniqsa toqat qilib bo‘lmaydi. Bu sotsializmning insonparvarlik printsiplariga yotdir. Ota-onalik mas’uliyatini mensimayotgan, onalik va otalik burchlarini ado etmayotgan

shaxslar odatda jamoatchilik tomonidan qoralanmayapti va javobgarlikka tortilmayapti. Oilani mustahkamlash, oila o‘zining muhim sotsial vazifalarini bajarish masalalariga e’tibor susaydi. Bu ishda yangi ijtimoiy hodisalar va jarayonlar, iqtisodiy va demografiya omillarining ta’siri hisobga olinmayapti».

Bu, ya’ni KPSS Markaziy Komitetida alohida ko‘rib chiqilgan va ta’kidlangan masala shu qadar jiddiy, shu qadar og‘ir ahvolda ekan, keling odamlar, bir zum to‘xtang, quloq bering bizning so‘zimizga ham. Siz bilan shu bugun, shu mas’uliyatli damlarda «boshimizni doim ham, ona bo‘lib silamaydigan hayot» (A. Oripov) qarshisida «sotsializmning insonparvarlik printsiplariga yot bo‘lgan» bu muhim masala xususida, sodir bo‘layotgan achchiq haqiqatlardan ko‘z yummay, hamma narsani «eskilik sarqiti» deb, o‘tmishning ezilib ketgan yelkasiga tashlayvermasdan ochiqchasiga gaplashib olaylik.

Mavzuimiz yuqorida zikr etilgan yetimlar xususida, begunoh, murg‘ak bolaning boshidagi tashvishlar haqida, uning atrofida girdikapalak bo‘layotgan odamlar va uni xor qilgan, XXI asr ostonasiga na ota, na onasining nomi nishonini qo‘ymay irg‘itib yuborilgan go‘daklarning uvolidan cho‘chimayotgan kimsalar to‘g‘risida.

Avval achchiq haqiqatga, faktlarga nazar tashlaylik.

Bolalarini tug‘ruqxonalarda qoldirib ketish, onalik huquqidan voz kechish, hatto go‘daklarni ko‘cha-ko‘yga tashlab yuborish va yana yengil hayot kechirish, ayshi-ishrat degan bir zumlik ko‘ngil xushligini butum umrining zavoliga aylantirish natijasida xor bo‘lib, so‘ng bolalar uylarida tarbiyalanayotgan yetimlarning soni endilikda salkam bir millionga yaqinlashib qoldi. Statistik ma’lumotlarning xabar berishicha, bu million yetimlarning 95 foizining ota-onalari hayotdir. Va yana bu yetimlar Ulug‘ Vatan urushi yillarida ota-onasiz qolgan bolalarning umumiy sonidan uch barobar ko‘pdir.

Naqadar dahshat bu! Nima bo‘lyapti o‘zi? «Dahshat!» deganimiz nimasi, qabohat, gumrohlik deylik buni.

Odatda farzandlar onalar uchun jonini qalqon qilguvchi edi, uni madorim, suyangan tog‘im deb ataguvchi edi. Bugun qandaydir norasida go‘dakning tashlandiq orasidan odamlardan najot izlovchi nolasi eshitilyapti, ota-onasiz ulg‘ayib, voyaga yetgan yigit va qizlarning «Onajonim dilozorim» degan faryodi yuraklarni ezib yuboryapti.

Bu ne nola bo‘ldi, bu ne faryod bo‘ldi odamlar, bu nido va bu ingroq nolalarga, vujudimizni qaqshatib yuborguvchi azobga qanday chidaymiz, kelgusida va shu bugun ham ularning nigohiga qanday qaraymiz, ne deb javob beramiz ularning yo‘qlovlariga?

Saodat onaning vujudi nega qaltiradi, nega uning ko‘zlaridan yosh tirqirab chiqdi shu damda, nega «onajon!» degan muqaddas so‘z dilozorga aylanib qoldi, bunga ne sabab?

«Avtodormexbaza»ning xodimlari chiqindilarni kovlashtirayotib qora xaltaga o‘rog‘liq murg‘akning joni uzilmagan tanasini qanday topib oldi, ne holga tushdi ular shu kez?

Oppoq choyshabga o‘rog‘liq go‘dak kichkina tobut yanglig‘ anhorda qalqib, qalqib oqib borayotir.

O‘ylamay netmay, hayotga yengil-elpi qarab, yoki o‘ziga tikilgan hayosiz ko‘zlarning ta’qibidan hurkib, yoki hayvoniy hirsdan o‘zini tutolmagan nomardning changalidan chiqolmay homilador bo‘lgan juvon yorug‘ olamda yashamoqqa intilayotgan yuragining bir parchasini, otaning, odamlarning la’natlaridan cho‘chib yelday uchib borayotgan poyezd oynasidan tashqariga irg‘itib yuboryapti.

22-bolalar uyida tarbiyalanayotgan Grisha onasi kelganidan vahimaga tushib, onaday aziz bo‘lib qolgan Saodat opaning bag‘riga o‘zini urayotir, Saodat opa tashqariga chiqsaki Grishaning onasi badmastlikdan osilgan qovoqlarini zo‘rg‘a ko‘tarib, «bolamni olib ketaman», deb to‘polon qilayotir. Axir o‘ylang, o‘z onasidan qo‘rqib qochayotgan bolani ul notavonga berib bo‘lar ekanmi?.. Ne maqsadda kelgan ekan Grishaning onasi, nima bo‘lsa ham farzand, aroqxo‘r bo‘lsa ham ona, o‘g‘lini sog‘ingandir deb o‘ylaydi odam. Yo‘q, ne maqsadda kelibdi deng Grishaning onasi, quloq bering uning so‘zlariga: «Mayli, mayli, uch so‘m bersang qolaversin bolam» dermish. U farzandining diydoriga emas, Saodat opaning qaltirayotgan qo‘llaridagi uch so‘mga tikilarmish.

Bular kim bilandir suhbat bahona ko‘ngildan kechgan o‘ylar emas, shu kecha-kunduzda matbuotimizda e’lon qilinayotgan, radio va televideniye orqali eshittirilayotgan faktlar, raqamlar…

Suhbatlardagi gaplar gap, mulohazalar mulohaza, faktlar fakt xolos. Ko‘z bilan ko‘rmoq kerak edi hammasini. Shu niyatda onalari onalik huquqidan voz kechgan, ko‘cha-ko‘yga tashlab ketilgan murg‘aklar tarbiyalanuvchi «bolalar uyi»ga qarab, Yunusobod tomon yo‘l olaman.

Bolalar uyining bosh vrachi Lyudmila Aleksandrovna Tiyanni xonasida asablari tarang, xafaqon holatda uchratdim.

— Redaktsiyadanman Lyudmila Aleksandrovna, bolalarni o‘z ko‘zim bilan ko‘ray degan niyatda keldim.

— Ko‘ring, ko‘ring,— u qo‘lidagi ikki parcha qog‘ozni olib menga uzatdi,— mana, bugun ham ikkita bola, ikkita ota-ona nimaligini bilmay voyaga yetadigan go‘dak kelibdi. «Akt» shunchalik sovuqqonlik bilan yozilgan, onasi o‘z bolasini olishdan bosh tortibdi, «farzandim haqida hech qanday da’vo qilmayman» deb tilxat yozibdi. Ikkinchisi shunday «bolalar uyi»ning yonidan, eski adyolga o‘rog‘liq holatda topib olinibdi. Unga ham «Akt» tuzilgan. Dod deysanmi bunga, nima deysan, ming la’nat, ming la’nat ayol bo‘lgan sendaqa odamlarga. Eh… o‘zimga qolsaydi bunaqalarni…

Lyudmila hayajonini anchagacha bosolmadi, tutaqib, yonib-yonib ketdi. Cho‘ntagidan qo‘lini olsa yoqalarini yirtib, tugmachalarini uzib yuborishdan cho‘chiganday xalatining chekkasini g‘ijimladi, «qayerdan paydo bo‘lyapti bunday odamlar?»

Nihoyat Lyudmila birdan savolim esiga tushganday o‘rnidan turdi:

— Bolalarni ko‘raman dedingizmi, yuring, ko‘ring ularni.

Palataga, birinchi qavatga o‘tamiz, chaqaloqlar xonasiga kiramiz.

Uzr o‘quvchim, ostonaga qadam qo‘yayotganimda ularning hammasini mayib, majruh bolalar deb o‘ylabman. Ularni ko‘rganim chog‘, tilim kalimaga kelmay, hayratdan yoqa ushlaganimni qanday izhor etay sizga.

Oppoq choyshabda, oppoq paxtaday bo‘lib, dunyoning jamiki tashvishlaridan bexabar, qop-qora ko‘zlarini o‘ynatib, negadir intilib, intiq bo‘lib, vujudi qo‘msagan narsani, topolmay tipirchilab yotgan bola, qizaloq…

— Bular bir muncha mayib, nogiron bo‘ladi deb aytishguchi edi, Lyudmila Aleksandrovna?

— Kasalmand, nogironlari bemorxonalarda boqiladi, bularning hammasi sog‘lom bolalar.

Shu bola, shu murg‘ak tetik jon ko‘chaga irg‘itib yuborilganini, shu jajji qo‘llarini o‘ynatib, issiq inson bag‘riga intilayotgan norasidani bag‘ridan nari surganmi odamzod, javob bering odamlar?

Qo‘limga olaman bolani, vujudimdagi qaltiroqni bosolmay, ko‘zimdan tirqirab chiqayotgan yoshni to‘xtatolmayman shu yoshimda. Bexos chaqaloqni quyoshli osmon uzra ko‘tarib, bu yorug‘ olamga yana bir yangi bunyodkor kelganidan darak berayotgan onaning qiyofasi ko‘rinadi ko‘zimga. Men o‘sha farzandini ko‘chaga irg‘itib yuborgan manqurtni emas, o‘sha ona, o‘sha ulug‘ odamzod yuzida qop-qora la’natli dog‘ni ko‘raman. Senga, senga otilyapti bu la’nat toshlari ona, seni, seni so‘roqlayapti bu gumrohlik ota, deyman. Qo‘limdagi chaqaloq mening o‘zimni qoralayotganday, yo‘q, ming bir tavqu-la’natlarni yog‘dirayotganday tuyuladi shu tobda. Men uning begunoh, beozor nigohiga tikilib o‘zimni oqlolmadim, bu mudhish manzaraning loqayd shohidi bo‘lganimdan ko‘ra, ko‘r bo‘lganim afzal edi dedim o‘zimga.

Keyingi xonalar tomon o‘tamiz, uch yoshgacha bo‘lgan bolalar uyquda… beixtiyor:

Sen yetim emassan.

Uxla jigarim.

deb boshlanguchi shoirning quyma misralarini pichirlayman. Qarshimda, salobat to‘kib paydo bo‘lgan mavlono G‘afur G‘ulom oldida xijolatdan bosh egaman. Men inson mehrini vujudimga jo etib, murg‘ak qalbga taskin bergan go‘daklarning otalari fashist gazandalariga qarshi janglarda halok bo‘lgan edi. Men onamning allasiga she’rimni yo‘g‘irib aytgan qo‘shig‘imni tinglagan go‘daklarning onalari dushman bombalari tagida qolib, nomu-nishonsiz yo‘qolgan edi, bular qenday yetim bo‘ldi?

Ustoz G‘afur G‘ulom so‘roviga nima deb javob berishimni bilmayman, qiynalaman. Ammo shirin uyquda yotgan go‘daklarga qarab, baribir «Sen yetim emassan» deb pichirlayman. Rost, ne ayb senda, chorasizlikdan toptalgan murg‘ak jismingda ne gunoh.

Shu tariqa hissiyotlarimga erk beraman. Lekin bundan ne foyda, ne naf deyman o‘zimga. Vaholanki bu begunoh go‘daklar atrofida qancha muammolar, o‘kuvchilarimiz hukmiga havola etiladigan qancha mulohazalar bor. Keling, yaxshisi shular haqida gaplashaylik.

Nega tashlab ketyapti ekan tug‘uruqxonalarda onalar farzandlarini, negao‘z ko‘llari bilan: «bu tug‘ilgan go‘dakni farzandim deb hech qachon da’vo qilmayman» deyishga, tilxat yozib, imzo chekishga qenday jur’at etayotgan ekan ayollar, buning sabablari nimadaykin? Kimlar ekan o‘sha gumrohlikka toqat etayotganlar?

Chilonzor rayon 9-tug‘uruqxonaningbosh vrachi Gulchehra Jalilovna Rashidovaga yuqoridagi savollar bilan murojaat qilamiz.

— Gulchehra Jalilovna, bu haqda shaxsiy mulohazalaringizni aytsangiz, Sizningcha buning sabablari nimada deb o‘ylaysiz?

— Bizda bolalarni tashlab ketish hollari ancha kamayib bormoqda…

— Ha, gap kamayib borayotganida emas, kimlar, qanday holatda o‘z farzandlaridan voz kechishyapti?

— Asosan studentlar, voyaga yetmagan qizlar. Bular ko‘pincha o‘zlari qadam ko‘ygan ko‘chaning qorong‘iligini yaxshi anglab yetishmaydi, voqea sodir bo‘lgach, boladan voz kechishdan o‘zga chorasi qolmaydi. Ikkinchi toifa bu, alkogol kasaliga chalingan va buning oqibatida nogiron bo‘lib tug‘ilgan bolalarning onalari va yana hech qanday mas’uliyatni sezmaydigan suyuqoyoqlar bolalarini olishdan bosh tortishadi. Mana shularning kasriga yetim bolalarning ortib borayotgani to‘g‘ri.

— Sabablari nimadaykin?

— Onalik huquqidan voz kechgan ayollarning bolalarini shu yerning o‘zida, ularni o‘z tarbiyasiga olmoqchi bo‘lganlarga, rasmiy hujjatlar orqali berilsa bo‘lmaydimi?

— Yo‘q, bizning bunday huquqimiz yo‘q. Biz chaqaloqlarni ma’lum muddat saqlaganimizdan so‘ng bolalar uylariga topshiramiz, u yog‘i yana rasmiy tashkilotlarning ixtiyorida bo‘ladi.

— Sizningcha shunday hayrli ishni bevosita tug‘uruqxonalarning o‘zidan boshlashning imkoni bormi?

— Bu savolga yuriskonsult javob bergani yaxshiroq, o‘rtoq. Men hozir shahar sog‘liqni saqlash bosh boshqarmasiga ko‘ng‘iroq qilib, shunday kishi bilan suhbatlashishingizga ko‘maklashay.

To‘g‘risini aytsam Gulchehra Rashidovaning shaxsiy mulohazalarni o‘zidan soqit qilayotganidan ranjimadim, yordamidan esa astoydil xursand bo‘ldim.

Ma’lum bo‘ldiki, bolalar boshqa rasmiy tashkilotlar ixtiyoriga o‘tgandan keyin ahvol birmuncha murakkablashar ekan, qog‘ozbozlik, zo‘rma-zo‘raki rasmiyatchiliklar ko‘payib, saxovatli odamlar, bolalarni o‘z tarbiyasiga olmoqni istovchilar oldiga sun’iy g‘ovlar qo‘nilar ekan. Natijada bir tomonda bolalar sarson bo‘lsa, ikkinchi tomonda ularni o‘z tarbiyasiga olgan oilalarning boshi tashvishdan chiqmay qolar ekan, nega?

Ma’lumki, yetim bolalarni asrash, ularga otaonalik mehrini baxsh etish xalqimizda azaldan savob deb kelingan. Farzandga muhtoj kishilar mahalla oqsoqollari guvohligida ularni o‘z qaramog‘i va tarbiyasiga olib kelganlar, Ulug‘ Vatan urushi yillaridagi xalqimizning yetimparvarligi tillarda doston bo‘lgani hammaga ayon. Nega endi biz bugun xalqimizning savob ishini, yaxshi an’analarini davom ettirmaymiz? Yoki hozirda ota-onasiz bolalarni o‘z tarbiyasiga oluvchilar kammi? Yo istamay qoldimi bugun odamlar bag‘ri kenglikni?

Yo‘q, xalqimiz hozir o‘sha yaxshi, «savob ish» deb vujudiga jo etgan an’analariga sodiq qolishgan. Buni deyarli barcha rayonlarning xalq maorifi bo‘limlarida yetim bolalarni o‘z tarbiyasiga olish uchun navbatga yozilgan odamlarning ko‘pligidan ham bilsa bo‘ladi. Shunday deb yozishga yozamanu xijolatdan o‘zimni koyyyman. Hamma narsaga navbat tashkil etib o‘rganib qolgan ekanmizmi, Nahotki, odamlar beminnat, saxovatli ish qilayin deb hukumat eshiklarining yoniga kelsa-yu, ularni ham navbatga turg‘izib qo‘ysak. Navbat bilan kulamizmi unda, navbat bilan yig‘laymizmi keyinroq. Shunday navbat tashkil qilayotgan o‘rtoqlar, o‘ylab ko‘ringlar, qilayotgan ishlaringiz bugungi yangicha yashash sharoitiga, qayta qurish ruhiga to‘g‘ri kelarmikin?

Mana shunday saxovatli, beminnat ishlarni ham navbat bilan ado etish oqibatida xalqimizning eng olijanob an’analarini son-sanoqsiz qog‘ozlar, spravkalar, xullas rasmiyatchiliklar iskanjasida bo‘g‘ib tashlayapmiz.

Faktlarga, misollarga murojaat qilaylik.

Mana, yetim bolani o‘z tarbiyasiga olish uchun navbati kelgan oilaning boshiga tushayotgan tashvishlarga e’tibor qiling.

Ota-onaning yashash va ish joyidan spravka, ish joyidan (ota-onaga) xarakteristika, oila sharoitlari haqida maxsus spravka, ota-onaning sog‘ligi haqida meditsina xulosasi va spravkasi, yana boshqalar. Bularning hammasi taxt bo‘lgach, rasmiy akt tuziladi. Nihoyat shuncha mashmashalardan so‘ng xalq maorifi bo‘limi va rayon sog‘liqni saqlash boshqarmasining vakillari yetim bolani tarbiyasiga oluvchi oilaning sharoitini topshirilgan hujjatlarga to‘g‘ri keladimi yo‘qmi degan ma’noda yana bir boshdan alohida ko‘rib chiqishadi. Nihoyat bular ham yetmaganday yetim bolani asrab olgan oilani (bolaning sog‘ligi va tarbiyasining qay ahvolda ekanini bilish ma’nosida) maorif hamda meditsina xodimlari ikki yilgacha kuzatib boradi.

Bular nima uchun kerak?

Albatta bolaning egasi onalik huquqidan voz kechib, tug‘uruqxonaga qoldirib ketgan, uni ko‘cha-ko‘yga tashlab yuborgan bo‘lsada, unga davlatning egadorchilik huquqi qonun asosida mustahkamlangan. Lekin biz yetimlarga nisbatan davlat homiyligini bekor qilish kerak degan ma’noda kuyib-pishayotganimiz yo‘q, aksincha uni inkor etmagan holda yuqoridagi kabi rasmiyatchilik va qog‘ozbozliklarni jamoatchilik muhokamasiga qo‘yib, unga yangicha yondoshish kerak degan fikrni ilgari surmoqchimiz.

Agar bunday rasmiyatchiliklar tuzatilmasa, uning yangicha ko‘rinishi qonun asosida mustahkamlanmasa ishning ijobiy tomonga siljishi qiyin. Agar bu holat, ya’ni qog‘ozbozlik, rasmiyatchilik, tekshirish va kuzatishlar davom etaversa farzandtalab odamlarning tinkasi qurib ketadi-ku. Savob ishdan ularni bezdiradi-ku va yana ularning izzatnafsiga ham tegadi-ku. Aslida yetim bolalarni o‘z tarbiyasiga olgan oilalarning rasmiy tashkilotlar bilan tuzgan o‘zaro aktlari, umuman bu ishlarning barcha jarayonlari sir saqlanishi kerak. Bu qoida O‘zbekiston SSRning «Oila va nikoh kodeksi»ning 154-moddasida maxsus qonun bilan mustahkamlangan. Shunday bo‘lgan holda shuncha rasmiy hujjatlardan so‘ng ikki yilgacha bolani o‘z tarbiyasiga olgan oila kuzatib borilsa u yerda sir qoladimi? Umuman insof bilan o‘ylasak va haqiqatning yuziga tikka qarasak, farzandtalab oilalarning istaklarini qondirish borasidagi ishlarimiz adolatdan bo‘lmayapti. Axir bolani ko‘cha-ko‘yga tashlab ketish, ochiqchasiga qotillik, (mabodo ko‘chaga tashlangan bir yoki ikki oylik chaqaloqni biron kimsa ko‘rmasa, yoki kechikib qolinsa uning nobud bo‘lishi tabiiy) jinoyat hisoblanmaydi, tug‘uruqxonada tug‘ilgan boladan voz kechish yoki uni olmasdan adresini yolg‘ondan yozdirib qochib ketish elga oshkor etilmaydi, la’natlanmaydi, qoralanmaydi, aksincha militsiya xodimlari yoki tug‘uruqxona vrachlari tomonidan tuzilgan bir parcha «akt» bilan hamma narsa nihoyasiga yetadi. Vaholanki o‘sha xor bo‘lgan norasidaga onalik, otalik qilay degan odamlarga shuncha g‘ov, shuncha to‘siqlar qo‘yiladi. Axir bugun oshkoralik, demokratiya degan ulug‘ shior ostida qonunlarimizning hayot talablariga javob berolmayotgan ko‘pgina tomonlarini oshkora, baralla aytib xalq muhokamasiga tashlayapmiz. Qolaversa KPSS Markaziy Komitetining biz yuqorida ta’kidlagan yetim bolalar bilan ish olib borishdagi jiddiy kamchiliklarni bartaraf etishga bag‘ishlangan yig‘ilishida Lenin komsomoli oldiga alohida mas’uliyatli vazifa yuklangan va quyidagilar ta’kidlangan edi.

«Etim bolalar, ularga ta’lim va tarbiya berish to‘g‘risida doimiy g‘amxo‘rlik qilish Lenin komsomolining, butun yoshlarning eng muhim ijtimoiy ahamiyatga molik ishi bo‘lmog‘i kerak. VLKSM Markaziy Komiteti bolalar uylari, maktab-internatlar, go‘daklar uyi tarbiyalanuvchilarini har tomonlama kamol toptirish, ularning turmushi, o‘qishi, mehnat sharoitlarini tubdan yaxshilash ishlarida korxonalar, institutlar, muassasalar, o‘quv yurtlari, harbiy qismlarning barcha komsomol tashkilotlari keng ishtirok etishini ta’minlovchi chora-tadbirlar programmasini amalga oshirishi zarur».

Demak, Lenin komsomoli oldida bu muhim masalaga bosh-qosh bo‘lishday vazifa topshirilgan ekan, biz uning barcha jabhalaridagi ishlarga javobgarmiz. Va shuning uchun ham bu sohada oqsayotgan tomonlarimizni, kamchilik va nuqsonlarimizni ro‘yi-rost aytib, fikr va mulohazalarimizni jamoatchilik hukmiga havola qilamiz.

A. Kudryashov fotolari.

REDAKSIYaDAN: Bugun mamlakatimizda yetim bolalarga qanchalik g‘amxo‘rlik qilinayotganiga, ularni himoya qilish yuzasidan jiddiy chora-tadbirlar amalga oshirilayotganiga qaramay hali hal qilinishi lozim bo‘lgan muammolar ko‘p. Yetim bolalarni o‘z qaramog‘iga olib, ularni tarbiya qilishni istovchi oilalar, ular oldidagi qiyinchiliklar, onalikdan yuz o‘girayotganlar, shafqatsizlik va yovuzlik oqibatida jinoyat ko‘chasiga kirib borayotganlar mavzusi shulardan biridir.

Hurmatli jurnalxonlar! Redaktsiyamiz siz aziz o‘quvchilarni bu muhim mavzuni muhokama etishga, o‘z taklif va mulohazalaringizni o‘rtaga tashlashga da’vat etadi.

“Yosh kuch” jurnali, 1989 yil, 1-son