Emin Usmon. Qirolning libosi bormi? (1989)

Yozuvchi Olim Otaxonga ochiq xat

Olimboy! Kecha mendan e’tiqod haqida so‘rab qoldingiz. Imon-e’tiqodli odam qanday bo‘lishi kerakligi haqida tasavvurimiz xiralashib qolgan ekan shekilli, dabdurustdan biron narsa deyishga ikkilandim. Siz ham shunday ahvolda yurganingiz uchun o‘zingizni qiynayotgan muammoni men bilan o‘rtoqlashmoqchi bo‘lgansiz. Dunyoning ishlari shu qadar chigallashib ketganki, uni faqat bahamjihatlik bilan hal etish mumkin. Yolg‘iz otning changi chiqmas, deb bejiz aytishmagan-ku. Sababi, ko‘pchilik faqat o‘z tashvishlari bilan o‘ralashib, jamiyatning ahvoli haqida o‘ylamay qo‘ygan, birovning qayg‘usini his etmaydigan bo‘lib qolgan. Na xudodan, na bandadan qo‘rqmaydigan shaxslar ko‘pchilikka bosh bo‘lib olganiga, ta’lim-tarbiya beradigan, ma’rifatga chorlaydiganlarning vijdoni toza emasligiga ko‘nikdik. Befarqlik qonimizga singib ketdi. Qayerdaki befarqlik hukmron ekan, u yerda adolat tantana qilishi, odamlar bir-biriga mehr-oqibat ko‘rsatishi, yuksak g‘oyalar uchur jonini fido etishi haqida gap bo‘lishi mumkin emas.

Sharq mutafakkirlaridan birining: «Hubbul vatani minal imon», ya’ni vatanni sevish imonning nishonasidir, degan gapi bor. Chindan ham vatanni sevish uchun imonli, vijdonli odam bo‘lish kerak. Vatan-ku bir parcha zamin, shu tuproqda yashayotgan odamlarni sevish, ularga yaxshilik qilish uchun qanday sifatlarga ega bo‘lish kerak?

E’tiqodli odam bo‘lish uchun faqatgina Vatanni yoki xalqni sevish kifoya qilmaydi. Barcha insoniy fazilatlar e’tiqodning ma’lum qirralari xolos. Kimki o‘zini tanisa, robbini taniydi, degan hikmat bor. Odam o‘zini tanimaguncha na vatanini, na xalqini sevadi. Buning uchun inson ilm-ma’rifatli bo‘lishi kerak. Ma’rifatli odam insoniyatga taalluqli hamma narsadan bahra oladi, dinga ham, tarixga ham, urf-odatlarga ham hurmat bilan qaraydi. Afsuski, bizda shu paytgacha buning aksicha bo‘lib keldi. Haligacha tariximizni, ulug‘ allomalar hayotini, adabiyotimizni bir yoqlama, o‘zimizning tor qolipimizga solib o‘rganyapmiz. Bu haligacha biz o‘zimizni tanimaganimizni ko‘rsatadi. Vaholanki, «Ogonyok» jurnali sahifalarida insoniyat tarixidagi hech qanday hodisani, shu jumladan dinni ham chetlab o‘tmaslik kerakligi haqida fikrlar aytilyapti. «Injil» shunday tarixiy obidaki, bu kitobsiz faqat o‘tmishdagi tarixni emas, balki insoniyat taraqqiyoti bosqichlarini ham bilish mahol», — deb yozadi Dnepropetrovsk dorilfununining ilmiy kommunizm kafedrasi dotsenti S. I. Juk. Biz esa Qur’onning ahamiyatini o‘rganish tugul bu kitobda nima yozilganiga qiziqishdan ham cho‘chiymiz. Bu qo‘rquv qachon paydo bo‘ldi? Nega odam odamdan qo‘rqishi kerak? Din shunday ta’lim beradimi? Axir «Insonlarning hammasi xuddi taroqning tishidek teng qilib yaratilgan», degan dono fikr bor-ku. Hamma teng ekan, nega bir xalqning vakili aytgan fikrni ikkinchi xalqning vakili o‘rtaga tashlolmaydi? Nima monelik qiladi bunga? Qo‘rquv!

Qo‘rquv — imoni zaif, e’tiqodsiz odamga xos xususiyat.

Tarixdan ma’lumki, Mahmud Qoshg‘ariy, Yusuf Xos Hojib, Beruniy, Ibn Sino, Al-Xorazmiy, Navoiy singari daholar imonli, e’tiqodli bo‘lgani uchun o‘lmas asarlar yaratishgan. Afsuski, biz ularga munosib voris bo‘lolmayapmiz. Bunga juda ko‘p narsalar qatori e’tiqodimizning sustligi monelik qilyapti. Oqibatda, shaxsimiz ham, adabiyotimiz ham o‘rtamiyona saviyadan nariga o‘tgani yo‘q.

To‘g‘ri, Sovet Ittifoqida 1923 yildan to elliginchi yillarning o‘rtalarigacha misli ko‘rilmagan xunrezliklar yuz berdi. Vatan uchun, yangi g‘oya uchun jonini fido qilgan kishilar ta’qib ostiga olindi, qamaldi, surgun qilindi, otildi. Urushda tasodifan yoki majburan asirga tushganlarning hammasi ajal lagerlariga jo‘natildi. Shu o‘rinda Sharq mutafakkirlaridan Jomiy Tirmiziy keltirgan hikmatni eslatib o‘tish o‘rinli: «Odamlar ko‘ra bila turib zolimga ixtiyor bersa, uning qo‘lini qisqartirish chorasini ko‘rmasa, ularning hammasi barobar azobda qoladi».

To‘g‘ri, tarix haqida chetdan turib hukm chiqarish oson. Agar o‘ttizinchi yillarda yashaganimizda ehtimol biz ham bu voqealardan chetda qolmagan bo‘lardik. Lekin, baribir, vaqtli matbuot sahifalarini varaqlay turib, hayratdan yoqa ushlayman. Biz xudoni rad etib, diniy e’tiqodlarni toptab, o‘zimiz botil xudo yaratdik, unga sajda qildik. M. Isakovskiy, M. Rilskiy, A. Surkov, H. Olimjon, G‘. G‘ulom singari ulkan shoirlar ham Stalinni madh etib, shunday asarlar yaratishganki, hali xudo ham bunchalar ta’rif-tavsif etilmagan. Gapimning isboti o‘chun mashhur bastakor Isaak Dunayevskiyning 1949 yilda nashr etilgan kitobida chiqqan xatidan bir parcha keltiraman: «Stalin faqat bizning davrimizning buyuk odami emas, insoniyat tarixida biz ulug‘vorlik va buyuklikning, ma’lum va mashhurlikning, hurmat va ehtiromning bunchalik zo‘r ifodasini ko‘rmaganmiz. Biz u bilan zamondosh, ish faoliyatida loaqal kichkinagina xizmatchi bo‘lganimizdan faxrlanishimiz kerak. Afsuski, biz (ayniqsa yoshlar) Stalindek odam biz bilan bir havodan nafas olayotganini, bitta osmon ostidagi zaminda birga yashayotganimizni unutib qo‘yyapmiz».

Bu odamni xudoga aylantirish emasmi? Vaholanki, oradan ko‘p o‘tmay Stalin mukofoti bilan taqdirlangan buyuk bastakor o‘z joniga qasd qildi. Kavkaz tarixini yozgan olim Guseynov «Bashar quyoshi» in’om etgan mukofot bilan taqdirlanganidan keyin bog‘idagi daraxtga o‘zini osdi. Fadeevdek iste’dodli yozuvchi o‘zini otdi. O‘zimizda-chi? Cho‘lpon, Fitrat, Elbekning nomiga qora chaplaganlar, Abdulla Qodiriyni, Usmon Nosirni o‘limga hukm etganlar, Maqsud Shayxzodaga o‘la-o‘lguncha azob berganlar, Hamid Sulaymonning o‘n besh yillik umrini surgunda o‘tkazganlar hali ham oramizda yuribdi. Ular vijdon azobiga chidolmay o‘z joniga qasd qilishdimi, hech bo‘lmasa hamma aybni davrga ag‘darib uzr aytishdimi? Yo‘q. Ular eng katta mukofotlar bilan taqdirlanib, faxrli unvonlar olib, davralarning to‘rini egallab, minbarlarda chiroyli nutqlar so‘zlab yurishibdi. Ular kechalari xotirjam yotib uxlashadi. Sizga o‘xshab e’tiqod susayib ketayotgani haqida qayg‘urib, iztirob chekishayotgani yo‘q.

Olimboy! Lenin asos solgan jamiyat dohiyning vafotidan keyin kimlarga qolganini, sotsializm xaqida qanday chalkash fikrlar uyg‘otishganini biz endi ro‘y-rost ko‘rib turibmiz. Lenin dindorlarga chuqur hurmat bilan qaragani holda kommunistlar ham o‘z e’tiqodiga sodiq, har tomonlama pokiza odam bo‘lishi kerak, deb ta’lim bergan edi. Afsuski, Lenindan keyin davlat tepasiga chiqqan odamlarning faoliyatiga nazar tashlasak, etimiz seskanadi. Stalin ashaddiy xunxo‘r, kallakesar bo‘lib chiqdi, Jdanov, Molotov, Beriya, Yejov, Voroshilov, Mikoyan shafqatsizlikda undan qolishmasligi repressiyadan tasodifan omon qolgan davlat arboblarining, yozuvchilarning xotiralarida bayon etilyapti.

Stalindan keyin davlat tepasiga kelgan Xrushchev mamlakatni butunlay parokandalikka soldi, qishloq xo‘jaligi, ayniqsa, chorvachilikni izdan chiqardi, odamlarni bir burda qora nonga zor qilib qo‘ydi.

Brejnevning ko‘rsatgan karomatlarini gapirishga til bormaydi. O‘zi ta’magir, shuhratparast bo‘lgani yetmagandek, kuyovining poraxo‘rligini, qizining davlat miqyosida tillafurushlik qilganini aytmaysizmi? Turg‘unlik deb nom olgan yillarda biz «Dohiy»ni baqraytirib qo‘yib, sizning g‘oyalaringizdan ruhlanib fazoga uchyapmiz, yangi yer ochyapmiz, kitoblar yozyapmiz, deb yaltoqlik qildik. Bunday kimsalarni yer yutgani yo‘q, hali ham ularning oshig‘i olchi. Oshkoralik niqobi ostida endi qayta qurishga kirishib, mehnatkashlarning dunyoqarashini o‘zgartirish bilan shug‘ullanib yurishibdi. Shunday kimsalarni ko‘rib, Marksning «Xudo odamni emas, odam xudoni yaratgan» degan fikriga ishonging keladi. Sababi, biz ko‘p xudolarni, respublikalarda esa xudochalarni yaratdik, hokimiyat tepasida turganda ularga sig‘indik, amaldan olinishi yoki o‘lishi bilan kirdikorlarini fosh etib, ustidan mag‘zava to‘kdik.

Sovet Ittifoqi yer yuzidagi xudoni rad etgan birinchi davlat. Lekin, xudoni inkor qilgan holda unga shunchalik ehtiyoj sezarkanmizki, ilohsiz kunimiz o‘tmas ekan (Ehtimol, odamning tabiati kimgadir sig‘inishga, kimdandir madad olishga moslab yaratilgandir). Oqibatda, o‘zimizga o‘xshagan odamlarni xuddi yunonlar makedoniyalik Aleksandrni xudolar qatoriga qo‘shgandek ma’budaga aylantirdik. Alaloqibat, makedoniyalik Aleksandr «Bevaqt o‘lim topayotganda ajablanib: «Men xudo bo‘lsam, nega o‘lyapman», deb ko‘nglidan kechirgan. Xuddi shunga o‘xshab Stalin o‘lganda unga sig‘inib, unga suyanib o‘rganib qolgan odamlar: «Yo‘q, bunday zot o‘lishi mumkin emas, axir u bizni urushdan olib chiqdi, uningsiz fashizmdan qutulolmasdik», — deya xitob qilishgan. Aslida mana shu omi, soddadil odamlar o‘zlarini ham, butun mamlakatni ham balo-qazolardan asrab qolishgan, to‘kilgan qonlar, bergan qurbonlar evaziga urush ofatini daf etishgan.

O‘zbekistonda to elliginchi yillargacha nimalar yuz berganini bir eslang: hamma imonli, e’tiqodli odamlar beso‘roq otildi, arab imlosini bilgan, bu yozuvda kitob o‘qigan kishilar yo‘qotildi, milliy urf-odatlar oyoqosti qilindi, milliy g‘urur toptaldi, hatto oltmishinchi yillarda to‘yda karnay-surnay chalish eskilik sarqiti sifatida taqiqlandi, yetmishinchi yillarda bolalarni xatna qildirgani uchun partiyaviy jazo berildi. Saksoninchi yillarning o‘rtalarida o‘lgan otasiga janoza o‘qitgani yoki mozorga borib ko‘z yoshi to‘kkan odam sharmandalarcha ishdan olindi. Bu kaltabinliklarni xalq emas, respublika rahbarlari o‘ylab topishdi. Ular xuddi o‘ttizinchi yillardagidek, odamlarni bahor bayramini nishondashdan mahrum qilishdi. Bunga e’tiroz bildirgan yozuvchilarni siyosiy ko‘rlikda ayblashdi. O‘sha kunlarda Asqad Muxtordek hurmatli yozuvchimiz nojo‘ya harakatlarga e’tiroz bildirib, o‘z safdoshlarini himoya qilsa bo‘lmasmidi? Abdulla Oripovdek taniqli va talantli shoir jasoratli qalamkashlarni yoqlab emas, nufuzli rahbarlarga xush keladigan she’rlar yozdi. Bugun u dohiychalar yo‘q. Aniqrog‘i, ular qamoqda. Endi bir-birimizning yuzimizga qanday qaraymiz. Men davlat jinoyatchisi deb e’tirof etilgan Sharof Rashidov haqida asar yozgan Mirmuhsin, uni asarlariga prototip qilib olgan va saxovatlaridan bahramand bo‘lgan Hamid G‘ulom, «Kashmir qo‘shig‘i»ga so‘zboshi yozish baxtiga musharraf bo‘lganidan boshi ko‘kka yetgan Turob To‘la va boshqa o‘nlab qalam sohiblari bugun tavba-tazarru qilmayotganiga, xalqqa emas, rahbarlarga yoqish uchun intilib yashashning fojialarini ochib, yoshlarni hushyorlikka undamayotganiga zarracha ajablanmayman. Har kimdan yarasha narsa talab qilish kerak. To‘g‘ri emasmi?

Rus yozuvchilari o‘ttizinchi yillarda qoralangan qalamkashlarni oqlash, chet elga ketib qolganlarning asarlarini chiqarib, elga tanitish g‘amini yeyayotgan bir paytda o‘zbek adiblari nimalar qilib yurishganini ko‘rmayapsizmi? Oramizda haligacha Cho‘lponu Fitratlarni oqlashga mone’lik qiladiganlar, hatto besh asr muqaddam yashab ijod etgan Boburdek buyuk allomaga o‘zining gazi bilan baho berib, qoralaydiganlar bor. Siz esa mendan e’tiqod haqida so‘rayapsiz. E’tiqodni qo‘ying, oramizda vijdoni toza odam topiladimi, deb so‘rang. Ehtimol bu savolingizga javob berish osonroqdir.

Olimboy! Negadir bizda yulg‘ich, vijdonsiz degan iboralar faqat savdo xodimlariga nisbatan ishlatiladi. Ularning yulg‘ichligi isbottalab gap emas. Lekin savdo xodimlari orasida mard, muhtoj qo‘shnisiga yordam qo‘lini cho‘zadigan, mahallaning yumushi uchun jon-tani bilan xizmat qiladiganlari ham bor-ku. Afsuski ziyolilarning, hattoki yozuvchilarning orasida birovga astoydil joni achib yordam beradigan mardni uchratganim yo‘q. Oybek domla yoshlarga beg‘araz yordam berganini ko‘p eshitganmiz, M. Prishvin qartaygan chog‘ida nashriyot direktoriga qo‘ng‘iroq qilib, ikki jildlik tanlanma asarlar o‘rniga to‘rtta yosh yozuvchining kitobini chiqarishni o‘tinganini, Tvardovskiy V. Tendryakovning, F. Abramov Ch. Aytmatovning asarlarini yurak yutib chiqarganini, ko‘pgina boshlovchi qalamkashlarga ham moddiy, ham ma’naviy yordam berganini bilamiz. Biroq, bugungi tirik yozuvchilarimizning qaysi biri bu zoti muboraklarga o‘xshaydi? Nahotki olijanoblik, insonparvarlik udumdan chiqib ketgan bo‘lsa? Vaholanki, sharq mutafakkirlari: «O‘zingga ravo ko‘rgan narsani boshqalarga ham ravo ko‘r», — deb ta’lim beradi. Nega biz unga amal qilolmayapmiz? Nega hamma faqat o‘z manfaatiyu, o‘z huzur-halovatini o‘ylaydi? Axir, insonning harakatiga yarasha barakat berilishini, baxilning bog‘i ko‘karmasligini hamma yaxshi biladi-ku. Nega bilaturib… Qo‘ying, behuda savollar bilan boshingizni qotirmay, buning sababi ayon — imon, e’tiqod yo‘qolgan.

Siz argentinalik yozuvchi Xulio Kortasarning «Izma-iz» hikoyasi haqida to‘lqinlanib gapirganingiz hech esimdan chiqmaydi. Hikoya qahramoni o‘tmishda yashagan klassik shoir haqida juda ajoyib asar yozadi. Uning asari shov-shuvlarga sabab bo‘ladi. Uni yuksak lavozimga, mukofotlarga tavsiya etishmoqchi bo‘lgan paytda asar qahramoni o‘zi ko‘klarga ko‘targan klassik shoirning aslida o‘ta razil, manfur kimsaligini aniqlaydi. O‘z qo‘li bilan ma’shuqasiga yozilgan to‘rtinchi xatini topadi-yu, barcha imtiyozlardan voz kechib, klassik shoirning murtadligini fosh etishga kirishadi.

Bu hikoyani eslaganimning sababi, bizning hayotimizda ham shunga o‘xshash hodisalar to‘lib-toshib yotibdi. Kechagina beqiyos zakovot egasi, tengi yo‘q tashkilotchi deya ko‘klarga ko‘targan kishilarimiz bugun davlat jinoyatchisi bo‘lib chiqyapti. Lekin haligacha biron yozuvchimiz Kortasarning qahramonidek o‘z ruhiyatini ham, yon-veridagi odamlarning tasavvurini ham ag‘dar-to‘ntar qilib o‘ziga qarshi, ayni vaqtda shu paytgacha yuritilgan noto‘g‘ri siyosatga qarshi bosh ko‘targani yo‘q. Yo‘q, men unday qalamkashlarga tiz cho‘kib xato qilgani uchun ko‘z yoshi to‘ksin demoqchi emasman. Aksincha, o‘sha yozuvchilar o‘zlarining achchiq qismatlari, yo‘l qo‘ygan xatolari, ta’magirliklari tufayli yuztuban ketganlari misolida yoshlarni hushyorlikka chaqirishlari lozim deb hisoblayman. Bundan faqatgina adabiyotimiz emas, balki kelgusi avlod ham manfaat ko‘radi, adolat tiklanadi. Vijdonimiz poklanmasa-da, loaqal gardi ketadi. Shuning o‘zi halollik, poklanish sari qo‘yilgan qadam-ku. Bugungi oshkoralik, Butunittifoq XIX partiya konferentsiyasi belgilab bergan yo‘l shuni taqozo etadi. «Oshkoralik, tanqid va o‘z-o‘zini tanqid pirovardida xalq manfaatiga xizmat qiladi, jamiyat siyosiy tarkibini ro‘y-rost aks ettiribgina qolmay, uning kuch-qudratini, hayotiyligini, ma’naviy sog‘lomligini namoyish etadi», deyiladi bu anjumanda qabul qilingan hujjatda.

Kuni kecha siz taniqli bir olimning televideniyedagi munofiqona chiqishi haqida kuyunib gapirdingiz. E’tibor bergan bo‘lsangiz gapingizga hech qanday munosabat bildirmadim. Kuyunishingizni yoshlikka, qiziqqonlikka yo‘ydim. Olimboy, kimlargadir yaxshi ko‘rinib, tuzukroq amalga ko‘tarilishdan boshqa qayg‘usi yo‘q bu odamdan nima kutish mumkin? Aslida fan doktori, akademik unvoniga sazovor odam xalq manfaati uchun katta ishlar qilishi kerak. Akademik Saxarovning, Vegasovning yadro fizikasi sohasidagi kashfiyotlarini hamma biladi, professor Nozima Dehqonxo‘jayevaning ilmiy izlanishlari, xalq salomatligini saqlash yo‘lidagi ishlari tahsinga sazovor, akademik Otaboy Eshonovning tariximizning qora chaplangan sahifalarini ochishdagi urinishlari kishini quvontiradi. Lekin siz aytayotgan olim fanga, xalqqa nima berdi? Qaysi asari qo‘lma-qo‘l qilib o‘qiladi? Tarix bilan shug‘ullanadigan bu olim O‘rta Osiyoning Rossiyaga o‘z ixtiyori bilan qo‘shilmaganini tasdiqlovchi hujjatlar asosida monumental kitob yozishi mumkin emasmi? Mumkin. Bunga u kishining ilmi ham, qobiliyati ham yetadi. Lekin yozmaydi. Yozolmaydi! Mayli, qaysidir nobakor tariximizni yuz karra soxtalashtirsin, necha ming yildan beri insoniyat ne-ne allomalarni bergan eng qadimiy, eng madaniyatli, eng savodli turkiy xalqini bor-yo‘g‘i rus alfavitini bilmagani uchun yalpisiga savodsizga chiqarishsin, inqilob arafasidagi madaniy hayotimizda progressiv ishlar qilgan yangilik tarafdorlari bo‘lmish jadidlarning hayoti va ijodini o‘rganish taqiqlansin, adabiyot tariximizda Hamza bilan birga o‘nlab iste’dodli shoirlar bo‘lganini atay sir tutsin, bugungi kunga kelib xalq paxtaga sepiladigan o‘nlab zaharli dorilardan qirilib ketsin, tug‘ish cheklansin — u kishiga baribir. Muhtaram akademik hamma narsaga ko‘z yumib, tilini tishlab yuraveradi, ishqilib, lavozimidan, hurmat-e’tiboridan mahrum bo‘lmasa bas.

Qachonki kishining vijdoni o‘lsa, imon-e’tiqoddan ayrilsa, uning vujudini befarqlik karaxtligi egallaydi. Hozir adabiy hayotimizda shunday karaxtlik hukm surmayaptimi? Biz maqtab, klassikka chiqarib qo‘ygan yozuvchilarning asarlari hech qanday ma’naviy fazilatlarga ega emasligini hech kim yurak yutib aytmayapti-ku. Ne-ne fan doktorlari, kandidatlar olimman deya ko‘krak kerib yurishibdi. Ular adabiy tanqidchi emas, aslida adabiy maddohlardir. O‘tgan yilgi yillik proza yig‘ilishidagi sizning chiqishingizdan behad quvondim. Vaholanki, majlis raisi so‘zlash imtiyozi berilgan vaqtingiz tugaganini, oldin Nobel mukofoti oling-da, keyin boshqalarga aql o‘rgating, qabilida luqma tashlab bemalol gapirishingizga imkon bermadi. O‘shanda siz tanqidchi Umrzoq O‘ljaboyevga: «Siz mening narsamni umuman hikoya emas degandan ko‘ra, bu narsa o‘g‘irlangan desangiz quvonardim. Sababi, bu hikoyamni Kortasarning «Vasvasa» hikoyasiga taqlid qilib yozganman», dedingiz. «Vasvasa» jahon xalqlarining o‘nlab tillariga tarjima qilinib, sevib o‘qilsa-yu, o‘zbek adabiyoti mutaxassisi shu ruhdagi asarni umuman hikoya emas deb hisoblasa. Bu nima, fikriy majruhlikmi yoki savodsizlik? Biz haligacha bir paytlari yozilgan adabiyot darsliklari saviyasida fikrlaymiz. Bu o‘z ishimizga vijdonan yondoshmasligimiz, zimmamizga odamlarni ma’rifatli qilish mas’uliyati yuklatilganini his etmasligimiz oqibatidir. Nega bizda adabiy tanqidning saviyasi bunchalik past? Ehtimol, adabiyotimiz tanqiddan past turar? Ehtimol… Har qanday ehtimollarga barham berib bor mahsulotimizning o‘zini nega xolis baholamaymiz. Yoki V. Astafev: «Mening nazarimda tanqidchi farrosh bo‘lishi, tasarrufimizdagi maydonni har xil xoru xaslardan tozalashi kerak. Biroq o‘nlab doktorlar, akademiklar orasidan farroshlikka loyiq odam topmadim», deganidek bizda ham chinakam farrosh yo‘qmikin?

Olimboy, Andersenning yalang‘och podsho haqidagi ertagi esingizdami? Unda shir yalang‘och nodon podshoni: «O, kiyimingiz muncha chiroyli, muncha o‘zingizga yarashgan», qabilidagi gaplar bilan laqillatishadi. Hech kim uning egnida hech vaqosi yo‘qligini aytishga jur’at etmaydi. Alaloqibat shunday mard topiladi-yu, podsho o‘zining aldanganini biladi. Vaqti kelib biz ham shunday ahvolga tushib qolmasmikinmiz?

Keyingi paytlarda matbuot sahifalarida O‘zbekiston xalq yozuvchilari Mirmuhsin, Ibrohim Rahim, professor Hafiz Abdusamatovning chiqishlarini o‘qib, hayratdan yoqa ushladim. Ular oshkoralikni shaxsiy iddaolarini aytib, sharmisorlik qilish imkoni deb tushunishgan shekilli. Yoshi yetmishga borib, bu dunyodan u dunyosi yaqinlashib qolgan odamlarning dilida nahotki xalqqa aytadigan zarur gaplari, ushalmagan orzulari, vujudini sirqiratadigan o‘kinchlari, adabiyotimizning katta dardlari, xalqqa to‘kib soladigan armonlari bo‘lmasa?

Bu narsalarni o‘ylasang miyangda sanchiq turib, yuraklaring ezilib ketadi. Afsuski, o‘ylamay ilojing yo‘q. Sababi, bugungi oshkoralik shunga undaydi, toki, bizdan keyingilar yalang‘och podshoning ahvoliga tushib, faqatgina og‘riqli muammolar bilan emas, ma’naviyatni yuksaltiradigan masalalar bilan shug‘ullanishsin, odamlarga ko‘proq foyda yetkazishsin.

Inson vijdonini qiynaydigan ishlarni qilmasligi kerak. Buning uchun o‘zini ta’madan tiyishi, xususan o‘ziga o‘xshagan odamdan biron narsa umid qilmasligi lozim. Ta’magir xuddi suyak tutgan egasining oldida dumini likillatib turgan itga o‘xshaydi. E’tiqodli odam hech qachon, hech kimdan muruvvat kutmaydi. U faqat o‘ziga ishonadi, vijdoniga quloq solib yashaydi. Yer yuzida bittagina imonli odam bor ekan, qiyomat bo‘lmaydi, degan bashorat bor. Men shu bashoratga ishonaman. Hamonki, hali qiyomat bo‘lmayotgan ekan, yon-verimizga xolis ko‘z tashlashimiz, e’tiqodli kishilarni topsak, boshimizga ko‘tarib yurishimiz kerak.

E’tiqod — insonni tubanlikdan, har qanday ta’madan, razolatdan asrovchi hidoyat nuri! Lekin bu narsa hammaga ham nasib etavermaydi. E’tiqodli odam o‘ziga ravo ko‘rgan narsadan tezroq boshqalarni ham bahramand etishga shoshiladi.

Olimboy, yetmish yildan beri aldov-qaldovlar bilan o‘zimizni aldab yashadik, qo‘lbola xudolarga cho‘qinib, razolatga yuz tuban ketdik. Keling endi oshkoralik, tenglik shabadasi esgan bugungi dorilamon kunlarda «haqiqatni botil, nohaq narsalarga o‘rab yashirmanglar, uni xalq ko‘zidan pinhon tutmanglar», degan dono hikmatga amal qilib odamlarning qalbiga e’tiqod nurini yetkazishga urinaylik, shoyad yer yuzida imonli, pokdomon odamlar soni ko‘payishiga sabab bo‘lsak…

Ehtirom bilan Emin Usmon.

“Yosh kuch” jurnali, 1989 yil, 3-son