Hoji Muin. Tibb va hifzus-sihhatda rioyatsizligimiz (1914)

Dini mubini islom, ko‘b amrlarda (tahorat, namoz, g‘usl…) kabi jumla musulmonlarni nazofat va pokizalik ila yurmoklarig‘a buyurub va shuning uchun «Buniyal-islamu alan-nazafati» – (Islom poklikka qurilgan – N. N. ), «An-nazafatu shatr ul-imon» – (Poklik imonning bir bo‘lagidir-N. N.) demishdur. Mundan boshqa necha oyat va hadislar mazmunidan hifzi sihhat qoidalarig‘a rioyat etub libos, taom, uy, hatto ko‘chalarni pokiza tutmog‘imizning lozimligi anglashilg‘on holda bizlar bul xususda hech birisig‘a ahamiyat bermay, kiru ifloslik ila maishat etib, o‘zimizni turli dardu balolarg‘a giriftor va nobud etmakdamiz. Kunda o‘n martaba bo‘lsa ham taom yeyarmiz. Uning mijozimizg‘a foydalik yoki zararligini hargiz o‘ylamaymiz. Holbuki, aksar xastalik bemavrud va yo zararlik taom yemoqdan paydo bo‘lur. Suv icharmiz va aning mikrub (mayda qurt)lari va nopokligig‘a diqqat etmaymiz. Holbuki, aksar havuzlardagi suvning yarmi qurt bo‘lub, rang, bo‘y va mazasi ham tag‘yir tobgandur. Munday suvning qo‘b dardlarg‘a sabab bo‘lishi ma’lumdur. Buxoro aholisining aksariyat ila (dardchil va rishta) xastaligig‘a mubtaloliklari iflos suvlarni ichmoqdan bo‘lsa kerak. Yana bizlarning jaholatimizdin nash’at etgan bir odatimiz borki, mabodo kasal bo‘lub qolsak, muolaja uchun folbin, qabriston va azayimxonlardan maslahat va shifo istab behuda yerda necha so‘mlardan ajraymizki, agar bu oqchalarni hoziq, tabib – duqtur va kerakli dorularg‘a sarf kilinsa, darddin shifo topmak umidliroqdir. Holbuki, folbinlar so‘ziga ishonmoq shar’an durust emas. Bas, alarning so‘zi ila amal qilmoq qayda qoldi? Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallamning xastalar uchun tabiblarg‘a murojaat etmoqg‘a buyurganlari, hatto o‘zlari ham tabiblardan doru so‘ragan-lari marviydur. Burungi asrlarda ulamoi islom tib va hifzi sihhat xususida necha kitob yozib, bul muborak fanning tavsi’ va takmilig‘a xeyli xizmat etmishlar. Ammo bu zamonda bizlar tib va tabiblardan qochib, folbin, rammol, qabriston va duoxonlarg‘a sig‘inamizki, bu ish tarix va ulumi lozimadan xabarsizligimizning alomatidur. Durust, hozirgi musulmon tabiblardan qochmoqqa ham haqqimiz bor. Chunki bularning ko‘bisi ilmi tibdan bexabardurlarki, dardning zo‘raymog‘iga va xastaning tezroq oxiratga safar qildurmoqg‘a sabab bo‘lmoqdan boshqa hunarlari yo‘qdur. Bularning maqsadi esa pulg‘a doru sotmoq va shuning ila tirikchilik etmoqdur. Lekin hakiqiy tabib va do‘qturg‘a ruju’ qilmoq keraqdur.

«Oyna» jurnali, 1914 yil, 33-son