Umarali Normatov. Olovli yillar manzaralari

Har yili Xotira va qadrlash kuni arafasida ikkinchi jahon urushi yillari bolalikda kechgan sertashvish kunlarimiz, qisman g‘urur-iftixor, ko‘proq armon-o‘kinchlarga to‘la xotiralar yodga tushaveradi. Bu gal ham fashizm ustidan qozonilgan g‘alabaning 70 yilligi tantanasi kunlarida o‘sha tahlikali 1943 yili qishlog‘imizda tashkil topgan front orti yoshlar zarbdor brigadasi bilan bog‘liq voqealar ko‘z oldimdan o‘ta boshladi.

To‘rtinchi sinfni endigina bitirib yozgi ta’tilga chiqqanimizda, birdaniga urush boshlanib hayot alg‘ov-dalg‘ov bo‘lib ketdi, armiya yoshidagi erkak zoti bo‘lsa, barchasi birin-ketin jangga safarbar etila boshladi, kolxozdagi dala ishlari esa qariyalar, ayollar, hali voyaga yetmagan biz tengli o‘smirlarga qoldi. Oilada yetti farzandmiz. Dadamiz qo‘shni kolxozda rais, tongda ishga ketib, yarim tunda uyga qaytadi, haftalab diydor ko‘rishmaymiz. Turmush kundan-kunga og‘irlashib boraverdi, ayniqsa, urushning ikkinchi yili boshlarida vaziyat nihoyatda taranglashdi, qahatchilik boshlandi, ochlikdan sillasi qurigan, kunjara yeb shishib o‘lganlarni ko‘rdik. Boz ustiga, har kuni, kunora frontdan “qora xat”lar kelib turardi, goh u, goh bu xonadonda ko‘ngilni vayron qiladigan yig‘i ovozlari eshitilardi. Nazarimda, butun mamlakat olov ichida yonardi.

Shunday tang bir pallada Ukrainadan o‘lkamizga ko‘chirilgan son-sanoqsiz oilalardan naq o‘n ikkitasini o‘z bag‘riga olish, ularni xonadonlarga joylashtirish, tirikchiligini ta’minlash qishlog‘imiz chekiga tushdi, dadamiz tashabbus ko‘rsatib kiyevlik bir ziyoli oilani xonadonimizga boshlab keldi, mehmonxonamizga joylashtirdi. Shu kundan boshlab tancha atrofida bir dasturxon tevaragida moychiroq yorug‘ida gurung qurib birga ovqatlanadigan bo‘ldik. Mehmon oilaning yagona farzandi tengdoshim Yanik bilan do‘st tutindik, men bilan birga maktabga qatnay boshladi, bir partada yonma-yon o‘tirardik, ikki oy deganda yaxshigina “o‘zbek”ka aylandi. Urush tugab, Yanik oilasi bilan yurtiga qaytgach, maktabni bitirib Kiyev universitetida ta’lim olib sport sohasi bo‘yicha mashhur xalqaro jurnalist bo‘lib yetishdi, oradan yillar o‘tib bir vaqtlar tuzini tatigan el-yurt hurmati o‘zbek kurashi haqida salmoqdor bir kitob yaratdi, kitob taqdimoti munosabati bilan Toshkentga kelganida bolaligi kechgan Farg‘onaning Rapqon qishlog‘ini ziyorat qilib, bu yerda orttirgan bolalik do‘stlari bilan gurung qurib, og‘ir yillarda ko‘rsatilgan cheksiz muruvvat-ehtirom uchun qishloq ahliga tashakkur izhor etdi… Birgina Rapqon qishlog‘ida o‘ta tang vaziyatda urush ketayotgan sarhadlardan ko‘chirilgan o‘n ikkita oilani qabul qilib olish, o‘zi yemay, ularni siylash… bugun bularni aytish oson, azizlar! O‘sha kezlari butun mamlakatimizda qanchadan-qancha urush jabrdiydlari jon saqlab qoldi ekan!

Kezi kelganda, aytib o‘tay: garchi dadamiz rais bo‘lsalar-da, turmushimiz oddiy oilalar tirikchiligidan sirayam farq qilmasdi. Padari buzrukvorimiz ham madrasa, ham zamonaviy ta’limni olgan bilimdon, halol, haromdan xazar qiladigan iymon-e’tiqodli odam edilar. Yaqinda eronlik kinoijodkorlar yaratgan “Samoviy bolalar” filmini qayta tomosha qilaturib, o‘zimning urush yillaridagi nochor bolalik xotiralarim yodga tushib, ko‘zimga yosh oldim. Filmda ko‘rsatilishicha, qashshoq oilaning ikki bolakayi – aka-singil ikki smenada maktabga qatnaydi, singil tuflisini yo‘qotgani sababli akasining poyabzalini kiyib darsga qatnashga majbur. Singilcha maktabdan qaytishi bilan yo‘lda uni sabrsizlik bilan kutib turgan akasiga oyoq kiyimini yechib beradi, akasi uni oyog‘iga ilib maktabga chopadi, endi singil akasi yechib ketgan yirtiq-yamoq shippakni sudrab uyiga qaytadi… Har kuni shu ahvol… Urush yillari ukam ikkimiz maktab yo‘lidagi ko‘prikda ayni o‘shanaqa “operatsiya”ni ko‘p marta bajo keltirganmiz. Qish kunlari yalangoyoq qor kechib o‘sha ko‘prikkacha borgan, u yerdan esa o‘qishdan qaytgan ukam tuflisini kiyib darsga chopgan kunlarim ko‘p bo‘lgan.

O‘shanday tang vaziyatda qishlog‘imizda yoshlar tashabbusi bilan front orti zarbdor brigadasi tashkil topadigan bo‘ldi. “Patriot”ligim tutib oltinchi sinf o‘quvchisi – kamina o‘qishni vaqtincha to‘xtatib brigadaga tabelchi bo‘lib ishga kirdim. Brigada a’zolari, asosan, 14-17 yoshli o‘spirinlar, qizlar orasida esa yoshi ulug‘roqlari ham bor; 17 yoshli akam brigada boshlig‘i, urushdan yarador bo‘lib qaytgan qo‘shnimiz Ergash aka esa maslahatchi. Brigadaning 60 gektar ekin maydonining yarmiga qand lavlagisi, yarmiga esa paxta ekiladi. Darvoqe, urush olovida yonayotgan mamlakat ichkarisidan qandaydir qand-shakar zavodi Qo‘qonga ko‘chirib olib kelingan, zavodga qand lavlagisi yetishtirib berish ko‘plab shahar atrofi qishloqlari qatori bizning chekimizga ham tushgan edi. Pilla terimi tugashi bilanoq iyun oyining boshlaridan sentyabrgacha brigadaning 45 kishilik a’zolari barchasi dala shiyponiga ko‘chib chiqadi, shiyponning o‘rtasiga qanor parda tutilgan: u yog‘ida ayollar, bu yog‘ida esa o‘g‘lonlar tunaydi. Brigadada harbiy intizom joriy etilgan. Brigadir akam tashkiliy ishlar bilan band, ekin agronomiyasi Ergash aka zimmasida, men esa vazifamga ko‘ra tong saharda zang qoqib brigada a’zolarini uyg‘otaman, ular apil-tapil o‘rnilaridan turib, yuz-qo‘llarini yuvib bakda qaynatilgan olma qoqi bilan qizartirilan “choy” hamda zog‘ora non bilan tamaddi qilib, ishga otlanadi, peshin mahali, shom payti ham shu xildagi zang sadosi ostida shiyponga to‘planish, tamaddi qilish, biroz gurunglardan so‘ng uyquga yotish… Har holda, har kuni qozon qaynab turardi, jo‘xori osh, qovoq, lavlagi sho‘rva… Haftada bir marta qozonga go‘sht ham tushib qoladi; yoz emasmi, birin-ketin tut, o‘rik, olma pishib dasturxonni be­zaydi, so‘ng qovun, tarvuz deganlariday – sekin-asta afti-angorimizga rang yugura boshlaydi. Brigadada uch yil ishlagan bo‘lsam, har yili plan ortig‘i bilan bajarilardi.

Kaminaning asosiy xizmatim, odatdagidek, tongda zang qoqib a’zolarni uyg‘otish, ishga safarbar etish, daladan shiyponga chorlash, muhimi, mehnat intizomi, jarayoni, ish sifatini nazorat qilish, sarjin orqali o‘lchab, ish ijrosi hajmini aniqlash, ish natijalari hisobini kechqurun kolxoz idorasi qoshidagi bosh tabelchiga yetkazish…

Bular bilan cheklanmay, brigada uchun ajratilgan g‘o‘za va lavlagi egati oralarini yumshatishga mo‘ljallangan okuchnik – yer tirnog‘ich boshqaruvchisiga yordamlashish. Okuchnikni frontovik Ergash aka boshqarardi. Boshda okuchnik qo‘shilgan otni minib uni olg‘a yurishga, marraga yetgach, ortga qaytarishga urinaman. Ot jonivor og‘ir mehnatdan suv terga botib hansirab qoladi… Egat oxiriga yetganda, saman otning boshi egilib, yurishga madori yetmay, ko‘zida yosh qalqiganday bo‘ladi. Shunda unga rahmim kelib, ot ustidan tushaman, endi uni yuganidan yetaklayman, yalangoyoqlarimga kesak botib be­zillaydi, chidayman. Ot hordiq chiqarayotgan, oziqlanayotgan kezlari brigada a’zolari ishlarini nazardan o‘tkazaman, nihoyat, shom qorong‘isida ish natijalarini sarhisob qilishga tushaman…

Ergash aka holimni ko‘rib rahmi keladi, shekilli, “Men ham sendek tinim bilmayman, agronomlik bilan cheklanmay, urushda o‘q uchirib ketgan tovonsiz oyog‘im bilan egat oralab tongdan shomgacha oqsoqlanib shu ot izidan ergashaman… Senga ham, menga ham, otga ham qiyin… Lekin bular nima bo‘libdi. Odamlar urushda qon kechib, jon berib, jon olishib yuribdi-ku! Shukurki, o‘shanday ola-tasir jahannamdan yiroqdamiz”, degan so‘zlarini takrorlashdan tinmaydi.

Odam bolasining tabiati qiziq ekan-da, o‘shanday sertashvish kunlarda, kishi tinka-madorini quritadigan mehnatdan so‘ng, tunda shiypon yonida goho mash’ala yoqib o‘yin-kulgi ham uyushtirib turamiz, Munavvarxon childirma chertib o‘zbekcha, tojikcha laparlar kuylaganda odamni sel qilib yuborardi, kulgi-qiyqiriqlar avjiga minardi… Bir nafasdan so‘ng, ajab, urush davri tafti, zamon g‘ussasi qora bulutday yana ko‘ngillarga bostirib kelaveradi…

Olovqalb shoir Muhammad Yusufning “Urush yillarining jonon qizlari” she’ridagi mana bu satrlar shaxsan men uchun tanish manzaralardir:

Qahramon yigitlar urushga ketdi,
Cho‘g‘ bo‘lib yondirib qoldi izlari.
Olovlar ichida bo‘yingiz yetdi,
Urush yillarining jonon qizlari.

…Qorlar kechib yurib ko‘saklar tergan,
Sepini to‘p qilib frontga bergan.
Yigit ko‘rgan hamma baloni ko‘rgan,
Urush yillarining jonon qizlari…
She’rdagi “Sepini to‘p qilib frontga bergan” satrini har gal o‘qiganimda, 1943 yilgi dala shiyponida ro‘y bergan bir voqea ko‘z oldimda shundoqqina gavdalanaveradi.

O‘sha kezlari viloyat bo‘ylab ixtiyoriy tarzda jamg‘arma yig‘ib front uchun to‘p-zambarak yoki tank sotib olish kompaniyasi ketayotgan edi. Tuman rahbariyati, harbiy komissariat vakillari ishtirokida o‘tgan shiypondagi marosimda brigadamizdan 16 chog‘li bo‘y yetgan qizlar sepi uchun sandiqda asrab qo‘ygan bisotlarini frontga hadya etgan, men esa ularning ro‘yxatini qog‘ozga tushirgan edim.

Gapiraman, yozaman desam, gap ko‘p. Front ortida sodir bo‘lgan mashaqqat, musibat, odamlarning ohu zorlarini qoyilmaqom qilib, abadiyatga muhrlagan “Sen yetim emassan”, “Asror bobo”, “Ufq”, “Nido”, “Ikki eshik orasi”, “Besh bolali yigitcha” singari benazir asarlarimiz bor. Bu borada ulardan oshirib biror yangi gap aytish bizga yo‘l bo‘lsin. Lekin o‘sha men tabelchi bo‘lib ishlagan kezlarim brigada dalasida o‘zim guvoh bo‘lgan bir fojiaviy hodisani aytmay o‘tolmayman. O‘sha tungi bazmimizga fayz baxsh etgan benazir ovoz sohibasi Munavvarxon mashhur kinorejissyor Komil Yormatovning jiyani bo‘lib, qo‘shni Konibodom tumanidan mahallamizdagi eshonzodalarning biri xonadoniga kelin bo‘lib tushgandi. To‘ydan keyin bir oy o‘tar-o‘tmas, kuyovto‘ra harbiy xizmatga chaqiriladi. Yosh kelinchak Munavvarxon esa tog‘asi Yormatovning maslahati bilan zarbdor yoshlar brigadasiga a’zo bo‘lib kirgandi. Boshda tengdoshlari qatori kundalik ish normasini oshig‘i bilan bajarib yurdi. Nima bo‘ldi-yu, kundan-kun rangi o‘chib ishda orqada qola boshladi; vazifamga ko‘ra unga tanbeh berib, jiddiy ogohlantirdim, baribir, foydasi bo‘lmadi. Keyin bilsam, og‘ir mehnatning yuki olib, besh oylik homilasidan judo bo‘libdi. Bundan xabar topgach, karaxt bo‘lib qoldim…

Shundan keyin Munavvarxonni qayta ko‘rmadim, keyinchalik eshitishimcha, ota-onalari Konibodomga olib ketishibdi. Munavvarxon brigadamizdagi fayzni ham o‘zi bilan birga olib ketdi. K. Yormatov jiyani a’zosi bo‘lgan yoshlar zarbdor brigadasi haqida hujjatli film yaratish niyatida ekan. Munavvarning boshiga tushgan ko‘rgilik tufayli bu ezgu niyat ham amalga oshmadi. Nihoyat, urush tugadi, kuyovto‘radan esa darak bo‘lmadi.

Men soddadil bolakay yosh kelin holidan bexabar unga ishda ortda qolayotgani sababini surishtirmay noo‘rin tanbeh beribman-a, deb o‘zimni koyiganim, farishtaday kelinchakni shu holga tushishiga sababchidek sezib necha kunlar ezilib yurganim yodimdan chiqmaydi…

O‘sha kezlari men ham Munavvarxonni tengdoshlarim qatori o‘z jigarim – opamdek hurmat qilardim, chin dildan yaxshi ko‘rardim, so‘nggi kunlarda saraton quyoshi jaziramasida homilador holda ko‘plar qatori g‘o‘za oralab tongdan shomga qadar og‘ir mehnat – ketmon bilan betinim chopiq qilib shu holga tushganini qayoqdan bilay, bilganimda unga aslo tanbeh bermagan bo‘lardim…

Har bir bandai ojizda bo‘lgani kabi, kamina ham el-yurt taqdiri uchun hayot-mamot kurashi ketayotgan olovli yillarda shu jabhada chekkan kamtarona zahmatlarim uchun faxrlanish barobarida, bir farishtadek kelinchakning fojiaviy kechmishida qandaydir darajada aybim borligidan hanuz o‘kinib yuraman.

Nihoyat, urush tugadi, olovli yillar ortda qoldi, zarbdor brigada ham faoliyatini to‘xtatdi, kamina yana maktabga qaytib, 6-sinfdan o‘qishni davom ettirdim, 7-sinfni a’lo baholarga tugatib pedbilim yurti, so‘ng universitetda ta’lim olish sharafiga muyassar bo‘ldim, filolog tadqiqotchi, murabbiy, munaqqidlik yo‘lidan ketdim, Milliy universitetdek qutlug‘ dargohda yarim asrdan ko‘proq xizmat qilish, Abdulla Qahhordek buyuk alloma nazariga tushish, Ozod Sharafiddinovdek benazir siymoga shogird bo‘lish nasib etdi. Mehnatlarim munosib taqdirlandi. Buning uchun shukronalar aytaman. Ayni paytda, olovli yillarda kechgan uch yillik zahmatlarimni ham g‘urur, ham o‘kinch bilan eslab turaman.

Sharq yulduzi jurnali, 2015 yil, 2-son

Umarali Normatov 1931 yilda tug‘ilgan.O‘zbekiston Respublikasi Fan arbobi. Toshkent Davlat universiteti (hozirgi O‘zMU)ning filologiya fakultetida ta’lim olgan. Olimning besh yuzdan ortiq maqolalari, ellikdan ortiq adabiy-tanqidiy asarlari, darslik, o‘quv qo‘llanmalari chop etilgan. Jumladan, “Nasrimiz ufqlari”, “Etuklik”, “Qalb inqilobi”, “Qodiriy bog‘i”, “O‘tkan kunlar” hayrati” kitoblari zamonaviy o‘zbek adabiyotshunosligining yutug‘idir.


Ziyo istagan qalblar Telegram kanaliga marhamat!