Muhammad Halim Yorqin. «Muhokamat ul-lug‘atayn»ning yangi Eron nashri (2011)

Alisher Navoiy “Muhokamat ul-lug‘atayn”ni umrining so‘nggi yilllari (hijriy 905)da yozdi. Asar asosan ikki bo‘limdan iborat. Birinchi bo‘limda Navoiy turkiy tilning turli grammatik, so‘z yasash imkoniyati, juda inja va zarif holatlarini ifoda etishdagi afzalliklarini o‘zga tillar, ayniqsa, forschaga nisbatan tavsifiy, qiyosiy va tahliliy yo‘sinda ko‘rsatgan.

Navoiy ushbu yondashishini 100 turkiy so‘zni o‘rnak sifatida keltirish bilan oydinlashtiradi. U so‘zlarning bir qismini she’riy o‘rnaklar bilan izohlab, ular ifoda etadigan tushuncha va ma’nolarning forschada yo‘qligi va bu ish uchun kishining murakkab so‘z yo iboralardan foydalanishga majbur bo‘lishini ko‘rsatib beradi.

Asarning ikkinchi bo‘limida Navoiy o‘zi yaratgan asarlar haqida ma’lumot berib, bu bilan turkiy(o‘zbek) tilining turli ilmiy, badiiy asarlar yaratish imkoniyatini ko‘rsatishga intiladi.

Navoiy asarda barcha turkiylar, ayniqsa, zamonining shahzoda, beklari va iste’dod egalarini turkiy tilda yozishga undaydi. Bizningcha, ulug‘ adibning asosiy maqsadi ham turkiy shoirlar, yozuvchilarni o‘z ona tillarida yozish va ijod etishga targ‘ib etishdir. U o‘zining ona tiliga nisbatan bu ezgu milliy armoni va istagini «Muhokamat ul-lug‘atayn»da juda o‘ksinib, qayg‘urib va, hattoki, achinib yozadi: «Turfaroq bukim, bu nav’ podshohi suxandon(sulton Husayn Boyqaro — H.Yo.) targ‘ibi va talqini, ehsoni va tahsini qoidai mutobaat(payravlik) va muvofaqatni unutub va jodai nofarmonlig‘ va zalolatni tutub, ko‘pi, balki borisi forsiyg‘a moyil bo‘ldilar va ul til bila nazmg‘a qoyil…».

Navoiy turkiy tilning buyuk homiysi hamda targ‘ibotchisi sifatida maydonga chiqdi. Uning bu ishi yaratgan asarlari tufayli o‘sha zamondan haligacha, qolaversa, kelgusi asrlargacha davom etishiga hech qanday shak-shubha yo‘q. «Muhokamat ul-lug‘atayn» aynan shu nuqtai nazardan jahon olimlari, tadqiqotchilari va tilchilarining e’tiborini o‘ziga tortib kelmoqda.

«Muhokamat ul-lug‘atayn» birinchi marta 1841 yili «Tarixi muluki ajam» asari bilan bir muqovada faransuz olimi Katrmarning sa’y-harakati tufayli Parijda bosilib chiqdi. Bu asarning tuzatilgan nashri 1845 yili chop etildi… Katarmarning ushbu nashri melodiy 1842 yili Qirimning Bog‘chasaroyida ham bosildi.

Keyin major olimi A.Vamberi asarning Budapesht qo‘lyozmasi asl matnini majorcha tarjimasi bilan 1862 yili Budapeshtda bostirib chiqardi. Hijriy 1315— melodiy 1897 yili Valad Chalabiy «Muhokamat ul-lug‘atayn» matni hamda turkcha tarjimasini Istanbulda nashr etdi. Taniqli eronlik olim Turxon Ganjaiy esa uni Katrmar nashri asosida forschaga tarjima qildi hamda katta muqaddima, asardagi 100 fe’lni forscha tarjimasi bilan hijriy 1328 yili Tehronda nashr etdi.

O‘zbekistonda «Muhokamat ul-lug‘atayn» Navoiy asarlari to‘liq to‘plami tarkibida ham, mustaqil asar sifatida ham bir necha qatla bosilib chiqqan. Asar birinchi qatla melodiy 1917 yili Qo‘qonda arab yozuvida nashr qilindi. 1940 yili uning matni lotin yozuvida, 1948 va 1967 yillari Toshkentda kirill yozuvida chop etildi. So‘nggi nashri esa melodiy 2000 yili Toshkentda Navoiy 20 jildli asarlar to‘plamining 16-jildida bosilgan.

«Muhokamat ul-lug‘atayn» turli turkiy tillarda hamda chet tillarda bosilgan. Uning turkcha tarjimasi lotin yozuvida(Ishoq Rif’at Ishitmon, 1941), turkmancha tarjimasi(Abdulhakim Gulmuhammadov, Ashxobod, 1925), uyg‘urcha tarjimasi(Hamid Temur, Urumchi, 1988), to‘rt nusxa asosida chuqur ishlangan tanqidiy matni, usmonli turkcha ravon va sodda tarjimasi hamda keng ilmiy-tadqiqoti(Samo Borutchu O‘zandar, Anqara, 1996), ikki ruscha tarjimasi(O.Usmonov,1948, N.A.Melexova,1968) va, nihoyat, Londonda inglizcha tarjimasi(Robert Devriks, 1966) ham bosilgan.

Mir Alisher Navoiy tug‘ilib o‘sgan, yashab ijod etgan Afg‘onistonda ham «Muhokamat ul-lug‘atayn» uch qatla turli shaklda nashr etilgan:

1. «Muhokamat ul-lug‘atayn»ning asl matni birinchi qatla doktor Muhammad Yoqub Vohidiy ihtimomi bilan Afg‘oniston Fanlar akademiyasi tomonidan hijriy 1363 — melodiy 1984 yili Kobulda chop qilingan. Asar tanqidiy nashr bo‘lmasa ham, biroq olimning qisqa so‘zboshisida aytilganidek, matnni tayyorlashda yuqorida zikr etilgan ayrim nashrlar va tarjimalardan foydalanilgan.

2. «Muhokamat ul-lug‘atayn»ning ikkinchi nashri Arg‘un Tuxmanayi ihtimomi bilan hijriy 1363—melodiy 1984 yili Pokistonning Peshovar shahrida bosilgan. Bu nashr Turxon Ganjaiy forscha tarjimasining qayta nashridir. Noshirning qisqa kirish so‘zida yozishicha, u forscha tarjimada yo‘l qo‘yilgan ayrim yanglishliklarni matnda tuzatib, ularni kitob so‘ngida ayri jadvalda ko‘rsatgan.

3. «Muhokamat ul-lug‘atayn»ning uchinchi nashri Toshqin Bahoiy harakati bilan hijriy 1388—melodiy 2009 yili Kobulda amalga oshgan. Bu nashrda 2000 yili Toshkentda chiqqan Navoiy asarlari to‘plami 16-jildida bosilgan matnning yozuvi o‘zgartirilgan. Nashrda 98 so‘zning ma’nosi ham berilgan, biroq so‘zlar fonetikasi ko‘rsatilmagan.

Endi bevosita «Muhokamat ul-lug‘atayn»ning yangi Eron nashri haqida.

Bu nashr eronlik taniqli olim doktor Husayn Muhammadzoda Sidiq(Uzgun)ning muqaddima, tashix va taxshiyasi bilan Tabriz shahrida bosilgan. Men avvallar ushbu olimning «Devonu lug‘otit-turk» va «Yodmonhoi turkiy boston»(Urxun-Enasoy toshbitiklari)dan qilgan forscha tarjimalari, Fuzuliy, Nasimiy, Nabotiy va G‘aribiy Tabriziy kabi atoqli shoirlar devonlarining tanqidiy matnlari, Shayx Safiuddin Ardabiliyning «Qora majmu’a»(«Qora to‘plam»), «Xulosayi Abbosiy»(Mirzo Mahdixonning «Sangloh» lug‘atining qisqartmasi), «G‘aribiy tazkirasi» va boshqa bir qancha asarlari orqali tanish edim. Doktor H.Sidiq o‘zining katta ilmiy salohiyati tufayli Navoiyning «Muhokamat ul-lug‘atayn» asarining yangi nashrini amalga oshirdi. Bu nashrda olim quyidagi ishlarni bajargan:

1. Asarga 49 betli keng ko‘lamli kirish so‘zi yozib, unda Navoiy hayotining barcha bosqichlari, xayrli ishlari, deyarli barcha asarlari, qolaversa, uning turkiy til va adabiyot rivojida tutgan yuksak o‘rni haqida imkoni boricha batafsil ma’lumot beradi.

Ushbu bo‘limda turkiy matnlarni o‘qishda arabcha va lotincha yozuvlarning qiyosiy jadvali, transkriptsiya(harfma-harf ag‘darish) qo‘llanilgan yozuv belgilari jadvali ham keltirilgan.

2. Olim kitobni tayyorlashda Turkiyaning To‘pqopi saroyi muzeyida saqlanayotgan 808-raqamli Navoiy kulliyotidan o‘rin olgan «Muhokamat ul-lug‘atayn» ko‘lyozmasining tepki bosma nusxasi, Turxon Ganjaiyning forscha tarjimasi hamda Samo Borutchu O‘zandar tayyorlagan tanqidiy matn va turkcha tarjimasidan foydalangan.

3. Husayn Siddiq o‘zining kirish so‘zidan so‘ng Turxon Ganjaiyning forscha tarjimasi matnini bergan(51 — 95-betlar).

Olimning yozishicha, To‘pqopi saroyi muzeyi qo‘lyozmasida ayrim kamchiliklar bor. Noshir ularni [ ] ichida yozib to‘ldirgan. U barcha turkiy so‘zlarning to‘g‘ri shaklini lotin yozuvida bergan, matnlardagi farqlarni, arabcha so‘z va iboralarning ma’nosini ko‘rsatgan. Matndagi she’rlarning aruz vazn ko‘rsatkichlarini bergan. Shu bilan birga, matnni fasllarga bo‘lgan.

4. Kitobda doktor H.Siddiq o‘zi tayyorlagan «Muhokamat ul-lug‘atayn»ning ozarboyjon turkchasi matni(97—141-betlar) bosilgan. Olimning yozishicha, u asarning ozarboyjon turkchasi tarjimasida Navoiy uslubini saqlab, u ishlatgan so‘zlarni qoldirgan, faqat talaffuz va imlolarni ozarboyjon turkchasiga moslab yozgan, ya’ni chig‘atoy turkchasi(eski o‘zbekcha)ni ozarboyjon turkchasiga o‘girgan.

Olim tarjima matnini fasllarga ajratib, ularni [ ] ichida yozib ko‘rsatgan.

5. «Chig‘atoy turkcha matn» unvoni ostida To‘pqopi saroyi muzeyi qo‘lyozma nusxasining to‘liq matni(144 — 158-betlar) faksimil shaklda keltirilgan.

Ushbu nashrning ilmiy ahamiyatini kamsitmagan holda, afsuski, matnning yozuvi juda mayda va ko‘p yerlari xira bosilganligini aytib o‘tish lozim.

6. Kitobda «chig‘atoy-turkcha matn»(160—188-betlar) to‘laligicha lotin yozuvida aynan berilgan.

7. So‘nggi bo‘lim(190—214-betlar) asarga qo‘shilgan turli qo‘shimchalar, izoh va fehristlardan iboratdir.

8. Kitob so‘ngida olim kitobni tayyorlash, To‘pqopi saroyi muzeyi qo‘lyozma nusxasi kabi mavzularni qisqacha Turkiya turkchasi va lotin yozuvida bergan. Nashrda foydalanilgan To‘pqopi saroyi muzeyi qo‘lyozmasi Darvish Muhammad Taqiy nomli kotib tomonidan hijriy 901 yili ko‘chirilgan, deb ko‘rsatilgan. Bizningcha, bu sana yanglishdir. Chunki Navoiyning o‘zi hamda ko‘plab manbalar, jumladan, shu kitobning muqaddimasida ham «Muhokamat ul-lug‘atayn»ning ta’lifi hijriy 905 yil sanasida, deb ko‘rsatilgan. Navoiy asarining so‘ngida yozadi:

Bu nomaki, yozdi qalamim tortib til,

Ta’rixin aning jumodiy ul-avval bil,

Kunning raqamini chorshanba qilg‘il,

To‘qquz yuz yildin o‘tub erdi besh yil.

Qo‘lyozma bu sanadan ilgari ko‘chirilishi mumkin emas, albatta! Faksimil nusxada kotibning ko‘chirilgan sanasi yo‘q. Bizningcha, bu sana 910 bo‘lsa kerak.

Doktor Husayn Sidiq katta mehnati va g‘ayrat-shijoati tufayli hazrat Navoiyning «Muhokamat ul-lug‘atayn»dek qimmatli asarini nashr qilib, katta ilmiy ishni bajardi. Xulosa sifatida ushbu asar haqida quyidagilarni eslash lozim:

– bu asar «Muhokamat ul-lug‘atayn»ga tegishli eng mo‘tabar va muhim nusxa matni sanalmish To‘pqopi saroyi muzeyida saqlanayotgan qo‘lyozma matnini keng ilmiy jamoatchilik ixtiyoriga havola etdi;

– bu nashr «Muhokamat ul-lug‘atayn»ning to‘rtta nusxasi (forscha, ozarboyjon turkchasi, arab yozuvidagi asl qo‘lyozma matni va shu nusxaning lotin yozuviga o‘girilgan matni)dan foydalanish imkonini beradi;

– olim bu kitobda barcha arabcha so‘zlar, iboralarning ma’nosi va tarjimasini sharhlagan;

– asardagi barcha she’rlarning aruziy vaznlari ko‘rsatilgan;

– ilgarigi nashrlarda yo‘l qo‘yilgan yanglishliklar imkoni boricha to‘g‘rilangan;

– asardagi so‘zlarning aniq talaffuzi ko‘rsatilgan;

– nashrda foydalanilgan barcha nusxalar va tarjimalardagi farqlarni o‘zi asos qilib olgan To‘pqopi saroyi muzeyi ko‘lyozmasiga nisbatan qiyoslagan.

Muhammad Halim Yorqin

Afg‘oniston, Kobul shahri.

«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2011 yil 10-sonidan olindi.