Haydarbek Bobobekov. Zinnat — Qurbonjon dodxohning taxallusi (1989)

O‘tgan asr Farg‘ona viloyatida ko‘plab olimlar, shoiru fozillar yashagani tarixdan ma’lum. Nomi bizning zamondoshlarga ma’lumu mashhur shoirlardan tashqari Boqixonto‘ra, Yoriy Ho‘qanday, Zoriy, Muhsiniy, Nasimiy, Nozil, Pisandiy, Rojiy, Sadoiy, Umidiy, Shukuriy singari yana o‘nlab nazm sohiblari bo‘lganki, ulardan qolgan badiiy merosni atroflicha o‘rganish lozim. Shaxsiy kutubxonamda saqlanayotgan ko‘hna qo‘lyozma bayozda 100 ga yaqin shoir ijodidan namunalar yig‘ilgan. G‘azallar, hikoyalar, latifa va xotiralar o‘zbek va fors tilida bitilgan ushbu to‘plamda avvali — 1775, oxiri —1864 yil sanalari ko‘rsatilgan. Bayozdagi Zinnat taxallusi bilan yozilgan bir g‘azal beixtiyor diqqatimni tortdi. Xo‘sh, Zinnat kim?

V. P. Nalivkin va M. S. Nalivkinaning 1886 yili Qozonda bosilgan «Farg‘ona tub joy aholisi ayollarining turmushidan ocherklar» kitobida shunday so‘zlar bor: «Qo‘qonda biri Zinnat, ikkinchisi Mahzuna taxallusi bilan ijod qiladigan ikki shoira bor. Aytishlaricha, ulardan biri xon saroyiga erkaklar libosida ochiq yuz bilan kirib kelgan va uning generallik — dodxoh unvoni bo‘lgan. Har ikkala shoiraning she’rlari Umarxon va uning saroy shoirlari tomonidan tartibga solingan Majmuai shuaro she’rlar to‘plamiga kiritilgan».

175 yil hukm surgan Qo‘qon xonligida birdan-bir ayol — Qurbonjon dodxoh, ya’ni general unvoniga sazovor bo‘lganidan kelib chiqsak, demak Zinnat taxallusi ham Qurbonjon dodxohga taalluqli ekani ayonlashadi.

Qurbonjon va u qanday qilib generallik unvoniga erishgani xususida ikki og‘iz.

U 1811 yili O‘sh shahriga qo‘shni Madi qishlog‘ida tug‘ilgan. O‘g‘il tug‘ilishini kutgan otasi qiziga Qurbonjon deb ism qo‘yadi. Qismatni qarangki, Qurbonjon uncha-muncha erkaklarga nasib etmagan bahodirlik fazilatlari bilan dovrug‘ taratadi. Yoshligidan mohir chavandoz bo‘ladi, uloqlarda erkaklar bilan tengma-teng olishadi, 18 yoshida turmushga berishganda, eridan ko‘ngli to‘lmay ajrashadi. Ajrashish haqida birinchi bo‘lib xotin kishi og‘iz solishining o‘ziyoq o‘sha davr uchun bamisoli bir isyon edi.

Qurbonjonning go‘zalligidan xabar topgan Andijon hokimi Olimbek sovchi qo‘yadi va 1832 yili unga uylanadi. Qurbonjon oilaparvar rafiqa, ona bo‘libgina qolmay turli urush-janjal, yuqori doiradagi fitnayu-ig‘volardan erining eng yaqin va uddaburon maslahatchisiga aylanadi. Mallaxon davrida Olimbek vazirlik martabasiga yetishishida Qurbonjonning xizmatlari ham bo‘lgan desak yanglishmasmiz.

1861 yili Olimbek fitna qurboni bo‘ladi. Qurbonjon 50 yoshida tul qoladi. U Oloy xalqlari orasida ancha obro‘ qozongani, istasa qo‘zg‘olon ko‘tarib yuborishga qodirligidan cho‘chib unga Olimbek o‘z ajali bilan o‘ldi degan xabar yetkazishadi. Qurbonjon to‘rt o‘g‘li bilan ona yurtiga qaytadi. Chamasi erining vafot etmagani, balki halok etilganini keyin eshitadi. Xudoyorxonni qayta taxtga ko‘tarish harakatlariga faol ishtirok etishining bosh sababi ham shunda.

1862 yili Xudoyorxonni taxtga ko‘tarish maqsadida qo‘shin tortib kelgan Buxoro amiri Muzaffarni O‘shda Qurbonjon qarshi oladi. Ayol kishining jasurligidan, aql-zakovatidan, ulus orasida orttirgan obro‘sidan lol qolgan Amir Qurbonjonga dodxoh unvonini beradi va shu yerning o‘zida rasmiylashtiradi. O‘sha-o‘sha Qurbonjonning nufuzi ortgandan-ortadi, u Oloy va Gulchin qirg‘izlarining rasmiy vakiliga aylanadi. Uning vakolatini tasdiqlash ma’nosida Xudoyorxon ham dodxoh unvonini beradi, yorliq taqdim etadi. Shunday qilib, Qurbonjon ikki marta generallik unvoniga sazovor bo‘lgan.

Qurbonjon Oloy-O‘sh hokimi bo‘lib turgan bir paytda O‘sh noibi bo‘lmish o‘gay o‘g‘li Jorqinboy Chernyayev otryadi tomonidan o‘ldiriladi. O‘sh hokimligini dodxohning to‘ng‘ichi Abdullabek o‘z qo‘liga oladi.

Qo‘qon xonligi barham topish arafasidagi tahlikali kunlarni boshdan kechirayotgan edi. 1873—1876 yillar mobaynida davom etgan Po‘latxon qo‘zg‘olonida Qurbonjon dodxoh o‘zining o‘g‘lonlari — Abdullabek, Mahmudbek, Hasanbek va Botirbek bilan birga ishtirok etdi. Qo‘qon xonligi yo‘qotilgach ham Qurbonjon taslim bo‘lishni xayoliga keltirmadi, uning ko‘rsatmasi bilan to‘rt o‘g‘li asosiy tog‘ yo‘llarini egallab olib kapitan Kuropatkin soldatlariga qarshilik ko‘rsatdi. Turkiston general-gubernatori shaxsan general M. Skobolevni Oloyga — Qurbonjon huzuriga jo‘natdi.

Qattiq va tengsiz to‘qnashuvlar dodxoh o‘g‘illarining mag‘lubiyati bilan tugadi. Qurbonjon dastlab Qoshg‘arga, so‘ng Afg‘onistonga o‘tib ketdi. Skobolev shunda ham xotirjam bo‘lolmadi, u mayor Ionovni sulh uchun dodxoh huzuriga yo‘lladi.

Qurbonjon Ionovni hurmatini joyiga qo‘yib qarshi oldi, uning maqsadini tinglaydi va undan harbiy unvonini so‘raydi.

— Men — mayorman, — deydi Ionov.

— Men esa generalman, — deydi bosiqlik bilan Qurbonjon.

Bu, teng-tengi bilan suhbatlashish kerak, degan ma’noni anglatar edi.

M. Skobolev dodxoh bilan bevosita o‘zi muzokara olib borishga majbur bo‘ladi. Suhbat asnosida Qurbonjon bundan keyin qon to‘kishdan naf yo‘qligini tushunib yetadi. U xalqni, shuningdek uch o‘g‘lini qo‘zg‘olondan qaytaradi. (To‘ng‘ichi Abdullabek kurash yo‘lini tanlaydi.) Rus vaqtli matbuoti dodxohni Oloy malikasi deb ulug‘laydi.

Qurbonjon general-gubernator Duxovskiy bilan uchrashish uchun O‘shga ot minib kelganida 87 yoshda edi!.. Suhbat tugagach, Duxovskiyning ad’yutanti — uning imosi bilan — otga minayotgan dodxoh yoniga yugurib borib kampirni otga mindirish uchun yordamlashmoqchi bo‘ladi. Qurbonjon bosh chayqab ko‘makning zarurati yo‘qligini bildiradi va «hali kuchdan qolganim yo‘q» deb otga minadi va uni yeldirib ketadi.

Qurbonjon 1907 yili 1 fevralda 96 yoshida Madi qishlog‘ida vafot etdi. U O‘shda dafn etilgan…

Bayozning ushbu sahifasi hoshiyasidagi she’r Qurbonjon dodxoh — Zinnat qalamiga mansub.

Dodxohning adabiy faoliyatiga kelsak, u oliy martabadagi shaxslar davrasida bo‘lib, aytish mumkinki, Nodira bilan, shuningdek Uvaysiy, Anbar Otin, Dilshod, Mohzoda Begim, Mushtariy, Zebuniso, qolaversa Maxmur, Muqimiy, Furqat bilan muloqotda bo‘lgani tabiiy edi. Uning mavqei, faoliyati, maqsad-maslaklaridan kelib chiqsak badiiy ijodida ozodlik, erk, mardlik tuyg‘ulari kuylangani ehtimolga yaqin. Darvoqe, yuqorida tilga olingan Zinnatning forsiyda yozgan she’ri Turgan-bitgani malohatdan iborat bo‘lgan adab ummoni Gar soya solsa (o‘sha joy) chaman (nastarin) bo‘lgay mazmunidagi misradan boshlanadi. Ikkinchi misrada shoira G‘oyat xushbo‘y qora zulfingni magar zohid ko‘rsa juhud bo‘ladi, mug‘ (hindu) bo‘ladi, tarso bo‘ladi, nasoriy bo‘ladi, hatto braxman bo‘ladi deb adab ummonining zulfi ta’rifida favqulodda mubolag‘alar topadi, uchinchi — Men shunday baxti qaromanki, biror kishiga humo bo‘lib soya solsam havo (bo‘ron) bo‘ladi, shamol bo‘ladi, girdob bo‘ladi, oxir palaxmonga aylanadi deb oldingi misradagi mubolag‘ani endi tabiiy kuchlar misolida yana kuchaytiradi. Navbatdagi misrada esa shoir bamisoli qilqalamda zarif bir manzara chizadi: Otning, qo‘lning va yoy (kamalak)ning suvrati solingan vodiyda chaman bor, lola bor, gulsayri bor, rayhon va safsarlar jilvasi bor…

To‘g‘ri, bir she’r tahlili bilan Qurbonjon dodxohni she’riyat osmoniga ko‘tarish niyatimiz yo‘q, balki u Zinnat taxallusida nazmiy satrlar bitgani haqida axborot berish, xolos. Agar nodir qo‘lyozmalar, bayozlar orasida Zinnatning boshqa she’rlari uchrasa, ularni to‘plab adabiyotshunoslarimiz tadqiq etishsa, so‘ng keng kitobxonlarimizga ma’lum qilishsa nur ustiga nur bo‘lur edi. Muddaoimiz ham shu.

Haydarbek Bobobekov, tarix fanlari kandidati.

“Yosh kuch” jurnali, 1989 yil, 3-son