Abdulla Abdujalilov. Bo‘hton va haqiqat (1989)

Farg‘ona oblasti mesxeti turklari va o‘zbeklar o‘rtasida chiqqan nizo oqibatida ro‘y bergan voqealarga va ularni bartaraf etish yuzasidan qo‘llangan chora-tadbirlarga siyosiy baho berish lozim. Hech qanday dalilni yashirmaslik, bo‘yab ko‘rsatmaslik, kamaytirib yoki oshirib yubormaslik maqsadga muvofikdir. Chunki ana shu tamoyilning buzilishi bundan ham halokatliroq oqibatlarni keltirib chiqarishi mumkin. Biz xalqning talablari bilan bog‘liq siyosiy masalaga ro‘baro‘ kelib turganligimizni inkor etmasligimiz kerak.

Shu yilning 20 mayidan boshlab Farg‘onada sodir bo‘lgan voqea sabablariga to‘xtalib, ayrim tajribasi, malakasi, siyosiy bilimi yetarli bo‘lmagan partiya va sovet, ma’muriy organlar xodimlarining o‘zlaricha aholi oldida voqeaga baho berishga intilayotganliklari yo‘l qo‘yib bo‘lmaydigan holdir.

Masalan, ayrim mansabdor kishilar Farg‘onada Sovet hokimiyatini ag‘darib tashlashga urinish bo‘ldi, yuzlab, minglab kishilardan iborat g‘alayon ko‘targan odamlar bizning dushmanimizdir, degan aql bovar qilmaydigan bo‘hton gaplarni tarqatishdi.

Bu, birinchidan, davlat xavfsizligi mahkamalariga, xususan, davlat xavfsizligi komiteti Farg‘ona oblast boshqarmasiga, oblast partiya va sovet tashkilotlariga, oblast mehnatkashlariga tuhmatdir. Negaki, oblastda Sovet hokimiyatini ag‘darishga tayyorgarlik bor ekan-u, chekistlarimiz, partiya va Sovet xodimlari hech nimadan bexabar turishgan ekan-da?! Aslo bunday emas.

Quvasoydagi voqea to‘satdan ro‘y berdi, tez va to‘g‘ri bartaraf etilmaganligi natijasida boshka rayonlarga ham yashin tezligida tarqaldi. Bundan ayrim qayta qurishga qarshi bo‘lgan kimsalar o‘z shaxsiy manfaatlari yo‘lida mohirona foydalandilar, oddiy mushtlashuvdan chiqqan mojaro siyosiy tus oldi va g‘alayonga aylandi.

Ikkinchidan, «hokimiyatni ag‘darib tashlashga harakat bo‘ldi», deyish siyosiy kaltabinlikdir. Bu tor fikrlaydigan siyosatchining jazavasi, xalq ichiga kirmaslik, ularning dardlarini his etmaslik, respublikamizda allaqachon pishib yetilgan paxta yakkahokimligini tugatish, paxta va pillaning bahosini oshirish, ekologik halokatning oldini olish, turar joy tanqisligi, ishsizlik, o‘zbek tili va tarixini, madaniyatini o‘rganish, respublikaning mustaqilligini ta’minlash muammolarini ilg‘amaslik yoki tan olmaslikka intilish, ommadan ajrab kolish, demakdir.

20 mayda Quvasoyda mesxeti turklari bilan o‘zbeklar o‘rtasida boshlangan nizo Farg‘ona, Marg‘ilon, Qo‘qon, Toshloq, Yaypan singari shahar va qishloqlarga yoyildi. Keyinchalik esa boshka oblastlarda ham bunday xavf tug‘ildi. Xo‘sh, nimalar vaziyatni keskinlashtirib yubordi? Xunrezlikka, kon to‘kilishiga, fojiaga nimalar sabab bo‘ldi?

1. Quvasoyda bo‘lgan voqea tafsiloti aholidan berkitildi. Mahalliy o‘zbek aholisining turklar tomonidan hakoratlangani, kamsitilganiga e’tibor qaratilmasdan adolatsizlikka yo‘l ko‘yildi. Isboti: Quvasoydagi voqea oradan 20 kun o‘tgach respublika matbuotida yoritildi.

2. Respublika va Ittifoq matbuoti o‘zbek xalqiga siyosiy tuhmat kildi. Haqiqiy ahvolni bo‘yab ko‘rsatdi. Xalq talablariga, olomon qo‘lidagi yozma talablarga qasddan e’tibor berilmadi. Turklarning qilmishlari haqida lom-mim deyilmadi.

1) Dalolatimiz quyidagicha:

Har bir e’lon qilingan maqola va axborotda g‘alayon ko‘targanlarga «bezorilar, ekstremistlar, millatchilar, nasha chekkan, qora dori iste’mol qilgan giyohvandlar, spirtli ichimlik ichgan tartibbuzarlar, gazandalar, deya razil va munofiqona tamg‘alar yopishtirilib, (bu 30-yillardagi Beriyaning usuli) butun respublika aholisi, butun Sovet xalqining fikri chalg‘itildi. Muayyan talablar bilan chiqqan kishilar haqida atayin salbiy fikrlar uyg‘otish, mamlakat jamoatchiligini ularga qarshi qo‘yish, ularni vahshiy qilib ko‘rsatish uchun shunday riyokorlik qilindi.

13 iyun kuni O‘zbekiston televideniyesi Farg‘ona medekspertiza tashkiloti xodimi Hasan Rahmonovdan intervyu oldi. H. Rahmonov tekshirilgan 100 kishidan birortasida ham nasha chekkanlik alomatlari aniqlanmaganligini aytdi. Bunga respublikamizning 20 millionli aholisi guvoh.

4. G‘alayon ko‘targan kishilardan birorta odamga televideniye ko‘rsatuvlarida so‘z berilmadi. So‘z berilgan kishi esa gapira boshlagani bilan uzib yuborildi. Gazetalar ham o‘z reportajlarida biror kishining fikrini, nima uchun ular keskin harakat kilayotganliklarini so‘ramadi. Aksincha, O‘zTAG muxbiri belbog‘ini tasodifan silkigan odamni ko‘k bayrok ko‘tarib chiqdi deb yozdi. Bundan ham pastkashlik bo‘ladimi?!

5. G‘alayon ko‘targan kishilar qo‘llarida «Paxta narxi oshirilsin!» deb talabnoma yozilgan shior borligi respublika matbuotida ancha keyin aytildi. Masalan, A. Ibodinov «Sovet O‘zbekistoni» gazetasining 12 iyun sonida «Quvasoyda nima bo‘lgan edi?» sarlavhali maqolasida Bog‘dod posyolkasidan Qo‘qonga boruvchi yo‘lda odamlar «Paxtaning narxi oshirilsin!» degan shiorni ko‘tarib olganligini o‘z ko‘zi bilan ko‘rganligini yozadi. Bu Farg‘ona voqealari chuqur sotsial ildizga, siyosiy xarakterga ega ekanligini ko‘rsatadi, minglab odamlarnnng tartibbuzar, bezori emasliklari, ular o‘z haqlarini talab qilib maydonga chiqqanliklarini isbot qiluvchi real, mutlaqo rad etib bo‘lmaydigan faktdir. Ana shunday shiorlar bilan chiqqan odamlarni bezorilar, millatchilar, deb atash siyosiy kaltabinlik va munofiqlikdir. Bunday munosabat xalqni umidsizlantirdi, odamlarda davlat organlariga ishonchsizlik uyg‘otdi va yanada keskinroq harakat qilishga majbur etdi.

6. SSSR Ichki Ishlar Ministri o‘rtoq V. V. Bakatin 5 iyun kuni O‘zbekiston televideniyesi va radiosi muxbiri bilan suhbatda siyosiy jihatdan xato fikr bildirdi («Sovet O‘zbekistoni» gazetasi 7 iyun soni).

Markscha-lenincha ta’limot bo‘yicha eng kudratli kuch — bu xalq. Hamma narsa xalq uchun va uning baxtsaodati uchun deb sotsializm bayrog‘iga yozib ko‘yilgan. Xalkning fikri va talabi bilan hisoblashmaslik markscha ta’limotga zid holdir. O‘rtoq V. V. Bakatin o‘z intervyusida bunday deydi: «… Hech kimga qandaydir shartlar qo‘yishni maslahat bermaymiz, bunday shartlar o‘tmaydi».

Nima, o‘zbek xalqi qulmi? Nima uchun ularning talabi, shartlari o‘tmaydi? Avvalo, bezorilar bilan g‘alayon ko‘targan olomonni ajratib olish lozim. Olomon talab qilayotgan ekan, u xalq bo‘lagi ekan, uni tinglash zarur. Chunki biz dunyoda birinchi xalq hokimiyati o‘rnatilgan Sovet davlatida yashayotganligimizni unutmasligimiz kerak.

Afsuski, Farg‘onada bularning teskarisi bo‘ldi. Okibatda, xalqning qahr-g‘azabi yanada kuchayib ketdi. Hozir Stalin davri emas. Stalin o‘lgan, Beriya otilgan…

—      SSSR ichki ishlar Ministrligi ichki ko‘shinlar boshlig‘i general-polkovnik Yu. Shatalin «Sovet O‘zbekistoni» gazetasining 10 iyun sonidagi O‘zTAG muxbiri tayyorlagan «Gazandalar beboshligi» makolasida bunday deydi: «Qo‘qon shahrining bir yarim mingga yaqin aholisi ekstremistlarga zarba berish uchun qurol so‘rab murojaat qildi. Vu masala hozir ko‘rib chiqilmoqda».

Bunday intervyular xalqning qahr va g‘azabini ko‘zg‘atmay qo‘ymaydi. Kimlar o‘sha qurol so‘ragan kishilar? Turklarmi? Boshqa millat vakillarimi? Yoki o‘zbeklar o‘z jigarbandlarini otmoqchi bo‘lishdimi? Bularga kat’iy javob berish kerak. Qaranglar, hurmatli generalimiz dangal «bu masala ko‘rib chiqilmoqda» deyapti. Nima, pichoq bilan tayoq ko‘tarib, o‘z haqini talab qilayotgan xalqqa qarata otish uchun bir yarim ming kishiga avtomat va pulemyotlar berish kerakmidi?! Yu. Shatalin o‘zbeklarga qarshi Farg‘onada SSSR ichki ishlar ministrligining ichki qo‘shinlari tarixida birinchi marta havo desantini qo‘lladi. Desantchilar g‘alayonchilardan bir qanchasini otib o‘ldirdi. Bunday vahshiylik xalqning g‘azabini battar oshirib yubordi.

Balki general o‘zbeklarga qarshi bombardimonchi samolyotlarni, raketalarni ham birinchi bo‘lib qo‘llar?! General Rodionov gruzin xalqiga qarshi ximiyaviy kurolni, zaharli moddalarni ko‘llagani kabi! Balki Yu. Shatalin shu yo‘l bilan tarixda o‘z nomini qoldirmokchidir?! Qat’iyat bilan har kanday darajadagi kishiga shunday deymiz: O‘zbekiston mustamlaka emas. O‘rtoq Shatalin ham mustamlakachi emas. O‘zbekiston Sovet Ittifoqi tarkibidagi suveren respublika. Shuning uchun uning intervyusiga siyosiy baho berilishini sabot bilan talab qilamiz.

7. Eng yomoni shundaki, Farg‘ona oblasti territoriyasida komendantlik soati joriy etilgach, respublika aholisi, o‘zbek xalqi o‘zining Farg‘onadagi yurtdoshlarining holi nima kechayotganligini o‘sha kunlarda bilolmadi. Farg‘ona qurshab olindi. Rasmiy kishilardan tashqari, kishilarga telefon aloqasi ham to‘xtatildi. Matbuotda esa yolg‘on xabarlar ko‘proq edi. Vu vaziyatni sun’iy holatda yanada keskinlashtirib yubordi. Mish-mishlar, vahimali gaplar tarqaldi. Yoshlarning Farg‘ona shaharlariga borishiga, ularga yordam berishga intilishlariga olib keldi. Okibatda qurbonlar ko‘paydi.

8. Mojaroni bartaraf etish va tegishli chora ko‘rish uchun O‘zbekiston SSR Ministrlar Sovetining (sobiq) raisi G‘. H. Qodirov boshchiligida tuzilgan komissiya yaxshi ishlamadi. Komissiya passiv faoliyati vaziyatni normallashtira olmadi. Respublika va Ittifoq matbuotida berilayotgan axborotlarni nazorat qilmadi. Voqealarni bo‘yab ko‘rsatilishiga, o‘zbek xalqiga tuhmat kilinishiga, xalq yuziga balchiq chaplanishiga yo‘l qo‘yib berdi. Natijada xalqimizning nomi butun dunyo oldida badnom etildi. Buni aslo kechirib bo‘lmaydi.

9. Farg‘onadagi mojaroni hal etish uchun tuzilgan hukumat komissiyasiga o‘rtoq G‘. H. Qodirovning rahbar qilib tayinlanishi maqsadga muvofiq emasdi. Chunki u Samarqand oblastida ro‘y bergan mojaroni to‘xtatishda bosiqlik ko‘rsata olmagan, xalqning o‘ziga bo‘lgan ishonchini allaqachon yo‘qotgan edi. Xalqqa qarshi qurol ko‘targan, uning talablarini qurol kuchi bilan bostirishga uringan rahbar xalq mehriga va ishonchiga sazovor emas.

10. Tartibsizliklar munosabati bilan mamlakatimizning boshqa shaharlaridan jalb qilingan ikki yuz kishiga yaqin tergovchilar gruppasi Farg‘onada ish boshladi. Bu xalqqa xuddi buqaning ko‘ziga qizil ro‘mol ko‘rsatgandek ta’sir etdi. Respublikamizda 1984 yildan buyon ishlayotgan ikki yuz kishilik tergovchilar gruppasi hali o‘z ishini tugallagani yo‘q. Yana ikki yuz kishilik tergov gruppasi! Eshitishi bilanoq odamning yuragi eziladi. Xo‘rligi keladi. Milliy g‘ururing kamsitilganini his etasan kishi, o‘ksinasan…

Nima, O‘zbekistonning o‘zida malakali tergovchilar yo‘qmi? Bu tergovchilarni respublikaning o‘zidagi oblastlardan tashkil etsa bo‘lmasmidi?! Bunday harakat O‘zbekistonga, o‘zbek xalqiga Ittifoq hukumati tomonidan ekstremistik harakat emasmi?! Nima uchun shunday yo‘l tutilmoqda? Nima, chetdan kelgan tergovchilar Gdlyan va Ivanov singari o‘zbeklarga shafqatsizroq bo‘lishlari, berahmroq ish ko‘rishlari uchunmi? Axir bularni o‘ylab ko‘rish vaqti kelmadimikin?! Bunday harakatlar Sovet Ittifoqi tarkibidagi suveren O‘zbekiston Sovet Sotsialistik Respublikasiga, uning zahmatkash xalqiga hurmatsizlik emasmi? Axir bu respublikamizning mustaqilligini yerga urish emasmi?! Boshqa millat vakillaridan iborat tergovchilar gruppa-gruppa bo‘lib respublikamizga kelaversa, bunday tergovlar internatsional tuyg‘ularimizning ildiziga bolta urmaydimi? Xalqlarimiz o‘rtasidagi o‘zaro do‘stlikka putur yetmaydimi?!

—  Farg‘ona oblastidagi qonli voqealarda xotin-qizlar va bolalarning ko‘plab halok bo‘lganligi fakti zo‘r berib yashirishga urinilmoqda. Birorta ham bola o‘lmagan degan gaplar aytilayotir. Ayollardan esa faqatgina 3—4 tagina halok bo‘ldi deyilmoqda. Aslida shundaymikin?

«Sovet O‘zbekistoni» gazetasining 8 iyun sonida e’lon qilingan O‘zTAG maxsus muxbirining «Farg‘onada keskin vaziyat» reportajida shunday jumlalar yozilgan: «Halok bo‘lganlar orasida xotin-kizlar va bolalar oz emas».

Bunday faktlar Farg‘onada halok bo‘lgan yurtdoshlarimiz, otilgan kishipar sonining kamaytirib e’lon kilinganligini isbot etadi.

11. Matbuotda, g‘alayonda ishtirok etgan kishilarning hibsga olinishi, ularning soni hakida ham xabarlar turlicha e’lon kilindi. Bu xabarlar bir-birini inkor etadi. Bundan qamoqqa olinayotgan kishilar soni qasddan xalqni aldash, chalg‘itish maqsadida kamaytirib ko‘rsatilganligini anglab olish mumkin.

Isboti: «Pravda» gazetasi 7 iyun sonidagi B. Pipiyaning «Brifing v MVD SSSR» sarlavhali maqolasida 300 kishi hibsga olinganligini ma’lum kilgan. «Izvestiya» gazetasi 6 iyun sonidagi maqolada ham yuqoridagi raqam aynan qayd etildi. Ammo «Sovet O‘zbekistoni» gazetasi 9 iyun sonidagi A. Ibodinovning «Qonunsizlikka yo‘l qo‘yilmaydi» reportajida: «Oblast partiya komitetida tashkil etilgan matbuot markazidan bizga berilgan ma’lumotga ko‘ra boshlovchilarning arzimagan bir kismigina qo‘lga tushgan, xolos», deb ko‘rsatilgan. Bu faktlar shuni oydin ko‘rsatmoqdaki, hibsga olinganlar soni chalkashtirib yuborilgan. Bu ish bilan muayyan kishilar shug‘ullanganlar.

Hozir qamoqqa olingan yuzlab kishilarning taqdiri xavf ostida turibdi. Respublika hukumat komissiyasining matbuotda 13 iyun kuni e’lon qilingan axborotida adolatli fikr ilgari surildi. G‘alayonlarda qatnashgan umumiy olomonning ichidan gunohsiz kishilarni aniq ajratib olish zarur. Faqat odam o‘ldirgan, o‘t qo‘ygan kishilargina jazolanmog‘i lozim. Shularni hisobga olib, kuyidagi adolatli talablar Sovet hukumati oldiga qo‘yilishi lozim:

1. G‘alayonlarning kengayib, halokatli tus olib ketishida mahalliy hukumat hamda hukumat komissiyasining ham aniq ayblari, xatolari bo‘lgani uchun jinoiy ishlar ko‘zg‘atilib, tergov olib borilayotganlarning begunoh qismi zudlik bilan ozod qilinsin.

2. Tergov ishlariga o‘zbekistonlik tergovchilar jalb qilinib, mamlakatimizning boshqa shaharlaridan kelgan tergovchilarni sarson qilmay, ular qaytarib yuborilsin.

3. Qamoqqa olinganlarning soni, millati, jinsi, yashash joyi, ishlash yoki o‘qish joyi, ularning tergovdagi aniq, qisqa javoblari, fikr va mulohazalari xalqqa tezda ma’lum qilinsin.

4. Qamoqqa olinganlarni tergov qilinayotgan paytda Birlashgan Millatlar Tashkilotining inson huquqlari to‘g‘risidagi Deklaratsiyasiga so‘zsiz, to‘liq amal qilinsin. O‘z haqini talab qilib chiqqan o‘zbek xalqi vakillarining insoniy va hayotiy huquqlarini kamsitishga mutlaqo yo‘l qo‘yilmasin.

5. G‘alayonda qatnashgan odamlar bezorilar, giyohvandlar emas, balki mesxeti turklari tomonidan haqoratlanganligi uchun o‘z sha’nini, nomusini himoya qilib chiqqan, sotsial muammolarni hal etish yuzasidan qo‘ygan talablari bajarilmasdan, sun’iy ravishda cho‘zib kelinayotganidan g‘azablangan kishilar deb talqin kilinsin. O‘zbek xalqi sha’niga tuhmat qilgan, xalq yuziga qora balchiq chaplagan muxbirlar, matbuot organlari xalqdan rasman kechirim so‘rashsin. Aybdorlar qonun oldida javob bersin.

6. Farg‘ona oblastida bo‘lib o‘tgan qonli voqealar davomida necha kishi o‘ldirilgani, ularning qanday holatda nima bilan o‘ldirilgani, millati, jinsi, yashash va ishlash joyi, tug‘ilgan yili haqida xalqqa aniq ma’lumot berilsin. Ayniqsa, ichki qo‘shinlar va militsiya tomonidan otib o‘ldirilgan kishilar haqidagi ma’lumotlar alohida qayd etib borilsin.

7. Mahalliy o‘zbek xalqi vakillarini haqorat qilgan, shunday qonli voqealarga sabab bo‘lgan, Farg‘ona vodiysida, O‘zbekistonda, butun mamlakatimizda xavfli vaziyatni yuzaga keltirgan boshqa millatga mansub shaxslar ham qonun oldida javob bersin.

Biz respublika partiya va hukumatining mazkur mojaro bo‘yicha aholiga murojaatnomasini qo‘llab-quvvatlaymiz va ma’qullaymiz. Har qanday tartibsizlikni, qonunsiz harakatlarni, odam o‘ldirish, o‘t qo‘yish kabi harakatlarni, xalqlar o‘rtasidagi do‘stlikni buzishga bo‘lgan har qanday urinishlarni keskin qoralaymiz. Shu bilan birga o‘zbek xalqining qonuniy talab va istaklari qabul qilinishi, mavjud siyosiy-ijtimoiy muammolarni darhol hal etish choralari partiya va hukumatimiz tomonidan ko‘rilib, amalga oshirilishi shart deb hisoblaymiz.

Shu yil 17 iyunda O‘zbekiston Kompartiyasi Namangan oblast partiya komiteti bizga Farg‘ona oblastidagi voqealar oqibati bilan yaqindan tanishish imkoniyatini yaratdi. Bir gruppa partiya, sovet tashkilotlari, matbuot xodimlari, mehnat veteranlari Namangan — Marg‘ilon — Toshloq — Farg‘ona — Quvasoy marshruti bo‘ylab safar qildik. O‘t qo‘yilgan uylarni o‘z ko‘zimiz bilan ko‘rdik. Aholi bilan suhbatlashdik.

Men shu safarda mazkur voqealar haqida yangi, ochig‘i, juda muhim ma’lumotga, tushunchaga ega bo‘ldim. Turklarning yondirilgan uylaridagi holat diqqat-e’tiborimni tortdi. Barcha hovlilardan mol-hollar olib chiqib ketilgan edi. Veteranlardan biri «ularning o‘zlari ham o‘t qo‘yishganga o‘xshaydi», dedi. Chunki ular uzoq vaqtdan buyon o‘z yurtlariga qaytarish uchun yuqori davlat organlariga murojaat qilib kelganlar. Biroq arizalar oqibatsiz qolavergan. Ular nihoyat masalani keskinroq holatda hal qilish mumkin degan fikrga kelgan bo‘lishlari ehtimol.

«Sovet O‘zbekistoni» gazetasining 17 iyun sonida bosilgan «Bosiqlik, aql-idrok — yaxshi maslahatchi» sarlavhali davra suhbatini o‘qir ekanman, yuqoridagi fikrlarda jon borligi, haqiqatga ancha yaqinligi yanada ravshan bo‘ldi. Mazkur suhbatda O‘zbekiston SSR Fanlar akademiyasining akademigi o‘rtoq I. Iskandarov bunday deydi: «…Turklar har qanday bo‘lsa ham o‘z yurtiga qaytish niyatida ekanlar. Bu haqda juda ko‘p idoralarga, markazga yozishgan, murojaat qilishgan. Biroq natija bo‘lmagan. Ularning ariza va shikoyatlari inobatsiz qolavergan. Shundan so‘ng asabbuzarlik qilib, ikki millat o‘rtasida kelishmovchilik keltirib chiqarib, ko‘chib ketish maksadida bo‘lishgan. Oslanov degan maktab direktorining gaplariga qaraganda, o‘zaro nizo ana shu tarzda vujudga kelgan».

Biz Farg‘onadan kaytib kelaturib, Marg‘ilonda to‘xtadik. Odamlar bilan suhbatlashdik. Shahar markazida, yo‘llarda, chorrahalarda avtomat va dubinkalar bilan kurollangan soldatlar soqchilik qilib turishar edi.

Bir kun oldin shahar markazidagi soqchi mototsikl mingan o‘zbek yigitni to‘xtamagani uchun otib o‘ldiribdi. Shunda soat besh minut kam o‘n ekan. Aslida, komendantlik soati o‘nda boshlanadi. Marg‘ilonliklarning aytishlariga karaganda, otib o‘ldirilgan yigitni ertalabgacha ko‘chadagi daraxtga bo‘ynidan osib qo‘yishibdi. Birovlar soldatlarning o‘zi osib qo‘ydi desa, boshqalar o‘likni turklar osib ketibdi deyishardi.

Bunday yovuzlik ham xalq yuragida g‘azab uyg‘otgan edi. Bu ishga siyosiy baho beriladigan bo‘lsa, uni faqatgina fashistlar usuli deb atash mumkin. Chunki kimlardir shunday yo‘l bilan xalqni cho‘chitishni o‘ylagan bo‘lsa, ular siyosiy jihatdan kaltabinlik qilib qo‘yganliklarini o‘zlari ham sezishmagan bo‘lsa kerak. Agar o‘sha otib, so‘ng osib qo‘yilgan yigit jinoyatchi bo‘lgan taqdirda ham unga nisbatan qo‘llangan jazo o‘zbek xalqini oyoqosti kilish, uni tahqirlash, mensimaslik deyish mumkin. Faqat chor hukumati davrida bosh ko‘targan mahalliy aholi vakillari ana shunday usul bilan jazolanar edi. Inqilobdan oldin Andijonda Dukchi eshon boshliq osib o‘ldirilgan sakkiz kishi qismatini eslang. O‘shanda qatl marosimiga hatto bolalar ham kelgan va dahshatdan ko‘plar hushidan ketib qolganligi tarixiy manbalardan ma’lum. Bu ish aholining bo‘g‘ilib ko‘zlari, tillari osilib chiqib qolgan qo‘rqinchli murdalar qiyofasini unutmasligi uchun qilingan edi. Shuni eslagan kishilar abadiy asoratda, qullikda yashayverishlariga, bir og‘iz qarshi so‘z ayta olmasliklariga chor mustamlakachilarining ishonchi komil edi, albatta.

Hozir-chi? Bu — qabohat. Bunday voqealarga siyosiy baho berish shart. Marg‘ilonliklar bu haqda alam va iztirob bilan gapirdilar. Masalaning mohiyatiga to‘xtaladigan bo‘lsak, bunday yo‘l bilan osoyishtalikni ta’minlash aslo mumkin emas. Osoyishtalik posbonlari qosh qo‘yaman deb ko‘z chiqarganliklari shubhasiz.

Ayrim kishilar namoyishga chiqqan, mitingga to‘plangan kishilarning hammasini otaverish kerak, deb baralla aytishdi. Buni qonun bilan to‘g‘ri ekanligini isbotlashga ham urinishdi. Agar otish bilan masala hal bo‘lsa edi, ular haq bo‘lib chiqishardi. Biroq otib o‘ldirilgan yoki otib yarador qilingan kishining akasi, ukasi, otasi, qarindosh-urug‘lari borligini o‘ylamaslik o‘ta beaqllikdir. Negaki bunday o‘lim biror kishining yodidan chiqmaydi va halok bo‘lgan kishining yaqinlarini davlatga, xususan, militsiya xodimlariga ishonchi qolganligiga, do‘stligiga biror kishi kafolat bera olmaydi. Soqchi soldat bir kishini otish bilan o‘nlab kishilarni mavjud tuzumga batamom qarshi qilib qo‘yayotganligini tushunib olish kiyin emas.

Farg‘ona vodiysida shunday voqealar sodir bo‘ldiki, bu O‘zbekiston tarixiga o‘z-o‘zidan kiradi. Voqeani bartaraf etishda yo‘l qo‘yilgan xatolar o‘z ta’sirini ko‘rsatib turibdi. Kelgusida uning salbiy oqibatlarini kamaytirish bugun unga qanchalik to‘g‘ri baho berilishiga bog‘liq. Hozir hamma ham shu haqda o‘ylashi va to‘g‘ri xulosaga kelib olishi maqsadga muvofiqdir.

Abdulla Abdujalilov,

Pop rayon jamoatchilik fikrini o‘rganish markazining raisi

“Yoshlik” jurnali, 1989 yil, 11-son