Hoji Muin. G‘azeta o‘qimoq manfaati (1911)

Biz turkistonlilarg‘a g‘azeta o‘qumoq u qadar rasm va taomil emas. Agar g‘azeta o‘qumoqning manfaatini bilsa eduk, yoki g‘azeta o‘qub ma’nosig‘a tushunsa eduk, hatto bir nafas o‘lsun g‘azeta mutolaasidin voz kechmas eduk.

G‘azeta o‘qumoq u qadar lazzatli shaydurki, buning lazzatini faqat qalam ila tasvir qilib bo‘lmas.

Lekin g‘azeta o‘qub lazzat topmoq uchun tarix va jug‘rofiyadan xabardor bo‘lmoq kerak. Chunonchi, bu kuntsagi Turkiya ila Italiyo so‘g‘ushig‘a mutaalluq xabarlarni o‘qub anglamoq uchun bu ikki davlatning, filjumla jug‘rofiyasi ila tarixini bilib, mavqe’i muhoraba xaritasini ko‘z oldig‘a tutmoq kerak. Shunday bo‘lmag‘on holda g‘azeta o‘quvchi o‘qigan xabarlaridin istifoda eta olmaydur. Bizning xalq aksariyat ila g‘azeta o‘qumaylar. G‘azeta o‘quvchilaridan ham o‘n nafaridan to‘qqizi g‘azetadan lozim darajada istifoda qila olmaydur. Chunki tarix va jug‘rofiyadan ozg‘ina o‘lsun xabari yo‘q. Hatto o‘z baladasini jug‘rofiyasini ham bilmas.

Bilmoq kerakkim, g‘azetalarni yaxshi va istifodalisi o‘ldig‘i kabi istifodasizligi ham bo‘lur. Shuning uchun g‘azeta o‘quvchi bul xususda diqqat ila g‘azeta intixob qilmog‘i kerak.

Bir davlat yoki bir millatni maorif va sanoi’ to‘g‘rusinda na darajada edikini bilmoqchi bo‘lsangiz, jug‘rofiya va g‘azeta vositasi ila bilursiz.

Xulosa, jug‘rofiya va g‘azeta bir oinai jahonnamodurki, tamom harakat va ahvoli ahli ilm bularning vositasila bilinib turadur. Bularni va tarixni o‘qugan kishi bir millatning taraqqiysi va yo inqirozi nalar ila o‘lajag‘ini kamokona bilur.

Va bundin so‘ng din va millatni yaxshi ko‘raturgan bo‘lsa, taraqqiysi uchun mumkin qadar har bir choraya tashbish edar.

Bizning Turkistong‘a esa hatto bir dona o‘lsun milliy g‘azeta yo‘qdur. Bizning hayotsizlig‘imiza va ham maorifi zamon va sanoi’i jadidadan butun bebahra o‘ldug‘imiza shul bir dona milliy g‘azetaya molik o‘lmadig‘imiz dalil bo‘lsa kerak. To bir milliy g‘azetaya molik bo‘lg‘uncha, biz ushbu «Turkiston» g‘azetasig‘a maqolalarimizni yuborib turarmiz.

Har kim har na desa desun, biz o‘z maslakimizda xidmat edarmiz.

Maqolamizni g‘azetig‘a darj etdiki uchun sohibidin ham minnatdormiz.

«Turkiston viloyatining gazeti»,

1911 yil, 24 noyabr