Hamid Ismoil. Turkiston 1917 yilda (1989)

Keldi muborak bizga yangi bir zamon,
Yangi davr kechurmak endi filamon,
Yod etmakka ismimiz tarixi jahon,
Qutlug‘ bo‘lsun Turkiston muxtoriyati!
Yashasun endi birlashib islom millati!
HAMZA

Rumiy hikoyatlaridan birida er yarim man go‘sht keltirib, xotiniga ovqat tayyorlashni buyuradida, o‘zi mehmon aytgani ko‘chaga chiqib ketadi. Xotin lahm go‘shtni qovurib, paqqos urib oladi. Eri qaytgach: «Go‘shtni mushugingiz qurg‘ur yeb qo‘ydi», deydi. Sodda er mushukni taroziga solib: «Ie, mushuk yegan go‘shti bilan atigi yarim man-ku! Xo‘sh, palladagi yarim man mushuk bo‘lsa, go‘sht qani? Agarda tarozini bosgan yarim man go‘sht bo‘lsa, unda mushuk qayoqqa g‘oyib bo‘ldi?», degan ekan.

Sho‘raviy shoirimiz Hamzaning yuqorida parcha keltirilgan «Turkiston muxtoriyatina» she’rini o‘qib, shu kabi tanoqiz andishaga borasan kishi.

Zotan, so‘nggi, 70 yildan ortiqroq tariximizda Hamza va muxtoriyat orasida g‘oyib bo‘lgan Haqiqatni qidirgan odam, Sharqning yana bir buyuk mutafakkiri Kunfutzining ta’biricha, qorong‘u xonada qora — buning ustiga xonada yo‘q — mushukni tutmoqchi bo‘lgan kishidek mushkul holda qoladi.

Tarixchilarimizning zahmatli harakatlarini ko‘rib, achinmasdan bo‘lmaydi. Ular tubandagi kabi «mo‘tabar tahqiqlarni» jildma-jild saqlashga ozmuncha kuch-quvvat sarflashdimi! Mana, bir misol:

«1917 yil noyabrining so‘ngida o‘zbek, qozoq, qirg‘iz va tojik burjua millatchilari Qo‘qon shahrida «umum-islom» o‘lka qurultoyini chaqirdilar. Unda, asosan, savdogar, zavodchik, pomeshchik, boy, ruhoniylar, oq gvardiyachi ofitserlar ishtirok etishdi. Burjua millatchilari Turkistonni muxtoriyat e’lon qilib, «Qo‘qon muxtoriyati» deb tanilgan millatchi Muvaqqat hukumatni tuzdilar…» («Istoriya SSSR». «Nauka», M., 1967, t. 7, str. 227).

Bu «haqiqat» qayd etilgan kitoblar sahifalarini jamlasak, qalin jildli alohida bir asar bo‘lishi mumkin. Vaholanki, bu «haqiqat»ning turgan-bitgani mantiqqa zid. Avvalambor, o‘zbek, qozoq, qirg‘iz, tojik xalqlarining hamda rus zobitlarining vakillari mushtarak maslak yo‘lida bir joyga yig‘ilishsa-yu, ular millatchiga chiqarilsalar, «internatsional» so‘zining tub mohiyati qayerda qoladi? Ikkinchidan, ularni burjua (ya’ni, shahar) millatchilari deb atash, 1917 yil nari tursin, 1990 yilda ham o‘lkaning aksariyati qishloq-ovullarda yashayotgan bir makonda, bir paytda nimani anglatadi? Uchinchidan, «asosan» so‘zining mag‘zi — ma’nosi nimada? Nima uchun bu o‘rinda u salbiy ma’noda — «omi xalq bir yoqda qolib», degan mazmunda qo‘llanilyapti? To‘rtinchidan, qanday qilib «Turkiston muxtoriyati» deb e’lon etilgan hokimiyat bora-bora bir shahar miqyosiga qadar kichrayib, «Qo‘qon muxtoriyati»ga aylanib qoldi? Beshinchidan, ma’lumki, «millatchi Muvaqqat hukumatning 54 a’zosidan 32 nafari mahalliy musulmon xalqlariga mansub bo‘lib, qolgan o‘rinlar o‘lkadagi Ovrupa firqa va harakatlariga berilgan. Holbuki, o‘sha paytda umumiy aholiga nisbatan, mahalliy xalqlar nufuzi 95 foizni tashkil etgan. Bundan ortiq baynalmilal iltifotni qayerda ko‘rgansiz?!

Xullas, bu ko‘chmanchi «mo‘tabar «yozuq»ning mantiqi va tarixi xususida ko‘p yozish mumkin. Biz esa yaxshisi, o‘zimizni qiynab, tarixchilarimiz singari zahmatlar chekmaylik-da, eng osoni—1917 yil ro‘znomalarini nazardan kechiraylik. Yanada xolis bo‘lish uchun, masalaga, asosan, o‘sha davrning «milliy ruhi — harorati elitmagan» rus ro‘znomalari nigohi bilan boqaylik.

Fevral inqilobi o‘lka tarixida yangi bir sahifa ochdiki, uning ilk shiorlari Ozodlik, Tenglik, Birodarlik edi. Zero, Cho‘lpon Fevralni Buyuk frantsuz inqilobiga qiyoslab tarannum etgani bejiz emas. Muvaqqat hukumat dasturilamalidagi quyidagi ikki band bu borada muhim ahamiyat kasb etgan: 1). Tabaqa — toifaviy, diniy va milliy mahdudlikni bekor qilish; 2) Mahalliy idoralarni saylashda umumiy, bevosita, teng va maxfiy ovoz berish huquqini ta’sislash. («Turkestanskiye vedomosti», 21 mart 1917 yil). Bundan tashqari, muvaqqat hukumat mahalliy xalq vakillarini mardikor sifatida frontorti ishlariga olishni ham bekor qilib, 1916 yil qo‘zg‘olonlarining asosiy omillaridan birini yo‘qotishga erishdi.

Lo‘nda qilib aytganda, Fevral inqilobi uyqu bosgan o‘lkani uyg‘otdi. Chorizmning mustamlakasi bo‘lgan Turkistonga ozodlik va hurriyat shamoli yetib keldi. Avvallari musulmonlar hayotini deyarli yoritmagan ro‘znomalar endi mahalliy xalqning siyosiy ongi mislsiz sur’atlar bilan o‘sishini e’tirof etib, qariyb har bir sonida yangi tashkilot, harakat yoki jamiyat tuzilayotgani haqida xabar berishar edi. Ayniqsa, mahalliy idoralar bo‘lmish shahar va yerli Dumalarga saylovlar arafasida bunday xabarlar son-sanoqsiz bo‘ldi: «30 mart kuni Skobelev shahri fuqarosining Jome’ masjid oldidagi yig‘ilishi «Sho‘roi islom» qo‘mitasining saylanishi haqida qaror qabul qildi. Qo‘mitaning dastlabki vazifasi — Muvaqqat hukumatni, Rusiyada yangi ozod tuzum joriy etishida, qo‘llab-quvvatlashdir» («Turkestanskiy golos», 18 aprel 1917 yil). «Mahalliy yo‘qsillar sinfi Ho‘qand shahri «Islom mehnatkashlari» jamiyatiga birlashmoqda». («Turkestanskiy kurer», 21 iyul 1917 yil). «Namangan viloyatining Chust shahrida yosh sortlar tashabbusi bilan «Jumhuriyat» matlub jamiyati ochildi». («Ferganskiye oblastnne vedomosti», 1917 yit, 10 may) va hokazo.

Bunday harakat, firqa va jamiyatlarning paydo bo‘lish jarayoniga aprelning o‘rtalarida Toshkentda bo‘lib o‘tgan I Umumislom o‘lka qurultoyida mantiqan muayyan yakun yasaldi. Yurtimizda Fevral inqilobi tufayli yuzaga kelgan mahalliy musulmon umumdemokratik harakati shakllangan bir siyosiy kuch sifatida gavdalandi. Mana, qurultoy haqidagi xabardan bir parcha:

«Umum Turkiston musulmonlarining qurultoyiga 150 nafar kishi yig‘ildi. S’ezdni 13 kishilik prezidium idora qildi. Prezidiumga ushbu zotlar saylandilar: Munavvarqori (rais), Ubaydulla Xo‘jayev, Sobirali Lapin (ikisida rais muovinlari), Mustafo Cho‘qayev, Toshpo‘latbek Norbo‘tabekov (rusiy sekretarlar), Ahmad Zaki Validiy, Sodiq Sattorov (musulmoncha sekretarlar), Shoahmadov, Abdurahmon Urazayev, Mulla Abdulmajid Mahmudov, Serikboy Aqayev, Ahmadbek Qo‘yboqarov, Sobirjon Yunusov…

… S’ezdda ushbu masalalalar qaraldi. 1), Yangi jamiyatga nazar. 2) Rusiyada usuli idora nendi bo‘lur. 3) Turkistonda mahalliy grajdanskiy idoralar. 4) Uchreditelniy Sobraniye va anga hozirlik. 5) Turkistonda ruhoniy — diniy idoralar. 6) Maktab, madrasa va vaquf ishlari. 7) Moliya ishlari. 8) Eskidan qolg‘an muassasalarni yangartuv. 9) Butun Turkiston musulmonlarining ustidan qarayturg‘on birorta adliya islomiya va mulkiya mahkamasi ta’sis etuv. 10) Oziq masalalari. 11) So‘g‘ishka qarash. 12) So‘g‘ishga olingan mardikorlar masalasi. 13) Butun tuzuv. 14) Sho‘roi islomlarning Ispulnitelniy komitetlarga munosabati. 15) Umummusulmon s’ezdina vakillar yuboruv. 16) Yer ham suv ishlari». («Ulug‘ Turkiston», 1917 yil 25 aprel).

Tabiiyki, mazkur qurultoy mujassamlashtirgan umumiy harakatning tarkibida sinfi, maslagi jihatidan xilma-xil oqimlar bor edi. Ammo yurt ozodligi va xalqchillik istiqboli tomon yo‘naltiruvchi hokim g‘oya ushbu qurultoy va, ayniqsa, mahalliy idoralarga saylov kunlari yaqqol namoyon bo‘ldi:

«Rus aholisi saylovga loqayd munosabatda bo‘lgan bir paytda, sortlar, aksincha, uyushib, o‘z huquqlarini saylov bo‘lmalarida istifoda etishmakchi», («Svobodnыy Samarkand», 30 iyul, 1917 yil). «Sortlar minglab to‘plangan yig‘in va saylovoldi majlislarida o‘nlab notiqlar so‘zga chiqayoturlar» («Svobodnыy Samarkand», 2 avgust, 1917 yil).

Bu ayyomlarda o‘lkadagi barcha firqa va harakatlarning nomzodlari ro‘yxatlari, saylovoldi dasturilamallari e’lon etiladi. Aksincha, rus yoxud boshqa ovrupaviy firqalarning hech biri na mahalliy xalq muammolari, na milliy masala xususida o‘z hujjatlarida gap yuritmaydi. Bu jihatdan Turkiston o‘lkasining ijroqo‘mlari qurultoyida voqe’ bo‘lgan bir mubohasa diqqatga molikdir. Unda Geodakov ismli kishi, «Turkestanskiy kurer»ning (14 aprel, 1917 yil) xabar berishicha, «xalqchil Rusiya jumhuriyatini qo‘llab, madaniy xalqlarga muxtoriyat, qolganlarga esa (samoyed, qirg‘iz, sortlarga) «madaniyatga ega bo‘lishlari sayin muxtoriyat berilishini» taklif qiladi. Bunga javoban o‘lkaning buyuk siyosiy va madaniy arbobi muftiy Mahmudxo‘ja Behbudiy «qizg‘in norozilik bildirib, sortlar ming yillik madaniyatga ega (ingliz, frantsuz tillariga tarjima qilingan «Hidoya» kitobi, Ulug‘bek rasadxonasi va hokazo), shunday ekan, sortlarni to‘ng‘uzlar bilan chog‘ishtirmoq, insofdanmi? Yerlik dehqonlar rus dehqonlaridan qolishmaydi, g‘arbiy viloyatlardan qochgan kelgindilardan esa ustun. Turkiston fuqarosining madaniy qoloqligida fuqaro emas, o‘lkani tish-tirnoq bilan jaholatda ushlagan eski mustamlaka tuzumi aybdordir!», deydi…

1917 yilning yozida bo‘lib o‘tgan saylovlar kutilmagan natijalar bilan yakunlandi. Masalan, Toshkent shahar Dumasining 112 a’zosidan 76 nafari mahalliy musulmon xalqi vakillaridan saylandi. Samarqand Dumasiga ovoz berish natijalari esa quyidagicha: 55 o‘rin musulmonlar va firqasizlar birligiga, 4 o‘rin musulmon mehnatkashlari firqasiga, 10 o‘rin sotsial-inqilobchilar (eserlar)ga, 2 o‘rin RSDRPga, 4 o‘rin yahudiylarga tegadi. («Svobodnny Samarkand», 12 sen-tyabr 1917 yil). Andijon dumasiga ham aksariyat musulmon vakillari saylanib, jumladan, Sho‘roi islom 77, Hurriyat va Ma’rifat 3, Ittifoq 4, yahudiylar 2, sootsialistlar 11 o‘ringa ega bo‘ladilar.

Shunday qilib, Rusiya tomonidan Turkiston zabt etilgandan beri, shahar va yerli idoralarga bo‘lgan saylovlarda mahalliy musulmon xalqi ilk bor g‘alabaga erishadi. Bu g‘alaba, sentyabrga kelib, o‘lkada birvarakiyiga uch siyosiy kuchning hukmronlikka da’vogarligini yuzaga chiqaradi. Bulardan biri Muvaqqat hukumatning o‘lkadagi ma’muriyati, ikkinchisi qurolli kuchga ega bo‘lgan ishchi va askarlar Sho‘rosi, uchinchisi mahalliy idoralarda hokimiyatni qo‘lga olgan umummusulmon xalqchil harakati.

Tariximizning «mo‘tabar akademik yozuqlarida», keyingi kuchga mansub bo‘lgan «Sho‘roi islom» va yoki «Ulamo» firqalaridan «yovuz»roq kuch topish qiyindir, deyiladi. Ammo mashhur o‘lkashunos va arbob Nil Likoshin, «Turkestanskoye slovo» ro‘znomasinig o‘sha yilgi 2 sentyabr sonida, eski shaharning «Ulamo» majlislarida qatnashganini ta’riflab, shunday yozadi« «Musulmonlarning aytishicha: «Biz o‘lkada ko‘pchilikmiz, shu boisdan Dumada aksariyat biz tomonda bo‘lganligi tabiiy bir hol. Demak, aqalliyat huquqlarini ta’minlasak kifoya. Shu sabab, shahar boshlig‘i lavozimiga «Ulamo» o‘z nomzodlarini ko‘rsatmakni o‘ziga munosib topmadi, unga noib tanlash bilan cheklandi». Bu qaror, Likoshinning ta’biricha, aksariyatni tashkil etgan musulmonlar uchun nafaqat adolatli, balki iltifotli ham bo‘lib ko‘ringan.

Afsuski, bu yanglig‘ iltifot va muruvvat barcha siyosiy kuchlarga xos bo‘lgan, deyish qiyin. Misol uchun, «Turkestanskiy kurer» ro‘znomasi sentyabr oyi boshida harbiy yo‘l bilan hokimiyatni o‘z qo‘liga olgan Turkiston ishchi va askarlar Sho‘rosi haqida gap yuritar ekan: «Bu sho‘ro keng xalq ommalariga tayangan asl xalqchil kuchmoi?», degan savolga: «Yo‘q, zinhor!», deb javob beradi. Chunki, uning tarkibida mahalliy xalq vakillari yo‘q. «Shunday ekan, Ovrupaviy Rusiyadan farqli o‘laroq, bu yerda shuni qat’iyan e’tirof etish mumkinki, rus inqilobiy demokratiyasining Sho‘rolari Turkistonda qurolli kuch yordamida o‘rnashgan kelgindi rus aqalliyati ozchiligi irodasining ifodasidir. Avval rus to‘plari ijro etgan rul endi zikr etilmish Sho‘rolar zimmasiga yuklandi. Ammo yangi rus imperializmi yo‘lboshchilarining ixtiyoridagi kuch va madaniy imkoniyatlar avvalgidan behad ziyoddir». («Turkestanskiy kur’er», 1917 yil, 5 sentyabr).

1917 yil sentyabrining oxirida, hokimiyat sho‘rolarga o‘tishi munosabati bilan, Turkiston musulmonlarining III o‘lka qurultoyi yig‘iladi. Uning qarorlarida, jumladan, shunday deyiladi: «Turkiston o‘lkasining 98 foiz nufusini tashkil etguvchi 10 million musulmon Rus inqilobi e’lon qilgan Hurriyat, Tenglik, Birodarlik asoslarida milliy madaniy muxtoriyat huquqiga mutlaq ravishda ega; Mahalliy hokimiyat birinchi navbatda, musulmon vakillaridan hamda ma’lum miqdorda o‘zga siyosiy tashkilotlar vakillaridan tashkil topib, ta’sis etiluvi lozim. Hokimiyatning tasodifiy va yerli aholi manfaatlariga yot bo‘lgan kichik guruhlardan tuzilgan ishchi, askar va dehqon tashkilotlarining qo‘lida jamlanuvi xalqchillik asoslariga ziddir va mahalliy musulmon xalqiga odil hayot tuzumini ta’minlab beruvi amri maholdir».

Qurultoy, xulosa sifatida, quyidagi qarorlarni qabul kiladi:

1) Toshkent shahrida o‘lka fuqarosini boshqaruvchi 12 kishidan iborat Turkiston o‘lka qo‘mitasini ta’sis etuv; bulardan 3 nafari ishchi, askar va dehqon sho‘rolari qurultoyidan, 3 nafari shahar va ijroqo‘m idoralaridan, 6 nafari musulmon qurultoyidan. Mazkur qo‘mita zimmasiga, to ta’sis majlisi (Uchr. Sobraniye) Turkistonda Maxsus idora yo‘lini o‘rnatguncha, Rusiya jumxuriyatining Muvaqqat Hukumatiga keng vakolatga ega Qo‘mita ro‘yxatini tasdiq uchun yo‘llash va hokimiyatni qo‘lga olish yuklanadi.

2). Toshkentda 24 kishidan iborat Turkiston o‘lka kengashini ta’sis etuv; bunga 5 a’zo ishchi, askar va dehqonlar qurultoyidan, 5 a’zo o‘lka musulmon qurultoyidan kiritilsin. («Turkestanskiy vestnik», 25 noyabr, 1917 yil). Likoshin aytmish iltifot bu qarorda ham zahirdir. Ammo hokimiyat bu orada qo‘ldan qo‘lga o‘tib, navbat Muvaqqat hukumat yuborgan general Korovichenkoga tegadi. O‘zaro murosani aniqlash bilan ovora ovrupaviy kuchlarning qulog‘iga mahalliy xalqlarning ovoziyu talablari chalinmaydi. Shunga qaramay, mahalliy xalq Ta’sis majlisiga tayyorgarlikni kuchaytirib, unga yuboriladigan nomzodlarni ko‘rsata boshlaydi. Nomzodlar ro‘yxatiga samarqandlik Mahmudxo‘ja Behbudiy, xo‘jandlik Kamol Husayn, toshkentlik Mustafo Cho‘qayev, Ubaydulla Xo‘jayev ham kiritiladi.

25 oktyabr kuni Petrogradda bolsheviklar hokimiyatni qo‘lga oladilar. Bu voqea o‘lkaning rus ro‘znomalarida allanechuk tasodif, noxush hodisa, hattoki, Vatan va jamiyat rldidagi jinoyat qabilida tahlil etiladi. Mana shu munosabat bilan o‘sha davr ro‘znomalarida e’lon qilingan maqola-xabarlardan ayrimlarining sarlavhalari: «Bolsheviklar faqat Smolniyda qoldilar». «Xotirjam bo‘lingiz!». «Vatan oldida jinoyat» va hokazo. «Svobodnыy Samarkand» ro‘znomasi esa RSDRPning Samarqand tashkiloti «25 oktyabrda Petrogradda voqe’ o‘lg‘on fitnani qoralab chiqdi», degan xabar bosadi.

Ko‘rinib turibdiki, rus ro‘znomalari Oktyabr inqilobiga bo‘lgan salbiy munosabatlarini oshkora namoyish etishadi. Maksim Gorkiyning «Novaya jizn»da e’lon qilingan, «Mamlakat Ta’sis majlisi sari ketayotgan bir paytda, ro‘y bergan isyonga» shafqatsiz baho beruvchi «Demokratiyaga» deb atalgan murojaatini aksar ro‘znomalar qayta bosib chiqarishi bunga yaqqol dalil bo‘la oladi. Mana, o‘sha murojaat: «Lenin, Trotskiy va ularning yo‘ldoshlari hokimiyatning churuk zaqqumi ila zaharlanib bo‘ldilar. Ularning so‘z erkinligi, demokratiya erishgan shaxs huquqlariga bo‘lgan sharmisor munosabati bunga shahodatdir.

So‘qir mutaassib va vasvasaga uchragan jahongashtalar oldi-ketini bilmay, go‘yoki, «sotsial inqilob» tomon yelmoqdalar, aslida esa bu yo‘l — o‘zboshimchalik yo‘li, inqilobning va yo‘qsillarning o‘lim yo‘lidir.

Mazkur yo‘lda Lenin va safdoshlari Peterburg atrofidagi xunrezlik, Moskvani yemirish, so‘z erkinlitini puchga chiqarish, bema’ni hibsga oluvlar singari, o‘z vaqtida Pleve va Stolipin qo‘llagan qabihlik ham jinoyatlarga qodirligini namoyon qildilar… («Turkestanskiye vedomosti», 16 noyabr, 1917 yil).

1917 yil noyabrining boshida Toshkentda ham, bir necha kunlik janglardan so‘ng, hokimiyat ishchi, askar va dehqon Sho‘rolari qo‘liga o‘tadi. Podpalov raisligida tuzilgan yangi Turkiston o‘lka ijroqo‘mi tarkibida birorta yerli xalq vakili bo‘lmaydi. Noyabrning o‘rtasida yig‘ilgan shahar idoralarining qurultoyida musulmon deputatlarning shuni nazarda tutib aytgan so‘zlari diqqatga sazovordir:

«Mirazimov (Toshkent): Men Toshkent voqealari xususida so‘z yuritmayman. Ishchi va askarlar Sho‘rosi o‘z doirasidan yerli xalqning aksariyati— musulmonlarni chiqarib tashladi. Endilikda aqalliy bir guruh hammamizga o‘z shartlarini qo‘ymoqchi. Aslida, aholining tarkibiga mutanosib bo‘lgan markaziy hokimiyat tuzish lozim. Hozirgi hokimiyat esa fuqaroning manfaatlariga zid.

Mahmudov (Ho‘qand): Garchi bolsheviklar mamlakat manfaatini ko‘zlar ekan, nechun ular Ta’sis majlisining chaqirilishiga to‘sqinlik qilishayotir! Biz, musulmonlar, Rus inqilobi bizlarga hurriyat va tinch hayot keltiradur, deb quvongan edik. Firqaviy bahslar ketida, sizlar Vatanni va o‘lkamizni barobar nobud qilayotirsizlar!» («Turkestanskiye vedomosti», 16 noyabr, 1917 yil.)

22 noyabrda o‘z ishini tugatgan askar va dehqonlar Sho‘rosining III qurultoyi o‘lkada yangi hokimiyat — Turkiston o‘lkasining Xalq Komissarlari Sovetini-Turkiston komissari, deb tanilgan bu hukumat tarkibida ham mahalliy xalq vakilari bo‘lmaydi. Shu o‘rinda, mazkur hodisaga javoban, 26 noyabr kuni Ho‘qand shahrida chaqirilgan o‘lka musulmonlarining favqulodda IV qurultoyiga e’tiborimizni qarataylik. «Turkestanskiy vestnik»ning 9 dekabr sonida Qurultoyning soniyanomasida keltirilgan: «26 noyabr soat 12 da tashkiliy hay’at a’zosi Mustafo Cho‘qayev qurultoyni ochiq deb e’lon qiladi. So‘ng shahodat hay’atining a’zosi Norbo‘tabekov qurultoyga yig‘ilganlar tarkibi bilan tanishtiradi. (Farg‘onadan—150 kishi, Sirdaryodan — 22, Samarqanddan —21, Buxorodan — 4, Zakaspiydan — 1 kishi). Bundan tashqari, musulmonlardan tog‘ ishchilari, askarlar, kasaba uyushmasi a’zolarining vakillari ishtirok etmakdalar. So‘zni Chanishev olib, mazkur yig‘in mavqei haqida gap yuritadi. «Qurultoymi, yo kengashmi?», deb so‘raydi u. Vaholanki, qurultoyda Yettisuv vakillari yo‘qdur. Ubaydulla Xo‘jayev qurultoy mavqei beriluvining tarafdori ekanligini bildiradi. M. Behbudiy uni quvvatlab, o‘lkaning Ovrupa aholisi ham qurultoyda qatnashayoturg‘onini uqtiradi. U rayosat hay’atini ovrupaviy vakillarni ko‘zda tutg‘on holda tuzuvni taklif etadi. Mahmudov (Ho‘qand) qurultoy rayosatini saylash taklifini kiritadi. Cho‘qayev qurultoy yoxud qangash masalasini ovozga qo‘yadi. Qurultoy deb biluv qabul qilinadi. So‘ng rayosat hay’atiga 13 nafar quyidagi zotlar saylanadi: M. Cho‘qayev, U. Xo‘jayev, Yurg‘uliog‘ayev, Gertsfeld, O. Mahmudov va boshqalar. Mustafo Cho‘qayev rayosat hay’atiga taniqli musulmon arbobi Cho‘qayev rayosat hay’atiga taniqli musulmon arbobi Behbudiyni kiritishni taklif qiladi. Yig‘ilganlar ushbu taklifni olqishlar bilan qarshilaydi.

M. Cho‘qayev Rusiya va Turkistonning siyosiy ham iqtisodiy ahvoli xususida qisqacha ma’lumot beradi. Markazda yuz berayoturg‘on voqealar, chekka o‘lkalar o‘zlarini va shu bilan birga, Buyuk milliy inqilobni qutqaruv yo‘llarini mustaqil muhokama etuvini taqozo qiluv. Uktabr xunrezligini boshidan kechirg‘on Rusiya va Turkiston o‘z taqdirlari haqida mulohaza yuritmaklari lozim. Endigi og‘ir ahvol ozuq-ovqat tangligi tufayli yanada mushkullashib, ocharchilikka o‘tay deb turayotir. Bu chigallikdan chiquv yo‘llari bormi? Notiq o‘lkada hukm surayoturg‘on Sho‘rolar hukumatining yo‘li begunoh qurbonlarning qonig‘a bulangan, deb ta’kidlaydi. Chunki, mazkur hokimiyat xunrezlikning oldini ola biladigan musulmonlarsiz o‘rnatilgan. Hamkorlik haqidagi takliflarimiz isyondan so‘ng ham ular tomonidan rad etildi.

Binobarin, Turkiston nonsiz va asl xalqchil hokimiyatsiz qoldi. Bunda musulmonlar huquqini komissarlar mutlaq inkor etmakdalar. Notiq Janubiy — Sharqiy Ittifoqning (Mazkur ittifoq 1917 yil 20 oktyabr bitimiga binoan, kazak askarlari, Kavkazning tog‘li xalqlari va cho‘llarning erkin millatlaridan tashkil topib, Rusiyani xalqchil, federativ jumhuriyatga aylantirmak maqsadida tuziladi («Svobodnыy Samarkand», 6 dekabr 1917 yil) Turkiston ushbu ittifoqqa qotishuvi haqidagi taklifini o‘qib eshittiradi. So‘ng o‘lka xalqiga murojaatini keltirib, O‘rinburq Turkistonning paxtasiga ayirbosh non beruvini e’tirof etadi. Ittifoq bitimi bilan qurultoy qatnashchilarini tanishtiradi. M. Behbudiy komissiyada siyosiy va iqtisodiy nuqtai nazardan muhokama qilinuv darkorligini ta’kidlab, 12 kishi 2 kundan so‘ng o‘z xulosalarini qurultoy e’tiboriga chiqaruvlarini taklif qiladi. Gertsfeld: Masala ravshan. Zudlik bilan hal etmak lozim. Cho‘qayev munozarasiz komissiyaga uzatuvni ovozga qo‘yadi». («Turkestanskiy vestnik» 9 dekabr 1917 yil).

Soniyanomani shu yerda to‘xtataylik-da, 1917 yil 27 noyabr kuni kech soat 18 da qurultoy qabul qilgan asosiy hujjatni keltiraylik:

«Turkiston musulmonlarining IV favqulodda qurultoyi.

Turkiston o‘lkasida bo‘lg‘on xalqlarning xohishlari bo‘yicha, Buyuk Rusiya inqilobi tarafidan berilgan asoslarga binoan, federatsiya asosiga bino qiling‘on Rusiya jumhuriyati ila birlikda qolgan holda, Turkistonni yerlik muxtoriyatli (ya’ni territorialni avtonomiyalik) e’lon qiladur.

Muxtoriyatning tez sur’atda vujudga quyilushi yaqin orada ochiladurg‘on Umum Turkiston xalqining Uchr. Sobraniyesina (Majlisi Muassaniga) topshiradur. Shuning ila barobar Turkiston o‘lkasida aqalliyat tashkil qilg‘on millatlarning huquqlarining har jihatda saqlanajagini ham tantanali suratda bildiradir» («Hurriyat», 5 dekabr, 1917 yil).

27 noyabr kuni qurultoy Janubiy — Sharqiy Ittifoq ila qotishuv haqida qaror qabul qiladi. 28 noyabrda esa Turkiston millat majlisi ochilishi to‘g‘risidagi qaror tasdiqlanadi. Turkiston millat majlisi 54 nafar a’zodan iborat bo‘lib, qurultoy qaroriga binoan, «36 nafari musulmonlar va 18 nafari g‘ayrimusulmonlardan saylanadur. 36 musulmon vakillari Turkistonning 5 viloyatidan bo‘lib: Farg‘ona — 10 nafar, Samarqand — 5 nafar, Sirdaryo — 9 nafar, Yettisuv — 6 nafar, Zakaspiy — 2 nafar, 4 nafar esa butun Turkiston shahar dumalari tarafidan tayin bo‘lurlar». 18 o‘rin o‘lkaning ovrupaviy tashkilot va firqalari, jumladan, temiryo‘lchilar ittifoqi, jumladan, ishchi, askar va dehqonlar Sho‘rosi, sotsial-demokratlar, dashnaktsutyun, yerli yahudiylar va boshqalarga berilishi ko‘zda tutilgan.

O‘sha davr ro‘znomalarida Turkiston tarixida ilk bor tashkil topgan xalqchil hokimiyat — millat majlisiga a’zolikka saylangan zotlarning ism-shariflari saqlanib qolgan. Biz bu ro‘yxatni keltirmoqqa burchlimiz. Farg‘ona viloyatidan: I. Shoahmedov, 0. Qo‘shbegiyev, Kamolxonto‘ra, H. Yurg‘uliog‘ayev, O. Mahmudov, Ashurxo‘ja, D. Qorabekov, A. Urazayev, M. Mirzaahmedov. Sirdaryodan: M. Cho‘qayev, S. Lapin, S. Boysaidov, T. Norbo‘tabekov, S. Mirjalilov, I. Gubaydullin, S. Sharifxo‘jayev, K. Hojinov. Samarqanddan: A. Abdusalimov, S. Gertsfeld, A. Derbisolin, M Oqchurin, Mansurov. Yettisuvdan: M. Tishinboyev, I. Davletshin. Kaspiybo‘yidan: L. Shirinskiy, G. Musaboyev, O. Shokirxonto‘rayev, K. Shamonberdiyev, A. Umarov, S. Yusupov. Shahar dumalaridan: M. Behbudiy va boshqalar.

Muvaqqat millat majlisi 12 a’zodan iborat Turkiston Muvaqqat hukumatini tayinlaydi:

Rais-nozir va ichki ishlar noziri — Muhammadjon Tinishboyev (2 Davlat Dumasining a’zosi, Turkiston temiryo‘l injenerlari qo‘mitasining a’zosi).

Rais muovini — Islom Sulton Shoahmedov (prisyajniy poverenniy, Umumrusiya musulmon kengashining a’zosi).

Tashqi ishlar vaziri — Mustafo Cho‘qayev (advokat), Muvaqqat hukumatning Turkiston qo‘mitasi a’zosi, o‘lka musulmon kengashining raisi).

Xalq militsiyasi va xavfsizlik vaziri — Ubaydulla Xo‘jayev (advokat, Umumrusiya musulmon kengashi MKning a’zosi)..

Er va suv ishlari vaziri — Hidoyatbek Yurg‘uli-og‘ayev (agronom, olim).

Oziq-ovqat ishlari vaziri — Obidjon Mahmudov (Ho‘qand shahar dumasining rais muovini).

Ichki ishlar vazirining muovini—Abdurahmonbek Urazayev (prsyajnыy poverennny yordamchisi).

Moliya vaziri — Solomon Gertsfeld (prisyajnыy poverennыy) va boshqalar.

(«Turkestanskiy vestnik», 5 dekabr 1917 yil).

29 noyabr kuni qurultoy Muvaqqat millat majlisi va Muvaqqat hukumat a’zolarining daxlsizligi va muhofazasi haqida qaror qabul qiladi. Unda, jumladan: «Bulardan har biriga qarshi zo‘ravonlik — butun 10 millionlik Turkiston xalqiga qarshi taxqir, deb bilinadir», deyilgan. So‘ng qurultoy bolsheviklar tomonidan uyushtirilgan Toshkent voqealari (hibsga oluvlar, tintuvlar va boshqalar)ii qoralab, zudlik bilan mahbuslarga ozodlik berishni talab qildi.

Qurultoy so‘nggida qatnashchilar butun Turkiston fuqarosi bo‘lmish musulmon, rus, yahudiy, ishchi, askar, dehqon, barcha urug‘u elat, tashkilotu muassasa, harakatu firqalarga murojaat etib, yakdillik va hamjihatlikka da’vat etdilar. «Zanjirlardan bo‘shalg‘on Turkiston o‘z yerining hokimi va o‘z tarixining yaratuvchisiga aylanaturg‘on payt keldi!», deb xitob etadi qurultoy («Svobodnыy Samarkand», 6 dekabr, 1917 yil).

Mislsiz sevinch va ko‘tarinkilik ruhi o‘lkani qamraydi. 30 noyabr soat uchda Ho‘qand shahrida musulmonlarning ulug‘ namoyishi boshlandi. Unda inqilob saqlanajagi haqida qasam ichiladi. Toshkent shahrining Jome’ masjidida ko‘pming kishilik namoyish bo‘lib o‘tdi. «Notiqlar hayajon va ko‘zlarida yosh ila mazlum hayot bitib, yangi, hurriyatga to‘la hayot boshlanishi haqida so‘zlaydilar» («Turkestanskiy vestnik» 8 dekabr, 1917 yil).

Turkiston muxtoriyatini Bund, Gurjilar jamiyati, Savdo-sanoat uyushmasi, yahudiylarning Toshkent jamiyati, Savdo-sanoat uyushmasi, yahudiylarning Toshkent jamiyati va boshqalar qizg‘in qutlaydilar. Rus ro‘znomalari ham qurultoy qarorlarini samimiy baholab, vaziyatni haqqoniy tahlil qilishadi. Mana, S. Nikiforovning «Svobodnыy Samarkand»ning 7 dekabr sonida e’lon qilingan maqolasidan bir parcha: «Davrimiz uchun muhim bo‘lgan qurultoy qarorlari ushbu milliy chekka o‘lkaning hayotida yangi sahifa ochilishini anglatadir. Biz — o‘lka istilochilari, faqat istilochilik huquqiga binoan yagona madaniyat targ‘ibotchilari ekanligimiz, xalq ommalari esa — mag‘lublar sifatida, biz g‘oliblar uchun tajribadan o‘zga narsa emas ekanligi haqidagi shovinistik va tom ma’noda g‘ayritaraqqiy mulohazani uloqtirib tashlashimiz vaqti keldi!».

Davr taqozosiga ko‘ra, ayni shu kunlarda ro‘znomalar Xalq Komissarlari Kengashining «Rusiya va sharqning barcha mehnatkash musulmonlariga» Xitobnomasini chop etadilar. Xitobnomaning ayrim lavhalari quyidagicha:

«… Bundan buyon sizlarning urf-odatlaringiz, sizlarning milliy va madaniy muassasalaringiz ozod va dahlsiz deb e’lon qilinadi. O‘z milliy hayotlaringizni erkin va bemalol uyushtiraberingiz. Sizlarning bunga haqingiz bor.

… Sizlar o‘zlaringiz o‘z vataningizning hokimlari bo‘lishingiz lozim. O‘z rasm-rusumingizga binoan hayotingizni uyushtirishingiz lozim. Sizning bunga haqingiz bor, chunki sizlarning taqdiringiz — o‘zingizning qo‘llaringizda…

Milliy ishlar bo‘yicha xalq komissari

I. Jugashvili Stalin.

SNK raisi

V. Ulyanov Lenin».

(«Turkestanskiye vedomosti», 1917 yil 1 dekabr).

Biroq xuddi shu kezlarda Toshkentda, Komissarlar raisi F. Kolesov buyrug‘iga binoan, shahar Dumasi tarqatib yuboriladi, tintuv va talon-torojlar boshlanadi («Turkestanskiy vestnik», 6, 8 dekabr 1917 yil). 6 dekabr kuni Toshkentda bo‘lgan ko‘pming kishilik yig‘ilishda Turkiston muxtoriyatining Muvaqqat hukumatni qo‘llash haqida qaror hamda tubandagi arznoma qabul qilinadi: «Komissar Kolesovning shahar Dumasining tarqatuv haqida buyrug‘ini tinglab, yig‘ilish bir ovozdan mazkur g‘ayriqonuniy buyruqqa qarshi qizg‘in e’tiroz bildiradur. Modomiki, shahar Dumasi umumiy, teng, bevosita va maxfiy ovoz berish yo‘li bilan saylang‘on bo‘lub, Toshkent shahrinda yakkayu-yagona xalqchil, demokratik tashkilot hamda 300 mingli shahar nufusining xohish-irodasini asl ifoda eta biluvchi; muassasadur. Duma a’zolariga o‘z ishlarini davom etib, ularni saylagan xalq himoyasi va muhofazasi ostiga o‘zlarini topshiruv belgilanadur». («Turkestanskiy vestnik» 8 dekabr 1917 yil).

Toshkent shahar Dumasining so‘nggi yig‘ilishida musulmon deputati Ibn Yamin Yonboyev shunday deydi: «Hozirgi hokimiyat (F. Kolesov va boshqalar) tan olingan demokratiyaligi dargumon. Ushbu hokimiyat musulmonlar nomidan gapirishi esa — qip-qizil yolg‘on… Mazkur hokimiyatning asl kuchi — to‘p va pulemyotlardir, lekin biz, musulmonlar bu kuchdan qo‘rqmaymiz. Bizda o‘zga kuch mavjudkim — ul kuch ruhimizdir, Tarix ushbu soxta Hokimiyatning amalini qoralaydigan vaqt albatta kelajak! (Olqishlar!) («Turkestanskiy vestnik» 9 dekabr, 1917 yil).

Ehtimol, Ibn Yamin Yonboyev bu so‘zlarni aytayotib, sizu biz yashashga muyassar bo‘lgan hozirgi dorilomon kunlarni oldindan ko‘ra bilgandir. Ehtimol, xuddi shu bois haqiqat bir kunmas-bir baribir yuzaga chiqishini bashorat qilgandir. Lekin bu kunlarga yetishish biz uchun oson bo‘lmadi. O‘tgan yetmish yildan ortiqroq vaqt ichida biz nihoyatda mashaqqatli yo‘lni bosib o‘tdik. Qatag‘onlar va noto‘g‘ri mafkuraviy siyosat tufayli o‘zimizni, o‘zligimizni unutdik. Tariximiz va madaniyatimizni soxtalashtirdik. Qanchadan-qancha insonlarni badnom etib, qurbon berdik. Bunday xatolarga kollektivlashtirish davrida ham, «bosmachilik yillari» deb atalmish zamonda ham, qatag‘onlar davrida v undan keyin ham bot-bot yo‘l qo‘ydik. Oxir-oqibat, o‘lkamiz tarixi, millatimiz o‘tmishi chigal muammolar bilan to‘lib-toshdi. Turgan gapki, o‘lkamiz tarixining A. I. Soljenitsin ta’biri bilan aytganda, asosiy «tugun»laridan biri aynan 1917 yil voqealariga borib bog‘lanadi. Afsuski, biz haligacha ushbu tugunni yechishning uddasidan chiqa olganimiz yo‘q. Lekin, ishonchimiz komilki, hali vaqti-soati kelib, Turkiston muxtoriyatining muxtasar faoliyati hamda tariximizda dastlabki xalqchil, koalitsion hokimiyatning yemirilishi xususida jiddiy tadqiqotlar olib boriladi, bu xususda maqolalar yoziladi, asarlar yaratiladi. Ehtimolki, vaqti kelib, bu hokimiyat e’lon qilingan kun o‘lkamiz tarixiga mo‘tabar sana sifatida kiritilar va uni tantanali nishonlaydigan bo‘larmiz. Ana shunda Hamzaning boyagi she’ri ham g‘aliz, mujmal va uyatchan izohlar pardasiga burkanmaydi, aksincha, qadim o‘lkaning navqiron shoiri bitgan madhiya sifatida baralla yangraydi.

Chorizm zulmini ag‘dargan Rusiyaning buyuk Fevral inqilobini Stalin — Brejnev totalitarizmini qulatish niyati bilan boshlangan qayta qurishga qiyoslash mumkin. Chunki xalqchilikka intilish, umumbashariy qadrdiyatlarning tor sinfiy qadriyatlar oldidagi ustunligini tiklash, milliy uyg‘onish, firqa va harakatlarning gurkirab o‘sishi, tom ma’noda haqqoniy saylovlarga o‘tish — bularning bari ikkala davrga xos.

Maqolamizni Sharq rivoyatlaridan boshlagan edik. Endi G‘arbga boqib, K. Marksning mashhur mulohazasini keltiraylik: «Gegel qayerdadir ta’kidlaydiki, barcha buyuk umumjahon — tarixiy voqealar va shaxslar, deylik, ikki karra namoyon bo‘lurlar. U: Birinchi bor fojia sifatida, ikkinchi bor masxarabozlik suratida, deb qo‘shishni unutibdi». (Q. Marks… «Lui Bonapartning o‘n sakkizinchi bryumeri», 3-bet). Shunday ekan, ishonch va umidimiz borki, biz yashayotgan hayot fojialar va masxarabozliklardan qutulib, Haqiqat, Hurriyat, Halqchillik tom ma’noda barqaror bo‘lajak!

«Fitna san’ati» (1-kitob, «Fan» nashriyoti, Toshkent, 1993) kitobidan olindi.