Vadud Mahmud. Bolalar tarbiyasi (1921)

Bolalar haftasi munosabati bilan bolalar tarbiyasi to‘g‘risida bir oz yozmoq foydadan xoli bo‘lmasa kerak.
Bizda bolalar tarbiyasi qadar ahamiyat berilmagan bir masala yo‘qdir. Shuning uchun kundan-kun har jihatdan qaror chekmakdamiz desak xato qilmag‘on bo‘lamiz. Bolalar tarbiyasi to‘g‘risida buzuqliklar shuncha ko‘bki, qay yeridan boshlamoq kishini obdiratadir.
Xoh bolalarning moddiy tarbiyasini olingiz, xoh ma’naviy tarbiyasini olingiz — tarbiya qonunlarig‘a muxolif bo‘lg‘on o‘runlari ko‘bdir. Biz tarbiyaga ahamiyat bermaganmiz. Holbuki, Payg‘ambarimiz bizga: «Al-ilmu ilmayni; ilmu abdan va ilmu adyan», deb ilmning turlarini aytmoq bilan bizga badan ilmi, ya’ni moddiy tarbiyani ma’naviy tarbiyadan, ya’ni din tarbiyasidan ajratib ko‘rsatmishlar.
Bizim eski tirikliligimizda badan ilmi birinchi darajani tutar edi. Biz avvaldan askarlikka ahamiyat bergan millatlarning birinchilaridanmiz. Bu tarix kitoblarini mutolaa qilg‘on har kishiga ma’lumdir.
«Turklar ot ustida yurar, ot uzarinda uxlar va o‘lar edi», degan so‘zlar tarix kitoblarining har qaysisida bor. Shu so‘zlar bizda badan tarbiyasining ne darajadaligini, ne darajaga chiqg‘onini ko‘rsatadir.
Hozirda bo‘lsa, askarlik nari tursin, badan tarbiyasining anchadan va boshlang‘ichlaridan mahrumdirmiz.
Bolalarimiz beshik degan bir narsaga bog‘lanadirkim, bu bolaning hanuz qotmag‘on miyasini aljitmaqdan boshqa ish qilmaydir. Bolani uxlatmaq maqsadi bilan beshik tebratishlar qanday mudhish, qanday yomon hollardir!
Shu moddiy tarbiya bahsinda ovqat masalasida… Bolalarimizning kissalarini hamisha mayiz va boshqa narsalar bilan to‘ldirib yurish va ularni qo‘llariga tushgan narsalarni yegizib turish sog‘liqni saqtamoq to‘g‘risida yomon ekanligi ma’lumdir.
Taomda vaqt tayin qilmasliq nihoyat yomon bir qiliqdir. «Hazm» kuch bilan bo‘lar, me’dani kuchsizlantirar. Kishining sog‘lig‘ig‘a zarar beradir. Bolalarni bir xo‘r qiladir.
Bu ma’naviy tarbiyaga ham xalaq beradir. Bolalar ochko‘z, erka bo‘ladirlar. Bu esa oramizdagi yomon odatlardan ekanligi har kimga ma’lumdir. Oyoq-qo‘llari egri-bukri, og‘zi-burni qiyshiq bolalar shundaqa tarbiyaning hosilidirlar. Bolalarimizning ma’naviy tarbiyasiga kelsak, mundan ham yomon hollarga uchraymiz. Bolalarni qo‘rqutqanda «ana ola po‘stak keldi, ana ola bo‘ji tovushi kelayotibdir, (o‘rusga beray olib ketsun bo‘lmasa)» degan so‘zlarimiz bolalarg‘a yomon ta’sir qiladir.
Muning ta’siri ancha-muncha emas, juda katta va ko‘bdir. Hatto shu ijtimoiy inqilob vaqtida o‘z huquqimizni ololmaslig‘imizg‘ada ta’siri tamoman shunikidir. Shu tarbiyaning ta’siridirkim, hali ham ovro‘paliklardan, o‘ruslardan qo‘rqamiz. O‘ruslarni rioya qilamiz, musulmonlarg‘a qilmag‘on hurmatlarni o‘rusg‘a qilamiz. Bu kichkina bir voqea va kichkina bir zarar emasdir. Bir mahkamada bir o‘rus bo‘lsa, qo‘rqub kirmaymiz. Oldimizga bir o‘rus emas, o‘rus kabi birov kelsa, ixtiyorsiz o‘rnimizdan turamiz, qo‘l qovushtiramiz.
Ko‘chada bolalarimiz bir o‘rusni ko‘rsa qochadir. Bir necha bolamiz bir o‘rus va yo ovro‘pali bolasi qo‘lida o‘yinchoq bo‘lib yuradir. Bizning tarbiyamizning shu o‘rni inqilobning bergan tengligidan bizni mahrum qilg‘ondir. «Sut bilan kirgan mizoj jon bilan birga chiqadir», degan maqol mazmunicha bu ta’sir bizdan o‘lmaguncha ketmaydir. Demak, biz shu ta’sir natijasinda hazircha tegizlik qonunidan zohiranda foydalanmaymiz. Bu hol munda tursin, bizning bolalarimizda shunday tarbiyadadirlar. Agar biz hozirda shu tarbiyani tashlab, yangi bosh-oyoq, sog‘ shijoatlik yonur kishilar yetishtirishka kirishmasak, bizdan so‘ng kelaturg‘on naslda shu ahvolda bo‘ladir.
Muning ilojini ko‘rish birinchi darajada ota-onalarg‘a va muallimlarg‘a tushadir.
Mana hozir yasalib turg‘on bolalar haftasi shunday kamchiliklarning ilojini qilish, yomon-yaxshi tomonlarni xalqg‘a anglatish uchun yasaladir.
Bu haftaga har bir kishining qo‘lidan kelganicha yordam ko‘rsatishi kerakdirkim, shu ahvolda bo‘lg‘on bolalarimiz o‘zlarining kelajakdagi dunyolarini, ya’ni adolat, musovat yoxud dunyosining haqiqiy homiysi va egasi bo‘lsunlar.

«Bolalar tarbiyasi» maqolasi 1921 yil 21 fevralda «Mehnatkashlar tabrigi» gazetasida bosilgan.