Hoji Muin. Oxir zamon alomatlari (1923)

Eski «Aqoid» kitoblarimizda yozilg‘ondurkim, zamona oxir bo‘lib, qiyomat yaqinlashmoqda. «Ya’juj-ma’juj» degan bir jamoa maxluq paydo bo‘lib xalqning tinchlig‘ini buzib, dunyoni xarob etishga tirishadirlar.

Oradan ko‘p vaqt o‘tmay, har yerda «barkamol osoyish» bo‘ladir. «Ya’juj-ma’juj» jamoasining qanday maxluq ekanligi to‘g‘risida «ulamoi islom» orasida ixtilof ko‘bdur. «Maxrib ush-shariat» degan mo‘tabar bir kitobda o‘qig‘onimizg‘a qarag‘onda, shul «ya’juj-ma’juj» toifasi haqida yozilg‘on ba’zi sifatlar yuzdan shona – ostdan fona uraturg‘on «mustamlakachi» o‘rtoqlarimizning sha’nig‘a to‘g‘ri keladur.

Yana o‘shal kitobda: «Nasriddin Tantanoni»dan rivoyat etadurlarkim, zamona oxir bo‘lg‘onda Turkistonda, ayniqsa, Samarqandda «jadid» tanasidan eshon va avliyolar chiqib, xalqqa turlik karomatlar ko‘rsatadurlar va shuning bilan kunda bir necha murid ovlaylar. Oxirda, «jadid» ismi xalq orasida ko‘tarilib, uning o‘rnida «taraqqiyparvar», «maorifparvar» ham «yoshlar» ismlari bilan «buqalamun» fikrlik zotlar paydo bo‘ladi.

Bu zotlarning bir bo‘lagi turli chatoq yo‘llar bilan oqcha to‘plab, bor-yo‘g‘ini to‘yga sarf qiladurlar. Maorif uchun hech miri bermaydur. Bir qismi «Nashri maorif» uchun jaholatga qarshi «muttahid frunt» ochib, qo‘shinsiz urush boshlaydurlar. Yangi tantanalik quruq qarorlar bilan mashg‘ul bo‘ladurlar.

«Majmuiyi safho» degan kitobda yozg‘oniga ko‘ra, oxir zamonda Turkistonda «mahkamai shar’iya»lar ochilib, bu mahkamaning ishlarini bir vaqt kofirlik otini ko‘targan jadid sinfi boshqaradir. O‘lib ketgan vaqflar qaytadan tirguziladur. Vaqf oqchasi maktab va maorif yo‘lida sarf qilinadur. Bu voqeadan ko‘p vaqt o‘tmay, qorinparvar mullalar bilan taraqqiyparvar jadidlar orasida vaqf ustida katta janjal chiqib, natijada barcha vaqflar «nahang» komiga ketadur.

«Yoshlar»ning kecha-kunduz xizmatlari oshamoq, «tutash»larg‘a yondashmoq va oxiri yo‘ldan adashmoq bo‘ladir. Xotin-qizlarning yuz pardalari ochiladur, sharm-hayolari qochadur. Iffatliklari siyrak qoladur.

Buxoro o‘lkasida amir Olimxon hazratlari «shahid» etiladur. Uning har bir tomchi qonidan yuz «juvonboz» paydo bo‘ladur. Ming dohiy dunyog‘a keladur. Kechalarni bazmsiz o‘tkazgan uylarg‘a jarima solinadur. Pora olmag‘on amal-dorlar yurtdan badarg‘a qilinadur. Oxiri, faqir xalqning hammasi jonidan to‘yib, bosmachiliqqa yozilib, dalag‘a qochib ketadur.

Mana, sizga oxiri zamon alomatlaridan bir necha timsol. Bu so‘zlarning barchasi yuqoridagi mo‘tabar kitoblardan naql etiddi. Har kim shak keltirsa – kofir bo‘lg‘ay.

«Qahat ul-uqalo» degan bir kitobda Samarqand mahkamai shar’iyasi xususida boshqa xil ma’lumot berilgan. Bunda yozilg‘onig‘a ko‘ra, Samarqand mahkamai shar’iyasi xalqning namoz o‘qishi to‘g‘risida ayrucha ahamiyat beradur. Chunonchi, har kim o‘zining mahallasidagi masjidga jamoat namozig‘a sahvan chiqmay qolsa, uni birinchi qatla olti, ikkinchi qatla sakkiz oy qamoqqa hukm etadur. Uchinchi daf’adan uni shahardan chiqarib haydaydur. Toki, ul benamozning kasofatidan bir shahar xarob bo‘lmag‘ay.

«Maqobir ul-ag‘niyo» degan kitobda Abu Nizom al-Mag‘ribiy al-Masturiy yozadikim: qiyomat yaqinlashg‘onda, boylardan xayriyat, kambag‘allardan kuch, dehqonlardan barakot ko‘tariladur. Jadidlar namozdan, qadimlar maorifdan, hukumatlar adolatdan qochadurlar. Maorif idoralarida oqcha, maktablarda o‘quvchi, muallimlarda ta’lim qochadur. Oxir zamon olimlari amalsiz, boylari hamiyatsiz, shoirlari she’riyatsiz, muharrirlari savodsiz, gazetalari obunasiz, matbaalari hurufsiz, murattiblari tartibsiz, idoralari doirasiz, tabiblari dorusiz, hakimlari hikmatsiz, eshonlari ishonchsiz, muridlari ixlossiz bo‘ladurlar.

Bulardan boshqa: bu zamonning har bir jonlik va jonsiz narsalariga tog‘ kabi og‘ir solikdar solinadurkim, natijada do‘konlar yopila-yopila sonlari ozayadur. Hayvonlar so‘yila-so‘yila etlari yeyiladur. Kambag‘allar ezila-ezila dunyog‘a vido’ aytadurlar. Soliqlar qancha ko‘paysa, bozor baholari o‘shancha tushib, oxiri qog‘oz-oqcha bilan oltun, og‘a-inidek bir-biriga qovushadur. Zolim «Nikolay» zamonida bo‘lg‘on arzonchilik parisi qaytadan dunyoga kelib, xalqqa muhibona salom beradur. Bu rohat va saodat davri qo‘b davom etmay, ketidan «dajjoli lain» dunyog‘a chiqib qo‘b o‘zgarishlar yasaydur. Shuning bilan odam bolasi murod va maqsadiga yetadur-da, so‘ngra birdan qiyomat qoyim bo‘ladur. Shuni ham yozib o‘taykim, kiyomatdan bir kun ilgari Turkistonda imlo masalasi «hal» etilib, Qur’on yangi imlo bilan yoziladur. Soliq ishlari shuncha taraqkiy etadurkim: kambag‘al ishchi-dehqonlar hovuzlarida vaqqillayturg‘on qurbaqalarga ham soliq to‘lashga majbur bo‘ladurlar. Faqat daraxtlarga qo‘nib uchaturg‘on qushlar uchun soliq to‘lashdan maof etiladilar.

Bu so‘zlarga shak keltirgan kishi kofir bo‘lmasa ham, lekin «Gepoluv» tomonidan turlik sinflar ichida yoshirun suratda qurilg‘on sonsiz oq tuzoqlarga bir kun oyog‘i aylanib, «borsa kelmas» shaharg‘a yuboriladur.

«Zarafshon» gazetasi, 1923 yil, 11 fevral