Ochil Tog‘ayev. Isyonmi yoki jinoyatmi? (1989)

Rahbarlar o‘z faoliyatlaridagi har qanday jiddiy kamchilikni xaspo‘shlab, bo‘yab-bejab ko‘rsatishga intilar edilar. Bu byurokratik ko‘nikma ommaviy axborot vositalariga ham ta’sir etgan edi. Biror kamchilik haqida qo‘rqa-pisa fikr yuritadigan jurnalist o‘sha yillarda «voqelikni buzib ko‘rsatish» degan yorliqdan o‘zini muhofaza qilish maqsadida «bu hol yakka-yarim bo‘lsa-da, uchraydi» deb yozar, so‘ng fakt-hodisaning o‘tkir jihatlarini bir muncha silab-siypalab, xaspo‘shlashga o‘tar edi. Bunday ko‘nikma hozir ham ko‘zga tashlanadi. «Ayollarning o‘ziga o‘t qo‘yish hollari, — deyiladi bir maqolada, — kam, albatta. Ammo kam bo‘lsa-da, juda tashvishli voqeadir».

Xuddi shu maqolada bir yilda 300 ga yaqin o‘ziga o‘t qo‘yish voqeasi sodir bo‘lgani qayd etiladi, o‘z joniga qasd qilishning boshqa usullari bu hisobga kirmaydi. Bu degani uch yuzta taqdir, uch yuzta o‘ziga xos olam, uch yuzta og‘ir fojia, demakdir. Buni «tashvishli voqea» deyish kamlik qiladi. O‘ziga o‘t qo‘yish jamiyat hayotiga jiddiy moddiy-ruhiy ziyon yetkaza boshlagan ijtimoiy muammodir.

O‘zini yoqish Yevropa xalqlari voqeligiga xos narsa emas. Bu hol O‘rta Osiyo ayollari orasida tarqalgan. Demokratiya va oshkoralik davridagina bu haqda matbuotda ochiq gapirish imkoniyati tug‘ildi. Shu haqdagi publitsistik maqola va ocherklarda hodisaning mohiyatini talqin etish, sabablarini ochishga intilish seziladi. Chunki, sababi aniqlanmagan kasallikni davolash qiyin.

Oilaviy kelishmovchilik va mojarolar o‘zini yoqish hodisasining sabablaridan biridir — Gulchehra Aliboyeva, J. Mamatov, Dadaxon Yoqubov va boshqalarning maqola hamda teleko‘rsatuvlarida shunday mulohaza yuritiladi. Oilaviy kelishmovchiliklar va mojarolarning moddiy sababi iqtisodiy yetishmovchilik bo‘lsa, ma’naviy-ahloqiy sababi er-xotin orasidagi muhabbatning barbod bo‘lishidir.

Ko‘pgina ocherk va maqolalarda «ikkalasi ham sevishib turmush qurgan» qiz-yigitlar tez orada ajralib ketganligi haqida afsus-nadomat bilan fikr yuritiladi. Yoshlarning oilaviy turmush haqida yuzaki o‘ylaganliklari, qaynona-kelin mojarolarining keskinlashganligi va boshqa shu kabi yengil-elpi janjallar bunday ajralishga olib kelganligi aytiladi. Bunday mojarolarning ham ta’siri bor, albatta. Ammo, aslida, oilaviy mojaro, birinchi navbatda, oilaviy burchga xiyonat, muhabbatning barbod bo‘lishi va boshqa ichki xufya sabablar oqibatida yuz beradi.

J. Mamatovning «Achchiq qismat» ocherkida o‘zini yoqqan bir necha yosh ayol o‘limi oldidan bu fojianing sababi «sevgisiz turmush» ekanini aytadi. Dadaxon Yoqubovning «Hayot tashvishlari va quvonchlari» turkum teleko‘rsatuvlarida ham o‘ziga o‘t qo‘yib halok bo‘lgan yoki nogiron bo‘lib qolgan bir qancha ayol ham xuddi shunday fikrni izhor etadi.

Ma’lumki, «sevgisiz turmush» hammavaqt ham fojiaga olib kelavermaydi. «Sevgisiz turmush» qurgan ko‘plab yoshlar nikohni bekor qilish bilan oilaviy mojarolarga nuqta qo‘yib tinchiydilar. Biroq, «sevgisiz turmush» iborasining mohiyatiga teranroq razm solinsa, unda ancha jiddiy ma’no yashiringani ma’lum bo‘ladi.

«Achchiq qismat» maqolasida keltirilgan bir-ikki fakt haqida mulohaza yuritib ko‘raylik. Malika Mirzaqobilovaning itoatkorligi o‘z boshiga balo bo‘ldi, deydi publitsist. Avvalo shuni aytish kerakki, ma’noli, andishali itoatkorlik azaldan ayol qiyofasiga o‘ziga xos husn-latofat, go‘zallik bag‘ishlagan fazilat hisoblangan. Bu hol oilada ayolga hurmat va mehr uyg‘otgan. Aksincha, ayolning betga choparligi, jangariligi ahloqqa zid hisoblangan. Samarqand oblastidan uyushtirilgan «Hayot quvonchlari va tashvishlari» (1988) teleko‘rsatuvidagi urgutlik Salima degan kelinchakning er, qaynona, mahalladagilarga beandishaligi, betgachoparligi tomoshabinlarda noxush taassurot qoldirdi. Uch oylik emizakli bolasini eriga achchiq qilib, ikki hafta tashlab ketgan, go‘dakning o‘limiga sababchi bo‘lgan bu ayolning xatti-harakati onalik sha’niga isnoddir. O‘zini hammaga g‘azabkor tutishidan g‘oyat nodon va tarbiyasizligi yaqqol ko‘rinib turibdi.

Nega Malikaning nafis itoatkorlik fazilati qaynona, er tomonidan qadrlanmaydi? Nega ular kelinga nisbatan, aksincha, zulmni tobora kuchaytirib, fojia darajasiga olib boradilar? O‘ziga o‘t qo‘yib kasalxonada og‘ir ahvolda yotgan Malika nega «da’vom yo‘q» deb tilxat yozib, erining uylanishiga rozilik beradi? Malika nega shunchalik mutelik darajasiga tushgan? U er va qaynona oldida shu qadar muttahammi?

«Unga turmushga chiqib, baxtli bo‘laman, deb o‘ylagan edim. Bir haftadan keyin orzularim barbod bo‘ldi», deydi o‘ziga o‘t qo‘ygan Ofiyat degan boshqa bir ayol. Oilada Ofiyatning ijtimoiy faoliyatiga to‘siq bo‘ladilar, fabrikada ishlashini qattiq ta’qib ostiga oladilar. Yana bir yosh ayol Qoqiyaning taqdiri bundan ham ayanchliroq. Oilada uchinchi farzand tug‘ilganda ham er va qaynona zulmi tobora avjga chiqadi. Shifoxonadan kelgan Qoqiyaga hatto farzandlarini ham ko‘rsatmaydilar, tahqirlab haydaydilar. Bolaga g‘oyat mehribon o‘zbek oilasida yosh onaga nisbatan bu qadar toshbag‘irlikning sababi nimada? Bu ikki ayol «sevgisiz» turmushga chiqqan bo‘lsa, erlar yaxshi ko‘rib uylangan edilar-ku? Yigit sevmasa bir yostiqqa bosh qo‘yarmidi? Yigit sevgisining bu qadar tez aynib, toshbag‘ir bo‘lib qolishiga sabab nima? Shularni o‘ylaganimizda «sevgisiz turmush» degan siyqa iboraning asl mohiyati oydinlashadi. Bu — nopok nikoh, degan ma’noni anglatadi. Nikohga qadar qizlik iffatini saqlay olmaslik o‘zbek oilalaridagi mazkur mojaro va fojialarning bosh sababidir. Biroq, iffatsizlik hammavaqt ham o‘zini yoqishga olib kelavermaydi, albatta. Iffatsizlik tufayli oilada vujudga kelgan qahrli va tahqirli vaziyat irodasi bo‘sh ba’zi ayollarni shunday fojiaga yetaklaydi.

Publitsistlarimiz oilaviy burchga xiyonatning bu ilk ko‘rinishi haqida negadir lom-mim demaydilar. Biz ijtimoiy hayotdagi nopoklikni qattiq qoralaymiz. Oilaviy hayotdagi bunday nopoklikka kelganda, bepisand munosabatda bo‘lamiz. Bunday nopoklikni qoralashni madaniyatsizlikka yo‘yamiz, boy-feodallarcha turmush tarzi aqidasi, deb qaraymiz. Jiddiy oilaviy mojarolarga sabab bo‘layotgan, yoshlar taqdirini larzaga keltiradigan darajada amal qilayotgan bu ayon haqiqatni nega tan olishni istamaymiz? Yoki publitsistlarimiz qizlik iffati haqida fikr yuritishni hozirgi zamon madaniy udumlariga nomunosib, deb o‘ylaydilarmi?

Qizlik iffati xalqimizning yuksak axloqiy fazilatlaridandir. «Sizga iffatli va sevimli rafiqa bilan Qutidordek qaynota, Hasanaliga kelin» muborak bo‘lsin, deb Otabekni tabriklaydilar. Qizlik iffati vijdoniy poklik, nomus-hayo demakdir. Qizlik iffati oilaviy halollikning negizi. Iffatli kelin yigit uchun el-yurt oldidagi g‘ururi, or-nomusi, oilaviy baxti, bir umrlik halol turmush ramzidir. Qiz bo‘lajak yori — yigit ko‘ziga halollik timsoli bo‘lib tuyuladi.

«Nikohga qadar aloqa oilaviy xiyonatga olib boradi», deydi F. Engels. Qizlik iffatining toptalishi ayol baxt-saodati, kelajak totuv turmushi, onalik baxti, farzandlar taqdirining toptalishidir. Iffatsizlik — axloqiy umidsizlikdir. Dog‘janing «Muhabbat bozori», I. Xushevning «Iffat kerakmi?», F. Qilichevning «Islovatxona «malika»lari» va boshqa publitsistik materiallarda umidsizlik balosiga uchragan, sevgi gadosi bo‘lib, sarsonsargardonlikda buzuqilik yo‘liga kirgan xotin-qizlarning axloqiy fojiasi ko‘rsatilgan.

Yigit sevgi idealining sarob bo‘lib chiqishi, ezgu ishonchining ikqirozga yuz tutishi uning uchun og‘ir ma’naviy fojia. Ilk oilaviy nopoklik yigitning ma’naviy aynishiga olib kelishi mumkin. Bunday hodisa ko‘p hollarda ikki yosh taqdirida o‘chmas iz qoldiradi. Yosh kelinga nisbatan favqulodda toshbag‘irlikning negizi ham xuddi ana shunda.

Oilaviy turmush ijtimoiy hayot va faoliyat bilan shu qadar birikib ketgan bizning zamonada oilaviy halollik shaxsning ijtimoiy faoliyati uchun ham muhim ahamiyatga egadir. Oilaviy halollik ijtimoiy halollikning negizidir. Oilada vijdonli, halol turmush kechirgan kishi ijtimoiy burchga ham sodiq va halol bo‘ladi, degan edi V. I. Lenin.

Iffat talabi xalqimizning ezgu ma’naviy-axloqiy an’analaridandir. Paranjiga «hujum» yillarida xotin-qizlar ozodligiga qarshilik ko‘rsatish harakati negizida ham aslida ana shu talab mujassamlashgan edi. Oilaviy burch, halollik, nomus-or, erkaklik izzat-nafsni himoya qilib maydonga chiqqan edilar. Bunday kurash hozirgi vaqtda xufya tarzda amal qilmoqda.

Oilaviy mojaroning ikkinchi sababi yigitning oilaviy burchga xiyonatidir. Bunday xiyonat ma’naviy negizda — muhabbatning barbod bo‘lishi yoki mehnatsiz boylik, tekin daromad, ya’ni ijtimoiy nopoklik oqibatida yuz berishi mumkin. Bunday oilaviy haqoratli vaziyat kelin uchun boshi berk ko‘cha bo‘lib tuyuladi. Ayol hayotdan voz kechishning eng dahshatli usulini tanlaydi va amalga oshiradi.

O‘zini yoqish hodisasining uchinchi sababini ijtimoiyiqtisodiy munosabatlardan izlashga to‘g‘ri keladi.

Samarqandlik vrach E. G‘afforov ayollar orasida o‘zini yoqish ro‘y berayotganiga sabab oiladagi moddiy yetishmovchilik, deb to‘g‘ri qayd etadi. «Bizga ma’lumki, — deb yozadi u, — ko‘pgina oilalarda ovqatlanish ilmiy asoslangan normalardan juda farq qiladi. Non, konfet, qand, choy — ko‘pincha ertalabki nonushtada ham, tushlikda ham dasturxonda bo‘ladigan noz-ne’mat ana shundan iborat. Kechki ovqatga, erning kelishiga sho‘rva yoki lag‘mon tayyorlanishi mumkin. Yangi bo‘shangan ayol va uning kichik yoshdagi bolalari shunday ovqatlanishlari kerakmi?»

Biroq, hurmatli vrach moddiy yetishmovchilikning ildizini ijtimoiy-iqtisodiy munosabatlarda emas, balki oilaviy-axloqiy munosabatlardan izlaydi. Oilaning bunday qashshoq turmush kechirishiga sabab ko‘pfarzandlilikdir, deb ta’kidlaydi. Shundan keyin ko‘p farzand ko‘rishning fiziologik hamda iqtisodiy zarari haqida mulohaza yuritadi. Uning fikricha, ko‘pfarzandli oilada ayol salomatligi zaiflashadi, buning ustiga oiladagi boy-feodallarcha munosabatlar qo‘shilib, uni hayotdan voz kechishga, o‘zini yoqishga olib keladi. Xullas, fojianing oldini olmoq uchun farzand ko‘rishni rejalashtirish kerak, degan fikrni olg‘a suradi. Avtor «cheklash» so‘zi o‘rnida yumshoqroq ma’noda «rejalashtirish» so‘zini qo‘llaydi.

Tajribali vrachlar bilan suhbatimiz va hayotiy tajribalar shuni ko‘rsatadiki, ko‘pfarzandlilik ayol sog‘ligining yomonlashuviga emas, aksincha, yaxshilanishiga yordam qiladi. Shahar va qishloqlarda olti-sakkiz, hatto o‘ntalab farzand ko‘rib, kelinchakday yashnab, ochilib yurgan ayollar ko‘pchilikni tashkil etishi hech kimga sir emas. Agar qishloqlarda serfarzand emizikli ayollar sog‘ligining yomonlashuvi yuz bergan bo‘lsa, buning sababini ish sharoitining yomonligidan, paxtakor mehnatining og‘irligi, unga to‘lanadigan haqning nomutanosibligi masalalaridan izlashga to‘g‘ri keladi.

Eng qimmatli texnika ekini paxtaga boshqa ekinlarga nisbatan eng oz haq to‘lanayotganligi Butunittifoq XIX partiya konferentsiyasi minbaridan ham aytildi. Bir kubometr taxtaning aholiga sotiladigan narxi 150 so‘m bo‘lgani holda bir tsentner oliy nav paxtaning narxi ikki baravardan kam — 70 so‘mni tashkil etadi. Holbuki, bu ikki predmet moddiy-iqtisodiy mohiyati jihatdan bir-biridan yer bilan osmoncha farq qiladi. Ko‘p joylarda kolxozchi-paxtakor tabiiy tug‘ma invalidlik pensiyasidan ham kam — oyiga 30-40 so‘m ish haqi oladi. Turg‘unlik davrida shahrimiz baland imoratlari peshtoqiga yozilgan «Oq oltin» ni oltin qo‘llar yaratadi!» degan siyqa shior paxtakorning iqtisodiy qashshoqligini masxaralash bo‘lib tuyulmaydimi?

Xalqimiz asrlar bo‘yi iqtisodiy qashshoqlik yuki ostida ezilib, yashab kelgan davrlarda ham ayollarning o‘zini yoqish hodisasi hozirgidek avj nuqtaga ko‘tarilmagan edi. Iqtisodiy tanglik o‘zbek ayollarining farzandga bo‘lgan mehriga hech qachon raxna sololmagan. Og‘zaki va yozma adabiyotning o‘tmish haqidagi asarlari bu fikrni tasdiqlaydi. Mehnatga haq to‘lashda ijtimoiy adolatni barqaror etish iqtisodiy qiyinchilikni yengillashtiradi. Bu esa, o‘z navbatida olovkush dardini kamaytirishga olib kelishi mumkin.

Atoqli adib Odil Yoqubov «Qishloqdagi fojia» maqolasida paxtakor ayolning og‘ir ish sharoiti haqida gapirib, ayolning kolxoz dalasidagi hozirgi ahvoli o‘tmishda paranji tutqinligidan bir necha baravar og‘ir ekanini ta’kidladi. Nega ayol sakkiz soatlik ish kuni o‘rniga tong sahardan qorong‘i tushguncha qirq besh darajadan baland jazirama issiqda g‘o‘zaga sepilgan zahardan nafas olib mehnat qiladi? Nega homilador va emizikli ayollarga dalada imtiyozli mehnat sharoiti yaratilmagan? Nega zararli sharoitlarda mehnat qilganlik uchun qo‘shimcha haq to‘lanmaydi?

Dalada ishlayotgan bolali ayollarga «mehnat va dam olish uchun qulay ish rejimi belgilanishi, zaruriyat tug‘ilganda, boshqa yengilroq ishga o‘tkazilishi, bunda ularning ilgarigi ishidagi o‘rtacha maoshi va barcha imtiyozlari saqlab qolinishi zarur. Qishloq xo‘jaligi texnikasida ishlayotgan ayollarning ish normasi umumiy normalardan 60 foyiz kam qilib belgilanishi shart. Ayollarning o‘n besh kilogrammdan ortiq yuk ko‘tarishi yoki o‘n kilogrammdan ortiq yukni 1,5 metrdan yuqoriga ko‘tarish taqoza qiladigan ishlarga qo‘yish ta’qiqlanadi. 16-18 yoshgacha bo‘lgan balog‘atga yetmagan qizlar qo‘lda ko‘tarishi mumkin bo‘lgan yuk 10, 25 kilogrammdan oshmasligi kerak», deyiladi agrosanoat kompleksi xodimlari kasaba soyuzi respublika komiteti raisining tushuntirish xatida («O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasi, 1987 yil 15 may).

Biroq, bu qonuniy ko‘rsatmalarga ko‘p joylarda amal qilinmaydi.

Inson huquqlarini, jumladan, ayollar mehnati huquqini poymol etgan kuch byurokratizm — to‘rachilikdir. To‘rachilik sotsialistik mehnatning mohiyatini — har kimning qobiliyatiga yarasha, har kimning mehnatiga yarasha, degan printsipini barbod etib, mehnatchining «siqib suvini chiqarish» (V. I. Lenin) siyosatini qo‘lladi. Buning evaziga ishlovchiga qariyb hech narsa berilmadi. To‘rachilik mehnatni sotsialistik mohiyatdan, huzur-halovat, shodlik — baxt tuyg‘usidan mahrum etdi. Jabr-zulm, zo‘rovonlik mehnatiga aylantirdi. To‘rachilik mehnat zamiridagi inson omilini barbod etib, planni bosh omil deb e’lon qildi. Inson faqat planga ilova qilingan qo‘shimcha materialga aylandi. Xullas, to‘rachilik ayniqsa qishloq mehnatkashlariga ko‘p javr keltirdi.

M. Abdullayevning «Isyon» ocherkida kolxozchi qiz Gulchehraning o‘limi sabablari ishonarli ochilgan. Gulchehraning halokatida bosh qotil to‘rachilikdir. Brigadir qizni mehnatdan bo‘yin tovlaganlikda ayblab, qattiq ta’qib va tahqir etadi. Kichikligidan mehnatda suyagi qotgan kamtar va kamsuqum mas’um dehqon qizining mehnatdan bo‘yin tovlashi mumkin emas edi. U dugonalari safidan hech qachon ajralib qoladigan qiz emasdi. Gulchehra mehnatni hayotidagi ovunchog‘i deb bilgan. Brigadir ta’qibiga qaramay, uning qayta-qayta dalaga kelib, qizlar davrasida ishlamoqchi bo‘lganligi ham buning yaqqol dalilidir. Qiz allergiya — chang va begona hidlardan qattiq ta’sirlanuvchi kasallik sababli uzoq cho‘lga borib ishlashga rozi bo‘lmaydi.

To‘rachilik, ma’lumki, insonga toshbag‘irlik, jaholat negizida tarkib topadi. Gulchehra byurokratizmga qarshi, o‘zini himoya qilib kurasha olarmidi? Gulchehra turg‘unlik yillarida ko‘p oilalarda ayolning onalik, grajdanlik, xotinlik huquqi toptalayotganini, mehnatkash ayol qadrsizlanganini, huquqsizlikka mahkum etilayotganiii ko‘rib o‘sgan qiz edi.

Mehnatsiz daromadga mukkasidan ketgan er buzuqlikka beriladi, oilaviy burchga, ayol manfaatlariga xohlasa hufya, xohlasa oshkora surbetlik bilan xiyonat qila boshlaydi. Bu nopoklikka toqat qila olmagan ayol tegishli tashkilotlarga murojaat qiladi. Er bilan hamtovoq bo‘lgan mutasaddi boshliqlar ayol shikoyatiga tahqirlovchi-masxaralovchi munosabatda bo‘ladilar. Oilaviy nopoklik hamda ijtimoiy adolatsizlik ikki temir panja bo‘lib, ayolni ruhiy iskanjaga oladi. Bu illatga qarshi o‘zida ma’naviy qudrat topa olmagan ayol norozilikning birdan bir yo‘li deb o‘z joniga qasd qilishga jur’at etadi.

Ma’naviy qashshoqlik — qishloq aholisi uchun mutelik asosi edi. Ma’naviy qashshoq, ongsiz mehnatchini qayerga yetaklasangiz ketaveradi, nimani buyursangiz bajaraveradi. To‘rachilik (byurokratizm) mehnatchida qullik ruhiyatini shakllantirgan. Ijobiy ehtirosdan mahrum bo‘lgan olomonni qahr-g‘azab tug‘yoniga mahkum etgan edi. Qahrli mehnat vaziyati, qahrli muomala, qahrli turmush sharoiti xalq uchun ma’naviy zindon edi.

Inson ruhiyatini harakatga eltuvchi kuch sog‘lom ehtirosdir. Ijobiy ehtiros sabot-matonatning ma’naviy negizi. Ma’rifat, san’at, adabiyotdan hosil bo‘ladigan sog‘lom his-tuyg‘u inson ma’naviy kamolotida ayniqsa hal etuvchi ahamiyatga ega. Gulchehra bulardan mahrum bo‘lib o‘sgan ma’naviy qashshoq qiz edi. Sevgi — yosh yurakka ijobiy ehtiros baxsh etadigan haroratli kuch. Gulchehraning sevgan yigiti ham bo‘lmagan. Zo‘rg‘a tirikchilik kechirib kelayotgan oilada ham ijobiy ehtiros uyg‘otadigan sharoit yo‘q edi. Vaqtida turmushini topib ketmagan qizga nisbatan ota-ona, aka-ukalar ham ko‘pincha xushko‘rmaslik munosabatida bo‘ladilar. Xullas, Gulchehrani hayot bilan mustahkam bog‘laydigan ma’rifiy hamda estetik shodlik, xursandchilik omillari g‘oyat zaif edi. Qizlar davrasida ishlab, ular bilan muloqotdan, mehnatdan hosil bo‘ladigan ijobiy ehtiros — qizni hayotga bog‘lab turgan yagona ip uzilgach, qiz qattiq ruhiy larzaga tushgan.

Biz qizni fojiaga olib kelgan sabablar haqida fikr yuritdik. Biroq bu sabablar qizning o‘limini oqlash uchun aslo dalil bo‘lolmaydi. Boshqacha aytganda, mazkur sabablarga binoan qiz o‘zini o‘ldirishga haqli edi, degan xulosa chiqarish aslo mumkin emas.

Darhaqiqat, publitsistikamizda bu hodisaning mohiyati, ayni jarayonning o‘zi — ya’ni qizning fojiali xatti-harakati qanday baholanmoqda?

Ocherkda yosh paxtakor qizga zulm o‘tkazgan to‘ralikni qoralash jabrdiyda qiz taqdiriga beixtiyor achinish tuyg‘usini hosil qiladi. Bu hol qizning to‘ralik tazyiqi ostida o‘zini yoqib o‘ldirishiga nisbatan beixtiyor achinish, xayrxohlik tuyg‘usi bo‘lib tuyuladi. Ocherkning «Isyon» deb atalishi ham shunday taassurot qoldiradi. Lo‘nda ma’noli, jozibali bu so‘z boshqa bir qancha katta-kichik mualliflarga ham ma’qul tushib, matbuotda o‘zini yoqish mavzuiga bag‘ishlangan materiallarda tez-tez takrorlana boshladi. Jurnalist J. Mamatov bu hodisani «ayollar isyoni» deb ataydi. «Ofiyat bardoshi qalqib, isyonga aylandi, bir zumda u gulxan ichida qoldi», deb yozadi. «Isyon» so‘zi shu hodisaga bag‘ishlangan boshqa materiallarda ham uchray boshladi.

«Isyon» — xoh ilg‘or, xoh teskari, xoh ruhiy, xoh jismoniy bo‘lishidan qat’i nazar turg‘unlik holatiga nisbatan mohiyatan kurashni anglatadi. Kurash esa ijobiy ma’noga ega. Reaktsion isyon tarafdorlari ham o‘zlari uchun ijobiy maqsadni ko‘zlab kurashganlar. O‘zini yoqishni «Isyon» deb atasak, bunday fojiaga jur’at etgan ayolni isyonkor, ya’ni kurashchi, deyishga to‘g‘ri keladi. «Isyon» va «isyonkor» deb atash bu hodisaga muayyan xayrxohlik bildirish demakdir. Xayrxohlik so‘zi zamirida esa ma’qullash ma’nosi ifodalangan. Shu tufayli «isyon» va «isyonkor* deb ta’riflangan materiallar irodasi bo‘sh ba’zi kishilarda ijobiy taassurot qoldirishi, allaqanday rag‘batga monand tuyg‘u hosil qilishi mumkin.

O‘zini qurbon qilish ham qora kuchlarga qarshi kurashning bir ko‘rinishi deyishlari mumkin. To‘g‘ri, urushda o‘zini tank ostiga tashlagan, dushman o‘q otish nuqtasini o‘z gavdasi bilan qoplagan jangchilar jasorati yuksak qahramonlik sifatida rag‘batlantirilganligi ma’lum. Yoki siyosiy va ijtimoiy zulmga norozilik sifatida ochlik e’lon qilgan mahbuslar harakati ham kurashdir.

Kurashda maqsad va vosita bir-birini taqozo etishi lozim. O‘z gavdasi bilan dushman o‘q otish nuqtasini barbod etgan To‘ychi Eryigitov, Aleksandr Matrosov singari ikki yuzdan ortiq sovet jangchisining ongli fidoyiligi minglab sovet jangchilarining hayotini saqlab qoldi, yangi g‘alabalarga yo‘l ochdi. Pirovardida bunday fidoyilik Ulug‘ Vatan urushi g‘alabasiga munosib hissa bo‘lib qo‘shildi.

Ochlik e’lon qilgan mahbuslar avvalo amaliy kurash imkoniyatidan mahrum bo‘lgan kimsalardir. Ikkinchidan, ular o‘z noroziligi va talablarini oshkora bayon etib, ochlik e’lon qildilar. O‘z o‘limi orqali zulm va nohaqlikka zarba berishni maqsad qilib qo‘yadilar. Bunday talablar bir qancha hollarda bajariladi, ochlik e’lon qilgan shaxslar g‘alaba qozonadilar. Bu voqea fojia bilan tugagan taqdirda ham kurashchilar siyosiy-ma’naviy g‘alaba qozonadilar. Ularning siyosiy yoki shaxsiy talablarini bajarmagan mutasaddi shaxslar jamoatchilik ko‘zi oldida ochlikdan halok bo‘lganlarning qotiliga, demak, jinoyatchilarga aylanadilar. Bundan qat’i nazar, ochlik e’lon qilish ham kurashning maqbul shakli emas, albatta. Jamoatchilik fikrini oyoqosti qilgan reaktsion boshliqlar yetuk xalq kurashchilari, iste’dodli yo‘lboshchilarning talablarini rad etib, ularning behuda halok bo‘lishlariga ataylab yo‘l qo‘yib beradilar.

«O‘zimni halok qilish orqali janobi oliylari podshoga mamnunlik baxsh etishga hech bir moyil emasman», degan edi buyuk Gertsen achchiq kinoya bilan. «Men o‘zini o‘ldirishni kurash usuli sifatida ma’qullay olmayman», — deyiladi qozog‘istonlik raykom sekretari ayolning o‘zini o‘ldirishi voqeasi bayon etilgan «Bag‘ritoshlik» («Pravda», 1988 y. 9 noyabr) ocherkiga munosabat bildirib yozilgan xatlardan birida, — chunki maqsadiga erisha olmagan inson shunday yo‘lni tanlaydi. Bunday o‘limni uning dushmanlari o‘zlarining g‘alabasi deb hisoblaydilar va adolat uchun kurashish behudadir, deb talqin etadilar. Bunday norozilik o‘limi ikkilanishga moyil irodasi bo‘sh kishilarda yaramas odamlar (to‘ralar, safsatabozlar, tuhmatchilar, laganbardorlar, mansabparastlar, tilyog‘lamachilar, xullas, odamlarning kayfiyatini, hayotini, tashabbusini barbod etuvchilar) bilan talashib-tortishish, kurashishdan baribir hech bir foyda chiqmaydi, degan fikrni tasdiqlashga olib keladi» («Pravda», 1988 y. 6 dekabr).

Gulchehraning o‘zini yoqishi to‘rachilikka, ijtimoiy adolatsizlikka nisbatan norozilik belgisi, albatta. «Norozilik so‘zida muayyan darajada kurash ma’nosi mavjud. Aniqrog‘i, norozilik kurashning kurtagi. Lekin ichki xufya norozilikdir. Gulchehra ham ochlik e’lon qilganlar singari o‘z noroziligini oshkora bayon etishi mumkin edi. O‘limidan keyin ayon bo‘lgan norozilik ruhi kimga foyda keltiradi? Hufya norozilik — behuda halokat yo‘li kurashni inkor etadi. Yuqorida ta’kidlaganimizdek, Gulchehraning o‘limi to‘rachilikning g‘alabasi hisoblanadi va boshqalarni ham to‘rachilik zulmiga qarshi oshkora kurashdan chetlashtirishga olib keladi. Bunday o‘lnmlarning gunohkorlari yashirin qolib, o‘z razil kirdikorlarini davom ettiraveradilar. To‘rachilik bunday o‘limlardan qancha-qanchasini hech narsa bo‘lmaganday imi-jimida tinchitib keldi. Oshkoralik va demokratiya davridagina bu milliy fojia matbuot orqali keng xalq ommasi muhokamasiga havola etila boshlandi.

Xullas, Gulchehra tanlagan yo‘l zulmga norozilik maqsadiga ziddir.

To‘rachilik zulmi haqida gap ketganda odamning joni tosh emas, qar qanday sabr-toqatning ham cheki bor, deydilar. To‘g‘ri, odamning joni tosh emas, lekin toshdan ham qattiqroq. Har qanday og‘ir va qahrli sharoitlarda ham inson sabot-matonat bilan yashashga qodirdir. Hayot — insonga bir marta beriladigan tabiat ehsoni. Hayot — kurash, mashaqqat, baxt-saodat, azob-uqubat, qiynoqlarni yengib o‘tish, mag‘lubiyat va g‘alaba, degan so‘z. Kurash tugagan kuni hayot ham tugaydi.

Gulchehraning o‘limiga sababchi bo‘lgan to‘rachilikni, boshqa kuch va omillarni qoralagan publitsist qizga rahmdillik, xayrxohlik bildiradi. Ocherkda qizning o‘zini yoqish xatti-harakati zarracha qoralanmaydi. Yuqorida biz «isyon» so‘zi publitsistikamizda ko‘nikma sifatida amal qila boshlagani haqida aytgan edik. O‘zini yoqqan ayolga nisbatan xayrxohlik ruhi ham muayyan fikriy ko‘nikmaga aylanib, bir qancha publitsistik materiallarda takrorlana boshladi. J. Mamatovning yuqorida eslatganimiz maqolasida shunday ruh seziladi. Jurnalist o‘zini yoqqan Ofiyat degan ayolni qabristonga dafn etishga rozilik bildirgan shaxslarni «korchalonlar» deb ataydi.

Siyqa ko‘nikma ijodiy mustaqillikka ziddir.

Odatda zulm qoralaganda uning qurboni oqlanadi. Gulchehra o‘limida esa, ikki tomonni qoralashga to‘g‘ri keladi. Mazkur o‘limning ikki qotili bor. Birinchisi — zulmkor to‘ra-rahbar bo‘lsa, ikkinchisi — qizning o‘zi. O‘z joniga qasd qilish xayrixohlik va rahmdillikka sazovor emas. Bir kishi ikkinchi bir kishining hayotiga qasd qilsa, uni qotil sifatida qattiq jazolaydilar. O‘ziga o‘t qo‘yib halok bo‘lgan ayollar o‘z hayotlarining qotillaridir.

Ikkinchidan, inson ijtimoiy munosabatlar majmuasidir. Shu sababli shaxsning hayoti bir kishining mulki bo‘lib qolmay, jamiyat boyligi, nodir ijtimoiy hodisadir. O‘z hayotining qotili bo‘lgaya kimsa insoniy hayotning ham qotilidir. O‘z joniga qasd qilish tabiatning oliy mo‘jizasi inson hayotiga, jamiyat boyligiga xiyonat qilishdir. Bu — eng oliy va og‘ir jinoyatdir.

«Yosh leninchi» gazetasi muxbiri Gulchehra Aliboyeva bu haqiqatni birinchi bo‘lib qayd etgan jurnalistlardan. «Kuyganlarning ingrashiga rahmim kelmaydi», deydi Gulchehra «Bunchalar shirinsan, hayot» ocherkida. Uning bu so‘zlari aslo toshbag‘irlik belgisi emas, balki inson hayotiga astoydil achinish, haqiqiy insonparvarlikdir. «Ular tiriklik oldida gunohga botgan. Ularni hech kim achinish bilan tilga olmaydi. Ular o‘limni tilab, chaqirib olgan gunohkor bandalardir».

O‘z joniga qasd qilish islomning bosh kitobi «Qur’on»da ham qoralanadi. Bunday shaxs o‘limidan keyin odatdagi el e’zozi va xotirasidan mahrum etiladi. O‘zini yoqqan kishilarning jasadini qabristonga qo‘yishga norozilik bildirgan shaxslarning xatti-harakatini axloqqa zid hodisa, deb bo‘lmaydi. Buni o‘z joniga qasd qilish, o‘zini o‘ldirish hodisasiga xalq noroziligi ramzi deb hisoblash kerak.

Nogiron bo‘lib qolgan bunday kishilardan esa, el hazar qiladi. Gulchehra Aliboyeva maqolasida aytilishicha, avtobusga kirgan chol o‘rindiqda yolg‘iz o‘tirgan ayol yonidan joy oladi. Ayolning kuygan basharasiga qaragach, cholning avzoyi buziladi. «Qizim, nojo‘ya ish qilibsiz. Yoningizda o‘tirib men gunohga botmayin, — deydi va o‘rnidan turib ketadi. Ikkinchidan, o‘z hayotining qotili bo‘lgan kimsalar o‘g‘il-qizlariga, qarindosh-urug‘lariga, isnod keltiradilar. «Onasini ko‘r, qizini ol» deganlaridek, ularning farzandlariga istehzo va ishonchsizlik bilan qaraydilar.

Xullas, bu hodisa jamoatchilik tomonidan axloqqa zid, mudhish fojia sifatida qattiq qoralanishi lozim.

“Yoshlik” jurnali, 1989 yil, 4-son