Abdulla Qodiriy. «O‘tkan kunlar» ham «O‘tkan kunlar» tanqidi ustida ba’zi izohlar (1929)

Menim «O‘tkan kunlar»im to‘g‘risida Sotti Husaynning[1] katta tanqidi bosilib, yaqinda tamom bo‘ldikim, bu muhtaram «Sharq haqiqati» o‘qug‘uchilarining ma’lumidir. Ijtimoiy yosh olimimiz S. Husayn o‘zining ko‘b vaqtini sarf qilib, tanqidchiliq bobidag‘i birmuncha nuqsonlarimizni to‘ldurushqa buyuk jasorat va g‘ayrat ko‘rsatdikim, buning uchun biz, adabiyot muhiblari, S. Husaynga tashakkur aytishka, har doim bu yo‘lda unga moddiy va ma’naviy yordam berib turishka burchlimiz.

Bundan birar yillar muqaddam o‘rtoq Sotti Husayn «O‘tkan kunlar»ni tanqid qilish niyatida bo‘lg‘anlig‘ini menga izhor qilib, yordam so‘rag‘anida, unga xursandligimni bildirgan, «Agar sen shu niyatingda sobit qolsang, tanqidchiliqdag‘i bir nuqsonimizni yo‘qotasan!» degan, kerakli ma’lumotlar berib, hatto meni ro‘mon yozishg‘a havaslandirgan Misr fuzalosidan ustoz Jo‘rji Zaydon bilan uni tanishtirib, Jo‘rji Zaydonning ro‘mon va g‘ayri asarlarini S. Husaynga tavsiya qilib va orzusi bo‘yincha tarjimai holimni ham yozib bergan edim. Darhaqiqat, siz va bizning vazifamiz bunday yosh, g‘ayur yigitlarga har doim dalda berishlikdir.

Bu qadar katta va to‘la tanqidni ko‘rmagan xonandalardan ba’zilari (ehtimolki, menim yuzim uchun bo‘lsa kerak) «Zeriktirdi, mavzudan chiqdi, falon» kabi shikoyatda bo‘lindilarkim, bahorhol bu yo‘sun sathiy[2] tushunish yoki bunday mufassal tanqidni o‘zbek matbuotida birinchi martaba ko‘rishdan yoxud munaqqidning bahsiga yaxshi tushunmaganlikdandir. Durust, birmuncha mavzudan chiqish kabi hollar ko‘rildi, ammo munaqqidning biloqasd mavzudan chiqishdag‘i maqsadi o‘zbek yosh yozg‘uchilarig‘a adabiyot bobida bir qadar dars berish, ularg‘a rahbarlik qilish edi, deb o‘ylayman. Boshqa jihatlarda tanqidchining qusuri ko‘rilar ekan, buning yoshlig‘ig‘a va tajribasizligiga havola qilish lozimdir.

Mo‘tabar «Sharq haqiqati» gazetasining shu ustunlarini qoralashdan maqsadim S. Husaynning «O‘tkan kunlar»im to‘g‘risidag‘i tanqidig‘a javob berish falon bo‘lmay (chunki bu menim vazifamga kirmas deb o‘ylayman), balki sarlavhada ko‘rsatilgancha menga g‘aribroq tuyulg‘an bir necha nuqtalar ustida izohlar berishdir.

So‘z cho‘zilmasin, o‘qug‘uchining qiymatli vaqti isrof bo‘lmasin, deb izohlamakchi bo‘lg‘an bir necha nuqtalarimni bandlarga ajratib yuritaman:

  1. Tanqidchi — «Yusufbek hoji dabdurusdan isyon chiqaradi, ozg‘ina jarchilikdan so‘ng to‘polon boshlanib, urush bo‘lib ketadi» («Sharq haqiqati», 132-son) deb ajablanadir. Holbuki, o‘sha isyonning jarayoni aynan men yozg‘anchadir. Yolg‘on-yashig‘i yo‘q, isyon «dabdurusdan!» Materialistcha o‘ylag‘anda ham bu «dabdurusdan»ning sababi ochilsa kerak. Masalan, 70 kun muhosarada qolg‘an, ochiqg‘an, nonsiz bir xalqqa bundan yuz yil ilgarigi kurs bilan 32 tanga (bir yarim tilla barobari) soliq solinsin-chi, qanday tomosha bo‘lar ekan! Shunday kezlarda xalqqa bir rahbargina kerakdir. Shu rahbarlikni «dabdurusdan» Yusufbek hoji o‘tasa na ajab.
  2. «O‘tkan kunlar»da ko‘prak qo‘llang‘an didaktika to‘g‘risida. Didaktika usulini ko‘prak qo‘llanishning sababi «O‘tkan kunlar»ning ommamizning saviyasiga qarab yozilishidandir. Ma’lumki, bizning omma to shu kungacha ham O‘rta asr doston va hikoyalari bilan oziqlanib keladir. Ommaning shu holini nazarga olg‘anda, barmoq bilan sanarliq besh-o‘ntagina (ular ham o‘z hunarlarida no‘noqlardirlar) yoshlarimiz uchun «so‘ngg‘i priyom»ni berish – tishi chiqmag‘an bolag‘a qurt shimitish kabi bo‘lar edi. Holbuki, bu eski priyom jo‘rtga, xalqimizning saviyasini e’tiborg‘a olib qabul qiling‘andir. Xalqning zavqini, ruhini nazarda tutilmasa, «so‘ngg‘i priyom» deb Yovruponing so‘ngg‘i mo‘dasini taqdim qilinsa, bundan nima ma’no chiqarib bo‘lar edi. Hattoki men «so‘ngg‘i priyom»lardan ba’zisini «O‘tkan kunlar»ga ertarak kirgizgan bo‘lsam kerakki, choyxonada o‘lturgan tanish bir dehqondan «Mullaka, shu Kumushbibining kitobini xo‘b yozg‘ansiz-ku, biroq, bu ba’zi yerida gapini xudda chovi aralash ushlaysiz-da, tushunib olg‘uncha enka-tenkamiz chiqdi-da!» deb «so‘ngg‘i priyom»dan shikoyat eshitkan edim.

«O‘tkan kunlar»ni yozar ekanman, doim ko‘z o‘ngimda o‘qug‘uchi ommamiz turar edi. Men bu kitobim bilan xalqimiz rag‘batini bir oz bo‘lsa ham yangilikka tortay der edim. Shuning uchundirkim, hatto bir faslni tamom tashlab o‘tar ekanman, «Falon holni bundan so‘ngg‘i fasllarning birida o‘qursiz» kabi so‘z bilan o‘qug‘uchig‘a ta’minot berib qo‘yishqacha majburiyat sezar edim.

Mashrabning «berdisini aytkuncha» kaltak yeb olg‘anini tushunar edim. Bu haqda hanuz bir fikrim bor:

Modomiki, asar saviyasi o‘zimizga ma’lum shu xalq uchun yozilar ekan, yana birmuncha vaqt «so‘ng‘i priyom»lardan ko‘z yumib turish, oraliqda «so‘ngg‘i priyom»ni oz-oz qistira borish lozimdir. Na uchunkim, «so‘ngg‘i priyom»da yozilg‘an she’r va nasrlarimiz bir tabaqag‘ag‘ina xos bo‘lib qolaberg‘ani da’vomizg‘a dalildir. Vaqtoki, biz ko‘bchilik — ishchi va dehqon ommasi uchun yozar ekanmiz, «eski priyom» bilan yozadi, binoan alayhi bu yozg‘uchig‘a birinchi no‘mirni bermaymiz», deb qiling‘an tanqidlardan hurkmaymiz.

  1. Tanqidda «didaktika» deb hissiy chekinish (liricheskoye otstupleniye)ni ham aralashtirilib yuborilg‘an. Masalan, «Men yozg‘uchi…» deb, kundash janjali to‘g‘risidag‘i o‘z hissiyotimni aytib o‘tar ekanman, hatto buni «yangi priyom»lar ham ma’fu sanab, yo‘l beradir. Bu «didaktika»dan boshqa gapdir.
  2. Tanqidchi meni mantiqsizliqda ayblab kelib, misolg‘a — «Kumush qiz ekan, ota-onasi undan so‘ramay, rizolig‘ini olmay erga beradi, erdan chiqg‘andan so‘ng (Otabekdan soxta ajralg‘andan keyin) ikkinchi erga berishda ota-onasi Kumushning rizolig‘ini olamiz, deb ovora bo‘lishdilar. Bu mantiqsizliq A. Qodiriyning esiga kelmaydi, chunki shu mantiqsizliqni ishlamasa, ro‘monni boxlaydirg‘an ip chuvalib ketadi» («Sh. H» 137-son) deb o‘tadi.

Holbuki, bu «mantiqsizliqka» turmush haqiqatig‘a qarab irtikob qiling‘andir. Zero, eski turmush aytadi: «Qumri qiz ekan, ota-onasining tanlashlari bilan erga chiqsin, bu odob, iffat taqozosi. Vaqtiki eri o‘ldi yoki erdan chiqdi, endilikda ota-onasinish uning er qilishida ixtiyorlari yo‘q, faqat ular maslahatchilargina (bu odat yigitlar ustida ham shunday. «O‘tkan kunlar»ning 1-bo‘lim 1-fasliga murojaat). Qizlari endilikda kuyovni o‘z ko‘zi bilan ko‘radi, uy-joylarini, kasbi korini tekshiradi — ung‘a ruxsat». Binobarin, «O‘tkan kunlar»dagi «mantiqsizliq» ham shu maqomdadir. Bunda munaqqid Sotti Husayn ma’fu. Zero, Kumushdan rizoliq so‘rash ustida ozg‘ina to‘xtab «didaktika» iste’mol qilsam ish tamom edi. Ammo men xalq orasida ma’lum va mashhur bu urf ustida «didaktika» yozishni luzumsiz topqan edim.

Tanqidchi S. Husaynning bir fikriga men ham qo‘shilaman: yozg‘uchilarimiz va tanqidchilarimiz uchun xalq orasig‘a kirish, uning urf-odatig‘a garchi mashaqqat bo‘lsa ham vuquf hosil qilish lozimdir.

  1. Xushro‘ybibi tanqidchig‘a g‘ayritabiiy (bo‘lmag‘an) tip bo‘lib ko‘rinadi. Boshqa tiplarni g‘ayritabiiyroq topilsa ham biroq ular ustida Xushro‘y kabi qat’iy hukm berilmaydir. Xushro‘yningtabiiyligini onglash uchun yana turmush kishilarini o‘rganish mashaqqatini zimmaga olish kerak.
  2. Tanqidchi meni «O‘tkan kunlar» bilan o‘g‘ri qilmasa ham, lekin adabiyot o‘g‘rilari to‘g‘risida bahs qila kelib: «O‘tkan kunlar»ning ancha yeri Jo‘rji Zaydonning «Armanusa», «O‘n yettinchi ramazon»[3] ro‘monlarig‘a o‘xshab ketsa ham, unda Abdulla Qodiriyning o‘z so‘zlari ham ko‘bdir» («Sh. H», 175-son) deydir. O‘qug‘uchilardan ba’zilari bu bilan shubhaga tushib, «O‘tkan kunlar»dagi Jo‘rji Zaydonning so‘zlari qaysi va sizning so‘zlaringiz qaysi?» deb menga murojaat kildilar. S. Husaynning yuqori va quyidag‘i yo‘llaridan bunday ma’no anglashilmag‘ani uchun ularg‘a «Oqilon payravi nuqat nakunad»[4] javobini berish bilan kifoyalandim va hanuz shu fikrdaman. Shunga o‘xshash tanqidchi — yozuvda, tilda bir oz no‘noqroq va beparvo harakat qilsa kerakkim, uning jumlalaridan bir qismi izohga muhtoj ko‘rinadilar. Jumladan, tanqidchi, O‘ktabr inqilobi vaqtida menim holimdan dam urib, «A. Qodiriy bu o‘zgarishlar vaqtida hayot edi» («Sh. H.», 199-son) deb qo‘yadi. Albatta, bundan menim hozirda xoli hayotda bo‘lmag‘anlig‘imni (ya’ni o‘lganligimni) onglash to‘g‘ri bo‘lmaydir.
  3. Otabekning ishqidan va umuman muhabbatdan bahs qilinib, «Ishq-muhabbat doimiy bo‘lmaydi» deyiladir. Bu fikrga men ham qo‘shulaman. Ammo ishqning besh-o‘n yilg‘a tortilishi aniqdir. Buning misollari hayotda behad ko‘b. Otabekning ishqi uch-yarim-to‘rt yilg‘ina. Bunday tinchsiz, hajr va firoqli sharoitda undan ham ko‘bga tortilishi ma’lum.
  4. Ba’zan «Menim so‘zga ustalig‘im» to‘g‘risida hazm va qolibdan yuqoriroq madhlarda bo‘ling‘an — «Bu holni tasviriga qalam ojizdir» kabi uzrlarimni «Yolg‘on aytadi, so‘zga juda usta» degan kabi talqin qilinadir. Durust, menga qaraganda tuban kishilar uchun men «Juda ham so‘zni qotiradig‘an ko‘rinarman», biroq «O‘zimdan o‘tadi, o‘zim bilaman», deganlaridek, har kimning ahvoli o‘ziga ma’lumdir. Ba’zi ruhiy kechinmalar (perejivaniye) borki, kishi sezadi, tushunadi. Biroq shu holni qog‘ozga tushirmakchi bo‘ling‘anda so‘z topilmay, ifoda qilolmay hayratda qolinadi, noiloj ajzni iqror qilishg‘a, «qalamim ojizdir» deyishka majbur bo‘linadi. Menim «O‘tkan kunlar»dagi ajzlarim ham shu jumladandirlar.

Izohotlarim yana bir band bilan bitadir. Yuqorida aytkanimcha tanqidchining har bir bahs va maqolasig‘a to‘xtash menim vazifam emas.

  1. Tanqidchi: «Abdulla Qodiriy proletariat inqilobig‘a nisbatan uzoqroq kishidir. Chunki haqiqatan A. Qodiriy mayda burjuaziya yozuvchisidir. Uning sinfiy asosini belgilash tahlil vaqtida katta ahamiyatga egadir» («Sh. H.» 123-son), deb meiim sinfiy asosimni belgilashni o‘z tahlilining negiziga olmoqchi bo‘lsa ham, biroq anchagina uzun maqolada belgilash uchun qo‘li tegmagandek bo‘lib qoladir. (Yoki ul menim tarjimai holimni yozib, ijtimoiy ahvolimni belgiladimi, shahardan chetroqda turg‘anim jihatdan «Sh. H.»ni tartibli ololmayman. Yozg‘an bo‘lsa, meni afv qilsin). Menim qo‘limdag‘i gazetalarda faqat «Mayda burjuaziya vakili» debgina ketaberadir va gohi «A. Qodiriyni notarius va bankalar siqib qo‘ydi, o‘zi mayda burjuaziyadan tug‘ildi» («Sh. H.» 201-son), degandek ham bo‘ladir. Men shunga hayratda qoldimki (agar ijtimoiy ahvolimni belgilamagan bo‘lsa), menim tarjimai holim hammadan ham S. Husaynga ma’lum edi-ku, yana shu holda meni… Bunchalik lobar harakatni Sotti o‘rtoqning o‘zi «Chunki A. Qodiriy shunday mantiqsizliqdan ko‘z yummasa, ro‘monning ipi chuvalib ketadi», deb hukm qilg‘anicha, tanqidning ham ipi chuvalib ketishidan qo‘rqib qilmadimi yoki tanqidchi tasavvur qilg‘an «realizma» taqozosi shumi va yoki o‘z ta’biricha «Bu narsalar Julqunboyg‘a davrni, u yaqin turg‘an mayda burjuaziya sinfining ilgan xurjinining natijasidir»mi?[5]

Har holda tanqidning shu tarafi (basharti men gazeta sonlarini ko‘rmay kechirgan bo‘lmag‘animda), menim nazarimda nuqsonli sezildi.

O‘rtoq Lenin haqiqatning ko‘ziga to‘g‘ri qarashqa o‘rgatadir.

A. Qodiriy (Julqunboy)

«Sharq haqiqati» — 1929 yil, 218-son.

——————————-

[1] S. Husayn «O‘tkan kunlar» ham «O‘tkan kunlar» nomli juda katta maqolasida yozuvchini va ushbu romanini sotsialistik realizm qolip-qoidalariga solib tahlil qiladi, tahqiromuz baholaydi. Maqolaning maqsadi yozuvchini va ijodini sinfiy jihatdan burjua sinfiga kiritib unga g‘oyaviy ishonchsizlik tug‘dirish edi.

[2] Sathiy — yuzaki.

[3] S. Husayn Jo‘rji Zaydonning faqat shu ikki asarinigina o‘qugan ko‘rinadi. Men unga Jo‘rjining hamma asarlarini tavsiya qilg‘an, ro‘yxatini topshirg‘an edim (Mual.)

[4] Oqillar nuqtaga ahamiyat qilmaydilar.

[5] Bunday ta’bir ma’zur ko‘rilsin. S.Husaynning o‘z maqolasidan aynan olindi (Mual).