Suvon Meliyev. “Boy ila xizmatchi” yoki tiklangan nusxa muammosi (1989)

Qayta qurish yangitdan qurishdan qiyinroq. Qayta qurmoq uchun avval maydonni eski imorat qoldiqlaridan tozalash, keragini olib, nokeragidan voz kechish talab etiladi. Adabiyotda ham tozalash ishlarini olib bormay turib, yangicha fikrlash davrining ma’naviy atmosferasini ustivor qilib bo‘lmaydi. Adabiyotdagi erkinlik birinchi navbatda tanqid erkinligidir.

 

«Boy ila xizmatchi» dramasining Hamza Hakimzodaning yaqin shogirdi dramaturg Komil Yashin tomonidan 1939 yili tiklangan nusxasi kelajakda ko‘plab tadqiqotlarga sabab bo‘lishi tabiiy. Bu variantning yuzaga kelishi, ya’ni muallifi tirik bo‘lmagan, asl nusxasi yo‘qolgan asarning boshqa bir adib tomonidan tiklanishi jahon adabiy tajribasida ko‘rilmagan hodisadir.

Yaqin-yaqinlargacha bu nusxa mo‘tabar matn sifatida Hamza asarlari to‘plamlarida nashr etilardi. Ko‘nikilgan notabiiy holat yaqinda buzildi. O‘zFA Til va adabiyot instituti chiqargan Hamzaning besh tomlik To‘la asarlar to‘plamida qayta tiklangan nusxa birinchi bor ilova qismida berilishi bilan u dramaning mo‘tabar matni bo‘la olmasligi, nihoyat, tan olindi.

Asarning tiklanishi haqida K. Yashin shunday yozadi: «Hamza Hakimzoda ijodiga qiziqishim, uning ijodiga bo‘lgan ixlosimdan xabardor bo‘lgan Hamza Hakimzoda Niyoziy yubileyini o‘tkazish komissiyasi «Boy ila xizmatchi» dramasini yangitdan sahnaga tayyorlashni menga topshirdi. Bu asar revolyutsiyaning birinchi yillaridagi sahna sharoitiga moslanib, ozgina kishi qatnashadigan qilib, kichik hajmda yozilgan bo‘lib, asarni hozirgi vaqtda gullab-yashnab borayotgan, ajoyib iste’dodli artistlarga ega bo‘lgan teatrimizning talabiga muvofiq qilib kengaytirish kerak edi. Men sharafli, ayni vaqtda mas’uliyatli vazifani o‘tashda yana ustozning o‘ziga qattiq suyandim. Qisqasi, Hamzaning boshqa chala qolgan asarlaridan foydalanib bu dramani mukammallashtirishga kirishdim».

Komil Yashin tarafidan bajarilgan ishning to‘g‘ri yoki noto‘g‘riligi haqida hozir hukm chiqarish ortiqcha. Bo‘lgan ish bo‘lgan. Ammo uning ijobiy va salbiy jihatlarini qayd etish, xolis baho berish mumkin va bu hozirgi qayta qurish va oshkoralik davrida zarur ham. Yarim asrdan buyon o‘zbek, umumsovet va jahon sahnalarida qo‘yilib, olqish olib kelayotgan «Boy ila xizmatchi» ayni shu tiklangan nusxa ekanligini unutishga haqqimiz yo‘q. Shu spektakllar sharofati bilan o‘zbek aktyorlarining butun bir pleyadasi yetishib chiqqanligi ham fakt.

Ammo medalning ikki tomoni bor. Istaymizmi, yo‘qmi, dramaning shu taxlitda tiklanishi Hamza ijodini har taraflama, ilmiy xolis o‘rganilishiga to‘sqinlik qilib keldi. Bu nusxa ko‘p yillar davomida masalaning ildizlari bilan qiziqqan tadqiqotchi yo‘lida K. Yashinning obro‘-e’tiboridan kuch olib ko‘ndalang turdi, salkam asl nusxa darajasiga ko‘tarildi. Ikkinchidan, tabiiy ravishda, Hamza ijodining butunligiga putur yetdi. Uning ayrim asarlari, ayniqsa, «Burungi saylovlar» original asar sifatida o‘z nufuzini yo‘qotdi, sahnalashtirishga yaroqsiz bo‘lib qoldi. Qodirqul mingboshi va Xolmatni «Boy ila xizmatchi»da uchratib fe’l-atvori bilan tanishgan kitobxon yoki tomoshabin «Burungi saylovlar»ni o‘qimay qo‘yishi, yoki zalni tashlab chiqishi ehtimoldan uzoq emas. Vaholanki, teatrshunos Toshpo‘lat Tursunov to‘g‘ri ta’kidlaganidek, «1926 yilda yozilgan «Burungi saylovlar» pesasi Hamzaning yetuk asarlaridan biridir».

Ma’lumki, kinoda montaj degan narsa bor. Bu oddiy tilda turli parchalarni uyg‘unlikda to‘plab, bir butun asar holiga keltirish degani. «Boy ila xizmatchi» ham taxminan shu usulda tiklangan. Agar kinoda bo‘laklar biriktirilganda choklar uncha ko‘zga tashlanmasa, so‘z san’atida chokning sezilmasligi juda qiyin.

Tiklangan nusxaning ikkinchi pardasida Xolmatning supurib turib aytgan monologida shunday so‘zlar bor: «Mana endi shuhratingdan o‘rgilay, mo‘jazgina, u tizzadan — bu tizzaga uchib qo‘nadigan Jamilaxonning («Burungi saylovlar»da nomsiz «yangi poshshoxon») daragini eshitib qolgandan buyon, boy pochchadan ham ilgari, bizning yuragimiz diring-diring o‘ynaydi. Bilmaymankim, u jonimni olg‘ur, boyga tegib olib, bizning bu kir chopon bilan, yog‘liq do‘ppini nazarlariga ilarmikan? Mana bizda bu yangi ishq mijozining g‘ami…

«Burungi saylovlar»dan, deyarli, o‘zgarishsiz kirgan bu gaplar «Boy ila xizmatchi»ning voqealar va obrazlar mantig‘iga singishmaydi. Birinchidan, «daragini eshitib qolish» iborasi uzoqdagi yoki ilgari eshitilmagan narsa-hodisaga nisbatan qo‘llanadi. Jamila esa boyning yonginasida, o‘z xonadonida. Boy uni ko‘rib qoladi, xolos. Ikkinchidan, Xolmatning hali boyga xotin bo‘lmagan, birovning, o‘zi kabi xizmatkor do‘sti G‘ofirning jufti haloliga elburutdan ko‘z olaytirishi mantiqqa zid, har qalay Xolmatga yopishmaydigan jirkanch hol.

To‘g‘ri, monologning K. Yashin o‘zidan qo‘shgan ikkinchi qismida Xolmatning aqli joyiga keladi: «Shoshmang, Xolmatjon to‘ra, o‘zingcha nima deb vaysayapsan? Hadeb boyga pashang berasan! Boy kimni olmoqchi! Jamila-ku!.. O‘z G‘ofirimizning xotini…». gaplar yuqorida Jamila sha’niga aytilgan nojo‘ya gaplarni (masalan, «u tizzadan bu tizzaga uchib qo‘nadigan Jamilaxon…» kabi) yuvib ketolmaydi. Badiiy asarda ham hayotdagidek aytilgan so‘z — otilgan o‘q, uni orqaga qaytarib bo‘lmaydi. Gap shundaki, bu yerda ayb Xolmatda emas, Jamila ham biz bilgan Jamila emas. Aks holda «u tizzadan bu tizzaga uchib qo‘nadigan» Jamila zahar ichib o‘tirmas, boyning erkatoy xotini bo‘lib, taqdirga ko‘nar, ko‘nibgina qolmay boshi ko‘kka yetgan bo‘lar edi.

Xolmat ham o‘z gaplarini gapirayotir. Faqat u «Boy ila xizmatchi»dagi boyning xizmatkori emas, «Burungi saylovlar»ning qatnashuvchilari ro‘yxatida aytilganidek «chapan kucher» Xolmatdir. U xo‘jayini Qodirqul kabi har qanday jirkanch ishlardan (birovning xotiniga ko‘z olaytirish, buzuqchilik, bachchavozlik) qaytmaydigan, buzuq odam.

Bu o‘rinda Hamza teran hayotiy mazmunni badiiy teran ifodalaydi, ya’ni kishini kishi ezishga asoslangan jamiyatda nafaqat boy, hukmdor tabaqa, balki kambag‘al sinflarning bir qismi ham aynishdan chetda qolmaydi. (Yana shuni aytish mumkinki, Hamza yetishgan bu teran mazmunni aqidaparast sotsialistik realizm shotirlari hazm eta olmadilar, ular boymi, albatta yomon, kambag‘almi, demak yaxshi qabilida fikr yuritib, jonli voqelikni andozaga solib tasvirladilar. Hamza bu aqidadan ancha balandda edi).

Shuning uchun «Boy ila xizmatchi»ning uchinchi pardasida hokim huzurida Xolmat «Hay, haqiqat bormi, Haqiqat?» deya isyon ko‘tarishi badiiy mantiqqa ziddek. Solihboyning hamsuhbat mahrami, xonaki masxaravozi, doim oshig‘i olchi bo‘lgan (hatto boy hali olib ulgurmagan Jamilaning vaslidan ham umidvor!) Xolmat nega isyon qilsin. Bunday xavfli qadam qo‘yish uchun «Sen kambag‘alsan, kambag‘alga qayish-da, xumpar!» kabi umumiy gaplardan kuchliroq hayotiy zarba darkor. Tiklangan nusxada Xolmat isyonining ichki sabablarini ochuvchi psixologik dalillar yetarli emas.

Psixologik dalillar haqida gap ketganda tiklangan nusxadagi yana bir o‘rin diqqatni tortadi. 50-60 yoshlardagi Solihboyning yagona chaqaloq o‘g‘li bor. Dahshatli fojia ro‘y berdi, hozirgina shu yagona farzand qaynoq suvda kuyib halok bo‘ldi. Ushbu daqiqalarda Solihboyning holati: «Boy (ko‘zini Jamiladan uzmay). Qanday otashi jon? Qanday malak bu? (Xotinlarga) yo‘qoling!.. Bu nima gap? Yana shuni ko‘rdim-u, o‘tday yonib turgan odam muloyim bo‘ldim-qoldim. Qara, qanday soz, qanday tiniq narsa bu? He, bu dunyo besh kun… Beshovi ham qora kun. O‘ynash kerak, kulish kerak. Qanday kelishgan nozanin bu?».

Shunday qilib, boy o‘likning issig‘i sovimasdan turib, Jamilaga «sevgi» izhor qiladi. Bu hol na insoniy mantiq, na badiiy mantiqqa mos keladi. Boy bu yerda har qanday insoniy tuyg‘udan mahrum maxluq holiga tushirilgan.

Balki K. Yashin (Hamzaning biror asarida yuqoridagidek, yoki shunga o‘xshash epizod yo‘q) Shekspirning Richard III tipidagi olamshumul nobakor obrazini yaratishni ko‘zlagandir. Ammo bunday vazifa ham Solihboyning qo‘lidan kelmaydi. U o‘rtacha odam.

Yaqinda taniqpi rejissyor Bahodir Yo‘ldoshev «o‘zbek teatri nega chet elga chiqmaydi?» degan savolni sharhlab, jumladan shunday dedi: «Bundan tashqari, asarni sahnada qanday talqin qilishda gap ko‘p. Agar faqat bir tomonlama yondoshib, ijtimoiy nuqtai nazardan boyni boy, yomon, kambag‘alni yaxshi deb talqin qilaversak, tomoshabin ham zerikadi. Shuning uchun har bir obrazni ham ijtimoiy, ham insoniy qiyofasini ochishga harakat qilish lozim».

Tiklangan nusxada Solihboyning insoniy qiyofasi aqidaparastlik oqibatida ijtimoiy mansubiyatga qurbon berilgan.

Ba’zi hamzashunoslar dramaning yozilgan payti 1918 yil ekanligi haqiqatga yaqinligiga qaramay, u 1917 yil oktyabrida yaratilgan degan fikrni olg‘a surishadi. Bu esa «o‘zbek adabiyotida sotsialistik realizm metodining qaror topish yilini xiyla oldinga surish ilinji»[1]dan boshqa narsa emas. Darhaqiqat, katta hamzashunos Laziz Qayumov dramaning tug‘ilish yilini bir yil oldinga surib olgach, yozadi: «Shunday bo‘lgach, o‘zbek adabiyotida sotsialistik realizm metodn 1917 yilda, Ulug‘ Oktyabr sotsialistik revolyutsiyasi arafasida Hamza Hakimzoda Niyoziy ijodida paydo bo‘lgan va juda tez tarqalib, o‘sha yillardayoq adabiyotimizning yetakchi metodiga aylangan, degan fikrga kelamiz»[2].

Bu yerda gap asl «Boy ila xizmatchi» haqida borayaptimi yoki tiklangan nusxa haqidami? Hammaga ma’lumki, dramaning asl nusxasi yo‘qolgan. Asarning suflyor variantiga suyanib bunday katta xulosaga kelish qiyin, albatta. Afishalar va maromnomalarda bayon etilgan umumiy mazmun hamda qatnashuvchi personajlarni bilish ham bunday yirik xulosaga kelish imkonini bermaydi, chunki afishada asarning asosiy nuqtalari, bosh syujet chizig‘i bayon etiladi, xolos. Demak, afishadagi mazmunga suyanib yuqoridagi xulosaga kelish mumkin emas. Shu bois dramaning tiklangan nusxasini asl nusxa o‘rnida qabul qildirishga urinayotganlarning asl maqsadi ayon bo‘ladi. Ular mumkin bo‘lmagan ishni qilmoqchi, ya’ni 1939 yil tiklangan nusxa vositasida inqilob arafasi o‘zbek adabiyotida sotsialistik realizm yetakchi metodga aylangan edi, degan tezisni isbotlamoqchi bo‘ladilar. Vaholanki, tiklangan nusxa faqat tiklangan davri mahsuli va shu davrning hujjati sifatida tan olinishi darkor.

Demak, mazkur xulosaning tayanchi «Boy ila xizmatchi»ning 1939 yil tiklangan nusxasidir. Shunday savol tug‘iladi; qanday qilib 1939 yilda tiklangan, adabiyotshunos Naim Karimov yuqorida eslangan maqolasida mutlaqo to‘g‘ri ta’kidlaganidek, «qayta ishlangan va tahrir etilgan nusxa» sotsialistik realizm 1917 yildayoq adabiyotimizning yetakchi metodiga aylanganini ko‘rsata oladi?

Uzoq zamonlarda bir dono podshoh o‘g‘liga nasihat qilgan ekan: kuching to‘lib-toshib ketsa ham zinhor haqiqatga qarshi borma, toptalgan haqiqat bir kun kelib belingni chiqaradi. Haqiqat esa shundan iboratki, 1939 yil qayta ishlangan nusxa inqilob arafasidagi emas, balki stalinchilikning dahshatli yillarida o‘zbek adabiyotida hukm surgan g‘oyaviy-psixologik atmosferani aks ettiradi.

1939 yil juda ma’nodor sana. Adabiyot egalari ur-kaltak qilingan xonadon singari huvillab, deyarli, ur-kaltakchilarning o‘zlari qolgan payt. Abdulla Qodiriy, Cho‘lpon, Fitrat kabi adabiyotimizning yirik namoyondalari go‘yo yo‘qlik qa’riga cho‘kishgan. Ur-kaltakchilar endi ulardan nom ham, nishon ham qolmaydi, asarlari abadiy taqiqda qolib ketadi, deb ishonardilar.

«Boy ila xizmatchi» dramasini qayta tiklash g‘oyasi paydo bo‘lishini ko‘pchilik, jumladan tiklangan nusxa muallifi K. Yashin ham Hamza tavalludining 50 yilligi munosabati bilan tuzilgan yubiley komissiyasining qarori bilan bog‘lashadi. Bu aslida hodisaning tashqi tomoni, fasad, xolos.

Asl sabab esa Stalin boshchiligida ishlab chiqilgan yangi metodga mos keladigan har bir milliy adabiyotda, jumladan o‘zbek adabiyotida namunaviy asar topish, bo‘lmasa yasash zaruriyatida edi. Ayni yasash kerak bo‘lib, qo‘lbola metodning hamma qoidalariga javob beradigan haqiqiy badiiy asar yaratish aslida mumkin emas edi. Jonli hayot jonsiz qoidalarga sig‘masdi.

K. Yashin «Davr ovozi» maqolasida «Hamza bu asarida… sotsialistik realizm printsiplariga monand ish ko‘rdi», deb yozadi. Shunga o‘xshash fikr boshqa hamzashunoslar ishlarida ham uchraydi. Bu fikr bir savolga undaydi: metod birlamchimi, ijod? Metod yaratilgan asarlardan kelib chiqadimi yoki metodning qonun-qoidalari, printsiplari asosida asar yaratiladimi? Meningcha, bunga hozir ko‘pchilik qo‘shilsa kerak, yaratilgan asarlardan kelib chiqib, metodning qonuniyatlari shakllanadi.

Ammo bu gap sotsialistik realizmga, «sovet san’atiga po‘latdan yasalgan sirtmoq solgan» (Boris Vasilev) metodga to‘g‘ri kelmaydi. Uning bosh maqsadi ijodiy erkin fikrni jilovlab, badiiy adabiyotni yugurdak, xizmatchi holiga tushirish. Shu ma’noda sotsialistik realizm adabiyot va san’at sohasidagi stalinizm deyilsa, xato bo‘lmaydi.

Tiklangan nusxa haqidagi gap hozirgi kunda printsipial ma’no kasb etadi. Stalinning insoniyat oldidagi katta jinoyatlaridan biri sinflar kurashiga haddan ziyod urg‘u berishidir. Sinfiy kurashning muttasil kuchayib borishi haqidagi mudhish «nazariya»ni o‘ylab topib, shu asosda dehqonlar va intelligentsiyaning katta qismini yo‘q qilish, og‘ir qiynoqlarga duchor qilish stalinizmning sovet xalqiga ko‘rsatgan «karomatlari»dan edi.

Tiklangan nusxadagi Jamilaning o‘limoldi hayqirig‘ida — «…Bolangni o‘ldirgan, xotiningni xazon qilgan boyning, butun boylarning jazosini ber. Zamonasiga o‘t qo‘y, yondir.» — 17 yoki 18-yilning emas, 39-yilning dag‘dag‘asi ko‘proq. Chunki bu so‘zlarni Hamza emas (Hamzaning Jamilasi sodda va tabiiyroq o‘ladi: «Oh, G‘ofir, san o‘ylama, Jamilam boyga qoldi, deb. Boyga men qo‘limni ham ushlatmadim. Sansiz bu hayot manga kerak emas»), Komil Yashin yozgan. Yozuvchilar uyushmasi minbaridan turib «Bitsin bizning oramizdan haydalgan va bizning adabiyotimizni buzishga uringan xalq dushmanlari — trotskiychi, buxarinchi, millatchi, aksil-inqilobchi Z.Said, Elbek, Cho‘lpon, Fitratlar»[3] deb xitob qilgan Komil Yashin.

Shunday qilib, sotsialistik realizm metodining namunaviy asari bo‘lish «baxti» qayta tiklangan «Boy ila xizmatchi» asariga nasib etdi. Bu o‘rinda Yashinning shaxsiy xizmatiga ortiqcha baho berish insofdan emas. Agar Yashin bo‘lmasa bu vazifani boshqa birov, masalan, Z. Said bajargan, balki shunda repressiyadan omon qolgan bo‘lur edi.

Lekin bu jarayonda Yashinning shaxsiy mas’uliyati ham borki, bu haqda quyida so‘zlaymiz.

Ma’lumki, dramaning asl nusxasi yo‘qolgan. Afishalardan tashqari asl «Boy ila xizmatchi»dan ikki nishona bor. Biri M. Buzruk Solihovning «O‘zbek teatri tarixi uchun materiallar» kitobiga kirgan bir parcha (u Hamza To‘la asarlar to‘plamining 3-tomida haqli ravishda dramaning asosiy mo‘tabar matni sifatida beriladi), ikkinchisi O‘zFA Abu Rayhon Beruniy nomidagi sharqshunoslik institutining qo‘lyozmalar fondida saqlanayotgan, hamzashunoslikda ko‘proq asarning suflyor varianti deb nomlanadigan nusxasi.

K. Yashin dramani tiklashda foydalangan manbalar haqida gapirganda suflyor nusxasi haqida bepisandroq munosabat bildirsa-da, «Boy ila xizmatchi»ning fabulasini tiklashda uning roli ancha katta bo‘lgan. Chunki bu nusxa kamchiliklaridan qat’i nazar dramadan qolgan nisbatan to‘liq yodgorlik bo‘lib, asarni tiklashda undan foydalanmaslik mumkin emas edi[4].

Shoir Miraziz A’zam «O‘zbek tili va adabiyoti» jurnalining anketasiga javob berib, jumladan «Sotsialistik Mehnat Qahramoni, akademik Komil Yashin Hamza ijodini targ‘ib qilishda qanchalik katta rol o‘ynagan bo‘lsa, uning ijodini buzib ko‘rsatishga ham o‘z hissasini qo‘shdi»[5] deb achchiq, ammo haqli gapni aytadi. U Hamza ijodini buzib ko‘rsatishga misol tariqasida Yashin «Boy ila xizmatchi» dramasini ishlab chiqqanda asarni shu qadar o‘zgartirib yuborganini keltiradi.

Miraziz A’zam masalani to‘g‘ri qo‘yadi. Ammo bizningcha, qayta tiklash jarayonining ba’zi jihatlariga yana e’tiborni qaratish lozimga o‘xshaydi. Shunday jihatlardan biri Yashin variantidagi Solihboyning xotinlari bilan bog‘liq voqealar va uning manbai, balki turtkisi masalasidir. Miraziz A’zam eslatilgan anketaga javobida «Hamzada Solihboyning xotini yo‘q, K. Yashinda uch xotin bor» deyar ekan, to‘liq haq emas. Asarning suflyor nusxasidan ma’lum bo‘ladiki, boyning uch xotini va besh bolasi bor (Qarang: Hamza. To‘la asarlar to‘plami, 3-tom, 180-bet). Ammo bu faqat ikki joyda aytiladi, xolos. Ishtirok etuvchilar ro‘yxatida boyning xotinlari yo‘q, chunki ular asar syujetida qatnashmaydilar. Shu nusxaning uchinchi pardasida boyning ichkari uyi tasvirlanadi ammo bunda ham boydan tashqari qo‘shmachi xotin Sifat buvi va G‘ofirning xotini Jamila qatnashadi, xolos.

Dramaning mazmuni bayon qilingan 1919 yil 25 oktyabrda chiqarilgan teatr afishasida ham boyning xotinlari haqida hech qanday ma’lumot yo‘q.

Keling, endi Yashin domlaning o‘zlariga murojaat qilaylik. Yuqorida eslatilgan «Boy ila xizmatchi» dramasi haqida» maqolasida u kishi ana shunday deydilar: «Boy ila xizmatchi»dagi hozirgi ikkinchi parda, ya’ni boyning mehmonxonasi bilan bog‘liq voqealar ham Hamzaning boshqa bir chala asariga tayanib, xuddi shu asosda jamlab ko‘rsatildi. Jamilaning to‘rtinchi pardadagi zahar ichib o‘lish kartinasini «Burungi saylovlar» va bo‘lak chala qolgan asarlariga tayanib turib kengaytirildi»[6].

«Hamzaning boshqa bir chala asari» qaysi, uning nomi bormi? To‘la asarlar to‘plamining 3-4-tomlaridan Hamzaning dramatik asarlari o‘rin olgan. Shu yerda tugallanmay qolgan asarlar ham berilgan, ammo ularning hech birida boyning xonadoni, xotinlari tasviri yo‘q.

Hamza tavalludining 100 yilligi munosabati bilan K. Yashin «Boy ila xizmatchi»ga bag‘ishlangan «Davr ovozi» degan maqola yozdilar. Unda dramaning tiklanish tarixiga yana qaytib, jumladan, yozadilar: «Shu tariqa sahnabop birinchi variant vujudga keldi va uni rejissyor Yetim Bobojonov bilan birga ko‘rib chiqdik. Biroq bu variant rejissyorni qanoatlantirmadi. Solihboy, G‘ofir, Jamila, Xolmat, Hokim, Ellikboshi, imom, mingboshi, Sifat buvi, qozi, pristav obrazlari bor, lekin Solihboy xonadonining ichki hayoti ko‘rsatilmagan, shuni ochib bermasangiz bo‘lmaydi, deb turib oldi.

Dramadagi Hoji ona, Xonzoda, Gulbahor, Rahima xola, Maston obrazlari Solihboy xonadonining ichki hayotini, undagi kirdikorlarni ochish, chirkinligini ko‘rsatish maqsadida vujudga keldi va asar birmuncha to‘lishdi»[7].

Tiklangan nusxadagi Solihboy xonadonining ichki hayoti bilan bog‘liq sahnalar Hamzaning biror bir asarida yo‘q ekan, demak, uni yo Yashinning o‘zi yozgan, yoki boshqa bir manbadan hech bo‘lmasa motiv tariqasida foydalangan, degan taxmin tug‘ilishi tabiiy.

Biz Yashinning «Davr ovozi» maqolasidan bilamizki, «Boy ila xizmatchi»ning sahnabop birinchi varianti bilan Solihboy xonadonining ichki hayoti tasvirlangan keyingi varianti orasida uncha ko‘p muddat o‘tmagan. Qisqa vaqt ichida Poshshooyim, Xonzoda, Gulbahor kabi har biri individual qiyofaga ega bo‘lgan obrazlarni yo‘q joydan bor qilish oson emasdi.

Meningcha, voqealar taxminan shunday kechgan. Yetim Bobojonovning Solihboy xonadonining ichki hayotini ko‘rsatish kerakligi haqidagi jo‘yali mulohazasi shunday fikr tug‘dirgan: To‘xta, otilib, nomi o‘chib ketgan «xalq dushmani» Cho‘lponning bosilib chiqqan romanida rejissyor aytganga o‘xshash epizodlar bor-ku, ulardan nega ijodiy foydalanish mumkin emas. Kim bilib o‘tiribdi, Cho‘lpon nomini tilga olish o‘lim bilan teng paytda, Cho‘lpondan o‘zlashtiribsan deyishga kimning yuragi betlardi.

O‘rta maktab o‘quvchilari, hatto oliy maktab talabalari ko‘pincha Yo‘lchi bilan G‘ofirni, Gulnor bilan Jamilani, Mirzakarimboy bilan Solihboyni, ba’zan Yormat bilan Xolmatni aralashtirib yuborishadi, qay biri «Qutlug‘ qon»dayu, qay biri «Boy ila xizmatchi»da ekanligini bilisholmay bosh g‘ovlatib yurishadi. Ayb, chamasi, o‘quvchi yoki talabaning xotira ojizligida emas. Ular bir-biriga egizak bo‘lishsa, o‘quvchida nima gunoh.

Darvoqe, ular nega bunchalik o‘xshash. Har ikki asar adabiyotimizning tan olingan namunalari. Yetakchi obrazlardagi o‘zaro o‘xshashlik ularning keyingi qadr-qimmatiga ta’sir ko‘rsatmaydi, deb o‘ylayman. Ammo…

Savol savolligicha qoladi. «Qutlug‘ qon» 1939 yili yozib bitkazilgan, xuddi shu yili Yashin domla «Boy ila xizmatchi»ni, o‘z gaplariga qaraganda, ustozning o‘ziga qattiq suyangan holda qayta tiklaganlar. Shunday ekan, nari-beri shubhalarga o‘rin yo‘q, Bu yerda bir sir bordek tuyulsa-da, o‘zaro o‘xshashlik tasodifiy deyishga majburmiz.

O‘tgan yili katta qarshiliklardan so‘ng «Sharq yulduzi» jurnalida Cho‘lponning «Kecha va kunduz» romanining birinchi kitobi bosilib chiqdi. Asar zavq bilan o‘qiladi, romanning sehrli olami sizni butkul chulg‘ab oladi. Faqat Akbarali mingboshi xonadonining ichki hayoti, uning xotinlari tasviriga kelganda kishini qiziq bir hissiyot chulg‘aydi. Bu tanish manzara-ku. Uni qayerda o‘qigan ekanman, deya xayol surib ketadi kishi. Ammo qayerda? Axir bu hodisalar «Boy ila xizmatchi»da sal o‘zgartirilgan holda dramatik yo‘sinda takrorlanmaydimi? Darhaqiqat shunday.

Demak, K. Yashin o‘zlari guvohlik berishlaricha, sahnaga mo‘ljallangan dastlabki variantda boy xonadonining ichki hayoti tasviri bo‘lmagan. «Solihboy xonadonining ichki hayotini, undagi kirdikorlarni ochish, chirkinligini ko‘rsatish»[8] drama tiklanishidan ilgariroq Akbarali mingboshi xonadoni timsolida Cho‘lponning «Kecha va kunduz» romanida amalga oshirilgan edi. Keling, Akbarali mingboshi va Solihboy xonadonining ichki hayotini solishtiraylik.

Dastlabki yalpi taassurotdan seziladiki, har ikki joyda motivlar, voqeani harakatga keltiruvchi ichki mayllar, deyarli, bir xil. Xususiy holatlardan bozori o‘tmay qolgan kundoshlarning o‘z eriga xotin, «baxtli» kundoshiga raqib izlashi, ularning romanda mingboshi tevaragidagi (Miryoqub, Hakimjon), dramada Solihboy atrofidagi odamlar (Xolmat, Latifjon) bilan bo‘ladigan ishqiy aloqalarini ko‘rsatish mumkin.

Ikkala asarda xotinlarning soni teng, xarakter-xususiyati ham ancha yaqin:

«Kecha va kunduz»da

Xadichaxon

Poshshoxon

Sultonxon

Zebixon

«Boy ila xizmatchi»da

Poshsho oyim

Xonzoda

Gulbahor

So‘ng: Jamila

To‘g‘ri, bu yerda farqlar ham yetarli. Ammo ular dramaning tiklangan nusxasidagi boy xotinlari bilan bog‘liq voqealarning Cho‘lpon romanidagi shunday holatlarga o‘xshashligini rad etolmaydi, zero har qanday nusxa ko‘chiruvchi, ayniqsa, u ijodkor bo‘lsa, ayrim ijodiy elementlar qo‘shishi, yangi matnga moslashi tabiiy.

Har ikki asardagi kundoshlar suhbatini olib ko‘raylik. Ularda tashqi mazmun turlicha bo‘lgani holda ohang va ichki harakat juda o‘xshash. Romandagi kundoshlar Xadichaxon va Poshshoxon suhbatidan:

«— G‘alati ekansiz. Kim ko‘ndiradi? Miryoqub akangiz-da…

— O‘zingizning akangiz…

— Hammamizning akamiz… »

Dialogdagi ikkiyuzlama, munofiqona ohang, kosa tagidagi nimkosa ma’nolar dramadagi kundoshlar Poshsho oyim va Xonzoda suhbatiga shunday ko‘chib o‘tganday. Buning ustiga yashiriqsiz behayolik qo‘shilgan:

«Xonzoda. …Boya bir erkak kishining tovushi eshitilganday bo‘ldimi?

Poshsho oyim. Xolmatjon degan kishi… Yuraklaringiz shuv etib ketgandir…

Xonzoda. Domla pochchamiz qur’on tilovat qilganlarida siz nima bo‘lsangiz men ham shu-da, aylanay…»[9]

Suiqasd voqeasi ham ancha o‘xshash, suiqasdning motivi ham bir xil — romanda mingboshining ikkinchi xotini ko‘proq merosga ega bo‘lish maqsadida kenja kundosh Zebini zaharlab, aybni Sultonxonga to‘nkashi (chunki yangi kundoshdan eng alamzada Sultonxon), shu bilan birato‘la ikki kundoshni oradan ko‘tarish. Dramada boyning ikkinchi xotini Xonzoda xuddi shu meros ilinjida boyni zaharlashni maqsad qilib, bunda Jamiladan foydalanishi.

Har ikki holda suiqasdga urinish xato ketganligi kuzatiladi. Romanda Zebixon o‘rniga mingboshi kuchala solingan suv ichib halok bo‘lsa, dramada boyga mo‘ljallangan zahar Jamilani nobud qiladi. Ikkala asarda ham suiqasdchilar ko‘zlangan maqsadga yetolmaydilar.

Ikkala xonadondagi muhitda tafovut bor. Drama janrining o‘ziga xos xususiyatlari hamda stalinizmning ayrim aqidalari (xususan, sinfiy kurash keskinlashib borishi haqidagi «ta’limot») ta’sirida asarda vujudga keltirilgan tarang vaziyat, Solihboy xonadonidagi noinsoniy ahvol (ba’zan bular — Solihboy, Hoji ona, Xonzoda va boshqalar — odam emas, yirtqich shekilli, deb o‘ylab qolasan) Akbarali mingboshi xonadonida yo‘q. U yerda voqealar maromi tabiiy, odamlar ham ahloqiy buzuqliklariga qaramay insoniy qiyofalarini yo‘qotmaganlar.

Solihboy xonadonida ikki taraflama, hatto uch taraflama terror (Solihboy, Hoji ona, Xonzoda) hukmronlik qiladi. Bu narsa xonadonda odam yashashi qiyin bo‘lgan o‘ta tarang asabiy holatni vujudga keltiradi. Bular bari to‘planib, ayniqsa, hozirgi avlod nazarida bunday holatning realligiga shubha uyg‘otadi.

Aytilganlardan ma’lum bo‘ladiki, tafovutlar qayd etilgan taqdirda ham o‘xshashliklar ancha jiddiy. Roman va dramaning ushbu o‘rinlari detalma-detal to‘g‘ri keladi deb bo‘lmasa-da, vaziyat va holatning umumiy konturlari o‘zlashtirilgani aniqqa o‘xshaydi. Natijada Solihboy xonadonining andozasi «Kecha va kunduz» romanidan olingan, degan asosli shubha paydo bo‘ladi.

Mazkur o‘xshashliklarni boshqacha izohlash, ya’ni davr va milliy shart-sharoitlarning mushtarakligi bilan ham tushuntirish mumkin. Bu fikrda jon bor-u, ammo bunday mushtaraklik turli asarlarda egizak holatlarning paydo bo‘lishini butunlay oqlay olmaydi. Zotan, talantning vazifasi, xususan bir davr, bir xil sharoit tasviridan turli hayotiy realistik manzaralar yaratishda emasmi?

Meni to‘g‘ri tushunishlarini istayman. Hech kim akademik yozuvchi Komil Yashinni ko‘chirmachilikda ayblamoqchi emas, menimcha, bu yerda yuridik muammo yo‘q. Ammo dunyoda yuridik qonunlardan tashqari ma’naviyat qonunlari, insof va adolat degan tushunchalar bor. Shunday ekan, keling, adolatni o‘z o‘rniga tiklaylik. «Boy ila xizmatchi» dramasini qayta tiklashda aytilgan manbalardan tashqari Cho‘lponning bilvosita xizmatini insof bilan tan olaylik. Shunda, meningcha, Hamzaning ham, Cho‘lponning ham ruhi shod bo‘ladi, adolat yana bir joyda tantana qiladi.

Masalaning nozikligi hamda bahstalabligi tufayli, xulosani hukm tarzida emas, qator savollar tarzida tuzish maqsadga muvofiq tuyuladi.

Shunday qilib:

1. 1934 yilda SSSR sovet yozuvchilari uyushmasining 1 s’ezdida sotsialistik realizm sovet badiiy adabiyoti va adabiy tanqidining asosiy metodi, deb e’lon qilinmaganda «Boy ila xizmatchi»ning tiklangan nusxasi vujudga kelarmidi?

2. Drama 1939 yilda tiklanib, so‘ng inqilob arafasida yozilgan sotsialistik realizmning birinchi asari, Hamza ijodining gultoji mavqeiga ko‘tarilishi mantiqqa zid emasmi?

3. Tiklangan nusxaning aqidaparast adabiyotshunoslikning ildiz otishida roli qanday?

4. Tiklangan nusxada Cho‘lponning «Kecha va kunduz» romanidagi ayrim motivlar istifoda etilgani va bu shu paytgacha yashirilib kelinganligi mutasaddi shaxslarga obro‘ keltiradimi?

5. Tiklangan nusxa qayta qurish va yangicha fikrlash zamonida Hamzaning xalq orasidagi obro‘-e’tiborini ko‘taradimi? U ba’zi hamzashunoslar ta’kidlaganidek, badiiy jihatdan mukammalmi? Hamza ijodiy merosining yaxlitligiga putur yetkazmaydimi, nihoyat, uning original ijodkor sifatidagi nufuziga soya tashlamaydimi?

Mazkur savollarga qanday javob berilishi hamzashunoslik bundan so‘ng qaysi yo‘ldan ketishini ko‘p jihatdan belgilaydi. Zotan, fan bo‘lishga da’vogar har bir soha haqiqatga intilmog‘i kerak, aks holda u soxta fan bo‘lib qolishi mumkin.

“Yoshlik” jurnali, 1989 yil, 11-son

 


[1] Naim Karimov. «Boy ila xizmatchi» dramasining ijodiy taqdiri. Hamea Hakimzoda ijodi problemalari (Tadqiqotlar), Toshkent, 1988, 58-bet.
 
[2] Qayumov L. Inqilobiy drama. Toshkent, 1970, 75-bet.
 
[3] «Yoshlik» jurnali, 1989, 6-son, 48-bet.
 
[4] Bu borada N. Karimovning «Boy ila xizmatchi»ning ijodiy taqdiri» maqolasida juda to‘g‘ri fikrlar aytilgan.
 
[5] «O‘zbek tili va adabiyoti», 1989, № 1, 18-bet.
 
[6] Komil Yashin. Asarlar, 5-jild, 42-bet.
 
[7] «Sovet O‘zbekistoni», 1989 yil 5 mart.
 
[8] Komil Yashin. Davr ovozi. «Sovet O‘zbekistoni», 1989 yil 5 mart.
 
[9] Hamza, TAT, 3-tom, 212-bet.