Abdulla Qodiriy. Bildirishlar (1922)

Hangama

YO‘QOTDIM

Basharalarini sepkil bosg‘an, yengil xizmatka xo‘y qilib olg‘an sakkiz bosh marja yo‘qotdim. Da’volari barishnalik bo‘lsa ham o‘zlari homilaliklar. Darak berguchilarga suyunchi berilur. Agarda Shayxantahur mozoridan topilib qolsalar, e’tibordan soqitdirlar.

Mirzavits

 

KAMISIO‘NNIY MAGAZIN OChILDI

Shaharda mashhur ishonchliq muttahamlardan iborat kamisio‘nniy magazin ochildi. Dunyoda bor hamma narsalarni, masalan: odam, qumg‘on, jovli, toshbaqa, qurbaqalarni sotib bermakka qabul qiladir. Kamisiya haqi juda arzon: sotilib berilgan molning oqchasi arra. Oqcha berishda ham boshqalar kabi qistatilmaydir. Yarmisini mol sotilg‘anda berilmaydir, qolg‘an yarmisini sira ham berilmaydir.

 

«TILXAT»

Mankim, Turkiston o‘zbeklarining vakilidirman: Beraman ushbu tilxatni Tatariston vakili ibdash Abdurahmon Sa’diyga shul xususdakim, Chingiz, Oqsoq Temir, Ahmad Yassaviy, namangonlik Shoh Mashrab, Abu Ali Sino… bularning hammasi ham tatardirlar. Tatar qarindoshlar mazkurlarni har bir yo‘sun bilan tasarruf etmakka haqlidirlar. Oqsoq Temir, Ahmad Yassaviy, Shoh Mashrab marhumlarning qabrlarini buzub na’shlarini Tataristong‘a ko‘chirilganda o‘zbeklar churq etmay, balki ko‘mak berurlar. Navoiyning tatarmi va yo o‘zbekmiligi masalasi alohida bir o‘lturishda hal qilinur.

O‘zbek vakili: Dumbulboyev

BAHOARZON

Butun huquqlari bilan mukammal bir kambag‘alchilik sotilur. Buning bilan tez kunda boyisa bo‘ladir: ertalab choy-non o‘rnig‘a yaxshilab uch-to‘rt martaba og‘izni kappa-kappa ochib hamyoza tortasiz, tushda bir chimdimgina sabr yeb qo‘yasiz, kechqurun yoki yotarda bir hovuch qanoat ichib yuborasiz. Shular bilan bir kunlik ovqatingiz uch pul chiqimsiz o‘tub ketadir. Uch-to‘rt kundan keyin oynag‘a qarab ko‘rsangiz, boyonlig‘ingizni bemashaqqat ajrata olasiz.

Baho juda arzon!

Bildirishlar muboshiri: Julqunboy

«Qizil bayroq» 1922 yil, 17 may, 175-son, 4-bet