Nurboy Abdulhakim. Yangi zamon she’riyati: tamoyillar, izlanishlar (2013)

Orzudan mahrum qolgan inson tubanlik sari qulashga mahkum bo‘lgani singari idealdan bebahra jamiyat ham tanazzul girdobiga tushishi muqarrardir. Inson orzusi, jamiyat ideali esa adabiyotda aks etadi. Adabiyot milliy shaklda namoyon bo‘lar ekan, nafaqat alohida shaxslarning, millatning orzu-ideallarini ifodalaydi. Bu hol, adabiyotning eng faol turi sanalgan she’riyatda, ayniqsa, yaqqolroq ko‘rinadi. Milliy she’riyatimizning takomillashuv tamoyillarini aniqlash, uning xos xususiyatlarini tahlil etish, she’rshunoslikning zamonaviy mezonlari asosida baholash – ana shu jihatdan alohida ahamiyatga ega.

Tahlil ob’ektimiz – o‘tgan 2012 yili chop etilgan she’riy to‘plamlardir. Bu yil jami 100 dan ortiq katta-kichik she’riy to‘plamlar chop etilgani xalqimizning nazmga bo‘lgan ixlosidan, muhabbatidan darak beradi.

Dastlab she’riy to‘plamlarga kirgan dostonlar xususida. O‘zbekiston Qahramoni, Xalq shoiri Abdulla Oripovning “Ranglar va ohanglar” to‘plamiga kirgan “Istiqlol manzaralari” asari o‘zbek dostonchiligida yangi hodisa bo‘lganini ta’kidlash kerak. Bu yangilik nimalarda ko‘rinadi? Birinchidan, doston liro-epik poeziyada bir oz unutila boshlagan xalqona qissago‘ylik usulida ijod etilgan. Ikkinchidan, “Yigirma yil”, “Tog‘lar hikoyasi”, “O‘zbek ishi”, “Muruntov”, “Elobod”, “Qamchiq dovoni”, “Imom Buxoriy”, “Jeneva” sarlavhalari bilan berilgan sakkiz manzara orqali xalqimiz hayotida istiqlolgacha va mustaqillik yillarida kechgan butun murakkabliklar: ziddiyatlaru yuksalishlar, alohida shaxslar va millat ruhiyatidagi evrilishlar qiyosiy aspektda betakror poetik talqin etilgan. Hayratga loyiq jihati shundaki, bu sakkiz manzara alohida-alohida olganda ham o‘ziga xos tugal badiiy kashfiyot bo‘lgani singari, yaxlit holda ham original liro-epik hodisa mavqeiga ko‘tarilgan. Uchinchidan, doston, she’riyatga ustoz shoirning o‘zi qo‘ygan talab – betakror mazmun, go‘zal tashbih, sirli ruh uyg‘unligida yaratilgan. Bular bari – “Istiqlol manzaralari”ning dostonchiligimizdagi chinakam yangilik ekaniga dalil bo‘la oladi.

Ustoz Maqsud Shayxzoda “Toshkentnoma”sining badiiy qimmatini istisno qilmagan holda mamlakatimiz boshkenti haqida yangi dostonlar yaratilishi badiiy ehtiyoj ekanini ta’kidlash zarurati bor. Xalq shoiri Mahmud Toirning “Yangi Toshkentnoma”si ana shu jihatdan ahamiyatlidir.

Shoir Amir Temur xiyoboni, hazrat Navoiy nomidagi Milliy bog‘, Mustaqillik maydoni, Ezgulik arkasi, Xotira xiyoboni, Ma’rifat qasri ta’rifida nazmiy misralar bitadi. O‘zbekni “mavji barhayot ulug‘ daryo”ga qiyoslagan doston muallifi millat iftixori bo‘lgan Toshkent sha’nida o‘ziga xos badiiyat obidasi bunyod eta olgan. Faqat birgina mulohaza. Dostonda Toshkent kechmishida alohida o‘rin tutgan bir-ikki siymo, masalan, Shayx Xovandi Tohur, Munavvarqori yoki Abdulla Avloniy siyrati to‘laqonliroq ochilsa, asarning ta’sir kuchi yanada oshgan bo‘lar edi.

Odam farzandlari aksar hollarda suratni ko‘radi-yu, mohiyatdan bebahra qoladi. Chinakam badiiy asar botinni – mohiyatni inkishof etmoqqa xizmat qiladi. Adabiyotning asl missiyasi ana shu haqiqatni obrazli talqin etmoqdir. Nafas Shodmonovning “Maxzan” asari shu yo‘ldagi o‘ziga xos yutuq sifatida baholanishga loyiq.

Muallif “Rivoyat” deb atagan bo‘lsa ham, asarni janr xususiyatlariga ko‘ra, dramatik doston deyish mumkin. Asar hajman katta emas. Ishtirokchilar soni ham, bor-yo‘g‘i, to‘rt kishi: rassom yigit, ko‘zi ojiz chol, yordamchi yigit va yordamchi qiz. Umrning bebaqoligi, uni qadrlash, munosib yashash insoniylikning asosiy sharti ekani asarning o‘q chizig‘ini – badiiy kontseptsiyasini tashkil etadi. Kompozitsiya, syujet, badiiy tasvir vositalari, monolog, dialog, remarka – barchasi ijodkorning ana shu poetik kontseptsiyasiga xizmat qildirilgan. Birgina mulohaza: bizningcha, asar so‘nggida yigitning o‘z ko‘zlarini sitib olishi voqeasi kuchliroq mantiqiy dalillanishi, ko‘ngilning ko‘zga aylanish jarayoni muallifning xohishiga ko‘ra emas, voqealarning tabiiy mantig‘idan kelib chiqmog‘i zarur edi. Toki, o‘quvchi boshqacha bo‘lishi mumkin emasligiga ishonsin.

Shoir Humoyunning “Intihosiz navolar” to‘plamiga kirgan “Etti ustoz saboqlari”, “Qalb qal’asi” dostonlari poetik ramzlar, badiiy timsollar o‘rinli qo‘llangani bilan alohida ajralib turadi. Jumladan, “Qalb qal’asi” dostonida Yurak, Sog‘inch, Shubha, Xavotir, Nafrat, So‘z, Tasvir, Xayol, Aql, Muqaddas tuyg‘u singari timsollar vositasida inson, unga xos olijanob tuyg‘ular o‘ziga xos usulda tasvirlanadi. Ijodkorning bu janr imkoniyatlaridan samarali foydalanishga intilayotganini ta’kidlash kerak.

Endi 2012 yilgi she’riy to‘plamlarning xos xususiyatlarini ko‘rsatuvchi tamoyillar haqida. Bizningcha, ular quyidagilardir:

1. Zamonaviy mavzularni ko‘hna aruzda ifodalashga intilish. O‘tgan asrning 20-30-yillari she’riyatida aruzdan barmoqqa o‘tish tamoyili kuzatilgani ma’lum. Keyinchalik butunlay barmoqqa o‘tildi. Bugun esa aruzga ehtiyoj biroz kuchayayotgandek. Ayni kezda bu ko‘hna vaznga yangicha ruh berayotganlar ichida eng faoli ustoz Abdulla Oripovdir. Shoirning “Ranglar va ohanglar” to‘plamiga kirgan g‘azallari ushbu janrning mumtoz namunalaridir.

Sochlaring yoymay turib
Tushgan qorong‘u tun emas,
Tishlaringni ko‘rmayin
Tong ham oqargan kun emas.

Mumtoz she’riyatimizga xos husni matla’ning naqadar go‘zal namunasi. Bunda tashbeh ham, tazod ham fikrning san’atkorona ifodasiga xizmat qilgan.

Shoir Xol Muhammad Hasanning mumtoz shoirlarimiz g‘azallariga bog‘lagan muxammaslari uning bu borada muayyan yutuqlarga erishayotgani isbotidir. Mana, hazrat Navoiyning mashhur g‘azali matla’siga uning taxmisi:

     Bo‘y bahosinmu deyin, basti rasosinmu deyin,
     Xoki posinmu deyin, sochi siyosinmu deyin,
     Lab gilosinmu deyin, inju jilosinmu deyin,
     Qoshi yosinmu deyin, ko‘zi qarosinmu deyin,
     Ko‘nglima har birining dardu balosinmu deyin.

Shoira Muhtarama Ulug‘ning “Ey dilim” to‘plamiga kirgan bir necha g‘azallari uning aruzda ijod qilish salohiyati yetarli ekanidan dalolat beradi. Masalan,

     Kimni suydi jon tikib, kimni otarga o‘qi yo‘q,
     Munchayam oq bo‘lmasa, muncha qaro ko‘nglim mening.

Shoiraning g‘azallari dardu iztirobning, ruhiy g‘alayonlarning o‘ziga xos poetik tasviriga bag‘ishlangani bilan alohida ajralib turadi.

2. She’riyatda xalqona ohanglarga ehtiyojning ortishi. Mumtoz she’riyatda sahlu mumtani’ deb atalguvchi usul bor. Bir qarashda bu usulda yozishdan osoni yo‘qday, biroq buni uddalash mahol. Unda fikrni ohorli aytish, maromiga yetkazib ijod qilish har kimning ham haddi emas. Mahmud Toir ijodida ana shunday misralar bor:

     Ko‘klam qabog‘i
     Buncha uyuldi.
     Osmon ko‘zidan
     Yoshi quyuldi.
     Jismu jonimda
     G‘alat titroqlar.
     Shabnamdan sharob
     Ichar yaproqlar.

Tuyg‘uning obrazli tasvirini bu tarzda berish qiyin. Chinakam ilhom kelgandagina tug‘iladi bunday misralar.

Qutlibekaning “Qorako‘zlarim” to‘plamidagi she’rlar metaforalarga boy. Shu bois ular badiiy jihatdan talab darajasida, ta’sirchan:

     Oyning huqqasidan kumush keltirsam,
     Yulduz tokchasidan idish keltirsam,
     Nayson bulutidan yog‘ish keltirsam,
     Darmon bo‘larmanmi, dardlaringizga.

“Oyning huqqasi (qutichasi)”, “yulduz tokchasi” metaforalari, birinchidan, she’rning badiiyatini ta’minlagan bo‘lsa, ikkinchidan, qutichadan kumush, tokchadan idish keltirish birikmalarida ayollarga xos nazokat, ulargagina tegishli nafosat sezilib turadi. Mazkur she’rdagi “Darmon bo‘larmanmi, dardlaringizga” misrasi yurakka yaqin, xalqona ibora ekani bilan fikrning ta’sir kuchini oshirgan.

Gavhar Ibodullayevaning ruhiy g‘alayonlar, ko‘ngil iztiroblari o‘ziga xos talqin etilgan she’rlaridan tarkib topgan “Yuragimda yashayotgan sir” to‘plamidagi xalqona ohangga yo‘g‘rilgan misralari quyma ekani alohida ajralib turadi. Muhammad Ismoilning “Meni kuchliroq sev” to‘plamidagi aksariyat she’rlaridan samimiyat ufurib turadi. “Boshimda oftobu poyimda qorlar” misrasidagi tazod va o‘ziga xos ohang she’r badiiyatini ta’minlashda, ayniqsa, alohida o‘rin tutgan.

Bobomurod Erali she’rlaridagi xalqona ifoda tarzi ham, obrazli tasvir ham hech kimni takrorlamaydi. Shoirning “Sukunat sibizg‘asi” to‘plamidagi “Arg‘amchi yo‘l” she’rida mana bunday satrlar bor:

     Arg‘amchi, yo arg‘amchi,
     Dunyo ayyor do‘konchi.
     Sharbat uzatar, unda
     Ilon zahri – bir tomchi.

Shoir to‘rt satr she’rda benihoya ta’sirli va ohorli obrazni shundoqqina o‘quvchi ko‘z o‘ngiga muhrlab qo‘ydi. Qolaversa, hali birorta ijodkor dunyoga nisbatan ilon zahridan tayyorlangan sharbatni uzatayotgan ayyor do‘konchi tashbehini qo‘llagan emas.

Umuman, xalqona usuldagi nazm namunalari she’riyatimizning ildizlari millatimizning qadim kechmishiga borib tutashadigan asl o‘zanlaridan mudom quvvat olayotgani dalilidir.

3. Poetik shakldagi yangilanish. Bugungi she’riyatimizda kuzatilayotgan ana shunday shakliy yangilanishlar alohida e’tiborga loyiq. Ustoz Abdulla Oripovning “Ranglar va ohanglar” to‘plamidagi uchliklar bunga yorqin misol bo‘la oladi.

Abdulla Oripov – mutafakkir shoir. Shuning uchun ham u boshqalarning yetti uxlab tushiga kirishi mahol bo‘lgan original badiiy umumlashmalarga kela oladi:

     Ko‘rganin etkazgay Qalb degan joyga,
     Tafakkurga aytgay eshitganlarin,
     Bunday izdihomda uxlab bo‘lurmi?!

Chinakam ijodkorning qalbi mudom titrab turadi. Negaki, hech kim ko‘rmagan sinoatni mushohada etar ekan, bu uning qalbida aks sado beradi. Negaki, boshqalar eshita olmaydigan ohanglarni tinglar ekan, bu uning tafakkurini muttasil ravishda bezovta qiladi. “Bunday izdihomda uxlab bo‘lurmi?!” – Darhaqiqat, ijod va g‘aflat bir-biriga tamomila zid tushunchalardir. Ijodkorning ogohligi siri shunda. Binobarin, ana shu fazilatlarga ega bo‘lmagan odam o‘zini ijodkor sanashga haqli emas – mana mutafakkir shoir kontseptsiyasi.

Tursun Alining o‘tgan yili chop etilgan “Saylanma”sida ham yangicha shakliy izlanishlarga anchagina misollar bor. Shoirning “Izlar” deb nomlangan she’ri ikkilik shaklida bitilgan. Biroq bu ikkiliklar mumtoz adabiyotimizdagi fardlardan farq qiladi. Masalan, bir she’r o‘nta ikkilikdan tarkib topgan bo‘lib, har biri o‘zicha yakunlangandek tasavvur uyg‘otadi. Hatto zohiran ular bir-biriga bog‘lanmagandek ko‘rinadi. Ularda mantiqiy uyg‘unlik borligini chuqurroq mushohada etilsagina payqash mumkin…

Salim Ashurning “Muhabbat kitobi” to‘plami mohiyat e’tibori bilan ham ishq-muhabbatning ohorli talqini bo‘lgan, deyish mumkin. To‘plamdagi uchlik shaklidagi mo‘jaz she’rlar poetik jihatdan ham, teran mazmuni va o‘ziga xos uslubiga ko‘ra ham boshqa ijodkorlarni takrorlamaydi.

Ko‘hna aruzda, keyinchalik barmoqdagi she’rlarda har bir ijodkor betakror talqin etishga uringan ishq mavzui yangicha shakldagi nazmiy asarlarda o‘zgacha ifodalanayotgani yoshlarning izlanishlari samarali bo‘layotgani isbotidir. Mana, Shermurod Subhon “Sokin so‘z suvrati” to‘plamidagi tinish belgilardan xoli, shunga ko‘ra bosh harflardan mustasno mashqlarida vatan, ishq va hayot haqidagi tasavvuri o‘zgacha va buni u bo‘lakcha badiiy talqin etishga urinadi. Biroq uning ishqsiz yashamoq gunoh ekaniga oid xulosasi buyuk salaflari qarashlariga mutanosib.

Behzod Fazliddinning “Kutmagan kunlarim, kutgan kunlarim” to‘plamidagi uchliklari ma’noning chuqurligi, istioraning originalligi bilan alohida ajralib turadi. Chinakam ijodkor bo‘lish uchun o‘zini taftish qila bilmoq talab etiladi. Behzodning she’rlarini nurlantirib turgan xususiyatlardan biri ham – xuddi shu. Uchliklarida shoir o‘z-o‘zini taftish qiladi, ruhiyat tasvirini oz so‘z vositasida bor ko‘lami, bor ziddiyatlari bilan ifodalay oladi.

Umuman, poetik shakldagi yangilanish va izlanishlar milliy she’riyatimizda, nazmiy tafakkurda, badiiy-estetik dunyoqarashda muayyan darajada o‘sishga olib kelayotgani tahsinga loyiqdir.

4. Poetik obrazlardagi yangilanish. Obrazda yangilik qilish shakldagiga qaraganda ancha murakkab. Lekin she’riyatning chin ma’noda yuksalishi ana shu poetik hodisaga ko‘proq bog‘liq. Ustoz Abdulla Oripov yozadi:

Bir marta ko‘rganman,
Faqat bir marta,
Oyning o‘rog‘iga yulduz qo‘nganin.

Oyning o‘rog‘iga yulduz qo‘nishi – tabiatda kamdan kam kuzatiladigan hodisa. She’riyat muxlisining ko‘z o‘ngida yorqin muhrlanadigan bunday obrazni qo‘llash shoirdan inja estetik didni, yuksak badiiy mahoratni talab etadi.

Abdulla Sherning “Gul yillar, bulbul yillar” saylanmasida “yomg‘ir” obraziga shu paytgacha kuzatilganidan o‘zgacha ma’no yuklangan:

Yomg‘irlar oralab o‘tadi umrim,
Har tomchi – bir umr, o‘zi bir dunyo.
Yomg‘irlar oralab kuzataman jim:
Yuvinib boradi asta kir dunyo, –
Yomg‘irlar oralab…

Shoir yomg‘irning har tomchisini bir umrga, o‘ziga xos alohida bir dunyoga tashbeh etadi. Natijada, bizningcha, hech bir boshqa shoir ijodida kuzatilmagan ohorli umumlashmaga – kir dunyoning yomg‘irda yuvinib borayotgani haqidagi poetik xulosaga keladi.

O‘tgan yili nashr etilgan “Zarafshon mavjlari” almanaxi Samarqandda bugungi kunda ham muayyan ijodiy an’analarga ega adabiy muhit mavjud ekani dalilidir. Almanax ijodkorlarning yoshiga ko‘ra, tartib bilan tuzilgan. Uni mutolaa qilish jarayonida vohada toza bir ijodiy ruh shakllanganini sezish mumkin. Ayniqsa, A.Qodirov, R.Axtamova, N.Yahyoyev, H.Norboyev, N.Do‘sanov, E.Sultonov, N.Toshmurodova, H.Mo‘minova, M.Rasulova, K.Ibragimova kabi yosh ijodkorlarning mashqlari she’riyatimiz ertangi kuniga katta umidlar bilan qarash mumkinligini ko‘rsatadi.

Shuningdek, o‘tgan yili “Oila – mening qutlug‘ bog‘im” deb nomlangan yoshlar bayozi ham nashr qilindi. Xalq shoiri Iqbol Mirzo so‘zboshi bilan chop etilib, 30 dan ortiq yosh ijodkorlarning she’rlari kirgan bayoz she’riyatimizning navqiron avlodi adabiy-estetik tafakkuri, poetik salohiyati haqida muayyan xulosalarga kelish imkonini berishi jihatidan ham ahamiyatlidir. She’riyatda eng ko‘p kuylangan Vatan mavzusini o‘ziga xos talqin etishga bo‘lgan urinish yoshlar nazmining istiqboliga umid uyg‘otadi. “Nozikkina yelkalarimda Ko‘taraman Vatan yukini”, – deb yozadi Zulfizar Muhammadisoqova. Vatanni vasf etar ekan, Kumush O‘sarova “hatto tikoni ham og‘ritmas jonni”, degan ohorli ifodani qo‘llaydi.

Jumladan, J.Matnazarov, R.O‘tarboyev, Yu.Zoirova, D.Norqulova, P.Ashurova, M.Abbosova, S.Musatdinova, B.Bahrom singari yoshlarning she’rlari kishida umid uyg‘otadi. Lekin ularning barcha mashqlari ham to‘kis emas. Yoshlar ijodida yorqin misralar uchraydi, biroq chinakam tugal she’rlarni topish qiyinroq. Shuning o‘ziyoq bu navqiron avlodlarimizning hali mutolaa mehnati, she’r zahmati, ijod mashaqqati singari dovonlardan o‘tmog‘i zarurligini ko‘rsatadi.

Xulosa qilib aytganda, o‘tgan yili chop etilgan she’riy to‘plamlar tahlili, birinchidan, she’riyatimizda mumtoz badiiyat sarchashmalaridan bahramandlik, xususan ko‘hna aruzga murojaat sezilarli darajada kuchayganini ko‘rsatadi. Ikkinchidan, milliy ruhiyatni xalqona ohanglar orqali tasvirlashga intilish ortib borayotir. Uchinchidan, poetik shakl va poetik obrazda muttasil ravishda yangilanish jarayoni kechmoqdaki, bu hol yangilanayotgan adabiy-estetik tafakkur hosilasi ekani bilan alohida ahamiyatga ega. To‘rtinchidan, ijodiy jarayonda muayyan adabiy muhitlarning o‘rni va mavqei bir qadar kuchaymoqda. Beshinchidan, yoshlar she’riyatida ustoz shoirlar ijodiy laboratoriyasini o‘rganish, nazmda ular yaratgan maktab an’analarini davom ettirish, shuning barobarida o‘z ovoziga ega bo‘lish yo‘lida muntazam izlanish olib borish tamoyili kuzatilmoqda. Shuning o‘ziyoq milliy she’riyatimizning, adabiyotimizning ertangi kuniga katta umidlar bilan qarashga asos beradi.

“Sharq yulduzi” jurnali, 2013 yil, 3-son.