Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf. Mehr-shafqatli bo‘laylik (1990)

Bismillahir rohmanir rohim.

Islom dini nasoro va masiho dinlaridek Alloh subhonahu va taolo tarafidan yuborilgan dindir. Uning kitobi – Qur’oni Karim esa o‘z bandalariga yuborgan oxirgi kitobidir. Islomda Parvardigor o‘z bandalarining bir-biriga va atrof muhitga qanday muomala va munosabatda bo‘lishini aniq ko‘rsatib bergan.

Qur’on insonni o‘z hayotlik davrida doimo mehr-muruvvatli bo‘lishga undaydi. Hatto kishi uy hayvonlariga nisbatan ham mehrsiz bo‘lishi mumkin emas. Masalan uyda mol, qo‘y yoki biror bir parrandani so‘yish lozim bo‘lib qoldi. Xo‘sh, bunda inson qanday yo‘l tutmog‘i kerak? Mehr-shafqatni ana shu lahzalarda ham unutmaslik lozim. So‘yiladigan jonliqning ko‘z oldida pichoqni qayramaslik, yoki qo‘pol harakatlar qilib uni so‘yishga tayyorlamaslik shart. Chunki u ham Allohning mahluqi. Faqat tili yo‘q. Qur’oni Karim insondan atrof muhitga ham o‘ta darajada mehr bilan munosabatda bo‘lishga chaqiradi.

Inson Allohning yerdagi xalifasi (elchisi) dir. Shunday ekan, zamindagi barcha narsalar ana shu oliy mahluq – inson uchun yaratilgan. Buni unutmaslik lozim.

Islom kishilarni bir-biriga nisbatan mehr-shafqatli bo‘lishga chaqirish bilan birga, ularning dinidan, millatidan qat’iy nazar o‘zaro hurmatu izzat ko‘rsatishga ham undaydi.

Rivoyat qilishlaricha, kunlarning birida Muhammad alayhissalom o‘z sahobalari bilan o‘ltirganlarida bir tuda kishilar tobut ko‘tarib o‘tadilar. Ul zotu bobarakot marhumning hurmati uchun o‘rinlaridan turibdilar. Shunda sahobalardan biri: «Yo rasululloh axir bu yahudiy, musulmonlarning dushmani-ku?» – dedi. Muhammad alayhissalom sahobaga qarab: «U inson», deya javob qildilar. Shu voqeadan keyin barcha sahobalar g‘ayri dinlarga nisbatan yanada xushmuomalalik bilan munosabatda bo‘ldilar.

Yana bir rivoyatda ta’kidlanishicha, o‘z odamiyligi bilan dong taratgan Umar ibn Hattob keksa yahudiyni uchratib qolib, undan: «Sen kimsan?» – deya so‘radi. Tegishli javob olgach: «Biz sizni qarovsiz, och-nahor qoldirmaymiz», deb unga o‘z podsholigi g‘aznasidan tegishli miqdorda nafaqa tayinlatdilar.

Islom Alloh taolo tarafidan din sifatida kishilar jamiyatiga tushirilganidan buyen necha ming yillar o‘tsa-da uning shakl-shamoili o‘zgargani yo‘q. Aksincha insonlar o‘zgarib ketdi. Ular bugun o‘z dini nima ekanligini, muqaddas Qur’oni Karimda nelarga da’vat qilinganligi haqida hech narsa bilishmaydi. Bugun boshimizga tushayotgan tashvishlarning asl ildizi Xudosiz, mehr-muruvvatsiz bo‘lib qolganligimizdan.

Qiziq, musulmonlar istiqomat qilayotgan biror joyda millatlararo kelishmovchilik chiqib qolsa, darhol bizga murojaat etishadi. Xuddi biz o‘t o‘chiruvchilarmizu…

«Kishilarni tinchlantiringlar, hovuridan tushiringlar», deyishadi. Ular bunday tarbiyaning vaqti o‘tganligini tushunishmaydi. Axir kishilarni tarbiyalashga juda kech kirishyapmiz. Chunki shu paytgacha din faqat bid’at va xurofot sifatida talqin qilindi. Yo‘q, aksincha, u insonlarning ma’naviy va ruhiy tarbiyachisidir. Mana, musulmon mamlakatlarini olib qaraylik. U yoqlarda musulmonlar hadeganda toshu kaltak olib ko‘chaga chopavermaydilar.

Afsuski, hozir ham dinni qoralovchilar topiladi. Go‘yoki din ular nazdida reaktsion, millatlararo nizolarni keltirib chiqaruvchi qoloq bir qarashdir. Yaxshisi, ana shunday ig‘volar qo‘llayotgan mahalliy hukumat idoralari o‘z zimmasidagi javobgarliklarni yaxshi his etsalar bo‘lardi.

Bundan bir yil oldin yuz bergan Farg‘ona fojialarining eng xavfli nuqtalariga dindorlar tashlandi. Ular kishilarni o‘zaro totuvlikka, mehr-muruvvatga chaqirdilar. Mahalliy hokimiyatning sansolarligidan, byurokratligidan sabr kosasi to‘lgan xalq o‘sha kunlarda dindorlarga ham quloq solishmadi. Ana shunda ayrim shaxslar bu to‘polonlar dindorlar tarafidan uyushtirilgan, deb ig‘vo tarqatdilar. Axir bu mamlakatning istalgan yerida yuz berayotgandek umumsiyosii inqiroz-ku!

Islom dini jamiyatda insonparvarlik, adolatparvarlik g‘oyalarini targ‘ib qilib keldi, bundan keyin ham shunday bo‘ladi. Xayriyatki, bu g‘oyani to‘g‘ri tushunayotgan kishilar ham bor. Ular dindorlarni yangi ta’lim-tarbiya o‘choqlarining ochilishi va boshqa ommaviy yig‘inlarga taklif qilishmoqda. Ayni paytda o‘zimiz ham, insonparvarlik, mehr-muruvvat g‘oyalarini keng targ‘ib etish maqsadida, kitoblar chop qilyapmiz, jarida va majallar chiqaryapmiz.

O‘zini musulmon sanayotgan kishilardan bugun bir narsa talab etiladi. U ham bo‘lsa arab alifbosini ta’qiqlash oqibatida yo‘qotilgan boy madaniy merosni qayta tiklash. Allohga shukrlar bo‘lsinki, hozir arab alifbosini o‘rgatish asta-sekin yo‘lga qo‘yilmoqda. Kelgusi yildan boshlab sho‘ro maktablarida bu ish yo‘lga qo‘yiladi. Inshoolloh. Kishilarning iymonga, Islomga kelayotganligi, yo‘qotilgan qadr-qimmatlarning qayta tiklayotganligi albatta bizni quvontiradi.

Shaxsan men Qur’on ko‘rsatmalariga amal qilib, undagi belgilangan shartlarni bajarayotganligimdan baxtiyorman.

Allohning mehr-muruvvat, insonparvarlik yo‘li hammamiz uchun ochiq. Dinlarning birortasida ham Alloh taoloning hidoyat yo‘li rad qilinmaydi. Dunyo taraqqiyoti qay yo‘sinda borishidan qat’iy nazar, mehr-shafqat, o‘zaro totuvliklar hayotning asosi bo‘lib qolaveradi.

«Miloserdiye» haftanomasi. 1990 yil, 1-son.