Nazar Eshonqul. Yangi dunyo tafakkuri

Yozuvchi qobiliyati va mahorati uning qancha yozgani bilan o‘lchanmaydi. Qobiliyat o‘ziga xos dunyo yarata olish san’atidir. Haqiqiy yozuvchining adabiy dunyosi o‘z “meni” kabi tugal, to‘laqonli bo‘ladi. Yozuvchi dunyosi bilan “men”ni qo‘pol qiyoslaganda tana va yurakka o‘xshatish mumkin. Biroq bu o‘xshatish ham tugal emas.
“Men” faqat yurak emas, u shu dunyoning asoschisi va ma’naviy hokimi hamdir. Tashqi muhit, tashqi olam “men”ga ta’sir qilib, unda akslanadi. Ammo “men” yaratgan dunyo — bu tashqi olamning shunchaki in’ikosi emas, balki u qayta ishlangan, qayta yaratilgan dunyodir. Tashqi olamni o‘ziga qabul qilgan “men” uni nihoyatda individuallashtiradi, o‘ziga bo‘ysundiradi, unga o‘z iztirobidan, azob-uqubatidan zamin yaratadi, tashqi olamdan o‘zgacha, boshqa bir dunyo paydo qiladi. Tashqi olam va bu “dunyo” o‘rtasidagi farq yozuvchi mahorati, saviyasi, maqsadi va ideali bilan o‘lchanadi.
Go‘zallikni qabul qilish har qanday g‘ayrati so‘nmagan odamning qo‘lidan keladi, go‘zallik hammani hayratga solishi mumkin, biroq uni yaratish hammaning ham  qo‘lidan kelavermaydi.
Go‘zallik va “men” o‘rtasidagi munosabat voqelikni tasvir etish darajasi bilan emas, voqelikni o‘zgartirish, uni o‘ziga va o‘z idealiga moslashtirish, undagi inson haqidagi iztiroblari darajasi bilan o‘lchanadi. Voqelikni tasvir etish bu qobiliyat emas, voqelikni yaratish qobiliyatdir.
Bugun Shaxsga nisbat berishga qurbimiz yetadimi? Shaxsning qanday fazilatlari bor va uni biologik insondan qanday farqlash mumkin, degan savolga javob topish payti keldi. Ilg‘or adabiyotlarda bu haqda bahs asr boshlaridayoq to‘xtagan, garchi hozir ham olisdan kelayotgan qo‘ng‘iroq sasidek o‘sha bahslarning sadosi eshitilib qolsa ham, ko‘pgina adabiyotlarda bu haqda allaqachon bahs yuritmay qo‘yishgan. Zero, ma’lum narsa haqida bahs qilish vaysaqilikdan boshqa narsa emas.
Shaxsni yo‘q qilishga qaratilgan va uzoq davom etgan kommunistik mafkura tan olish kerakki, faqat hayotdagina emas, adabiyotdagi shaxslarni ham yo‘q qilayozdi. Yaqin o‘tmishda biz boshdan kechirgan ma’naviy tanazzul nosobit e’tiqod, turlanish — barchasi shaxssizlik oqibatidir. O‘sha yillar ichki dunyomiz ham xuddi ataylab vayron qilingan shahardek edi. So‘zlar qaysi biri samimiy, qaysi biri nochin ajratish qiyin edi. Shaxs yo‘q joyda biz hamisha ma’naviy xaroblikka, turlanib-tuslanishlarga duch keldik.
Darvoqe, shaxsda fazilat bo‘lmaydi, shaxsda xuddi ulkan imoratni ko‘tarib turgan ustundek ulkan “Men” bo‘ladi. Balkim, ana shuning o‘zi fazilatdir. Bugungi adabiyotimizga eng zarur narsa, ana shu “Men” kerak! “Men” yo‘q joyda biologik maxluq bo‘ladi, degan edi Freyd. “Men”siz adabiyot quruq g‘oyaviy, mafkuraviy libosdan boshqa narsa emas.
Endi “Men” o‘z g‘alabasi tomon borayapti. Shu sababli ham adabiyotda sukunat hukmron. Shu sababli ham, “Adabiyot o‘ladimi?” degan munozaralar bo‘lib o‘tdi.
Cho‘lpondan so‘nggi adabiyotda bizni o‘ziga “Men”ining kuchliligi va qat’iyati bilan rom qilgan, hurmat uyg‘otgan asar va shaxsni orzu qildik. Chinakam yozuvchi qanday bo‘ladi, qanday bo‘lishi kerak? — degan savol bizni hech tark etmadi. Balki xudbindirmiz, bor narsalarni  tan olishni istamayotgandirmiz. Gar yozuvchini tan olishi haqida emas. Gap yozuvchining qanday shaxs bo‘lishi kerakligi ustida.
O‘tgan sho‘ro davri adabiyoti haqida bahs qilish mumkin bo‘lgan mavzu shunchalik ko‘pki, bahslashaversangiz, qiziqishingiz so‘nib qolishi turgan gap. Ammo bu davr fojiasi so‘z san’ati, adabiyot paydo bo‘lgan kundan boshlab so‘zning bosh va mangu intilishi bo‘lib kelgan oliy haqiqatdan insonni tahlil qilishdan yuz o‘girganida, bo‘ldi. G‘arb faylasuflari va olimlarining aniqlashicha, odamdagi eng zaif tuyg‘u uning adolatparastligidir. Jamiyatda adolat va tenglik o‘rnatish uchun odamlarni tabaqalarga, ijoby-salbiylarga bo‘lish uchun asarlar yozildi. Lekin oxir-oqibat bu asarlarning aksariyati o‘quvchilar saviyasini tushirdigina emas, aynan adolatsizlikka va tengsizlikka xizmat qildi, natijada A.Ryunnoskening “Jahannam” hikoyasidagi rassom chol holiga tushildi (G‘ikoyada o‘tda yonayotgan va o‘zi suratini chizayotgan qiz o‘zining qizi ekanligini keyin anglab yetadi). O‘tmish sovet adabiyotining mohiyati shunday bo‘lganligini bugun ko‘plar tan oladi, to‘g‘ri, e’tiroflar ham to‘liq samimiy emas. Lekin harqalay, shunday bo‘lsa-da, bu davrda chinakam adabiyot yaratish g‘oyatda og‘ir bo‘lgani va unga imkon berilmaganligini onda-sonda bo‘lsa ham o‘zimizga o‘zimiz eslatib qo‘yapmiz.
Adabiyot inson ruhiyatini tahlil qiluvchi fan ekan, totalitarizm hech qachon o‘z qullari — fuqarolar ruhiyatini tahlil qilishga yo‘l qo‘ymasdi va qolipga solingan adabiyot ruhida tarbiya olgan, suyaklarimiz shu ruhda qotgan bizlar ham insondan xoli etilgan adabiyotdan va uning asoratidan hali-beri voz kecholmasak kerak. Eng og‘ir tomoni shundaki, sobiq sovet adabiyotidagi hukmron tushunchalarning yemirilishi va haqiqiy so‘zga qaytish davrida — “perestroyka”da adabiyotga so‘zbozlik, “jo‘n vatanparvarlik” kirib keldi-ki, bizga birmuncha vaqt ana shu kasalliklarni davolash uchun ovora bo‘lishga to‘g‘ri keladi.
Shaxsan menga shunday tuyuldiki, hozir yaratilayotgan “so‘fiylar” va “tarixchilar” ba’zan shu darajada yalang‘ochki, o‘qib turib, o‘zingiz xuddi kiyimsiz ko‘cha kezib yurganday xijolatda qolasiz. Bu hol bor-yo‘g‘i yalang‘och mavzuparastlikdir. Majbur bo‘lganda sobiq zamon bilan moslashdik, uning nog‘orasini chaldik, adabiyotning oliy vazifasidan voz kechdik, qaror va qoidalarga moslab asar yozdik. Biroq men hali biror yozuvchining bundan chinakam xijolat bo‘lganini, chin dildan tazarru qilganini ko‘rganim yo‘q: xavotirli joyi shundaki, kechagi ba’zi mavzuparastlar, kechagi qarorparastlar bugunning mavzusiga moslashmoqda va adabiyot yana chekkada qolib, romanu hikoyalar bugunning mavzusi — “so‘fiparastligi” bilan to‘lmoqda. “Men”sizlikning qobiliyati shundaki, u har qanday zamonga tez moslashadi va uning nog‘orasoziga aylanadi.
Yaqinda televideniyeda bir shoir uzundan-uzun she’r o‘qidi. Shoirga qarab turib bu she’r garchi “avangard” yo‘lida to‘qilgan bo‘lsa-da, lekin kechagi kunlarning lattalarga yozib idora peshtaxtalariga osib qo‘yadigan shiorlarida hech farqi yo‘q edi. Shunda “men” adabiyotga qanchalar zarurligini yana bir karra angladim.
Joysdan keyin o‘tgan avlodning taniqli yozuvchisini Joysning “Men”i sezilib turadi. Buni barcha mashhur yozuvchilar e’tirof etganlar. Yoki turkiy adabiyotlarda Chingiz Aytmatovning ta’sirini sezmagan kim bor? Bizda Qodiriy, Cho‘lpon, G‘afur G‘ulomning shunday ta’siri haqida so‘ylash mumkin. O‘z e’tiqodi, qat’iyati, so‘zga sodiqligi bilan o‘zidan keyingi avlodga o‘rnak bo‘ladigan yozuvchi-millatning, uning madaniyatining baxti.
Psixoanalitiklarning aniqlashicha, “ko‘mir”, ya’ni ideal deya bilish va intilish garchi bu inson ongli faoliyatining dastlabki bosqichiga xos bo‘lsa-da, inson faoliyatini faollashtiradi, ma’lum maqsadga yo‘naltiradi. Sharqda esa o‘z ilohiy qudrati, bilimi bilangina emas, yashash tarzi, e’tiqodi bilan ham saboq bo‘lgan kishilarni “pir” deb, ularga qo‘l berganlar. O‘z e’tiqodi yo‘lida o‘limga tik borgan pirlar haqida biz bugun uyg‘onish davrida o‘ylayapmiz, ular erishgan yoki erishishi mumkin bo‘lgan faoliyat ko‘lamlarini chamalab ko‘rayapmiz. Behbudiy, Munavvar qorilarni mutolaa qilayapmiz. Bo‘shliqlar to‘lib borgandek bo‘layapti.
Kommunizm bergan, “Oliy maqsadlar” va “yo‘lboshchilar” quladi. Tariximiz sahnasiga asl shaxslar ko‘tarilyapti.
F.Kafka asr boshida siyosiy alg‘ov-dalg‘ovlar, hokimiyat talashishlar, insonning qadri bo‘lmagan qonunlar, insonni haqorat qilishga qurilgan matbuot, qullikka asoslangan sistema, insondan maxluq yaratadigan mafkuradan qochib, bir umr yolg‘izlikda, deyarli uzlatda yashadi. Folkner o‘zining ichki “Men”ini saqlab qolish, jamiyatga xos bo‘lgan iflosliklardan, fahshdan o‘zini himoya qilish uchun umrini otlar, hayvonlar, tabiat bilan birga o‘tkazdi. Prust tashqi shovqinlardan holi bo‘lish uchun uyini qalin pardalaru, devorlar bilan o‘rab oldi. Sartr, Kamyu… o‘z qalblari, shuurlariga, ichki “Men”lariga yolg‘onni kiritmadilar. Zero chinakam yozuvchi yolg‘onni fosh etish uchun, undan insonni va uning qalbini asrab qolish uchun o‘z umrini sarflaydi. Yozuvchi qalbi bekorga yunon notiqlari tilida ilohiyat nuri tushgan qalb deb atalmagan. Bu ilohiy qalb ozgina nopoklik, ozgina xiyonat, ozgina adolatsizlik, ozgina aldov yuz berishi bilan titrab ketadi va o‘zining iztirob ramzi bo‘lgan so‘zlari bilan buzilgan, aldangan dunyoni poklashga kirishadi. Shuning uchun ham, Folkner “Yozuvchining orzusi — uning ozodligidir”, — degan edi. Bu orzuni xuddi Iso o‘z e’tiqodini hayotga almashmaganidek, hech narsaga almashmaydi.
Qodiriy va Cho‘lponda ham hech narsaga almashmaydigan nimalardir bor edi. Ular qattol kommunistik mafkura tazyiqida turlanib, tuslanishdan voz kechdilar. Shaxslarini tanazzuldan asrab qololdilar.
Biz uyg‘onish pirlari bilan faxrlanamiz. Ehtimol vaqti kelib ular ta’sirida endigi zamonlarning ulkan “Men”lari paydo bo‘lar — bu orzumizga bugungi ozodlik zamin yaratmadimi? Atrofimizda qancha ajoyib nomlar bor. Ularning ijtimoiy faolligi, istiqloliy yetukligi ShAXSlar paydo bo‘lishining garovidir.
Hayot va adabiyot bizdan chinakam iste’dodlarni va “Men”larni talab qilmoqda. Chunki u bizning “Men”imizga qarab ertangi kunini yaratadi. “Men”ga va shaxsga tashnalik bugun — o‘z ichimizni tozalash, poklash darajasiga yetdi. Bu kurash abadiydir. “Men” ichki dunyoning to‘liqligidir. Faqat bo‘sh idishgagina xohlagan narsani solishingiz mumkin. Ichki bo‘shliq — ma’naviy tanazzulning maydoni. Ichkarisi bo‘sh odam… — juda xatarli. Uning nimalarga tayyorligini bilish qiyin emas. Bu shaxs shakllanmaganligi oqibati.
O‘z kuchiga va o‘ziga ishonmaslikdan zaiflik paydo bo‘ladi. “Men” shu ma’noda o‘ziga ishonch hamdir.
O‘ziga ishonmagan odam, yoxud “Men”i shakllanmagan odam — ichkarisi zabt etilgan, hech bo‘lmasa zabt etilishi arafasidagi odamdir. Ichki dunyoning mustamlakasi qullikning, nari borsa mutelikning ichki ko‘rinishidir. Shuning uchun “Men” va mustamlaka, “Men” va totalitarizm, “Men” va yolg‘on kelisha olmaydi. Faqat mustahkam “Men”gina real voqelikni yozuvchining mahorat olami bilan bog‘lay oladi. Yuzakilikka o‘rgangan tasavvurlarni yorib o‘tib, o‘zining e’tiqod, go‘zallik dunyosini yaratadi. Dard va iztirobdan, insonga bo‘lgan shafqatdan yuzaga kelgan bu dunyo yangi adabiyotga, yangilanajak adabiyotga xos dunyodir. Yangi dunyo “Men” yangilangan sayin So‘z ham, Adabiyot ham, Odamlar ham yangilanib boradi.
Yangilanayotgan dunyo — poklanayotgan dunyodir. Yangi adabiyot — yangi so‘z, yangi til deganigina emas, balki yangi dunyo, yangi iztirob, yangi tafakkur degani hamdir.