Jamol Kamol. Haq gapni qachon aytamiz? (1990)

O‘zbekistonda millatlararo munosabatlarda bir qadar tinchlik, osoyishtalik hukm surayotgani ba’zi birovlarga yoqmayapti shekilli… Markaziy matbuot sahifalarida cho‘g‘ni kovlashyapti. Bunga yangi misol Temur Po‘latovning yaqinda «Moskovskiye novosti» haftaligida bosilgan «Angolani quvib yetamiz va o‘zib ketamiz» maqolasidir. Emishki, O‘zbekistonda ruslar va «rus tilida gaplashuvchi aholi» tang ahvolga tushib qolganmish… Shu sababli ommaviy ravishda ko‘chib ketishayotganmish… Ahvol shunday davom etaversa, Angolani quvib yetish va o‘zib ketish hech gap emas emish… Bir paytlar portugallar bo‘shatib chiqqanda, Angola «erga o‘tirib» qolganidek, O‘zbekiston ham chetdan kelgan «mutaxassislar»siz «cho‘kib» qolishi muqarrar emish… Va hokazo…

Tabiiyki, O‘zbekistondan yiroqda yashovchi, bizdagi ahvol va sharoitdan bexabar o‘quvchi bu gaplardan o‘zicha xulosa chiqaradi: Ruslar va «rus tilida gaplashuvchi aholi» ko‘chib ketayotgan bo‘lsa… demak, bir gap bor. Jabr o‘tmasa, zulm yetmasa, kishi bir yurtni qo‘yib, ikkinchi yurtga ko‘chib ketarmidi? Ha, bu — o‘sha-o‘sha o‘zbeklar ishi… O‘shalar kun berishmayapti… Bu o‘zbeklar degani hech insofga kelishmas ekan-da… O‘zlari-ku, boqimanda bo‘lib, boshqalar hisobiga yashashadi… Maxfiya tuzib, davlat mulkini talon-toroj qilishadi… O‘g‘ri ham — shular, poraxo‘rlar ham — shular… Bu ham yetmaganday, xotinlari har yili tug‘ishini aytmaysizmi? Voy, la’natilar-ey!..

Xullas, uzoqdagi o‘quvchi bu xil chiqishlarni o‘qib shunday deb o‘ylaydi… Axir, «jabrdiyda» ruslar va «rus tilida gaplashuvchi aholi» O‘zbekistondan ommaviy ravishda ko‘chib ketishyapti-da… Ishonmaysizmi? Mana—maqola! Mana — raqamlar!.. Mana, — mahalliy muallifning imzosi! Rad etib ko‘ring-chi?..

Keling, shu haqda bir mulohaza yuritaylik. To‘g‘ri, jumhuriyat parlamenti masalaga aniqlik kiritishga intilib, qardosh parlamentlarga murojaat qildi. Ammo gap chala aytildi, bor haqiqat aytilmadi. Boshimizga yangi-yangi ta’na-dashnomlar yog‘dirishayotgan ekan, nega biz hamon indamay, andisha qilib turamiz? Haq gapni qachon aytamiz?

Masalaning boshidan tushaylik. Xo‘sh, ruslar bu — ruslar, ammo «rus tilida gaplashuvchi aholi» degani nimasi? Shunday bir xalq yoki shunday bir millat bormi o‘zi? Yo‘q, bu — o‘ylab chiqarilgan matoh. Amerikada yashovchilarni «amerikalik» deymiz. «Ingliz tilida gaplashuvchi aholi» demaymiz-ku… Yoki Avstriyada yashovchilarni «avstriyalik» deymiz, «nemis tilida gaplashuvchi aholi», deb atamaymiz-ku… Takror aytamanki, «rus tilida gaplashuvchi aholi» degani to‘qib chiqarilgan yolg‘on gap, yanada qat’iyroq qilib aytadigan bo‘lsak, xunuk bir niqob…

Da’vomni dalillab berishga harakat qilaman. Bilamizki, bizda «rus tilida gaplashuvchi aholi» deganda, avvalo yahudiylar, ukrainlar, armanlar, koreyslar va boshqalarni ko‘zda tutishadi. Har birining xudo bergan o‘z qutlug‘ nomi bor. Shu nomni ular aziz va muqaddas tutishadi, shu nom ila faxrlanishadi; shu nom tahqir etilganda, alam va iztirob chekishadi. Misol uchun yahudiy yoki armanining oldiga borib, sen yahudiy yoki armani emassan, rus tilida gaplashuvchi aholisan, deb ko‘ring-chi, nima derkin… Yoki ukrain va koreysga shunday deb ko‘ring-chi, nima eshitarkansiz… Axir, bu yahudiy uchun ham, armani uchun; ham, ukrain uchun ham, koreys uchun ham — haqorat, ya’ni millatining tayini yo‘q, degan gap. Holbuki, bizda millatsiz kishi yo‘q. Har kishining millati pasportida aniq qilib yozib qo‘yilgan. Bas, shundoq ekan, nega endi keyingi yillarda «rus tilida gaplashuvchi aholi» degan soxta ibora to‘qib chiqarildi? Undan ko‘ra, yahudiylar, ukrainlar, armanlar O‘zbekistondan ko‘chib ketishyapti, deb to‘g‘risini aytib qo‘ya qolsa bo‘lmaydimi? Yo‘q, unda niqob yirtiladi, haqiqat ayon bo‘ladi, ayyuhannos solishga o‘rin qolmaydi. Nega desangiz, yahudiylar faqat O‘zbekistondan ko‘chib ketishayotgani yo‘q, ular Rossiyadan ham, Ukrainadan ham, Kavkazdan ham ko‘chib ketishyapti. Yaqin-yaqinlargacha ularni shu ishlari uchun yomonotliq qilishga urindik, lekin endi haqiqatga tan berdik, bugun e’tirof etib turibmiz: Yahudiylar o‘z tarixiy vatanlariga qaytishyapti. Xuddi nemislar Germaniyaga qaytishayotganidek… Bu — qonuniy, tabiiy jarayon, bunda g‘ayritabiiy biror narsa yo‘q. Endi savol tug‘iladi: Yahudiylar Isroilga ketishsa, tabiiy jarayon bo‘ladi-yu, ukrainlar Ukrainaga, tatarlar Tataristonga, armanlar Armanistonga ketishsa, notabiiy bo‘ladimi? Axir, ular yahudiylarga o‘xshab, Sovet Ittifoqidan chiqib ketishayotgani yo‘q; qaytishadigan bo‘lsa, bor-yo‘g‘i o‘z ota yurtlariga qaytishadi, xolos… Ana, ko‘ryapsizmi, «rus tilida gaplashuvchi aholi» demasdan, har kimni o‘z millati nomi bilan atab, so‘z yuritilsa, haqiqat ayon bo‘ladi-qo‘yadi…

Endi ruslarning O‘zbekistondan ko‘chib ketishayotgani xususida… Bu ham tabiiy jarayon. Hattoki, tarixiy zarurat… Fikrimni anglatishga harakat qilaman. Rossiya imperiyasining chekka o‘lkalarini «ruslashtirish» siyosati 1917 yilga kelib to‘xtab qolgani yo‘q, shiddat bilan davom etaverdi. «Qo‘riq va bo‘z yerlarni o‘zlashtirish» shiori ostida markaziy Rossiyadan millionlab aholini Qozog‘iston yaylovlariga ko‘chirishdi. «Sanoatlashtirish» shiori ostida million-million rus dehqonlarini «ishchi» qiyofasiga solib, O‘rta Osiyo shaharlariga olib kelishdi. Podsho hukumati qilolmagan ishni qisqa bir muddat ichida biz qoyil qilib bajardik, deb Xrushchev maqtanganini bugun ko‘pchilik biladi!..

Xo‘sh, oqibat nima bo‘ldi? Foydasidan ziyoni ortiq bo‘ldi. Bir tomondan bizda O‘rta Osiyoda sun’iy ravishda katta ishsizlik yuzaga chiqdi, ikkinchi tomondan, poyonsiz rus yerlari — ekin-tikin dalalari, qishloqlari tashlandiq xarob ahvolga solindi. Orqa-ketini o‘ylamay qilingan ko‘ch-ko‘ch «tadbir»ning natijasi shu bo‘ldiki, Rossiyada o‘n minglab qishloqlar, qariyb bir millionga yaqin hovli-qo‘rg‘on kimsasiz, huvillab qoldi. Azaliy serhosil bug‘doyzorlarni chim bosib, dalalar, go‘zal yerlar qamishzor, to‘qayzorlarga aylandi. Moskvada bir buxanka nonni ikkiga bo‘lib sotishayotganida, Moskva atrofida, unumdor Rossiya yerlarida to‘kilib-sochilib, chirib yotgan bug‘doy hosilini yig‘ishtirib olishga odam topilmadi, topilmayapti… Xullas, dehqonlaridan ayrilgan Rossiyaning qaddi egilib, beli bukilib qoldi. Agar buning chorasi ko‘rilmasa, rus qishloqlari qayta tiklanmasa, Rossiyani istiqboli qorong‘u: hech qachon ro‘shnolik ko‘rmaydi, qorni nonga to‘ymaydi. Doim chekkaga qaragani qaragan. Yetakchi rus iqtisodchi olimlari ham buni qayta-qayta aytishyapti.

Xo‘sh, rus qishloqlarini kim tiklaydi? Qamish, tikan bosib yotgan o‘sha ajoyib dalalarga kim qayta hayot bag‘ishlaydi? Albatta, butun umid turli-tuman shaharlarni to‘ldirib, T. Po‘latov aytmoqchi milliy nizolardan «gangib» yurgan kechagi rus dehqonlari va ularning bolalaridan. Shuni hisobga olib Yeltsin hukumati qardosh jumhuriyatlarda yashovchi rus aholisiga murojaat qildi, ularni o‘z yurtiga chorladi, rus qishloqlari tiklanmas ekan, Rossiya hech qachon; o‘z qadrini o‘nglab ololmaydi, deb gapning dangalini aytdi. Buni tushunib yetganlar va yetayotganlar, bu tarixiy chaqiriqqa «labbay», deb javob berayotganlar bor. O‘ylab qarang, Rossiyaga ko‘chib borayotganlarni fermerlik istiqboli — katta istiqbol kutmoqda. Bu — kamida yuz-yoki ellik gektar yerga xo‘jayin bo‘lish degan so‘z. Bu o‘zbek dehqonining tushiga ham kirmaydi. Xullas, bugun O‘zbekistondan (boshqa qardosh jumhuriyatlardan ham) ruslar ozmi-ko‘pmi Rossiyaga ko‘chib ketishayotgan ekan, bu —tabiiy bir jarayon, tarixiy bir zarurat, davr taqozosi. Negaki, boshqa yo‘l yo‘q. Rus qishloqlarini ruslar tiklaydi, kosmosdan tushib, birov obod qilib bermaydi. Gapning indallosi shu. Nega shuni baralla aytmaymiz? Axir, bu gapning qo‘rqadigan, vahima qiladigan yeri yo‘q-ku… Holbuki, haqiqatni baralla aytib, yaxshi niyatda Rossiyaga ko‘chib ketayotshanlarga,. davlat yo‘li bilan, zarur shart-sharoitlar hozirlab berilsa, mayda-chuyda gap-so‘zlarga, fikrni boshqa yoqqa burishlarga o‘rin qolmasdi. Balki shu mavzuda qalam tebratayotganlar ham picha insofga kelar, gapni bu qadar aylantirishmasdi.

Mutaxassislar-chi, so‘raydi o‘quvchi, ular ketishayotganmish, kasalxonalar vrachsiz, zavodlar injenersiz qolayotganmish… Qaysi kasalxonalar? Qaysi zavodlar? Temur Po‘latov da’vosida haq bo‘lsa, birma-bir aytsin ularni, nomlarini qator qilsin! Aravani quruq olib qochishning nima keragi bor. Boringki, ketayotganlar bo‘lsin ham deylik. Qayerda istiqomat qilish har kimning o‘z ixtiyori. Bu avvalo o‘sha mutaxassisning insoniy haq-huquqi, hech kimsa uning yo‘lini, ixtiyorini to‘solmaydi. Gap-so‘zlarni ko‘paytirish o‘rniga ko‘chuvchilarga har tomonlama yordam berish kerak. Rossiyadan mutaxassislar ketishmayaptimi? Moskvadagi elchixonalar oldida navbatda turgan minglab odamlarni ko‘rgandirsiz, Temur Po‘latov? Xullas, ketadiganlar Rossiyadan ham! ketishyapti. Ammo, har holda, osmon uzilib, yerga tushgani yo‘q!

«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasi, 1990 yil, 7 dekabr.