Pirimqul Qodirov. Oltin ko‘prik (2005)

Biz, mustabid sho‘ro tuzumining eng og‘ir qatag‘onlari davrida yashagan avlodlar uchun Oybek akaning ijodi milliy ruhimizni ulkan jarlar ustidan olib o‘tgan oltin ko‘prik kabi najotkor qadriyat bo‘lib ko‘rinadi

Stalin qatag‘onlarining dahshatli sellari Abdulla Qodiriyday, Cho‘lpon va Fitratday buyuk chinorlarni adabiyotimiz bog‘idan yulib olib ketganda ijod bo‘stonlari huvillab qolganday qayg‘uli tus olgan edi. Qatag‘on sellari ulkan jarlar hosil qilgan, adabiyotda nuqul “Yasha, sho‘ro!” degan ovoz eshitilar, milliy ruh ulkan jarlarning narigi chetida qolib ketganday va berigi qirg‘oqlarga hech qachon o‘tib kelolmaydigandek tuyular edi.

Mana shu mungli yillarda “Qutlug‘ qon” romanining bosilib chiqishi va unda Abdulla Qodiriyning jozibali qahramonlarini eslatadigan Yo‘lchi bilan Gulnorning olovli muhabbati va fojeali taqdiri tasvirlangani adabiyotimizda milliy ruh hamon tirik ekanligini baralla namoyon qilganday bo‘ldi.

To‘g‘ri, tashqi tasvirda Yo‘lchi Otabekka, Gulnor esa Kumushga o‘xshamaydi. Ular boshqa-boshqa sinflar va davrlarning odamlaridir. Lekin ularning to‘rtovi ham o‘zbek millatining go‘zal va jasur vakillari bo‘lgani uchun hammalari dilimizga behad yaqin tuyulardi va milliy g‘urur tuyg‘usini uyg‘otardi.

1937 yil qatag‘onlaridan ko‘p vaqt o‘tmay, xalqning milliy tuyg‘usini uyg‘otadigan roman yozish adibdan katta jasorat talab qilardi. A.Qodiriyning Otabegi kabi Oybekning Yo‘lchisi ham vatanimizni bosib olgan mustamlakachilarga qarshi mardona kurashib halok bo‘ladi. U paytlarda hali bolsheviklar o‘zlarini chor mustamlakachilariga qarshi qilib ko‘rsatardilar. Aslida, ularning olib borgan siyosatlari chor mustamlakachilarining ishini boshqacha usullar bilan yanada shafqatsizroq davom ettirish va milliy-ozodlik harakatlarini tag-tomiri bilan yo‘q qilishga qaratilgan edi.

Mana shu haqiqatni, ayniqsa, 1937 yil qatag‘onlarida aniq ko‘rgan va og‘rinib his qilgan Oybek o‘z romanida zohiran sinfiy kurash manzarasini chizganday bo‘ladi. Ammo botinan “O‘tgan kunlar”dagi Otabekning mustamlakachilarga qarshi mardona kurashganini A.Qodiriy qanday ulug‘lagan bo‘lsa, 1916 yilgi qo‘zg‘alon paytida Yo‘lchining o‘sha mustamlakachilarga qarshi kurashini Oybek ham shunday ulug‘laydi.

Roman milliy-ozodlik va mustaqillik uchun kurashgan juda ko‘p xalq farzandlarining qonlari to‘kilgan 1937 yildan keyin yozilganida va “Qutlug‘ qon” deb atalganida katta umumlashma ma’no bor. Bevosita roman voqealari bo‘yicha 1916 yilgi qo‘zg‘olonda halok bo‘lgan Yo‘lchi va uning safdoshlari qoni “Qutlug‘ qon” deb baholanadi. Lekin asar mohiyatiga chuqurroq nazar tashlasangiz, Yo‘lchi mustamlakachilar bilan kurashib, ozodlik yo‘lida halok bo‘lgani kabi, Abdulla Qodiriy, Cho‘lpon va ularning istiqlolchi safdoshlari ham sho‘ro mustamlakachilari bilan kurashib, ozodlik va mustaqillik yo‘lida halok bo‘lganlarini eslaysiz. Bu fikrni mantiqan davom ettirsangiz, Oybek romanining tag ma’nosida sho‘ro davrida ozodlik va mustaqillik uchun kurashib halok bo‘lgan milliy qahramonlarimizning fojeaviy taqdirlari bilvosita aks etganini sezasiz. Muallif Abdulla Qodiriy,Cho‘lpon va ular kabi istiqlolchilarning xalqni mustamlaka zanjiridan ozod qilish yo‘lida nohaq to‘kilgan qonlarini ham muqaddas deb bilgani uchun romanga “Qutlug‘ qon” degan ramziy nom beradi.

Teran fikrlaydigan eldoshlarimiz romanning mana shunday ulkan ichki ma’nosini yurakdan xis qilganliklari uchun ham o‘nlab yillar davomida uni qo‘ldan qo‘ymay sevib o‘qidilar. Bu asarning yoniga “Navoiy” romani ham qo‘shilgach, sho‘ro mafkurasi bizning ongimizdan o‘chirib tashlamoqchi bo‘lgan milliy tariximiz Alisher Navoiy siymosida o‘zining butun ulug‘vorligi bilan namoyon bo‘ldi va dunyo miqyosiga chiqdi.

“Oltin vodiydan shabadalar”, go‘zal lirik she’rlar, zavq bilan o‘qiladigan dostonlar hammasi bir-birining ahamiyatini oshirib, Oybek akaning biz uchun qurib ketgan oltin ko‘prigini yanada kengaytirdi. Mustabid zamonlarning tubsiz jarlari ustidan o‘tgan bu oltin ko‘prik asrlar osha bugungi istiqlol davri bilan tutashadi va yangi-yangi avlodlarni barkamol qilib tarbiyalash ishiga ulkan hissa bo‘lib qo‘shiladi.

“Jahon adabiyoti” jurnali, 2005 yil, 1-son