Hoji Muin. Askarlik to‘g‘risida (1923)

Askarsiz millat jonsiz gavda hukmidadir. O‘zining yerlik xalqidan askari bo‘lmagan bir yurt qo‘rikchisiz bir istehkom kabidir. Askarlik bir millatning hayot-mamot masalasini hal qilish uchun zo‘r ro‘llar o‘ynaydurg‘on bir kuchdir. Har bir yengish va yengilishning boisi askardir.

Nikolayni taxtdan tushirgan – askar, sho‘rolar hukumatini bu kungacha muhofaza qilib kelgan ham askar bo‘ladi, Buxoroda zolim amir hukumatini yiqitg‘on – askar, Turkistonni bosmachilardan qo‘riqlab kelgan ham askar ekanligi belgilidur. Turkiston turklari ham bir vaqt urushqoqliqda mumtoz va mashhur edilar. Faqat bu so‘ngg‘i asrlarda o‘zlarining askariy kuchlarini Ovrupa jahongirlariga qarshi tashlamay, o‘zaro urushg‘a sarf etdilar. Oxiri, ularning yurtimizni istilo qilishlarig‘a sabab bo‘ldilar. Shuning uchun bundagi xalqda bora-bora askarlik ruhi so‘nib ketdi.

O‘ktabr inqilobining barakotidan bizda yana askarlik qo‘zg‘ala boshlag‘on bo‘lsa-da, lekin biz bu fursatdan istifoda qila olmadik. Ya’ni 20-yildan boshlab tashvi-qot va tadbir yurguzmay, birdan dahshatlik suratda yerlik xalqdan majburiy askar olib, natijada xalqni hukumatdan nafratlantirdik. Shuning bilan barobar oling‘on askarlarning ham qochishig‘a o‘zimiz sabab bo‘ldiq. Xalqning ahvoli ruhiyasi bilan hisoblashmaganimiz uchun bu to‘g‘rida zo‘r xato qildik. O‘shal vaqtda faqat ixtiyoriy suratda askar olg‘onimizda, hozirgacha o‘n minglarcha muntazam askarga ega bulur edik. Xayr, har nima bo‘ldi-o‘tdi. Bunday xatolarning qaysi birini sanab o‘ltirurmiz…

Ana bukun yana yerlik xalqtsan askar olish masalasi qo‘zg‘atilub turadir. O‘rtoq Trotskiy ham o‘zining maktubida «erlilardan sekin-sekin askar olish kerak» mazmunida bir-ikki so‘z yozib o‘tadir. Shundan ham ma’lum bo‘ladirkim, bu kunlarda yana hukumat Turkiston xalqidan askar olishni tasvib va maslahat ko‘rgan. Lekin bu daf’a qaysi ravishda, qanday sharoit bilan askar olinadur? Bu ham bilgulik emas. Shoyad bu to‘g‘rida hukumatning yuqori doiralarida kengash va muzokaralar bo‘lib turg‘ondir. Harhodda, bu daf’a avvalgi xatolar takror voqe’ bo‘lmas, deb o‘ylaymiz.

Hozir Turkistonning ba’zi bir shahrida yerlik xalqdan oz-moz qizil militsiyalarimiz bor. Shular ixtiyorlik suratda oling‘onliklari uchun chin ko‘ngil bilan yaxshigina xidmat qilib turadurlar. Shularni bir turlik qizil askar demoq ham mumkindir. Chunki bir necha vaktdan beri shu qizil militsiyalarimizning qizil askar bilan bir safda turib bosmachilar bilan urushib kelayotg‘onlari ma’lumdir. Hatto, ba’zi o‘rinlarda bularning qizil askardan ko‘ra ortiqlik qahramonliq ko‘rsatganliklari ko‘rilgandir.

Ana shu hollarni ko‘zda tutib bu daf’a tartiblik va kuchlik tashviqotdan so‘ng majburiy emas, ixtiyoriy suratda askar ola boshlasaq, oz bir zamonda anchagina askar to‘plashimiz qiyin emasdur. Faqat bu askarlik xidmati-ning muddatini qisqa qo‘yib, buning uchun yengil qonun va qoidalar tuzishimiz lozim.

Boshlab yerlik xalqtsan zobitlar yetishtirish uchun Turkistonning har bir shahrida askariy qurs va maktablar ochish kerak. Askarlarning maishatlarini yaxshi ta’min etish va ba’zi urf-odatlarga mudoxala qilmasliq va o‘zlarini Turkistondan boshqa shaharga yubormaslik kabi qoida va yon berishlar e’lon qilingonda askar olishning muvaffaqiyatli chiqishi anikdir. Shuning bilan barobar har bir ko‘ngilli askarga o‘z yaqinlaridan ikki kishining kafil bo‘lishi yoki shunga o‘xshash boshqa bir tadbir shart qilinsa, kelgusida ul askarning qochishlig‘i va yo hukumatga qarshi xiyonat qilmaslig‘i uchun bir amniyat hosil bo‘lur edi. Shun-day tadbir ko‘rilgan taqtsirda, ba’zi bir askarning o‘z qo‘lidag‘i yarog‘ini yangi bir yo‘dda ishlatishi mumkindir.

Xulosa: askarlik muqaddas bir xidmatdir. Askarlik xidmatiga kirishi bilan Turkiston xalqi iftixor qilishga haqlidir. Askar bo‘lmoq chin huquqqa ega bo‘lish demakdir. Turkiston xalqi askarlik xidmatini zo‘r shodliq va butun ixlos bilan qarshi olar deb ishonamiz.

«Zarafshon» gazetasi, 1923 yil, 21 iyun