Munavvarqori Abdurashidxonov. Hujummi? Munozarami? (1921)

«Qizil bayroq»ning 131-sonida «Ilmiy xizmat» unvonli bir maqola ko‘rindi. Ul maqola «Birov» imzosila yozilib, onda manim shaxsimga hiyli o‘rinsiz hujumlar, «ota go‘ri qozixona»lar qilinmishdir.

Bunga sabab esa manim rasmiy bir majlisda butun maorif ahllari, muallimlar, maorif komissari va shahar maorif mudirlari huzurida o‘zbek maorif ishlarini hozirgi tanazzulning sabablarini ko‘rsatgan vaqtida «Birov»larning qoshida eng muqaddas sanalgan va anga til teydirmoq qonunan gunoh bo‘lgan «imlo masalasi»gada gustohona til teydirib ketganligim bo‘lmishdir.

«Birov» hazratlari kashf etgan va tamom turk dunyosining onga bo‘ysunmog‘i vojib bo‘lg‘on muqaddas imlosining ba’zi nuqsonlarini ko‘rsatmoqg‘a boshqalarning haqlari bo‘lsa-da, man bechoraning haqim yo‘qemish. Chunki man bir vaqtlarda boshlab usul jadida maktablari ochganman, ul maktablarda o‘qitmoquchun «Adibi avval», «Adibus-soniy», «Havoyiji diniya»larg‘a o‘xshash bir necha kitoblar chiqorg‘onman ham ul kitoblardan sotib, qornimni to‘yg‘uzganman. Shul sababli man gunohkor endi. Man imlo masalasidan so‘z ochar ekanman, yolg‘uz «Adibi avval» va «Adibus-soniy»larimni sotmoq uchungina so‘z ochar emishman, maktablarda din darslari o‘qitulsin desam, faqat «Havoyiji diniya»mni pul qilib, qorin to‘ydirmoq uchungina deyar emishman.

Mana, «Birov» hazratlari «Qizil bayroq»ning yaqin bir betini to‘ldirib manga qilingan hujumning ruhi va xulosasi. Kitoblarim xususida man shuni deb bilamanki, «Havoyiji diniya» — diniy bir kitob. Oning ila «Birov»larni birovlar ila bir ishi va aloqasi yo‘q. Ham «Havoyiji diniya»mdan 12 yil muqaddam butun haqtab’ilari ila bir shirkatg‘a 225 so‘m badalig‘a sotilg‘on. Binoan-alayh, oning sotiluvi va sotilmovini manim qornim ilada aloqasi yo‘q.

Man, maktablarda din darslari o‘qitilsin, deganimda «Havoyiji diniya»ni xotirymg‘a kelturgonim yo‘q. Faqat din darslari o‘qitilmog‘oni sababli butun xalqni o‘zidan bezdirib, xaroblikka yuz tutgan maktablarni takror oyoqg‘a bosdirmoq uchun lozim bo‘lg‘on choralarning biri maktablarg‘a mukammal suratda din darslari kiritmoqdir, dedim.

Bu kun bu so‘zni bir man emas, maorif komissari va maorif mudirlarida iqror etadirlar. Maktablarg‘a din darsi kiritmoq sizga yoqmas ekan, oning uchun bir mangagina hujum etmang-da, tole’ingizdan, zamondan shikoyat eting. Chunki zamon buzuq. Xalqnodon, din to‘g‘risida, imlo to‘g‘risida sizdek «dohiy»larning orqasidan ergashilmaydur.

«Adibi avval» va «Soniy»larg‘a kelganda onlarning nusxasi dunyo yuzida hozir yo‘q. Takror bosilib dunyog‘a chiqar ekan, oning 20 yiddan beri imlo to‘g‘risida har bir tab’ida tadrijiy suratda isloh etilib kelgan asosli bir yo‘li bor. Ul sizning bir-birig‘a muxolif bo‘lg‘on buzuq imlolaringiz, o‘rinsiz hujumlaringiz ila hisoblashmasdan, o‘z maslakida davom etib, haqiqiy yangi imloni (Sizning hozirgi buzuq imloingizni emas) xalq orasida sezdirmaychagina tarqatadur.

Takror bosilmas ekan, oning ruhina yaxshi bir fotiha (agar sizda insof va vijdon bo‘lsa) o‘qumoqingiz kerak. Chunki bir vaqtlarda va sizga o‘xshash qahramon yozuvchilar tarafidan yangi imlongiz ila yozilib va bosilib, butun maktablarni kitobdan ta’min etgan hozirgi maktab kitoblaringiz yo‘q bir zamonlarda (holbuki, hech narsangiz yo‘q) filjumla xalqning ehtiyojini o‘tagan, oning uchun ul kitoblar doim sizning hujumingizg‘a nishona va yozuvchilari esa sizning qoshingizda avanturist bo‘lmasa kerak edi. Majlisda so‘ylangan so‘zlarg‘a kelganda «Birov» o‘rtoq manim so‘zlarimg‘a butun xiyonat etgan.

Tanqid va munozara qonuni shul ediki, ul mani so‘zimni butun ko‘chirib, o‘zining tanqid va munozarasini aning ustida qilmoq kerak edi.

Holbuki, «Birov» o‘rtoq manim so‘zlarimdan o‘zig‘a kerak joylarini terib, oning ustig‘a o‘zidanda bir qadar ilova qilib, so‘ngra tanqid va munozara qonunin tashlab, to‘g‘ridan-to‘g‘ri hujum boshlag‘on. Manga bunday hujumlar endigina emas, balki «Birov»lar hanuz onadan tug‘ulmagan zamondan beri bo‘ladir. Bir vaqtlarda ostroumovchilar, ikkinchi vaqtlarda ulamolar hujum etdilar. Man onlarning hujumlarig‘a qaramasdan, hamon o‘z maslagimda davom etdim. Bu kun «Birov»lar hujum etar ekan, ul ham mani ishdan va maslagimdan to‘xtata olmaydir.

Bu hujumni men javobga ham arzitmas edim, faqat manim majlisda etgan so‘zlarimni xiyonat tariqida buzib yozilg‘anligi manim javobg‘a majbur etdi.

Man avval majlisda o‘z fikrimnigina emas, rasmiy bir hay’atning fikrini hamda 20 dekabrda maorif sho‘basida Maorif komissari, maorif mudiri va boshqa maorif ahllari tarafindan o‘zbek maorifining asbobi tanazzuli to‘g‘risinda so‘ylangan fikrlarning tarjimonigina bo‘ldim. Maorifning tanazzuli to‘g‘risida 7 moddadan iborat bir ma’ruza ham 2 moddadan iborat choralarin so‘yladim. Shul jumladan, asbobi tanazzuldan biri etub vaqtsiz chiqarilg‘on imlo masalasin va imlochilarning ko‘zlari hanuz bir fikrga kelmay turib, butun maktablarg‘a shu imloni majburiy e’lon qilg‘onliklarin Qur’on harflarini maktab kitoblaridan chiqorg‘onliqlarin bu ishga, bir tarafdan, maktablarda bolalar yozuvini otalar, otalar yozuvini bolalar bilmasliklarig‘a, ikkinchi tarafdan, maorif dushmanlarining mana yangi imlo chiqarib, Qur’onni buzmoqchi deb xalq orasig‘a ig‘vo tarqatmoqlarig‘a va bu vositalar ila qora xalqning yangi maktablardan bezub, eski maktablarning takror rivoj topmog‘iga sabab bo‘lg‘onlig‘ini ko‘rsatdim.

Bundan so‘ng imlo masalasining asosina ko‘chib: «Islohi imlo masalasi faqat haqiqatan kerakli bir masala ham yangi bir masala emas. Bu to‘g‘rida Turkiyada qariyb qirq yildan beri, Qofqoz va Tataristonda qariyb 20 yildan beri qancha olimlar, professorlar ishlab turodirlar. Bizdanda bir necha yoshlar chiqib, jiddiy harakatlar ko‘rsatdilar. Bunlarning bu g‘ayrat va harakatlari shoyon taqdir.

Onga bu to‘g‘rida lozim bo‘lg‘on tabiiy, tadrijiy yo‘ldan chiqub, hanuz pishmagan bir asosga va bir yo‘lga qo‘yilmag‘on bir imloni xalqning og‘ziga kuch ila tiqmoq bo‘lib qo‘yg‘on qadamlari xato», — dedim. Bundan so‘ngra boshqa masalalarg‘a ko‘chdim.

Choralarig‘a kelganda, imlo masalasida aynan mana shu yo‘llarni ko‘rsatdim: «Imloi hozirag‘a yolg‘uz avom xalqningina emas, xoslarningda qarshuliqlarin, yangi imloni atrofimizda bo‘lg‘on Buxoro, Xeva, Afg‘oniston, Ozorboyjon va Turkiyagina emas, Turkmaniston, Farg‘ona va Samarqand oblastlarida hanuz qabul etilmog‘onliqlarin ham avom xalqning yangi maktablardan bezmoqlariga imlo masalasining-da, buyuk sabablardan bo‘lg‘onligin e’tiborg‘a olub, bu masala (haqida) hay’at tubandagi fikrni arz etadur:

1. Maktablarda yangi imlo yolg‘uz turkiy so‘zlardangina tatbiq etilib, arabiy, so‘zlar hozirda o‘z huruf va imlolari ila yozilsunlar.

2. Forsiy va ba’zi o‘z tilimizdek bo‘lub qolg‘on arabiy so‘zlarni turkcha cho‘zgilar ila (masalan, makotibni maktab suratida  ﻣﻜﺗﺏ – ﻣﻜﺗﻪﺏyozmoq. (Bu o‘rinda «Birov» o‘rtoq «hozir»ni  ﺣﺎﺯﺭ- ﺣﺎﻀﺮ  suratida yozmoq deb o‘z tarafidan qo‘sharg‘a bunga hay’at aslo rozi emasdir.)

Asosan muvofiq bo‘lsa ham, bunga oidda tadrijiy yo‘llar ila kirishulsun. Ammo «mutaxassis»ga o‘xshash yot arab so‘zlarini turkchasi topilar ekan, turkcha yozilsun. Turkchasi topilmas ekan, «mutaxassis» suratida o‘n harf ila yozmasdan, mutlaq imlosila yozilsun.

3. Turk adabiyotidan arab so‘zlari tamom chiqarilmaguncha maktab kitoblaridan arabiy so‘zlarg‘a maxsus bo‘lg‘on harflarni chiqarib tashlamoq aslo muvofiq emasdur.

4. Turkcha so‘zlarda hamzalarini xurufi muttasila suratida ﺀ yozmoq, (ﺁ) ni (ﺋﺎ) suratida ikki harf ila yozmoq muvofiq emas. So‘z shul o‘rung‘a yetganda hay’at rayosati tarafindan: «Imlo masalasi shunda to‘xtatulsun, qolg‘oni s’ezdda muzokara qilinur», degan taklif tushdi. Man ham taklifga bo‘ysunib, so‘zni ikkinchi masalaga ko‘chirdim.

Mana, imlo masalasi to‘g‘risida manim so‘ylag‘on so‘zlarim shul. Bu so‘zlarni man hay’atning qarorig‘a ham mufassal yozib, bir necha tsenzurlardan kechirg‘ondan so‘ng so‘yladim. O‘quvchilar buni ham, bu so‘zlar uchun «Birov»ning manga qilg‘on hujumini ko‘rsunlarda, manga «Birov» o‘rtoqning qanday xiyonat etganligin o‘zlari hal etsunlar. «Birov» o‘rtoq yolg‘uz xiyonat ilagina qanoatlanmag‘on, balki bir oz taraqqiy qilib, ig‘vogarlik yo‘lig‘a ham kirishgan. Go‘yo man ul majlisda degan emishmanki: «Nikolay zamonasida qanday bo‘lsa-da, bir maorif bor edi. Hozir bo‘lsa, maorifning tuzalishi emas, o‘zi ham yo‘q». «Birov» o‘rtoq bu so‘zlarni uyalmasdan qanday to‘qib chiqardi ekan? Ig‘vogarlik uchun bundan boshqa yo‘l topilmadimi? Holbuki, manim bu xususda aytgan so‘zim shul edi: «Nikolay zamonasida Ho‘qandda o‘ndan ziyoda usuli jadida, besh-olti russkiy-tuzemniy maktablar bor edi. Samarqandda ham shul qadar edi. Inqilobdan so‘ngra bunlar yigirmadan ortdi. Hozirda esa Ho‘qandtsa maktab desa bo‘ladurg‘on ikki-uchgina qolg‘on, Samarqandda esa yo‘q deyarlik. Butun kuchni maorifg‘a bergan sho‘rolar hukumati zamonida maktablar hozirg‘acha bir necha hissa ortgon bo‘lsa kerak edi. Holbuki, kundan-kunga yo‘qolib boradir. Buning, albatta, sabablari bo‘lsa kerak. Bizg‘a shul sabablar ila kurashmoq lozim», — dedim-da, so‘ngra sabablarini sanamaqqa kirishdim. Manim bu so‘zlarim yozuvda va maydonda «Birov» o‘rtoqning shunchali ig‘vogarlik yo‘lig‘a kirmog‘idan oning ochiq imzosin qo‘ymag‘oni sababli kim ekonin bilmasam-da, olchoq bir harif ekonligida shubham qolmadi. Binoanalayh, boshqa so‘zlarig‘a javob bermoqnida luzum ko‘rmayman. Bundan so‘ng xolis ilmiy va adabiy mu-nozaraga muvofiq o‘lmoq shartila, imlo masalasiga ko‘chaman[1].

 


[1] Munavvar qori Abdurashidxonovning ushbu maqolasi tugamagan. Gazeta tahririyati maqolani kesib, unga o‘z munosabatini bildirib, «Birov»ni himoya qilgan va o‘z muddaosini «Xulosa, qori afandini avom xalq orasidan chiqib, matbuot maydoniga qadam bosishlari bilan tabrik etamiz», deb ifodalagan. (S. A.)