Mirzo Kenjabek. Fitna san’ati (1990)

(Qonli Farg‘ona voqealariga doir ayrim mulohazalar)

Ey, go‘zal Farg‘ona, qonli ko‘ylagingdan  aylanay!..

ChO‘LPON

1. PONTIY PILAT BAShORATI

Farg‘ona voqealari matbuotda turlicha talqin etilayotgan kunlarda, 1989 yil iyunining 14-kuni «Izvestiya» ro‘znomasida «Farg‘ona: kulfatning oldini olish mumkinmidi?» sarlavhali maqola chiqdi. Maxsus muxbir V. Ardayevning mazkur maqolasi O‘zbekiston SSJ Ichki ishlar vazirining birinchi o‘rinbosari Eduard Didorenkoning «avliyoligi», «folbinligi» to‘g‘risida bo‘lib, unda Didorenko Farg‘ona fojiasini uch oy oldin bashorat etgani ta’kidlanadi. Muallif, Didorenkoning «Milliy munosabatlarni keskinlashtirayotganlar boshi berk ko‘chaga boshlamoqdalar» degan musohabasi «Quvasoy shahrida qonli yong‘inning ilk uchqunlari sachragan kundan roppa-rosa uch oy oldin—1989 yil fevralining 23-kuni «Tashkentskaya pravda» ro‘znomasida bosilgan»iga urg‘u beradi.

Ma’lumki, Didorenko musohabasi o‘sha paytdayoq shubha qo‘zg‘ab, qarshi zarbaga uchragan; bu shaxsda munozara madaniyatining yetishmasligi fosh etilgan edi. Aftidan, Didorenkoning aytajak gaplari oldindan tayyorlab qo‘yilgan, bo‘lajak fitna qat’iy rejalashgach, u «folbinlik» qilgan. Muxbir suhbatdoshni emas, suhbatdosh muxbirni chorlagani shubhasiz. Isbot tariqasida, ro‘znomadan ko‘chirma keltiraman: «Tashkentskaya pravda» ning o‘z gazetxonlarini «Musohaba beruvchining javoblari birmuncha katta hajmda bo‘lsa-da, ularni to‘liq bosib chiqarish haqidagi istagi bajarildi», degan ogohlantirishi kishini hushyor torttiradi. Tahririyatning bunday «eslatmasi»dan musohaba beruvchi nimalar demoqchi bo‘lgani oldindan yaqqol ko‘rinib turibdi» («Pravda Vostoka», 1989 yil fevralining 25-kuni).

Ajabki, «Izvestiya»ning xuddi o‘sha sonida — V. Ardayev maqolasining tepasida «Mixail Bulgakov shifo eltadi» degan maqola bosilgan. Bu ikki maqolaning ostinma-ustun berilishida men uylab ko‘rilmagan bir timsol, beshafqat bir mantiqni ko‘rdim. Taajjubki, «avliyo» Didorenko shuuri ilg‘ab, «bashorat etgan» hamda Bulgakovning «Usta va Margarita» asari qahramoni— Pontiy Pilat «ko‘ngli sezib» bashorat etgan voqealar o‘rtasida aql bovar qilmas o‘xshashlik bor.

Pontiy Pilat maxfiy xizmat boshlig‘ini o‘zining xos xonasiga taklif etib, sirli suhbat quradi. «Eng ko‘ngilsiz xunrezliklarning shohidi bo‘laman deb har daqiqa yurak hovuchlab turasan», deydi u tagdor qilib. Vazir o‘rinbosarining O‘zbekistondagi «millatchi», «jinoyatchilar»dan vahm qilib zorlanishi Pontiy Pilat zorlanishiga o‘xshamaydimi?.. So‘ng, Iuda to‘g‘risida gap ketganda, prokurator: «uni bugun pichoqlab ketisharmish», deb qo‘yadi va qanday qilib uni o‘ldirib ketishlarini oldindan aniq bayon qiladi. Anig‘i, Iudani qanday o‘ldirish lozimligini uqtiradi. Maxfiy xizmat boshlig‘i mulohazaga borgach, Pontiy Pilat g‘azabliroq tahdid qilib, «ko‘nglim sezib turibdi, deb aytdim-ku, sizga!», deya zimdan topshiriq beradi. Reja amalga oshadi, albatta.

Didorenko bashorati Pontiy Pilat bashorati bilan bir xildek. Vazir o‘rinbosari o‘sha «payg‘ambarona» suhbati orqali «bajarilishi nihoyatda mushkul rejani» amalga oshirishga zamin hozirlagan edi. «Fan va turmush» oynomasi 1989 yilgi 11-sonida tarix fanlari nomzodi Haydarbek Bobobekov ham o‘sha suhbat borasida shunga yaqin fikrni aytgan.

Farg‘ona voqeasi «etti o‘lchab» tuzilgan reja asosida maxsus uyushtirildi va tashqaridan boshqarib turildi, bundan ko‘zda tutilgan natijalarga erishildi, nazarimda.

2. FITNANING ATAY UYuShTIRILGANLIGIGA DALILLAR

BIRINChI DALIL. Farg‘onada o‘zbek va mesxet turki qavmlari o‘rtasidagi janjalni o‘zbek ham, mesxet turki ham boshlagani yo‘q. «Pravda» ro‘znomasi muxbiri Odilbek Qaipbergenov «Bu shunday boshlangan edi» maqolasida Farg‘ona viloyati prokurori A. Otajonovning ushbu so‘zlarini keltiradi: «…Mayning 16-kuni shahar pivoxonalaridan birida maishiy negizda ikki yigit janjallashib qoladi. Ta’kidlab aytamanki, yigitlarning unisi ham, bunisi ham millati jihatdan na mesxet turki edi, na o‘zbek edi. Bir necha kundan keyin guruh-guruh bo‘lib, janjal ko‘tardilar, baxtga qarshi bu janjalda mesxet turklari ham, o‘zbeklar ham qatnashdi». («Pravda», 1989 yil yunning 20-kuni).

«Sovet O‘zbekistoni» ro‘znomasi muxbiri Alisher Ibodinovning «Quvasoyda nima bo‘lgandi?» maqolasida to‘polonni boshlab bergan kimsalar millati aniq aytiladi va bu fojianing maxsus uyushtirilganligi jindek ravshanlashadi: «Janjal dastlab bir rus va bir tatar kishining o‘zaro mushtlashuvidan boshlangan. Rus kishining ikki o‘zbek og‘aynisi uning tarafini olgan. Tatar kishi tarafdorlari esa tasodifny turklar bo‘lib chiqqan. Vaqtida oldini olish mumkin bo‘lgan kichik janjal to‘satdan kuchayib ketgan». («Sovet O‘zbekistoni», 1989 yil iyunining 13-kuni). Shunday qilib, bashir Didorenko orziqib karomat qilgan kun keldi! O‘sha kuni mesxet turki va o‘zbek qavmlaridan 150 nafardan kishi to‘planib, ilk to‘qnashuv bo‘lib o‘tdi. To‘planganlarning qaysinisi chin mahalliy qavm, qaysinisi «tasodifiy» kishilar — buni matbuot ochiq aytmaydi… Xullas, endi fitnachilar birinchi muvaffaqiyatga erishdilar, olomonni maydonga boshlab chiqa oldilar.

Ma’lumki, turkning o‘zbek qavmidan ham, tatar qavmidan ham butkul ruslashib, aslidan qaytganlari bor. Tatar turki millatparvarlari ayrim ruslashgan va aslini unutib, o‘z ona xalqi, o‘z ona yurti manfaatlariga ters ishlar qilgan tildoshlarini nafrat bilan fosh etadilar. Janjalni boshlab beruvchi shunday toifadan bo‘lsa, ajabmas.

Bunday fitna rus davlatchiligi tarixida yangilik emas, Ivan Grozniy davridan beri xalqlarni bir-biriga va o‘z-o‘ziga qarshi qilib qo‘yish tajribasi ancha shakllangan.

SSSR xalq deputatlarining birinchi s’ezdida ochilgan mudhish sir ko‘plarning yodidadir. Unda, 1968 yili Chexoslovakiyada kechgan qonli voqealar arafasida, rus va boshqa sovet maxfiy xizmatchilarimiz ruslarga va sovetlarga qarshi varaqalar tarqatgani fosh etildi. Shu fitnada qatnashgan KGB xizmatchisining o‘zi Chexoslovakiya xalqidan uzr so‘radi.

1989 yil boshlarida O‘zbekistonda ham ruslarga qarshi varaqalar tarqatilayotgani matbuotda ovoza qilindi. Yana shunday varaqa tarqatib qo‘lga tushgan yigitlarning ikkovi ham ruslar ekanligi aniqlandi. «Shunchaki, onasini qo‘rqitib qo‘ymoqchi bo‘lgan» bu ikki yosh ig‘vogar jumhuriyat oynaijahoni orqali butun xalqqa ko‘rsatilgani ko‘plarning esidadir. («O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» ro‘znomasi, 1989 yil dekabrining 15-kuni).

Mesxet turklari qavmi bilan o‘zbek qavmi o‘rtasida to‘qnashuv uyushtirilgan paytda, Farg‘onada ruslarga tahdid qiluvchi varaqalar va e’lonlar yopishtirib chiqilgani shov-shuv qilindi. Shunday tahdidli e’lonlardan biri Farg‘onadagi universal do‘kon devoriga yopishtirilgan. Biroq, yozuvchi Yo‘ldosh Sulaymon isbotlab, fosh etganidek, o‘sha e’lonni yopishtirganning o‘zi mazkur do‘konda ishlaydigan rus ayoli ekan.

To‘polon vaqtida turklarga va ruslarga qarshi shiorlar, ko‘k bayroqlar, hatto, bir tomonda Gorbachyovning, bir tomonda Humayniyning katta suratlarini ko‘tarib chiqqanlari matbuotda zo‘r ta’kid bilan aytildi. Bu mantiqsizlikning o‘zi buzg‘unchi fitnachilarning eski tajribasidan kelib chiqayotgani yaqqol sezilib turibdi. Yo‘qsa, Humayniy farg‘onaliklarning tushiga kiribdimi?!

Aqlini taniydigan kishiga ayon bir illat bor: Sovet jamiyatida son jihatdan ozchilikni tashkil etgan, sho‘ro oilasida haqiqatan panoh topgan yoxud SSSR tarkibidan chiqib ketish xavfi, imkoniyati va yo da’vosi bo‘lmagan millat hamda elatlarga go‘yo sezilarli imtiyozlar beriladi, boshqalarni qisish evaziga ularni tuzum bir muncha «erkalagan» bo‘ladi, «tanobi»ni bo‘shroq qo‘yadi… Tuzum uchun ulardan ehtiyot bo‘lishning hojati yo‘q…

Biroq mesxet turklari qolgan barcha turkiylar kabi, keyingi asrlarda taqdir erkalamagan xalqlardan. Ulug‘ Vatan urushida 40 ming mesxetlik turkdan 26 ming nafari qirilib ketib, atigi 14 ming nafari tirik qaytdi. Shunga qaramay, ular sovet davlatining, Stalinning quvg‘iniga uchradilar. Vatanlaridan ayrilib, insoniy haq-huquqlari oyoqosti qilindi. Ular Turkistonga ommaviy surgun qilinganlarida, bir oylik yo‘l azobidan, ochlik va kasallikdan 29 ming nafarga yaqini nobud bo‘ldi. Mesxetliklarning qirg‘indan omon qolganlari Turkistonda dastlab o‘zlarini musofir sezib, bu yurtga sig‘indimiz, deb qisingan, iztirob chekkan, albatta. Biroq mahalliy xalq — turkiy qondoshlari ularga ko‘p mehr ko‘rguzgan. Musulmon xalqining musofirparvar bo‘lishi olamga ayon. Shunday qilib, Toshloqda, Quvasoyda ham mesxetlik turklar qadrini tiklab, yurt egasiga aylandilar. Ammo yovuz fitnachilar shu ikki tildosh, dildosh va qondosh qavm o‘rtasida ham kelishmovchilik tug‘dirishga urindilar. Hatto iqtisodiy tengsizlik yaratishga erishdilar. Aslida, nizo urug‘i ko‘p yillar burun zimdan tashlab qo‘yilgan va boshqarib turilgan. Jamiyatdagi umumiy adolatsizlik, tengsizlik qizib borgani sari, uning taftida shu zaharli urug‘ ham jonlanib borgan. (Har ikki qavm orasida ham haddini bilmagan g‘ofil, janjalkash, to‘polonchilar uchrab turadi. Bizda shunaqasi yo‘q, deb maqtanadigan millatning o‘zi yo‘q). Biroq ular o‘rtasidagi nizo, ayrim nodon muxbirlar talqin qilganidek, ikki millat o‘rtasidagi nizo emas, balki ikki mahalla o‘rtasidagi nifoq tariqasida bo‘lgan. Zero, til bir, urf-odat bir, hatto turklarning asosiy qismi ming yillar burun Turon tuprog‘idan ko‘chib ketgan. O‘zbek qavmi irqiy shajarasini qorluq va qipchoq urug‘lari tashkil etsa, turklar o‘g‘uz urug‘iga mansubdirlar. Har ikki qondosh qavm o‘rtasida ham bu tarixiy haqiqatni biladigan ma’rifatli ziyolilar ko‘p. Lekin mustamlaka davrlari o‘zlikni unutishga, tarixni, hatto shajara tarixini ham unutishga ko‘p xalqlarni mahkum etdi… Buzg‘unchilar tomonidan uyushtirilib, boshlab berilgan, keyin qondoshlar o‘rtasidagi to‘qnashuvga aylantirilgan janjal, bir jihatdan, ana shu unutish mahsuli hamdir.

IKKINChI DALIL. Bu dalil Farg‘onada fitna atayin uyushtirilganligini rad etishga hech qanday imkon qoldirmaydi. Aftidan, Didorenko bashoratini amalga oshirish taqozo etib, Farg‘ona viloyatiga qondan qilt etib seskanmaydigan, odam o‘ldirib zavq oladigan o‘ta xavfli jinoyatchilar safarbar qilingan. Davlat xavfsizligi qo‘mitasi Farg‘ona viloyati boshqarmasining (hozirda sobiq) boshlig‘i N. Leskov so‘zlarini keltiraman: «Ommaviy qirg‘in avj olishdan oldin, viloyatga RSFSRdan qator, o‘ta xavfli jinoyatchilar kelganligi qayd etildi» («Literaturnaya gazeta», 1989 yil iyunining 14-kuni).

Xo‘sh, «ixtisoslashgan» jallodlarni Rossiyadan keltirishga qanday hojat bor edi? Gap fitnaning maqsadiga borib taqaladi. Bu jumboqqa qo‘shimcha o‘laroq, o‘sha mahal Toshkent turmalaridan ham «kerak»li mahbuslar qo‘yib yuborilganligini ta’kidlamoq joizdir.

N. Leskov qaydining ayni haqiqat ekanligi shunda ko‘rinadiki, Toshloqda, so‘ng boshqa yerlarda xaloyiq gangitib tashlangan: bir taraf — «ko‘rgazmali» mish-mishlar ta’siridan, bir taraf — matbuotning vasvasasidan o‘zlarini yo‘qotib qo‘yganlar. Qurbonlarning ko‘plari esa chinakam jallodona mahorat bilan o‘ldirilgan.

UChINChI DALIL. Bu dalil ikkinchi dalilni quvvatlab, uyushtirilgan fitna tashqaridan tartib bilan boshqarib turilganligini isbotlaydi. SSSR Ichki ishlar vazirligi ichki qo‘shinlar Bosh siyosiy boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Ye. Nechayevning ta’kidiga diqqat qiling: «Men Sumgait voqealarini ko‘rganman, lekin uni Farg‘ona dahshati bilan aslo qiyoslab bo‘lmaydi. Farqlari: birinchi, aql bovar qilmas darajada faqat jinoyatkorlar doirasigina qodir bo‘lgan g‘ayritabiiy shafqatsizlik; ikkinchi, bosqin ahlining yuksak uyushqoqligi va epchilligi; uchinchi, yashirin to‘da a’zolari faoliyatini nihoyatda qattiq sir saqlash (konspiratsiya); chunki, hali bosqin ahli sardorlaridan birontasi ham qo‘lga olingani yo‘q» («Literaturnaya gazeta», 1989 yil iyunining 14-kuni).

Bunday qattiq intizom, g‘ayritabiiy yovuzlik, tartiblilik va qattiq sir saqlash kabi sifatlar faqatgina maxfiy rejani amalga oshirishga qodir bo‘lgan, xuddi N. Leskov ta’riflagan o‘ta xavfli jinoyatchilargagina xosdir. Maxsus va maxfiy xizmat «xodim»larigina bajarishi mumkin bo‘lgan bunday fitnaga g‘azabkor ommaning, to‘pori olomonning qodir emasligi barchaga ayon. Ta’kidlash lozimki, oradan qancha vaqt o‘tsa-da, sardor yovuzlardan, mohir jallodlardan birontasi qo‘lga olinmagan, sovet matbuoti bu to‘g‘rida hech qanday ma’lumot bergani yo‘q.

TURTINChI DALIL. Sudning dastlabki xulosalaridan ma’lumki, Farg‘ona ahli orasida mish-mishlardan vasvasaga tushib, qotillik qilgan kishilar bor. Lekin atay avj oldirilgan to‘polonda dastlab mesxetlik turklarni beshafqat o‘ldirganlar o‘zbeklar emas, balki asosan, o‘zbekcha kiyinib olgan boshqa millat vakillari ekanligi endi kunday ravshan. «Turklarni o‘ldiramiz!», «O‘rislarni o‘ldiramiz!», deb g‘avg‘o boshlaganlar aslida boshqalar. Bunda, ruslardan tashqari, dashnoqlardan ham foydalanilgan, degan taxminlar bor. Qora niyatli, aniq maqsadli kishilar o‘zbek milliy libosidan mohirona foydalanganlar: mesxetlik turk qiyofasiga kirib, bezorilik qilinganidek, o‘zbek qiyofasiga kirib vahshiylik qilingan. Misol tariqasida, atoqli arbob Nuriddin Muhiddinov taassurotidan namuna keltiraman: «Farg‘ona bo‘ylab safarlarda men ataylab uyushtirilgan, xalqimiz va davlatimiz manfaatlariga zid harakatlarga ham guvoh bo‘ldim. O‘zbek milliy kiyimlarini kiygan, aslida boshqa millatga mansub kishilarning suratlarini ko‘rdim». («Sovet O‘zbekistoni», 1989 yil avgustining 12-kuni).

O‘zTAG muxbirining ushbu ma’lumoti ham fitnani chetdan kelganlar avj oldirganligini isbotlaydi: «G‘alati bir narsaga duch kelinmoqda: Hamma joyda beboshliklarning qatnashchilari boshqa joylardan kelgan kishilar, deb ishontirishga harakat qilishmoqda. Bu nima, — haqiqatmi yoki hadiksirab oldini olishmi?» («Sovet O‘zbekistoni», 1989 yil iyunining 11-kuni). Mazkur ta’rif faqat Marg‘ilon shahriga tegishli bo‘lsa ham, muxbir «tag‘ofili orifona» qilib, haqiqatni oshkor etgan. Qo‘lida hukumati, ostida taxti bor kishilargina fitnani tashkil etganligiga shu ko‘chirmalar asos bo‘la oladi.

BEShINChI DALIL. To‘polon avj olmasidan burun, xalq vakillari fojianing oldini olish uchun qattiq kirishganlar. Nuriddin Muhiddinovning sinchkov kuzatuvlari, keltirgan boshqa dalillari, Qo‘qon shahridagi harakatlar buni isbotlaydi.

Mehnat faxriysi, keksa nafaqaxo‘r Otajon Rahmatov mayning 23-kunidayoq, janjal qo‘zg‘olayotganda, Farg‘ona viloyati rahbariyatiga borib, xalqni safarbar qilaylik, aholining o‘zi Quvasoy shahri atrofini o‘rab, o‘z farzandlarini yo‘lga solishi mumkin, deganida, ular quloq solishmagan. Tabiiyki, sho‘rlik muhofizlarni — uch-to‘rtta militsionerni jo‘natishgan. Va… natijada, janjal tobora keskin tus olgan. Viloyat partiya qo‘mitasining birinchi kotibi, jumhuriyatdagi barcha «birinchi»lar qatori, Moskvada — xalq deputatlarining 1-s’ezdida bo‘lgan. Boshqa rahbarlar go‘yo voqeaning mohiyatiga yetmaganlar («Sovet O‘zbekistoni», 1989 yil avgustining 12-kuni).

Avvalo, ichki ishlar bo‘limi xodimlarining o‘zida qandaydir ichki «sir» borligi hodisalar zamirida ham ko‘rinadi (tobe ijrochilar bundan mustasno). Qolaversa, viloyatdagi «ikkinchi»larning rejadan bexabar emasligi yaqqol seziladi. Negaki, fitnachilarning «rejalarni aniq tuzib, katta tashkilotchilik bilan harakat qilishlariga sharoit yaratib berildi». (O‘sha manba). Zarur qarorlarning kerakli nuqtalarga vaqtida yetkazilmagani, beparvolikdan tashqari, atayin qilishlik holatlari bo‘lganidan dalolatdir. Chunki, partiya apparati o‘z ko‘rsatmalarini o‘zi xohlagan muddatda yetkazish imkoniyatiga egadir. Biroq viloyat «partiya komitetining mazkur voqealarni muhokama qilib, 2-iyun kuni chiqargan qarori 17-iyungacha ko‘pgina tashkilotlarga yetib bermagan» (O‘sha manba).

Quvasoylik turk qavmlari ham, o‘zbek qavmlari ham tartibsizlikdan tashvishlanib, nohiya ichki ishlar bo‘limlariga murojaat etishgan. Lekin ular bunday iltijolarga quloq solmaganlar. Estoniya xalq jabhasining a’zosi bilan Abdulaziz Mahmudov birgalikda tasvirga tushirgan hujjatli filmda bu so‘zlarning isboti bor. Hatto quvasoylik bir turk ayoli bu ishlar rahbariyat tomonidan uyushtirilyapti, deb faryod ko‘targani ham lentaga tushirilgan.

Iyunning 7-kuni tepadan vertolyotlar «kuzatuvi»da bir necha yuk mashinasida kelgan notanish kishilar Qo‘qon shahriga kirmoqchi bo‘ladilar. Negaki, to‘polon qo‘zg‘ashga asos bor — Qo‘qonda bir yarim mingga yaqin mesxetlik turk yashar edi. Fitnaning avj olishini anglagan qo‘qonliklar notanish olomonni shaharga kiritmaslikka urindilar; shunday talab bilan shahar ichki ishlar bo‘limiga murojaat etdilar. Ichki ishlar xodimlarining va’dasiga ishonib, xaloyiq tarqaldi. Lekin tush paytlari, soat 2.30 larda begonalarga liq to‘lgan yuk mashinalari shaharga o‘tkazib yuborildi. O‘zTAG muxbirining kuzatuvi fitna qanday doirada uyushtirilganligini, buzg‘unchilik maqsadini qisman ochadi. «Biz gazandalar taktikasini sinchiklab o‘rganib chiqdik. Ular Farg‘ona rayonida ikki kun jadal harakat qilganlaridan so‘ng, bir kun tanaffusga chiqishadi. So‘ng bunday manzara Marg‘ilonda qaytariladi, endi esa navbat Qo‘qonga keldi» («Sovet O‘zbekistoni», 1989 yil iyunining 10-kuni). Mesxetliklarni atay tahlika va talvasaga solish uchun to‘polonni o‘sha yoqqa ko‘chirish qat’iy rejalashtirilganligi ushbu xabardan ham bilinadi: «Kimlardir avval gij-gijlatgan bezori yoshlar turklar ko‘proq yashaydigan rayonlarga bostirib kirishdi» (O‘sha manba). Hamma balo shundaki, haligi yuk mashinalarida rahnamo fitnachilar bilan birga, mish-mish va ig‘voga uchib, Toshloq, Marg‘ilonu Rishtondan yo‘nalgan tubjoy aholi ham bo‘lgan. Ular fitnaning asl mudhish maqsadidan ham, to‘polonni kimlar boshqarib turganidan ham butkul bexabar kishilar, albatta.

Qo‘qon shahri — Turkiston millatining qadimiy madaniyat, adabiyot va san’at markazlaridan; biru chorak asrlik istibdod ostida milliy ruh nisbatan toza saqlangan o‘choqlardan. Inqilob deb atalgan davrlarda ham Qo‘qon mustamlakachi zobitlar mo‘ljalida turdi. Turkiston muxtoriyati dastavval Qo‘qonda e’lon etilganini faxr bilan eslash kifoya. Qo‘qonliklarning yuksak hushyorligi, umumturkiy tuyg‘ularni bezavol saqlaganligi tufayli ham, bundagi harakat mesxetlik qondoshlarga qarshi pastkash harakat bo‘lmay, balki erku huquq yo‘lidagi chinakam siyosiy kurash ekanligi ongli jamoatchilikka ayonlashdi. Mitingga yig‘ilgan xaloyiq talabnomasida ham mesxetliklarga qarshi hech qanday g‘arazli da’vo yo‘q edi. Ammo yovuz fitnachilar bu adolatli harakat bilan, mesxetliklarga qarshi uyushtirilgan to‘polonni aralashtirib, qorishtirib, chalkashtirib yuborishga qattiq urindilar. Qo‘qon xalqining tadbirkorligi bunga yo‘l qo‘ymadi. Shu aytilgan sabablarga ko‘ra, fitna Qo‘qonda yakun topib, shahar xalqi ochiq o‘qqa tutildi.

OLTINChI DALIL. Fitna tashkilotchilari mish-mishlarni atay bo‘rttirib, soxta dalillarni rostdek targ‘ib qilib, vasvasani keng yoyishdi va olomon ehtirosini o‘t oldirishda matbuot kuchidan foydalandilar; rasmiy nashrlar orqali faqat bir xil ma’lumot tarqatib, xaloyiqni qattiq haqoratlab, oriyatini qo‘zg‘ab isyonga undadilar. «Turk-o‘zbek» janjalini, zo‘r berib, butun O‘zbekistonga yoyishga urindilar. (Bu maqsadga erishilmagach, keyinchalik, Bo‘ka va Parkentda shu «o‘yin»ni aynan takrorladilar). Tartibsizlik aybini goh umuman dindorlarga, goh vahobiylarga, gohida norasmiy tashkilotlarga ag‘darib, shu bahonada, ularni haqiqatni talab qilishdan chalg‘itib, faqat o‘z-o‘zlarini himoya etishga zimdan majbur qilganliklari fitnachi doiralarning istibdod siyosatida kamida uch yuz yillik tajriba borligini ko‘rsatadi. Bunda inson ruhiyatini, ayniqsa, to‘plangan olomon ruhiyatini (psixologiyasini) pishiq o‘rgangan, butun hokimiyat o‘z qo‘lida bo‘lgan zotlar eng ishonchli qurolni — matbuotni o‘rtaga soldilar.

Fojiali voqealar sodir bo‘lgan dastlabki kunlardayoq Farg‘ona viloyatida SSSR Ichki ishlar vazirligining matbuot markazi tuzildi. Fikr erkinligiga yo‘l qo‘ymay, faqat bir xil xabarlar tarqatishda (xususan, rasmiy nashrlarda), «ekstremist», «gazanda», «bebosh», «vahshiy», «bosqinchi», «pastkash», tartibbuzar», «bandit» singari tuhmat, bo‘hton va haqorat so‘zlarining maqoladan maqolaga ko‘chib yurishida avvalo mazkur matbuot markazi tashabbuskordir. Asosan chetdan, aniqrog‘i, Rossiyadan kelgan rahbarlar boshqaruvidagi «matbuot markazi mahalliy partiya va sovet organlari bilan mustahkam aloqada ish olib bordi». («Sovet O‘zbekistoni», 1989 yil iyulining 6-kuni). O‘zTAG muxbiri V. Tatarinovning matbuot markazi xodimi A. I. Tayitov bilan o‘tkazilgan suhbatidan bu «markaz»da asosan kimlar faoliyat ko‘rsatgani oydinlashadi: «SSSR Ichki ishlar ministrligining rahbarlik sostavi — SSSR Ichki ishlar vazirligi ichki qo‘shinlar qo‘mondoni Yu. V. Shatalin, mamlakat jinoyat qidiruv boshqarmasi boshlig‘i V. K. Pankin, O‘zbekiston SSR Ichki ishlar vazirining o‘rinbosari E. A. Didorenko va boshqalar ommaviy axborot vositalari xodimlari bilan muntazam uchrashib turibdilar» (O‘sha manba).

Izohga hojat yo‘q — esli odam fitnaning qay doirada uyushtirilganini darrov fahmlaydi.

Tanasi boshqa dard bilmas, deganlaridek, o‘zbek millatiga mansub dardli muxbirlar viloyatga kiritilmadi. Uddasidan chiqqan ayrim yozuvchilar, masalan, Nurilloh Otaxon, Nodir Normat o‘z tashabbuslari bilan mashaqqat chekib, borib keldilar. O‘zTAG muxbirlari ism-shariflarini yashirib, ba’zan ig‘vogarlik ruhida maqolalar yozishdi. Faqat «Sovet O‘zbekistoni» muxbiri Alisher Ibodinov o‘z jigarpora yurtdoshlarining zulmdan qaqshayotganini turli lutf va ishoralar bilan oshkor etib turdi, xolos.

O‘z haq-huquqini talab qilib yoki shunchaki tomoshaga chiqib, keyin uyushtirilgan ommaviy tartibsizlikka aralashib ketgan yosh-yalanglarga, aybsiz xaloyiqqa: «Spirtli ichimliklar ichgan va nasha hamda qoradori iste’mol qilgan 16—20 yashar yigitlar o‘ylamay-netmay, vahshiylarcha harakat qildilar», deb tuhmat toshlari otildi («Sovet O‘zbekistoni», 1989 yil iyunining 8-kuni).

Ajabki, Olmaotadami, Farg‘ona, Bo‘ka yoki Parkentdami, Dushanbe shahridami, bir haqli talab bilan xaloyiq to‘plansa, ular albatta «spirtli ichimlik ichgan», nasha, qoradori «iste’mol qilgan», hamda «jamoat tartibini buzgan» bo‘lib chiqadi. Mazkur aybnomalar Sovet Ittifoqidagi fitnalar paytida xuddi rasmiy so‘zlar kabi alohida urg‘u bilan qo‘llanadi.

Biroq Farg‘ona viloyati tabobat tekshiruvi (medekspertiza) tashkiloti xodimi Hasan Rahmonov 1989 yil iyunining 13-kuni jumhuriyat oynaijahoni orqali bergan musohabasida tekshirilgan 100 kishidan birontasida ham nasha chekkanlik alomatlari aniqlanmaganini ta’kidladi. («Yoshlik» oynomasi, 1989 yil 11-son). Shundan so‘ng tegishli mutaxassislarning matbuotda chiqishi alohida nazorat ostiga olindi va fitna manfaatiga zid gaplarni aytish taqiqlandi.

O‘zbek qavmining mesxetlik turklarni jazolash niyati to‘g‘risidagi vahimali xabarlar, tuhmat, malomatlari o‘zbekni qanchalik g‘azabga mindirsa, mesxetlik turklar qavmini undanda ortiqroq vasvasaga soldi. Bundan muayyan maqsad bor edi, albatta.

O‘zbek qavmi o‘rtasida mesxetlik turklarni jinoyatkor, aybdor qilib ko‘rsatadigan mish-mishlar va ayniqsa, turk qavmi o‘rtasida o‘zbeklarni vahshiy qilib ko‘rsatadigan o‘ta vahimali mish-mishlar maxsus tarqatilgani keyinchalik matbuotda qisman fosh etildi. Biroq shunday mish-mishlarni kengroq, ishonarliroq va tezroq yoyishda matbuotning o‘zi ko‘proq xizmat qildi. «Tub aholi bilan mesxeti turklari o‘rtasidagi to‘qnashuv urkaltakka aylanib ketdi», «halok bo‘lganlar orasida xotin-qizlar va bolalar oz emas», «amalda ahillik yo‘q» («Sovet O‘zbekistoni», 1989 yil iyunining 8-kuni), degan gaplar har ikki qavmni voris yovlardek qilib qo‘ydi. So‘ng, bu mish-mishlar o‘z vazifasini o‘tab bo‘lgach va tartibsizlik haddan oshgach, xotin-qizlar va bolalar o‘lgani to‘g‘risidagi xabarlar rad etildi.

Dastlabki kunlarda, tartibsizlik faqat millatchilik ruhida, deb zo‘r berib uqtirildi. Hatto keyinroq ham, noqonuniy tarzda odamlarni otib o‘ldirgan harbiylar o‘zlarini shunday vajlar bilan oqladilar: «Masalan, SSSR Ichki ishlar vazirligining ichki qo‘shinlari Farg‘ona viloyatida milliy negizda bo‘lgan ommaviy tartibsizliklar chog‘ida olti marta qurol ishlatdilar» (TASS muxbiri. «Sovet O‘zbekistoni», 1989 yil iyulining 6-kuni). Holbuki, g‘alayon avj olib ketgan kunlarda: «Hozir ekstremistlarning vahshiyligi va beboshligi milliy negizga asoslanmaganligini ochiq-oydin aytish mumkin», deb bu ig‘vogarlik ham fosh etildi (O‘zTAG, 1989 yil iyunining 10-kuni).

1989 yil iyunining 10-kunlarida biz Dadaxon Nuriy bilan Namanganga borib, ikki kun mesxetlik qondoshlarimiz mahallasida turdik. Ularning vayevasa va talvasaga tushgan ayanchli holatini ko‘rib, kishi tang qoladi. Bolalarni, keksalarni va ayollarni PMK binosida saqlayotgan ekanlar. Yangi tug‘ilgan ikki chaqaloqni tug‘ruqxonadan keltirib, binoning ostxonasida asrayotirlar. Vatanga qaytish kunlari nasib etsin, deb o‘g‘il bolaning otini …Vatan qo‘yishibdi. Albatta, ularga nisbatan ham noma’lum bir to‘da qo‘rquv solib turdi. Biroq butun qurollangan militsiya va mahalliy hukumat xizmatchilari qattiq qo‘riqlab turgan mahalla ichidagi qo‘rquv va dahshat bizni hayratga va shubhaga soldi… Ularning butun diqqat-e’tibori radio va oynaijahonda! Qani, yana nima derkin? Qani, yana qanaqa vahshiylik?! Sovet matbuoti ularga o‘zbek qondoshlarini shu qadar vahshiy qilib ko‘rsatib qo‘ygan ediki, hatto o‘roq, ketmon ko‘tarib, uzun metallardan qo‘lbola qilichlar yasab, himoyaga shaylangan edilar. Kechqurun oyinaijahonda «Vremya»ni ko‘rib, battar qaqshaydilar. Bunday usulda mish-mish va vasvasani ko‘pirtirish fitnaning bosh maqsadini ochmay iloji yo‘q.

Fojiali kunlarda Yozuvchilar uyushmasida ham mahsus guruh tashkil etib, ro‘yxat tuzib, Farg‘onaga yuborishlarini so‘radik. O‘zbekiston Ministrlar Sovetining sobiq raisi G‘ayrat Qodirov uyushmaga kelib, suhbat o‘tkazdi, ertagayoq samolyot jo‘nataman, deb va’da berdi. Lekin Kompartiya Markazqo‘mi ruxsat bermadi, yozuvchilar tashabbusi amalga oshmadi. Haqiqiy ahvolni o‘zbek yozuvchilaridan yashirmoqchi bo‘ldilar. Imkon topganlar o‘zi borib, ko‘p narsani tushunib qaytdi!..

Farg‘onada komendantlik soati joriy etilganida, buning qonun-qoidasi tajribasiz elga o‘z vaqtida to‘g‘ri tushuntirilmadi. Boz ustiga, xonadonlardagi qurollar, ya’ni ov miltiqlari topshirilsin, deb e’lon etilgach, miltig‘i borlar keltirib topshirishdi. Matbuot markazi esa shu o‘rinda ham ig‘vogarlik usulini qo‘lladi: «Bugungacha 7718 ta sovuq qurol va miltiq tortib olindi» (O‘zTAG, 1989 iyunining 17-kuni), deb xalq g‘azabini battar oshirdi..

Taniqli shaxslarning, laqma arboblarning, go‘l deputatlarning, partiya va hukumatning g‘amgin hamda vahimali murojaatu da’vatlarini tashkil etgan fitnachilar, amalda, matbuot orqali xalqni g‘alayonga qo‘zg‘adilar. Matbuotning barcha turidan keragicha foydalanib qoldilar. Zero, viloyatda joylashgan matbuot markazi bosh fitnachilarning «ishonchli qo‘llarida» edi!

ETTINChI DALIL. Matbuotda rasman tarqatilgan xabarlar qanchalik pala-partish, telba-teskari bo‘lmasin, muxbirlar fitnaning aniq uyushtirilganini oshkor etib qo‘ydilar. Masalan, o‘zbek qavmini turk qavmiga qarshi qayrash uchun maxsus tayyorlangan fotosuratlar to‘g‘risida O‘zTAG muxbiri bunday deb yozdi: «Mesxet turklarini yomonotliqqa chiqarish uchun tayyorlangan soxta fotosurtlar hali ham qo‘lma-qo‘l yuribdi». («Yosh leninchi», 1989 yil iyunining 17-kuni). Albatta, muxbirlarning ko‘pi fitnaning kim tomonidan va nima maqsadda uyushtirilganini payqagani yo‘q. Bunday to‘g‘ri ma’lumot esa soxta «ko‘rgazmali qurollar» o‘z vazifasini bajarib bo‘lgach, komendantlik soati joriy etilganidan keyin oshkor qilindi. Markaziy ro‘znomalardan biri mahalliy suratxonalar va suratchilar soxtaligi deyarli bilinmaydigan bunday fotosuratlar tayyorlash imkoniyatiga ega emas, deb o‘z shubhasini baralla bildirdi. Darhaqiqat, bunday suratlarni o‘zbek xalqining vakillari tayyorlamagan edilar. Bu maxfiy idoralarning ishi! Axir, jinoyatga qo‘l urgan, deylik, suratda aks etganidek, bola o‘ldirayotgan biron zot, suratchining «foto ko‘zi» qarshisida turib, o‘zini namoyish etmaydi-ku! Afsus, gangitilgan olomon shu oddiy mantiqsizlikni anglashga qodir emas edi.

Yu. Shatalinning ushbu so‘zlariga e’tibor qiling: «Hujum qilayotgan kishilar Kalashnikov sistemasidagi avtomatlar, pistoletlar va miltiqlardan foydalanganliklarini ko‘rdik» («Sovet O‘zbekistoni», 1989 yil, iyunining 10-kuni). Boshqa bir o‘rinda esa Shatalin Qo‘qon shahri aholisi hamda baynalmilal jangchilar «ekstremistlarga zarba berish uchun» yoki «o‘zlarini himoya qilish uchun» qurol so‘rab, murojaat qilganini va «bu masala ko‘rib chiqilayotgani»ni aytadi. Bu e’tiroflar xaloyiqning tartibsizlikka butkul qarshi ekanini, qurol-yaroq esa atayin, harbiylar tomonidan kerakli kimsalarga berilganini isbotlaydi. Sovet fuqarosi oddiygina ov miltig‘ini necha «tekshir-tekshir»u hujjatbozliklardan so‘ng olishi mumkinligi barchaga ayon. Oddiy milliy pichoqning «pasporti», ya’ni qini bo‘lmasa, pichoqdor shubha ostiga olinishi tayin. Xo‘sh, necha yillardan beri birovga hatto musht o‘qtalib maydonga chiqmagan, tirikchiligi zo‘rg‘a o‘tayotgan xaloyiq nazorat haddan oshgan tuzumda Shatalin ko‘rgan «avtomat va pistoletlar»ni qaydan topishi mumkin?! Fitnachilarning o‘z odamlari ham to‘polonda qurol ko‘tarib yurmaganmikan?!.

O‘zTAG muxbirinig ushbu e’tirofi bu fikrni isbot etmaydimi: «Bu yerda tartibsizliklar o‘z-o‘zidan kelib chiqqanligi haqida hech qanday gap bo‘lishi mumkin emas. Bu oldindan aniq-ravshan rejalashtirilgan operatsiyadir» (O‘sha manba). Agentlikning boshqa xabarlarida! ham bu ta’kid uchraydi: «Ko‘pchilikning fikri bir joydan chiqyapti: Tartibsizliklar oldindan tayyorlangan» («Yosh leninchi», 1989 yil iyunining 17-kuni).

Tartibsizlik tashqaridan tartib bilan boshqarib turilgani uchun, muxbirlar, kechroq bo‘lsa ham, fitnaning oldindan tayyorlanganini ilg‘aganlar. Lekin jumhuriyat xalqini chalg‘itib, Farg‘ona ahlini gangitgan narsa shuki, voqeanavislar aybsiz xaloyiq bilan tajribali fitnachilarning farqiga bormay, bor aybni xalqqa ag‘daraverganlar. Boshqa tomondan, bunga o‘zbek xalqi aybdor emas, deb go‘yo xalqni isnoddan saqlab qolish uchun «mehribonlik» ham qilganlar.

SAKKIZINChI DALIL. SSSR Ichki ishlar vazirligi Farg‘ona voqealarida qatnashganlarni beshafqat jazolash uchun Rossiyadan ikki yuz kishidan ortiq tergovchilar guruhini jalb etgani fitnaning maxsus uyushtirilganligini va uning ayrim maqsadlarini uzil-kesil fosh etadi.

E’tiroz bo‘lishi mumkinkim, ikki millat o‘rtasida janjal chiqsa, boshqa millatga mansub huquqshunoslargina hakamlik qila oladi, deb. To‘g‘ri, unda nega bu «hakamlar» aynan Rossiyadan bo‘lishi shart? Nega Boltiqbo‘yi yoki Kavkaz orti jumhuriyatlaridan emas?!

Fikrlovchilar, albatta, bu savollar zamirida kuchli mantiq borligini sezadilar.

TUQQIZINChI DALIL. Ushbuni rasmiy kishilar dalil hisoblamasliklari mumkin. Sabab, men shunday bir shaxsning xatidan parchalar keltiramankim, u shaxsning sog‘ligini davlat idoralari shubha ostiga olganlar. Bordi-yu, ularning shubhalari puch chiqsa, ushbu dalil fitnani tayyorlash jarayoni hamda vaqtidan darak beradi.

Yangiyo‘l shahridan N. M. Axremenko degan kishi jamoatchilikka yozgan maktubida 1989 yilning yanvarida Toshkent shahri, Kuybishev tumanining prokurori A. Krestovnikov uni chaqirganini, jumhuriyat prokuraturasi va Ichki ishlar vazirligi ustidan shikoyat yozishni bas qil, deb so‘raganini, xat muallifiga pora taklif etganini ta’kidlaydi. N. M. Axremenko rad etgach, A. Krestovnikov bunday deydi: «Axremenko, sen Anishchev va Usatovdek odamlar oyog‘i ostida o‘ralashma! Axir, sen ham bizdek «oqtanli»san-ku! Biz Churkistonga («churban», «churka» kabi haqoratli so‘zlarga ishora qilib, Turkistonni mazax qilmoqda) angliyalik oqtanlilar Afrikaga borganday, pul ishlab olgani kelganmiz… («Birlik» xabarnomasi, 1989 yil, 6-son).

Krestovnikov uni qo‘rqitmoqchi bo‘lib:—«Moskvaga shikoyat yozishni bas qil, — deydi. — Sen hech narsaga erisholmaysan, biz hammasini sotib olib qo‘yganmiz. Moskva bizning qo‘limizdan yemak yeydi, u bizni bu yoqqa pul ishlash uchun yuborgan» (o‘sha manba).

Xullas, bu tafsilotdan so‘ng, N. M. Axremenko xatining eng g‘aroyib joyidan ko‘chirma keltiraman: «Qonunsizlikka qarshi kurashim 1989 yilning yanvarigacha davom etdi. O‘shanda, Yangiyo‘l JQB (Jinoyat qidiruv bo‘limi) boshlig‘ining muovini N. Gelman men bilan do‘stlashishga tirishib qoldi. Uning onasi biznikiga yaqin turadi. Mening kelib chiqishim slavyan ekanini ta’kidlash bilan, u Anishchev va Usatov nomidan Farg‘onaga borishimni, u yerda O‘zbekistondagi rustilli rahbarlarni himoya qilib, miting uyushtirishimni (bu miting keyinchalik harakatga aylanishi kerak edi) so‘radi. Agarda bu barbod bo‘lsa, aybni «sotilgan militsiya» zimmasiga ag‘darishimga, Krestovnikov to‘g‘risida hech kimga indamaslikka undadi. Mana shu ishlarim uchun mendan har qanaqa ayblarni olib tashlashini: Ishga tiklanishimni; ishlab chiqarish chog‘ida jarohatlangan, deb varaqa to‘ldirib, pul to‘lashini; ishlab chiqarish nogironi sifatida nafaqa tayin qilishni; uch yillik majburiy progul uchun ham pul undirilishini; sog‘ligimni tiklashim uchun obro‘li sanatoriyga jo‘natilajagimni ma’lum qildi.

Men Anishchev va Usatov boshliq hamda ular homiyligidagi rustilli rahbariyat tomonidan qonli ish tashkil etilayotganini tushundim va 1989 yilning apreli boshlangani uchun SSSR yuqori huquqiy va siyosiy davlat idoralaridan 26 tasiga xat yoza boshladim. Ammo ularning birontasi ham chora ko‘rmadi, Farg‘ona fojiasining yaqinlashayotganini his qilganimdan, SSSR xalq deputatlari s’ezdiga uchta telegramma jo‘natdim. Biroq barchasi javobsiz qoldi. Shundan keyin nima bo‘lgani butun dunyoga ayon» (O‘sha manba).

Xatda yozilishicha, 1989 yil may oyining 30 kuni Yangiyo‘l shahar ichki ishlar boshqarmasining boshlig‘i o‘rinbosari Vulvach Axremenko Farg‘onaga borish to‘g‘risida topshiriq olganini yozgudek bo‘lsa, uning o‘zini va oila a’zolarini yo‘q qilajagini aytib, ogohlantirgan.

Bu gaplar ruhan xasta kishining gaplariga o‘xshamaydi. Bu so‘zlarni o‘zidan to‘qib chiqarish uchun esa Mixail Bulgakovning iqtidori kerak. Ammo muallif fitna tashkilotchilari, deb faqat jumhuriyatdagi rus tilli rahbarlarni ko‘rsatayotgani bahsli: «Bu «desantlar» faqat markazga ijrochilik qildilar, deyilsa to‘g‘riroqdir. N. M. Axremenko xatlariga, telegrammalariga Moskvaning pinak buzmaganligi bunga dalildir.

3. FITNA OLDINDAN TAYERLANGAN REJA ASOSIDA MAXSUS UYuShTIRILGAN BO‘LSA, TAShKILOTChILAR XALOYIQNI QANDAY QILIB KO‘ChAGA BOShLAB ChIQDILAR?

Keltirilgan dalillar zamirida bu savolga qisman javoblar bor. To‘polonni rivojlantirishdagn matbuot markazining xizmatini ancha bayon etdik. Qaror topgan umumiy tengsizlik va adolatsizliklardan tashqari, mesxetlik qavm bilan o‘zbek qavmining ayrim vakillari o‘rtasida ba’zi odobsizliklar, hatto haqoratsifat qiliqlar bo‘lganini inkor etish mumkinmas. Ammo ayrim mualliflar g‘alayon asosini faqat shu ziddiyatlardan qidirib, yanglishadilar. Bunday voqeanavislar turk qavmiga qarshi atay qo‘zg‘otilgan qahru g‘azab ta’siridan qutula olmagan kishilarning noxush kayfiyatini ifoda etadilar. Bunday hol fitnani boshlab olishga imkon berdi, xolos. Axir, janjalni kimlar boshlab bergani, kimlar avj oldirgani endi ma’lum-ku!

Ammo xaloyiqning tez to‘planib, tartibsizlikka aralashib ketganining sabablari ko‘p. Avvalo, xaloyiq ilgari bunday fitnaga duch kelmagan edi. Keyin, g‘alayon kechgan barcha tumanlarda elning iqtisodiy ahvoli xarob: ochlik, qashshoqlik, muhtojlik va oshkora adolatsizliklar ustiga viloyatning tabiiy (ekologik) holati ham rasvo! So‘x suv ombori qurilishi, Yangi Qo‘qon kimyo zavodi, 1-paxta tozalash zavodi, Superfosfat zavodi, Oltingugurt ombori, qishloq xo‘jaligida qo‘llanayotgan zaharlar Farg‘onani bo‘g‘ar edi. Bundan ham battar xalqni erksizlik bo‘g‘ar edi. «Yarim och, yarim yalang‘och millat dinga ham, san’atga ham ega bo‘la olmaydi» (Mahatma Gandi), deyilganidek, bularning bari xalqning ma’naviy holatiga ham zug‘um o‘tkazgan. Xalq o‘zi asabiy, sabr kosasi to‘lgan, nohaqliklar chidab bo‘lmas darajaga yetgan edi. Haq yo‘lida qonuniy kurashlar boshlagan xalqqa loaqal gapirib, ko‘nglini bo‘shatib olishga ham imkon berishmas, mitinglar asossiz rad etilar edi. Hukmdorlar bilmaydiki, bosim kuchaysa, isyon kutilmagan bir joydan teshib chiqadi. 1989 yil yanvarpning 17-kuni bir guruh kishilar jamoatchilik nomidan Qo‘qon shahar ijroqo‘miga murojaat qilib, ekologiya masalalariga bag‘ishlangan miting o‘tkazishga ruxsat so‘rashdi. Ijroqo‘m rad qildi.

Butun O‘zbekistonda bo‘lganidek, Farg‘ona viloyatida ham ishsizlar ko‘payib ketgan. Shunga qaramay, shahar korxonalariga tubjoy xalq vakillarini qabul qilishmas, hatto 1988 yili «Farg‘ona shahar Soveti tevarak-atrofda yashovchilarni ishga olmaslik haqida qaror chiqargan» edi. («Sovet O‘zbekistoni», 1989 yil iyunining 13-kuni). Holbuki, ayni vaqtda boshqa o‘lkalardan, ayniqsa, Rossiyadan ishchilar keltirilavergan, ishchilarning ko‘proq rus yoki rustilli bo‘lishiga e’tibor kuchli edi. Xalqning dardi ichida bo‘lgan. Fitna tashkilotchilari bu vaziyatni yaxshi o‘rganganlar.

Xalqni qahrlantirishning nozikroq usulari qo‘llandi. Bir ismsiz muxbirning fikricha, o‘zi och xalq viloyatdagi harbiylarni ham boqishi kerak emish! Bu qurolli tilanchilik emasmi?!

Mnlliy istiqlol harakati vakillarini shu paytgacha «bosmachilar» deb kelishganidek, Yu. Shatalin mahalliy xaloyiqqa nisbatan «bosqinchi unsurlar» degan iborani qo‘llaydi. Afg‘onistonda qon kechib, o‘lmay kelgan yosh yigitning Qo‘qondagi markaziy maydonda Shatalin boshqargan ichki qo‘shin o‘qidan juvonmarg bo‘lganini ko‘rganlar, albatta, bosqinchi unsur kimligini fahmlaydilar!

Hamiyatni tahqirlovchi shunday usullar ustiga: «Saxiy xalqqa nima bo‘ldi?», «Azaldan odamoxun farg‘onaliklarga nima bo‘ldi?», «Mehmondo‘st elga nima bo‘ldi?!», deb matbuotda «g‘azab bilan qoralovchi» (matbuot tili) maqola uyushtirishlar, fitna mohiyatidan bexabar adib va arboblarning chetdan turib qilgan va’z-nasihatlari xaloyiqning toqatini toq qildi. Ichki qo‘shin Farg‘onada o‘rnashib, qonli faoliyatini boshlagan kunlarda ham, norozilikni sun’iy ravishda kuchaytirib, to‘polonga undovchi ig‘vogarlikning davom etgani shahidlar soni ko‘payishiga sabab bo‘ldi.

Ko‘chalarda, maydonlarda, kishilar bilan gavjum jamoat joylarida qurol ishlatish maxsus qarorlar» bilan taqiqlangan bo‘lishiga qaramay, 1989 yil iyunining 7, 8-kunlari ichki qo‘shinlar Qo‘qon shahridagi markaziy maydonlarda xunrezlik qildilar. Iyunning 7-kuni xaloyiq nohaq qamoqqa olingan yigitni qo‘yib yuborishlarini talab qilgani uchun, shahar ichki ishlar bo‘limi idorasi oldida militsionerlar (yoki militsiya libosidagi qo‘shin) begunoh olomonni avtomat va to‘pponchalardan o‘qqa tutdilar. Bu yovuzlik xalqni yana haqiqat maydoniga boshlab chiqdi va mazkur xunrezlikni qoralab, iyunning 8-kuni xaloyiq yig‘in (miting) o‘tkazdi. Yig‘inning oldingi qatoridagi kishilar o‘tirib, orqadagilar tik turib, shahar partiya qo‘mitasining birinchi kotibi X. N. Musabekov nutqini tinglayotgan edilar. Talabgorlar o‘zlarining beshinchi talablarini o‘qib eshittirayotganlarida, tag‘in askarlar ularni o‘qqa tutishgan. Hatto dod-faryod ko‘tarib qochib borayotgan xaloyiq ortidan ham otishni davom ettiraverganlar. Bu qonxo‘rlikni yashirish uchun matbuot markazidan qurollangan olomon partiya, sovet va huquqni muhofaza etish idoralariga hujum qildilar», deb ig‘vo tarqatishdi. Qarangki, Farg‘ona viloyati prokurorining e’tirof etishicha, iyunning 7-kuni «tartibsizliklar paytida, tergov izolyatoriga hujum uyushtirilganligi ham asossiz bo‘lib chiqdi» («Kommuna» ro‘znomasi, 1989 yil iyulining 18-kuni).

Lashkar butkul noqonuniy tarzda qon to‘kkanligining eng ibtidoiy dalili shuki, harbiy sarkardalar qurol ishlatilganini jon-jahdlari bilan yashirishga tirishdilar. Qo‘qon shahar «Znamya truda» ro‘znomasining bir kunda — 1989 yil 9-iyul kuni chiqqan ikki xil (!!!) sonini o‘qigan kishi partiya organi harbiylar yovuzligini yashirishga qanchalik uringanligini yaqqol anglaydi. Ro‘znomani yig‘ib olib, siyosiy tahrir bilap qayta bosishgan bo‘lsa-da, dastlabki nusxalarp ayrim-kishilar qo‘lida qolgan edi.

SSSR Ichki ishlar vazirligi tarixida birinchi daf’a Farg‘onada o‘zbek turklariga qarshi havo desanti qo‘llandi.

Iyunning 17-kuni Marg‘ilon shahri markazidagi soqchi soat besh daqiqa kam o‘nda, ya’ni komendantlik soati muddatiga hali besh daqiqa bo‘la turib, mototsikl mingan o‘zbek yigitini otib o‘ldiradi. Ertalabgacha ko‘chadagi daraxtga jasadni bo‘ynidan osib qo‘yishadi. («Yoshlik» oynomasi, 1989 yil 11-son). Tag‘in aybni turklarga to‘nkab, xalqni ularga qarshi qahrlantirmoqchi bo‘lishdi. Holbuki, mesxetliklar bu payt o‘z tashvish — tahlikalari bilan band edilar…

Haqli talablarning fitna kunlariga to‘g‘ri kelgani, xalqimizda siyosiy kurash madaniyatining pastligi, bobomeros qiziqqonlik buzg‘unchilikning avj olib ketishiga sabab bo‘ldi.

Fitnachilar qulay fursatni topdilar. Farg‘ona fojiasn jumhuriyatning sobiq rahbari Rafiq Nishonov SSSR xalq deputatlarining 1-s’ezdi minbaridan turib, «Vsyo idyot normalno!», deb chiranayotgan bir paytda sodir etildi va o‘zbek rahbarlarining farosati qay darajada «normalno» ekanligini jahon jamoatchilignga ko‘rsatdi. Rahbarlikka befarosat kishilarning tanlanishi yovuzlik saltanatining erkin hukm yuritishiga imkon yaratadi. O‘sha mahal jumhuriyat rahbariyatining laqmaligi shu darajada ediki, hatto partiya-hukumat nomidan e’lon qilingan bayonotda ham bosqinchilarning yuz yillik tajribasida sinalgan so‘zlarini qo‘llab, «ko‘pchiligi spirtli ichimliklar va narkotik moddalardan mast holatdagi bezori yoshlar», deb ta’kidlangan edi. («Sovet O‘zbekistoni», 1989 yil iyuninnng 6-kuni).

Alqissa, Farg‘ona viloyatida «Pontiy Pilat bashorati»ni amalga oshirmoq uchun sharoit yetarli edi. Qolgan shart-sharoitni o‘zlari yaratib oldilar.

4. FITNA NIMA MAQSADDA UYuShTIRILDI?

«Erishilgan natija»larga ko‘ra, fitnadan maqsad ko‘p bulgan.

BIRINChI MAQSAD. 1989 yil — Ovrupo miqyosida turkiy xalqlarga qarshi kurash yili bo‘ldi, desak mubolag‘a qilmasmiz. Bulg‘oriya Xalq jumhuriyati aholisining katta ko‘pchiligi sun’iy ravishda xalqning musulmon qismiga qarshi qilib qo‘yilgan («Izvestiya», 1990 yil yanvarining 4-kuni) va 30 mingdan ortiq turk ko‘chib Turkiyaga ketgani, oqibatda Bulg‘oriya sanoatiga, qishloq xo‘jaligiga ancha putur yetgani jahon afkor ommasiga ma’lum. Yugoslaviya jumhuriyatida ham turklarga qarshi kayfiyat uyg‘otilgani, turklarning ko‘chib, uloqib, qancha sarson bo‘lgani butun dunyoga ayon. Turkiylarga, umuman, musulmonlarga qarshi kurash maxfiy rejalashtirilganmi yoxud tarixiy tasodifmi? Bu xususda aniq so‘z aytish mushkul. Lekin o‘zimizning kunchiqarda — Xitoyning Sharqiy Turkiston musulmonlariga nisbatan achchiq munosabati va bunga sari Rus bilan Chin davlati munosabatlarining tobora iliqlashib borayotgani, keyin Ozarbayjondagi beshafqat qirg‘in-qatag‘onlar kishini tag‘in o‘y-gumonlarga soladi. Turkiy musulmonlarga qarshi kurash qo‘zg‘otilgan boshqa yurtlar ham Sovetlar bilan mustahkam aloqada bo‘lgan davlatlardir.

Boshqa mamlakatlardan farqli o‘laroq, deylik, «turkiylarga qarshi kurash» ma’rakasidan eng unumli foydalanib qolgani Sovet mamlakati bo‘ldi. Bu so‘z ma’nosini va birinchi maqsad mohiyatini ochmoq uchun ayrim dalillarga murojaat etamiz.

Rus olimlari ham madaniyat arboblarining 1989 yil dekabr oyida o‘tgan «Qayta qurish va Rossiya taqdiri» mavzuidagi ilmiy-nazariy konferentsiyasi rus xalqiga murojaat qabul qildi. Bu da’vatni «Millat beshigini qayta tiklaylik» sarlavhasi ostida matbuotga chiqarishdi. Anjuman murojaatida, asrlar davomida ulug‘ rus elati, keyinchalik esa millati asosiy qismining mashg‘uloti dehqonchilik bo‘lib qolgani ta’kidlanadi; istovchilar o‘z tuqqan qishloqlariga qaytib, xo‘jalik yurgizishlari uchun sharoit yaratib berishga Sovet hukumati idoralari da’vat etiladi. («Literaturnaya Rossiya», 1990 yil yanvarining 12-kuni). Bu tadbir Rossiyani ham, boshqa jumhuriyatlarni ham iqtisodny tanazzuldan qutqarishi, shu bilan birga ko‘p yurtlarnn milliy nizolardan xalos etishi mumkin edi!

SSSR Xalq deputatlarining II-s’ezdi o‘tayotgan kunlarda rossiyalik deputatlardan biri Markaziy oynai jahon orqali bergan musohabasida «rus yalqovligi» to‘g‘risida qattiq kuyunib qoldi! U, rus kishilarida yer tuyg‘usi yo‘qolib ketayotganini, ruslar o‘zlarini turli shaharlarga urayotganlarini o‘kinch bilan gapirdi. Bu Rossiyaning bitmas-tuganmas katta dardi!..

Darhaqiqat, egasiz qolgan minglab Rossiya qishloqlarida dehqonchilik, chorvachilikni yurgizadigan odam yo‘q. O‘zbekistonning rasmiy ro‘znomalarida 1988 yil oxiri, 1989 yil boshlarida Rossiyaning bo‘shab yotgan qishloqlariga bu sohaning pirlari bo‘lmish o‘zbeklarni da’vat etuvchi e’lonlar bosildi. Unda «buzoqboqar kerak», «molboqar kerak», degan aniq iboralar ham uchrab turdi. Ana shu choralarga javoban» «ishchi qo‘llari bisyor bo‘lgan» Farg‘ona vodiysidan, «Namangan viloyatining aholi zich joylashgan» tumanlaridan yuzga yaqin oila RSFSRning Kirov viloyatidagi bo‘m-bo‘sh qishloqlarga ko‘chib ketdi. («Yosh leninchi», 1989 yil aprelining 11-kuni) Biroq azaldan o‘troq, birovning yurtida sig‘indi bo‘lib yashashga o‘rganmagan o‘zbek xalqi vakillari kutilganchalik ko‘p ko‘chmadilar. Rossiyaning dardi davosiz qolaverdi!..

Ana endi, mesxetlik turklar O‘zbekistondan Rossiyaga ko‘chirib ketilayotgan kunlarda, televideniye muxbirining SSSR vazirlar sovetining sobiq raisi N. I. Rijkov bilan o‘tkazilgan suhbatidagi ushbu so‘ziga e’tibor qiling: «Mehnatsevar turk xalqi, qayerga bormasin qishloq xo‘jaligini, qishloqni ko‘taradi»! Rijkov darhol turklarni ko‘chirib ketish «vaqtinchalik tadbir» ekanligini ta’kidlaydi. («Yosh leninchi», 1989 yil iyunining 16-kuni). Alqissa, muxbirning bilib-bilmay aytgan so‘zidan fitnaning mudhish siri ochiladi: Ya’ni, ko‘zda tutilgan birinchn maqsad «mehnatsevar turk xalqi»ni Rossiyaning qishloq xo‘jaligini tiklash uchun mardikor tarzida ko‘chirib ketishdan iborat edi. «O‘zbekistonda turklarga qarshi kayfiyat saqlanib qolgan», deb ko‘rsatish uchun Bo‘ka, Parkent tumanlarida ham fitna uyushtirib, turklarning qolgan-qutganini ko‘chirib ketishga uringanlari sirni yanada fosh etadi.

Ilova. Turk milliy tashkilotining keyingi intilishlari kuchaymoqda edi. Mesxetliklarni Gurjistondagi o‘z tarixiy yurtlariga ko‘chirmaslik sabablaridan biri shuki, unda ularning Turkiyadagi qondoshlari bilan yaqinlashib qolish «xavfi» bor! Fitna va turklarni Rossiyaga ko‘chirishdan ko‘zda tutilgan yana bir maqsad — ularning Vatanga qaytish g‘oyasini yo‘qqa chiqarishdir. Mana, yomonliging uchun senlarni o‘z qondosh o‘zbeklaring quvdi, shunga qaramay, Rossiya o‘z panohiga oldi, deb ta’kidlab, bo‘ynini yana ham qisib yashashga mahkum etish, bu bahonada «assimilyatsiya-dissimilyatsiya» qoidasiga ko‘ra, turklarning Rossiyaga «edirilib», millat sifatida o‘zligidan judo bo‘lishini ta’minlash ko‘zda tutilgan bo‘lsa ham ajab emas! «Kulfatda qolgan turklarni RSFSRning sakkiz viloyatiga ko‘chirish rejalashtirilgani», turklar esa bir viloyatga, hech bo‘lmasa, uch viloyatga ko‘chirishlarini iltimos qilganlari, shunga qaramay, uyushib yashashlariga yo‘l qo‘ymasdan, «bir qancha. markaziy oblastlarga ko‘chirishga qaror qilingani» va turli xo‘jaliklarga tarqatib yuborilgani bunga dalolat emasmi? (Ko‘chirmalar TASS xabaridan: «yosh leninchi», 1989 yil iyunining 17-kuni).

IKKINChI MAQSAD. Har bir millatning ulug‘lari o‘z xalqining ko‘nglini va ruhini ko‘tarib, dunyoda mag‘rur muzaffar yashashi uchun qayg‘uradi. Buyuk bobokalonimiz Mahmud Koshg‘ariy iftixor ila o‘z elining ta’rifini keltirib deydi: «Ibn Alqarqiy degan odam… payg‘ambardan shu hadisni rivoyat qiladi: «Ulug‘ tangri aytadi: «Mening bir toifa askarim bor, ularni turk deb atadim, ularni kunchiqarga joylashtirdim. Biror halqdan g‘azablansam, turklarni ularga qarshi yo‘llayman». Bu narsa ular (turklar) boshqalarga nisbatan fazilatli ekanini ko‘rsatadi. Hatto tangri ularga o‘zi ot qo‘ygan, ism bergan, ularni eng baland yerlarga, xushhavo joylarga o‘rnatgan va o‘zining botirlaridan sanagan. Turklarda ko‘rkamlik, yoqimlilik, odoblilik, so‘zining ustidan chiqishlik, dadillik, kamtarlik kabi maqtashga sazovor xulqlar sonu sanoqsizdir». («Devonu lug‘otit-turk», 334—335-betlar). Bu hadisdan bitta turkiy el daraxtining turli shoxlari bo‘lmish o‘zbek, qozoq, ozarboyjon, turkman, qoraqalpoq, tatar, qirg‘iz, uyg‘ur, mesxet turklari, bulg‘or, qalmiq va boshqa barcha turkiylar mushtarak iftixor tuyishlari muqarrar. 70 yillik g‘aroyib siyosat ostida bitta turkiy millatning o‘ndan ortiq qavmlari har biri alohida millat bo‘lib shakllangani bu ulusning ruhiy imkoniyatlari naqadar ulug‘ ekanligini tasdiqlaydi. Afsuski, uzoq zamon Sovetlar bayrog‘i ostida bu qondosh turkiylar birligi, yaqinligi cheklandi. Ular o‘rtasiga talash manbalari tashlab qo‘ydi: Masalan, chegaralanishda yer-mulk, tarixiy meros, ulug‘lar nomi kabi… Turkistonni parchalashgach, turkiy xalqlar yaqinligi to‘g‘risida so‘zlaganlar «panturkist» degan syyosiy to‘qmoq ostida qoldilar. Siyosat ko‘p vaqt bu qorindosh qavmlarni birlashtirishga emas, balki butun tadbirlar bilan parchalashga, ichdan yemirishga xizmat qildi.

Keyingi paytlarda mushtarak qondoshlik tuyg‘ulari tirilib, tarixiy o‘zlikni anglash, milliy birlikka intilish kuchaymoqda edi. Mamlakat arboblari orasida turkiy ulusning birligidan qo‘rqadigan zotlar borligi haqiqat! Farg‘ona fitnasida mesxet turki bilan o‘zbek turki o‘rtasida ixtilof butun choralar bilan kuchaytirilar ekan, bundan yana bir maqsad — oshkoralik zamonida sog‘ayib kelayotgan umumturkiy tuyg‘ularga shikast yetkazish, birlikni yakson qilish, jahon jamoatchiligi oldida, Turkiya oldida ikki qondosh qavmni badnom, qilib, ularning milliy birlashuviga, erkin parvoziga yo‘l qo‘ymaslikdan iborat edi. Burunroq «O‘zbekiston SSRning davlat tili haqida»gi Qonundan «turkiy til» degan iboraning olib tashlanishi, keyinroq tarixiy birligimizning so‘nggi namunasi — O‘rta Osiyo va Qozog‘iston diniya boshqarmasini parchalab, Qozog‘iston dindorlarining ajratib qo‘yilishi ham shu maqsadni ifoda etadi.

UChINChI MAQSAD. Inglizlarda: «Sharmanda qilingan itni jazolash oson bo‘ladi», degan maqol bor. Yuz o‘ttiz yillik tariximizda insonlar bo‘yniga ayb qo‘yib, sharmisor qilib jazolash urf bo‘ldi…

Birinchi jahon urushi arafasida Turkistonda inqilobiy harakat, jadidlar kurashi, milliy ozodlik harakat kuchaydi. Bunday harakatlar mustamlakachi ma’murlar axborotida «tartibsizlik», «banditlar hujumi», deb tafsillanar edi. Masalan, Farg‘ona viloyati sharhlarida berilgan ma’lumotlarga ko‘ra, «idora tartiblariga va jamoat osoyishtaligiga qarshi kurashlar» sifatida, 1911 yilda 833 ta, 1913 yilda esa 1220 ta «jinoiy» ish ko‘rilganligi qayd etilgan. Sirdaryo viloyatida shunday «ayb»lar bilan 1911 yilda 3487 kishi, 1913 yilda esa 5494 kishi javobgarlikka tortilgan (H. Tursunov. «Oktyabr arafasida O‘zbekistonda milliy-ozodlik harakati». «Fan». Toshkent, 1967 yil, 13-bet).

1989 yili uyushtirilgan tartibsizlikdan maqsad yosh avlodni yana bir karra qatag‘on qilish, milliy ruh va milliy an’analar nisbatan tuzukroq saqlangan Farg‘onada ularning ko‘zidan o‘tini olish, ijtimoiy-siyosiy faoliyati jonlanib borayotgan millatning bundan keyingi har qanday haqli talab va harakatlarini bosib qo‘yishdan iborat edi.

Farg‘onada o‘ttiz to‘qqiz oy davomida 394 «aybdor»ga nisbatan 205 ta jinoiy ish ochilgan. Shulardan 370 ga yaqin ayblanuvchiga nisbatan qo‘zg‘otilgan 108 ta jinoiy ish ayblov fikri bilan oliy sudga hamda viloyat sudlariga oshirilgan. «Ommaviy tartibsizliklar, odam o‘ldirganlik, milliy qirg‘in (?), o‘t qo‘yishlar kabi 110 ta jinoyat ishi bo‘yicha 160 dan ortiq aybdor og‘ir jazolarga hukm etilgan. Shuningdek, «ommaviy bezoriliklar uchun sudlanganlar soni juda ko‘p». Endi «jinoyat sodir qilganlarning o‘ziga kelsak, ko‘pchiligi 13—14 yoshdan 25 yoshgacha bo‘lgan yoshlardirki, aksariyati jinoyatni mish-mishlar tufayli, ehtirosga berilib, ayrim hollarda boshqalar undovi orqasida sodir etganlar». (A. Otajonov. «Kommuna», 1990 yil mayining 16-kuni). Ko‘rinib turibdiki, eskidan qolgan ayblov turi ko‘p! Tomoshaga chiqqan yosh bolalar ham «jinoyatchi»! Qatag‘on emasmi bu?!

Yovuz fitna tufayli Farg‘onada 112 kishi shahid bo‘ldi, 1000 dan ortiq kishiga tan jarohati yetdi, 400 yigit javobgarlikka tortildi, 700 ga yaqin kishi ma’muriy jazo oldi. Qatag‘on emasmi bu?! Bularning qanchasi gunoh qilgan-u, qanchasi tuhmatga qolgan, qanchasi vahshiyona qiynoqlar ostida qilmagan aybini bo‘yniga olgan»?!

1990 yil may oyining 14-kuni 6-poyezdda ketayotib, hech bir aybsiz Qo‘qondagi «xos» qamoqxona (izolyator)da 5 oyu 28 kun yotib so‘roq bergan yigit bilan suhbatdosh bo‘ldim. Uning akasi ham shuncha vaqt «xosxona»da yotgan. Ularni chetdan kelgan tergovchilar guruhi itdek qiynab, so‘roq qilganlar. Yigitning dahshatli azoblarini eshitib, buning Stalin qirg‘inidan nima farqi bor, deb o‘ylaysiz. Qamoqqa olinishidan oldin soppa-sog‘ bo‘lgan yigitning bir do‘sti kaltak zarbidan turmada aqldan ozayozgan. Boshqa aybsiz yigitlarni ham jazolash uchun zulm o‘tkazib, soxta ko‘rgazmalarga qo‘l qo‘ydirib olishgan. Ayrim sodda yigitlar bag‘ri qon onasini, ichikkan bolasini bir ko‘rish uchun rus tilida bitilgan soxta aybnomalarga qo‘l qo‘yib berishga majbur bo‘lishgan. Ayblanuvchilar rus tilida so‘roq qilingandar, ularning ko‘plariga tarjimon ham berilmagan.

Hozircha men bu yigitlarning ismi shariflarini keltirmadim. Ularning ko‘zida zarracha qo‘rqinch yo‘q, lekin boshlarida hali xatar bor…

Qo‘qonlik ko‘pgina onaxonlardan olgan xatlarimda yovuzlik dastidan bo‘zlab zorlanish bor!..

Mamlakat xalqlari bilan birga, musulmon millati boshiga tushgan umumiy kulfatlarni gapirmaylik. «Quloq» qilinganlarni, «bosmachi», «aksilinqilobchi», deb otilganlarni, sun’iy ochlikdan qirilganlarni, xullas, 20-yillar bosqiniyu 30-yillar qatag‘onini qo‘ya turaylik. 40-yillar qirg‘inidan, 50-yillar zulmlaridan so‘zlamaylik! 1920 yildan 1950 yilgacha SSSRda o‘ldirilgan 66 million 800 ming kishidan qanchasi turkiy musulmon xalqi ekanini bilmaganga olaylik! Biroq 70-yillardagi ma’naviy o‘limlar, Afg‘oniston bosqinidagi mislsiz qirg‘inlar, 80-yillardagi asossiz qamashlar — Gdlyan, Ivanov boshchiligidagi 200 kishidan ortiq «tergovchilar guruhi»ning qilmishlari, Olmaota harakatining bostirilishi, minglab yigitlarning surgun qilinishi, Dushanbe va Boku shahridagi, Farg‘ona, Bo‘ka, Parkentdagi xunrezliklar, yigitlarimizning armiyada qirilayotgani… Zaharli zavodlar, ekologik halokatlar, qishloq xo‘jaligidagi ajal urug‘lari… Bu ongli qatag‘on-qirg‘inni (genotsidni) eng kaltafahm zot ham o‘z nomi bilan atashga farosat topadi!.. O‘zbekistondagi bugungi ahvol qirg‘inning (genotsidning) rejali ravishda, keng jabha bo‘ylab olib borilayotganini tasdiqlaydi. Bundan tashqari, tinimsiz haqoratlar, tuhmatlar, milliy ayblovlar turkiy xalqlarning ko‘zini ochirmaslik uchun qo‘llanayotgan usullar ekanligi sezilib qolayotir. Insoniyat o‘z tarixida bundan ham ortiqroq zulmni ko‘rganmikan?!

Xalqning muxtor vakilaridan tuzilajak komissiya halol va sotilmas huquqshunoslar bilan birgalikda, Farg‘ona, Bo‘ka, Parkent, Andijon, qolaversa, Boku, Dushanbe, O‘sh fitnalarida ayblangan yigitlarning «jinoiy ish»larini sinchiklab tekshirib, haqni nohaqdan ajratishlari shart! Qirg‘in-qatag‘onning bundan ham mudhishroq sirlari o‘shanda ochiladi!

5. AYRIM XULOSALAR

Ba’zilar, Farg‘ona fojiasidan oldinroq Yegor Quzmich Ligachyovning O‘zbekistonga kelishini fitnaga bog‘laydilar. O‘shanda u jumhuriyatning ters janubiga borib, mustamlakachilik qoidalariga mos shartnomalar tuzib ketgani rost. Shuningdek, Anishchev, Satin, Usatov, Gaydanov, Ogarok kabi ashaddiy shovinistlarni ham hech kim dalil-isbot bilan ushlay olgani yo‘q.

Avval Toshkentdagi Geologiya texnikumida o‘zbeklar bilan qozoqlar o‘rtasida, keyin Samarqandda tojiklar bilan o‘zbeklar o‘rtasida, so‘ng Zarafshonda o‘zbeklar bilan ozarboyjonlar o‘rtasida turli fitnalarni uyushtirishga uringan zotlar kim o‘zi?! Bunday buzg‘unchiliklar turli millat vakillarini tarqoqlik ham qo‘rqoqlikka emas, balki birlik va sergaklikka undamog‘i zarur! Boltiqbo‘yi xalqlarining miting o‘tkazilgan joyga sigaret qoldig‘ini ham tashlamasligida ko‘p ma’nolar bor. Har daqiqa mazlum millatning xatosini kutib, ayg‘oqchilik orqasida kun ko‘rayotganlar ozmunchami!

Farg‘ona fitnasi oqibatida O‘zbekiston malomatlarga ko‘mildi. Jahon jamoatchiligini o‘zbek xalqiga qarshi qo‘yishga urinish davom etmoqda. Ayrim rus akademiklari, adiblari, muxbirlarining bilib-bilmay qilayotgan ig‘vogarliklari butun mamlakat yoshlarini o‘zbeklarga, turkiylarga qarshi qayramoqda. Rossiyada: «Bosmachilikning yangi bosqichi», deb ko‘rsatilayotgan ko‘p qismli telefilmlar «xizmati» bilan, armiya safidan 500 ga yaqin o‘zbek yigitining o‘ligi keldi. Prezident M. Gorbachyov esa SSSR Mudofaa vaziri D. Yazovni yuksak davlat mukofoti bilan taqdirladi.

Kechgan fitnalar Turkiston xalqlarini, barcha turkiy xalqlarni jipslikka, birlikka, qon-qardoshlik hislarini namoyon etishga undaydi. Oddiy insoniy qon-qardoshlik tuyg‘ularini zolim siyosatning turli «izm»lari bilan cheklamoq yetar! Yolg‘on, makr, fitna, istibdod asri halokat yoqasiga keldi. G‘iloflar chirimoqda, zanjirlar uzilmoqda, qafaslar buzilmoqda. Endi odamga o‘xshab yashash davri yaqin!

O‘lgan bilan qo‘shilib o‘lmoq—gunohi azim! Lekin Turkistondagi ongli insonlarning barchasi bir karra shahidlarga qo‘shilib o‘ldilar, gunohlarga botdilar. So‘ngsiz fig‘onimni yutib bo‘zlayman: Tangri taolo yosh o‘g‘lonlarni mangu panohiga olib bu dunyoning fitnalaridan, zulm va xo‘rliklaridan butkul qutqardi! Endi aqamoqdagi, qafasdagi tiriklarni ongli dunyo buyuk azobdan qutqarmog‘i kerak!..

O‘kinmang, bag‘ri qon birodarlarim,
Qaddingizni tiklang, tinsin ohingiz.
Ozod avlodlarga sajdagoh bo‘lur
Haqiqat maydoni — qatlgohingiz.
Sizni o‘qqa tutgan vahshiy to‘dalar
Bu kun do‘st atalar, odil atalar.
Lashkari, quroli borlarga chidang,
Ustuni qulagan osmon — otalar!
Aybingiz—o‘zlikni taniganingiz,
Xato — adl bor, deb sanaganingiz.
Gunoh — haqqingizni so‘raganingiz,
Eng ulug‘ aybingiz — zo‘r ekaningiz!
O‘lgan har jon bilan siz ham o‘ldingiz,
Men ham tirik turib, burda-burdaman.
Faryodim o‘liklar faryodi hamdir.
Men — narigi dunyodan kelgan murdaman!
O‘kinmang, bag‘ri qon birodarlarim,
Nidosi yarador, o‘lmas dardlarim! —
Sizga o‘q otganlar nidoni otdi,
Haqiqatni otdi — xudoni otdi.
Shahid safdoshlarning qabri nur bo‘lgay,
Haqning qotillarga qahri zo‘r bo‘lgay,
Agar tadbir ustun, yurak tosh bo‘lur,
Bu yovuz nayranglar bir kun fosh bo‘lur.
O‘kinmang, bag‘ri qon birodarlarim,
Qaddingizni rostlang, tinsin ohingiz.
Ozod avlodlarga sajdagoh bo‘lur
Haqiqat maydoni — qatlgohingiz!

19891990 yillarning iyun-may oylari.

«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasi, 1990 yil, 5 oktyabr.