Ortiqboy Abdullayev. So‘g‘dlar «tost» aytishganmi? yoki bir «adabiy tadbirkorlik» haqida (2009)

Istaymizmi-yo‘qmi, bozor adabiyoti ham paydo bo‘ldi. Sayoz, yengil-elpi asarlar qayta-qayta nashr etilib turibdi. Adabiy tanqidchilik esa ularga vaqtida baho bermay sukut saqlamoqda. Lekin bugun ancha-muncha urf bo‘layotgan bozor adabiyoti bilan ishbilarmonlik, tadbirkorlik orasida katta farq bor. Bu xususda jiddiy o‘ylab yurganimda birdan omadim chopib qoldi. Navoiy ko‘chasidagi rastalardan birida hajmi 25 bosma taboqdan ortiq katta kitobga ko‘zim tushib qoldi. Nomi «Spitamen»! Mullifi Qamar Amon. So‘zboshi mullifi Omon Muxtor. Kitobni shu zahotiyoq sotib oldim va yo‘ldayoq o‘qiy boshladim. O‘qiganim sari hayratim oshgandan oshib bordi.
Qamar Amonning bu ulkan romani olis o‘tmishda yashagan va yurtimiz ozodligi uchun mardona kurashgan Spitamen jasoratlarini hikoya qilishga bag‘ishlangan. Qutlug‘ mavzu! Xalqimizning botir farzandi, ozodlik kurashchisi Spitamen haqida ko‘p va yaxshi asarlar yozish ijod ahlining sharafli burchidir. Shu ma’noda Qamar Amonning jur’atini ma’qullash lozim.
Ammo hayot boshqa, xayol boshqa deganlaridek, romanda bu yaxshi niyat oddiy havaskorlik darajasida chala-chulpa bajariladi. Muallifning tasvir uslubi ham, tili ham juda jo‘n, aytish mumkinki, o‘ta primitiv darajada. Nima bo‘pti, fikrini sodda, tushunarli qilib aytsa yetarli emasmi, deyish ham mumkin. Ammo yozuvchilikdagi hamma sir-sinoat ayni shu nuqtadan boshlanadi. Yozuvchi, shubhasiz, iste’dodli, yuksak bilimli, didli bo‘lishi kerak. Bu ijodkorning birinchi fazilati, tolmas qanoti. Qanot esa juft bo‘ladi. Xo‘sh, yozuvchining ikkinchi qanoti nima? Bu — uning tili, mahorati. Mohir yozuvchi tuzgan jumlalar ipga tizilgan olmos donalari kabi jilolanib turishi kerak. Bunga erishish esa, juda og‘ir ish, zahmatli mehnat. Shuning uchun ham shoh asarlar haftada, oyda emas, balki yillar davomida yaratiladi.
Qamar Amonning «Spitamen» romani, avvalo til, uslub, tasvir madaniyati jihatidan oqsaydi. U bundan ikki yarim ming yil ilgarigi hayotni, odamlarni tasvirlayotganini deyarli unutib qo‘yadi, oqibatda muallif nutqi ham, qahramonlar tili ham bugungi iboralar bilan qorishib ketgan. Masalan, «izvosh», «kucher», «fleyta», «komandirovka», «markitant», «konfrontatsiya», «detsinatsiya» (qur’a tashlab o‘n kishidan birini qatl etish. Xayriyat, muallif bu so‘zga izoh berib o‘tgan — O.A.), «tost» (qadah so‘zi), «alkogol», «pochta» singari ko‘p atamalar tilimizga XIX asrning so‘nggi choragi — XX asrda kirib kelganini hamma biladi. Qamar Amon romanida esa, Spitamen davridagi odamlar bu so‘zlarni bemalol ishlataveradilar. Eng oddiy haqiqatni — hayot mantig‘ini, davr ruhini buzish soxtalikka olib borishini yozuvchimiz xayoliga keltirmaydi ham. Masalan, u shunday yozadi: «Xo‘sh, sen o‘sganda (katta bo‘lganda demoqchi — O.A.) kim bo‘lasan? — so‘radilar ular. Qandaydir boshliqning o‘rinbosarimi? Yoki izvosh haydovchi ko‘chirimi?» (39-bet). To‘g‘ri, u davrda ham arava turmushda keng qo‘llangan, ammo qadimgi turkiy xalqlarning turmushini tasvirlaganda ularni «izvosh»ga mindirib, «kucher»ga haydatib qo‘yish insofdan emas. «Ko‘pchilik tost aytdi, hamma ichdi» (240-bet), deb yozadi yozuvchi. Boringki, qadimgi So‘g‘diyonada ham qadah so‘zlari aytib, may ichish rasm bo‘lgandir. Yunon tarixchilari saklardagi «xaoma» ichimligi haqida behuda yozishmagan bo‘lsa kerak. Ammo «tost» aytish — bunisi endi kurakda turmaydigan gap.
«Melamed qichqirdi. Baqtriyaliklar zavqlanib kishnadilar» (417-bet). Muhtaram muallif nahotki kim kulib, nima kishnashini bilmasa?!
Spitamenning romanda tasvirlangan ishqiy sarguzashtlari bugungi yevropacha tarbiya ko‘rgan yosh-yalanglarning sarguzashtlaridan qolishmaydi. U qo‘mondonning qizi Zarani (Ya.Ilyosov asarida Zaro) yoqtirib qoladi, hech tortinmay uning uyiga mehmonga boradi. Qizda ham zig‘ircha hayo degan tushuncha yo‘q. «Zara titrayotgan ovozida Spitamaga xonaning qorong‘iroq burchagiga o‘tishni taklif etdi… eshik yopilishi bilan bu go‘zal, tannoz Zara chaqqonlik bilan orqasiga burilib, uni quchoqladi… U nozlanib, sevgilisiga tabassum qildi, keyin sekingina yechindi (!) va … Spitamaning issiq bag‘rida hiqillab titray boshladi» (56-57-betlar).
Romanning nuqsonlari faqat shulardan iborat bo‘lganda, taklif va istaklarimizni bildirib, maqolani mana shu yerda yakunlab qo‘ya qolar edik. Afsuski, asosiy gap endi boshlanadi.
Qamar Amon hayiqmasdan ko‘chirmakashlikka qo‘l urgan. U Vasiliy Yan va Yavdat Ilyosovning Spitamen obrazi yaratilgan romanlarida tasvirlangan voqealarni «ijodiy» o‘zlashtiradi, nomlarni biroz o‘zgartiradi, jumla va dialoglarni o‘zicha taroshlaydi. 1993 yili Samarqand shahridagi «So‘g‘diyona» nashriyotida 100 000 nusxada tarixiy povest sifatida rus tilida bosilgan bu asar tezda tarqalib ketadi. Bu nashr xususida biron bir adabiyotshunos yoki adabiy tanqidchi fikr bildirganidan xabarimiz yo‘q. Uzoq davom etgan mana shu sukut yozuvchimizni ilhomlantirgan bo‘lsa kerak, endi u «povest»ni «roman»ga aylantirib, uni o‘quvchilarga o‘zbek tilida taqdim etadi. «Asar»ni uning o‘zi o‘zbekchalashtirganmi yoki bu ishga boshqa birovni jalb etganmi — bunisi bizga qorong‘i, ammo yuqorida aytib o‘tganimizdek, asar tili nihoyatda g‘aliz, adabiy va jonli til jozibasidan yiroq.
Asosiy da’vomizga qaytaylik. Yozuvchining ko‘chirmachiligi kitobning 27-betidan boshlanadi. U Vasiliy Yanning qayta-qayta bosilgan «Ogni na kurganax» (M.: «Sovetskiy pisatel», 1985) romanining 144 — 145-betidan salkam ikki sahifalik parchani dastlab o‘z povestida to‘la o‘zlashtiradi. Qiyoslab ko‘raylik: V.Yan mazkur asarning «Kitayskiy letopisets» bobida Xitoy sayyohi Sen Szining qadimgi So‘g‘diyona haqida yozgan maktubini keltiradi: «Prodoljayu moye pismo o toy strane, kuda napravili menya dobrыe duxi. Strana nazыvayetsya Kangyuy. Ona zaщiщena gorami i pustыnyami ot vtorjeniya drugix narodov i mnogiye godы jivyot v schaste i spokoystvii, ne ispыtivaya bedstviy voynы.
Eto strana Kangyuy lejit na bolshom puti iz stranы «Nebesnogo spokoystviya» k Zapadnomu moryu. Bogatыe karavanы s razlыchnыmi tovarami besprerыvno proxodyat v raznыx napravleniyax cherez etu stranu. Kak eta raduyet vzor!»… Maktubni to‘la keltirish shart emas. Bu anchagina uzun maktub Qamar Amon kitobining ruscha nashrida (36 — 37-betlar) aynan keltiriladi. Faqat «Kangyuy» so‘zidan keyin «Sogdiana» atamasi qavs ichida beriladi. O‘zbekchada esa muallif matnga «ijodiy» yondashadi. «Kangyuy» atamasini umuman ishlatmasdan «So‘g‘diyona», «So‘g‘d mamlakati», «Baxtli so‘g‘diyona» kabi nomlarni ishlatadi. Holbuki, Kangyuy So‘g‘diyona, Baqtriya, Shosh kabi ma’lum bir viloyatni emas, balki hozirgi Markaziy Osiyo hududida hukmronlik qilgan ulkan saltanat nomini anglatadi. Va yana: V.Yan asaridagi maktubda tilga olingan afsonaviy «samo tulpor»lari Qamar Amon kitobida «somonuchar (?!)»ga aylangan…
Xullas, gapning indallosini aytganda, Qamar Amon Spitamen haqida o‘zidan oldin e’lon qilingan har ikki roman matnidan uzib-uzib olib o‘quvchiga bemalol o‘z fikriday taqdim qilaveradi, V.Yan, Ya.Ilyosov asarlaridagi qahramonlar nomini o‘zgartiradi, ayrim o‘rinlarga sal «ishlov» beradi, ba’zi parchalarni ixchamlashtirib, bir-biriga «edirib» yuboradi. Chunonchi: Qamar Amon o‘z «ijodi»ni Ya.Ilyosovning «So‘g‘diyona» asari dastlabki sahifasini (5-bet) sal o‘zgartirib ko‘chirishdan boshlaydi (1993 yilgi nashrda 186-bet, yangi nashrda 166-bet). Undan keyin ziroatchi dehqon Varres (Ya.Ilyosov asarida Feagen, 9-bet) sarguzashtlarini tanishtirish boshlanadi. U ishsiz qolgan, och-yalang‘och, omadi yurishmasdan ozgina yerini sotib, zo‘rg‘a qarzdan qutuladi va ish izlab Pirey shahriga kelib, sarson-sargardonlikda kun kechiradi. (Qo‘limizda «So‘g‘diyona»ning ruscha nashri bo‘lmagani uchun Ma’ruf Jalil tarjima qilgan o‘zbekcha nashridan (Toshkent, 1981) foydalanamiz). Bu dehqonning boshiga tushgan barcha azob-uqubatlar Ya.Ilyosovning asarida (9-, 21-, 25-29 va hokazo betlarda) ancha keng tasvirlangan. Feagen Qamar Amon kitobida Varresga aylanadi va uning sarguzashtlari 222 — 228, 242 — 245, 248 — 251 va hokazo betlarda sal o‘zgartirilgan holda keltiriladi. Qiyoslab ko‘ring.
«So‘g‘diyona»da: «Feagen o‘ziga keldi va hayron bo‘ldi. Uning qo‘lidagi non qayerdan keldi? Marafonlik g‘amgin ming‘irladi:
— Olmoqchi emasdim…
— Almoqchi yemasdim?..
Skif qamchisini silkitdi. Feagen ustiga shunday kuch bilan qamchi tushdiki, uning yelkasi olovdan qizdirilgan temir chiviq bosilganday jazillab ketdi. Qo‘lidagi non tushib ketdi, o‘zi esa rasta oldiga cho‘zilib qoldi.
— Olmoqchi emasdim?
— Almoqchi yemasdim?
Nazoratchi baxtsiz marafonlikning yoqasidan ushladi-da, bostirmadan nariga itqitib tashladi:
— Yo‘qol!..
…Pireyda Feagenga non yo‘q. Yaxshisi, Afinaga, bozor maydoniga boradi, balki u yerda biror kimsa bechora daydiga shafqat qilar. To‘g‘ri, Afinaga qariyb yetmish besh stadiy, bu masofani bosib o‘tish kerak, bo‘lmasa Feagen bugun olamdan o‘tadi (11-bet)».
Qamar Amon asarida: «Marafonlik o‘ziga keldi va hayratlandi. Bu non uning qo‘liga qanday tushdi? Varres hasrat bilan to‘ng‘illadi:
— O‘g‘irlamoqchi emasdim…
— O‘g‘irlamoqchi emasding?! Ammo o‘g‘irlading!
Nazoratchi qamchisini aylantirib, bechorani shunday qattiq urdiki, uning qo‘llaridan non uchib ketib, o‘zi peshtaxta oldida shalpillab yiqildi.
— Xohlamasdim!
— O‘g‘ri!
Nazoratchi skif ochlikdan holsizlangan marafonlikning yoqasidan oldi va omborxona shiyponi ostida ko‘cha tomonga uloqtirib tashladi.
— Yo‘qol bu yerdan!
Ko‘chaga uloqtirib tashlangan Varres ancha vaqt nafasini rostlay olmadi. Nihoyat, u qaddini rostladi va zo‘rg‘a darvoza tomon bordi. Varres uchun Pireyda non yo‘q. Yaxshisi, Afinaga, bozor maydoniga borish kerak, balki u yerda biror kishining bechoraga rahmi kelar? To‘g‘ri, Afinaga yetmish stadiya… yo‘l yurish kerak, lekin nachora? Marafonlikning buncha yo‘l yurishga kuchi yetadimi yoki ochlikdan yo‘lda o‘ladimi?» (224-bet).
Bu ikki parchani qiyoslashning o‘ziyoq yetarli. Qamar Amon o‘z «asari»ning 280—287, 289—296, 312—331, 343—344, 345, 357, 430—437 va boshqa ko‘plab betlarini «So‘g‘diyona»dan o‘zlashtirgan. Hatto asar xotimasi ham Ya.Ilyosov romani yakuniga o‘xshab qolgan (sal o‘zgartirib olgan, albatta).
Qamar Amon mashhur yozuvchi V.Yanning «Qo‘rg‘on uzra gulxanlar» romanidan ham ancha-muncha sahifalarni o‘zlashtirgani haqida yuqorida aytdik. Hozir ularni hijjalab tahlil qilib o‘tirishga hojat yo‘q. Yanning kitoblarini hurmatli o‘quvchilar qiynalmasdan topib olishiga ishonamiz. Faqat betlarini aytib o‘taman. Qamar Amonning o‘zbekchalashtirilgan asaridagi 491—496, 500—501, 512—514-betlarni «Qo‘rg‘on uzra gulxanlar» romanining 261—266, 269—270, 272—274-betlari bilan qiyoslab ko‘rsangiz kifoya qiladi.
Asarning eng ta’sirli nuqtasi — Spitamen boshini Iskandarga taqdim etish lavhasi aynan V.Yan romanidan ko‘chirib olingan. Sababi, bunday yurakni jizillatib yuboradigan boshqa bir tasvirni o‘ylab topish oson emas-da!
Afsus bilan ta’kidlaymizki, Qamar Amon o‘z mehnati, sa’y-harakati bilan mustaqil ijod yo‘lidan borganida, har qalay, o‘rtamiyona bo‘lsa ham, boshqalardan ko‘chirilmagan bir asar yuzaga kelardi.
Muhtaram Prezidentimizning «Adabiyotga e’tibor — ma’naviyatga, kelajakka e’tibor» risolasida adabiyot oldida, yozuvchilar oldida turgan bugungi dolzarb vazifalar aniq va lo‘nda belgilab berilgan. Risolani o‘qigan har qanday kishi yozuvchilar zimmasiga naqadar yuksak mas’uliyat yuklanganini dil-dildan his qiladi. «Mening fikrimcha, — deb ta’kidlaydi Yurtboshimiz, — yozuvchilik bu oddiy kasb emas, xudo bergan iste’doddir. Bu qismat, peshonaga yozilgan taqdir. Bu kasbga hech qayerda o‘qitib, o‘rgatib bo‘lmaydi. Yozuvchilikning maktabi ham, dorilfununi ham bitta. U ham bo‘lsa, bir umr hayotning ichida bo‘lish, o‘z xalqi bilan hamdardu hamnafas bo‘lib yashash, haqiqat va adolatga sadoqat bilan xizmat qilishdir». Bu samimiy so‘zlar har bir ijod ahlining qalbidan chuqur joy olishi, uning ijodiy dasturiga aylanishi kerak.

«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2009 yil 39-sonidan olindi.