Olim Toshboyev. “Ommaviy madaniyat” tahdidi (2008)

Davlatimiz rahbari Islom Karimovning “O‘zbekistonning 16 yillik mustaqil taraqqiyot yo‘li” ma’ruzasi istiqlol davrida yurtimizda ro‘y bergan barcha o‘zgarish va yangilanishlarga xolis baho berilgani, bugungi hayotimiz teran tahlil etilgani bilan g‘oyat muhim ahamiyatga ega.

Prezidentimiz unda xalqimiz erishgan yutuq va muvaffaqiyatlarni yana bir bor e’tirof etish barobarida taraqqiyot yo‘limiz turli yot g‘oya va xavflardan xoli emasligini ham nazardan chetda qoldirmagan: «Biz bugun yurtimizda yangi hayot barpo etar ekanmiz, bir masalaga alohida e’tibor berishimiz lozim. Ya’ni, kommunistik mafkura va axloq normalaridan voz kechilganidan so‘ng jamiyatda paydo bo‘lgan g‘oyaviy bo‘shliqdan foydalanib, chetdan biz uchun mutlaqo yot bo‘lgan, ma’naviy va axloqiy tubanlik illatlarini o‘z ichiga olgan «ommaviy madaniyat» yopirilib kirib kelishi mumkinligi barchamizga ayon bo‘lishi kerak.»

Mazkur chaqiriq barchani birday sergak torttirishi zarur. Chunki, xalqimizga nisbatan «ommaviy madaniyat» deb atalayotgan olomonchilik balosi xuruj qilayotganini hali-hamon anglab yetmayotgan, hayotimizda bu ofatning ilk «jilvalari» namoyon bo‘layotganini sezmayotgan odamlar oramizda bisyor. Holbuki, yaqin-yiroq yurtlarda «ommaviy madaniyat»ga yoppasiga ergashishdan kelib chiqayotgan fojiali oqibatlarni ko‘rib turgan bo‘lsak-da, guyo u bizni chetlab o‘tadigandek loqaydlik, beparvolik holati hukmron. Qolaversa, ana shu ko‘zga ko‘rinmas ofatning mohiyati hamda unga qarshi turish yo‘llarini ochib beradigan ilmiy izlanish va tadqiqotlar amalga oshirilmayapti. Hatto, xalqimiz «ko‘zi ochiq» deb hurmatlaydigan ziyolilar ham bunday harakatlarga nisbatan jiddiyroq bir munosabat bildirmayotgani hozirgi kunning achchiq haqiqatidir.

Xo‘sh, «ommaviy madaniyat» nima? U nimasi bilan xatarli?

Bunga javob berishdan oldin aytib o‘tish o‘rinliki, bu balo odamzod hayotida dabdurustdan, kecha yo bugun paydo bo‘lib qolgani yo‘q. Garchi bu hodisani ilmiy jihatdan o‘rganishga o‘tgan asrning 60-yillaridan boshlab qo‘l urilgan bo‘lsa-da, «ommaviy madaniyat»ning shakllanish, aniqrog‘i, shakllantirilish tarixi bir necha asrlarga teng.

Bugungi zamonaviy fan «ommaviy madaniyat»ning (inglizchada tazz siIige) tub zamirida tijorat, moddiy manfaatdorlik borligini e’tirof etadi. Tarixga nazar solinsa, har doim erkin bozor muhitida serxaridor tovarlar bilan birga yot mafkuralar ham yoyilgani ma’lum bo‘ladi. Zero, tuya karvoni yoxud kema yukxonasida olib kelinayotgan tovar yonida hamisha muhim siyosiy «mahsulot» — g‘oya ham bo‘lgan va u boshqa mollar qatori eksport qilingan. Ana shu taktika hozir ham madaniyatlar eksportida faol qo‘llanilayotir. Farqli jihati shundaki, avvallari bu missiya tovar eltuvchi savdogar vositasida bajarilgan bo‘lsa, bugun bu vazifani tovarning o‘zi ado etadi. Ya’ni, g‘oya tovarga «yorliq» bo‘lib kirib keladi. Masalan, sifatiyu chiroyi o‘ziga mahliyo etadigan bejirim libos ortiqcha izoh va sharhsiz ham bemalol ajnabiy madaniyatning targ‘ibotchisi bo‘la oladi, uni kiygan iste’mol chi esa tap-tayyor reklama afishasi! Eng dahshatlisi, bu holni o‘sha kishining o‘zi hamisha ham sezavermaydi. Yoki yarim- yalang‘och badaniga ko‘pik surayotgan oyimchaning nozli surati aks etgan iroqi sovunning o‘ziyoq milliy axloqqy «o‘lat» tushirish qudratiga ega ekani anglanmaydi ham. Bu hol esa asta-sekin milliy madaniyatga yot qadriyatlarga ko‘nikma hosil qildirishi, begona madaniyat bilan «emlanayotgan» odamning etini o‘ldirishi bilan xatarlidir. Bu emlashdan so‘ng «ommaviy madaniyat»ning «og‘ir formalari»dan ham seskanmaslik, begonasiramaslik kayfiyati hukmronlik qila boshlaydi.

«Ommaviy madaniyat» tub mohiyatiga ko‘ra milliy madaniyatlarning kushandasi bo‘lib, u madaniy xilma-xillikni xushlamaydi, uning asl maqsadi — bu olamni yakrang ko‘rish. «Ommaviy madaniyat stsenariysining asosiy «muallifi» sanalgan AQShda madaniyatlar uyg‘unligi orqali millatlar o‘rtasidagi tafovut «devori»ni yiqitish borasida to‘plangan boy tajriba shundan dalolat beradi. «Yagona millat» — «amerikalik» degan tushunchaning vujudga kelishi uchun olib borilgan uzoq muddatli mafkuraviy kurash alal-oqibat xalqni birlashtirdi. Ammo bu «muvaf- faqiyat» o‘nlab-yuzlab millat vakillarining o‘zligidan mosuvo etilishi, tubjoy aholi — hindularning butunlay «yutilib» ketishi hisobiga yuz berdi.

Garchi «ommaviy madaniyat» ummon ortida yagona davlat shakllanishida qo‘l kelgan bo‘lsada, bugunga kelib uning G‘arbda yuz berayotgan axloqiy tanazzulning muqaddimasi ham ekani ayonlashdi. O‘tgan ellik yil davomida «ommaviy madaniyat» o‘sha jamiyatlarni sun’iy, soxta ideallar bilan chalg‘itibgina qolmay, odam bolasi uchun muqaddas bo‘lgan tabiiy juftlikni inkor etdi, g‘ayriinsoniy axloq va munosabatlarni qonuniylashtirdi va buni demokratiyaning oliy namunasi deya ko‘z-ko‘z qildi. Asr so‘ngiga kelib bunday jamiyatlar tabiiylikni, aniqrog‘i, sof insoniy axloq tutumlarini izlashga tushdi. Elvin Tofflerning «Uchinchi to‘lqin», Patrik Byukenenning «G‘arbning halokati» kabi asarlari shov- shuvga sabab bo‘layotgani bejiz emas.

Eslatma o‘rnida aytib o‘tsak, sobiq sho‘ro davlatida ham xuddi shunga o‘xshash amaliyot o‘tkazilgan edi. Ommaviy «sovet madaniyati»ni «yasash» niyatida «sovet grajdani», «sovet grajdanining axloq kodeksi» singari mag‘zi puch tushunchalar zo‘r berib targ‘ib qilindi, hatto millat, qadriyat, mentalitet degan tushunchalar lug‘atlardan o‘chirib tashlanishiga bir bahya qoldi. Bu ham yetmagandek, mustabid tuzum davrida sho‘rolar «San’at oddiy xalqqa mutlaqo tushunarli bo‘lishi lozim» degan shiorni bayroq qilib olgan edi. Bundan ko‘zlangan maqsad shundan iborat bo‘lganki, san’at namoyandasi jo‘n bir odam darajasiga tushsin! Chalasavod, nari borsa o‘rta maktab ma’lumotiga ega ishchi yoki dehqon saviyasini ko‘tarish, didini o‘stirish haqida gapirgan odam sinfiy dushman! Negaki, milliy madaniyatga egalik, shu ruxdagi tarbiya va axloq kommunistik mafkuraga mutlaqo to‘g‘ri kelmas edi. Sho‘rolar imperiyasi qulagunga qadar bu tamoyil o‘z hukmronligini o‘tkazib keldi.

Keyingi yuz yilliklarda dunyo taqdirini hal qilib kelgan ikki imperiya tajribasidan ma’lum bo‘lyaptiki, madaniyatlar uyg‘unlashuviga erishish ham agressiyaning bir ko‘rinishi, mustamlakachilikning «qog‘ozga o‘ralgan» shaklidir. Demak, «ommaviy madaniyat» zamirida imperializmning dunyoga hukmronlik qilish g‘oyasi mujassam.

O‘tgan asrning 50-yillariga kelib ki shilik hayotini ommaviy axborot vositalarisiz tasavvur qilish mushkullashdi. Targ‘ibotning yangi-yangi vositalari ixtiro qilinishi bilan imperializm tarafdorlari ham mustamlakachilik siyosatining shaklu shamoyilini tubdan o‘zgartirdi. Endi ular xalqlarni tobe qilish, yangi-yangi hududlarda hukmronlik o‘rnatishdek muddaolarini amalga oshirish uchun o‘z tajribalaridan muvaffaqiyatli o‘tgan «ommaviy madaniyat»ni keng yoyishga, bunda ommaviy axborot vositalari imkoniyatlaridan foydalanishga zo‘r bera boshladi. O‘sha kezlar o‘tish davri, yangi hayot qurish jarayoni kechayotgani bois aksariyat jamiyatlarda g‘oyaviy bo‘shliq paydo bo‘lgani oqibatida sayyoramizning kat ta qismida «ommaviy madaniyat» quloch yoydi. Tadqiqotlar shuni ko‘rsatyaptiki, mikrob o‘zi uchun qulay joy izlaganidek, ushbu illat ham ma’naviyatdan yiroq, milliy ildizidan begonalashgan toifani tanlaydi.

Xo‘sh, «ommaviy madaniyat»ning keng quloch yozib, gurkirab borayotgani «siri» nimada? Nahotki uni targ‘ib qilishga shu qadar ko‘p resurs jalb etilib, katta miqdorda mablag‘ ajratilgan bo‘lsa? Buning siri shundaki, «ommaviy madaniyat» «namoyanda»larining amallari o‘zlari uchun har taraflama manfaatdorlikka asoslangan: ular «noyob san’at» namunalari — g‘oyalarini nafaqat targ‘ib qiladi balki pullaydi ham. Boshqacha aytganda, o‘z g‘oyasini yoyish orqali ham ma’naviy lazzatlanadi, ham moddiy xohish-mayllarini qondiradi — targ‘ibotdagi ustamonlikni qarang!

«Ommaviy madaniyat»ning shiddat bilan rivojlanayotganiga o‘zak-mag‘zida tijorat qoidalari yashiringani birinchi omil bo‘lsa, ikkinchisi — bu «ofat o‘zani» boshida turganlarga shoshilish hissi mutlaqo begona ekani! Har qanday zamon va makonda borini (!) pullashga tayyor dastyorlar topilishi uzoqni ko‘zlab zimdan ish ko‘ruvchi «ommaviy madaniyat»chilarning mushkulini oson qiladi, ishini jadallashtiradi. Bunday dastyorlar «ommaviy madaniyat» tegirmoniga bilib-bilmay suv quyaveradi, bilganlariga ham ertangi kun, millat taqdiri qayg‘usi begonadir. Mol-dunyoga sig‘inuvchilar faqat bugunni, yana ham aniqrog‘i, hozirni ko‘radi va tan oladi. Taniqli adibimiz ta’biri bilan aytganda, «hoziriylar» uchun «ommaviy madaniyat» huzuri jon, bu dunyoning lazzati!

«Ommaviy madaniyat» muvaffaqiyatli tarzda yoyilayotganining yana bir omili umuminsoniy madaniyatni bo‘ysundirish va o‘z ta’sir doirasiga tortish kabi tuban maqsadlarini amalga oshirish uchun turli yo‘nalishlarda doimiy olib boriladigan tadqiqot-monitoringlarga tayanib ish yuritilishidir. Bunday tadqiqotlar xuddi sotuvchi rastaga iste’molchining talab hamda taklifidan kelib chiqib tovar qo‘ygani kabi xalqning mentaliteti, inja-nozik ruhiyati, turmush tarzi, istak-mayllarini chuqur o‘rganadi va shu yo‘sinda yangi loyihalar — xalqning tub ildizlariga zarba berish usullarini ishlab chiqadi.

«Ommaviy madaniyat»ning yovuzligi shundaki, u odamzodning fikrlashiga tish-tirnog‘i bilan qarshi. To‘g‘ri, bir qarashda «ommaviy madaniyat» hurfikrlilik, inson erki tarafdoridek ko‘rinadi, lekin barcha «ilmu amali»ning negiziga e’tibor berilsa, insonning fikrlashiga, tafakkur qilishiga zid ekani ayon bo‘ladi. Barcha sohalarda ular yuritayotgan qoliplashtirish siyosati asl maqsad-muddaosini oshkor qiladi. Amerikalik futurolog E.Toffler «Uchinchi to‘lqin» asarida bu hakda shunday yozadi: «Fabrika millionlab xonadonlarda foydalanish uchun bitta buyumni kerakli miqdorda yasab tashlagani kabi ommaviy axborot vositalari ham millionlab odamlarning miyasi uchun bir qolipdagi axborotlarni keragicha chiqarib boraveradi. Bir andozaga solingan, ommaviy tarzda tayyorlangan dalillar qoliplashgan, ommaviy tarzda tayyorlangan mahsulotlarning egizagidir». Tabiiyki, andozalashgan axborotu mahsulotlar qurshovida qolgan odamlarning o‘zi ham bora- bora bir o‘lchamga tushadi: hammaning yurish-turishi, o‘y-kechinmasi, fikrlash tarzi, bari-bari bir xil. Va nihoyat, bu olamda xilma-xillik bo‘lishi mumkin emas, degan qarashda yakdil!

«Ommaviy madaniyat» shaxsning ijtimoiylashuviga, xalqona aytganda, «to‘rtovora»ga qo‘shilishiga imkon bermaydi. Aksincha, yon-atrofida ro‘y berayotgan voqea-jarayonlarga loqayd, yurt taqdiriga mutlaqo befarq avlodni shakllantiradi, umuman, jamiyatda beparvolik kayfiyati hukm surishiga xizmat qiladigan har qanday xatti-harakatni rag‘batlantiradi.

Xo‘sh bundan ko‘zlangan maqsad nima?

Fikrsizlik oqibatida tobe bo‘lish — kuch bilan bo‘ysundirilgandan ko‘ra ming chandon fojiali. Tarix ko‘p bor guvoh bo‘lgan: qurol-aslaha vositasida bo‘ysundirilgan xalqlar ko‘p yillar, hatto asrlar o‘tsa-da, baribir ozodlikka erishgan. Chunki qurol-aslaha milliy tafakkurni, qalbni zabt eta olmagan — odamlar ongida ozodlikka erishishdek ulug‘ orzu yashayvergan! Ammo xalqning ongi, qalbi mahv etilsa-chi? Bunday xalq milliy ozodlik haqida o‘ylashga qodir bo‘lmasligi, bunga qurbi yetmasligi kunday ravshan. Millat uchun, xalq uchun bundan og‘irroq fojia bormi? Milliy ozodlikni unutish millatning izsiz yo‘qolishi emasmi?.. Shu ma’noda milliy taraqqiyotimiz tamoyiliga aylangan «kuchli davlatdan — kuchli jamiyat sari» shiori mohiyatan tafakkuri teran, mustaqil mushohada qobiliyatiga ega yangi bir avlodni shakllantirish va tarbiyalashga qaratilgani bilan yanada muhim ahamiyat kasb etadi. Binobarin, bir qolipdagi did va saviyaning shakllanishi mamlakatimizda olib borilayotgan ma’naviy-ma’rifiy islohotlarning mohiyatiga tamomila ziddir.

«Ommaviy madaniyat»ning asl maqsadi har ko‘yga solish mumkin bo‘lgan olomonni shakllantirish bo‘lgani bois, u ma’naviy oziq beradigan, badiiy yuksak, o‘quvchini mushohadaga undab, tasavvur olamining kengayishiga xizmat qiladigan asarlarni yaqiniga yo‘latmaydi. Taassufki, bugun ayrim yoshlar orasida «Qaro ko‘zum»ni sel bo‘lib tinglaydiganlarga nisbatan bu mumtoz qo‘shiq ohangidan ensasi qotadiganlar, «Alpomish»dan aytayotgan baxshini ko‘rganda burnini jiyiradiganlar ko‘p. «Ommaviy madaniyat» namunalari, tabiiyki, chinakam badiiy qimmatga ega emas. Ammo u hamisha keng auditoriyani jalb eta olishi bilan hayratlidir. Ommaviy madaniyat omi odamlarni, ya’ni fikrlash doirasi tor, burnining uchidan narini ko‘ra olmaydigan, ta’bir joiz bo‘lsa, Abdulla Orifning «tilla baliqcha»si kabilarni ohanraboday o‘ziga tortadi: odamlarning o‘tkinchi hoyu havaslarini qanoatlantirishi, har qanday yangilikni darhol ilg‘ab, o‘zida aks ettirishi bilan ham jozibali. Shu boisdan “shlyager»,»xit»lar darhol eskiradi va kun ko‘rib-ko‘rmay unut bo‘ladi. Bugun urf bo‘layotgan yangi yo‘nalishdagi qo‘shiqchilik, turli musiqiy shoular, kassabop filmlar foyda ko‘rish, boylik orttirishga xizmat qilmokda. Bu esa «ommaviy madaniyatning keng quloch otishiga zamin hozirlayapti. «Ommaviy madaniyat» «namoyandalari» jamiyat a’zolari didini belgilovchi ma’lum bir ando- zalarni shakllantiryaptiki, bir qarashda bu zararsiz, hatto yoqimli bo‘lib tu- yulyapti. Bu aynan yangi jamiyat bunyodkorlari — yoshlarni o‘z domiga tortibgina qolmasdan, ularni mazkur madaniyat targ‘ibotchilariga aylantirib qo‘yayotgani bilan xatarlidir.

Hazrat Jaloliddin Rumiy haqli ravishda e’tirof etganidek, «Har nechuk muyassariyat — mahrumiyatdir, Har nechuk mahrumiyat — muyassariyat!» O‘zbekiston mustaqil davlat sifatida jahon tsivilizatsiyasining muhim bir bo‘g‘iniga aylandi. Tobora jadallashib borayotgan integratsiya jarayonida xalqlar o‘rtasida o‘zaro muloqat sharoitining milliy taraqqiyotimizga qo‘shayotgan hissasidan ko‘z yummagan holda, yangilik niqobiga o‘ralgan yot unsurlar ham kirib kelayotganini tan olish lozim. Bunday «madaniy tahdid»lar bir qarashda ko‘zga tashlanmagani bois uni daf’atan tanib olish mushkul. Vaholanki, «ommaviy madaniyat» jamiyatning ma’naviy-axloqiy qadriyatlarini, bir so‘z bilan aytganda, milliy-maishiy hayotni zimdan ta’qib qilib boradi. Hatgo milliy, diniy tarbiyadan, urf- odatlardan begonalashish, ularni mensimaslikka da’vat qilish hollari ham ku- zatilayotgani tashvishlanarli, albatta.

Evropaparastlik va amerikacha madaniyat ta’siri, shu ta’sirga jiddiy moyillik — “ommaviy madaniyat»ga ergashish, odatda, dunyoqarashi, ongi to‘liq shakllanmagan, milliy g‘oya va qadriyatlar mohiyatini anglab yetmagan yoshlar orasida ko‘proq kuzatilmoqda. Milliy madaniyat asoslari, mazmun-mohiyatidan begona ruhiyatda voyaga yetayotgan yoshlar tabiiy ravishda sanab o‘tilgan madaniyatlarga taqlid qiladi va bundan manfaat izlovchi turli yot kuchlar qurboniga aylanib boradi. Turli nodavlat gazetalarni «bezab» turgan o‘zga madaniyat vakillarining surat va kollajlari, «G‘M» radiostantsiyalari orqali tinimsiz taralayotgan g‘ayrimilliy musiqalar, shou-dasturlar muayyan ma’noda milliy madaniyatga bo‘lgan e’tiborni susaytiradi va ma’naviy-mafkuraviy sohalarda amalga oshirilayotgan ishlarning samarasini kamaytiradi. Shu nuqtai nazardan, Meksika teleseriallari, Hollivud filmlari, «Uolt Disney» multfilmlari ruhida tarbiya topayotgan yosh avlod «ommaviy madaniyat» jodusidan o‘zini saqlay oladimi, degan savol barchamizni tashvishlantirishi lozim. Zotan, biz shu soddadil xalqning farzandi ekanmiz, yodda tutmog‘imiz lozimki, hech kimga uning axloqiy qadriyatlarini, qalb kechinmalarini ermak qilish huquqi berilmagan. Ayrim xususiy nashrlarda to‘xtovsiz, ta’bir joiz bo‘lsa, «kim o‘zar»ga e’lon qilinayotgan «ijod» namunalarini millat ma’naviyatiga tajovuz, deb baholash mumkin. O‘zbek mentalitetining yorqin ifodasi bo‘lgan uyat, or-nomus, andisha, g‘ururni («er yigitning uyalgani — o‘lgani», «uyat — o‘limdan achchiq» kabi xalq maqollari buning isboti) arzon pullayotgan, hech ikkilanmay aytish mumkinki, toptayotgan «hamkasb»larimiz zimmalaridagi ulkan mas’uliyatni unutgani aniq. Madaniyatimizga «konveyer» usulida ming-ming nusxada bosilayotgan yengil-elpi asarlar, «sariq matbuot» deb ataladigan gazeta- jurnallar, ko‘cha, xiyobon va bekatlarni egallab olgan reklama yorliqlari, audio va video kassetalar, disklar mo‘r-malahday bostirib kirayotganini sezmaslik qanchalar dahshatli?!

Yashirib nima qildik: o‘zimiz xizmat qilayotgan ommaviy axborot vositalari, nashriyotlar, musiqiy asarlar, tasviriy san’at, kinomatografiya «ommaviy madaniyat»ning «lokomotiv»lari hisoblanadi. Shundan kelib chiqib jamiyatimiz hayotiga teranroq nazar solsak, ayon bo‘ladiki, internet tarmog‘i, xorijiy telekanallar, uyali aloqa tizimi va boshqa vositalar orqali tarqatilayotgan turli g‘ayrimilliy g‘oya va qarashlar yoshlar ongiga salbiy ta’sir ko‘rsatyapti. Shu ma’noda xususiy nashrlarning saviyasi, e’lon qilinayotgan maqolalardagi ma’naviyat masalasi eng dolzarb muammolardan biri sifatida yuzaga qalqib chiqyapti, deyishga asos bor.

Shu o‘rinda ta’kidpamoq joizki, global olam muammolari hali bizga taalluqli emas deguvchilar qattiq adashadi. Kecha faqat quloqqa aytish mumkin bo‘lgan gaplar bugun ochiq-oshkora oila davrasida, hatto ommaviy axborot vositalarida muhokama qilinayotgani, o‘zbekning o‘zbekligini manaman deb ko‘rsatib turadigan tutumlarga nisbatan yotsirash kayfiyatining vujudga kelayotgani «ommaviy madaniyat» xatari milliy qadriyatlarimiz chegarasini buzib kirishga jiddiy urinayotganining yaqqol dalilidir. Shunday ekan, madaniyatlar bir xilligiga erishishga intilayotgan kuchlar ja- miyatimizga tahdid sola olmaydi, deb xotirjam bo‘lish mumkinmi?

Xo‘sh, bu illatga qarshi qanday kurash usullari bor?

Modomiki, «ommaviy madaniyat» g‘oya ekan, unga qarshi qanday g‘oya bilan kurashamiz? «Ommaviy madaniyat»ga jon baxsh etib turgan biznesgachi? Unga nimani qalqon qilamiz?.. Ana shu savollarning o‘ziyoq «ommaviy madaniyat»ga qarshi turish oson kechmasligini ro‘y- rost ko‘rsatadi.

Odatda, bu masalaga yechim sifatida tarbiya milliy bo‘lishi zarurligi, yoshlarni MILLIY RUH asosida voyaga yetkazish lozimligi qayta-qayta ta’kidlanadi. XXI asr boshida ham bu muammo kun tartibidan tushmayotgani ma’rifatparvar Abdulla Avloniy tarbiyani hayot-mamot masalasi sifatida talqin etgani bejiz emasligini ko‘rsatadi. Lekin yana bir haqli savol tug‘iladi: KIM yosh avlodni milliy ruhda tarbiyalaydi?

Bizningcha, buning uchun to‘liq ma’noda MILLIY RUHni o‘zida mujassam etgan jamiyatning intellektual elitasini shakllantirish zarur. Xorijiy tillar va zamonaviy axborot texnologiyalarini egallash — davr talabi albatta, ammo bu intellektni belgilovchi birdan-bir mezon yoki o‘lchov bo‘la olmasligi ham e’tibordan soqit qilinmasligi lozim. Shuning uchun ham keng miqyos kasb etayotgan globallashuv jarayonida millatga xos bo‘lgan barcha sifatlarni jamiyatning intellektual elitasi saqlab qolishi, o‘z navbatida yoyishi, kelgusi avlodga yetkazishi mumkin.

Prezidentimyz bundan ikki yil oldin 9 may — Xotira va qadrlash kuni arafasida jurnalistlar bilan o‘tkazgan suhbat-muloqotida shu masalaga to‘xtalgan, Internetni katta bir do‘konga qiyoslagan edi. «Bu do‘konga kirgan odam o‘ziga kerakli molni xarid qiladi. Lekin gap mana shu do‘kondan nimani olishda,» degan edi Yurtboshimiz. Muloqotda adabiy-ilmiy saytlar yaratish muhimligi alohida ta’kidlangandi. Shu ma’noda milliy taraqqiyotga xizmat qila oladigan an’ana va qadriyatlarni sof holda saqlash va ularning to‘laqonli targ‘ibotiga erishishning yangi, noan’anaviy usul va uslublarini ishlab chiqishdagi sustkashlikka ortiq toqat qilib bo‘lmaydi.

Aslida zuvalasi shu zamindan qorilgan odamga yot-begona mafkuraning singib ketishi juda qiyin, qachonki u shu narsaga ehtiyojmand bo‘lmasa! Bizningcha, g‘oya tashiyotgan mahsulotning tanqisligi va xaridorgirligi g‘oyaning singish darajasiga taqriban tengdir. Bu — matosi behad tejalgan toru tang libos, ya’ni moddiy tovar bo‘ladimi yoki yosh avlod kiprik qoqmay termilayotgan qahramoni dam-badam sevgisining isbotiga kirishib ketaveradigan xorij seriallari — ma’naviysimi, bundan qat’i nazar, ehtiyojmandlik uni shunga undaydi. Xorijning «xo‘rozqandi»ga munosabat masalasida Farmonbibining tashvishi bugun ham ahamiyatini yo‘qotmagan ko‘rinadi. Demak, muammoning oldini olishda iqtisodiy omillarni ham e’tiborda tutib ish ko‘rmoq lozim.

Yana shuni ham e’tirof etish kerakki, mustabid tuzumning uzoq davom etgan zug‘um va xurujlari o‘zbek millatini mahv eta olmadi, o‘zligidan, ko‘hna qadriyatlaridan ayirolmadi. Boz ustiga, «ommaviy madaniyat» xuruji sobiq imperiya qulashi bilan ham barham topib ketmadi. U endi zamonaviy qiyofada — integratsiyalashish, liberallashish, demokratlashish niqobida yashay boshladi. Achinarlisi, u hali-hamon umuminsoniy qadriyatlar, kishilik tamadduni erishgan eng hayotbaxsh tushun chalardan qurol sifatida foydalanmoqda. Prezidentimiz har gal kuyunchaklik bilan bu xatarga qarshi kurashning mustahkam mexanizmini shakllantirish lozimligi haqida fikr bildirar ekan, «ommaviy madaniyat» niqobidagi tushunchalar bilan umuminsoniy qadriyatlar o‘rtasidagi tafovutni nozik ilg‘ash muhimligini ta’kidlaydi. Xulosa sifatida aytsak, chin va soxta qadriyatlar o‘rtasidagi chegarani belgilaydigan «qizil ip» tobora injalashib, ko‘rinmaslashib boryapti. Lekin xalqimiz har qanday sharoitda ham asl qadriyatlariga sodiq qolgan va milliy manfaatlariga mos qadriyatlarnigina tan olgan, o‘zlashtirgan.

Demoqchimizki, «ommaviy madaniyat» niqobidagi istilochilikka qarshi kurashda o‘zbek xalqida immunitet mavjud. Ammo bu taskin oldimizda ko‘ndalang turgan real xavfni mensimaslik yoxud bemalolchilikka asos bo‘lolmaydi. Binobarin, Yurtboshimiz ta’kidlaganidek, bunday uzoqni ko‘zlaydigan, aniq maqsadlarga ega bo‘lgan turli xuruj va g‘arazli intilishlar, xorijiy markazlar tomonidan katta kuch, mablag‘ sarflanayotgan harakatlar va bu kabi xavf-xatarlar bizga qanday zararli oqibatlar olib kelishidan ogoh bo‘lishimiz darkor.

“Tafakkur” jurnali , 2008 yil 1-son