Olmos Ulvi. Adabiy jarayondagi yangi tamoyillar (2009)

1991 yildan e’tiboran ikki o‘lka – Ozarbayjon va O‘zbekistonning huquqiy-siyosiy ijtimoiy-iqtisodiy, adabiy-madaniy hayotida tamomila yangi bir davr boshlandi. Ozodlik va istiqlol har ikki qondosh va qardosh xalqning ko‘p asrlar davomida buyuk orzusi bo‘lib kelgan edi. Og‘ir fojialarga to‘la XX asrning boshlarida Qo‘qonda e’lon qilingan Turkiston muxtoriyatining (1917–1918) va Ozarbayjon Demokratik Jumhuriyatining (1918–1920) umri juda qisqa bo‘ldi. Har ikki muxtoriyat qizil imperiya qo‘shinlari tarafidan qurol kuchi bilan yo‘q qilindi. O‘n minglab begunoh odamlarning boshiga yetgan bu qonli voqealar qoldirgan jarohat hali yuraklardan ketmay turib Stalin qatag‘onlari boshlandi. Boshqa xalqlar kabi ozarbayjon va o‘zbek xalqlarining ham yetuk, bilimdon farzandlari – hur fikrli, chinakam ziyoli, fidoyi o‘g‘lonlari boshi ustidan shafqatsiz zulm tegirmoni aylanishga tushdi. Bu qatli-omlar yetmagandek, imperiya hukmdorlari uyushtirgan ming turli qabih rejalar tufayli har ikki o‘lkada mustaqillik arafasida to‘kilgan nohaq va gunohsiz qonlar adiblarning vijdonini azoblab keldi. Tabiiyki, har ikki mamlakatning shoir va yozuvchilari mustaqillik e’lon qilinishini buyuk sevinch va ilohiy in’om ne’mati sifatida qarshilash bilan kifoyalanib qolmadilar. Istiqlol, bir tarafdan uzoq yillar qattiq yopib qo‘yilgan sandiqlarning ochilishi uchun, ya’ni sovet tuzumi davrida taqiqlab qo‘yilgan mavzularda emin-erkin ijod qilish uchun sharoit tug‘dirdi. Ijodkorlar olis va yaqin o‘tmishdagi voqealar haqida yangi-yangi asarlar yozib, xalqimiz bosib o‘tgan mashaqqatli, og‘ir yo‘lni tarix haqiqatiga mos holda tasvirlay boshladilar.

Mavzu jihatidan qaraganimizda, mustaqillik yillarida ozarbayjon tilidan o‘zbekchaga yoki o‘zbek tilidan ozarbayjonchaga tarjima qilingan asarlarda, ulardan ayrimlari mustaqillikdan oldin yaratilganiga qaramay, Istiqlol ruhi, erk va ozodlik uchun kurashgan vatanparvarlar obrazlari, hurliksevar qahramonlar siymosini yaratishga intilish hamisha mavjud bo‘lganini ko‘ramiz. Bu jihatdan Baxtiyor Vahobzoda, Xalil Rizo Ulug‘turk, Muhammad Oraz, Fikrat Xo‘ja, Voqif Samado‘g‘li, Ramiz Ravshan, Voqif Bayotli she’rlarini, Yusuf Samad o‘g‘lining “Qatl kuni”, Anorning “Besh qavatli uyning oltinchi qavati”, Akram Aylislining “Kura qirg‘og‘idagi gulxanlar”, Elchinning “Tovuqning tirik qolishi”, Og‘amali Sodiqning “Boshsiz” nomli roman va qissalarining o‘zbek tiliga, o‘z navbatida Abdulla Orif, Erkin Vohid, Shukur Xolmirzayev, Shavkat Rahmon, Tilak Jo‘ra, Usmon Azim, Usmon Qo‘chqor, Tohir Qahhor, she’rlari hamda bir qancha hikoyalari ozarbayjon tiliga tarjima qilinishini alohida tilga olmoq lozim.

Mustaqillikka erishilgandan keyingi yillarda Ozarbayjon bilan O‘zbekiston orasidagi o‘zaro aloqa va munosabatlarni yangi davr talablariga uyg‘un holda qaytadan qurish lozim bo‘ldi. Zero, madaniyat, adabiyot va san’at azaldan do‘stlik va qardoshlik, birlik va hamkorlik jarchisi sifatida o‘z tinchliksevar salohiyatiga ko‘ra ijtimoiy hayotning alohida bir sohasi bo‘lib kelgan. Yangi davrda ham uning o‘z baynalmilal vazifalarini davom ettirishi va rivojlantirishi uchun katta hayotiy-ma’naviy ehtiyoj bor. Qardoshlik munosabatlarini yuksaltirish adabiy-madaniy aloqalarni yangi bosqichga ko‘tarish, qardosh mamlakatlar va xalqlar orasidagi do‘stlik rishtalarini yanada mustahkamlashning yagona samarali yo‘li – o‘zaro borish-kelishlarni, adabiy-madaniy tadbirlarni qaytadan tiklab, davom ettirishda ko‘rinadi.

Bu jihatdan Ozarbayjon va O‘zbekiston Davlat boshliqlari va vakolatli hay’atlarning o‘zaro rasmiy safarlari (1996, 1997, 2004) hamda turli uchrashuvlar paytida do‘stlik, iqtisodiy hamkorlikni kuchaytirishga doir hujjatlarga imzo qo‘yilgani istiqlol davrida ozarbayjon-o‘zbek adabiy-madaniy aloqalari jonlanishi uchun kuchli omil bo‘lganini aytib o‘tish lozim. Natijada Ozarbayjonda faoliyat boshlagan O‘zbekiston elchixonasining Ozarbayjon Madaniyat jamg‘armasi va ozarbayjon o‘zbek Do‘stlik jamiyati bilan birgalikda o‘tkazgan bir qancha tadbirlari – Xalil Rizo Ulug‘turkning “Turon kengliklari” kitobining taqdimoti marosimi (2006), Alisher Navoiyning “Mezon-ul-avzon” asarining tarjima qilinishi va “Sharq taronalari”ga bag‘ishlab tashkil etilgan kechani (2007) mamnuniyat bilan tilga olish mumkin. O‘z navbatida O‘zbekistondagi Ozarbayjon elchixonasi Abu Rayhon Beruniy nomidagi Toshkent Davlat Texnika universiteti bilan birgalikda tashkil etgan “Ozarbayjon kuni” bayrami (2005), Baynalmilal madaniyat markazi bilan hamkorlikda o‘tkazilgan Navro‘z sayili (2005) haqida alohida to‘xtalish lozim.

Adabiy-madaniy aloqalarni kuchaytirish tadbirlari haqida gap ketar ekan, keyingi yillar ichida Ozarbayjon poytaxtida o‘tkazilgan dunyo ozarbayjonlarining I va II qurultoylarini (2001,2006), ozarbayjon va turkiy xalqlar madaniyatiga doir tashkilotlar rahbarlarining Boku forumi (2007), Turkiy xalqlarning XI do‘stlik, qardoshlik, hamkorlik qurultoyini (2007) eslatib o‘tish o‘rinlidir. Bu anjumanlarda ishtirok etgan O‘zbekiston vakillari orasida Fridun Safarov, Nasriddin Muhammadiyev, Umar Salmonov, Yashar Qosimov, Akif Azalp kabi taniqli adabiyot va san’at, ilm va madaniyat xodimlari bor edi. Bu amaliy tadbirlar mustaqillik davri ozarbayjon-o‘zbek adabiy-madaniy aloqalari mustahkamlanishiga o‘ziga yarasha hissa bo‘lib qo‘shildi. Bular haqida gap ketganda O‘zbekiston Respublikasi Baynalmilal markazining rahbari Nasriddin Muhammadiyev va O‘zbekistonda yashayotgan Axisxa (mesxeti) turklari milliy-madaniy markazi rahbari Umar Salmonovlar katta ishlar qilayotganini alohida qayd etish kerak.

Umar Salmonov millatlararo birlik va hamkorlik nashri sifatida chop etiladigan “Birlik – Yedinstvo” gazetasida (2003, № 1 (67) bosilib chiqqan “Muqaddas yurt o‘g‘loniman” nomli maqolasida qardoshlik tuyg‘ularini harorat bilan bayon qiladi. Gazetaning ana shu sonidagi “She’riyat gulshani” sahifasida shoir Akif Azalpning “Sen tinchlik kuychisi – mangu dostonsan” she’riy turkumi ham e’lon etildi.

Mustaqillik davri ozarbayjon-o‘zbek adabiy aloqalari borasidagi amaliy ishlar haqida gap ketar ekan, Ozarbayjon Yozuvchilar birligining tashabbusi bilan “Dunyo adabiyoti” jurnali, “525-gazeta”si va Otaturk markazi ishtirokida 2005 yil 4-5 avgustda Ozarbayjon poytaxtida o‘tkazilgan “Tarjima masalalari va globallashuv” mavzusidagi Boku xalqaro konferentsiyasiga alohida to‘xtalmoq lozim.

“O‘GORT aloqalari” (O‘zbekiston, Gurjiston, Ozarbayjon badiiy tarjima masalalari)ga bag‘ishlangan bu konferentsiya faoliyatida Ozarbayjon yozuvchilar birligining raisi, xalq yozuvchisi va millat vakili Anor hamda mazkur uyushma hay’atining a’zolari, Yoshlar, sport va turizm vaziri Abdulfayz Qorayev, Milliy masalalar bo‘yicha Davlat maslahatchisi, yozuvchi Hidoyat O‘rujovlar faol ishtirok etdilar.

Konferentsiya ishi Ozarbayjon matbuot nashrlarida keng yoritildi. Bevosita badiiy adabiyot masalalari bilan shug‘ullanuvchi Ozarbayjondagi “Dunyo adabiyoti” jurnali hamda O‘zbekistondagi “Jahon adabiyoti” jurnalida chop etilgan materiallarni mamnuniyat bilan tilga olish kerak. “Dunyo adabiyoti” jurnalida chop etilgan materiallar “O‘GORT – qardosh o‘zbek va gruzin adabiyotlaridan namunalar” rukni ostida alohida bir kitob qilib nashr etildi. Kitobning birinchi qismida qardosh o‘zbek, ikkinchi qismida qardosh gruzin adiblarining asarlaridan namunalar ozarbayjon o‘quvchisiga taqdim qilindi. Kitob oxirida har ikki adabiyotga mansub mualliflar haqida qisqacha ma’lumotlar berilgan.

“Dunyo adabiyoti”ning ana shu maxsus sonida bir guruh o‘zbek shoirlari va yozuvchilarining asarlari e’lon qilindi.

O‘z navbatida O‘zbekiston yozuvchilari ham qardosh Ozarbayjon adiblari ijodiga munosib ehtirom ko‘rsatdilar. Jumladan, “Jahon adabiyoti” jurnalining 2005 yil, 5-sonida “Adabiy aloqalar” ruknida “Umrlardan uzun sevgimiz” (Ozarbayjon adiblari mehmonimiz”) sarlavhasi ostida ozarbayjon shoirlari va yozuvchilari asarlaridan namunalar bosildi. Jurnalda tanqidchi Asad Jahongirning “Yangi she’riyat ufqlari” maqolasi ham e’lon qilindi. Unda ozarbayjon adabiyotidagi yangi tamoyillar keng yoritilgani e’tiborga sazovor. Maqoladan so‘ng o‘zbek o‘quvchilariga Alisamad Kur, Odil Mirsaid, Adolat Asqaro‘g‘li, Rasim Qoracha, Quli Oqsos, Salim Babullao‘g‘li, Zohir Azamat, Nijot Mammadov, Esmira Serova kabi shoirlar hamda Tehron Axsan o‘g‘li, Rafiq Hoshimov, Elchin Husaynbeyli, Maqsad Nur kabi yozuvchilarning qalamiga mansub asarlar taqdim etildi. Har ikki qardosh adabiyot namoyandalari ijodidan qilingan bu yangi tarjimalarning badiiyatiga doir masalalarni tadqiq qilish alohida dolzarb mavzu bo‘lib, biz muxtasar maqolamizda bu xususda so‘z yuritmadik.

Ammo shuni alohida mamnuniyat bilan ta’kidlaymizki, “Tarjima masalalari va globallashuv” mavzusida Bokuda o‘tkazilgan xalqaro konferentsiya materiallari hamda shu munosabat bilan “Dunyo adabiyoti” va “Jahon adabiyoti” jurnallarida qardosh ozarbayjon va o‘zbek adabiyotidan qilingan yangi tarjimalar xalqlarimiz orasidagi adabiy aloqalarni yanada mustahkamlash yo‘lidagi dastlabki qadamdir, qutlug‘ ishlarning boshlanishidir. Bu yaxshi an’ana yangi sharoitlarda munosib davom etishiga tilakdoshmiz.

Ozarbayjonchadan Ulug‘bek Abdullayev tarjimasi

Jahon adabiyoti jurnali, 2009 yil, 1-son.