Hoji Muin. Yoshlar! Yurtning umidi yolg‘uz sizgadur (1920)

Birodarlar! So‘ng asrlarda olami islomning umuman, Turkistonning xususan boshindan o‘tkardigi fojealarni bir-bir sanasak, necha jidd kitob bo‘ladir va bu fojealarning boshlicha sababi bilimsizlik, jaholat, muhokamasizlik, bir-birovga sui zan (badgumonlik), bir-birovga ishonmaslik, biron kattaroq yo mo‘ysafid odam har nima desa ani Xudo tarafindan kelgan vahiydek bilmaklikdan iborat edi. Nodonligimiz shu darajadadirki, asrlardan beri islom olami, Sharq dunyosining boshig‘a qanday falokatlar keddi, bu falokatlarning sababi kimlar va nima edikini bilmaymiz. Holo ham bilmaslikimizga davomat qilmoqdamiz. O‘tgan asrlarni bir yoqqa qo‘yayluk, yolg‘uz shu keyingi to‘rt-besh yilda Turkistonda nimalar bo‘ldi, xabarimiz yo‘q. Holbuki, oramizda mundan oltmish yil burungi hollarni ko‘zi bilan ko‘rgan, rus hukumati mustabidasi bilan muloqot voqealarda ishtirok qilg‘on qariyalarimiz ko‘b. Lekin bechora qariyalarimizdan u fojealarning sababini so‘rasak, «Falon odamlar ruslarg‘a til berdi, falon avliyoning ruhi koyidi yoki falon devona aytdiki, xizr Ilyos rus askarlarig‘a peshdorlik qilmoqdadur. Shuning uchun taslimdan boshqa chora yo‘q edi…»dek safsata so‘zlar so‘zlaydilar.

Haqiqat hol nima ekanligiga bir misol bo‘lsun deb, qisqagina bir narsa yozaman. Rus askari Turkiston hududini oshib, Avliyootani ishg‘ol qilayotgan vaqtinda mag‘rur amir Muzaffarning yakka maqsadi Xo‘qand xonlikini mahv etmak edi. Aning zimnicha, Xo‘qand xoni xilofi shar’iy ishlar qila emish. Shuning uchun shariatning yagona egasi bo‘lg‘on Buxoro hukumatiya Xo‘qand xonlig‘ini maxv etmak farz emish. Xo‘qand xonlig‘i esa goh Xudoyorxonning tarafini olib, goh Musulmonqulig‘a pabro‘lik qilib, goh bilmam qaysi eshoni miyonning istihorasig‘a imon keltirub, bir-birovini so‘kmak bilan ovora edi. Ish shu darajaga yetdiki, rus qozoqlari Toshkand shahrini ishg‘ol qildig‘i vaqtda, amir Muzaffar shariat ismindin Xo‘qandni talamoq, xotun-qizlarni nomussiz qilmoq bilan mashg‘ul edi. Aning zimnicha, birinchi fursatda Xo‘qand aholisidan o‘ch olmak lozim edi. Ammo ruslar bo‘lsalar, shariat ismindan muhoraba qiladurgon amir Muzaffar askarining qarshusinda tura olmay, Orenburg‘dan nari yoqg‘a qochishi anig‘ edi.

Lekin ish amir Muzaffar o‘ylag‘oncha chiqmadi. Toshkanddan keyii Xo‘jand, O‘ratepa, Jizzax, Yangi Qo‘rg‘on, Samarqand biri orqasindan biri keta boshladi. Bu vaqt e’tiqodlar boshqalandi, bu mag‘lubiyatlarning sababi, hikmati izlandi: «Rus askarining oldayinda xizr Ilyos, bilmam yana qaysi dajjol rahbarlik qila emish. Shuning uchun bu mag‘lubiyatlarg‘a biz turkistonlilarniig hsch daxlimiz yo‘q emish».

Ba’zilarning zimnicha, buning sababi o‘zimizning a’moli badimiz emish. Darvoqe, bu bir daraja to‘g‘ri fikr. Lekin masala, bundagi qaysi qism amali badimiz bunda bir qism ishlarda gunohkor bo‘lur. Lekin bu gunoh o‘z shaxsiga oid bo‘ldig‘i uchun aning jazosi qiyomatda mavqufdir. Xudo xoxlasa bag‘ishlar, xohlasa jahannamga yuborur (u shariat hukmi). Ammo bir qism gunohlarga banda aning jazosini shu dunyoda ko‘rur. Misol, ilmsizlik, yomon axloqdek gunohlar.

Maaltaassuf, bizning muhtaram faxriylarimiz u fojealarimizga avvalgi qism gunoxlarimizni sabab ko‘rsata edilar. Ammo, darhaqiqat, oxirgi qism gunoxlarimiz, ya’ni nodonligimiz sabab edi. Nodonlik bir gunoxdirki, aning jazosini har kimsa shu dunyoda ko‘rmakga majburdir.

U falokatlarning haqiqiy sabablarini tushungan, ish qo‘ldan ketmasdan burun iloj va chorasig‘a fikr yuritgan ba’zi bir odamlar bor edi. Lekin u bechoralarning qaysisi tilchilik, qaysisi hukumatga xiyonat, qaysisi Xo‘qand xonlig‘i, balki Shahrisabz bekiga josuslik gunohlari bilan kesildilar, osildilar, zindonlarg‘a solindilar.

Ulug‘ Turkiston parcha-parcha bo‘lub, rus qozoqlari oyog‘i ostinda ezilgandan keyin ham, biz burungi ahvolimizga davomat qildiq. Kelasi kunlar uchun hech bir hozirlik ko‘rmaduk. «Bu hol bilan ketabersak, bir kun dunyo yuzindan mahv va munqariz bo‘lurmiz. Shuning uchun fursat o‘tkarmasdan ilm va ma’rifatga yopishmog‘imiz kerak», deb oramizdan chiqib bizga nasihat bergan mutafakkirlarimizni yana Buxoro amirining, Buxoro ulamosining ish va so‘zlarini o‘zimizga dalil qilib, shariat ismindan jonimiz boricha ilm va maorifg‘a qarshu turduq. Agar bizga aql va muhokama bo‘lsa edi, ellik yillik asorat zamonida chor hukumati bizni qancha qissa ham yana Turkistonning har shahrinda yuzlarcha ilmlik odamlar yetishdira olar edik. Bu inqilob zamoninda munchaliq xatolar, (odamsizlik)ga uchrab, falokatlarga giriftor bo‘lmas edik.

Emdi kelayluk inqilob zamonig‘a: biz bu narsaga hozir emas ekanmiz, buyuk Rusiya inqilobi boshlandi. Yana o‘shal mo‘isafidlarimiz, qarilarimiz, ulamomiz maydong‘a otildilar. Har narsani o‘zlari bildikicha yuritmoqchi bo‘ldilar. Tabiiy, bularning bildiklari narsalar mundan ellik yil burundagi odamlarning bildiklarindan oshuq emas edi. Yoshlarimizg‘a kelsak, bularning bir qismi qarilarimizning asorati ostinda edilar, bir qismlari durust tarbiyalari, yetarlik ilmlari va tajribalari bo‘lmadig‘i uchun jiddiy ishlar, inqilob toshqunlarini bajara olmas bir holda edilar.

Kerinskiy zamoni o‘tdi, ishchilar davroni keldi, lekin yana biz olami hayratda na deyishimizni, nima qilishimizni bilmasdan sarson edik. Qarilarimiz va tajribakorlarimiz «15 kun, bir oyda sho‘rolar hukumati yo‘q bo‘lur», deb hukumatg‘a yaqinlashmadilar va yaqinlashganlarga shariat ismindan, bilmam, qaysi imon karomatindan qo‘rqub yo‘l bermadilar.

Inqilob o‘sdi, Rusiyani butun ishg‘ol qildi, ikki yilni to‘ddurub uchinchi yilg‘a qadam bosdi. Moskov yo‘li ochilib, Turkistong‘a insoniyatparvar o‘rtoqlar rahbar bo‘lib keldilar. Turkiston aholisig‘a ota-bobolarining eslariga kelmagan haqlar berildi. Bu haqlarga ega bo‘lmoqqa yaraydigan yigitlar yetishtirmak uchun maktablar ochildi. Milliyunlar bilan oqcha sarf qilindi va sarf qilinmoqdadir. Asoratdan qochib vatanlarig‘a borayotgan usmonli qondoshlarimiz bizning jaholatimizga jonlari kuyib, muvaqqat bo‘lsa-da, bir necha kun bizga rahbarlik qilmoq uchun Turkistonda to‘xtab fidokorona xizmatlarga kirishdilar. Usmonli qardoshlarimiz yolg‘iz ilm jihatdangina emas, hatto, hukumat va firqa ishlarig‘a kirishib siyosiy jihatdan ham bizga rahbarlik qilmoqdalar.

Osmondan tushgan shuncha davlat, shuncha taxt, shuncha huquq, shuncha imtiyoz muqobilinda biz nima qilayotirmiz? Biz yana 50 yil burundagi eski jaholatimiz, eski suizanimiz (badgumonlik), eski soddaligimiz (ta’biri ma’zur ko‘rilsun) eski akdsizligimiz bilan har narsaya o‘zimizcha ma’no berib, xalqni tashvishga, yoshlarni jaholat va axloqsizlikga solib shundoq g‘animat va tor bir fursatni bo‘sh o‘tkarib, turkistonlilarning kelasi kunlari uchun go‘r qazmoqdamiz.

Xotirlarga bo‘lsa kerak, o‘tgan yil maktab bolalarini fanniy sayohat uchun ro‘yxat qilayotgondagi «bizning bolalarni soldat qila emish», deb 8-10 yashar bolalarni maktabdan qochirub bog‘larg‘a eltib yoshurdik. Tahriri nufus (aholini ro‘yxat) vaqtinda «Xudo urdi! Soldat bo‘lib o‘larmiz?» deb yigitlarimizni Shahrisabzlarg‘a, Qarshilarg‘a, Buxorolarg‘a qochirduk va necha kun oradan o‘tdi, hech kim soldatliqqa olinmadi. Hudud qoravullari qo‘llarig‘a tushib turmada qamalg‘on yigitlar ham ozod qilindilar. Shahrisabzga qochgonlar oyog‘lari shishib, balolarga giriftor bo‘lib «bozordan qaytg‘on inak»dek takror Samarqandga keldilar. Bularg‘a ham «Qayerg‘a ketib eding!», deb hech kim bir narsa so‘ylamadi, bu aldang‘on qochqunlar ko‘b zararlarg‘a, ko‘b falokatlarg‘a uchradilar. Ko‘b aqchalari sarf bo‘ldi, Samarqandtsa xotun-bolalari kishisiz qoldi. Ba’zilari, ustiga ustak, Shahrisabzda 50 tayoq shalloq ham yedilar. Har nima bo‘ldi-o‘tdi. Yana Vatanlarig‘a keldilar. Lekin bularni ig‘vo bilg‘on nodonlar, bularni qochurg‘on qarilar, bularni shuncha falokatlarga uchratgan otalar qilg‘on ishlaridan hech uyolmadilar. Uyolmoq nari tursin, u noloyiq ig‘volarindan ibrat olib, mundan buyon aql bilan ish qilmoq, muhokama qilib so‘z so‘ylamoqni ham o‘rganmadilar.

Muncha uzun-uzun so‘z so‘ylab, o‘quvchilarning boshlarini og‘ritdigimga sabab bo‘lg‘on kichkinagina bir hikoyatni arz qilaman. Ma’lumki, 1919 yil yoz faslindan boshlab Samarqand ham ilmga intila boshladi. Maktablar tartibga qo‘yildi. Mutaadtsid qurslar ochildi. Bu ishlarga usmonli qardoshlarimizning, xususan, eski shahar maorif mudiri Sulaymon Somiy afandining fidokorona xidmatlari saboqot qildi. O‘quvchilar o‘zlarini xalq nazarig‘a ko‘rsata boshladilar. Xususan, «Oltoy darnagi» qursining shogirdlari butun Samarqand aholisining diqqatlarini jalb qildi. Bu jamiyatning gimnastiq, musiqa va tiyotru uchun boshqa-boshqa to‘dasi bordir. Shu kunlarda musiqa to‘dasi bir necha sharqiylarni no‘tasig‘a tabiqot cholmoqdadir. Bu musiqani doira va naqoradan iborat bilib yurgan, yovrupolilardek musiqa chalishni, yovrupolilarg‘a maxsus bir horqa gumon qilib kelgan biz samarqandlilarga katta ishdir. Buning uchun qancha quvonsak haqimiz bor. Lekin ishning ijoboti boshqa o‘rinda, «Oltoy darnagi»ning musiqa to‘dasi a’zolarindan birining onasi o‘g‘lining yovrupolikdek musiqa chalishini ko‘rib, o‘z qisqa aqli bilan yo boshqa bir nodonning ig‘vosi bilan «Xudo urdi, endi o‘glim soldat bo‘ldi», deb hukm qilmish. Go‘yoki bularg‘a musiqa o‘rgatib, fruntg‘a yuborur emishlar. Yo‘qsa, yovrupolilardek musiqa chalmoq nimaga kerak emish. Shul e’tiqodg‘a binoan o‘g‘lini shahrimizg‘a qochirmoqchi bo‘lmish… Ay ahmoq bobo! Agar sho‘rolar hukumatining fruntlari saning o‘g‘lingdek uch sharqiyni zo‘rg‘a chaladurg‘on o‘n ikki nafar samarqandlikka muhtoj bo‘lsa edi, qachonlar sho‘rolar dunyoda yo‘qolib, san va man xotun-bolalarimizgacha vahshiy mutaassiblar, ajnabiy askarlar qo‘l ostinda ezilib, mahv bo‘lur edik. Sho‘rolar hukumatining ikki milliyundan oshiq askari va shunga munosib dastalari bor. Saning o‘g‘lingdek «nonxo‘r sarzabodiy» hech kimning gazakiga doru bo‘lmaydur. O‘tgan yildagi ahmoqliklarni esingga ketur. Jondek gunohsiz o‘g‘lingni vahshiy hamsoyalar qo‘lig‘a o‘z qo‘ling bilan topshirma!

Yoshlar! Ay yosh yigirmadan oshgan birodarlar, sizlar bundan buyon mundaqa ahmoqlarning so‘zlarig‘a quloq solmang. Bu fursatlarni g‘animat bilib, ilm yo‘lig‘a yuguring. Vataningiz, bu bekas Vataningizning dardiya davo bo‘ladurgon er va olim yigitlar bo‘lmoqqa cholishing!

O‘tgan yil shundaqa og‘ularg‘a aldanib vatandan qochg‘an, yo‘lda ushlanib, turmalarga qamalgan bir necha birodarlaringiz bu yil sizning jamiyatingizning ishlikli eng faol yigitlaridandir. Ularning eslariga o‘tgan yildagi voqea tushsa qizarib, uyolalar, u ishlarga sabab bo‘lg‘onlarga nafrat bayon qilalar.

So‘zning qisqasi: bizga nodon odamlarning maslahatindan zarardan boshqa narsa tegmaydur. U odamlar mundan so‘ngra aqlg‘a ham kelmaydurlar. Siz o‘z pok vujudingiz, g‘arazsiz ko‘nglingiz bilan ish qiling! Yoshlar! Yurtning umidi yolg‘iz sizgadir!

«Mehnatkashlar tovushi» gazetasi, 1920 yil, 15 fevral