Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf. Bozordan cho‘chishning hojati yo‘q (1991)

Bismillahir rohmanir rohim.

Oxirgi paytda «Bozor, bozor iqtisodiyoti» singari so‘z va jumlalar og‘izdan tushmay qoldi. Hamma o‘z fikru tasavvurini aytmoqda, o‘rtoqlashmoqda, o‘rtaga tashlamoqda. Gapu so‘zlar ichida: «Bizning ota-bobolarimiz savdogar o‘tganlar, bu ishlar qonimizda, tariximizda bor», degan fikrlar ham aytilyapti. Lekin hech kim o‘sha ota-bobolarimiz bilgan bozor nimayu va ne asosda sobit bo‘lganligi haqida biror og‘iz so‘z aytgani yo‘q. Ehtimol bu sharqshunoslarning vazifasidir, chunki madaniy merosimiz tahlilu taqdiri ularga topshirilgan, axir. Ammo bu sohada hali qayta qurish bo‘lgani, turg‘unlik yillari qolipi sharqshunoslarni o‘zidan ozod qilgani yo‘q. Ular hozirgi muhim muammolarni hal qilishga ulkan madaniy merosimiz tajribasi asosida o‘z hissalarini qo‘shmoqlari zarur.

«Chumchuq so‘ysa ham qassob so‘ysin» naqliga xilof bo‘lsa ham, ushbu mavzuda ba’zi mulohazalarni o‘rtoqlashishni iroda qildim.

«Bozor iqtisodi» to‘g‘ri atama, «bozor iqtisodiyoti» deyish noto‘g‘ri. Iqtisodiyot – iqtisodning jami, iqtisod esa arabcha so‘z bo‘lib, tejamkorlik ma’nosini anglatib, G‘arb xalqlaridagi «ekonomika» atamasi o‘rnida ishlatiladi.

Ayni paytgacha bozor iqtisodining har bir omillari haqida qayta-qayta gapirilib, turli sharhlar ham qilinmoqda. Lekin bozorning haqiqiy omili – insoniy omil haqida hech kim gapirmaydi. Axir bozor iqtisodini amalga oshiruvchi, undan foyda yoki zarar ko‘ruvchi ham inson-ku?!

Agar bozor iqtisodini amalga oshirish halollik, insoniylik asosida bo‘lmasa, oqibati yaxshi chiqishi qiyin. Buni kooperativlar misolida ko‘rsak ham bo‘ladi. Aslida ularga davlatning qo‘li qisqa bo‘lib turgan joylarda yordamchilik qilish, xalqqa xizmat etib, farovonlikni yo‘lga qo‘yish uchun ruxsat berilgan edi. Lekin bular pul orqasidan quvib, harom yo‘ldan borib, muammo ustiga muammo qo‘shilishiga olib keldilar.

Haqiqatni aytganda, to‘g‘ri yo‘lga o‘tib olish qiyin bo‘ladi. Inson o‘zini taniganidan buyon rivojlanib, shakllanib kelayotgan bozor iqtisodiga endi o‘tmoqchimiz. Yo‘l boshida turganimizda bobolarimizning bu ishga munosabatlari qandoq bo‘lgan, ular buni qandoq yo‘lga qo‘yganlar – shunga o‘xshash savollarga javob topish maqsadida duru gavhardan aziz ulkan madaniy merosimizga murojaat qilsak, deb o‘ylayman.

Bizning ota-bobblarimiz bu sohada o‘ziga xos tenglama ishlatganlar: Alloh – Inson – modda – vaqt – iqtisodiy ravnaq.

Islom aqidasi bo‘yicha dunyodagi hamma ish Alloh taologa borib taqaladi. Usiz hech narsa bo‘lmaydi. Shu bilan birga Allohga iymon keltirish, undan qo‘rqish insonni yaxshi ishlarga chorlaydi. U iqtisodga adolat, omonat, halollik ma’nolarini berib, ochko‘zlik, sudxo‘rlik, harom va adolatsizliklardan chetlatadi.

Iqtisod ravnaqi uchun zarur omillardan biri insondir. Chunki hamma narsa odam uchun. Alloh taolo borliqni va undagi narsalarning hammasini uning manfaati uchun yaratganini Qur’oni Karimda takror-takror aytgan. Inson iqtisodni rivojlantirish uchun sabab, bu narsa uning harakati bilan amalga oshadi. Agar inson harakat qilmasa, unga rizq-ro‘z o‘z-o‘zidan paydo bo‘lib qolmaydi.

Payg‘ambarimiz Muhammad alayhissalom: «Kasblarning sharaflisi» kishining o‘z qo‘li bilan bajaradigan kasbidir», deganlar. Amalga chorlovchi oyatlar, hadislar, asarlar juda ham ko‘p. Birgina misol keltirsak kifoya qilar: «Hazrati Umar roziallohu anhu bekorchi odamlarni uchratib qolib: «Sizlar kimsizlar?» – deb so‘rabdilar. Ular bo‘lsa: «Biz tavakkalchilarmiz», deyishibdi. «Yolg‘on gapiryapsizlar debdilar hazrati Umar, – Tavakkalchi yerga urug‘ni sochib qo‘yib, so‘ngra Allohga umid bog‘laganlar. Birortangiz: «Yo bor Xudoyo, o‘zing rizq bergin», deb rizq talab qilishdan o‘tirib qolmang. Bilasizki, osmondan tilla yoki kumush yog‘maydi», deganlar.

Ha, inson halollik, poklik bilan o‘z jamiyati ravnaqi uchun harakat qilmog‘i Islom dini targ‘ib qilgan ishdir.

Turli xildagi mahsulotlarni ishlab chiqarish, iqtisodiy taraqqiyot uchun intilish farzi kifoya bo‘lib, bu narsa amalga oshmasa, hamma musulmonlar gunohkor, ba’zilari uni amalga oshirsalar hamma gunohdan forig‘ bo‘ladi. Davlat esa bu ishlarni turli usullar bilan quvvatlab turishi kerak.

Uchinchi omil moddiy narsalar bo‘lib, ular xilma-xildir. Jumladan, dehqonchilik, dengizchilik, sanoat, hayvonot tarbiyasi, konchilik, hunarmandchilik va boshqalar.

Qur’oni Karimda ziroat – dehqonchilikka targ‘ib qiluvchi, yerni Alloh taolo insonga bo‘ysunadigan, ishlab foyda oladigan qilib qo‘ygani haqida oyatlar ko‘p. Payg‘ambarimiz alayhissalom o‘z hadislarida: «Agar bir musulmon ko‘chat yoki ekin eksa, undan qush yesa ham, inson yesa ham ekkanga sadaqa qilganni savobi borib turadi», deganlar. Shu ma’nodagi boshqa hadislar ham behisob.

Ha, Islom dehqonchilikka targ‘ib qilgan, lekin faqat dehqonchilik bilan mashg‘ul bo‘lib, sigirning dumida osilib qolishdan qaytargan, sanoatga va hunarmandchilikka ham urinish zarurligini uqtirgan.

Bu haqda payg‘ambarimiz alayhissalom aytadilar: «Agar harom savdo qilsangiz, sigirning dumidan mahkam tutib, ekin-tikin bilan rozi bo‘lib jihodni tark qilsangiz, Alloh sizlarga xorlikni soladi va diningizga qaytmaguningizcha uni ustingizdan ko‘tarmaydi». Ushbu va boshqa hadisi shariflardan ulamolarimiz, sanoatni rivojlantirish musulmonlar uchun farzi kifoyadir, degan hukmni chiqarganlar.

Bu haqda Qur’oni Karimda «Anbiyo», «Saba’», «Kahf» va boshqa suralarda oyatlar bor. Hozir sanoatning turli xillarisiz taraqqiyotga erishib bo‘lmaslikning yaqqol ko‘rinib turgani ham Islom ta’limotlari naqadar shomilu komil ekanini isbotlaydi.

To‘rtinchi omil – vaqt omili ham muhimdir. Ya’ni, vaqtning qadriga yetish, uni bekor o‘tkazmaslik ahamiyati.

Islom aqidasi bo‘yicha inson umridagi vaqtning har bir daqiqasi uchun Allohning oldida javob beradi. Shuning uchun uni doimo foydali, samarali ishlarga sarflashi zarur. Vaqtni bekor yoki befoyda o‘tkazish bizning jamiyatimizda vaboga aylanib qolganki, bundan tezroq qutulmoq darkor.

Faraz qilaylik, yuqoridagi omillar tayyor. Xo‘sh, ana shunda iqtisodiy taraqqiyot o‘z-o‘zidan yuzaga keladimi? Yo‘q! Bu omillar ilmiy asosda, o‘zaro to‘g‘ri aloqada rivoj topmog‘i va ro‘yobga chiqmog‘i zarur.

Misol uchun, yaxshi dehqon va yer, urug‘ va asboblar mavjud. Lekin yer nimayu, urug‘ nimalngini to‘g‘riroq tushunmaydigan «rahbar» yuqoridan ko‘rsatmalar berib turibdi. Hech narsa bo‘lmaydi! Yer juda nozik narsa, bir joyda bir xil dehqonchilik rivoj topsa, ikkinchi yerda bundan hosil olish amri mahol. Kursida o‘tirgan planchi buni qayoqdan bilsin, unga plan kerak, boshqa narsa bilan ishi yo‘q. Umuman plan, planchi (reja so‘zi yaxshi, lekin qasddan shu iborani ishlatyapman) degan iboralar qayerdan kelgan, hayronsan. Bizdagi plan va planchilar ishga manfaat bermasliklari hammaga ma’lum.

O‘tgan yili o‘zbekistonlik xalq deputatlari paxta masalasida Moskvada plan va planchilar bilan haqiqiy to‘qnashuvda bo‘ldilar. Qarangki, poytaxtdagi planchilar ichida paxta nimaligini yaxshi biladigani yo‘q ekan.

Demak, dehqonga erk berish kerak, nimani qayerga, qachon, qandoq ekishni va ishlov berishni o‘zi bilsin. Axir qaysi inson o‘z mehnati behuda ketishini xohlaydi! Xuddi shuningdek, boshqa sohalarda ham. Bozorning o‘z qoidalari bor, ular ishlab chiqarishni ham, oldi-sottini ham rejaga solib oladi.

Aytaylik, inson o‘z imkoniyatlaridan foydalanib, yaxshi mahsulot tayyorladi. Tabiiyki, u mehnatining samarasini ko‘rishi kerak, shundagina ishini yanada zo‘r g‘ayrat bilan davom ettiradi, aks holda hafsalasi pir bo‘ladi.

Bizda esa bu tabiiy, mantiqiy holat yo‘q. Uning o‘rniga mantiqsiz tartib hukm suradi.

Mehnat natijasida yuzaga kelgan mahsulotga mehnat qilmaganlar narx qo‘yadilar. U ishlab chiqarish joyidan xaridorga yetib borguncha yuzta to‘siqdan o‘tadi va har to‘siq o‘ziga keragini shilib qoladi. Ikki orada ishlab chiqaruvchi va xaridor jafo ko‘radi, boyagi to‘siqlar esa ishlamasdan tishlaydi, desak xato bo‘lmaydi. Ishlab chiqaruvchi to‘g‘ridan-to‘g‘ri bozorga bormoqchi bo‘lsin-chi, bu dunyoga kelganidan pushaymon yeydi.

Buyuk vatandoshimiz imomi Buxoriy rivoyat qilgan hadisi sharifda payg‘ambarimiz alayhissalom:

«Ya’ni: «Otliqlarning oldini to‘sib chiqmanglar, shaharlik qishloqlikka savdo qilib bermasin», deydilar. Bu o‘sha vaqtning sodda bozori va savdosining vasfi bo‘lsa ham, hukmi umumiydir. Ya’ni, olibsotarlar bozorga o‘z mahsulotlarini olib kelayotganlarning yo‘lini to‘sib chiqib, ulardan arzonga olib, bozorda qimmatga sotmasinlar, chunki bozorga kelmagan kishi narxni bilmay adashadi. Bozorga kelsa, narxini biladi va eng muhimi molning haqiqiy egasi chayqovchidan ko‘p marta saxiy bo‘ladi, bu esa xaridorga ham foyda.

«Shaharlik qishloqlikka savdo qilib bermasin», deganlari mahsulot ishlab chiqaruvchidan savdogar (odatda shaharlik bo‘ladi): «Molingni qo‘yib ket, sotib beraman», deb olib qolmasin. Bu ham ishlab chiqaruvchiga va ham xaridorga zarar. Hozir dunyoning hamma joyida mahsulotning to‘g‘ridan-to‘g‘ri bozorga olib borilishi yo‘lga qo‘yilgan. Oluvchi va sotuvchi o‘zaro roziyu rizo savdo qilishsa bo‘ladi. Albatta, bu bizning tasavvurimizdagi peshtoqiga «Bozor» deb yozib qo‘yilgan joyda bo‘lishi shart emas. U keng ma’nodagi tushuncha ekanligini unutmasligimiz kerak.

Shu o‘rinda bozor iqtisodidagi eng muhim omillardan biri – savdoda Islom qattiq man qilgan harom ishni eslatib o‘tish zarur. U ham bo‘lsa, «ehtikor» – narxni sun’iy ko‘tarish uchun urinishdir. Bu ishning har qanday ko‘rinishi harom, katta gunoh. Payg‘ambar alayhissalom «faqat xatokorgina «ehtikor» qiladi» deganlar. Bu hadisdagi «xatokor» so‘zi yengil so‘z emas. Alloh taolo Qur’oni Karimda Fir’avnni xatokor deb nomlagan. Boshqa bir hadisda esa: «Ehtikor qiluvchi qandoq ham yomon banda, arzonchilikni eshitsa xafa, qimmatchilikni eshitsa xursand bo‘ladi», deganlar.

Shu bilan birga jamiyat foydasini ko‘zlab, kelajakdagi qiyinchiliklar yuzaga kelishining oldini olish maqsadida rejali ravishda kerakli mahsulotlarni saqlab qo‘yish nafaqat mumkin, balki zarur. Buni ko‘proq hukumat qiladi. Qur’oni Karimda hazrati Yusuf alayhissalom hosilning ma’lum miqdorini kelajakdagi ocharchilik yillarida ishlatish uchun boshog‘ida olib turishga buyurganlari hujjat sifatida keltiriladi.

Shubhasiz, yuqoridagi ishlarni amalga oshirishda hukumatning o‘rni katta. Xususan hozir bizda hamma narsa hukumatning qo‘lida. Lekin bor-yo‘qni to‘plab olish yaxshi emasligi hech kimga sir bo‘lmay qoldi. Shuning uchun ham ko‘pgina narsalarni shirkatlarga, qo‘shma korxonalarga va boshqalarga berish rejalashtirilmoqda. Shu borada o‘tgan yili bo‘lib o‘tgan bir suhbatni takror-takror aytishni o‘zimga lozim ko‘raman. Saudiya Arabistonida Jidda shahridan podshoh Fahd ibn Abdulaziz bilan uchrashish uchun ar-Riyod shahriga maxsus samolyotda uchdik. Bir kishi mehmondorchilik uyushtirib xizmat qilib turdilar. Keyin bilsam, ismlari Ali Rizo bo‘lib, samolyot ham u kishiniki ekan. Men ul zotdan, bizda Saudiya hukumati neftni sotib, pulni bosib olgan, xohlaganini qilaveradi degan tasavvur bor edi. Lekin kelganimizdan beri hukumatniki degan narsani ko‘rmadik, do‘konlar, taksilar, mehmonxonalar va boshqa narsalar, jumladan samolyotlar ham shaxsiy ekan, hukumat nima qiladi, deb so‘radim. Ali Rizo, Muftiy hazrat, bizda hukumat hukm qiladi, ishni biz bajaramiz, dedi.

Ha, hukumat hukm qilish kerak. To‘g‘ri, hayotning hamma sohasi hukumat bilan bog‘liq, jumladan iqtisod ham. Bu ishda hukumat yetakchi shaxs sifatida ishtirok etishi zarur, biroq hammasini o‘ziniki qilib olib, boshqalarning yo‘lini to‘smasligi lozim.

Hukumat vatan ravnaqi, jamiyat farovonligi uchun xizmat qilayotganlarning himoyasini ta’minlashi, ish sharoitlarini yaratib berishi, ular o‘rtasida kelishmovchiliklar yuzaga kelsa adolatli hukm chiqarishi zarur. Bu va boshqa xizmatlari uchun hukumat soliq olishi yo‘lga qo‘yiladi.

Hozirgi holatda turli gap-so‘zlarni yig‘ishtirib qo‘yib, o‘zimizni kerakli barcha narsalar bilan ta’minlash choralarini ko‘rishimiz shart. Ochig‘ini aytay, oziq-ovqatni boshqalardan olib kun ko‘radigan xalq, mingta mustaqillik deklaratsiyasini qabul qilsa ham, o‘zini mustaqil his qilishga haqqi yo‘q. Chunki berib turganga biror so‘zing yoqmay qolsa ham, kerakli narsani «tortib» qo‘yib, sening mustaqilligingni bir pulga chiqaradi.

Barcha zaruriy narsalarni muhayyo etishni esa o‘zimizdan boshqa hech kim biz uchun qilmaydi. Hatto Alloh taolo ham nafsini o‘zi o‘zgartirmagan qavmning holini o‘zgartirmasligini Qur’oni Karimda aytgan.

Meningcha, avvalo ichki imkoniyatlarni ishga solish kerak. Yerlardan to‘liq foydalanib, bug‘doy, sholi, arpa kabi ekinlarni ko‘proq ekish zarur. Yaqin-yaqinlargacha odamlar adirlarga bug‘doy, arpa sepishar, sersuv yerlarga sholi ekishar edi. Paxta yakkahokimligi paytlarida hammasi man qilindi. Bundoq ish bilan shug‘ullanadiganlar quvg‘in etildilar. Kishilarning tomorqasigacha chigit qadaldi, hatto Orolni quritib, o‘rnida paxta yetishtirishni orzu qiluvchilar ham topildi. Oqibati nimaga olib kelgani hammaga ayon. Eng afsuslanarlisi shuki, kishilarda ushbu ishlarni qilishdagi malaka, tajriba yo‘qoldi. Buni qayta tiklash oson bo‘lmaydi. Lekin baribir yo‘lga qo‘yish kerak. Har bir xo‘jalikning bir-ikki yilga yetadigan doni, sholisi bo‘lsa qandoq yaxshi. Shu bilan birga, ota-bobolarimizdan qolgan tegirmon va objuvozlarni qayta ishga solmoq darkor. Hozir mayda korxonalar tuzish kerak deb ko‘p gapirilyapti, bular ham mayda korxona. Ham qo‘shimcha ish joylari paydo bo‘ladi, ham ishlar yurishadi. Dehqonchilik va bog‘dorchilikni keng rivojlantirish zarur. Bu borada kishilarga tomorqa yerlari ajratib berib, hukumat katta ish qildi. Albatta, bu osonlik bilan bo‘lgani yo‘q, katta tortishuvlar, bahslardan so‘ng, shundoq qilinsa oziq-ovqat mahsuloti ko‘payadi, degan yaxshi umidda boshlandi. Yer tekislash pora olish bilan qo‘shib olib borilgan joylar ham kam bo‘lmadi. Yerni esa kerak ham oldi, kerakmas ham oldi. Oqibatda bo‘lib berilgan ko‘pgina yerlar qarovsiz qoldi. Bu esa katta gunoh.

Chorvachilikni, ayniqsa, jadal rivojlantirish kerak. Bir vaqtlar odamlar qo‘lidagi hayvonlar tortib olindi. Birorta tovuq boqmoqchi bo‘lganlarga ham soliq solindi. Jamoa chorvachiligi esa tuzilganidan buyon ziyonkor soha bo‘lib kelmoqda. Avval aytganimizdek, bu jabhada ham katta uzilish ro‘y berdi, kishilarda malaka, tajriba qolmadi. Hatto shu darajaga borib yetdiki, bolalarga qo‘y bilan echkining farqini anglatish uchun mol bozoriga olib borib tushuntirishga to‘g‘ri keldi. Hozir respublika rahbarlari zotdor chorva mollarini keltirib aholiga sotishni yo‘lga qo‘ymoqchilar, bu juda yaxshi ish. Shu bilan birga yaylov yem-xashak va boshqa muammolarni ham birgalikda, ya’ni mutanosib ravishda hal qilib borish kerak.

Xalq hunarmandchiligi – mayda korxonalarni ham rivojlantirish maqsadga muvofiqdir. Modomiki xalqqa kerak ekan, beshikmi, sandiqmi, obdastami yoki boshqa narsami – chiqaraverish lozim. Nima keragu nima kerak emasligini bozorning o‘zi hal qilib oladi.

Turli-tuman taqiqlar xalqimizning tafakkurini, ijodiy qobiliyatini va yangilikka intilish hissini siqib qo‘yadi. Hasadgo‘ylik, bir-birini ko‘ra olmaslik uya qo‘ydi. Kim yaxshiroq narsaga ega bo‘lsa, undan shubhalanish, ketidan poylash avj oldi. Oqibat ma’lum – hammadan orqada qoldik. Xususiy uylar, davlat uylarini ko‘ring, hammasi bir-biriga o‘xshash noqulay, yashash sharoitlari mukammal emas. Bu yuqorida tavsiflangan noma’qul siyosatning samarasi emasmi, axir!

Yana bir misol. Qo‘lda to‘qilgan atlas dastgohdan chiqqanidan afzal ekanini yoshu qari yaxshi biladi. Lekin qo‘lda to‘qish man qilingan. Xalqda talab kuchli bo‘lganidan hunarmandlar maxfiy ravishda atlas to‘qiydilar. Albatta, birinchi xaridor – man qilganlarning xotinlariyu kelin-qizlari. Orada ba’zi bir ustamon firibgarlar boylik orttiradilar. Oddiy to‘quvchi hech qachon molini o‘zi pullay olmaydi. Biror korxonaga nomi qorovul deb yozib qo‘yilgan chayqovchi esa xohlagan puliga sotadi, uning tanishlari bor, qo‘lga ham tushmaydi, birov mushugini pisht ham demaydi. Shundoq qilib, «qorovullik»dan yuz ming so‘mlab pul topib, bosar-tusarini bilmay yuraveradi. Shuning o‘rniga hunarmandni erkin qo‘yib, sharoit yaratib berib, foydasiga davlat sherik bo‘lsa yaxshi emasmi. Bulardan boshqa ichki imkoniyatlar ham ko‘p, faqat hammasidan foydalanish kerak, xolos.

Yangi iqtisodiy aloqalarga o‘tish, xususan bozor iqtisodi munosabati bilan chet ellar ila aloqa zarurligi to‘g‘risida qachondan buyon tinmay so‘z yuritilmoqda. Lekin durustroq bir ish qilingan emas, yaqin orada qilinishidan darak ham yo‘q. Xorij bilan qandoq aloqa bog‘lash haqida qonun-qoidalar yo‘lga qo‘yilmagan. Shaxsan o‘zim bu masalada chet elliklar bilan ko‘p gaplashdim. Ular to‘g‘ridan-to‘g‘ri kelib, mol-mulkini tashlab ketadigan odamlar emas. Sharoitni, o‘rganib, boshqa joylarga nisbatan ko‘proq foyda chiqshdiga, haq-huquqlarining kafolati yuz foiz bo‘lishiga ishonch hosil qilgandan so‘nggina ish boshlaydilar. Saudiyalik birodarimiz, katta boylardan biri Muhammad Toriq ibn Lodin bizning taklifimizga binoan yurtimizga ikki marta keldilar. Sharoitni o‘rgandilar, suhbatlar o‘tkazdilar. Imom Tirmiziyning 1200 yillik anjumanlarida so‘zga chiqib, diniy idoraga yordam berish, Islom osorlarini isloh qilish va Islom davlatlari ishbilarmonlarining e’tiborini tortib, O‘rta Osiyoda ishlashga chorlash uchun xalqaro jamiyat tuzishni taklif qildilar. Suhbatlashib o‘tirib, hurmatli Toriq janoblari, mana keldingiz, endi qachon ish boshlaysiz desam, Muftiy hazrat, men bir eshikdan kirsam, yigirma eshikdan chiqib ketishim kerak. Sizlarda esa qaytib chiqadigan bitta ham eshik ko‘rmayapman, dedilar.

Ha, chet elliklar bilan hamkorlik qilishga ahd etgan bo‘lsak, ularning chiqadigan eshiklarini ham tayyorlashimiz lozim.

«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» haftanomasining bu yilgi birinchi sonida Nurali Qobil Saudiya fuqarolari Abdulg‘affor Hyp va Ahmad Ali og‘alar bilan birgalikda «al-Baraka» banki ochish to‘g‘risidagi urinishlari qanday to‘siqlarga uchraganini kuyunib yozgan. Hurmatli Abdug‘affor Hyp og‘amiz bilan Saudiyada uchrashganman, qo‘plab takliflar aytganlar. Keyin u kishidan xat oldim va imomi Tirmiziyning to‘ylariga taklifnoma yubordim. Kechikibroq keldilar. Men bir guruh anjuman ishtirokchilarini M. S. Gorbachev huzuriga olib kirishim zarurligi tufayli Moskvaga jo‘nab ketishga majbur bo‘ldim. Qolgani Nurali Qobil yozgandek bo‘libdi.

Olmaotada Islom banki ochgan Solih Komil janoblari ham bizning tanishimiz. Yaqinda Saudiya Arabistoni, Kuvayt va Birlashgan Arab Amirliklari SSSRga 4 milliard dollar qarz berishdi. Bizning diyorimizga undan qancha tegadi, hech kim bilmaydi.

Shu yilning boshida turk jumhuriyati raisi Turg‘un Ozalning akasi, Islom rivojlanish banki rayosati a’zosi Korgut Ozal boshchiligidagi birodarlar guruhi diniy idoramiz mehmoni bo‘ldilar. 3 yanvar kuni muzokaralar davomida mehmonlarga Toshkentda bank ochishni taklif qildim. Ular rozilik bildirdilar. Mas’ul xodimlarga sim qoqdim. Bittasi aynan shu ish bilan shug‘ullanuvchilarga aytishini va’da qildi, ikkinchisi vitseprezidentimiz Shukrullo Mirsaidovga o‘zingiz ayting, dedi. Shukrullo aka Moskvaga ketgan ekanlar. Qolganlari kun bo‘yi maslahat qilishdi. Keyin bilsak, Islom banki nimaligini bilmay hayron bo‘lishibdi. Xullas kalom, ertasiga bir kishi mehmonlarning ikki nafari bilan uchrashdi. Nima gap bo‘lganidan xabarim yo‘q. Lekin mehmonlar samolyotga chiqqanlaridan so‘ng yetib borishib, ba’zilarini yerga tushirib, rahbarimiz rozi bo‘lishdi, bank ochsak mayli ekan, tuzukroq gaplashaylik, deyishganda mehmonlar uzr aytishibdi, Eshitishimcha, mabodo ishlar yurishib qolsa deb bank uchun joy ham ajratilgan emish.

Mazkur mehmonlar guruhi bilan muzokaralar paytida 10 – 15 tolibi ilmni chet o‘lkalarda tib va handasaga o‘qitib berishni taklif qilishdi. Men tibu handasa qulliyotlari o‘zimizda ham borligini aytib iqtisod va idora bo‘yicha o‘qitib berishlarini so‘radim. Shunda Korgut Ozal janoblari, muftiy afandim, mayli, siz aytganni ham amalga oshirishga harakat qilamiz, lekin tib va handasa ham bo‘laversin, yoshlarning dunyo ko‘rgani yaxshi, dedilar. Unga ham kelishdik. Dunyo ko‘rib, ijobiy tajriba o‘rganish albatta foyda keltiradi.

Hozir odamlarni bozor iqtisodi bilan qo‘rqitish odat bo‘lib qoldi. Undoq bo‘ladi, bundoq bo‘ladi, narx oshadi, narsa kamayadi va hokazo. Oqibatda bozorga «tayyorgarlik» ko‘rib, kerak bo‘lsa ham, bo‘lmasa ham qo‘lga kirgan narsani to‘plashga kirishib ketildi. Tanqislik boshlandi, keraksiz jun kiyim-kechakka kuya tushdi, buzilgan oziq-ovqat mahsulotlarni axlatxonaga tashlash boshlandi. Bemalol o‘ylab ko‘rsak, biz allaqachon bozor iqtisodiga qisman o‘tib bo‘lganmiz. Dasturxonga bir nazar tashlang, davlat narxida sotib olingan narsalar ko‘pmi yoki bozor narxidagisimi? Xalqimiz mehnatkashligi tufayli davlatning berganiga qarab turmay, o‘zi doim harakat qilib kelgan. Boshqa jumhuriyatlardagilar qo‘rqsalar bo‘ladi, chunki ular hamma narsada davlatga qaram bo‘lib qolishgan. Non yopish, qo‘y boqish, bog‘ qilish yoki tom solish qandoq bo‘lishini unutishgan.

Bozor iqtisodiga o‘tilsa, kishilar tabaqalarga bo‘linadilar: boylaru o‘ta boylar, kambag‘allar o‘ta kambag‘allar yuzaga chiqishadi, deyishadi ba’zilar.

Hozir-chi, hozir barcha baravarmi? Yo‘q, hozir ham xuddi shundoq. Lekin e’tirof qilinmagan boylar va o‘ta boylar odatda qonunbuzarlik bilan dunyo to‘plashgani uchun o‘zlarini oshkor qilmaydilar, xolos. Buning ustiga, o‘ta boylarning bir qismi qamalib ketdi. Endi bozor iqtisodi bo‘lsa, hamma narsa o‘z nomi bilan ataladi, xolos.

Halol yo‘l bilan boy bo‘lish yaxshi narsa. Islom kambag‘allikka qarshi. Boylar esa doimo kambag‘allarga yordam berishlari zarur. Shariatda boyligi nisobga (ma’lum miqdorga) yetgan kyshi yiliga o‘z boyligining 2,5 foizini kambag‘allarga berishi farz. Aks holda katta gunoh qilgan bo‘ladi, kambag‘allarning haqini yegan hisoblanib, hamma moli haromga chiqadi va qiyomat kuni bo‘yniga ulkan ilon bo‘lib o‘raladi. Zakotning tafsiloti alohida bir maqola bo‘lishi kerak, shuning uchun bu yerda gapni cho‘zib o‘tirmaymiz.

Shuningdek, xayr-ehson, muhtojlarga yordam ipshari keng yo‘lga qo‘yilishi shart. Jamiyatning hech bir a’zosi qarovsiz qolmasligi kerak. Bu – barchaning vazifasi. Payg‘ambarimiz alayhissalom: «Garchi bir xurmoning yarmi bilan bo‘lsa ham o‘zingizni do‘zaxdan saqlang» deganlar. Ya’ni, arzimagan narsa bo‘lsa ham muhtojlarga bering, deganlari bu. Bir kuchi payg‘ambar alayhissalom: «Allohga qasamki mo‘min emas, Allohga qasamki mo‘min emas, Allohga qasamki mo‘min zmas», deganlarida, sahobalar: «Kim ey, Allohning rasuli?» – deptilar. Shunda u zot: «Kimki qo‘shni och ekanini bilib turib, o‘zi to‘yib uyquga yotsa», – deptilar. Bu borada ham alohida boblar bor.

Bozor iqtisodiga tayyorgarlik ko‘rish jarayonida mehr-shafqat, hayr-ehson ma’nolarini ham onglariga singdirib bormoq lozim. Chunki bu ma’nolar bizda deyarli yo‘q bo‘lib ketgan.

Islom ta’limoti bo‘yicha mazkur ishlar har qaysi diyorda farovonlik, obodonchilik va seroblikning shartlaridandir. Payg‘ambarimiz alayhissalom o‘z hadisi shariflaridan birida: «Silai rahm (qarindoshlarga yaxshilik qilmoq) va qo‘shnilarga yaxshilik qilmoq diyorlarni obod va umrlarini ziyoda etadi» deganlar. Demak, xayr-ehsondan faqat uni oluvchi emas, balki beruvchi ham va qolaversa, jamiyatning barcha a’zolari, diyorning o‘zi ham bahramand bo‘lar ekan.

Farovon turmushning shartlaridan yana biri Alloxdshng berganiga shukr qilish, haddan oshmaslik, tug‘yonga ketmaslik va isrofgarchilikka yo‘l qo‘ymaslikdir. Alloh taolo Qur’oni Karimda: «Englar, ichinglar va isrof qilmanglar, albatta. U (Alloh) isrofgarchilikni yoqtirmaydi», degan. Hozirgi yetishmovchilik davrida ham bizda isrof haddan tashqari ekanini gapirib o‘tirmasa ham bo‘ladi. Yetishtirilgan hosilning to‘rtdan biri isrof etilsa turli marosimlardagi isrofgarchiliklar, oddiy hayotdagi isrof, hammasi to‘planib kelib ulkan zarar ekanini har birimiz yaxshi tushunib yetmog‘imiz kerak.

«Toho» surasida Alloh taolo: «Sizlarga rizq qilib berilgan narsalarning poklaridan yeng va tug‘yonga ketmang) haddingizdan oshmang) (agar shunday bo‘lsa) sizlarga g‘azabim tushishiga sabab bo‘ladi», deydi. Ha, noshukurlik, haddan oshish, to‘s-to‘polonlar Allohning g‘azabiga duchor etadi. Uzoqqa borishning keragi yo‘q, hozirgi kunimizga nazar solaylik: noshukrlik va to‘polon markazlarida zilzila, boshqa tabiiy ofatlar, markablarning to‘qnashuvlari, halokatga uchrashlari va hokazolar tinmay ro‘y berib turibdi. Alloh taolo o‘shandoq joylardan hech bo‘lmasa barakani ko‘tarib qo‘yadi. Buni Moskva shahri misolida ko‘rish mumkin – odamlar ochko‘z bo‘lib qolishgan, baraka yo‘q, yeydi-yu to‘ymaydi. Boshqa joylarda ham baraka ko‘tarilsa, avval bir tishlam nonga to‘yadigan odam ikki-uch burda non yeydigan bo‘lib qoladi. Bu haqda Qur’oni Karimning «Nahl» surasida shunday deyiladi: «Alloh bir tinch-omon, xotirjam diyorni misol keltiradi, u (diyor) ning rizqi to‘kis bo‘lib, turli makonlardan kelib turadi. Bas Allohning ne’matlariga u (diyor) kufron (noshukrlik) qildi. Shu sababli Alloh taolo ularga ochlik va xavf-xatar libosini kiygazdi». Bundoq holatlardan barchamizni Alloh taoloning o‘zi saqlasin!

Kishilarni bozor iqtisodi, qimmatchilik va boshqa qiyinchiliklar bilan qo‘rqitmaslik, balki ularni bunday holatlarda o‘zini qandoq tutishga o‘rgatish kerak. Allohning xazinasi katta, ne’matlari ko‘p, «Ibrohim» surasida: «Agar Allohning ne’matlarini sanasangiz, hisobiga yeta olmaysiz», deyilgan. Lekin Alloh taolo bandalarining holatiga qarab rizq beradi. Kishilar insofu tavfiqda yursalar, barakali rizq ulashadi, tug‘yonga ketib, noshukrlik qilsalar, rizqni ham tortib qo‘yadi.

«A’rof» surasida shunday deyiladi: «Agar diyor aholisi iymonli va taqvoli bo‘lsa, biz ularga osmonlaru yerdan baraka (eshigini) ochib qo‘yamiz…» «Sho‘ro» surasida esa: «Agar Alloh o‘z bandalariga rizqni juda keng bersa, ular yer yuzida buzg‘unchilik qiladilar. Lekin (Alloh) o‘z xohishicha o‘lchovli rizq tushiradi. Albatta, U o‘z bandalarining barcha ishlaridan xabardor va ularni ko‘rib turuvchidir».

Xulosa qilib aytganimizda, noumid – shayton, tushkunlikka tushmaslik kerak, g‘ayrat-shijoat bilan harakat qilish zarurki, bozor iqtisodi sharoitida mehnatni, aqlu idrokni, hisob-kitobni, insofu diyonatni, saxovatu sabr-toqatni ixtiyor etsak, inshoolloh, farovonlik, bust-butunlik, to‘qlikni Allohi karim darig‘ tutmaydi. Omin!

«Xalq suzi», 1991 yil 28 fevral.