Rahmatilla Inog‘omov. Qardoshlar e’zozi (2005)

Oybek o‘zining o‘lmas nasriy asarlari, ajoyib dostonlari, otashin va mayin she’riyati, jo‘shqin publitsistikasi, ardoqli tarjimalari, teran ma’noli adabiy-tanqidiy maqolalari bilan adabiyotimiz va umuman madaniyatimiz xazinasini boyitdi, xalq, millat tafakkurining yuksalishida katta rol o‘ynadi. Yuksak talant va qalb qo‘ri bilan o‘qilgan asarlari va ijodining salmog‘i bilan Oybek jahoniy ahamiyat kasb etgan ulkan san’atkorga aylandi.

Barcha buyuk yozuvchilar singari Oybek hayoti va serqirra ijodiyoti ham qardosh xalqlarning adabiyotlari, qolaversa, dunyo adabiyoti bilan chambarchas bog‘lanib ketadi. Adib, avvalo, o‘zbek mumtoz adabiyoti, xalq og‘zaki ijodiyoti, sharq xalqlari adabiyotlarini mehr va ixlos bilan o‘rgangan, ulardan kuchli ta’sirlangan. Shu bilan birgalikda u jahon xalqlari adabiyotlari, ayniqsa, qardosh adabiyotlarning eng yaxshi namoyandalaridan o‘rgangan, bashariyat tarixi davomida yaratilgan ko‘pgina buyuk asarlar Oybek uchun mahorat maktabi, ibrat namunasi vazifasini o‘tagan. “Navoiy va ajoyib mushk, ozarbayjon adabiyotining buyuk siymolaridan bo‘lgan Fuzuliyga benihoya ko‘ngil qo‘ydim. Menga she’riyatdan ilk saboqni shular berdilar”, deb e’tirof etgan edi adib.

Oybek yigirmanchi yillarda ozarbayjon, turk, tatar adabiyoti bilan qiziqadi, ayniqsa, turk she’riyati unga kuchli ta’sir ko‘rsatdi, Yahyo Kamol, Rizo Tavfiq, Abdulhaq Hamid singari turk shoirlarining asarlari adabiyot maydoniga ixlosu muhabbat bilan kirib kelayotgan yosh shoir qalbi va shuurini o‘ziga rom etdi. Shu davrdagi tuyg‘ularini u bir maqolasida “Yangi turk poeziyasining asarlari meni ilk marta lirik soddalik yo‘lida izlanishga o‘rgatdi” deb yozgan edi.

Oybekning rus adabiyoti bilan aloqasi, atoqli rus shoir va yozuvchilari bilan ijodiy hamkorligi alohida masala bo‘lib, maxsus tekshirishni talab etadi. Bu o‘rinda esa Oybek rus adabiyotidan o‘rganganini, ta’sirlanganini bir necha bor ta’kidlaganligini aytib o‘tmoqchimiz, xolos. “Men ulug‘ rus yozuvchilaridan ko‘p narsani o‘rgandim. Pushkin esa menga eng yaqin va sevimli bo‘lib qoldi”, deydi. Oybek yana Blok she’rlarining chinakam oshig‘i edi, qayta-qayta o‘qirdi, ayrim asarlari unga yod bo‘lib ketgandi: “Blok ajoyib shoir. Men uning nozik, tumanli, sir to‘la she’rlarini qayta-qayta o‘qirdim. Tushunib olganimcha, uning butun teranligini bilishga tirishar edim. Ayrim she’r­larini yoddan o‘qirdim. U rus tilining butun nozikligini, tilsimini topgan shoir”, deb yozadi “Mahorat maktabi” maqolasida.

Haqiqatan ham, u A.Pushkin, L.Tolstoy, M.Lermontov, M.Gorkiy, V.Mayakovskiy, A.Blok singari rus klassiklarining ijod gulshanidan bahramand bo‘ldi, A.Fadeev, V.Lugovskoy, N.Tixonov, S.Shchipachev, K.Simonov, L.Bat singari zabardast rus shoir va yozuvchilari bilan do‘st tutindi. Oybekning “Ilhom bulog‘i”, “Pushkin — rus xalqining buyuk shoiri”, “Chexov va o‘zbek adabiyoti”, “Adabiyot, tarix, zamonaviylik”, “Mahorat maktabi”, “Menga yangi dunyoni ko‘rsatgan adabiyot”, “Ulug‘ do‘stimiz”, “Hurmatim cheksiz” kabi o‘nlab maqolalarida rus adiblarining ijod sirlarini chuqur tahlil etadi, rus-o‘zbek adabiy munosabatlarining hali yoritilmagan sahifalari to‘g‘risida fikr yuritadi, bu aloqalarning ildizlarini ochishga intiladi.

Oybek butun hayoti mobaynida qardosh rus shoirlari, adiblari, olimlari bilan mustahkam ijodiy hamkorlik qilgan. Xalq baxti uchun kurashga otlangan milliy qahramonimiz, adolatparvar Mahmud Tarobiy to‘g‘risidagi dramasi, Alisher Navoiyga bag‘ishlangan teran tadqiqoti A.Deych bilan yaratilganligi bu fikrning yorqin dalili bo‘la oladi. Rus adiblari Oybekning betakror iste’dodini yuksak qadrlab, uni mutafakkir shoir, olim va adib sifatida g‘oyatda e’zozlardilar.

Oybek uy-muzeyi fondlarida atoqli o‘zbek yozuvchisining rus adabiyoti namoyandalari bilan ijodiy munosabatlari doimiy, samarali, keng qamrovli bo‘lganligini ko‘rsatuvchi yuzlab turli hujjatlar saqlanmoqda. Bular adibning rus adabiyoti vakillari bilan yozishmalari, telegrammalar, dastxatli kitoblar va boshqa turfa xil noyob hujjatlardir. Ular orasida A.Fadeev, K.Fedin, K.Simonova, V.Yan kabi atoqli yozuvchilarning Oybekka yo‘llagan maktub va kitoblari ham bor.

Ulkan rus shoiri Stepan Shchipachev 1966 yilning boshlarida Oybekka yo‘llagan telegrammasida: “Azizim Oybek: Menga yuborgan “Quyosh qoraymas” kitobing uchun tashakkur. Senga yangi zafarlar tilayman. Birodarlarcha quchib, sening Stepan Shchipacheving” desa, K.Simonov o‘z xatida quyidagilarni yozadi: “Aziz birodarim, Oybek! “Novыy mir” jurnali yubiley sonlarining birida qardosh respublika shoirlarining lirik she’rlaridan katta turkum yoritmoqchimiz. Bu ishga juda katta ahamiyat berayotirmiz… Biz uchun hali rus tilida chop etilmagan 2-3 ta she’ringizni asli va aniq nasriy tarjimasi bilan qo‘shib yuborishingizni iltimos qilamiz. Lirikani biz keng ma’noda tushunamiz. Har qanday mavzudagi, siyosiy temalardagi asarlargacha kiritishingiz mumkin…”.

Oybek chinakam internatsionalist, xalqlar do‘stligining kuychisi bo‘lgan adib. Uning butun ibratli hayoti va serqirra ijodi, barcha asarlari bu fikrning yorqin dalilidir. Turli qardosh adabiyotlarning Muxtor Avezov, Berdi Kerboboyev, Mirzo Tursunzoda, Samad Vurg‘un, Ivan Le, Yakub Kolas, Sobit Muqonov, Irakliy Abashidze, Simon Chikovani, Sobit Rahmon, Sulaymon Rustam singari mashhur namoyandalari bilan Oybek hamkor va hamnafas edi. XX asr adabiyotining zabardast romannavislaridan biri Muxtor Avezov bilan Oybek o‘rtasidagi birodarlarcha do‘stlik o‘zbek va qozoq xalqlarining do‘stligi kabi samimiy va mustahkamligining ramzi deyish mumkin. Bu ikki ulkan adib bir-birlarini g‘oyat hurmat qilishar, ijod bog‘laridan bahramand bo‘lishardi. Oybek qozoq adabiyoti va san’atining O‘zbekistonda bo‘ladigan haftaligiga M.Avezovni shaxsan taklif etgan edi. Qozoq adibining Oybekka yo‘llagan javob xatiga, jumladan, quyidagi dil so‘zlarini o‘qish mumkin: “Aziz do‘stim! Shaxsan yo‘llagan do‘stona taklifingiz uchun samimiy, birodarlarcha tashakkur bildiraman. Butun o‘zbek adabiyoti va Sizning ijodingiz men uchun shu qadar yaqin, shu qadar qadrdonki, buni so‘z bilan ifodalash qiyin…”.

Oybek ham qozoq birodarini g‘oyat e’zozlar, iste’dodiga tan berardi: “Muxtor og‘a Avezov chindan atoqli, chindan buyuk, tog‘ kabi baland, gigantdir. Muxtor og‘ani chuqur, juda chuqur hurmat qilaman. Muxtor Avezov mohir dramaturg, ajoyib yozuvchi, tanilgan akademik, haqiqiy olimdir.” Oybek qardosh Respublikalar yozuvchilarining yubileylari, haftaliklari va qutlug‘ sanalarida ba’zan shaxsan, ba’zan maqolalari bilan qatnashar, muqarrar ravishda biror salmoqli fikr bildirardi. Bunday hurmat va e’tibordan ta’sirlangan qardoshlarimiz unga tez-tez murojaat etib turardilar. Atoqli gruzin adibi, “Mnatobi” jurnali muharriri S.Chikovani Oybekka yozgan xatida shunday deydi:

“Hurmatli o‘rtoq Muso! Bizning jurnalimiz “Mnatobi” galdagi sonini shonli voqea ­ Tbilisining 1500 yilligiga bag‘ishlaydi.

Mamlakatimiz bilan azaldan do‘stona aloqangizni inobatga olib bu voqeaga bag‘ishlangan, xohlagan shakl va xohlagan janrdagi fikringizni yo‘llashingizni juda orzu qilamiz”.

Turli adabiyotlarning K.Fedin, A.Surkov, G.Markov, V.Ajayev, M.Bajan, M.Huseyn, S.Mixalkov, F.Musrepov, Ye.Bertels, M.Mirshakar, R.Hamzatov, E.Ognetsvet kabi vakillarining o‘zbek yozuvchisiga yo‘llagan maktub, telegramma, kitoblari ham qardosh xalqlarning Oybek ijodi, shaxsiga buyuk muhabbati, ramzidek g‘oyat ahamiyatlidir.

Oybek jahon xalqlari va qardosh respublikalar yozuvchilarining durdona asarlari bilan o‘zbek xalqini bahramand etgan ulkan tarjimondir. U Dantening “Ilohiy komediya”, Gyotening “Faust”, Bayronning “Kain” singari shoh asarlaridan parchalar, Pushkinning “Evgeniy Onegin” she’riy romanini, arman qahramonlik eposi “Dovud Sosuniy”ning katta qismini, shuningdek, o‘z milliy adabiyotlarida mashhur va o‘zga xalqlar uchun ham yangilik bo‘lgan ko‘plab asarlarni ona tilimizga o‘girib nashr ettirdi. Tavalludining yuz yilligini nishonlayotganimiz buyuk yozuvchimiz Oybek asarlari ham o‘z navbatida turli xalqlarning tillarida qayta-qayta nashr etilmoqda, jahon xalqlarining mehr-muhabbatini qozonmoqda.

“Jahon adabiyoti” jurnali, 2005 yil, 1-son