Abdulla Qodiriy. Dardi yo‘q — kessak, ishqi yo‘q — eshshak (1923)

—      Kalnikiga oshg‘a-a-a-a!!!

Gur-gur odam kalnikiga tuz yalab chopadir…

—      Ayiq polvon kurash tushadir, Jo‘ra qiziq maymun o‘ynatadir, Farg‘onadan Arava polvon keldi, Jizzaxdan It polvon keldi…

Ko‘rubsizki, kurash o‘rnini ijaraga olg‘an zarg‘aldoq xo‘jalarning qilg‘an foydalari mindi-mindi…

—      Chet ellardagi o‘qug‘uchi yoshlarimiz foydasig‘a bu kun «Turon»da teatru qo‘yiladir!

La havla va la quvvata… Toshkand musulmonlarini… yayzara[1] yer yutubdir va yo katta-kichik og‘a-ini in-inlariga kirib ketibdir…

Shunga o‘xshash «Sharq sahnasi» yaxshi niyat yorti mol, deb kino qo‘yar. «odamovi»larni yig‘moq uchun eshak hurkarlik qilib, tomg‘a to‘rtta karnay ham chiqaradir; lekin shunchalik attorchiliklar, «Surma ket, o‘sma ket»lar bir paqir; sahna xazinadorlarining og‘izlarig‘a pashsha o‘lturg‘an, o‘yunxona eshikidan «g‘ing» degan bir chibin uchmaydir. Shu soatda shaharning barcha choyxonalarida g‘ij-g‘ij churvaqa, lim-lim… buzoq:

—      Og‘zingmi, o‘rpilgan o‘rmi?

—      Basharangmi, badbaxtning dalasimi?

—      Ko‘zingmi, po‘stakning yirtig‘imi?

—      Engaxingmi, yo‘lg‘a chiqg‘an hindining…mi?[2]

—      Xo, xo, xo!

Topg‘an-tayang‘an sovutmachoq shu. Boshqa dastmoya yo‘q. Bangixonada «harb-zarb»[3] olub yurguchi bir o‘rtog‘im nashaning tutuni gurkuragan choqlarda:

Xarsak — marsak,

dardi yo‘q — kessak

ishqi yo‘q — eshshak![4]

deb bayt o‘qug‘an bo‘lub jovrar, man bo‘lsam «Bu nima degani tentakning» deb baytiga tushunolmas edim. Endi kelib-kelib bu baytning ma’nosini Eski shahar sahnalaridan topub mavridsiz bo‘lsada, o‘zim shu baytni yakkaxonlik qilmoqdaman:

Dardi yo‘q — kessak, ishqi yo‘q — eshshak!

Voqi’an, dard bo‘lmasa, ishq bo‘lmasa odamning kesakdan nima farqi bo‘lsin-u, eshakdan nima ayirmasi!

Vallohi a’lam bissavob.

Julqunboy

«Mushtum» — 1923 yil, 5-son, 6-bet

 


[1] Yayzara — yaksara, birato‘la.

[2] Bu aytishuv takyalardagi bangilarning o‘ziga xos askiyasi.

[3] «Harb-zarb» — harbiy strategiya jangi; bu yerda dahanaki jang ma’nosida.

[4] Bu baytni bangilar bangixonada qarsak chalib aytib ketidan biri: «Soqiy samadiy, eski po‘stakni yamadi, qo‘yga bo‘ri kelganda qo‘ychivon hayhaylamadi» — deb «javo-o» — deydi. Qolganlar unga jo‘r bo‘lib «javo-o» deb baqirishadi (javo (hindcha) — nasha chekishga kel, degani).